Masaoka Siki (1867-1902)

Masaoka Siki (正岡 子規) 1867 yili 17 sentyabrda Sukuko orolidagi Matsuyama shahrida iste’fodagi o‘rtahol samuray oilasida dunyoga keldi. Otasidan erta ayrilgan Masaoka 12 yoshidan she’r yoza boshlaydi. Boshlang‘ich ta’limni Sukuko orolidagi monastr qoshidagi maktabda olgan Masaoka o‘qishni davom ettirish maqsadida mamlakat poytaxtiga yo‘l oladi. U dastlab Tokiodagi Imperator universitetining tayyorlov bo‘limida,keyinchalik esa adabiyot fakultetida o‘qiydi.

Talabalik chog‘idayoq Masaoka Ciki og‘ir xastalik — silga chalinadi va ayni shu sababdan u o‘ziga yapon tog‘ kakkusi — «ciki» nomini taxallus sifatida qabul qiladi. Dunyodan erta ko‘z yumishini anglagan Masuoka Ciki butun g‘ayratini to‘laligicha xayku san’atini o‘rganish va ijod qilishga bag‘ishlaydi. 26 yoshga to‘lgan shoirning «Basyo bilan suhbatlar» («Basyo dzatsudan») nomi ostida chop etilgan turkum maqolalari o‘sha davr adabiy muhitida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Cikining nafaqat she’riyati, shuningdek uning qalamiga mansub «Xayku tasnifi» («Xayku bunruy») i «Xayku solnomasi» («Xayku nempyo») asarlari mumtoz yapon she’riyatini o‘rganish yo‘nalishidagi muhim va bugungacha ahamiyatini yo‘qotmagan tadqiqotlar sifatida jahon adabiyoti xazinasidan munosib o‘rin egallagan.

Masaoka Ciki 1902 yili 19 sentyabrda Tokioda olamdan o‘tdi.

“Xayku qo‘lyozmalari to‘plami” kitobidan

YoZ

Ko‘zlarim toliqdi
Qizil atirgullarga devona boqib –
Majruh bo‘ldim, emaklab chiqdim boqqa.

* * *

Atirgul rasmini chizaman,
Osondir gulg‘uncha suvratin chizmoq,
Yaproqlarni esa tasvirlash qiyin.

* * *

Mana shunaqada, ehtimol,
Olmani yeyman-da – o‘pib qolaman
Pion guli ostida.

QISh

Basyo vafot etgan kun.
Janozaga bormadim –
Xurmo yedim bir o‘zim yolg‘iz…

Ruschadan Tursun Ali tarjimalari

* * *

Qorong‘ida tanga jiringlar
Chaqalarin sanaydi gado.
O, qanchalar sovuq qish tuni!

* * *

Quyosh oqqan palla
Bulutlarga biqinvolib
Kuylar to‘rg‘aylar.

* * *

Ko‘klamning uzun kunida
Sohil bilan uzoq
Dardlashdi qayiq!

* * *

Bahor, yomg‘ir shivalar,
Parom to‘la yelkan-yomg‘irpo‘sh:
Biri qalqib, biri pastlaydi.

Rus tilidan Abdu Nabi tarjimalari

***

Chirildoqlar chirillar
Ammo ming afsus
Quloqlari kardir otamning…

***

Qishloqdan shaharga kelib,
Gullagan gilosni tomosha qilayotgan
Dexqon hamyonini kesib ketishdi…

***

Rangpar oy
Mening birdan
Tarvuz o‘g‘irlagim keldi negadir.

***

O‘g‘rini tutib,
Simyog‘ochga bog‘lab qo‘ydilar.
Tungi ayoz…

***

Oqshom,
Hovuzdagi o‘rdaklar ustiga
Qor yog‘ayotir.

***

Shom payti qiynalib yurib,
Fonusni osdim
Gullayotgan gilos shoxiga…

***

Tumanlarning qa’ridan chiqdim,
Ehhe, qanchalar buyuk dengiz
Ro‘paramda yastanib yotar!

***

Yozgi daryo.
Ko‘prik boru lekin,
Otlar o‘tar sayoz kechuvdan…

***

Juda ko‘pchilik
Yotib olgan kema sahniga
Porlar yozgi oy…

***

Ortimga o‘grilgan paytim,
Hozirgina yonimdan o‘tgan yo‘lovchi
Tumanlarda ko‘rinmay ketdi…

***

Qayiqdan, ko‘priklardan
Kir yoyadigan joydan,
Hamma yoqdan qararlar oyga…

***

Bahor oqshomi,
Kimdir o‘tdi yonimdan
Sibizg‘a chalib…

***

Qanday qayg‘uli ko‘rinish!
O‘rgimchak to‘riga
Kapalaklar ilinib yotar…

Xoldor Vulqon tarjimalari