Achchiq saboq

«Yozning ilk kunlari. Quyoshning tonggi nurlari yuzimni chimchilab uyg‘otar, subhidamning muloyim shabadasi yuz-ko‘zimni silab, allalaganday tuyulardi. Bir zum yana o‘qishga kech qolayotganim esimga tushdi va o‘rnimdan sapchib turdim. Soat har doimgidek yerda dumalab yotar, soat millari esa hamon yetti raqamini ushlaganicha meni uyg‘otmoqchi bo‘lar, ammo bundan bir necha muddat oldin shirin uyqumni buzgani uchun uni yerga uloqtirib, hayotining mazmuni bo‘lmish batareykasidan ayirgan edim.

Shu bois, soat «qo‘llari» hamon yetti raqamini mahkam ushlaganicha nariga o‘tolmas edi. Stol ustida turgan qo‘l soatim har doimgidek yo‘lida davom etar, millari bo‘lsa to‘qqizdan o‘tganini, yana o‘qishga kech qolayotganimni eslatar edi. Shosha-pisha yuvinib, kiyimlarimni kiya boshladim. Onam uyg‘otganda, bunaqa shoshilmasdim, deya onamni xayolan aybladim. Sizlarga aytsam, onam bir necha bor uyg‘otganda, baqirib bergandim. Endi afsusga hojat yo‘q.

Onam har doimgidek ertalabki nonushtani tayyorlab ketgan. Men esa yana, non bilan sariyog‘dan boshqa narsa yo‘q bu uyda, deya ming‘illadim. Har narsa bo‘lganda ham institut bufetida ovqatlanishni kun tartibimga kiritgandim. Shoshilgancha pastga tushib, bekat tomon yugura ketdim. Bir zumda avtobus ham keldi. Bugun onam pul tashlab ketmaganligi bois, taksida emas, avtobusda ketadigan bo‘ldim. Boy bo‘lmasak-da, o‘zimni ko‘rsatish uchun taksima-taksi yurar edim. Avtobus eshiklari ochildi. Hammadan oldin yugurib chiqib, bir ayol yonidagi bo‘sh o‘rindiqqa joylashib oldim. Onam o‘zining talabalik paytlarida soatlab avtobus kutishini, avtobus kelgach, tiqilinchda qimir etmay manzilgacha tik turib borishini aytgandi. Hech kimga joy bergim kelmay, qulog‘imga naushnik tiqib, o‘rindiqqa suyangan holda musiqa tinglab ketar edim. Biroz vaqt o‘tib, poylagan holda sekingina ko‘zimni ochdim. Tepamda sumka ushlagan, qo‘llarini po‘stiniga tiqib olgan, terilari tortishib-burishgan bir erkak turardi. U nimagadir qaltirar, sovqotayotganday tuyulardi. Bu holat uning yuziga qarashimga majbur qildi. Sochlarida qora kiyimdagi askarlarni zabt etib kelayotgan oq soch tolalari ko‘paygan, halok bo‘layotgan qora askarlarning oqqan qoniday ter sochlari orasidan yomg‘ir singari yuzlariga, undan o‘tib pastga tomchilardi. Ushbu tomchining bir nechtasi qo‘lim ustiga oqib tushdi. Xuddi badanimga sanchilgan o‘qday, menga nimalarnidir eslatib, o‘rnimdan turishga majbur qildi. Yuzidagi noxushlikni yashirib, jilmaygan holda menga notanish bo‘lgan bu kishi «o‘tiravering, uka, men hozir tushaman» deb qo‘llari bilan yelkamni pastga bosdi. Shu payt yonimda o‘tirgan ayol tushishini aytib, o‘rnidan turdi va joyini tark etdi. Men surilib unga joy berdim. U o‘rnashib olgach menga nasihat qilayotganday gapira ketdi. Yoqmasa-da eshitishga majbur edim. U hikoyasini shundan boshladi: «Ismim Ravshan. Men ham bir paytlar institutda o‘qir edim. Nimadir sabab bo‘lib, avtobusda ketishga majbur bo‘ldim. Bekat to‘la odam. Ancha vaqtdan so‘ng avtobus keldi. Odamlarni turtib-surtib bo‘lsa ham jahl bilan avtobusga chiqdim. Bu qilig‘im uchun katta yoshdagi odamlarning berayotgan nasihatlari ensamni qotirar edi. E’tibor bermay, bo‘sh joyga o‘tirib oldim. Avtobus bir zumda to‘ldiyu yukini tortishga qiynalgan ot singari yura ketdi. Yoshi ulug‘ keksalarga joy bergim kelmay, o‘qiyotganday ko‘zimni kitobdan uzmasdim. Qandaydir norozi gaplardan so‘ng yonginamga bir ayol o‘tirdi. Ko‘zim bexosdan haligi ayolga tushdi. Shunda u menga: «Ukam, xijolat bo‘lmang, o‘qishda davom eting, men ham uch farzandimni o‘qitaman, ro‘zg‘orni yolg‘iz o‘zim boshqaraman. Shu tufayli ko‘p yurishimga to‘g‘ri keladi, biroz oyog‘im dam olsa, hali yana ishlashim kerak», — deya kulib qo‘ydi. Men esa nafratlanganday yana ko‘zimni kitobga tikdim. Uyga yetib kelgach, otamga «Qachongacha avtobusda yuraman? — deb baqira ketdim. — Biron-bir kasallik yuqtirib olsam, mendan qutulasizmi? Tezroq mashinamni ta’mirdan olib keling», deya zarda qildim. Otam bechora yolg‘iz farzand bo‘lganim, onam yo‘qligini bildirmaslik uchun men xohlagan narsani olib berishga harakat qilardi. Bir kuni xurmacha qiliqlarimni ichiga yutib yurgan otam tuzalmas dardga chalinib, davolanishga borayotganligini mendan yashirib, uzoq safarga ketayotganini aytib, meni qattiq bag‘riga bosdi. Men esa otamni bag‘rimdan itarib tashladim: «Nima, siz meni yosh bola deb o‘ylayapsizmi? Xavotir olmasdan bemalol qaerga ketsangiz, ketavering» deb, xursandligimcha qo‘limda pul bilan ko‘chaga chiqib ketdim. Keyinchalik bilsam, otam safarni bahona qilib Moskvaga davo izlab ketgan ekan. Umid bo‘lmasa ham meni hech kimsiz qolmasin, deb yashashni xohlagan ekan. Meni oxirgi marta bag‘riga bosgisi, meni erkalab diydorimga to‘ygisi, o‘g‘lim deya erkalagisi kelgan otajonimni o‘z mehrimdan benasib qilib, masxaralagan paytlarimni eslasam, sochlarimni yulgim, hozir paydo bo‘lib qolsa, oyoqlarini o‘pib, yolvorib kechirim so‘ragim keladi. Uch oy uyda har kimni olib kelib maishat qildim. O‘qishga ham bormay qo‘ydim. Otam lavozimdor bo‘lgani bois, qaytib kelsa, o‘qishimni tiklab berishiga umid qilib, kayfu safo bilan kunlarni o‘tkazdim. Va men kutganday otam keldi, — shunday deya Ravshan aka yig‘lab yubordi. — Lekin, afsus, uning o‘ligi keldi, o‘ligi. O‘lgan ustiga tepganday xushtorlarimdan biri mendan homilasi borligini, unga uylanishga majbur ekanligimni aytib, o‘tirib oldi. Buni bilgan qarindoshlarim menga ta’na toshlarini otib, tashlana ketishdi. Biri opam (chunki onam ham siqila-siqila yurak xuruji bilan olamdan o‘tgandi), biri esa akam, deya har qaysisi o‘z jigarlarining o‘limida meni ayblashardi. Shunisi kamday bu qilgan iflos ishim oilamiz sha’niga dog‘ bo‘lib tushgani uchun mendan voz kechishdi. Keyin eshitishimcha, otamning marosimlarini katta amakim uyida o‘tkazibdi. Men kechirim so‘rab, to‘g‘ri yo‘ldan ketish o‘rniga yana, jirkanch niqobimni kiyib olib, shu ayol bilan yashay boshladim. Bir zumda o‘g‘il tug‘ib berdi. Uydagi bor narsalarni sotib, topgan pulimiz yeb-ichishimizga bir yilga yetdi. Sotiladigan narsa qolmadi. Uyimiz yangi qurilgan binoday huvillab qoldi.

Mana endi men uchun og‘ir kunlar boshlandi. Umrimda og‘ir mehnat qilmay, yeganim oldimda, yemaganim orqamda bo‘lib, o‘sib katta bo‘lganman. Biron ishni boshlashga bo‘ynim yon bermas, bu yoqda xotin qayragani-qayragan. Katta-katta yeb yurgan nafsi tinchlik bermas, tezroq biron-bir yo‘lini topishimni xohlardi. O‘ylay-o‘ylay birinchi gunoh bo‘lgan harom ishga qo‘l urdim. Ishim silliq kechgani uchun olib kelgan narsalarga rohatlanardim, shu yo‘l bilan oilamni boqa boshladim. Ko‘plab odamlarni yig‘latib, yostig‘ini quritdim. Pullaridan mahrum qilib, panjara ortiga ketishga majbur bo‘ldim. Amnistiyaga binoan ozodlikka chiqdim. O‘g‘lim o‘n yoshdan oshgan, xotinim bo‘lsa har xil notanish erkaklarni uyga olib kelib, ular bergan pullarga hayot kechirarkan. Men hammasiga ko‘z yumib, eski ishimni davom ettirib, yashay boshladik. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, degan gap rost ekan. O‘g‘lim olib kelgan narsalarimni yeb, uning qaerdan kelayotgani bilan qiziqmagan. Men qamoqdaligimda onasining chirkin ishlarini ko‘rib, har qanday ishlarga ko‘nikib ulg‘aygan ekan. Men yana qo‘lga tushib, qamoqqa ravona bo‘ldim. Belgilangan muddatni o‘tab bo‘lgach, ozodlikka chiqdim. Uyga kelib, bo‘lib o‘tgan voqeani eshitib, o‘z-o‘zimdan nafratlanib, rosa yig‘ladim. O‘g‘lim voyaga yetib, begona ayollarni uyga olib keladigan odat chiqaribdi. Qarshilik ko‘rsatgan o‘z onasiga esa mast holda qasd qilib, ko‘p yilga ozodlikdan mahrum etilibdi. Mehribon ota-onamni, o‘zimning guldek hayotimni qabohat jariga itarib, xazon qilganimni, nafsimning quli bo‘lganimni, qilgan barcha gunoh ishlarimni eslab, hamon o‘zimni kechira olmayapman. Senga bu gaplarni nega aytayapman, bilmayman. Qandaydir bir kuch bu gaplarni aytishga undadi. Senga qarab o‘z o‘tmishim esimga tushdi. Endi hayotni orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Endi kech bo‘ldi. Men bo‘lsa o‘g‘limni kutib, umid bilan yashayapman. Mana bularni unga olib ketayapman.» Shunday deya o‘z qismati bitilgan «fojeaviy hayot asari»ga nuqta qo‘ydi hamrohim.

Bularni eshitib, vujudimni qo‘rquv egalladi. Qandaydir dahshatli bir tuyg‘u ruhimni qamrab oldi va o‘tmishim xotiramdan o‘ta boshladi. Hamrohimning hayotiga mening ham hayotim o‘xshash ekan. Bu hikoya xatolarimni tushunib yetishimga turtki bo‘ldi. Balki men ham kimlargadir xatolarini tushunib yetishida sabab bo‘larman, deya qo‘limga qog‘oz oldim.

Onam kechayu kunduz tinim bilmas, uydagi xarajatlardan, o‘zidan orttirib, mening o‘qishim, birovlarga maqtanish maqsadida sarf qiladigan pullarim uchun ishlardi. Menga bo‘lsa, buning qizig‘i yo‘q edi. Otamni go‘yoki uzoq safar bilan yuradigan biznesmenga, onamni obro‘li ishda ishlaydigan ayolga o‘xshatib, taksima-taksi, kursdoshlarimni, ayniqsa qizlarni sovg‘alar berib, kafema-kafe olib yurardim. O‘zimga kerak bo‘lmasa ham uyali telefon olgandim. Soatlab gaplashganim-gaplashgan, uyda telefon bo‘lsa ham o‘zimni ko‘rsatish maqsadida maqtanar edim. Bir kuni abonent to‘lovi tugab, gaplasha olmaganimda, oyimga rosa baqirganman. U bechora meni tinchlantirar, men bo‘lsam, quturgan itday onamga tashlanib, otamdan meni ajratib olganini, otam bo‘lganida bunday yashamasligimizni yuziga solib yig‘latar edim. Onam bir vaqtlar otamni qattiq sevgani tufayli uning bizlarni tashlab ketganini aytmay, menga uni yomonlagisi kelmay, o‘z ixtiyori bilan ajrashganini gapirgandi. Men bo‘lsam, bularni tushunmay, ikki gapning birida onamni ayblardim. Shuning uchun onam ko‘ngli o‘ksimasin, deya barcha injiqliklarimni ichiga yutib, yaxshi shart-sharoit yaratib berishga harakat qilar edi. Yarim tungacha sang‘ib kelib, televizor ko‘rib o‘tirardim. Onam ishdan kelganida, unga: «Siz yomon ayolsiz, yarim tungacha ko‘chada yurasiz», — deya zaharxanda qilardim. Onam bechora yig‘laganicha, joynamoz ustida Xudoga yolvorar, yig‘lab o‘tirganicha uxlab qolardi. Men biron marta ham uni joyiga yotqizib qo‘yishga, aqalli ustiga choyshab tashlab qo‘yishga yaramaganman. Bir kuni o‘qishdan qaytayotib, do‘stlarim bilan bozor yonidagi yozgi oshxonada ovqatlanib o‘tirgan edik. Uzoqdan og‘ir sumkalarda narsa ko‘tarib kelayotgan onamga ko‘zim tushdi. Meni ko‘rib qolmasligi uchun boshqa tomonga qarab o‘tirib oldim. Onamni bu ahvolda o‘rtoqlarim ko‘rishini xohlamagandim. Uning eski kiyimda ekanligi uchun uyalgandim.

Ha, bu gaplarni eshitib, mendan nafratlanayapsizlar, men ham bu voqeani eslagim kelmaydi. Eslasam, o‘zimni-o‘zim ura boshlayman. Bu voqealarni eslab, ko‘zimga yosh kelib, yonimda o‘tirgan, afsus va namdomatda yashayotgan Ravshan akaga tikilib qoldim. Bu sukunatni jahl bilan baqirganday jiringlagan telefonim buzdi. Vujudim bir xabarni sezganday qaltirar, telefonga javob bergin, deganday tuyulardi. Nihoyat javob berdim. «Tez 16-kasalxonaga yetib keling, onangiz og‘ir ahvolda…» degan xabardan qanday qilib avtobusdan tushib, kasalxonaga yetib kelganimni bilmay qoldim. Go‘yoki Ravshan akaning gapirib bergan mudhish voqeasi menda boshlanayotgan edi. Afsuslar bo‘lsinki, shunday bo‘ldi. «Onangizdan qolgan narsa — mana bu», — deb vrach ayol qo‘limga bir parcha qog‘oz tutqazdi. Unga «bolam» degan so‘z va mening telefon raqamim ilg‘ar-ilg‘anmas tarzda yozilgan edi. Vrachlarning aytishicha, onam kamqon, quvvatsiz bo‘lgani uchun boshi aylanib, serqatnov yo‘lga chiqib ketgan, tezlik bilan kelayotgan mashina uni turtib yuborgan va onam bechora hech qanday so‘z aytolmay, aqldan ozgan odam singari yerga o‘tirib olgan. Qattiq jarohatlanganiga qaramay, sumkasidan bir parcha qog‘oz olib, «bolam», deya telefon raqamimni yozib, odamlarga bermoqchi bo‘lgan. Birozdan so‘ng o‘tirgan holda yerga tikilib, qo‘lida qog‘oz bilan olamdan o‘tgan. Bo‘lib o‘tgan voqeani eslash mening yuragimga cho‘g‘ bosgan bilan barobar. Lekin nima qilay, dardkashim, ushbu yozganlarimni o‘qib, balki dardimga hamdardlik bildirayotgan yoki meni eng yomon odam, deb baholayotgan siz, aziz yurtdoshlarimdir. To‘g‘risini aytsam, sizlardan iltimos, Xudodan meni kechirishini, hech bo‘lmasa, onajonimni tushlarimda bir bor ko‘rishimni so‘ranglar. Bir bor onajonimni tushlarimda ko‘rsam deyman, diydoriga to‘ysam deyman. Kechalari uyg‘onib, Xudodan so‘rayman. Men onajonim kiyib yurgan o‘sha eski kiyimlarini ko‘zlarimga surib, onajonim hidlarini tuygim keladi. Lekin onamning kiyimlari ham mendan nafratlanganday muborak ona isini mendan qizg‘anishadi. Men bo‘lsam, alamdan yig‘lab, oldimdan oqqan tiniq buloq suviga tupurganim uchun o‘zimni o‘zim qarg‘ayman.

Sizlarga nasihat qilmoqchi emasman. Ravshan aka bundan bir necha yil ilgari menda o‘z hayotini ko‘rgani kabi men ham ba’zi bir yurtdoshlarimizda o‘zimning hayotimni ko‘rganday bo‘laman. Shuning uchun har bir kunimizni qadrlab, shukr qilib, hech nimani isrof qilmay yashamog‘imizni Allohdan so‘rab qolaman. Afsus va dard ummoniga g‘arq bo‘lgan yurtdoshingizman.»

Yigitning iztiroblarini oqqa ko‘chiruvchi:

Saidahror XOLSAIDOV,
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi