To‘xtag‘ul Sotilg‘anov (1864-1933)

Qirg‘iz xalqining ulug‘ oqini va bastakori To‘xtag‘ul Sotilg‘an o‘g‘li (Toktogul Satыlganov) 1864 yilda dunyoga keldi. Yoshlik chog‘laridan boshlab qo‘biz chertib, xalq qo‘shiq va dostonlarini aytishni mashq qilgan To‘xtag‘ul sekin-asta o‘zi ham jir aytadigan, original kuylar bastalaydigan bo‘ldi.
Xalqparvarlik faoliyati uchun To‘xtag‘ul tuhmat bilan qamoqqa olinib, Sibirga surgun qilindi. Olti yildan keyingina Krugo — Boyqol temir yo‘li qurilishiga ishga yuborildi. U rus muhojirlari yordamida surgundan qochib, ko‘p darbadarlikdan so‘ng, 1910 yilda o‘z yurtiga qaytib keldi. Biroq yana qamoqqa olindi. Bu safar uni yurtdoshlari kafilga oladilar.
To‘xtag‘ul Sibirda o‘z boshidan kechirgan mudhish voqealarni «Tutqunning jiri», «Quvg‘inda», «Eshmambet bilan uchrashuv» jirlarida juda yaxshi tasvirlab berdi.
Usta san’atkor yangi mazmunni ifodalovchi yangi she’riy formalar yaratdi. Shuning uchun uning ijodi qirg‘iz progressiv adabiyoti taraqqiyotida chuqur iz qoldirdi.
To‘xgag‘ul Sotilg‘anov 1933 yilda vafot etdi. 1964 yilda To‘xtag‘ulning «Sog‘inib keldim» to‘plami o‘zbek. tilida bosilib chiqdi.

YaRAShAR

Tasir-tusir choptirib,
Tulpor minsang yarashar.
Dillarni quvontirib,
Asilni kiysang yarashar.
Bahorda bo‘liq adirdan
Haydasang mol yarashar.
Topilsa, jo‘mard yigitga
Ko‘zguday yor yarashar.

Chaqinday otni o‘ynatib,
Yurakni qushday so‘ylatib,
Yarashimli kiyinib,
Qo‘shiqqa sozlab tilingni,
Zangori ipak ko‘ylakli,
Suluvni bossang bag‘ringga,
Yoshliging ham yarashar.

Mehnat qilib yoshlikdan,
Elga yoqsang yarashar.
Oshiq-ma’shuq chirmashib,
Erkalashsang yarashar.
Yoring bilan so‘ylashib,
Teng uxlasang yarashar.
El yig‘ilib kelganda,
Men kuylasam yarashar.

So‘lqildoq qiz-kelinga
Ipak-shoyi yarashar.
Chol-kampirga qanti bor
Pamilchoying yarashar.
Ermak uchun bolalarga
Qo‘g‘irchoq toy yarashar.

Ajalingdan avval hech
O‘lmaganing yarashar.
Olganing yaxshi yor bo‘lib,
Quchoqlashib uxlasang,
Oq oydin tun yarashar.

O‘YNAMA

Kuvning boshin o‘ynama,
Yigit bo‘lsang, yigit bo‘l,
Hech narsani o‘ylama,
Kuvning boshin o‘ynama,
Deb ko‘plarga so‘ylayman.
Yo‘lni qo‘yib, do‘ngni bos,
Do‘ngni qo‘yib, yo‘lni bos,
Teng-to‘shingga qo‘shilib,
O‘ynab-o‘ynab ko‘ngil yoz.
Kampir bilan chol yotar,
Urush bilan tong otar,
Kuyov bilan qiz yotar,
Kulgu bilan tong otar,
Uyg‘otsa ham ularni
Faqat yoshlik uyg‘otar.
Oting duldul bo‘lsayam,
To‘y oshidan kech qolsang,
Duldulligi ne foyda?
Olganing suluv bo‘lsayam,
Hadeb betga chang solsa,
Suluvligi ne foyda?
Qarag‘ayning shoxini
Qayirmagin, ne foyda?
O‘lib ketsang, xotining
Arillaydi, ne foyda?
Kesilgan terak qulasa,
Kesindi qolur, ne foyda?
Kelining, o‘lsang, boshingda
Ayhannos solur, ne foyda?
Kamzuling mo‘yna bo‘lmasa,
To‘n-chopondan ne foyda?
Chopqir ot mingan kunda mast,
Ko‘pgan bo‘ydoq tunda mast,
So‘zamol odam to‘pda mast,
Yo‘rg‘a mingan yo‘lda mast,
Chevar xotin ishda mast,
Buzuq xotin tushda mast.

ZAMONA

Son-sanoqsiz odamlarni,
Zor qilgansan, zamona.
Kambag‘alni boylarga
Xor qilgansan, zamona.

Bechoraga bu falakni
Dor qilgansan, zamona.
Zolimlarga ajdarhoday
Avratgansan, zamona.
Nochorlarni puldorlarga,
Yamlatgansan, zamona.

Och burgutga tulkiday
Oldirgansan, zamona.
Jez tirnog‘in zaharga
Qondirgansan, zamona.
Ayrib aql-hushidan,
Gang qilgansan, zamona.

— Attang, dunyo! — degizib,
Tang qilgansan, zamona.
Birovga — yo‘q, birovga
Bor qilgansan, zamona.
Boylarga keng, kambag‘alga
Tor qilgansan, zamona.

Elga qimmat, — boyga arzon
Mol bo‘lgansan, zamona.
Xizmatkorga yovg‘on sho‘rva,
Bol bo‘lgansan, zamona.
Boyga bug‘doy, qarolga
Chor* bo‘lgansan, zamona.
Elga qattiq, boylarga
Shar* bo‘lgansan, zamona.

Boyni erkin, nochorni
O‘ylatmagan, zamona.
Boy ustidan kambag‘alni
So‘ylatmagan, zamona.
Elni tobe, manoplarni
Hokim qilgan, zamona.
Qarol — tulki, puldorni
Lochin qilgan, zamona.
Boyni — chinor, kambag‘alni
Chirpiq* qilgan zamona.
Boyni — yangi, kambag‘alni
Yirtiq qilgan zamona.

Boyni bo‘ri, kambag‘alni
Qo‘y qilgansan, zamona.
El qasdida fikr bilan
O‘y qilgansan, zamona.
Moslab boyga-boyvachchaga
To‘y qilgansan, zamona.
Kambag‘alning so‘nggi molin,
Suydirgansan, zamona.
Qaro yerni shularga
O‘ydirgansan, zamona.
Boyni yurtning boshiga
Qo‘ydirgansan, zamona.
Kambag‘alni jonidan
To‘ydirgansan, zamona.

Elni — nochor, boyni qaysar —
Qiyiq qilgan, zamona.
Boyni — mergan, kambag‘alni
Kiyik qilgan zamona.
Men yurtimning bulbuli,
Toliqmasdan sayragum.
Ona xalqim, omon bo‘l,
Davron surgin, yayragin!
___________
* Ch o r — bug‘doyning chala yanchilgan qoldig‘i.
* Sh a r — silliq, sipo, yumshoq.
* Ch i r p i q — shox-shabba.

BOLALIK

Termaning avval-boshi
Podsholik — bolalik.
Qirg‘izimning orasiga
So‘zim yetsin taralib.
Meni tuqqan volidam,
Qaytib kelmas yaralib.
Bilganimni aytmasam,
Dilda qolgay qamalib.
Tutqich bermay yoshligim,
O‘tib ketdi sanalib.
Avji ikki yoshida,
Ota-ona qoshida,
Odamni ko‘zga ilmasdan,
Mehmonni pisand qilmasdan
Qochib yurar bolalik.
Olis ketmas besh qadam,
Qiblagohi peshqadam
Bosib yurar bolalik.
Yoshi uchga chiqqanda,
Ha, bilsangiz o‘shanda
To‘rg‘ay kabi “vijirlar”
Onasi der pichirlab:
“O‘rgilayin tilingdan!”.
Mehriboni emizib,
Aldab ovqat yegizib,
Der: “Aylanay gulimdan”
Bedanaday tong chog‘i
Sayrab turar bolalik.
Teng-to‘shlarin gij-gijlab,
Qayrab turar bolalik.
G‘ayratiga chidamay,
Qaynab turar bolalik.
Yoshi beshga chiqqanda,
Sho‘xlikni qilmay kanda,
Yayrab turar bolalik.
Aytganimni “topgin” deb,
Bozorlarga “chopgin” deb,
Avval ota-onasin,
Uydagi parvonasin
Qiynab turar bolalik.
So‘zga quloq solmasang,
“Buyurganin” olmasang,
Yig‘lab turar bolalik.
Kelinchak kiygan atlasga,
Yotsang kelmas bolalik.
Yalinib, yaltoqlanib,
Aytsang kelmas bolalik.
Rosa uch oy to‘qqiz kun
Poylasang kelmas bolalik.
Bor bisotni sarf etib,
Joylasang kelmas bolalik.
Olti yoshga chiqqanda
Olishib o‘ynar bolalik.
Sal narsaga arazlab
Nolishib yig‘lar bolalik.
Kapalakni quvalab,
Chopib o‘ynar bolalik,
Har narsadan zavqu shavq,
Topib o‘ynar bolalik.
Etti yoshga chiqqanda
Ust-boshini loy qilib,
Chiviq minib, “toy” qilib,
Sakrab yurar bolalik.
Sakkiz yoshga yetganda
Yiqilib tushib “hirqirab”,
Oyog‘i qonab zirqirab,
Hatlab yurar bolalik.
To‘qqiz yoshga chiqqanda,
Insof berib, to‘xtalar,
Qo‘pol gapga o‘xtalar.
O‘n-o‘n birga yetgani,
O‘smirlikka o‘tgani.
O‘n besh yoshga borganda,
O‘zga ishga ortinar,
Qiz-kelindan tortinar.
O‘n sakkizda o‘ylanar,
O‘qilonday to‘lg‘onar.
Yigirmaga chiqqanda
Uyqu degan yo‘q bo‘lib,
Qiz zotini ko‘rganda,
Yuragi yonib, cho‘g‘ bo‘lib,
Yigirma beshga borganda,
O‘qiriq* solgan ot bo‘lar,
Kurashga to‘ymay erta-kech,
Sovrin olmoq yod bo‘lar.
Ko‘pkari chopib, uloqni,
Olging kelar bolalik.
Shunday yoshda, muallaq
Qolging kelar bolalik.
O‘n sakkiz-u, yigirma besh,
O‘ylasang ortda qolganda.
O‘ynab-kuling, bolalar,
Yana qolmang armonda.
Qirq beshga chiqqanda
Sig‘insang kelmas bolalik.
Turli-tuman matodan
Kiyinsang kelmas bolalik.
Yoshlar bilan bahslashib,
Yugursang kelmas bolalik.
Oltmish yoshni almashgani,
Ulgursang kelmas bolalik.
Oydin ko‘lni qo‘riqlab,
Bo‘ylasang kelmas bolalik.
Sakson yoshda qizlar bilan,
O‘ynasang kelmas bolalik.
Bozordagi savdoning
Narxin bilmas bolalik.
Foyda bilan ziyonning
Farqin bilmas bolalik.
Qo‘l-oyoqni qaqshatib,
Yuvganni bilmas bolalik.
Toqati yo‘q, bir yerda
Turganni bilmas bolalik.
Qon-qarindosh, urug‘ni
Tuqqanni bilmas bolalik.
Aytganingga ma’qul deb,
Uqqanni bilmas bolalik.
O‘z taftiga bilgancha
Isinib turar bolalik.
Jahli tezni ko‘rganda
Qisinib turar bolalik.
Ikkov bo‘lsa, birini
Urib turar bolalik.
“Olib qochish” payida
Kulib turar bolalik.
Oshiq bergan odamni,
Yoqlab turar bolalik.
Ota-ona hurmatin
Saqlab turar bolalik.
Olti oylik norasida
Edi boya bolalik.
Ko‘p o‘tmayin qarabsiz
Tetapoya bolalik.
Qarilikka yetmoq uchun
Zinapoya bolalik.
Qayta chiqib bo‘lmaydigan
Yuksak qoya bolalik…
Bolalikda gul chaynab,
Polapon qushday to‘larsan,
Umr o‘tgach, “attang” deb,
Qayta kelmay qo‘yarsan.

Arg‘imoq bo‘lsang, birodar,
Bir kun charchab, tolarsan.
Ortga qaytmas oltin umr,
Po‘latday zanglab qolarsan.
_____________
* O‘ q i r i q — asov otlarni sovitishga moslangan arqon.

Shavkat Rahmon tarjimalari

QOBON

Ahmad, Diqon — aldamchi,
Otaxon, Mingboy — yolg‘onchi.
Egamberdi, Baxtiyor —
Talovchiga yordamchi.

Qo‘l to‘pladi besh qobon
Yurt talash-chun bexato.
Qo‘radagi qo‘y tugul
Qumaloq bermas Yetti ota.

Etti otada Tosh barang
Tosh barangga botmagan.
Chopib, talab, yeb yurib,
Fuqarodan ayrilgan
Risqulbekdan besh qobon.

Karimboy bilan Mirzaxon,
Kelsang yorar qorningni.
To‘rt ming uyli Yetti ota
To‘kmay qo‘ymas qoningni.

Edirmak tugul Yetti ota
Oralatmas Arimni.
Soliq solib el yeding,
Chirqiratib yorlini.

Yakka otin sen yeding,
Yaqin ko‘rding boylarni.
Jam kambag‘al birlashdi,
Topolmassan hiylangni.

Etim-esir, holsizni
SavalaDing, besh to‘ng‘iz.
Odam o‘rnida yo‘qsulni
Sanamading, besh to‘ng‘iz.
Eb-ichishdan boshqani
Tan olmading, besh to‘ng‘iz.

O‘nta otga tushirding
O‘razali qarini,
Yurt haqin yeb o‘tkazding
Umringning yarmini.

Ko‘rolmading kambag‘al
Yaxshi ot minganin,
Ahmad, Diqon, Otaxon,
Go‘rkovliging bul sening.

Tentiratding sen, talab
Bo‘ramboyning Sarisin.
Kunda yulding ayblab
Yurt topganin barisin.

Tortib olding, besh cho‘chqa,
To‘yalining chalishin.
To‘xtatdi ancha bechora
To‘y va oshga borishin.
Etim bilan yesirning
Tan olmading ko‘z yoshin.

Qasd bilan Mingboy, Otaxon
Meni ham yiqib tuyarsiz.
To‘qam ko‘r, deb bo‘ynimga
To‘qqiz ayb qo‘yarsiz.

Jahlingiz chiqsa, quturib
Uy-joyimni talarsiz.
Qonxo‘rliging avj olsa,
O‘ldirib, qonim yalarsiz.

Tirnog‘i zahar byosh qobon,
Yalinmayman hech qachon.
Mayli, o‘ldir, dunyoga
Qaytib kelmas chiqsa jon.

EShON XALFA

Cherta qolsam torlarin
Sayrab ketar qo‘bizim.
Aytib dilda borlarin
Jo‘r bo‘ladi har so‘zim.
Quloq solgin so‘zimga,
Ko‘pni ko‘rgan bo‘lisim,
Tikka aytay o‘zingga
El qonini so‘rishing.
Siznikidir uy turi,
Elni talash kasbyngiz.
Xalqimizning siz sho‘ri,
Tiyolmaysiz nafsingiz.
El oralab yuruvchi
Eshon o‘sal, der edi.
Elni aldab yemasa,
Eshon kasal, der edi.
Eshon bilan enchilash
Xalfa bo‘lar, der edi.
Orqasiga osilgan
Xalta bo‘lar, der edi.
Balo kelsa boylarga,
Orqa bo‘lar, der edi.
Oramizda izg‘igan
Aldamchi bor, der edi.
To‘g‘ri so‘zni bilmagan
Yolg‘onchi bor, der edi.
Qur’on ochib avrovchi
Mullasi bor, der edi.
Imom bo‘lib tovlovchi
To‘ymasi bor, der edi.
Eshonlarning behishtda
Cho‘ng eshigi bor, derdi.
Ming teshigi bor, derdi.
Un qoradan bir qora
Zakoti bor, der edi.
Sira qo‘ymay oluvchi
Odati bor, der edi.
Go‘yo jannatni ko‘rgan
Etugi bor, der edi.
Har baloni suruvchi
Tetigi bor, der edi.
Buning bari el-yurtni
Talash yo‘li emasmi?
Etim-esir, yo‘qsulni
Tovlash yo‘li emasmi?
Oxirat deb har yerda
Baqirganlar sizmasmi?
Payg‘ambarga bosh eg, deb
Chaqirganlar sizmasmi?
Avom xalqqa qalp aytib,
Sotilganlar sizmasmi?
«Falokatlar qayda», deb
Otilganlar sizmasmi?
El sig‘ingan xudoning
Elchilari sizlarmi?
Ko‘pni ko‘rgan bilgichday
Tilchilari sizlarmi?
Kuni-tuni izg‘iysiz
Izlab yog‘liq taomni.
Hech ko‘rmaysiz ko‘z solib
Mehnatkash xalq avomni.
Sizni izlab keladi
Oq sallali odamlar.
Eshon, xalfa va begi —
Bari birga qadamlar.
Oq elachak o‘raydi,
Ma’lum, bizning xotinlar,
Ovuldan kelgan oq salla,
Qaydan bo‘lar zotinglar?
Shariatdan so‘zlashga,
Ayting, ko‘pmi chamangiz?
Ajratish qiyin, bosh garang,
Xotinchalish hammangiz.
Hammangizning ishingiz
Elni talab yeyishdir.
Yolg‘on so‘zni ko‘pirtib
Men donishmand, deyishdir.
Oppoq salla o‘rashgan,
Yurt holini bilmaysiz.
Adolatni kuylasam,
Ko‘zingizga ilmaysiz.
Oqin bo‘lib yoshlikdan,
Otga minib chiqqanman.
Otgan o‘qday har so‘zni
Aytib ko‘pni yiqqanman.
Kelgan so‘zni qaytarmay,
Nomin aytib kuylayman.
Qo‘shiq koni o‘zimda,
Qimizday achib so‘ylayman.
Aytsam oltin so‘zimni,
Yasharadi odamzod.
Ayting, qani qo‘shiqdan
Lazzatlanmas, qaysi zot?
O, bo‘lis!
Qilma menga chiringni,
Bilmaysan hech sirimni.
Xalfa, mulla, eshonlar,
Bilib yurgin siyingni.
O, bo‘lis!
Emagi yo‘q, ichmagi —
Kambag‘alni bilasiz.
Soliq solib ayamay,
Terisini shilasiz.
Zo‘rlik qilib, qo‘rqitib,
Yakka sigrin olasiz,
Ming nayrangni ishlatib,
Ne-ne jafo solasiz.
Keldi eshon mehmoning,
Kutib turgan odaming,
Yulib-yulqib talangiz,
Kelgani shu omading.
Oxiratning borligin
Go‘yo ko‘rgan, bilishar,
Aldamchining solig‘in
Holsiragan fuqaro
Noilojdan berishar.

G‘. Shodi tarjimalari

SIBIRDAN QOChGANDAGI ShE’R

Dovoni baland, ko‘rinmas,
Belim olis qolgandi.
Nomi mashhur Farg‘ona—
Erim olis qolgandi.
Sortu bag‘ish va sayoq—
Elim olis qolgandi.
Afsuski, armon yurakni
Mijg‘igan yomon kun bo‘ldi.
Kuch-madorim ketganda,
Ahvolim so‘rar kim bo‘ldi?
O‘zim biydek dalada
O‘lsam nima qilaman?
Qorong‘u tushib, kun botsa,
Qanday yo‘l topa olaman?
Tutqundan qochib, jonajon
Yurtimga ketib boraman…
O‘lib qolsam, To‘qtag‘ul,
Oyoq-qo‘ldan sudrashib,
Chuqurga tashlab qo‘yarmi?
Ko‘madigan odam yo‘q,
Qarg‘a-quzg‘un cho‘qilab,
Qora ko‘zim o‘yarmi?
Ovulim ko‘zlab yo‘l yur, deb,
Oq shunqor qushday qoqindim.
Olti Arxar yulduz botguncha
Olti aylanib emizgan
Aylanayin, onajon,
Oq sutingni sog‘indim!
Ketmontepa yurtimga,
Borib o‘lsam, armon yo‘q.
Kerimboydan o‘qimni
Olib o‘lsam, armon yo‘q.
Qarindosh-urug‘, xalqimni
Ko‘rib o‘lsam, armon yo‘q.
Omonlik so‘rab, yerimda
Yurib o‘lsam, armon yo‘q!..

QOChIB KELAYoTGANDA

Tunda urmay uyquni,
Yurib kelayotirman.
Yo‘lda uchrasa uylar,
So‘rab, ichib ovqatin,
Kirib kelayotirman.
Elga yetib qolganday
Ko‘tarilib bu ko‘ngil
Kulib kelayotirman.
Qo‘mizimning qulog‘in
Biroz shodon kuyla deb,
Burab kelayotirman,
Or-nomusni o‘ylamay.
Yurt ishqida xayr ham
So‘rab… kelayotirman…

IBRATLI ShE’RLARDAN

1

Mardning mardi sindirar
Yurtni buzgan yov tig‘in.
Kimda g‘ayrat so‘ndirar
Yuzsizlikning qitig‘in.

Mard eshigi niq temir,
Eritmoqqa er kerak.
Asl davlat bir kelur,
Anglab, bilib, bo‘l tirak.

Ko‘ray desang hurmatni,
O‘g‘il uylab, qiz chiqar.
Moling yurtga oldirma,
G‘amini yeb, qish chiqar.

O‘limtikni qarg‘a yo
Quzg‘un yesa yarashar.
Ne chora bor—erta-kech
Kambag‘alni talashar.
Bu quzg‘unlar qo‘lida
Ezilib, xor el yashar…

2

Daryoning ko‘rki kemada,
Bolaning ko‘rki enada.
Nasihat qilsang gap olmas,
Bil, nodon ko‘rki nimada!

Ekinning ko‘rki yer bilan,
Echkining ko‘rki to‘l bilan.
Kiyikning ko‘rki to‘r bilan,
Er yigit ko‘rki el bilan.

Yomon odam belgisi,
O‘z nafin o‘ylab suyunar.
Yaxshi odam belgisi
El g‘amin yeb kuyunar.

ZAMONA

Qancha jonga xo‘rlikni
Ushlatgansan, zamona.
Gadoylarni boylarga
Mushtlatgansan, zamona.
Ajdar kabi zolimga
Tishlatgansan, zamona,
Yalmog‘izday boylarga
Peshlatgansan, zamona.
Gadoy sho‘rin oqizib
Ishlatgansan, zamona.
Och shunqorga quyonday
Oldirgansan, zamona.
Zahar tirnoqqa yuzni
Yuldirgansan, zamona.
Ajratib es-aqldan
Gang qilgansan, zamona.
«Obbo, dunyo!» degizib,
Tang qilgansan, zamona.
Qarish bo‘zga yetkazmay,
Zor qilgansan, zamona,
Birovga yo‘q, birovga
Bor qilgansan, zamona.
Erni boyga keng, gadoga
Tor qilgansan, zamona.
Gadoga qimmat, boyga arzon
Mol bo‘lgansan, zamona,
Yormaniyoq qashshoqqa
Bol qilgansan, zamona.
Boyga bug‘doy, kambag‘alga
Chor bergansan, zamona,
Gadoga berk, boyga ochiq
Yo‘l qurgansan, zamona.
Qayim so‘zlab yo‘qsulni
Haqir qilgan, zamona.
Gadolarga but boylarni
Baqirtirgan, zamona.
Boy, boshchilar, bo‘lislar
O‘git qilgan, zamona,
Gadoni tulki, boylarni
Burgut qilgan, zamona.
Gadoni jo‘n, boyni esa
Ortiq qilgan, zamona,
Boyni fason, gado ustin
Yirtiq qilgan, zamona.
Boyni qashqir, gadoni
Qo‘y qilgansan, zamona,
Gadoni yo‘q qilmoqni
O‘y qilgansan, zamona,
Boylarni boy chaqirgan
To‘y qilgansan, zamona.
Yolg‘iz molin gadoning
So‘ydirgansan, zamona,
Qaro yerni yo‘qsulga
O‘ydirgansan, zamona.
Kambag‘allar to‘nidan
Ipin olgan, zamona,
Molu qo‘yin, hattoki
Cho‘pin olgan, zamona.
Qancha molga chuv tushib,
Kuyib qolgan, zamona,
Gadoga bexuda g‘am,
Kuyin solgan, zamona.
Qashshoqni past, boyni esa
Biyik qilgan, zamona,
Boyni mergan, kambag‘alni
Kiyik qilgan, zamona.
Bulbuli menman elimning,
Yo‘lda bo‘l, kuyla, hol so‘ra.
Zamonang keldi, aylanib
Davr sur, gado, yarqira!

Usmon Temur tarjimalari