Mirzaali Muhammadjonov. Asorat (1990)

O‘zbekiston, tabiiy shart-sharoitlari, asrlar osha shakllangan dexqonchilik madaniyati bilan, eng boy va farovon jumhuriyat bo‘lishi mumkin edi. Afsuski, bunday bo‘lmadi. Qaytanga xalq turmushida muayyan turg‘unlik, sihat-salomatligida jiddiy boy berishlar, tabiat muvozanatida ulkan talofotlar ro‘y berdi. Biz bugun sovet hokimiyatining 72 yillik tarixiga nazar solayotib, buning sabablari ustida bosh qotirmasligimiz va nihoyat, yangi asr bo‘sag‘asida mehnatkash, xokisor xalqimizni qiynagan jumboqlarga javob izlamasligimiz mumkin emas. Zero, bu nomutanosibliklar xalqimizning milliy o‘z-o‘zini anglash jarayoni bilan chambarchas bog‘liq muammolardir.

Xo‘sh, fojialarimizning asosiy ildizlari nimada? Men, yer ilmi bilan mashg‘ul bir olim sifatida, takror aytaman: Frjialarimizning bosh manbai paxta yakkahokimligi va sug‘oriladigan yerlar maydonining cheksiz kengaytarilishi, suv omborlarining ko‘plab qurilishi, o‘rmonlar, bog‘ va uzumzorlarning qiyratilishi, zaharli ximikatlarni yoppasiga qo‘llashdir. Ular ulkan ekologik talofotlar va nomutanosibliklarga olib keldi.

Qishloq xo‘jaligini paxta yakkahokimligi asosida rivojlantirish oqibatida, jumhuriyat xonavayron darajaga yetdi. Sug‘oriladigan yerlarning to‘xtovsiz oriqlab, unumsiz bo‘lib borishi eng yuqori nuqtaga ko‘tarildi. Yer foydali qatlamining deyarli yarmini yo‘qotib bo‘ldi, mineral o‘g‘itlar, pestitsidlar, defoliantlar, gerbitsidlarning had-hududsiz ishlatilishi oqibatida, tuproq barcha ne’matlarini boy berib, o‘lik holga aylandi. 800 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yerlar qaytadan sho‘rlandi. O‘simliklarning turli yuqumli kasalliklari keng yoyilganligi, shuiingdek, zahari ham paxta yakkahokimligining oqibatidir. Nihoyat kelib chiqqan suv tanqisligi, bozorlarning qimmatligi, sihat-salomatlikning boy berilishi — bular ham nuqul paxta ekish va uning maydonini hadsiz ko‘paytirishning mash’ul asoratlaridir.

Xo‘sh, bunday qaltis va nochor vaziyatdan qutulishning yo‘li bormi? Ha, bor! Buning uchun eng avvalo jumhuriyatimiz qishloq xo‘jaligini qat’iy ilmiy asosga qo‘yish, tub qayta qurishni amalga oshirish kerak. Nadomatlar bo‘lsinki, qayta qurishning o‘tgan davrida bu so‘zlarni ming bor aytdim-ku, hech vaqo qilmadik. Bu hammaga ayon — zarurat hisobga olinib, paxta maydoni ham, plani ham kamaygani yo‘q. Qaytanga bunday yo‘l nomaqbulligini asoslovchilar safi kengayib, ular rag‘bat topdi.

Aslida esa jumhuriyatning har bir dehqonchilik xo‘jaligi bir tomonlama emas, balki kompleks — har tomonlama rivojlantirilmog‘i zarur edi. U yoki bu regionni haddan tashqari faqat bir tur bo‘yicha ixtisoslashtirish nihoyatda zararli oqibatlarga olib keladi. Biz paxta misolida uni ko‘rdik. Regionda faqat bir xil ekinga zo‘r berish shaxsiy va jamoat chorvachiligini izdan chiqaradi. Oqibatda, hozir jumhuriyatda har yuz gektar haydaladigan yerga 41 bosh qoramol (shuning atigi 11 tasi sigir) to‘g‘ri keladi. Qishloqdagi xo‘jaliklarning 37 foizi sigirga, 50 foizi hatto qo‘yga ham ega emas. Umuman, olganda, jumhuriyatda aholi jon boshiga 22 kilogrammdan go‘sht va 132 litrdan sut yetishtirilmoqda. Butun mamlakat bo‘yicha esa bu ko‘rsatgich 64 kilogramm va 341 litrni tashkil etadi. Xo‘jaliklarni har tomonlama rivojlantirish faqat iqtisodni mustahkamlash jihatidangina emas, ayni paytda tabiat muvozanatini saqlash, ishchi kuchlaridan maqsadga muvofiq foydalanish uchun ham nihoyatda zarurdir. Bir so‘z bilan aytganda, to‘la xo‘jalik hisobi, o‘z-o‘zini mablag‘ bilan ta’minlashga o‘tish shart-sharoitlarida bozor va mahsulotning qadr-qimmati (boshqa hech narsa emas) ishlab chiqarishni muvofiqlashtirishning bosh dasturi bo‘lishi kerak. Bu printsip, qanday qilib bo‘lsa ham paxta ber, deydigan siyqasi chiqqan aqidaparastlikni butkul rad etadi.

Kolxoz va sovxozlar, ijarachilar, oilaviy pudratchilar, kooperativlar ana shundagina dalaning unum-dorligini buzmasdan har qarich yerdan ko‘proq samara olishdan manfaatdor bo‘ladi. U yoki bu mahsulotga davlat buyurtmalari xo‘jaliklar bilan mana shu printsipda oldi-berdi qilishga asoslanishi kerak. Zinhor-bazinhor mana bu mahsulotdan istaysanmi yo‘qmi shuncha narxda, shuncha plan berasan qabilida emas! Ana shundagina xo‘jalik ham, dehqon ham o‘z erkiga ega bo‘ladi. Dehqonga erk bering, u o‘z yeriga xo‘jayin bo‘lsin degani

Ilmiy asoslangan printsiplar va ilg‘or xo‘jaliklarning tajribalaridan kelib chiqqan holda, hozirgi bosqichda, paxtachilik xo‘jaliklarida ekin maydonlarining tarkibini quyidagicha belgilash maqsadga muvofiqdir.

Paxta — 50 foiz atrofida.

Beda va boshqa ozuqabopekinlar— 30—35 foiz.

Urug‘lik uchun don (makkajo‘xori, jo‘xori, arpa) va sholi — 6 foiz.

Sabzavot — poliz, bog‘ va uzumzorlar—8—10 foiz.

Ihotazorlar, tutzorlar — 6 foiz maydonni egallashi mumkin.

So‘zsiz, ekinlar maydonining bunday tarkibi nisbiydir. Har bir xo‘jalik tuproq-iqlim sharoitlari, u yoki bu mahsulotga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, uni o‘zgartirishi mumkin. Masalan, yer sharoiti meliorativ jihatdan noo‘ng‘ay joylardagi xo‘jaliklar paxta hajmini 40—45 foizga tushirishlari, uning o‘rniga ozuqa ekinlarni ko‘paytirishlari mumkin. Hozir esa yuqorida aytib o‘tganimizdek, jumhuriyat qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning amal qilib kelingan nomaqbul uslublari mutlaqo o‘zgargan emas. Ish ilmiy asosda emas, avvalgidek ma’muriyatchilik usulida davom etayotir. Almashlab ekish to‘la o‘zlashtirilmadi. Haydaladigan yerlardagi beda maydoni 14 foizligicha qolmoqda. Holbuki, uning maydoni 30—35 foizni egallashi kerak. Paxta ekuvchi xo‘jaliklarda g‘o‘zaning salmog‘i 70—75 foizdan ham yuqori, Baliqchi, Moskva, Bo‘z, Lenin singari bir talay nohiyalarda esa 76—80 foizgacha yetadi. Boshqacha qilib aytganda, paxtachilik hali ochofat yakkahokimlik balo-qazosidan qutulgan emas.

O‘tgan 1988 yilning dekabr oyida jumhuriyat Fanlar akademiyasida bo‘lib o‘tgan ilmiy ishlab chiqarish kengashida yaqin ikki-uch yil ichida paxta sotish planini 4 million tonnaga qadar tushirish, ozuqa ekinlari, sabzavot-poliz, bog‘ va uzumzorlar maidonini kengaytirish uchun 600 ming gektardan ko‘proq paxta uchun nobop bo‘lgan yerlarni ajratish taklifi o‘rtaga tashlanganda, bu taklifni agrosanoat kompleksining barcha mutaxassislari va rahbarlari ma’qullagan edilar. Bu boradagi ilmiy asoslangan taklifnomalarni qo‘llab-quvvatlovchi telegramma va xatlar, qo‘ng‘iroqlar nihoyatda ko‘p bo‘lgan. Xo‘jalik rahbarlarining bundan mamnunligi bejiz emas edi. Chunki, Mehnatobod nohiyasi 10 yillar mobaynida 8—10 tsentnerdan hosil yetishtirib kelayotgan bo‘lsa, Qo‘rg‘ontepa, Marhamat, Andijon, Xo‘jaobod, Jalolquduq nohiyalarida paxta uchun nobop joylarda dehqonchilik qilish oqibatida, hosildorlik 1,5—2 baravar kamayib ketgan.

Masalan, paxta uchun nisbatan qulay kelgan o‘tgan 1988 yilning o‘zida jumhuriyatdagi 400 ming gektar maydonda paxtadan 18—20 tsentnergacha, 100 ming gektar maydonda esa 11—12 tsentnerdan hosil yetishtirildi. Albatta, bu raqamlar 1987 yilga nisbatan 2—4 barobar kam. Ammo so‘nggi 8 yil mobaynida jumhuriyatdagi 700—750 ming gektar yerda o‘stirilayotgan g‘o‘zaning rentabellik darajasi butunlay o‘zini oqlamadi. Shunday ekan, biz bunday maydonlarda paxtani nima uchun yetishtiryapmiz. Afsuski, bu savolga biron jo‘yali javob topolmaymiz. Holbuki, Manchester dorulfununi professori Teodor Shanin Izvestiya ro‘znomasi muxbiriga bergan intervyusida aytganidek, butun jahonda: Ishlab chiqaruvchining manfaatdorligi qanchalik yuqori bo‘lsa, sotsial sohalarni rivojlantirish imkoniyati ham shunchalik yuqori bo‘ladi, degan nazariya mashhur. Biz esa paxta yetishtirishda bunday nazariyalar bilan hisoblashmay qo‘yganmiz.

Hozir SSSR hukumati paxtaning xarid narxini 40 foiz atrofida oshirishni mo‘ljallamoqda. Agar so‘nggi yillarda traktorlar, uning yonilg‘i va moylash materiallari, ehtiyot qismlari, minerat o‘g‘itlar, zaharli ximikatlar va boshqa mahsulotlarning realizatsiya narxi 100 foiz va undan ham ko‘proq oshganini hisobga oladigan bo‘lsak, paxtaning xarid narxi 40 foiz oshishi paxtakorga amalda hech narsa bermaydi. Bizningcha, xarid narxi tovar va moddiy resurslarining oshgan narxi qoplaganidan tashqari, hech bo‘lmaganda, ikki barobarga oshirilishi kerak. Bundan tashqari, dehqonchilikni ilmiy asosda yuritib, adirlar, sho‘rxok va toshloq yerlar, shuningdek, meliorativ jihatdan noo‘ng‘ay bo‘lgan unumsiz joylarda paxta millionlab zarar ko‘rishdan qutqarish mumkin.

Hamma paxta yakkahokimligi qishloq xo‘jaligini dahshatli ajdaho yanglig‘ vayron qilayotganini tan oladi. Ammo yakkahokimlikni yo‘q qilish nihoyatda qiyin bo‘lyapti. Chunki paxta uchun beriladigan planlar bunga imkon bermayapti. Masalan, bu yil uchun 5 million 250 ming tonna paxta plani belgilangan. Tola hisobida esa 1710 ming tonna paxta yetishtirishga buyurtma berilgan. Holbuki, shuncha miqdordagi tolaning o‘zi amalda 5,4 million tonna paxta degan gapdir. Agar 1990—1995 yillarda ham hozir mo‘ljallanayotganidek, paxta yetishtirish hajmi 5 million tonna atrofida qolsa, mutlaqo ahvol o‘zgarmaydi. Axir so‘nggi uch yil mobaynida (1986—1988 yil) rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, paxta xomashyosi yetishtirish o‘rtacha 5 million 70 ming tonnani tashkil etdi va u paxta yetishtiriladigan zonalarda dalalarning 70 foizidan ko‘prog‘ini egallagan. Bundan shunday xulosa chiqadi. Agar plan shu holicha qolsa, paxta yakkahokimligi bundan buyon ham tantana qilaveradi, dehqonni yana ezib-ezg‘ilab boraveradi. Paxta yetishtirishga belgilangan davlat buyurtmasi miq-dorini kamaytirmasdan turib, paxta yetishtiriladigan maydonlarni kamaytirishni talab qilish mantiqsizlikdan boshqa narsa emas. Dehqonlar shu yilning boshidayoq paxtachilikda qayta qurishning bo‘lmagani va yana bo‘lmasligiga ishonch hosil qilib, ko‘ngli sovugan edi. Paxta yakkahokimligi qanday bo‘lsa, shu holicha saqlanib turibdi. Boshqacha qilib aytganda, davlat buyurtmasining tazyiqi dehqonni so‘zsiz asoratga majbur etmoqda. Aks holda, o‘tgan yili paxtakorlar planda ko‘rsatilganidan 40 ming gektar ko‘proq yerga paxta ekmagan bo‘lur edilar. Ittifoq Davlat plan qo‘mitasi jumhuriyat bo‘yniga paxta planini sirtmoqdek osib, xayrli rejalarning amalga oshuviga imkon bermay kelyapti.

Yana bir nomutanosiblik haqida ham aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Jumhuriyatni 1991 — 1995 yillarda sotsial-iqtisodiy rivojlantirish rejasi loyihasida paxta yetishtirishning hajmi 5 million tonna atrofida qolishi ko‘zda tutilgan. Demakki, xo‘jaliklarning inqirozga yuz tutishi, iqtisodiy va ekologik vayronagarchilik, xalqning och-nochorligi davom etaveradi. Qizig‘i shundaki, buni hamma tushunib turibdi. Hatto Ittifoq va jumhuriyat rahbarlari ham. Ammo ular o‘zlarining haddidan tashqari markazlashtirish siyosatlaridan voz kechola mayaptilar. Amaliy ishga o‘tilmas ekan, ahvol murakkablashaveradi, dehqon ko‘nglidagi norozilik kuchayib boraveradi. Buni anglamaslik mumkin emas.

To‘g‘ri, turg‘unlik yillarida ma’muriy buyruqbozlikning qudratli mashinasi yakka yolg‘iz hukmron edi. Paxtaga sig‘inish ham shaxsga sig‘inishni keltirib chiqargan edi. Xo‘sh, bugunchi? Bugun bizga nima xalaqit beryapti. Partiya va hukumatning, SSSR xalq deputatlari s’ezdining eng mo‘tabar hujjatlarida, markaziy va jumhuriyat matbuotida televideniyening Qayta qurish projektorida paxta yakkahokimligiga barham berib, qishloq xo‘jaligini qat’iy ilmiy asosga qo‘yish haqida jo‘rovozlik bilan gapso‘z bo‘lyapti. Ittifoq organlari, jumhuriyat rahbarlari bu oqil, sog‘lom mantiqqa asoslansalar yomon bo‘lmasdi. Bir rahbar chiqib, yakkahokimlikni yo‘qotsak, sabzavot-poliz mahsulotini qo‘ygani joy topolmay qolamiz, deb donolik qilsa, yana boshqa birovi milliardlab so‘m daromadni boy beramiz, deb vallomatlik qiladi. Bunday mulohazalarni faqat hayotni bilmaydigan, undan ajralib qolgan odamlargina aytishi mumkin.

Jahon amaliyoti va tajribasi u yoki bu ekinning yakkahokimligiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini allaqachon isbotlagan. Mana shuning uchun ham, jahonning paxta yetishtiruvchi mamlakatlari va regionlarida almashlab ekish tarkibida paxtaning miqdori 30—50 foizdan oshmaydi. Bu narsa bizning mamlakatimizda ham fan tomonidan isbotlangan. Ammo biz ko‘r-ko‘rona jahon tajribasi va fan yo‘l-yo‘riqlariga qarama-qarshi borishni davom ettiryapmiz.

Jumhuriyatda ekologik va sotsial-iqtisodiy jihatdan xavfli bo‘lgan vaziyatni keltirib chiqargan ikkinchi narsa, bu — 60-yillar boshlarida O‘rta Osiyo regionida katta va kichik suv omborlari qurish bo‘yicha boshlab yuborilgan ulkan ishdir. Hozirgi paytda 51 jumhuriyat va 5 jumhuriyatlararo ahamiyatga molik suv omborlari mavjud. Ularning bag‘riga 55.5 milliard kubometr suv sig‘adi. Biz, aynan mana shunda juda katta xatolikni ko‘rib turibmiz. To‘g‘ri, ayrim suv omborlari uchun ehtiyoj bor edi. Ammo ularning aksariyat qismi hech qanday zaruratsiz qurilgak, bunday ko‘plab miqdordagi suv omborlari qurilishiga chuqur ilmiy asosda yondashilmagan. Ko‘plab olimlar, mutaxassislar va amaliyotchilarning fikrlari bilan hisoblashilmagan. Ekologik muvozanatning izdan chiqishi o‘ylab ham o‘tirilmadi. Orolning qurishi esa ma’lum bo‘la turib, bunday qaltis ishlarga qo‘l urildi.

Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, ko‘plab suv omborlari qurilishi munosabati bilan, qishloqlar, aholi turar joylari, o‘n minglab gektar unumdor yerlar suv tagida qolib ketdi. Bundan tashqari, har yili suv omborlari sathidan 5 milliard kub metrga yaqin suv havoga bug‘lanib ketmoqda. Axir, bu Orolning sathini tutib turish uchun nihoyatda zarur bo‘lgan ozmuncha suvmi?

Butun fojia shundaki, suv omborlarining o‘zi ham, Undan oqib chiqayotgan muzdek suv ham dalalarimizning tUproq sharoitlarini yomon tomonga o‘zgartirib yubordi, yer osti suvlari sathi ko‘tarildi. Dalalarning sho‘rlanishi va botqoqlanishi, tuproq eroziyasi, yuz ming gektarlab sug‘oriladigan va sug‘orilmaydigan maydonlardagi foydali jonivorlarning nobud bo‘lishi, tuproqning boy qatlami barham topishi — bularning hammasi suv omborlarining bugun ma’lum bo‘layotgan zararli jihatlaridir.

Suv omborlarining mualliflari va tarafdorlar unday inshootlar qurilishi tufayli regionda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, ikki barobar oshdi, deb maqtanadilar. Ammo ular aynan bir sharoitda yerlarning unumdorligi tushib ketganligi; aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash kamayganligi, Orolning o‘limi va Orolbo‘yida kelib chiqqan ekologik halokatlar aynan mana shu suv omborlari qurilishi va paxta yakkahokimligining avj oldirilishi bilan bog‘liq ekanligi xususida lom-mim demaydilar. Suv omborlarining atrof-muhitga yetkazayotgan ziyonini Andijon suv omboridan foydalanish misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Bu inshoot o‘z bag‘riga 1,9 milliard kub metr suvni sig‘diradi. Qo‘rg‘ontepa nohiyasidagi suv omboridan 20 kilometr berida joylashgan Savay sovxozidagi meteorologiya punkti ma’lumotlariga ko‘ra, 1987 yili, ya’ni suv ombori ishga tushganidan so‘ng 10 yil, o‘tgach, ekinlar uchun foydali harorat yig‘indisi 402 darajaga, yil eng qulay kelgan 1988 yili esa 204 darajaga kamayib ketgan. Bu shundan dalolat beradiki, suv ombori atrofidagi Qurg‘ontepa, Jalolquduq, Xo‘jaobod va Marhamat nohiyalarida g‘o‘za o‘sadigan eng qulay kunlar suv omborining ta’sirida 20—35 kunga qisqargan. Andijon nohiyasida ham so‘nggi yillarda foydali harorat yig‘indisi 18 darajaga kamaygan. Boshqa suvomborlarida bo‘lgani singari, Andijon suv omborining quyi qismidan chiqadigan suvning o‘rtacha harorati ham suv ombori, qurilganiga qadar Qoradaryodan oqqan suvning haroratidan 5,5 daraja pastdir.

Bunday sovuq suv bilan ekinlarni sug‘orish hosildorlikni tushirib yuborishi bizning ko‘pgina tadqiqotlarimizda o‘z ifodasini topgan. Taqqoslab tekshirish: mobaynida shu narsa aniqlandiki, omborlarda jamlangan suv bilan sug‘orilgan dalalarda hosilning yetilishi 20 kunga kechikadi, hosildorlik esa 20—40 foizga kamayadi. .

Eng tashvshshsh jihat shundaki, daryolardan tabiiy ravishda oqib kelayotgan foydali loyqa yeuv omborlarida cho‘kib, undan ekinlar bebahra qoladi. Holbuki, suv omborlarida cho‘kib qolayotgan ana shu loyqalar ekinga hayot bag‘ishlovchi birdan-bir zarur oziq elementlariga ega. Ayniqsa, bunday foydali loyqa moddalar Amudaryo suvida ko‘p edi. Bu haqda o‘tgan asrda ulug‘ tuproqshunos V. V. Dokuchayev ham yozgan. Bizning eskidan sug‘orib kelingan yerlarimiz suv omborlari ishga tushgunga qadar, unumdor bo‘lganligining sababi ham mana shunda. Masalan, Savay sovxozida Andijon suv ombori ishga tushgunga qadar (1976—1977 yillar paxta hosildorligi 35—36 tsentnerni tashkil etgan bo‘lsa, 1987—1988 yillarda bu yerda paxta hosildorligi o‘rtacha 18—20 tsentnerga tushib qoldi. Shu yillar mobaynida hosildorlik Qo‘rg‘ontepa nohiyasida 31,6 dan 21 tsentnerga, Marhamat nohiyasida esa 35 tsentnerdan 17,5 tsentnerga tushdi. Viloyatning Jaloquduq, Xo‘jaobod singari boshqa nohiyalari ham mana shunday noxush ahvoldadir. Viloyatning mana shu to‘rt nohiyasi paxtachilik uchun qulay kelgan 1988 yili planni atigi 48—67 foiz qilib o‘rinlatdi, xolos. Farg‘ona viloyatining Quva, Oxunboboyev va Oltiariq nohiyalari ham Karkidon va Qo‘rg‘ontepa suv omborlarining salbiy ta’sirini boshdan kechirmoqda.

Amudaryoda qurilgan Tuyamo‘yin suv ombori esa Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Toshovuz viloyatlari uchun mana shunday ulkan zarar keltiryapti. Bu suv ombori 7, 3 milliard kub metr suv sig‘dira oladi. Uning ta’sirida bo‘lgan zonada yer osti suvlari tez ko‘tarilib ketdi. Dalalarning yalpi suratda qayta sho‘rlanishi boshlandi. Aholi o‘rtasida kasalliklar ko‘paydi. Sifatli ichimlik suv yetishmovchiligi kelib chiqdi. Bog‘lar va to‘qayzorlar, soyabop daraxtlar barbod bo‘lyapti. Xo‘sh, milliardlab so‘m sarflab, suv ombori qurish, so‘ng buning oqibatida kelib chiqqan ekologik norasoliklarni bartaraf etish uchun yana milliardlab so‘m mablag‘lar sarflab, kanallar, chap va o‘ng sohil kollektorlari qurish aqlga sig‘adigan gapmi? Sho‘rko‘l suv omborining ta’sirida Shofirkon nohiyasidagi G‘ijduvon va Jilvon sovxozlarining uzumzor, bog‘zorlarining deyarli yarmi barham topdi. Andijon nohiyasidagi Moskva jamoa xo‘jaligi hududida hozir yana bir suv ombori qurilyapti. U 5 million kub metr suv jamlashga mo‘ljallangan. Oqibat, yaqin atrofdagi yer osti suvlari nihoyatda tez ko‘tarilib ketdi. Otchopar qishlog‘i butunlay vayron bo‘ldi. 150 xo‘jalik aholi boshqa joylarga ko‘chyapti.

Xo‘sh, kelgusida suv omborlariga qanday yondashishimiz kerak? Bizning fikrimizcha, u yoki bu tuman yoki regiondagi tabiat muvozanatini buzgan, yerning unumini pasaytirgan, sizot suvlari sathi ko‘payishiga olib kelgan suv omborlari ishini to‘xtatish maqsadga muvofiqdir. Ularda to‘plangan suv esa daryo o‘zanlariga ochib yubornlishi, ayni paytda suv omborlari tagida cho‘kib qolgan loyqalardan qanday foydalanish tadbirlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi zarur. Suv nihoyatda taqchil bo‘ladigan nohiyalardan boshqa joylardagi barcha suv omborlari esa vaqti-vaqti bilan ishlatilishi zarur. Ya’ni faqat sel keladigan ham qish paytlarida suv to‘plash, bahor va yozda, dalalarni yuvish paytida esa aylanma kanallar orqali, ularning suvini to‘plagan loyqalari bilan birgalikda dalalarga oqiznsh zarur. Aylanma kanallari bo‘lmagan suv omborlarida yaqin uch yil ichida ularni qurish kerak. Yangi suv omborlari qurishdan esa butunlay voz kechish lozim!

Endi yirik GRESlar masalasi ham kelib chchqadis Albatta, bunday jumhuriyatlararo GES va suv omborlari muammosp manfaatdor tomonlar jalb etnlga hamda ekologik va iqtisodiy shart-sharoitlar hisobga olingan holda qayta ekspertizadan o‘tkazilib, sinchiklab muhokama qilinishi kerak. Axir biz partiya va hukumatning Orol dengiziga doir qarorini bajarishimiz, o‘lib borayotgan dengizga hech bo‘lmaganda, o‘sha qarorda belgilangan darajada suv quymog‘imiz zarur-ku, Bu yil esa Orol qatra ham suv olmadi. Barcha ortiqcha va tejalgan suvlar, suv omborlarini ochib yuborish orqali qo‘lga kiritiladigan obi-hayot manbalari hech kj yoqqa emas, faqat Orolga oqizilishi kerak!

Yaqinda bu borada dastlabki qadam qo‘yildi. So‘x suv ombori qurilishi to‘xtatildi. Bundan buyon esy jumhuriyat hududidagi va unga yondosh chegaralardagi suv omborlarining maqsadga muvofiq va nomuvofiqligini aniqlash maqsadida olimlar, mutaxassislar, mutasaddi tashkilotlar bilan tinimsiz ish olib borish kerak!

«Fitna san’ati» (2-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.