Abdulpfattoh Rauf (1910-1963)

Abdulpfattoh Rauf (Abdülfettah Rauf) 1910 yili Makedoniyaning Skope shahrida tug‘ilgan. Madrasada ta’lim olgan. Makedoniyadan yetishib chiqqan turk ulamolarining yetakchilaridan. 1945 yili Yugoslaviya hukumati tarafidan diniy ayblar bilan qamoqqa olindi. 1963 yili vafot etgan.

SO‘NG NAFASIMDA VATANIM

Tunga aylandi yo‘lingda necha kunduzlarimiz,
Tong otar deb kutdiyu so‘ndi necha ko‘zlarimiz.

O‘lar ersamda agar so‘ng nafasimda vatanim
Ishqiyu mehri bilan yangrasa so‘ng so‘zlarimiz.

Na kafan istagimiz yo na go‘zal maqbaradir,
Endi kimga qoladir kimsasiz o‘ksuzlarimiz.

Ey buyuk o‘tmish, sening cho‘ng haybating aldamasin,
Tog‘ nadur, voh, toshchalar bo‘lsak agar o‘zlarimiz.

…Bir bahor ishqi bilan qish demadik, yoz demadik,
Hech tuganmaydi biroq qishlarimiz, kuzlarimiz.

Ming tikan bostik-ku, ey xoliqi kull, bir gul uchun,
Bunga bir shohidi odil qonagan yuzlarimiz.

Bu quling dardini so‘ylarga makon topmadi hech,
Senga ravshan ne erur so‘zlarimiz, izlarimiz…

Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi