Kavaxigasi Xekigodo (1873-1937)

Kavaxigasi Xekigodo (河東 碧梧桐) – yapon shoiri. Haqiqiy ismi – Kavaxigasi Xeygoro. Takaxama Kyosi bilan birgalikda Sikining sevimli shogirdlaridan biri edi. U «Sinsey» («Yangi hayot»), «Xototogisu», «Nixon» («Yaponiya») jurnlarraida xaykulari bilan ishtirok etdi.

“Yangi xaykular” kitobidan

* * *

Bulbul kuylar.
Vodiydan vodiyga uchib o‘tdilar
Bahor suvlarining shildirog‘i ham.

* * *

Kuzgi bo‘ron.
Bor yomg‘irlarni yog‘dirib,
Ketaverdi tag‘in yo‘lida.

* * *

Shoxchiqar kosasidan
Tashga chiqqisi kelmas –
Kuz shamoli guvillar.

* * *

Tog‘ cho‘qqisi bulutlar aro
Suzib borar bemalol
Qora kema misoli.

* * *

Butun tun bo‘yi,
Yozgunimcha birgina xayku
Kashta tikdi xotinim.

* * *

Eshiksiz uy –
Botqoqlikka qo‘nishdi
Tunash uchun yovvoyi g‘ozlar.

* * *

Kartoshkani pishiryapman.
Jimjit, sokin Arshi a’loda
Yig‘lamoqda chaqaloq…

* * *

Qalin shudring –
Bug‘uning to‘shidagi yollari
Ho‘l bo‘libdi erta sahardan.

Ruschadan Tursun Ali tarjimalari

***

Oyog‘im ostida o‘ralashib,
O‘sgan maysalar aro
Chiyillaydi mitti jo‘jalar

***

Men tun bo‘yi xayku yozaman,
Xotinim esa
Nimanidir yamab – yasqaydi…

***

O‘tloqqa chiqaman,
Qizg‘aldoqlar to‘zg‘ir shamolda
Suqsirlar uchib o‘tar…

***

Kartoshka qaynataman,
Tovushsiz koinot bo‘shliqlarida
Yig‘lar bolakay…

***

Qoraygan o‘choq mo‘risi uzra
Aylanadi inga joy izlab
Qaldirg‘ochlar baxorda…

***

Qishloqda bayram,
Qirmizi fonarlar yonar,
Bug‘u ma’rar olis zulmatda…

***

Suv charxpalagin aylantirishdan,
Charchadi odamlar
Sholi ekish mavsumida…

***

Bug‘da pishirilgan sholg‘omni
Suzmaga qo‘shib yeb
O‘ltirdim g‘amgin…

***

Sovuq suyagimdan o‘tib ketdi
Choshgox payti soxilda
Qarag‘aylar aro daydiyman.

***

Novdalari gulga burkangan
Bexi daraxti ostida
Gullaydi binafshalar.

***

Xuv ana, uzoqda
”Yosa”ning qishki dalalarida
Ko‘rayapman qor qarqaralarin .

Xoldor Vulqon tarjimasi