Amado Nervo (1870-1919)

Amado Nervo (Amado Nervo) – meksikalik shoir. Nayarit shtatining Tepik shahrida tug‘ilgan. Shoir dastlab Muqaddas Luis Gonsaga kollejida, so‘ng Nervo Rim katolik seminariyasida ta’lim oladi. Shu maskanda unda ijodga qiziqish paydo bo‘ldi. Nervo keyinchalik bir qator nashrlarda faoliyat ko‘rsatdi. “Bakalavr” romani chop etilgandan keyin Nervo milliy adabiyotda shon-shuhratga burkandi.

SIRPANIB BORASAN DARDLARIMDA

Sen go‘yo tugayotgan dardlarim uzra
suv sirtida oy nuridek sirpanasan,
Muattar islarga chulg‘anmoq istar
Azoblardan abgor bo‘lgan ruh
Sen dunyoga kelayapsan, men vidolashgum,
ammo sen rad etib lahza kuchini
alamlarim o‘pqonida sirpanasan.
Umidim kuydirsin, mayli, xazin kuz
Faqat she’rlarimni istasa falak.
alamlarim o‘pqonidan ketasan o‘tib
suv yuzida oy nuri kabi.

KUZ KELDI

Oddiy kunlar,
tanho onlarni,
men jon qadar sevaman chunon…
Kanareykalar sho‘x xonishi
ko‘ngillarni etar nurafshon..
Havodagi daraxtning isi,
derazamdan oqar. Moviy ko‘k..
kuzdan darak oq tabargullar
shiddatiga aslo taraf yo‘q.
Qorli cho‘qqi kumushrang tusda,
erib borar ilib kunma-kun.
Tabiat shu, har doim kuzda
o‘z yumushin qiladi yakun.
Va muqarrar vido onida,
ojizgina quyosh nurlari
tussizlanar qari chol misol.
Kechikkan va parishon gullar
toliqqancha yiqilar alhol.
“Men xazonman, – deydi u senga, –
g‘amlar bilan to‘liq, andarmon…
keldi navbat sirli afsunga,
Jim bo‘l hamda fikrla inson”.

KELING, SEVAYLIK

Agar hech kim bilmasa, nega kulamiz,
Nima uchun yig‘laymiz, bilmaydi hech kim.
agar hech kim bilmasa, nega tug‘ilamiz,
nima uchun o‘lamiz, bilmaydi hech kim.
chuqurda yursak, to‘xtaymiz qayda
soqov u tun bizlarga biror so‘z demas.
Aqalli, sevaylik bir-birimizni,
Ehtimol, sevgidan toparmiz najot.

Rus tilidan Abdumajid Azim tarjimasi