Omon Toshmuhamedov. Ertak o‘rniga tarix eshitardik… (2005)

Dadam bilan ko‘proq muloqotda bo‘lgan yillarimiz dadamning ishsiz yurgan kezlariga to‘g‘ri keladi. Biz u kezlarda farmatsevtika institutiga qarashli Chexov ko‘chasining burchagidagi uyda turardik. Dadam ishdan, Yozuvchilar uyushmasidan haydalgan kezlar, oyimlar bo‘lsa ishga tiklanganliklari sababli bu uyni oyimlarga berishgan edi. Oyimlar faqat bizni emas, o‘zlarining onalari- mening buvimlarni ham boqishlari uchun ko‘p ishlashlariga to‘g‘ri kelardi, chunki buvimning o‘g‘illari yo‘q edi. Dadam uyda bo‘lganliklari sababli biz bilan shug‘ullanar edilar, bizga qog‘ozdan varrak yasab berardilar. Keyinchalik dadam ishga joylashganlaridan keyin albatta bunday imkoniyatlar kam bo‘ldi, bizning o‘zimiz ham dadamni ortiqcha urintirmaslikka, vaqtlarini olmaslikka harakat qilardik. Shu bois o‘rta maktabda o‘qigan yillarimiz ham, undan keyin ham dadamlarga biron yordam so‘rab murojaat etmasdik.

Mendagi kitobga bo‘lgan qiziqish, mehr-muhabbatni dadam uyg‘otganlar. Esimda, 1947 yili dadam meni Moskvani ko‘rsin, plenumni ko‘rsin degan maqsadda Moskvaga chaqirtirdilar. O‘zlari Yozuvchilar uyushmasining plenumiga sal oldinroq ketgan edilar. Moskvaga bir o‘zim uchdim. Meni yozuvchi Aleksandr Deych­ning xotini kutib oldi. Keyin dadamlar kelib meni olib ketganlar. Shu kuni kechqurun Moskvani aylanishga chiqdik. Kreml atroflarida sayr etdik, uzoq gaplashdik.

Yozuvchilar uyushmasida juda ko‘p qiziqarli kitoblar sotilardi. Men u yerga chiqib har kuni bir to‘p-bir to‘p kitob sotib olardim. Kechqurun dadam men olgan kitoblarni ko‘zdan kechirardilar, qanday kitoblarni olish lozimligi haqida maslahat berardilar. Ayniqsa, mumtoz adabiyot bo‘yicha nimalarni olish kerakligini maslahat berardilar. “Klassik adabiyotni albatta xarid etish kerak, keyin o‘zingda shu adabiyotga nisbatan zarurat seza boshlaysan”, ­ der edilar. Keyinchalik oradan yillar o‘tgachgina men dadamning gaplarini mag‘zini tushunib yetdim, kitobni fikrlab o‘qish lazzatini tuydim.

Kitoblarni ko‘pincha Litva Yozuvchilar uyushmasining raisi Latsis bilan birgalikda xarid etardik. U baland bo‘yli, kelishgan, doim kulib turadigan inson edi. Oradan ko‘p yillar o‘tib o‘g‘lim Husan bilan Rigaga borganimizda Latsisning uy-muzeyini ziyorat etdik. Shunda uning kutubxonasida Moskvada birga olgan kitoblarimizni ko‘rdim.

Dadam kitob o‘qishni juda yaxshi ko‘rar edilar. Shuning uchun ham kitobga hech pullarini ayamasdilar. Dadamni bir gal Moskvaga, Oliy Sovetning sessiyasiga borganlarida kuzatib bordim. Shunda dadam ishdan bo‘sh vaqtlarida men bilan Moskvadagi hamma nodir kitoblar do‘konlarini aylanib chiqardilar. Garchand dadamning sog‘liqlari u paytga kelib sezilarli darajada yomonlashgan bo‘lishiga qaramay, piyoda kezib chiqardik.

Dadam kitob magazinidan tashqari yana san’at buyumlari do‘koniga kirishni ham yaxshi ko‘rardilar. Bir gal dadamga bitta rasmni ko‘rsatmoqchi bo‘lib turgan edim, ko‘zlari bronzadan ishlangan tuyaga tushdi. Tuya yashil granitdan ishlangan o‘rindiqda edi.

Tuyaning haykali o‘ta nozik did va mahorat bilan ishlangan edi. Narxini surishtirmasdan sotib oldilar. Bu haykalcha hanuzgacha uy-muzeyimizda saqlanmoqda. Shu kuni oq chinnidan nozik ishlangan bir ot haykalchasini ham sotib oldik, ming afsuski, bu haykalcha yer qimirlagan yili sindi.

Men Moskva universitetida tahsil olganman. Talabalik yillarim ko‘p kitob xarid qilardim. Har gal dadam meni ko‘rgani Moskvaga kelganlarida kitob­larimni ko‘zdan kechirar, ma’qul kelganlarini “albatta o‘qib chiqaman”, deb ajratib qo‘yardilar. O‘qishni bitirib Moskvadan qaytib kelganimda men Akademiyaning kutubxonasidan tez-tez kitob olib turardim. Dadam oldin menga ko‘rsat, keyin o‘qiysan der edilar. Kitob xarid etganimda yo kutubxonadan yozdirib olayotganimda, meni hamisha dadamga ma’qul bo‘larmikan degan savol qiynardi. O‘zimda mas’ullik hissini sezardim, “E, bu kitobni bekor olibsan”, deb aytishlaridan cho‘chib turardim. Olgan kitoblarimning ichida tarixiy mavzuda, falsafaga oid kitoblar bo‘lsa qiziqib qarab chiqardilar, lekin yangi tarixga oid kitoblar dadamni qiziqtirmasdi.

Ko‘pincha dadam bilan birga kitob o‘qirdik. Ba’zan o‘zim o‘qigan kitoblarimning ayrim joylarini o‘qib berardim, ba’zan o‘zlari meni oldilariga chaqirib kitobni ko‘rsatib: “San o‘qigin”, derdilar. Shu zaylda biz birgalikda Bartoldni, Mirzo Ulug‘bek haqidagi kitoblarni, Alisher Navoiyni o‘qib chiqdik. O‘qiyotganimda: “Mana bu joyini albatta chizib qo‘y”, ­ deb ma’qul kelgan o‘rinlarni ko‘rsatardilar.

Dadamni o‘qigan kitoblari ichida qayta-qayta o‘qiydigan sevimli kitoblari ham bo‘lardi. Bular: Fuzuliy kitoblari, Turgenevning nasriy asarlari, Blokning she’rlari. Dadam bilan oyim Fuzuliyni boshidan oxirigacha yoddan bilishardi. Oyim biron misrasini boshlasalar, dadam uyning bir boshidan ikkinchi boshiga yurib, oxirigacha davom ettirardilar.

Dadam O‘zbekiston tarixini yaxshi bilardilar. Esimda, kasal bo‘lganimda kechalari yonimda ertak o‘rniga tariximizning ayrim sahifalarini aytib berardilar. Jaloliddin bilan Chingizxonning kurashi va boshqa ko‘p tarixiy voqealarni ertak o‘rnida aytib berganlarini xotirlayman.

Dadam bilan Moskvaga borgan kezlarim dadamning o‘rtoqlarinikida mehmonda bo‘lardik. Bu uchrashuv, tanishuv, muloqotlar mening hayotimdan beiz ketmadi albatta. Men ularning o‘ta samimiy suhbatlarining shohidi bo‘lganman. Eng qizig‘i dadamni, uning ijodini qadrlovchi do‘stlarining ko‘pchiligi boshqa respublikaning yozuvchilari edi. Dadamning do‘stlari bilan bo‘lgan suhbatlari soatlab, erta tonggacha ham davom etishi mumkin edi va men ba’zan o‘tirgan joyimda uxlab qolardim. Dadam do‘sti Nikolay Tixonov bilan soatlab bir-birlariga she’r o‘qib berishlari mumkin edi. Ko‘pincha dadamni Fadeev o‘z dala hovlisiga olib ketardi. Esimda, M.Gorkiyning haykali ochilishi munosabati bilan Fadeev dadamni olib ketgani o‘zi kelgan edi. Ular shunchalik samimiy do‘st edilar.

Dadam meni hamma do‘stlari bilan tanishtirgan edilar. Bular Nikolay Semyonovich Tixonov, Aleksandr Fadeev, Muxtor Avezov, Latsis, Lugovskoy, Samad Vurg‘un…

Dadamning do‘stlari bilan bo‘lgan munosabatlar dadamdan keyin ham uzilmadi. Ular bizni yo‘qlab, xabarlashib turishardi. Dadamning vafotidan so‘ng Toshkentda Navoiyning 500 yillik tavalludi nishonlanadigan bo‘ldi. Dadamning do‘sti Nikolay Tixonov aeroportdan to‘g‘ri (25.10.68) marosimning ochilishiga keldi va birinchi aytgan so‘zlari dadam haqida bo‘ldi. Ertasi kuni Aleksandr Deych va yana ko‘pgina boshqa o‘rtoqlari dadamni xotirlab biznikiga kelishdi. Do‘stlar yig‘ilganidan xursand, to‘lqinlanib gaplashib o‘tirishardi. Bu gal ma’yus edilar, chunki ularning orasida dadam yo‘q edilar. Dadamning xonasida uzoq gaplashib o‘tirishdi, shunda Nikolay Tixonov: “Albatta, u kun keladi, bu dargoh Oybek uy-muzeyi bo‘ladi”, ­ dedilar. Tixonov va dadamning boshqa do‘stlarini niyati amalga oshib bu kun biz turgan uy-muzey bo‘lganidan hamma qatori men ham behad xursandman. Bu, albatta, davlatimizning asl ijodkor farzandlariga bo‘lgan e’tiborining ramzidir.

Dadam tabiat shaydosi edilar. Esimda, bir gal dadam bilan buvimnikidan qaytayotganimizda Radialniy ko‘chasidan piyoda yurib keldik. Kuz havosi, quyosh chiqib turibdi, yo‘lning ikki chekkasida baland-baland tollar husn to‘kib turibdi. Uzoqdan tog‘lar ko‘rinmoqda edi. Dadam bu manzaradan to‘lqinlanib: “Bu go‘zallikni faqat rassom va shoir aks ettira olishi mumkin”, ­ degan edilar. Umuman, dadam bilan shahar kezish qiziqarli edi. Eski shaharga bozorga ko‘p tushardik. Narsa olayotganimizda dadam hech qachon, “Qanchadan”, deb so‘ramasdilar, “Qayerdan?” ­ deb so‘rardilar. Sotuvchilarning yuziga razm solib, “bu vodiydan, bunisi Asakadan bo‘lsa kerak”, derdilar. Keyinchalik bozorga bormay qo‘ydik, chunki ko‘pchilik dadamni tanib o‘rab olishardi, o‘zimizni noqulay sezardik.

Yana dadamni yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotlaridan biri futbol o‘yinini tomosha qilish edi. Ko‘pincha birgalikda televizordan futbol ko‘rardik, Moskvada bo‘lsa stadionga borib ko‘rardik. Do‘stlari Sarimsoqov bilan ham Moskvada futbolga borib turishardi. Qizig‘i, futbolga shunday berilib ketar edilarki, qayerda o‘tirganlarini unutib “ur-ur” deb baqirib, o‘tirgan joylaridan turib ketardilar.

Bahor boshlanishi bilan bizni toqqa olib chiqardilar. Yo‘l anjomlarimiz: yig‘iladigan o‘tirg‘ich, samovar, stol, qozon hamisha tayyor turardi. Dadam tabiat qo‘ynida butunlay o‘zgarib ketardilar. Chehralaridan qalblari yayrayotganini his etish mumkin edi. Bir gal biz bilan do‘stlari O‘rol Tansiqboyevning ham borishini istab qoldilar. Uni yerga gilamdek to‘shalgan qip-qizil lolaqiz­g‘aldoqli manzarani chizishini xohlagan edilar. Dadamning iltimoslarini Tansiqboyevga yetkazgan edik, bajonu dil rozilik berdilar. Lekin manzilga yetib kelganimizdan keyin: “Rasmni keyinroq chizarman, undan ko‘ra siz bilan suhbatlashaman”, ­ dedilar dadamga.

1950 yilning boshlarida dadam bilan VDNXga Tansiqboyevning O‘zbekiston pavilonini bezash uchun chizayotgan rasmlarini ko‘rgani bordik. Pavilonni aylanib tomosha qilar ekanmiz, dadamning chehralaridagi ko‘tarinkilik hali-hali esimda. Oradan ko‘p o‘tmay san’at do‘konlarining birida Tansiqboyevning va yana bir samarqandlik rassomning asarlarini sotishayotganini eshitib, dadam oyimlarga: “Tez otlaning, ketdik”, ­ dedilar. Shu kuni do‘kondan Tansiqboyevning to‘rtta asarini sotib oldik.

Keyinchalik Tansiqboyev biznikiga mehmonga kelganlarida dadam olgan rasm­larimizni ko‘rsatdilar. Tansiqboyev xijolat chekib: “Bu rasmlarim arzimaydi, men boshqasini chizib beraman”, ­ dedilar.

Oradan ko‘p o‘tmay siren rasmi chizilgan asarlarini yubordilar. Dadamning 60 yillik tavallud kunlariga bo‘lsa tog‘ manzarasi chizilgan rasmni hadya etdilar.

Eski ToshMIga qarashli hovlida turganimizda uyimizdan temir yo‘lga chiqsa bo‘lardi. Biz ko‘pincha dadam ketgan paytlarida poyezd yo‘liga chiqardik, o‘tayotgan poyezdlarga qarab dadamni kutardik. Mana, dadamning oramizdan ketganlariga ham 35 yildan ziyod vaqt o‘tdi. Hayot bo‘lganlarida yuz yillik tavalludlarini nishonlagan bo‘lardik. Ba’zan poyezd ovozini eshitganimda yo ko‘rganimda shu poyezddan dadam tushib kelayotgandek tuyulaveradi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 1-son