Jumaken Najimeddinov (1935-1983)

Jumaken Najimeddinov (Jұmeken Sabыrұlы Nәjіmedenov) Gurev viloyatining Dengiz tumanidagi Qo‘shaloq qishlog‘ida dunyoga kelgan. Olmaotada Qurmong‘ozi nomidagi konservatoriyada milliy cholg‘u asboblari fakultetini tamomlagan. 1959—1965 yillarda «Jazushы» nashriyotida, 1965—1971 yillarda Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasida, 1971—1983 yillarda “Maktab” nashriyotida ishlagan.
Ilk she’rlar to‘plami 1961 yilda chop qilingan.
Keyinchalik esa “Sivizg‘a sozi”(1962), “O‘z ko‘zim bilan”(1964), “Yo‘q, unutib bo‘lmaydi”(1965), “Yorug‘lik”(1966), “Kuy”(1967), “Manzil ohanglari”(1970) kabi she’riy kitoblari nashr etilgan.

DALA MANZARASI

O‘rkach-o‘rkach qirlarning to‘shi turfa giyohli,
Ola bulutli osmon ayron-chalop siyoqli.
Burqiragan qumli dasht — yoyilgandek donlar niq,
Jilg‘a-irmoq yugurar egri yo‘llar ip-iliq.
Purma’noli o‘landek topar ziynat muqarrar
Ko‘z yetgusiz ufqlar — poyoni yo‘q kengliklar.
Qum-shag‘allar uyulgan oltin xirmon misoli,
Tik qir-jarlar yellarda qotgan tug‘yon misoli.
Keng dalani to‘zg‘itar shamollarning hamlasi.
Nortuya kabi chayir ko‘k yovshan shox-shabbasi.
Qing‘ir qoqshol butalar — barmog‘iday kampirning,
Savr kelib qulunlar sasi tutar adirni.
Yalt-yult etgan qamg‘oqlar — zilol suvlar kabi naq.
Suvsiningni bosmoqqa topilmas bunda buloq…
O, tangri, bu shukuhsiz manzarani ko‘rgan on,
To‘lmasmi qalb kadarga, g‘am-g‘ussaga nogahon!
Cho‘kirtak — kemshik tishday, har yondan qochgan nufuz.
Kapalak uchar horg‘in, fayzsizdir dala-tuz.
Yuksalar tepalikka goh chiranib, goh tinib,
Bir mashina so‘qmoqda “jonin sudrab” pishqinib,
So‘qmoqlar qir yoqalab pastlikka quyilguday,
Ko‘tarilar oq to‘zon — kometa quyrug‘iday.
Ochgandek ilon izi yo‘llarning ajib sirin,
Ufqlar ham qir osha kengayar birin-birin.

* * *

Oq barmoq o‘ynaydi, o‘ynaydi
Qadimgi oq mato ustida.
Va igna ko‘k ipni surgaydi,
Matoga rangin naqsh tushdi-da,
Kashtada chamanlar tirildi.
Unda ufq chamanni quchdi-da,
Ustiga osmon ham surildi.
Ko‘l mudrab ko‘kalam chetida,
Manglayin osmonga tiramish.
Bahoriy zaminning betida
Maysa ham, toshlar ham titramish.
Kashta naq ko‘klamning aksiday,
Men undan iforlar izladim.
Tepamda uchganday chag‘alay,
Yoyiqning sohilin esladim.
Yorimning qo‘liga tikildim,
Mo‘jiza yaratmish naqshinkor.
Ehtimol kashtadan olgandir
Betakror o‘z husnin navbahor.

* * *

Anov kelgan kim ekan, bilib kel-chi, kim ekan?
Botirlikmi? — Joy bergum ardoqlab uy to‘ridan.
Boylik bo‘lsa shum bo‘lar, tikilgin-chi ko‘ziga,
Birovlarni xo‘b aldab, aldanmasin o‘zi-da.
Qayg‘u bo‘lsa ortida quvonchi ham bor chiqar,
Biri ko‘nglim gumurtib, biri xandon qarshilar.
Imon bo‘lib kelsa gar, bag‘rim ochiq erta-kech,
Tushir, otda bo‘lsa u, qirovin qoq, to‘nin yech.
Chinlik bo‘lsa gilam sol, dasturxon ham yoz tag‘in,
Yolg‘onlikmi — latta qo‘y, artib chiqsin oyog‘in.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

VATAN

O‘z bolangman, o‘sayin bir chiniqib,
Zavodlarda po‘lat iylab, tosh yiqib.
Semiray deb kelmadim men hayotga,
Chetda yurib, havo yutib, tiniqib.

Endigina toy-toy bosgan sabiyman,
Bola kabi orzuga boy, shoshildim.
G‘ayratliman, dadil, yoshman hali men,
Erkalanib bo‘yinlaringga osildim.

Jo‘mard xalqning o‘g‘liman men shiddatkor,
Tuyg‘ularim qanotida olov bor.
Yuragimga o‘t olaman men undan,
Erga tomsam – bol-asaldir yer tag‘in.
Vazn to‘playman qo‘rg‘oshindan men tag‘in.
Rang olaman o‘zingdagi oltindan!
(1961)

SOAT

Soat nochor, turolmaydi bir unsiz,
Chiq-chiqlaydi, lahzalarni sanaydi.
Soat bo‘lsa hamki qancha tinimsiz,
Sinovidan o‘tkazadi talayni.

Men-chi, ba’zan un chiqarmay qolaman,
Zerikadi yonboshim ham to‘shakdan.
Shundagina soatimni ayayman,
U-chi, sanar vaqtlarimni bo‘sh o‘tgan.

AQL VA JAHL

Ko‘kragimda bir shivir bor, dupur bor,
Sabrsiz jahl aql bilan qilar jang.
Tuyg‘u va sir, qani, sirtga chiqinglar,
Men sizlarga hakam bo‘la olmasman.

Davom etar aql va jahl urushi,
Ikkovin ham qo‘llamasman, chin so‘zim.
Ikkovining yengsa hamki qaysisi,
Mag‘lub bo‘ladigan tomon – men o‘zim.

* * *

Havo yashil, suv ham, qir ham yam-yashil,
Yam-yashillik yerni qamrar, yashasin!
Qizil bo‘yoq qizartirar, ol endi
Yashil bo‘yoq yashartirar olamni.

Er yam-yashil, ko‘ngillar ham yam-yashil,
Kun qalaycha qip-qizil bo‘p yonmasin.
Qizil kun va yashil yerning o‘rtasin
O‘zga bir rang buzarmi deb qo‘rqasan.

DO‘STLIK HAQIDA

Do‘st yig‘lasa – axir qandoq kularman?
Yig‘layman-da, yig‘latadi do‘st meni.
Yuvolmasam do‘st ko‘nglin g‘am-hasratdan,
Yovlar kesib olaqolsin tilimni.

Do‘st gavdasin suyamasa – qo‘l nega?
Qo‘l degani nega kerak, yo pir-a!
Shu boyagi qizil til va do‘mbira
Lazzat bera olmasa gar do‘stimga.

Halollikni ajratmayman do‘stlikdan,
O‘rganganman ikkovin ham zo‘r tutib.
Yaxshi do‘stga jon bag‘ishlab, shu bilan
Men yashayman yovlarimni qo‘rqitib.

IKKI KO‘ZIM

Ikki ko‘zim – ikki yulduz, yonadi,
Birin biri ular ko‘rmaydi biroq.
Oq qog‘ozga ikki nuqta tomadi,
Birin biri ular ko‘rmaydi biroq.

Ikki nuqta ko‘rar bo‘lsa bir-birin,
Qo‘shnuqtamas, chiziq bo‘lar edi-ya.
Ikki ko‘zim ko‘rar bo‘lsa bir-birin,
Bir boshimni buzib bo‘lar edi-ya.

AYoL

Ayol! Ayol – Yerning go‘zal odami!
Ayol so‘zi kelib chiqqan ilohdan.
Joziba-yu go‘zallikning olami,
Yaralgan u tomoq bilan iyakdan.

Qaymoq lablar, sal ochilsa kulay deb,
Kulmay turib, ko‘ngil kular, qoyilman.
Shunda uning olgan yengil bir dami
Tortib olar yuzta she’r yuz shoirdan.

ShUHRAT HAQIDA IKKI TO‘RTLIK

1

Shuhrat, shuhrat! Yurar, ana, u kezib,
Ba’zilarning umrin mangu yosh qilar.
Ba’zilarni aldab toshga mindirib,
Ba’zilarni tosh ostiga bostirar.

2

Shuhratda ta’m bor emish,
O‘zicha har kim guvlaydi.
Oz totganlar bol demish,
Ko‘p totganlar uv deydi.

Muzaffar Ahmad tarjimasi