Axtamqul Karim. So‘nggi o‘lja (hikoya)

Ko‘k shu qadar tiniq ediki, Egamberdi mergan nazdida osmon cho‘qqilarga mixlanib qolgandek, yo‘q-yo‘q, cho‘qqilar osmon bag‘rini teshib kirgandek tuyuladi. Yolg‘izoyoq so‘qmoq bo‘ylab daradan o‘tayotgan ovchi xayolini ana shu o‘ylar band etgandi. Ovi baroridan kelmagan merganning ko‘ngli g‘ash. G‘ash xayollar uni dengizda adashgan qayiqdek goh u, goh bu yoqqa olib qochardi. U kechgacha och bo‘riday qirma-qir izg‘idi. Har buta yo archani panalab, atrofni kuzatdi, qulog‘ini ding qilib, biron ovoz yo sharpani eshitishga urindi. Bari befoyda. Negadir bittayam kiyikni uchratmadi. Ilgari to‘satdan o‘tlab yurgan kiyikka ko‘zi tushib qolar, hech qursa shundoq yonginasidan kaklikning pir etib uchganiga duch kelardi. Endi bo‘lsa…
Xufton ko‘ngliga chiroq yoqsa ham yorishgudek emasdi. Go‘yo tog‘u daralarni kezgan kiyiklar ovchining isini sezib, qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi. Egamberdi mergan umr bo‘yi kiyik ovladi. Mergan nomini oldi. Egamberdi deyishsa qishloqdoshlari yelka qisishar, toki «mergan» so‘zini qo‘shmaguncha tanishmasdi. U avvallari shunchaki havas va ko‘ngilni xushlash niyatida unda-bunda bekor paytlari tog‘u toshlarga kiyik oviga chiqardi. Bora-bora bu havas odatga aylandi. Endi u qo‘liga miltiq olmasa turolmas, hayotida maza tuymaydigan darajaga yetib bordi. Shu-shu odati xumor bo‘lib qoldi. Bir narsaning xumori tutsa yomon ekan. Egamberdi mergan uchun ov oldida dunyo ham ko‘ziga ko‘rinmas, ov qilmay qo‘yganda vujudida g‘alati his uyg‘onardi, bu hisni ovdan boshqa narsa bosolmasdi. Uyiga kiyik otib qaytish, uning go‘shtini tanovul qilgandan ko‘ra ko‘proq lazzat bag‘ishlar va bu lazzatni dunyoning uncha-buncha lazzatiga alishishni istamasdi. Qishloqdoshlari ham Egamberdi merganning bu qilig‘iga ko‘nikib, unda-bunda ko‘zlari
tushib qolganda ham hayron bo‘lishmasdi. Mergan ovchilik hayotida ko‘p voqealarni boshidan kechirdi. Necha marta o‘limga chap berib, necha marta ajalni aylanib o‘tdi. Endi-endi u kunlarni eslasa, yuragi orqaga tortib ketar, nahotki, shunchalik darajaga yetgan bo‘lsam-a, deya o‘ziga-o‘zi ishonmasdi. Egamberdi mergan ovga chiqqanda uncha-muncha ovchi uning oldida ip esholmas, u bilan musobaqa qilishga jur’ati yetmasdi. Tog‘liklar udumiga ko‘ra, ovchilikdan voz kechmoqchi bo‘lgan merganlar «miltiq ko‘mdi» marosimini o‘tkazadi. Shundan keyin qancha-qancha merganlar qo‘liga zinhor yarog‘ ushlamaydi va shu udumga rioya qilgan holda olamdan o‘tib ketadi. Lekin Egamberdi mergan bunday qilishni xayoliga keltirmasdi. Ov qilmay qo‘ysa, go‘yo hayoti ostin-ustun bo‘lib ketadigandek qattiq hadiksirar va bunday o‘yni boshdan quvib chiqarishga urinardi. U quruq qo‘l bilan uyga qaytishni ovchilik sha’niga or deb bilardi. O‘zi esa ovga chiqqandan buyon biron marta o‘ljasiz qaytganini eslayolmaydi. Bugun esa…
Har doim o‘lja bilan qaytishga odatlangan mergan qoron­g‘i tushishini poyladi. Eshagini bog‘lab qo‘ygan archa yoniga bordi. Iloji boricha qishloqqa kechroq kirib borishga ahd qildi. Chunki uning o‘ljasiz, so‘ppayib qaytganini ko‘rgan qishloqdoshlari oldidan o‘tganda mazax qiladigandek, holing shu ekan-ku, hayf senday merganga, deydigandek tuyulardi. Shuning uchun uyga qaytish unga azobga aylandi, yurgan yo‘li unmas, go‘yo oyog‘i ham o‘ziga bo‘ysunmayotgandek, yetaklab olgan eshagi ham goho o‘zidan o‘zib ketaverardi. Qishloqqa yaqinlashganda kech kirdi. Tog‘ cho‘qqilari oqshom tusidan battar qoraydi. Uch-to‘rt qadam narini ko‘rish qiyinlashdi. Yaxshiyamki, kech qaytgani. Uyiga yaqinlashguncha hech kim duch kelmadi. Shunday qilmasa kechasi bilan uyqusi qochib, or-nomusdan o‘zini bir narsa qilib qo‘yishi hech gap emasdi! Eshak sharpasini sezgan kampiri odatdagidek peshvoz chiqdi. Qaradiki, cholining avzoyi buzuq. Shashti past. Eshak ustidagi xurjunning bo‘m-bo‘shligini ko‘rganda battar ajablandi. Kampirning qo‘l
lari havoda muallaq qoldi. Negaki, u ham xurjunning bo‘sh qaytishiga sira odatlanmagan. Eriga ajabsinib qarashi shundan. Egamberdi mergan bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygandan beri, ovga chiqqan erini bu alfozda ko‘rgan emas. Kampiri har gal choli ovdan qaytganida eshakka yuklangan kiyik go‘shtini tushirishga ko‘maklashib, darhol qozon-tovoqqa unnab ketardi.
— Bugun ov kuni emas ekan, — dedi mergan ijirg‘anib ulovini qoziqqa bog‘lar ekan. — Ertalab bir yuvuqsizga ko‘zim tushgandi. Dunyoni aylanib chiqdimki, kiyik zotini ko‘rmadim. Eskilar bejiz bir yuvuqsiz odam ko‘chadan o‘tsa, yer titraydi, baraka qochadi, deyishmagan ekan.
Egamberdi mergan og‘ir uh tortdi, chuqur-chuqur nafas oldi. Negadir alamini bosolmasdi. Ko‘zlari oldidan ki­yiklar galasi yugurib o‘tayotgandek hushyor tortdi. Kampir dasturxon yozib, bir kosa qaymoqni uning oldiga qo‘ydi.
—     Sayidberdi qani? — deya ovchi ayolini tergashga tushdi.
— Qo‘shnining uyiga o‘tgan edi, —  dedi kampir beparvogina.
— Nima qiladi qo‘shninikiga chiqib, allamahal bo‘lsa. Xotinlarga o‘xshab gap sotgani chiqdimi?
— Bilmasam.
—     Bu bolang quloqsiz bo‘lib chiqdi. Ko‘chada g‘iybat qilib yurishdan boshqa ishga yaramaydi. Erkaklik siyog‘i yo‘q. Shuning uchun ham uni ovga olib chiqmayman. O‘zida bir qiziqish bo‘lmasa qiyin ekan.
—     Bir kami o‘g‘lingiz ham sizga o‘xshab umrini qirma-qir o‘tkazishi qoluvdi…
Egamberdi mergan bu gapdan og‘rindi. Ich-ichidan g‘azabi toshdi. Biroq o‘zini bosishga urindi. Kampirning nima demoqchiligini tushungandek, biroz o‘ylanib dedi:
— Ovga men emas, u borishi kerak. Men endi yoshimni yashab, oshimni oshab bo‘ldim. Balki shuning uchun ham bugun o‘ljasiz qaytgandirman…
Egamberdi mergan boshqa hech ovga chiqmadi. Qarilikni tan oldi. Go‘yo tog‘larda uning uchun o‘lja qolmagandek edi. Miltig‘ini o‘g‘liga berdi. Ovni endi sen qilasan, dedi. Otasining mohir merganligini bilsa ham o‘g‘li unga ergashib ovga chiqmas, tog‘larda yurishni unchalik xush ko‘rmasdi. U otasidan miltiqni istar-istamas oldi. Otasi yurgan tog‘u toshlarni aylanib, otasidek kiyik otish niyatida yurdi. Lekin har gal ovdan uyiga bo‘sh qaytib kelardi. Har zamonda xashaki darranda-parranda ovlardi, xolos. Bundan Egamberdi merganning xunobi oshdi. Bir marta sug‘ur ko‘tarib kelgan o‘g‘liga o‘shqirib berdi.
— Bu harom sug‘ur go‘shtini boshimga uramanmi? Kiyik ovlasang o‘lasanmi, ahmoq!
O‘g‘il otasiga nima deyishni bilmas, birdan topib olgan so‘zi (uni ham kimdandir eshitgan) «sug‘ur go‘shti dori-ku», deb qo‘yardi. Shu tariqa yillar o‘tdi, Egamberdi merganning borgan sari jussasi kichrayib borar, qo‘llarini qaltiroq tutadigan, qomatini ham biroz egib yuradigan holga yetdi. Qarilik o‘z ishini qilgandi. Xayolidan kechagina kiyiklarni quvlab yurgani bir-bir o‘tar, shuni eslaganda ko‘ngli allanechuk hapriqib ketardi. Har zamon-har zamonda ko‘ngli ovga chiqishni tusab qolardi. Chunki umri bino bo‘libdiki, uyida kam bo‘lar, so‘rab kelganlar ham ancha kun ovora bo‘lishardi. Mergan bir gal o‘g‘lining ovdan quruq qaytganiga chiday olmadi:
—     Sen qachon mergan bo‘lasan? Lapashang. Buncha noshud bo‘lmasang. Erkakmisan o‘zi? Ov qilishga yaramasang. Mening pushti-kamarimdan tushganga o‘xshamaysan.
Mergan o‘g‘liga ataydan achchiq gapirdi. Shu bilan o‘g‘lining ovga hirsini uyg‘otishni mo‘ljal qildi. O‘g‘il esa dimog‘ida po‘ng‘illadi.
— Tog‘dagi hamma kiyikni qirib tugatgan bo‘lsangiz, men nima qilay?
Shu-shu u o‘g‘liga boshqa gapirmadi.
Kunlarning birida ko‘ngli kiyik go‘shtini tusagan mergan to‘satdan kampiriga qarab:
— Kulcha qil, men ovga chiqaman, —  dedi. Kampiri qarib quyulmagan cholining gapidan kuldi. Bu bilan u merganni mazax qilganday bo‘ldi.
—     Hamma narsaning ham o‘z vaqti-soati bor. Sizning ov qiladigan davringiz allaqachon o‘tib ketdi.
Ilgari tik qarashga botinmasdi. Shu narsa merganga alam qildi. O‘sha kecha uxlamay chiqdi. Tong saharda o‘g‘lini chaqirdi:
—  Eshakning ayilini tort, —  dedi ovozi qaltirab.
O‘g‘il eshakni shaylab, otasi oldiga keltirdi. Mergan imillab unga mindi. Ilgarigi shashti qayda. Uning butun fikr-zikri Janggoh tog‘i tomon qaratilgan edi. Ota-bola yo‘lga tushishdi. Mergan eshakning boshini u yoqqa bur, bu yoqqa bur, deya tanbeh berib borardi. Nihoyat, Egamberdi mergan navqiron yigitlik paytlari ovga chiqqan Janggoh tog‘i yonbag‘riga yetib bordi. Bu tog‘da yurib qanchadan-qancha kiyiklarni otganini, boshqa merganlar bu tog‘da ov qilolmasligini bir-bir xotirasidan o‘tkazdi. Ovchi o‘g‘liga eshakni to‘xtatishni buyurdi.
— Ko‘ryapsanmi, huv anavi baland cho‘qqini, hozir yayov shunga chiqib boramiz. Toyxarni archaga bog‘lab qo‘y. Meni orqalab o‘sha toqqa chiqasan?
Sayidberdi bir otasiga, bir qirga qaradi. Qir ancha tik va baland ko‘rinardi. Biroq u eshakni bog‘lab, otasi aytganlarini qilishga majbur edi. Mergan o‘g‘liga: «Shamolga qarshi yursang, odam isi sezilmaydi», dedi. Nihoyat, ota-bola yuksak cho‘qqi ustiga chiqib olishdi. Sayidberdi qirga chiqquncha qop-qora terga botdi. Yurishga holi qolmadi.
—     Endi emaklaymiz, —  dedi mergan.
Ota oldinda, o‘g‘il orqada, emaklab cho‘qqining yoniga o‘tishdi. U kiyiklar o‘tlaydigan joyni bilardi. Hozir o‘zigina biladigan sir, kiyiklar qo‘tonidan ilk bora o‘g‘lini voqif qilayotgan edi. Birdan sal nariroqda kiyiklar o‘tlab yurganini ko‘rib qolishdi. Bir kiyik qaqqayib atrofni olazarak kuzatardi. Sayidberdining ko‘zlari chaqnab ketdi. U birinchi marta kiyiklarni yaqindan ko‘rishi edi. Shoshib qoldi. Yonida turgan otasini butunlay unutib qo‘ydi. Xarsangga yonboshlab, chor tarafga hadiksirab qarayotgan ohuni mo‘ljallab o‘q uzdi. Buni hatto otasi ham sezmay qoldi. Ki­yik bir sapchib, qulab tushdi. Sayidberdi kiyik tomon yugurdi. Qolgan kiyiklar xatarni sezib, bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Sayidberdi kiyik bo‘g‘ziga shosha-pisha pichoq tortdi. U o‘zida yo‘q xursand edi. Kiyik otganidan quvonchini ichiga sig‘dirolmasdi. Birdan otasi esiga tushdi. Darhol u tomon yugurdi. U otasiga yaqinlashar ekan:
— Men otdim. Kiyikning zo‘rini otdim, —  deya qich­qirdi. Ota esa javobsiz edi. Sayidberdi otasining ko‘zlaridan shashqator yosh quyulayotganiga hayron qoldi.
—     Sizga nima bo‘ldi, ota? —  so‘radi u.
—     Nega unday qilding? Axir u mening o‘ljam edi-ku. Sen mening o‘ljamni otding. Mening so‘nggi o‘ljamni…
Sayidberdi hech vaqoni tushunolmaganday otasining qarshisida hangu mang qoldi. Janggoh tog‘idan bor umidini uzib, o‘ljasiz, bir burdagina bo‘lib qaytgan Egamberdi merganning tunda joni uzildi…