Mahmud Yo‘ldoshev. Dunyoni o‘zgartir (hikoya)

G‘alla ortgan og‘ir mashinalar har kuni tinmay o‘tadigan katta ko‘chaning changi oyoqning tizzasigacha keladi. Og‘ir mashinalar yo‘lning tuprog‘ini shu darajada mayda qilganki u Barchin opamning upasidan ham mayinroq. Birdaniga oyoq qo‘ygan payting oyog‘ing kuyganday bo‘ladi, ammo tuproqning tagiga kirgan oyoq negadir huzur oladida tuproqning issiqligi bilinmay, hatto yoqimli tuyuladi.
Uzoqdan kelayotgan mashina albatta Sayyor akaniki bo‘lishi kerak. Bilaman, ertalabki olib ketgan reysidan hali boshqa qaytib kelgan emas. Mashinaning changi kinolarda bo‘ladigan kelinlarning oq ko‘ylagiday oppoq. Ular oyim achchiqlanib kir yuvganlarida tog‘oraning ustigacha chiqib ketadigan ko‘piklarga o‘xshaydi. Shamolning yo‘qligidan mashina orqasidan ko‘tarilgan chang erinibgina ko‘tarilayaptiyu va shu zahtiyoq yo‘lga, yo‘lning yoniga yotib olayapti. Sayyor aka charchagan, o‘ziyam juda vazmin odam, shuning uchun mashinani sekin haydab kelayapti.
Mashina yonimga kelib to‘xtadi. Chang chap tomonga biroz qiyshayib yotayotganini ko‘rib yo‘lning o‘ng tomoniga o‘tgan edim. Sayyor aka eshikni ochishim bilan, oftobda nima qilib o‘tiribsan, dedi. Men indamsadan o‘rindiqqa joylashdimda, sizni kutayapman, dedim. Mashina upaday mayin tuproq ustidan suvda suzganday bir maromda uvillab yurib ketdi. Men boshqa indamadim. Sayyor aka ham ter bosgan yuzini yelkasidagi ro‘molcha bilan artdida indamay ketaverdi.
Qishlog‘imiz katta emas, 20-30 xonadon, hammasi bir qatorda tepalikning etagida, oftobro‘yda joylashgan. Oldingi qatorda uchta imorat, Do‘nan boboning (bu u kishining laqabi, bilasiz qishloqda laqabsiz odam bo‘lmaydi, Do‘nan boboning asli ismi Jo‘raboy) uyi, eski kansorol va uch xonalik eski maktab nimagadir qishloqning oldingi qatoriga joylashib qolgan.
Hozir maktab binosida g‘alla shtabi joylashgan, kansorolga g‘alla to‘kilgan. Bu g‘allalar kansorolning oldidagi hovlida ham to‘kilib yotipti. Ularni keyinroq topshirishsa kerak, buni men bilmayman. Ammo hozir hamma o‘rilgan bug‘doyni rayonga, elevatorga olib ketishayapti.
Sayyor aka g‘alla o‘rimi boshlangandan buyon shu yerda, kansorolda yotib har kuni g‘alla tashiydi. Indamas odam, ko‘p gapirmaydi, meni mashinasiga mindirib oladida soatlab gapirmay yuraveradi. Mening bergan savollarimga ha yoki yo‘q deb javob qaytaradi. Ammo bizning suhbatimiz ancha qovushadi. Buning sababi, Sayyor akaning mening gaplarimga quloq tutishi, men gapirgan gaplarning tuturug‘i bo‘lmasa ham tinglashi menga yoqsa kerakda. Men bo‘lsam ancha sergaproq. Sayyor aka so‘ramasa ham ko‘p gapiraman, qishloqdagi gaplar, bolalar orasidagi gaplar, umuman ko‘proq gapiraman.
Oyim g‘allachilarga non yopadi, men oyimga onda-sonda yordam beraman, qolgan vaqtim Sayyor akaning mashinasida kezib yurganim yurgan. Qishlog‘imizdagi maktab faqat boshlang‘ich sinflardan iborat, to‘rtinchi sinfgacha. Shundan keyin bolalar boshqa qishloqqa borib o‘qishadi. Men o‘qimasam kerak. Yoz o‘tsa Sattor akaning cho‘ponlariga cho‘liq tushamanov. Katta otam shunday deyapti. Katta otam, bu buvam, bizda buvani katta ota deyishadi. Oyim bo‘lsa ba’zan yig‘lab-yig‘lab, o‘qiysan, dadang bo‘lganda albatta o‘qitar edi, deydi. Men dadamni yaxshi bilmayman, uch yasharligimda u kishi qamalgan, keyin qamoqda kimlardir urib o‘ldirib qo‘yishgan.
Oyim meni o‘qishga borasan deyapti, shuning uchun cho‘liqlikka yubormadi. Bundan foydalanib yoz bo‘yi Sayyor akaning mashinasida yordamchi bo‘lib yuripman.
O‘tgan yili ham g‘alla o‘rimi paytida g‘alla tashigan mashinalarda yurar edim. Meli akaning mashinasi yangigina bo‘lsa ham negadir ko‘p buzilar edi. Ko‘p gapiradigan, men javob bermasam ham har xil narsalarni gapiraverar, mendan maslahat so‘rar, yosh boladay bir gapni bir necha bor takrorlayveradigan odam edi. Bu yil negadir kelmadi. Kelmagani ham yaxshi, mana Sayyor akaning mashinasi eski bo‘lsa ham buzilmaydi, buzilmasa ham negadir Sayyor aka kechqurunlari mashinaning u yer bu yerlarini kovlagani kovlagan. Men kattalarday nimasi buzildi, desam, indamasdan, o‘n yettini olib ber, latta qani, ho ana, berib yubor, deb men bilan indamas suhbat quradida ikkimiz mashina tuzatamiz. Katta otam mening Sayyor akaning mashinasida aralashib yurganimni ko‘rgan paytlari, Sayyor, shunga mashinani o‘rgat, zora senday shopir bo‘lsa, o‘qishga ham endi bormaydi, deb qo‘yadi.
Mana, bugun ham kechqurun mashinaning karbyuratorini Sayyor aka ikkovimiz tuzatdik. Kech kirganda men uyga ketdim, Sayyor aka yana dalaga kambaychilarga non olib ketdi.
Kechasi yulduzlarga qarab yotishni yaxshi ko‘raman. Ular shunday bijir-bijir qilishadi, biri o‘chib biri yonadi. Yaqinda yulduzlar orasida birovining yurib ketayotganini ko‘rib qoldim. Yulduzlar yurmaydiku oyi, ho anavi yulduz yurib ketayapti, qarang-qarang, desam oyim ham hali uxlamagan ekan, yo‘q u yulduz emas, raketa bo‘lsa kerak, dedi.
O‘shandan keyin “Fan va turmush” jurnaliga xat yozib yubordim.
“Assalom alaykum redaktsiya xodimlari…..
Men kechasi yulduzga qarab yotgan edim, yulduzlardan bittasi yurib ketayotgan ekan, uni oyim yulduz emas, raketa deb aytdi. Menga yozib yuboringsizlar, bu qaysi raketa ekan”, deb.
Xatni Sayyor aka rayonga pochtaga tashlagan, javobi keladi.
Yoz ham o‘tib ketayapti, yaqinda bitta echkimiz yo‘qolib qoldi, oyim ancha yig‘ladi. Meni ham urishdi. Men nima qilayin, podada yo‘qolipti.
Yoz bo‘yi qishloqdagi uziq-yuliq gaplardan xabar topib yurgan, kim biladi, balki o‘zi chiqargan, Shokir g‘ilay kecha meni Sayyor akaning yonida yana ko‘rdida, ha bola, akang bilan g‘alla toshiyapsanmi, o‘rganaver, akang yaqinda dadang bo‘lib qoladi, deb o‘tib ketdi.
Sayyor aka Shokir g‘ilayga biron nima demadi, mashinaning bir narsasini tuzatib bo‘lib qo‘lini lattaga artib turgan edi, Shokir g‘ilayning bu so‘zlaridan keyin lattani mashinaning eshigidagi tirqishga asabiylashib qistirdida, eshikni qarsillatib yopdi. Men kabinada edim. Sayyor aka indamasdan mashinani yurgizdida dalaga qarab haydadi. Menga qarab sen qolmaysanmi, dedi. Boraman, dedim. Lekin mashina kansoroldan o‘tib bizning uyga yaqin kelganda Sayyor aka mashinani to‘xtatib, tush, issiqda nima qilasan, uyga borib damingni ol, dedida e’tirozimga qaramasdan meni tushirib ketdi.
Men ham hech narsa demasdan tushib ketdim, qarasam Sayyor akaning avzoyi ancha buziq. Uyga kelib biroz uyoq-buyoqqa yurdim. Ish bo‘lmasa nima ham qilardim. Uyning orqasiga chiqsam bolalar oshiq o‘ynayotgan ekan. Men ham oshiq o‘ynadim, oshiqlarimni yutdirdimda, yana uyga qaytdim.
Kechroq oyim Sayyor akang bilan yana dalaga borsang Zarif bobongdan bir ikkita qovun olib kelgin, dedi. Bu menga yaxshigina bahona bo‘ldida, ko‘chaga chiqib Sayyor akani kuta boshladim. Sayyor aka o‘sha ketganidan daladan g‘alla olib elevatorga bir reys qilib rayondan qaytib kelayotgan ekan. Meni ko‘rib to‘xtadi, oyim Zarif boboning paykalidan bir ikkita qovun olib kelgin dedi, deb kabinaga kirib eshikni yopdim.
Dalaga qarab ketayapmiz, chang orqamizdan quvib yetolmaydi, bugun sal shamol bor. Mashina orqasidan ko‘tarilgan chang mening orzularimday po‘rtana-po‘rtana bo‘lib uzoqlarga borib yotayapti. Kabinadan boshimni chiqargancha sochlarimni to‘zg‘itib ketayapman, shu holatda Sayyor aka, dedim. Shamoldan va boshim kabinadan chiqib turgani uchun mening Sayyor aka, deganimni Sayyor aka eshitmadi. Burilib oldimda Sayyor aka men sizga sovchi bo‘lsam maylima, dedim. Mayli, qanday qilib sovchi bo‘lmoqchisan, dedi.
Siz oyimni olsangiz biz ham rayonga ko‘chib ketar edik, men sizga o‘g‘il bo‘lib rayonda o‘qir edim, dedim.
He, ukam, sen sovchi bo‘lolmaysan, katta otang sening aytganingni qilmaydi. Bu dunyoning sen bilan mening tishim o‘tmaydigan o‘zgarmas ishlari ko‘p, biz ularni o‘zgartirolmaymiz, dedi.
Buni o‘zim ham bilardimu, birdan Sayyor akaga qo‘lingizni bering, deb u kishining mashina moyida qorayib ketgan qadoq qo‘llarini olib bosh barmog‘ini ushlab ko‘rdim. Eh attang, siz Xo‘jayi Xizir emasda, deb qo‘ydim.
Bilasizmi, katta otam biron nima kerak bo‘lsa Xudodan ham o‘nta so‘rasang beshtasini beradi deydi. Shuning uchun birovdan biron narsa so‘rab u Xo‘jayi Xizir bo‘lsa ham barcha orzularingga erishib bo‘lmaydi, buni tushunaman.
Sayyor aka, agar men bir dumalab Dev bo‘lib qolsam o‘shanda bu dunyoning ko‘p ishlarini o‘zgartirgan bo‘lardim, deb Sayyor akaning yuziga iltijo bilan tikildim.
Sayyor aka mening gaplarim ashaddiy ekanini ko‘rib va bu gaplar orqasidan biron ish chiqmasligini, mening butun orzularim ro‘yobga chiqmay mana shu mashina kabinasida qolib ketishini bilgan olmday ichki bir achinish bilan menga termulib qaradi. Men ham birdan, nimalar deyapman, bu orzularni aytganda, aytmaganda nima foyda, degan ma’noda birdan ichlarim ezilib ma’yus holda, men bu dunyoni o‘zgartirmoqchi edim, deb bir barmog‘imni qattiq tishladim, ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi.