Sham’iy

G‘AZALLAR

* * *

U sho‘xi siymitandan garchi men kechsam, ko‘ngil kechmas,
Labi g‘unchadaxandan garchi men kechsam, ko‘ngil kechmas.

Necha ayyom g‘ami hajri bilan yoqdi yurak-bag‘rim,
Yana ul gulbadandan garchi men kechsam, ko‘ngil kechmas.

So‘rarman, kimdir ul mehri diloro, siynayi billur?
Shu — ko‘rklik bir chamandan garchi men kechsam, ko‘ngil kechmas.

Bu Sham’iy dardimanding vasli husningdan kecholmas hech,
Begim, vallohi, sendan garchi men kechsam, ko‘ngil kechmas!..

* * *

Sening-chun ettigim har ro‘zi shab ohu fig‘ondir bu,
Iki ko‘zdin oqar sellar, mudom ashki ravondir bu.

G‘ururlanma, chiroy ketgay, go‘zallik boqiy ermasdir,
Degaylar, yaxshilik chog‘i qolur, shohim, jahondir bu.

Jafoyu nozu jabr etmak bo‘lur oshiq uchun, ammo
Chidarga har zamon toqat topolmas, chunki jondir bu.

Nazar qil qomati mavzuniga gar bor esa joning,
Ezib oshiqlarin, majnun etar shohi zamondir bu!

Yonib men ham g‘azal bitsam agarchi, Sham’iyo, bul kun
Jazodir barcha shoirga, mening-chun dong‘u shondir bu!..

* * *

Charxi gardun bir dam, ey dil, asti rom o‘lmas manga,
Olami dorulfanoda shodkom o‘lmas manga.

Suvratim ko‘rgan odamlar deydilar Majnun mani,
Naylayin, billohi, bundan xoli nom o‘lmas manga.

Boq, dilimning kemasi g‘am dengizinda dod etar,
Go‘shayi mehnatdan o‘zga bir maqom o‘lmas manga.

Hosili davri jahonda qadru qiymat bilmagan
Bir to‘da nodon bilan etmak kalom o‘lmas manga.

Og‘uli jomin falakning, Sham’iyo, no‘sh ayladim,
Zahri lazzat bo‘yla jomdin o‘zga jom o‘lmas manga.

* * *

Otashi hajring-la ortdi ohu zorim, qaydasan?
Yoqdi, yondirdi jahonni so‘zi norim, qaydasan?

Sensiz, ey oy, naylayin jannat makon o‘lsa manga?
Borlig‘imni g‘am bosar, ey guluzorim, qaydasan?

Men o‘lib ketmay turib kel, dardima bir chora qil,
Shevakorim, ishvakorim, nozli yorim, qaydasan?

Bir dam orom aylamas murg‘i dili zorim manim,
Qaydasan, ey g‘unchayi bog‘i nigorim, qaydasan?

Firqating Sham’iy dili noshodima kor ayladi,
Zarracha ham qolmadi sabru qarorim, qaydasan?..

Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi