Ozod Sharafiddinov. So‘nggi jadid qissasi (2006)

O‘rtoqlari hazillashib uni shunday deb atashardi. Darhaqiqat, Begali Qosimov ilmiy faoliyatining hammasini to‘laligicha jadidlar mavzuiga bag‘ishlagan, ularning ma’rifatparvarlik sohasidagi, millatni uyg‘otib hozirgi zamon tsivilizatsiyasiga esh qilish yo‘lidagi harakatlarini davom ettirgan edi. Deyarli yarim asr davom etgan bu ish jarayonida Begalining o‘zi ham jadidlarning qay bir xislatlarini o‘zlashtirib olgandek ko‘rinardi. Shuning uchun “So‘nggi jadid” degan laqab unga juda mos tushgan edi.
Begali Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumaniga qarashli kichikroq bir qishloqda tug‘ilib o‘sgan edi. Uning bolaligi urush yillariga to‘g‘ri keldi. U kezlari, ayniqsa, qishloqlarda sharoit og‘ir edi. Shuning uchun Begali ham boshqa qishloq bolalari kabi bolalikning ko‘pgina quvonchlaridan mahrum bo‘lib o‘sgan. Qishloq ahli chorvachilik bilan shug‘ullanardi. Qo‘y-qo‘zilarning ketidan yurish, ularni parvarish qilish, vaqti kelganda uloqlar bilan quvlashmachoq o‘ynashlar qishloq bolalarining yagona ovunchog‘i edi. Bundan tashqari, ona tabiat Begalining qalbida ilk marta vatan tuyg‘usini uyg‘otdi. Qashqadaryo adirlari, ayniqsa, bahor kezlarida betakror bir go‘zallik kasb etadi. Adirlar yam-yashil libos kiyadi, o‘t-o‘lanlar, maysalar kishiga xush yoquvchi muattar hidlar taratib gurkirab o‘sadi, tevarak-atrofdan uzluksiz eshitilib turadigan qo‘y-qo‘zilarning ma’rashi adirlar bag‘rida yoqimli muzika sadolaridek tuyuladi. Lojuvard osmon tip-tiniq, kishida allaqanday noma’lum his-tuyg‘ularni uyg‘otadi. Bu go‘zallik ichida yashab, ulg‘ayib uni sevib qolmaslik mumkin emas. Begali ona qishlog‘ini, uning tevaragidagi past-baland adirlarni juda yaxshi ko‘rardi. U 50 yoshga kirganida bir guruh do‘stlarini qishloqqa taklif etgandi. Qishloq ozoda, sarishta, g‘oyatda fayzli edi. Begali o‘zi o‘qigan maktabni, bolaligi o‘tgan qishloqdagi ko‘chalaru manzillarni qandaydir ichki bir g‘urur bilan bizga ko‘z-ko‘z qildi. Keyin bizni tuman markazidan uncha olis bo‘lmagan qabristonga yetakladi. Qabriston qadimiy bo‘lib, juda katta edi. Har bir maqbara ta’mirlangan, supirib-sidirilgan. Odamlarning bu qabristonga ixlosi va hurmati g‘oyat balandligi ayon ko‘rinib turardi. Bu qabristonda juda ko‘p ulug‘ ulamolarning jasadi qo‘yilgan ekan. U paytlari O‘zbekiston mustaqil rivojlanish yo‘lidagi birinchi qadamlarini qo‘ymoqda edi. Shuning uchun hali sho‘rolar zamonidagi ba’zi udumlar bekor bo‘lmagan, o‘tmishda yashagan buyuk allomalar va ulamolarni, aziz avliyolarni e’zozlash, hurmatini joyiga qo‘yish ko‘ngildagidek emasdi. Lekin Kasbi yaqinidagi qabriston bundan mustasno. Meni hayron qoldirgan narsa shu bo‘ldiki, Begali har bir maqbaradagi aziz-avliyoning kimligi, qaysi davrda yashagani, qanday ishlar bilan xalq o‘rtasida dong chiqargani, ular to‘g‘risida qanday eski-eski kitoblarda ma’lumot berilganini juda yaxshi bilardi. Begali bu to‘g‘rida to‘lib-toshib gapirar ekan, biz go‘yo olis tarixning sadolarini eshitayotgandek his qildik o‘zimizni. Men Begalidan bu gaplarni qayerdan bilishini so‘radim.
— Bolalikda uyimizda ham, maktabda ham ko‘p gapirishardi. Necha marta qabristonni ziyorat qilib, bu yerda yotgan aziz-avliyolarni tavof qilganman. Qolgan gaplarni har xil kitoblardan o‘qib bilib olganman.
Suhbatdoshimga yana bir bor qoyil qoldim — men uning bilimdonligini bilardim, ammo o‘z qishlog‘ini, uning tarixini, qadriyatlarini bu qadar e’zozlashini bilmasdim. Demak, uning yoshlik yillari shunchaki o‘yinqaroqlik bilan o‘tmagan ekan. Begali bolalik kezlaridan sinchkov, har narsaga qiziqadigan, har narsani tag-tugi bilan chuqur bilib olishga intiladigan odam bo‘lib o‘sgan ekan. Xullas, bu sinchkovlik, yurt tarixiga, madaniyatiga qiziqish uni hozirgi Milliy universitet dargohiga olib keldi.
Begali o‘z guruhidagi talabalar ichida eng jussasi kichigi edi. Erkin adirlar bag‘rida, o‘t-o‘lanlar saltanatida, bir cho‘ponchalik qo‘y-qo‘zilar ketidan yugurib o‘sgan Begali nega bunchalik kichkina bo‘lib qolgan, bilmadim. Lekin bir-ikki yil o‘qigandan keyin sport bilan astoydil shug‘ullanib, bu qusurini ancha to‘g‘rilab oldi. U universitet komandasida 15—20 yil muttasil voleybol o‘ynadi. Juda epchil va chaqqon edi. Juda qiyin to‘plarni ham o‘yinga qaytara olar, umuman, yaxshi o‘yinchilardan biri hisoblanardi. Begali durustgina shaxmat ham o‘ynardi. Kafedramiz a’zolari yozgi ta’til vaqtlarida har xil safarlar va sayohatlarga ko‘p borib turardi. Begali bu safarlarning doimiy ishtirokchisi edi. U bilan Qashqadaryoning tog‘liq hududlariga safar qilganmiz. Hisorak shovvasini, Qizil emchak tog‘ini, G‘ilon degan afsonaviy maskanni birga kezganmiz. Uzoq Sharqqa, Badaxshonga, Aroshan buva bulog‘iga, Surxon vohasiga birga borganmiz. Begali juda dilkash yigit edi. U ko‘p gapirmas, lekin indamas ham emasdi. U hadeb bo‘lar-bo‘lmasga kulavermas, biroq kulsa, chin dildan kulardi. Biron narsadan ranjisa yoki jahli chiqsa, darg‘azab bo‘lib, baqirib-chaqirmas, balki biron og‘iz zaharxanda gap aytib yoki biron piching bilan, qoshlarini chimirib, munosabatini ma’lum qilardi.
Begali juda yaxshi o‘qidi. U ayniqsa eski o‘zbek tilini, arab yozuvini mukammal o‘rgandi, bu uning mumtoz adabiyot bilan shug‘ullanishiga imkon berdi. U seminarlarda, ilmiy konferentsiyalarda juda mazmunli ma’ruzalar qilar, o‘rni kelganda, ilmiy masalalarda munozara qilishdan qochmasdi. Uning har bir chiqishida, albatta, qandaydir yangilik bo‘lardi.
Begalining faolligi va g‘ayrati, ilmga astoydil berilgani domlalarning nazaridan chetda qolmadi. Ayniqsa, professor G‘ulom Karimov unga alohida e’tibor bilan qaray boshladi. Ko‘p o‘tmay ular o‘rtasidagi munosabat ustoz-shogirdlik munosabatiga aylandi. Keyin Begali G‘ulom Karimovning aspiranti bo‘ldi. Albatta, uning nomzodlik ishi ham jadidchilikka bag‘ishlangan edi. Lekin Begali, ehtimol, G‘ulom Karimovning maslahati bilan bo‘lsa kerak, jadidchilikning umumiy muammolari ustida emas, bu harakatning atoqli vakili Mirmuhsin ijodi ustida ish boshladi va “Mirmuhsin Shermuhamedov (Fikriy) va uning adabiy muhiti” mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan yakunladi. Natijada uning nomi tiklandi, o‘zbek adabiyoti o‘zining yana bir yirik siymosini qaytadan bag‘riga qaytardi. Bu Begali Qosimovning ilmiy jasorati edi. Shundan keyin Begali doktorlik dissertatsiyasi ustida ish boshladi. Tabiiyki, bu tadqiqot ham jadidizm masalasiga bag‘ishlangan bo‘lib, endi Begali uni katta ko‘lamda, hamma nazariy jihatlari bilan birga yoritishni maqsad qilib qo‘ygan edi. Biroq bu paytga kelib, mafkuramizda yana bir evrilish sodir bo‘ldi — endi jadidlar masalasini umuman tilga olish mushkul bo‘lib qoldi. Mahalliy “dohiylar”imizdan allaqaysisi, bilsa-bilmasa, “Jadidlar sinfiy dushmanimizdir”, degan hikmatni aytipti. Sho‘rolar davrida, ayniqsa, O‘zbekistonda mafkura ana shunaqa ahvolda edi. Nima qilmoq kerak? Bu mavzudan voz kechish — o‘zbek adabiyotining chorak asrlik tarixidan voz kechish, demak edi. XX asr birinchi choragidagi adabiyot tarix sahifalaridan o‘chirib tashlansa, adabiyot rivojida uzilish ro‘y berar, uning tadrijiy rivojlanish yo‘llarini izohlash mumkin bo‘lmay qolardi. Buning ustiga, materiallar jadidchilik harakatining xalqchil, demokratik harakat bo‘lganidan dalolat berib turgan bo‘lsa, undan qanday voz kechish mumkin? Xullas, bu yerda mavzuni tasdiqlatish uchun anchagina mug‘ombirlik ishlatishga to‘g‘ri keldi. Begali ishning mavzuini “XX asr boshi o‘zbek poeziyasi (Inqilobiy she’riyatning shakllanishi va taraqqiyot masalalari. (1905—1917)”, deb belgiladi. Albatta, birinchi qarashda jadid adabiyotini “inqilobiy” adabiyot deb atash erish tuyuladi. Biroq masalaning mohiyatiga nazar tashlansa, bu yerda hech qanday mubolag‘a yoki soxtalik yo‘q edi. Negaki, eski tartiblarga, feodal munosabatlarga, qotib qolgan rasm-rusumlarga qarshi chiqqan jadidlar o‘zbeklarning turmush tarzini zamonaviylashtirib, butunlay yangi yo‘lga solib yuborish g‘oyasini olg‘a surgan edilar. Bu esa, shubhasiz, inqilobiy g‘oya edi. Shunday qilib dissertatsiya temasi tasdiqlandi va Begali g‘ayrat bilan ishga kirishdi. Ish jarayonida Begalining olim sifatidagi muhim bir xislati namoyon bo‘ldi va kamolga yetdi. Bu — akademizm edi. Sho‘ro zamonida ilmdagi akademizm maktabi u yer-bu yerda saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ilmda yengil-elpi yo‘llarni qidirgan va osongina fan cho‘qqilariga ko‘tarilib, shon-shuhrat orttirishni istagan odamlar akademizmni qoralay boshladilar. Ular akademizmni uslubiy jihatdan murakkab deb e’lon qildilar. Bu yo‘l bilan yaratilgan asarlar keng xalq ommasiga tushunarli emas deb da’vo qildilar. Holbuki, bu akademizmdan xalos bo‘lgan tadqiqotlar adabiyotshunoslikdagi sayozlikni, masalaning mohiyatiga chuqur kira bilmaslikni, faktlarni umumlashtirish salohiyatining zaifligini oqlar edi. Begali bu yo‘ldan qochdi va tadqiqot uslubida, G‘ulom Karimov kabi akademizmga sodiq qoldi. Biroq bu tadqiqot ustida bir necha baravar ko‘proq va qattiqroq mehnat qilishni, ishdagi har bir fakt, tilga olingan har bir ism, uning to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniq bo‘lishini talab etardi. Bu usulda ish ko‘ruvchi olim balandparvozlikdan, yuzakilikdan qochmog‘i, oldinga surayotgan har bir fikrini, har qanday g‘oyasini har tomonlama dalillashi kerak edi. Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda, o‘z fikrini olg‘a surayotgan olim bu fikrni devorga mix qoqqandek qoqib, bu mixning qalpog‘ini uzib tashlamog‘i lozim edi, shunda bu mixni, ya’ni fikrni hech kim joyidan sug‘urib ololmaydi. Begalining doktorlik dissertatsiyasining materiallari tarqoq holda edi. Bu tadqiqotchi oldiga qo‘shimcha qiyinchiliklar qo‘yardi. Jadidlar garchi XX asrda, ya’ni nisbatan yaqinda yashab o‘tgani uchun, sho‘ro hukumatining siyosatida qoralangani vajidan, asarlari deyarli unutilayozgan edi. Begali bu borada ham chinakam matonat va g‘ayrat bilan ish yuritdi.
Olim Toshkent yoki Samarqand kutubxonalaridagi materiallarni aniqlash va to‘plash bilangina shug‘ullangani yo‘q. U material to‘plash uchun qo‘shni respublikalarga ilmiy safarlar qildi, ayniqsa, Tatariston va Boshqirdiston kutubxonalarida ko‘p ishladi. Aytmoq kerakki, Ufada va Qozonda XX asr boshidagi o‘zbek adabiyoti namunalari Toshkentdagiga qaraganda ko‘proq saqlanib qolgan. Masalan, men ham Cho‘lponning O‘zbekistondan topilmagan birinchi she’riy to‘plami “Buloqlar”ni Qozon universitetining fundamental kutubxonasidan topgan edim. Umuman, bu kutubxona katalogidan o‘zbek adabiyotining menga ma’lum bo‘lmagan 400ga yaqin namunalarining nomini yozib olgandim. Xullas, Begali materiallarni misqollab yig‘di. Nihoyat, material izlash jarayonida u Qirimning Bog‘chasaroy shaharchasiga va uning yaqinidagi G‘aspirali qishlog‘iga ham bordi. Bu qishloqda butun turkiylar dunyosini uyg‘otgan, ma’rifat g‘oyalarini tarqatgan ulug‘ inson Ismoilbek G‘aspirali tug‘ilib o‘sgan va ijod qilgan edi. Begali bu buyuk zotning uy-joyi, uning xotirasi bilan bog‘liq joylar, shu jumladan, uning qabri ham qarovsiz, xarob bo‘lib yotganini ko‘rib qattiq iztirobga tushdi va bu to‘g‘rida maqolalar yozdi. Albatta, Begali yillar davomida to‘plagan materiallar uni bu sohaning zukko bilimdoniga aylantirdi. Butun O‘zbekistondagi Milliy Uyg‘onish davrini, uning adabiyotini o‘rganishni istagan yoshlar Begali atrofiga uyusha boshladi, butun bir ilmiy maktab shakllandi. Bu esa, keyinchalik Milliy universitet tarkibida Milliy Uyg‘onish davri adabiyoti kafedrasini tashkil qilishga imkon berdi. Kafedraga to‘plangan ilmiy jamoa qisqa muddatda katta ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, hozir “Ma’naviyat” nashriyoti chop etayotgan “Istiqlol fidoyilari” turkumida birinchi marta jadid adiblar va shoirlarining asarlari nisbatan to‘la ravishda dunyo yuzini ko‘rdi. Bu kitoblar, jadidlarga bag‘ishlangan monografiyalar, risolalar, maqolalar Begalining nomini faqat bizda emas, chet el ilmiy doiralarida ham tanitdi. Amerika, Frantsiya, Germaniya olimlari bilan uning o‘rtasida yozishmalar vujudga keldi, ular manba sifatida Begali chop qilgan asarlarga murojaat eta boshladilar. Turkiyadagi turkshunos olimlar esa, turkiy xalqlar adabiyoti bo‘yicha o‘nlab jilddan iborat tadqiqotlar matnlarini nashrga tayyorlash va chop etish ishiga Begalini muallif va muharrir sifatida taklif qilishdi. Begali bir necha marta Turkiyaga tahrir hay’atining majlislariga bordi. U yerda nutqlar so‘zladi. Begalining aytishicha, bu ulkan nashrning o‘zbek adabiyotiga bag‘ishlangan jildlari loyihasida parokandalik va yuzakilik mavjud edi. Uni tuzganlar o‘zbek adabiyotini yaqindan bilmasliklarini oshkor etib qo‘yganlar. Albatta, katta mehnat sarflanib tayyorlangan loyihaning tanqid qilinishi hech kimga ham yoqmaydi. Uning ustiga, adabiyotlar bo‘yicha yangidan loyihaga yana nimalarnidir kiritish haqidagi takliflar ham juda katta qiyinchilik bilan qabul qilinadi. Chunki hajm cheklangan, uni hadeb kengaytiraverishning imkoni yo‘q. Begali bu masalalarda printsipial pozitsiyada turdi, turli mamlakatlardan kelgan turkshunoslardan tashkil topgan tahrir hay’atini o‘zining tanqidiy fikrlari va takliflariga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada loyihadagi o‘zbek adabiyotiga bag‘ishlangan jild ancha to‘la, ilmiy jihatdan asoslangan holda nashr etildi. Faqat afsuslanadigan joyi shundaki, bu qimmatli kitobdan O‘zbekistonga 2-3 donagina yetib keldi, xolos! Begali bu jildni menga ko‘rsatgan, hatto bir necha kunga berib ham turgan edi. Men u bilan tanishib chiqqach, bu kitob haqida taqriz yozishni buyurdim va uni “Jahon adabiyoti” jurnalida e’lon qildik.
Begali Qosimov faqat yetuk iste’dodli tadqiqotchi olim emas edi, u ayni chog‘da o‘qituvchilik san’atini puxta egallagan mohir pedagog ham edi. Talabalar uni juda yaxshi ko‘rishar va uning tevaragidan arimasdi. Begali ham talabalarni g‘oyatda hurmat qilardi. Biroq bu hurmat har narsada ularga yon bosishda, ularni yetaklashda emas, aksincha, ma’ruzalarning sifatida, ularda har gal qandaydir ilmiy yangiliklarga intilishida, ularning adabiyot tarixidan olingan maroqli hikoyalarga boyligida ko‘rinardi. Begali talabalarni har qancha hurmat qilmasin, ularga nisbatan talabchanlikni aslo bo‘shashtirmas edi. Uning fanidan imtihon topshirish g‘oyatda qiyin edi, biroq bu qiyinchilik domlaning o‘rinsiz injiqligidan tug‘iladigan sun’iy qiyinchilik emasdi. Talaba materialni Begalining ko‘nglidagidek to‘la o‘zlashtirmasa, buyurilgan badiiy adabiyotlarni o‘qib chiqqan bo‘lmasa, Begali unga ijobiy baho qo‘ymas edi. Albatta, ko‘pgina no‘noq talabalarning ketidan yuradigan “iltimoschi” odamlar ko‘p bo‘lardi. Ular qo‘rqa-pisa Begalidan ham iltimos qilishardi. Biroq Begali ularning ko‘pchiligiga rad javobini berardi. U hatto menga ham shunaqa muomala qilgan. Men kim to‘g‘risidadir iltimos qilgan edim. Begalining ensasi qotdi, qoshlarini chimirib, istehzo bilan:
— O‘qib kelsin, mayli, qo‘yib berarman, — dedi.
Begali talabchan bo‘lsa-da, adolat bilan ish tutar, imtihonni talabadan o‘ch olish quroliga aylantirmas edi. Ehtimol, universitetda bunaqa talabchan domla juda kam bo‘lgandir, har holda, talabalarning Begalidan o‘qigan fanidan bilimlari pishiq-puxta bo‘lardi. Begalining talabchanligi o‘z fanini juda yaxshi ko‘rganidan, unga sadoqatidan tug‘ilgan edi. Qani endi hamma domlalar shunday bo‘lsa, meningcha, ta’lim saviyasini oshirish, birinchi navbatda, o‘qituvchining talabchanligiga bog‘liq.
So‘nggi marta biz Begali bilan 2004 yilning iyul oyida ko‘rishdik. Yaxshi mutaxassis va ajoyib inson Omonilla Madayev o‘qituvchilarning ta’tilga chiqishi oldidan yaqin do‘stlariga mahalla choyxonasida osh qilib beradigan odat chiqargan. Begali ham shu yig‘inlarga kelardi, lekin har doimgidek bardam va harakatchan emas edi. Rangi ham so‘lg‘in, kayfiyati past. Hech narsa yemaydi hisob. Faqat domlalar bilan gaplashib, nima gapligini so‘rasak, oshqozoni bezovta qilayotganini aytdi. Keyin oradan bir oy ham o‘tmasdan Begalining kasali jiddiy emish, operatsiya qilmasa bo‘lmas emish degan gap tarqaldi. Lekin ma’lum bo‘lishicha, operatsiya uchun 250 ming so‘m to‘lash kerak ekan. Shunda universitetning avvalgi rektori, akademik To‘rabek Dolimov vallomatlik qildi. U universitet hisobidan kerakli pulni o‘tkazib berdi.
Men operatsiyadan keyin 5-6 kun o‘tgach, uni ko‘rgani bordim. Begali meni ko‘rishi bilan yotgan joyidan turmoqchi bo‘ldi. Men, albatta, “Qimirlamang, yotavering”, deb uni tinchitdim va bunaqa paytlarda bemorga aytiladigan tasalli so‘zlarini aytdim. Uning kayfiyati yaxshi edi — unga ham, menga ham operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi, ha demay tuzalib ketadi deyishdi. Biz Begali bilan kelajakdagi ilmiy rejalarimiz to‘g‘risida gaplashdik. Begali Uyg‘onish davri adabiyoti degan ilmiy darslikni nashriyotga topshirganini aytdi. Ko‘p o‘tirish mumkin emas edi. Biror o‘n daqiqadan so‘ng qo‘zg‘aldim. So‘ng mening o‘zim ham shifoxonaga tushib qoldim.
Keyin Begalini uyiga javob berishganini, ancha mazasi qochganini aytishdi. Yuragim “shuv” etdi. Uni operatsiya qilgan doktor Begalining rak ekanini aytdi. Qattiq qayg‘urdim, lekin bandasining qo‘lidan nima ham kelardi. Men telefonda vidolashdim. Yig‘i bosib gaplarimni ayta olmadim. Begali ham juda hayajonlanib ketdi, ikki marta “Rahmat, Ozod aka!”, “Rahmat, Ozod aka!”, dedi. Bu uning menga aytgan so‘nggi so‘zlari bo‘ldi.
Professor Begali Qosimov shu tarzda hayotdan ko‘z yumdi. Shubha yo‘qki, bu ajoyib insonning nomi tarixdan munosib o‘rin egalladi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 24-sonidan olindi.