Aybsiz jinlar

Sevara bilan Sherzodning o‘rtasidagi munosabatga hammaning havasi kelardi. Yigit ham qiz ham husnda, aqlu malohatda bir-biridan qolishmas, qolaversa, yoshligidan bir-birlariga beshikkerti qilinganlari yoxud birga o‘ynab ulg‘ayganlari tufaylimi, ularning bir-biriga bo‘lgan munosabati nafaqat sevishganlar, balki bir-biri uchun tug‘ilganlardek, bir-biri uchun yashayotganlardek edi.

Hammaning havasini keltirgan to‘y ham o‘tdi. Bu to‘yda turmush ko‘rmaganlar shunday malohatli kelin-kuyovlardek bo‘lishni orzu qilishsa, oila ko‘rganlar dil-dillaridan bunday baxtni o‘z farzandlariga ham tilab qaytishdi.

Go‘zal va dilrabo Sevara xolasiga kelin bo‘lib tushib, kelin emas, qiz bo‘ldi. Xola-qaynona ham onadek bo‘ldi. Sevara to‘yning ertasigayoq o‘zi kelib-ketib o‘rgangan joyi emasmi, yelib, yugurib xizmat qildi. Mahallada hammadan oldin shu hovli chinnidek supurilib, suv sepilar, kuyovning ham dimog‘i chog‘ edi.

Oradan 15-20 kun o‘tib, Sevara eng so‘nggi imtihonlarini topshirgani sirtdan o‘qiyotgan bilim yurtiga viloyatdagi shaharlardan biriga jo‘nadi. Qaynotasi unga ancha pul tutqazdi. Qaynonasi ham chekkaga chaqirib, topgan-tutganini qistirdi. Bu orada onasi ham ukalari orqali asqotib qolar deb bir-ikki so‘m jo‘natibdi. Xullas, Sevarani hammalari jamuljam bo‘lib bir haftaga kuzatib qolishdi. Ketayotib, Sevara yaqinlariga jovdir-jovdir qararkan:

— Negadir sira ketgim kelmayapti, sira! – dedi yosh boladek hiqillab.

Kuzatuvchilar kelinchakning bu bolaligidan gurra kulishdi. O‘sha kunning o‘zida poytaxtga ketishga taraddudlanib turgan kuyov ham bu kulguning orasida Sevaraga hazillashdi:
— Sen o‘qishingni tugatib kel, buyog‘iga o‘zing meni o‘qitasan.

Nihoyat o‘sha bir hafta ham o‘tdi. Sevaraning qaynog‘asi ertalabdan onasining qistovi bilan kelinchakni kutib olish uchun bekatga chiqib birin-ketin tizillab kelib- ketib turgan yo‘l moshinalarni poylab, kelinni kutdi. Ammo ularning birortasidan Sevara tushmasdi. Bu hol qosh qorayguncha davom etdi. Kelinginaning qaytishini ishlari ko‘payib ketgan, qurib ketgur domlalari to‘y sababli bir-ikki kun kechikkaniga bahosini qo‘yib berishmayotgandir, degan taxminlar bilan yana uch kun kutishgach, axiyri xavotirlanib, uyidagilarning o‘zlari uni o‘sha shaharga izlab ketishdi.
Va kelinchakni ijaraxonasidan topishdi. Ne ko‘z bilan ko‘rishsinki, bir hafta burungi loladek ochilgan kelinchak xazondek qovjirab qolgan, ko‘zlari qo‘rqinchli tarzda ich-ichiga botib ketgandi.

— Bir haftadan beri ichimda bir narsa o‘t bo‘lib yonadi. Joyimdan turolmay qoldim. Dugonalarim uyga xabar berishmoqchi edi, sizlarni xavotirga qo‘yishmasin deb unamadim. Qizlar bor pulimga imtihonlarimni qo‘ydirib kelishdi. Endi meni uyga olib ketinglar, — Sevara bu gaplarni zo‘rg‘a, amallab gapirdi.

Hammalari vahima bilan uni do‘xtirga olib chopishdi. Muolajalar foyda bermadi. Aksincha, go‘yoki soat sayin Sevaraning hayot shami so‘nib borar, nuqul:

— Uyga, uyga olib keting, — deb qaynonasiga yalinardi.

Do‘xtirlarning barcha urinishlariyu na Cevaraning kasalini aniqlolmay, va na uning ahvolini yengillashtirolmaganlaridan o‘zlari ham taajjubda yelka qisishlaridan keyin, Sevarani qarindoshlari ko‘zda yosh bilan uylariga olib qaytdilar. Kelgach esa, Sevara:
— Onamnikiga olib borib tashlangizlar, – deb turib oldi.

Kelinchakni onasinikiga olib kelishgach, birinchi bor uning chehrasida tabassum paydo bo‘ldi: g‘alati, tushuniksiz tabassum va u qaynonasini yoniga chaqirtirib, hansiray -hansiray yanayam g‘alati gap qildi:
—Xolajon, shuncha kundan buyon aytolmay qiynaldim. Ichimda nimadir faqat shu gapni aytishga undagani undagan: mening sizlarni ko‘rarga ko‘zim yo‘q! O‘g‘lingizni bo‘g‘ib o‘ldirgim keladi! Uyingizga o‘t qo‘ysam deyman! O‘zimdagi bu o‘y-xayollarni yengolmayapman. Sizlarni jonimdan ortiq yaxshi ko‘rardim. Ammo hozir ko‘zimdan daf bo‘lmasalaringiz, yomon bo‘ladi. Daf bo‘linglar, daf!!! Yo‘qoling! Yo‘qol hammang! – jazavaga tushib baqira boshladi Sevara.

Shundagina ular Sevaraning ruhiyatida qandaydir keskin o‘zgarish yuz berganini payqab yetishdi. Kelinchakning «bir baloga» giriftor bo‘lganiga shak keltirmay, folchiyu damchi va mullalarga zir yugurishdi, chiroq yoqtirishdi, bibimushkul, xalos o‘qitish, bari-barini qilib ko‘rishdi. Mana-man degan folchilar xuddi kelishib olishgandek nuqul bir gapni takrorlashardi:
— Bu kelinchakka yettita harom narsani qo‘shib qilingan duoi bad nikoh suviga qo‘shib ichirilgan. Shu ishni qilgan odamdan boshqa hech kim uning duosini daf etolmaydi.

Oradan ikki oy vaqt o‘tib ketsa hamki, «chilton suvi» ichirtirilgani, necha bor po‘staklarga o‘ralib, vujudiga in qurib olgan jinlarni haydash uchun savalangani, chilla saqlatilganiga qaramay, Sevaraning ahvoli biroz o‘nglansada, o‘sha gapi o‘sha gapligicha qolaverdi:
— Bormayman! Hammasi cho‘chqa! Cho‘chqabasharalarning ichida yashashdan qo‘rqaman. Qo‘rqaman! Onajon, meni jo‘natmang, meni cho‘chqaga erga bermang! – va hokazo.

Hayotda bunday voqealar tez-tez uchrab turishi tabiiy holdek tuyuladi ba’zan. Ko‘pincha kimningdir farzandi turmaydi, kimningdir boshi darddan chiqmaydi. Yana birovni falokatlar ketma-ket ta’qib qilaveradi. Ajablanarlisi, ularning deyarli bari duoibad qilinganlar deyiladi. Bundan tashqari follarning bir-biriga o‘xshashligini aytmaysizmi: «Baxtini duo bilan qulflab, daryoga tashlashgan», «rasmining ko‘krak qismiga duoibad qilingan igna sanchilib, o‘pirilgan go‘rga ko‘mib tashlangan», «Yashayotgan hovlisiga tirnoq, jondor tishi, itning axlati, odamning xarom tukidan aralashtirilib, qilingan duo ko‘milgan». «Falon ko‘rinishdagi bir odam chiroq yoqtirib, qasdlashgani tufayli chillalining ustiga kelgan» degan aniq va noaniq bashoratlar.

Dahshatga tushasan: odamzot shu darajada ham bir-biriga qasdlashadimi? Sevaradek o‘n gulidan bir guli ochilmaganlar kimni shunchalik o‘ziga dushman qilib ulgurishdi. Nega odamlar hasadmi, alammi yoki boshqa tuyg‘ular tufayli g‘animini duoibad qilib, uning shamdek so‘nib ketishiga zo‘r berib urinadigan bo‘lib qolishgan. Va nihoyat oddiy, notavon odamizotning qo‘lidan kelmaydigan bu qabihliklarning boshida turganlar Kim? Odamlarmi, jinlarmi?

— Nimaiki bo‘lsa, o‘zimiz qildik, ha, o‘zimizga o‘zimiz qildik! – taassuflanadi yoshi 90 dan oshgan X. ismli tabib momo. Bu momo tabiblik qilish bilan birga fol ham ochadi, xalos qiladi, xullas, dardim bor deb kelgan odamning mushkuli kimning foydasi va kimning ziyoniga bo‘lishidan qat’i nazar jimitdekkina tumorini yasab beradi.

— Hozir hamma joyni damchi, tokchi, folchi bosgan. Ammo bu bilan mening nonim yorti bo‘layotgani yo‘q. Faqat bir narsaga kuyamanda: ajablanarlisi, ilgari ikki-uch qishloqqa bor-yo‘g‘i bittagina tabibning o‘zi yetarli edi. O‘sha qishloq qushnochlari tomoq bosar, bemorlarning og‘riq bo‘g‘inlarini silar, chiqqan suyaklarni davolar, hech qaerda o‘qimagan, o‘rganmagan bo‘lsa ham xudoning irodasi bilan odamlarning dardiga darmon bo‘lardilar. Ammo o‘sha paytlar odamlar darmon istab bu qadar turnaqator bo‘lib kelishmasdi. Ba’zan pushaymon bo‘lib ketaman: biz o‘zimizning amallarimizda qat’iy turolmadik deb. Masalan, sadaqaga aytilib so‘yilgan tovuqmi, echkimi bo‘lsin, aslida uning go‘shtini faqat o‘zimiz yeb, qolganini ko‘mib tashlashning o‘rniga bola-chaqamiz bilan birga baham ko‘rdik, qolgan-qutgan suyaklarni esa itga tashladik. Itlar bormagan, suykalmagan, yemagan narsa bormi? O‘sha itlar odamlarga baqamti bo‘ldilar. Odamlarga jin tega boshladi. Ajinalar itlar orqali odamlarga yuqa boshladi. Zaiflarni o‘ziga bo‘ysundirib, turli dardga chaldirdi, vos-vos qildi. Oxir oqibat ular darrov chilton suvlari ichishga berildilar, qushnochlikni ham tavakkaliga qabul qilishni ixtiyor qilib qoldilar. Axir hammaga ham jon shirin. Biz ham ko‘ngilchanlik qilib qo‘l beraveribmiz. Endi esa… xudo ko‘rsatmasin-a, kechagi kelinchakmi, u kechagi piyonistami, kazzobmi, xotinbozmi, homilador ayolmi, kim-kimlar deysiz – qushnoch, damchi, duogo‘y bo‘laverdi. Merosi bo‘lgani emas, jin tekkanidan shu ishlarni qilaverishdi: Jin-alvastilarning tutqusi ostida rom ko‘rishadi, duo yasashadi, ezib ichkilar, yo‘lni bog‘lash, ochish…

Ey odamlar-a! Xudoni unutishadi-da… Do‘zaxning borligini tan olishmaydi-ya. To‘g‘ri bundaylar orasida xudo in’om etgan qobiliyatga ega bo‘lganlari ham bordir, ammo ularda ham na iloj: bir bandaning ko‘nglini olay deb boshqasini azoblashga majburda.

Beixtiyor yana keksalarning gaplarini eslayman:
— Ilgari kultepa degan joylar bo‘lardi. Hamma uyidagi kulni, qo‘qimni o‘sha joyga oborib to‘kardi. Har bir uyning axlat o‘rasi, mag‘zava to‘kadigan chuquri bo‘lardi…

Hozir-chi? Ko‘chalardagi uyum-uyum axlatlar, isqirt lattalar, olingan soch-tirnoqlar… uyulib yotgan harom narsalarning o‘zi emasmi duoibad?

Yana qiziq tomoni shundaki, qadimgilar jin-ajinalar haqida gapirishganda sariq sochli, uzun tirnoqli qizlarni, echki bo‘lib ma’rab, chaqaloq bo‘lib ingalagan, qiqir-qiqir kulib, ismingni aytib chaqiradigan jinlar haqida gapirishardi. Hozir bunaqa emas. Ammo xudoning bergan kuni televizorda goh irigan murdalar tirik odamlarga daf qilayotgani, goh vampirlarning kimningdir bo‘ynidan g‘archcha tishlab qonini so‘rayotgani, goh o‘lib ketgan go‘dakning ota-onasini bo‘zlab-bo‘zlab o‘ziga chorlayotgan haqidagi filmu videolar namoyish qilinadi. O‘lishning, o‘ldirishning, qo‘rqishning, qo‘rqitishning, dahshatning, vahimaning hamma turlarini ko‘rsatishadi. Gazetalarni aytmaysizmi? Har biri zo‘r berib NUJlar deysizmi, ruhlar deysizmi, narigi dunyomi, dajjolga qalbni topshirishning usullari to‘g‘risida yozishadi, aynan shunday adabiyotlarning bozorgir bo‘lib qolganini aytmaysizmi?

Chet-el matbuotida yozilishicha, kontrol ishini ko‘chirtirmagani uchun 10 yoshli qizaloqni 2-3 nafar sinfdosh o‘g‘il bolalar vahshiylarcha qiynab o‘ldirib, qizaloqning kesilgan kekirdagidan oqayotgan qonni maxsus shu marosim uchun topib kelingan bosh chanog‘iga oqizib, «muqaddas ichimlik» deb ichishgani, yoxud o‘z umrini shaytoni la’in izmiga topshirishga qaror qilib va o‘ziga hammaslak daydi ayolni topgach, bu ayol homilador bo‘lganida uning qornini yorib, homilasini yeb, o‘zini istagan kishining hayotiga zomin bo‘la oladigan darajada buyuk qudrat sohibiga aylantira olgan yigit haqida deysizmi yozaverishadi, yozaverishadi.

Bilmadim, men ruhshunos, jinshunos va yoki nujshunos emasman. Balki oddiy hayotimdagi ba’zi ko‘rguliklarimga rostdan ham duo-tadbir, jin-pinlar ham sabab bo‘lgandir. Ammo barisi Allohdan.

Darvoqe jinlar…
Ha, jinlar haqiqatdan ham ko‘paygan… balkim shuning uchun ham harom-xarish urchiyotgan va yo aksinchadir.
Jinlar nega ko‘paygan?
Jinlar odamlargami va yo odamlar jinlarga xizmat qilayotirmi?

Nega oddiy nashavand uni og‘u qabul qilishga ichidagi nimadir undashini ro‘kach qiladi? Nega o‘z qizining nomusini poymol etgan oq sochli ota «meni shayton yo‘ldan urdi» deydi. Nega hech bir sababsiz odamlarni ketma-ket kekirdagidan olib, bo‘g‘ib, zo‘rlab o‘ldirayotgan «man’yak» bu ishlarga uni qandaydir «ilohiy sas» chorlab, undab turganini ta’kidlashdan tolmaydi.
Jin ursin meni agar gap faqat jinlarda bo‘lsa!

Dilfuza Qo‘ziyeva