Jo‘lon Mamitov (1940-1988)

Jo‘lon Mamitov (Jolon Mamыtov) 1940 yil 1 aprelda Qirg‘izistonning O‘sh viloyati, Qorasuv tumanida tug‘ilgan. To‘qtag‘ul nomidagi Qirg‘iziston davlat mukofoti sohibi.

Qirg‘iz va rus tillarida ijod qilgan. Uning “Buloq va ummon” (1983), “To‘p” (1984), “Suvning umri”, “Chelten botir haqida qissa”, kitoblari mashhur.

Jo‘lon Mamitov F. Tyutchev, A. Fet, V. Mayakovskiy, Xose Marti she’rlarini, Mikolas Slutskisning «Neringning kokili» qissasini, O‘ljas Sulaymonov kitoblarini qirg‘izchaga tarjima qilgan.

ROMANTIKA

Tog‘larning orasida bitta g‘or bor,
Ertakdagi suluvlar yo‘qlashadi.
Yaylovda ot chopgulik maydonlar bor,
Afsonaviy bahodirlar to‘qnashadi.

Bir tegirmon suv oqar tog‘ni kesib,
Sohilida alvastilar sochin tarar.
Bir dovon bor, tog‘larning o‘rkachida,
Ot chopib, shamoldayin devlar borar.

Ushlasang baliqlari gapiradi,
– Meni qo‘y, – der, – omon o‘t, qaltis jardan,
Tulporingni kishnatib yo‘rtib qolsang,
Kiyiklari salomlashar sen-la har dam.

Yulduz qo‘nar qorlarga bodroqdayin.
Yulduz ushlab ulg‘ayar quvnoq yoshlar.
Yulduz olib kelishar go‘zallarga
Qo‘y o‘tlatib tog‘ni kezgan bo‘ydoq yoshlar.

Emin-erkin yashaydi tog‘li elat,
Yomonlikni ravo ko‘rmay boshqalarga.
Mehmon bo‘lsang, salomni qilma kanda,
Senga alik yo‘llaydi osqalar* ham.
___________
* Osqa – cho‘qqi.

* * *

Shahar ichra izg‘iydi bezgak shamol,
Quyun o‘ynar yolg‘iz qolgan qishki bog‘da.
Yam-yashil yaylov o‘tar ko‘z o‘ngimdan,
Nigohimda dalalar, oppoq paxta.

Yuragimiz dukullab urib tursa,
Hayotning qadrin anglab, sezgan chog‘da.
Ko‘m-ko‘k yaylov ko‘zimda yashil surat,
Haydalgan shudgor esa oppoq paxta.

Zulmatli tunni yorib olov yonar,
Cho‘g‘ning tafti Sen menga yozgan xatda.
Ko‘zingdagi chaqnog‘ing yashil surat,
Ko‘nglimdagi xotirang oppoq paxta.

Yuragimiz dukullab urib tursa,
Hayotning qadrin anglab, sezgan chog‘da.
Ko‘m-ko‘k yaylov ko‘zimda yashil surat,
Haydalgan shudgor esa oppoq paxta.

Zulmatli tunni yorib olov yonar,
Cho‘g‘ning tafti Sen menga yozgan xatda.
Ko‘zingdagi chaqnog‘ing yashil surat,
Ko‘nglimdagi xotirang oppoq paxta.

ShE’RIYaTNING TAShVIShLARI

Shonu shuhrat illatdir,
Oqinlarga yopishgan.
Og‘ir kechar hayoting,
Agarda til topishsang,

Surishtirmas odamlar,
Yozganing ko‘p, oz uchun.
Oppoq qog‘oz shay turar.
Kaptarday parvoz uchun.

Yillar qolar ortingda,
Semirdingmi, ozdingmi?
Yurting uchun she’ringni,
Qoning bilan yozdingmi?!

Har misrasin sevdingmi
Suygan kabi yoringni.
Ona Vatan kerak desa,
Berasanmi joningni?!.

Ijod qilish aslida,
Pokizalik demakdir.
Yurtning quvonch, tashvishin,
Birgalikda yemakdir.

Bayramlarda kech qolsang,
Hamroh Vatan ilinji,
Qayg‘u tushsa, yurtingga,
Qalqon bo‘lgin birinchi.

Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimalari

TUT

Mehnatkashim, tutginam, sen, yolg‘izim,
Ona yerning shirasini shimasan.
Jon bag‘ishlab, pilla qurtin to‘yg‘izib,
Ipak bo‘lib xonalarga kirasan.

Mevang pishsa tatib ko‘rgan har odam,
Rohatlanar, ayt-chi, bizga ne baxtsan.
Sen azaldan chayir, butab — qirqsa ham,
Quloch yozib, barg chiqargan daraxtsan.

Dala-dashtda soqchimizsan qoyaday,
Ipak bo‘lib turmushimiz bezading.
Sen beshiksan, sen o‘tinsan, soyangda —
Hordiq olgan o‘zin yengil sezadi.

Goh ketaman xayollarga berilib,
Tutning bo‘yi gohi baland, gohi past.
Ammo ketmas teraklardek kerilib,
Kerakligin tanib yashar har nafas.

Safar Barnoyev tarjimasi.

BAXT

O‘z yo‘lida Tunga duch bo‘lar,
Tinchlik, Qayg‘u, Hukm ne bilar.
Qirsiqlarni yengib yo‘lida
Baxt doimo kechikib kelar.

Baxt emasdir shonu sharaflar,
Dunyo tulib yotgan taraflar..
Tole emas ziyofatlarda
Urishtirib ichgan sharoblar..

Boshqani qo‘y — dil bo‘lur oqlik,
Nima dema baxtga qonmoqlik…
O‘ng‘ay topilmovchi baxt esa
Katta Maqsad uchun yonmoqlik

Katta Niyat uchun qon berish,
Katta Tilak uchun jon berish!

Safar chog‘i Tunga duch bo‘lar,
Tinchlik, Qayg‘u, Hukm ne—bilar.
Falokatni yengib o‘tarkan
Baxt ko‘pincha kechikib kelar.

QAYG‘UGA AFRIKAChA ShARH

Yo‘l yurganda behad tolish qayg‘umas,
Suygan qizga yetmay qolish qayg‘umas,
Hayotdagi kamchiliklar—zo‘r, mayda,
Faqirchilik…bu ham qayg‘u bo‘lmaydi!

Tashvish chekmay yashab yursang sog‘, tirik,
Tushib olib nopoklikning yo‘liga:
Eng zo‘r qayg‘u—Ona xalqing taqdirin
Berib qo‘yish o‘zgalarning qo‘liga!

HAQIQAT

Senga yetish qiyin, ammo etgum his,
Yo‘l olisdir, og‘ir har bir daqiqa…
Senga yetish — armon yo‘qdir degan so‘z,
Senga yetish — borib turgan haqiqat!

* * *

Najot olib iliq yomg‘irdan
Beda o‘sa boshladi yana.
Hayotga ishq naqadar cheksiz:
Bedazorda yashil tantana!

Dalalarni qorlar qopladi,
Endi unda oqlik chayqalar…
Qor ostida qolaverishdi
O‘sa yotgan yashang maysalar.

* * *

Suqlandim ajabtovur bu kuzga men,
U kelgach…libos kiyib bamisli cho‘g‘—
Sen o‘tding. Dunyo bo‘lib ostin-ustin,…
Dilimda g‘ussa yondi hududi yo‘q!..
Senda qaydan bunday rango-rang tus?

Men qaydan qo‘msay qoldim
ishqiy kezni?..
Qachondir yashagan bo‘lsak-a biz?
Qachondir yo‘liqtirib
shunday kuzni?

SOCh HAQIDA ShE’R

Er yigitki, zo‘r maqsadga egadir,
Doim ketar chor tomonga yo‘l ochib.
Shu to‘g‘rida xayol sursam, negadir
Esga tushar Suymonqulning oq sochi…

U — sochlari qora kezdan jo etdi
Jon yurtiga iste’dodu fikr-o‘yin.
Cho‘qmorovning siymosida tanitdi
Er yuziga qirg‘izim o‘z rang-ro‘yin.

Tarix uchun yillar kechsa bir kuncha,
Bizga ular zo‘r zafarlar qut-gardi…
Ona xalqim qadru qimmat topguncha
Ne o‘g‘lonlar qora sochi oqardi.

Usmon Temur tarjimalari