Erkin A’zam. Guli-guli (qissa)

Yaqin-yaqingacha qaysi davraga kirmayin, orada eng yoshi men bo‘lib chiqardim. Bugun qarasam – ko‘pchiligi mendan yosh…
Ajabo, qachon, nega bunday bo‘ldi?
…U dara ichkarisidagi ovloq makonidan yakkam-dukkam toshlarga oyoq qo‘yib lo‘killay-lo‘killay suv bo‘yiga tushib keladi.
Tog‘ buloqlaridan to‘plangan suv mo‘jiza yo‘llar bilan koriz orqali o‘tib dara og‘zida chog‘roq ko‘l hosil qilgan. Ko‘l sathida vijir-vijir doira yasab, ikki xarsangtosh orasidan bir tegirmon suv pastga oqadi.
Qirg‘oqda qo‘qqayib u bir nafas ko‘lga tikiladi, so‘ngra shoshilmay ishtonbog‘ini yechadi-da, suvga qarab choptirib yuboradi. Shu asno etakka – qishloq tarafga tantanavor nazar tashlab qo‘yadi. Ishini bitirib bo‘lgach, ko‘l labiga cho‘nqayib hovuchlay-hovuchlay suvdan ichadi…

* * *

– Maymun narigi dunyoga ketganiga ming yil bo‘ldi, borib nima qildik! – deydi Mahmud bog‘bololik Salom chopag‘onning ta’ziyasidan chiqqanimizda.
– Shunikiga borish kerak-da, og‘am, – deyman men. Maymunning o‘lganini eshitib kechadan buyon xayolimda nimalar aylanayotganini u qayoqdan bilsin!
Sherigim moshinasini istar-istamas bog‘-bog‘ot oralab tog‘ tomon ketgan toshloq torko‘chaga buradi.
– O‘lgan odamni yomonlab bo‘lmaydi deydilar-a, nimaga? Yomonni yomon deyish kerak-ku!
– Odam-da, jo‘ra, odam, – deb qo‘yaman xayolchan. – Tirilib kelib o‘zini himoya qilolmasa!
– Maymunga aylangan odam deng!
Qulog‘imga shu tobda biron gap kirmaydi.

* * *

Maymun sinfda eng orqangi qatorda o‘tirardi. Oldinda bo‘lsa, doskani to‘sib qo‘yishi tayin edi-da. Naynov, suyagi buzuq, beso‘naqay. Jimgina o‘tirsa ham koshki ekan: goh yoniga uzalib qo‘shni partadagi Mastura darozning sochidan tortadi, goh oldingi qatorga shox tashlab birov tish urib turgan olmami-behiga chang soladi. O‘qituvchi ko‘rib qolib tanbeh bergudek bo‘lsa, tirjaygan ko‘yi do‘rillaydi: “Ih, ih, nima qippan?”
U bizlardan to‘rt-besh yosh katta, ko‘pimizning yo opa, yo akamiz bilan ham sinfdosh bo‘lgan. “Surishtirib ko‘ringlar, bu hali birontangning otang bilanmi, enang bilan ham birga o‘qigan chiqar, – der edi taptortmas Mahmud. – Bilimga tashna-da, o‘qib charchamaydi”. Bunaqa gaplarga Maymun parvo qilmaydi, “ih-ih”lab tirjayib turaveradi, juda jonidan o‘tkazsangiz, “Salaga!” deb qo‘yadi, bas. Yo gapning fahmiga yetmaydi, yo izzat-nafs deganini xudo ko‘p ko‘rgan. Ovsar, dovdirroq. Maymun-da. Bo‘lmasa-ku, Mahmudga o‘xshaganlar uning damigayoq uchib ketadi-ya!
U maktabga onda-sonda kelardi – bir eshak ovora, ammasinikiga tog‘dan tezagu somon tashimoqdan ortmaydi. Kelganida ham lippasida titilib ketgan allaqanday darslik, ko‘ylagining ichida necha buklangan bir daftar, xolos. Ruchka-qalamni dars mahali unisi-bunisining qo‘lidan tortib oladi. Lekin na bir narsa yozadi, na biror narsa o‘qiydi. Chamasi, o‘qish-yozishni ham bilmasdi u. O‘lgudek no‘noq, “tupoy” (Mahmudning gapi).
Qarangki, shu turishida Maymun uncha-muncha o‘rischa chuldirab qolardi. Ayniqsa, so‘kishlarini qoyillatardi. Kalxonadan o‘rganib kelgan. Og‘zimiz ochilib havas bilan termilsak, “Ih-ih, to‘ti Katiya butining orasiga olib bir qissa, xitoychayam gapirib yuborasan!” derdi u.
Maymun Rayma (Rahima – Rayima) bitliqi bilan yonma-yon o‘tirardi. Sho‘rlik qizning bitini birov ushlab ko‘rmagan, lekin boshidagi ro‘moli doim qiyshayib, qo‘sqi, nochorroq kiyimda yurganiga “bit-miti ham bo‘lsa kerak” degan xayolga borardi odam. U qishloqning bir chekkasidagi tashlandiq, daru devorsiz hayhotdek chorbog‘da ko‘zi ojiz momosi bilan yashardi. Ota-onasi kim, bormi o‘zi, bo‘lsa qayerda – birov bilmasdi. Rayma bitliqi bor, uning ko‘r momosi bor, tamom.
Picha taytuvroq bu qiz ham “aka-opalarimiz bilan o‘qigan”lar sirasidan, Mahmud aytmoqchi, “Yo” sinf o‘quvchilaridan edi.
Ba’zan darsning qoq o‘rtasida Rayma betini changallab, piqillab sinfxonadan chiqib ketar, o‘qituvchi “Tojiqulov!” deb baqirsa, Maymun shiftday bo‘lib tirjayib turar edi: “Ih, ih, nima qippan men? O‘zi-ku, o‘zi oyog‘ini oyog‘imga oshirib o‘tirdi!”
Rayma bitliqi shu ko‘yi haftalab maktabga kelmay qo‘yardi. Bora-bora butkul ko‘rinmay, bor-yo‘g‘i ham esimizdan chiqib ketdi. (Hozir bormikan? Bo‘lsa, qayerlarda u sho‘rlik, benavo sinfdoshim?)
Maymun ammasining uyida yurardi. U ham g‘irt yetimcha: na otasi bor, na onasi. Bundan ko‘p yillar burun otasi bir kecha onasini chavoqlab tashlab, qo‘lida qonga belangan qassobi pichoq, o‘z oyog‘i bilan milisaxonaga borgan, keyin tuman markazidagi chorbog‘da ochiq sud bo‘lib, qamalib ketgan. Sudini o‘zim ko‘rmaganman-u, ammo o‘shandagi biri biridan xunuk shov-shuvlar qulog‘imda qolgan: otuvga hukm qilinibdi, otilarmish; yo‘q, tirik ekan, yigirma besh yilga kesilibdi; Sibirga jo‘natganmish, samolyotda qishloq ustidan o‘tayotib hovlisini mo‘ljallab xat tashlagan ekan, xat to‘ppa-to‘g‘ri kelib chalpak pishirayotgan Mayram kampirning (onasi) qozoniga tushibdi, unda “Qaytib kelib u g‘arzotning bor urug‘-aymog‘ini pichoqdan o‘tkazmasam, enam xotinim bo‘lsin!” deya qasam ichib yozgan emish; yo‘q-yo‘q, allaqachon otilib ketgan u, xo‘p deng endi, o‘tgan yili ayni mana shunday saraton kunlarida otilgan, a-aniq! Va hokazo.
Men bu gap-so‘zlarni hamisha gavjum, hamisha qizg‘in machit-magazin ayvonidagi gurunglardan bilib olganman, albatta. Bola holimga.
Nimayam derdingiz, Maymunimiz o‘sha odamkushning pushtikamaridan bino bo‘lgan bir maxluq-da! Aytganday, qishloqqa ko‘chma zoopark kelib ketganidan keyin u rostakam maymunga aylandi – ilgari oddiygina Mo‘min yo Mo‘min daroz, Mo‘min naynov, enag‘ar Mo‘min, yo‘q-yo‘q, Mo‘min kal edi, Mo‘min kal!
Kal emish, uning boshida mo‘ysiz joyi yo‘q, bodroqdek, jingala-jingala! Bultur Qo‘shdaryoga paxta terimiga borganimizda shu bo‘y-basti, shu jingalaklari bilan u kun-uzzukun paykal oralab yurib atigi to‘rt kilogina “oq oltin” tergan, kechqurun “shtab” chog‘i jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz Orziqulov uni xoliroq xonaga olib kirib, jingalak sochlaridan mahkam changallab, kirza etik bilan rosa qorniga tepgan – qani, miq etsa-chi, qani, bir tola sochi yulinsa-chi!
Buni so‘ngra Vahshiy (bolalar qo‘ygan laqab) Orziqulovning o‘zi ham taajjub aralash talay vaqt naql qilib yurgan: “Shu solaman deng, sasi chiqmaydi-ya! Joni toshdan ekan bu enag‘arning. Sochiyam qayishday, shuncha g‘ijimlab tortaman – bir mo‘yini uzolmasam-a, tavba! Ancha-muncha kayfim ham bor edi o‘zi”.
Maymunning talqini esa o‘zgacharoq: “Epti shu gapiga! Necha kun chatanog‘ini kerib yurdi-ku, qayeriga tepganimni so‘ranglar o‘zidan!”

Asarning to‘liq variantini saqlab oling.