Muhammad Hoji Solih (1942)

Muhammad Hoji Solih (Muhammad Haji Salleh) – malay adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri, yozuvchi, essenavis, tarjimon. Malayziya xalq yozuvchisi. 1978 yildan buyon Malayziya Milliy universiteti professori. Malay intellektual she’riyatining asoschilaridan biri. “Musofir she’rlari” (1973), “Bu ham mening olamim” (1977), “Ulg‘ayish alifbosi” (1998), “Sibuya qorlari” (2004), “Si Tenggangning qaytishi” (2010) kabi to‘plamlari nashrdan chiqqan. Shuningdek, “Malay adabiyoti poetikasi” (2005), “Ijodiy izlanishlar” (2005) singari kitoblar muallifi. U essenavis, adabiy tanqidchi, tarjimon hamda “Tengara” gazetasi va “Janubi-sharqiy Osiyo adabiyoti” jurnali bosh muharriri.

UYGA QAYTISh

1

Sayr qildim ko‘nglim bilan men
Ota yurtdan olislab tamom.
O‘sha gavjum, o‘sha umidbaxsh
Aql va tasavvur o‘lkasi tomon.
Bilim, harakatni o‘rgatdi shahar,
Anglashni, o‘ylashni o‘rgandim undan.
Issiq tuprog‘ingga qaytgunga qadar
Qondim uning yoniq tafakkuridan.

2

Onam va buvimni ranjitganim chin,
O‘zimning bema’ni tashvishlarim-la.
Nigohlar mo‘ltillar, sado yo‘q lom-mim,
Yo jahl, yo alam sezilmas sira.
Men o‘sha suymagan ayol – rafiqam,
Xayolda bilganim omi, savodsiz.
Yolg‘izlikda qadring o‘tdi chunonam,
Kutishlarda umri o‘tmoqda beiz.
Men hali qaytmadim, qaytmadim tamom,
Bilaman, bilaman, bari o‘zgarar,
Vaqt va makon o‘zgartirar barini.
Hanuz muammo dag‘al,
Yo‘qlik begona hali.

3

Biroq qara. Yaxshilab boqqin.
O‘zimni qaytardim jonajon uyga,
Ishonch bo‘yi anqiydi yana.
Til va yer chegara tortib turibdi,
Masofa, ummonlar qo‘rqitmaydi lek,
Tafovut cho‘chitmas meni,
Bu yerda tuzoq yo‘q
Va hatto xayol.
Sayohat – muallimi tarix
madaniyatlaru tafovutlarni
izohlashga hech kechikmagan.
Qara. Men senga o‘xshayman.
Hamon malay odamiman men,
Yaxshilikni his qilgan malay.
Og‘alarimdan ko‘proq va hatto
Tushunishga turibmanu shay.
Qayiqlar shodligi seniki, qishloq.
Men qaytdim.
Muqarrar edi-da qaytmoq.

Ingliz tilidan Sevara Alijonova tarjimasi