Omon Muxtor: «So‘zingni ayta olish baxti» (2010)

So‘nggi paytlar ozmi-ko‘pmi elga tanilgan, e’tiborli kishilar bilan, shu qatorda jumladan, otalarimiz aytmoqchi, kaminai kamtarin bilan ham gazeta-jurnallar muttasil suhbatlar uyushtirib turadi. Buning uchun ularga minnatdorlik bildirmay iloj yo‘q. Lekin ochig‘i, bunday suhbatlardan aksar suyunishdan ko‘ra ko‘proq noxush bir asorat qolgandek holatni sezaman. Gap shundaki, savollar yuzaki, jo‘n, sen bergan javoblar uzuq-yuluq, buning ustiga g‘ij-g‘ij xato bosilganini ko‘rasan. Ana, bir muxbirga farg‘onalik akamiz Yo‘ldosh Sulaymonni eslab: «U lutf ko‘rsatib, o‘zidan yoshi kichiklarni ham «Ulug‘im» der edi» mazmunida gapirgan edim, keyin ko‘rsam, bu jumla: «U barchani «Uyg‘unim» der edi» qabilida bosilibdi. Umuman, sen bilan suhbatlashadigan kishi bu suhbatga tayyor, bilimli, fahm-farosatli bo‘lishi, jahon adabiyot-yu, o‘zbek adabiyotini jilla qursa yigirma-o‘ttiz foiz bilishi kerak. Harholda, sen Ekzyuperi deganingda bu qiz bolaning ismimi, deb so‘ramasligi kerak.

Bundan ancha yil muqaddam «Sharq yulduzi» jurnali «Yozuvchi ijodxonasida bir soat» degan rukn ochgan edi. «Yoshlik» jurnalimiz shu an’anani davom ettirib, yangilab, adiblarni o‘z sahifalarida mehmon qilayotgani yoki ular xonadonida mehmon bo‘layotgani xayrli ish. Bu shakl ijodkorga ko‘nglida to‘planib qolgan gaplarini aytish, o‘quvchiga o‘z navbatida ijodkorni yaqinroqdan bilish imkonini beradi.

«Yoshlik» jurnalini doim o‘qib boraman, desam yolg‘on bo‘ladi. Do‘konga chiqmaydi. Har gal redaktsiyadan olish noqulay. Obuna bo‘lishim kerak. Ammo bunga ba’zan sharoit to‘g‘ri kelmasa, ba’zan hafsala yetishmaydi. Shunga qaramay, jurnal menga qadrli. Bu – ora-orada qatnashganim uchun emas. Qachon uni qo‘lga olib varaqlasam, yoshlik nafasi ufurib kelgandek tuyuladi. O‘zimni ham yoshargandek his etaman. Jo‘n gap bo‘lsa-da, aytay, bu dunyoda keksa bo‘lgandan yosh bo‘lgan yaxshi.

Nihoyat, maqsadga ko‘chsam, taxminan yigirma yildan oshdi, yoshim ulg‘aya boshlaganini sezganim va orqaga qayrilib qaragim kelgani uchunmi, hayotdagi voqealar ta’siridami, qanday bo‘lmasin, ko‘nglimda yoshlik va yoshlar to‘g‘risida bir asar yozish niyati tug‘ildi. Yozuvchilar ko‘pincha «asar yozish jarayoni qiyin» ekanligini gapirib yurishadi. Aslida niyat tug‘ilganidan asarni yozishga kirishguncha o‘tgan davr eng mashaqqatli, azob-lidir.

O‘sha kunga qadar ham bolalik kunlari, yoshlik, talabalik yillari haqida she’rlar, hikoyalar yozgan, katta asarlarda ayrim holatlarni aks ettirgan edim. Barchaga o‘xshab xotiramda kechagi manzaralar, holatlar tiniq saqlangan edi. Biroq alohida-yaxlit asar yozish haligi «mashaqqatli, azobli davr»ni talab qilayotgan edi. Shu bois, eslagan, xayolimdan kechgan gaplarni uzuq-yuluq holda yozib-belgilab bora boshladim.

Mana, qoralamalardan bir qismi qo‘lim ostida turibdi.

Bolalik kunlari haqida yozgan ekanman:

«O‘n ikki-o‘n uch yoshdaman.

Buxoroda, maktabda yurgan paytim.

Buxoro – buyuk bir doston. Qolaversa, kechagina bizdan olisda to‘ntarish ro‘y berib, to‘s-to‘poloni bu yerga ham yetib kelgan, amir Olimxon va uning saltanatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlar bor. Buyog‘i Ikkinchi jahon muhorabasi va undan keyingi yillar, ko‘chalarda «qo‘ltiqtayoq taqqan» askar kiyimidagi yigitlaru Buxoroga xos oq surp motam libosi kiygan momolar, onalar, yosh kelinchaklar. Atrofda qaynab yotgan hasratli, umidli, baxtli, ozurda bir hayot. Men esam, bulardan go‘yoki chetda, bo‘m-bo‘sh olamdaman. Shoir yoki yozuvchi (iloji bo‘lsa ikkisi ham) bo‘lishni orzu qilib, bilim, tajriba yetmaganidan qayoqdagi yo‘q narsalarni «to‘qib» yuribman…

Otam Sulaymon xo‘ja madrasa ko‘rib mudarris bo‘lgan, ustoz Ayniydan olti yosh kichik, Fit-rat domladan ikki yosh katta (1884 yil), bularni tanigan-bilgan ulamo kishi edilar. O‘shanda hatto nomi tilga olinmagan Fitrat haqida: «U kuchliroq edi, ziyoli, ma’rifatli edi» derdilar (dadam amir Olimxonni uncha xush ko‘rmas, u to‘g‘rida gap chiqqanida ham doim: «Undan ko‘ra otasi amir Ahadxon aqlli, tadbirli edi» derdilar). Ayniyni hurmat qilardilar. Faqat, bir gal bunday degandilar: «Yozganlari goho bahsli. Bir yerda, Minorai-Kalon ostidagi misgarlik (rextagarlik) do‘konida yetmishta xalfa-shogird bo‘lgan, och-nahor kun ko‘rgan, deb yozibdi. Yetmish kishi bir do‘konga sig‘maydi, yettita xalfa-shogird bor edi. Ertalab patiru qaymoqchoy, kunduzi sho‘rva, kechqurunlari osh bilan ularni siylashardi. Men o‘zim o‘sha yerda bo‘lganman».

Uzoq yillardan keyin, bu gap xayolimdan ketmay, ustoz Ayniyning nega unday raqam chekkanlariga tushundim. Adabiyot o‘zi ROST bilan YoLG‘ON (to‘qima, umumlashtirish, xayol epkini) orasidagi holat ekan. Shu bilan birga, odamlar voqif, hayotda yuz bergan voqealardan iloji boricha uzoqlashmagan durust…»

Yoshlik, talabalik yillari haqida ham betartib yozilgan uch-to‘rt varaq:

«Universitetga qiynalib o‘qishga kirdim.

To‘rt fandan o‘n olti bal olgan «rezervist» bo‘lib kirganman. Na stipendiya, na yotoqxona. Ijara bir uyda turdim, Sebzorda, tubida to‘lqinlanib suv oqqan jar bo‘yidagi eski hovli edi.

O‘shanda «shaxsga sig‘inish» tugatilib kishanlar, zanjirlar sindirib-uzib tashlangandek kayfiyat hukm sura boshlagan. Domlalarimiz Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Laziz Qayumovlar hayot bobida o‘z fikriga ega, o‘z so‘zini ochiq, dadil so‘zlaydigan kishilar edi.

Bizdan yuqori kurslarda Erkin Vohidov, Anvar Isroilov, Anvar Eshonov, To‘lqin, O‘ktam Usmonov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev, Ibrohim G‘afurov va boshqalar o‘qir edi. Mening kursdoshlarim keyinchalik tanilgan adib va jurnalistlar – O‘tkir Hoshimov, Alinazar Egamnazarov, To‘lqin Alimov, Rinat Risqiyev, Obidjon Jumanazarov, Nurmat Rajabov, ikki Nasiba – Nasiba Ibrohimova va Nasiba Qambarova, Tojiddin G‘oziyev, Murod Aminov, Rahima Shomansurova, Temur Xo‘jayev, Ergash Musayev, mening ikki adashim – Omonulla Madayev, Omon Jarqinboyev va boshqalar edi. Shu ta’lim olish yillaridayoq bu nomlar matbuotda ko‘rina boshlagan edi.

Xadradagi o‘quv korpusi Majlislar zalida adiblar, san’atkorlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazib turilardi. Ustozlar Abdulla Qahhor, Hamid G‘ulom, Said Ahmad aka va Saida opalar bilan uchrashuvlar yodimda. Bir gal Mirtemir aka bilan ham uchrashganmiz. O‘shanda ustozning «Kipriklarim» degan kitobi yangi chiqqan, ko‘pchilik talabalar ko‘tarib kelgan, esdalikka imzo chektirib olmoqchi. Uchrashuvda shu nomdagi she’r ham o‘qildi:

Kipriklarim qo‘ng‘irmikan yo qora,
Kipriklarim yuztamikan yoki ming.
Kipriklarim muncha suyuk va sara,
Ko‘zginamning kipriklari…

Mirtemir akaning shogirdlari chindan bir saf, ulardan har biri bu she’rni o‘ziga bag‘ishlangan deb bilar edi.

Yoshlar, talabalar orasida o‘sha yillari Pirimqul Qodirovning «Uch ildiz» romani, Odil Yoqubovning «Muqaddas», O‘lmas Umarbekovning «Sevgim, sevgilim» qissalari mashhur. Oramizda bu kitoblarni o‘qimagan, bilmagan talaba yo‘q. Yigitlar qizlarga ularni sovg‘a qilishardi… Menda shu asarlardan keyin yoshlar, talabalar haqida ular darajasidagi asar yozilmagandek taassurot qolgan…»

Bu uzuq-yuluq yozuvlardan tashqari, – men yozadigan asarga daxli bormi-yo‘qmi, – negadir adabiyot borasidagi ayrim mulohazalarimni ham yozib-belgilab qo‘ygan ekanman.

Ana, ular ham qo‘lim ostida. To‘g‘rirog‘i, eski jild ichidan, asar yozish uchun yig‘ib qo‘yilgan varaqlar orasidan chiqdi:

«Akamiz Erkin Vohidov «Yoshlik devoni»da bo‘lsa kerak: «Senga ne bor Mir Alisher yonida…» degan misrani keltirgan. Daho adiblar nomini shunchaki eslaganda ham, kishi o‘zingni Shoir yoki Yozuvchi deb tanishtirishga gohida xijolat chekasan. Bu so‘zlar naqadar yuksakda turganini his etasan.

Yana… Bunday hikoyat uchraydi. Bir adib ikkinchi adibning uyiga borayotib o‘n marta kiyimini almashtirgan ekan. Minglab odam (adabiyotchi va oddiy o‘quvchi)ning «uy»iga kirganingda qanday ko‘rinish (qiyofa) kasb etishingni o‘ylashga majbursan. Yozuvchi uchun hamisha so‘z oldida, odamlar oldida Mas’uliyat bor. Albatta, men istagan «kiyim»da ko‘chaga chiqaveraman, deyish mumkin. Ammo bu – yengiltaklik, xolos…»

«Odatda, yozuvchi asosan O‘ZINI yozadi. Bu – o‘zi haqida yozadi, degan ma’noni bildirmaydi. Shubhasiz, o‘z hayoti, kuzatganlari, umrida tuygan og‘riqlari asarga «ko‘chadi». Lekin bundan ham muhimi, sening yozganingda qanday shaxs ekanliging, aft-angoringdan tortib ko‘ngil olaminggacha (odamiy darajang va bilim darajang) qog‘ozda muhrlanadi. Qog‘oz atalmish KO‘ZGUdan qochib qutulolgan Yozuvchi topilmaydi… Umuman, adabiyot – eng avval, tavba-tazarru. U – poklanish, demak. Bir so‘z bilan, adabiyot qiyofaga bog‘liq hodisa. Buyuk Alisher Navoiyning «Jahondin notamom o‘tmak» deganlari-yu, «Hammomdin nopok chiqmoq»qa qiyoslaganlari shu mazmunda bo‘lishi kerak. Yana buyuk Boborahim Mashrabning mashhur «Dilda darding bo‘lmasa» deb boshlab, keyingi misrada «Sardaftarimni kavlama» deganlari ham ehtimolki, shu mazmunni ifodalaydi…»

Qisqasi, shunaqa har xil yozuvlar.

Bunday qoralamalar bir kuni asarga o‘zgarib, aniq ma’no kasb etib kirishi ham, keyinchalik «ahamiyatsiz» ko‘rinib, «sig‘may», mutlaqo kirmasligi ham ijodda uchrab turadigan hol. Qanchalik sen uchun qadrli bo‘lmasin, ulardan ba’zan «voz kechasan».

Xo‘p.

Asar-chi? Asar nima bo‘ldi?

Niyat qilib, ma’lum muddat hayajonlanib o‘ylab, qayta-qayta yozishga ham shaxd etsam-da, asar yozilmay qolaverdi. Nega?

Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatimiz mustaqillikka erishdi. Katta o‘zgarishlar ro‘y bera boshladi. Yashash tarzi bilan birga, tafakkur oldingidan butkul farq qiladigan bo‘ldi. Hayotni (olamni) yangidan idrok qilish barchamiz uchun kundalik-oddiy ehtiyojga aylandi.

Yozuvchi (olim, san’atkor) uchun so‘zini aytishi va so‘zi o‘quvchiga yetib borishi muhim.

Hurmatli ustozlarimizdan o‘zi­miz­gacha kechagi kunlar har jihat­dan «cheklanish» holatida yurganimizni sezdim. O‘z so‘zimizni rost, ochiq so‘zlashga harakat qilsak hamki, bunga aksar erisholmaganimizni angladim. Faqat adabiyot emas, hayotning o‘zida BA’ZAN YoLG‘ON, BA’ZAN QABOHAT «o‘rmalab» kelgan paytlar topilar ekan. Ijodkor SO‘ZNI sevish, o‘z kasbini puxta o‘rganish barobarida, SO‘Zdan ehtiyot bo‘lish, hatto undan qo‘rqishga, aqlini mudom ishlatish, qalbini asrashga burchli ekan… Yoshlar, talabalar haqida mafkuradan ayri holda asar yozib bo‘lmaydi.

Mustaqillik davri men uchun omadli keldi. Bel bog‘lab qattiq ishladim. Oldinroq ikki roman yozgan bo‘lsam, bu davrda o‘n ikki romanim yozilib e’lon qilindi. Yoshlik yillarimdan shoir va yozuvchi sifatida tanilgan bo‘lsam-da, keyingi paytda nomim «xutbaga qo‘shildi». E’tibor ko‘rdim…

O‘ylangan asar hamon yozilmay turibdi.

Nasib etsa, yozarman. Bu­gungi yoshlar, talabalar haqi­da. Lekin bu mavzuni yangidan o‘rganish kerak. Biz ta’lim olgan yillarga nisbatan bugun talabalar kam kitob o‘qishayot­gani, ja­hon adabiyoti emas, o‘z adabiyotimizni ham “unutishayotgani” men uchun o‘kinchli. So‘zni his etish, har bir so‘zdan bahra topib zavqlanish – kitob o‘qishga o‘rgan­magan kishiga buyurmaydi.

Hayotning doim kishini qanoat­lantiradigan, suyuntiradigan va aksincha, qanoat­lantir­maydigan, yetish­may­di­gan ji­hat­lari bo‘ladi. Ijodkor bular haqida o‘yla­­mas­ligi mumkin emas.

Yashirmayman, o‘zimni bir umr yoshlar va yoshlik oldida («Yoshlik» jurnali oldida ham) allanechuk qarzdor his etib yuraman…

“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 8 (237)-son.