Enrike Gonsales Martines (1871-1952)

Enrike Gonsales Martines (Enrique González Martínez) – meksikalik shoir, modernizm oqimi vakili. Uning she’riyati Lamartin, Bodler va Verlen kabi mashhur shoirlarning ijodiga kuchli ta’sir qilgan. “Pegas” adabiy jurnali asoschisi. 1920–1931 yillarda Argentina, Chili, Ispaniya va Portugaliya elchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 1944 yil Manuelya Avilo Kamacho adabiyot mukofoti bilan taqdirlangan.

MARDONA O‘T HAYoT SINOVLARIDAN

Mardona o‘t hayot sinovlaridan,
sovuqqonlik bilan dadil, shoshmasdan.
qorlardan rang olgan yuzlaring, sanam,
yuz ochar ko‘k maysa, olovrang gullar.
Barchasi qalbingda mayli, qoldirsin,
chuqur, ishonchli va o‘chmas izlarni:
favvoralar qilsin ajib xonishlar,
jimirlab chaqnasin olis yulduzlar.
Shamollar taqdirni hukmiga otgan,
Sen Eola arfasin torlari bilan
oyatlar va jonivorlar na’rasiga
uyqash tovushlarda ovoz bera ol.
Mayli, yuragingga bo‘lsin begona
inson qavmin qiziqtirgan bari
qalbni tig‘lab-tig‘lab
olding mukofot,
jimlikni tinglaysan,
qorong‘ilikni ko‘ra boshlaysan.
O‘zingni sev qat’iy yurak bilan
toki unda do‘zax va koinot etsin aks.
Yuragingga nigoh tashlashni o‘rgan,
bepoyon dunyoni tushunmoq uchun.
Hayot kishanlarin chilparchin eta
sen o‘zing yaratgan dunyolarni ol.
Va hayot yuragin har bir zarbida
tingla jarangdor she’ringni xushhol.

YO‘LDAGI UY

Yo‘ldagi uy o‘xshaydi menga,
yuragimday ochiq va g‘amgin.
O‘tgan yillar mobaynida,
qancha-qancha sayyoh qo‘ndi unga.
huvillab qoldi u kundan-kunga.
Bu uy oxiri yo‘q tush ko‘rdi
hayotning quvonchlariyu sarsonliklari,
oniy uchrashuvlar va ayriliqlar haqida.
Shunday, o‘tkinchi yo‘lovchi ham

juda kam hollarda
o‘zidan so‘ng keladigan
yangi mehmonga
tunni charog‘on qiluvchi olovni
qoldirar.
Va qadrdon ostonani tark etarak
maktub qoldiradi esdalik uchun.
Yo‘q, bu uyni ko‘plar shoshib tark etar,
bazo‘r tez botgan kun tahlikasida…

Va bunda o‘lgan qo‘shiqlar ko‘lankasi,
tosh zinalarni yemirgan izlaru
lash-lush va g‘amlarin bizga qoldirib…
Shuning-chun notanish bir yo‘lovchi
rutubatli tun aro olov yoqsa gar –
– Kim ekan bu? – deya fol ochaman:
Bu o‘sha kechikkan muhabbatmikan,
yoki yana qaytdimikan eski falokat?

BOG‘ XOTIRALARI

Bu yomg‘irlar yana o‘radi dunyoni,
nokerak g‘amlardan hayot ko‘p og‘ir.
Ruh eshigin chertadi azob,
daydigan och tilanchi misol.
Tungi bog‘da yasminlar nafasi…
Jarohatim davolar gullar hidi.
Oqshom esga tushar… Bulutlar sudralar,
yomg‘ir tomchilar va hamma har yonga ketishga tayyor.
Yasmin ifori…
Mudroq ongda uyg‘onar bexos
yomg‘irning ho‘l barglarga aytgan rozlari.
Bu mavhum shuurda hasrat paydo qilar
kimningdir ko‘z yoshi,
shamolda uchgan ro‘moli
va azaliy sukutda ketayotgan kemasi.

Rus tilidan Abdumajid Azim tarjimasi