Anvar Obidjon. Ayollar va xayollar (hajviya)

1. EHTIROS KAMROQ BO‘LSIN

– Buncha xilvat ekan bu yer?
– Ha! Bunday xilvat joylar savob ish uchun yaratilmagan!
– Voy, nima qilyapsiz? Qo‘lingizni oling. Erim bilib qolsa…
– Tupurdim o‘sha eringizga. Oshqovoq nima-yu, u nima.
– Hamma erkaklar ham oshqovoq. Faqat, po‘sti har xil.
– Bahomni oshirib yubordingiz. Rahmat! Men ahmoq sizni tushlarimda ko‘rib yuribman. Kecha tushimda hatto o‘pib oldim. Mana bunday qilib…
– Bo‘ldi! Bas! – stolni shapillatib qichqirdi rejissyor. – Repetitsiya tamom!
U grimxona sari borayotgan artist yigitning ortidan xo‘mrayib qarab qo‘ygach, «engiltak ayol» rolida o‘ynayotgan aktrisaga o‘grilib, do‘ng‘illadi:
– Bugun sal kechiksam kerak. Qizchamizni bog‘chadan olib, to‘g‘ri uyga jo‘na.

2. KO‘NIKIB HAM KETARSIZ

– O‘zi nima gap? Nega yig‘layapsiz, singlim?
– Anavi uyatsiz chol…
– Xo‘sh, xo‘sh?
– Manavi yerimni…
– Xullas… tuf, – og‘zidagi nosni purkab, bamaylixotir gap boshladi chol, – oyimtillaning o‘sha joyini siypaladim. Siypalashga haqqim bor.
– Hm-m, bilasizmi… Sirasini aytganda, bizda odat shunaqa, singlim. Anavi ayollar ham dastlabki paytlarda sizga o‘xshab qimtinib yurishardi. Mana endi, siypalash u yoqda tursin, hatto, kiyimingni yech desangiz ham… Qisqasi, sharoitga tezroq ko‘nikishga urining…
Direktorning bu gapidan keyin, go‘sht kombinatining tashmachilikka qarshi kurashuvchi qorovuli tantanavor qiyofada soqol silab qo‘ydi.
1978 yil.