Ilhom Zoyir. Ikki hajviya

Mehmonlarni korxona tsexlari bilan tanishtirayotgan Sotti Suvonovichning qavatida pildirab yurgan o‘rinbosari Halimjon hovliqqancha xo‘jalik ishlari mudiri Turdiqulni bir chekkaga tortdi.
— Turdiqul, tezda bir parcha latta top! — dedi tipirchilab.
— Latta?! Qanaqa latta? — dedi Turdiqul peshanasi tirishib.
— Oyoq, e, botinka artadigan latta-da.
— Nimaga kerak bo‘lib qoldi?
— Sotti Suvonovichning botinkalariga chang qo‘nibdi. Artib qo‘ymasa bo‘lmaydi. Mehmonlar ayb qilishi mumkin.
— Mehmonlarning oldida noqulay emasmi?
— Nega noqulay bo‘larkan?
— Laganbardor ekan, deb o‘ylashadi-da.
— Mehmonlarning o‘ylashi bilan nima ishim bor!
Turdiqul biroz hovridan tushdi.
— Sotti Suvonovichning o‘zlari aytdilarmi?
— Yo‘q, o‘zlari hali bilmaydilar. Qorinlari oyoqlarining uchini to‘sib turibdi.
— O‘zlari aytmagan bo‘lsalar, sizga nima?
— Bilib qolsalar, menga gap tegishi mumkin.
— Nimaga endi sizga?
— “Men-ku ko‘rmabman, sening ko‘zing qayerda edi?” deb ko‘pchilikning oldida sharmanda qilishlari hech gap emas.
— Demak, latta topish kerak, shundaymi?
— Shunday, Turdiqul, topmasa bo‘lmaydi.
Turdiqul cho‘ntagidan ro‘molchasini olib, Sotti Suvonovich tomon yurdi. Halimjon uning orqasidan yugurdi.
— Qayoqqa, Turdiqul, to‘xta!
— Qayoqqa bo‘lardi, Sotti Suvonovichning botinkalarini artib qo‘yishga-da!
— Men o‘zim artaman, ro‘molchangni buyoqqa ber!
— Yo‘q, o‘zim, sizga yarashmaydi.
— Binoyiday yarashadi-da, qani, menga ber-chi!
Turdiqulning birdan fe’li aynidi.
— Ho, obro‘ni siz olmoqchimisiz?
Halimjon ham to‘nini teskari kiydi.
— Nima, sen mening g‘oyamni o‘zlashtirmoqchimisan?!
— Yo‘q! Lekin dastro‘molcha meniki!
— G‘oya esa meniki!..
Ish hiqildoqqa borib taqalganda, Sotti Suvonovich mehmonlarning mashinasiga o‘tirib qayoqqadir jo‘nab qoldi…

* * *

O‘rinbosari kirib kelganda, g‘isht zavodining direktori Qoshiqov qoshlarini chimirib o‘tirgan edi.
— Tinchlikmi, rangizda rang yo‘q! — so‘radi o‘rinbosar.
— Hushyor bo‘lib turinglar, bittasi keladi, — dedi Qoshiqov.
— Kim ekan u?
— Bilmayman, devday, asabi chatoq deyishdi. Qo‘lidan hamma ish kelarmish… Kelsa, sizga chiqaraman. O‘zingiz tinchiting!
O‘rinbosar peshonasini tirishtirib chiqib ketdi. Oradan bir soat vaqt o‘tdi. Eshik taqillab, so‘ng ochildi.
— Meni sizga yuborishdi, — aytilgan kishi kirib keldi.
— Men shoshib turuvdim, o‘rinbosarimga uchrashing, — dedi Qoshiqov bahona qilib…
Oradan besh-o‘n daqiqa o‘tdi. O‘rinbosar qo‘llarini ishqalagancha Qoshiqovga yaltoqlandi:
— Og‘iz ocholmadi, qo‘liga bir “g‘isht” tutqazib yubordim…
Ertasi kuni yana paydo bo‘ldi o‘sha nusxa.
— Meni sizga yuborishdi, — dedi mo‘lmayib eshik yonida tikka turarkan.
— Men bandman, o‘rinbosarimga uchrashing! — Qoshiqovning titrab-qaqshab aytgan gapi shu bo‘ldi.
Birozdan so‘ng o‘rinbosar og‘zi qulog‘ida kirib keldi:
— Og‘iz ochmoqchi edi, yana bitta “g‘isht”ni og‘ziga urib yubordim, — dedi “ishni qoyil qildim” deganday…
Noma’lum nusxa uchinchi bor kelganda, Qoshiqovning sabri chidamadi.
— Kir, o‘tir qani bu yerga! — dedi u nusxaga do‘q urib. — Berarkan deb, kelaverasanmi? Qayerda ishlaysan o‘zi?
— Hech qayerda ishlamayman.
— Unda nega har kuni kelasan?
— Sizga yuborishgandan keyin kelaman-da.
— Kim yubordi seni?
— Bojangiz, Saidvaqqos aka.
— Nima kerak senga?
— Ish kerak.
— Shu dardingni darrov aytmaysanmi?
— Kelsam bandsiz. O‘rinbosaringiz so‘rab-surishtirmay pul bergani bergan.
— Nega beryapsan, deb so‘ramaysanmi?
— Qayerdan bilay, bu yerda maosh oldindan berilsa kerak, deb o‘yladim-da.
— E, o‘ylamay ket! Odamni o‘takasini yording-ku! Bo‘pti, olgan maoshingni halollaysan endi…
Bojasining tanishi chiqib ketgach, Qoshiqov yengil nafas oldi.