Otomo Tabito (大伴 旅人 – 662/665 — 731) — yapon shoiri, shoir Otomo Yasumaroning o‘g‘li, shoir Otomo Yakamotining otasi.
* * *
Mana, uyga qaytmoq
Oni ham yetdi…
Biroq olis o‘sha makonda
Qolganmikin bir muattar qo‘l
Boshimni silar.
* * *
Kusakae bo‘g‘ozi qiyoqzorida
Xo‘rak titgan turna misoli
Tentirab yuribdi xuddi o‘zimdek –
Do‘stim. Qanchalar og‘ir
Qanchalar azobdir uni eslamoq.
* * *
Bunchalar olissiz, poytaxt yo‘llari,
Sevgilimga eltgulik qadar.
Men esa har kech
Ont ichaman bir go‘zal haqqi
Sizni tushlarimga olib kirgali.
Rus tilidan Abdu Nabi tarjimalari
* * *
O‘sha bog‘da bir zamon
Sevgilim-la ikkovlon
Ekkan nihol bo‘y cho‘zib
Bo‘yimizdan ham o‘zib,
Endi shox yozmish chunon!
* * *
Mana, keldi vaqti ham
Uyga qaytadigan dam…
Lekin poytaxtda endi
Kimning muattar yengi
Bolish bo‘lardi, erkam.
* * *
Kusakae ko‘rfazi
Qamishzorida yakka
Balchiq titgan turnaday
Men ham yolg‘iz… Eh, og‘ir!
Do‘stsiz ko‘p og‘ir, axir!
Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimasi.