Muhammad Ochil. Bir siqim so‘z boshi (hajviya)

…Ustoz hajvchilar yozishga xamirturush topolmay qolgan kezlarida, albatta, bozorga… oshiqisharkan.
Alloma adib G‘afur G‘ulomni Beshyog‘och bozorida bot-bot ko‘rganlar, bu haqda yozilgan hikoyalar qanchadan-qancha.
Hajvchilar sardori Said Ahmad domla esa o‘z “qahramonlari”ni oldin bozorda, so‘ng tushida ko‘rib, alqissa, Do‘rmondagi bog‘ida boqarkanlar.
Xalq yozuvchisi Ne’mat Aminni ayting. Necha bor unga xoliroq joyni “taklif” qilishdi. Ammo ul zot “Farhod bozori” dan nari ketishni istamaydi. Sababi so‘raldi: “Ma’naviyat va ma’rifatni avvalo, bozordan boshlash durust…” deya lutf qiladi.
Yana bir ustoz Sa’dulla Siyoyevni oling. “Dahriy”­liklari tutib qolsa, yakkash “Bozor ko‘rmagan yigit”… aslo, yigit emas deya oyoq tirab oladilar. Ayrim “g‘iybat”larga qaraganda Anvar Obidjonni ham bozorda “Bezgakshamol” chalib ketgandan buyon, el orasida mashhuri olam bo‘lib qolibdi.
Shu tarzda aniq “fakt”lardan so‘ng xulosa shulki, demak bozor davrida bozori chaqqon bo‘lishni istagan qalamkashlar tez-tez bozorga tushib turishsa, nafaqat to‘rxaltalari, balki qo‘yin daftarlari ham qappayardi. Boisi, mol-matohlarni mijozlarga manzur qilishda bu manzilgohdagilardan har qancha o‘rgansak arziydi.
Shunday qilib, bozor darvozasi dahlizidamiz. Cho‘chimay, ostona hatlayvering. Loaqal tishning oqini ko‘rsatsangiz ham sizdan aslo “patta” olinmaydi. Kulolsangiz kulgisi sizga, savobi esa bizga.