Qaysin Quliyev (1917-1985)

Quliyev Qaysin Shuvayevich (1917.1.11 — hozirgi Kabardino-Balkariya Respublikasi, Chegem tumani — 1985.4.6) — bolqor shoiri. 2-jahon urushi qatnashchisi (1941—44). Moskvadagi Teatr san’ati institutini tugatgan (1939).

Ilk she’rlar kitobi — «Assalom, tong» (1940). Asarlarida inson kechinmalari, tabiat, vatan, ozodlik va turmush tashvishlari, o‘z zamonasi va tarixiy o‘tmish voqealari aks etgan. «Qo‘shnilarim» (1939-45), «Daralar qo‘shig‘i» (1960) she’riy to‘plamlari va «Yarador tosh» (1964), «Er kitobi» (1972), «Oqshom» (1974), «Zamin chiroyi» (1980) kabi dostonlar muallifi. Bolqor xalqi tarixi va taqdiriga bag‘ishlangan «Qish edi» (1985) epik asari umrining oxirlarida yozilgan.

Bir qator Kavkaz xalqlari vakillari qatori O‘rta Osiyoga surgun qilingan Quliyev 1944—57 yillarda Qirg‘izistonda yashagan. O‘zbekistonda o‘tkazilgan nufuzli adabiy tadbirlarda muntazam qatnashgan. U o‘zbek she’riyatini nihoyatda qadrlagan; Zulfiya, Shukrullo, Abdulla Oripov kabi o‘zbek shoirlarining she’rlarini bolqor tiliga tarjima qilgan.

«Gul va xanjar» (1968), «Ko‘zlaringni sevaman» (1977), «Meni ardoqlagan ayollarga» (2004) kitoblari o‘zbek tilida nashr qilingan.

DAVOM ETSIN JIMLIK

O‘ldirmang jimlikni! Jimlikda yolg‘iz
Fikr dengiziga cho‘mar donishmand.
So‘nuvchi chiroqda oyga tikib ko‘z,
Bitmas xayollari bilan bo‘lar band.
Gurkirab ko‘karar jimlikda bug‘doy,
Bolalar to‘q bo‘lsin, o‘ssin deya sog‘.
Jimlikda yog‘ib qor, kashf etib chiroy
Yashnaydi dalamiz,
Gullar, hovli, bog‘.

Shunday bir jimlikni istaydi poliz:
Nozlanib qovunlar to‘lsin shakarga,
Tunda oy insonga o‘zi cho‘kib tiz,
Sayohatga rohbon bo‘lsin saharda.

Ekin-tikinlar ham jimlikda o‘sar,
Tuproqning hayotbaxsh sharobin ichib.
Go‘dak, sut, yaylovda pichanlar unar,
Jimlikkina uni turganda quchib.

Jimlikda yonadi o‘choqda olov,
Ona go‘dagiga to‘qiydi alla.
Jimlikda tandirda qizaradi non,
Qushlar ham, kuylar ham uchar baralla.

QADIMGI NASIHAT

“Sendan kichik yo‘q bunda!” – derlar,
Zarra bo‘lsin g‘azablanma sen.
“Sendan ulug‘ yo‘q bunda!” – derlar,
Zarra bo‘lsin mag‘rurlanma sen.

Sokin toshday bo‘l chidam ramzi,
Bo‘ronda ham, yoqqanda ham qor.
Ko‘lankali daraxtday saxiy
Orom bo‘l kim shabadaga zor.

Gar istasang o‘z yo‘ling topmoq,
Zo‘r oqimdan olgin andoza.
Ne kun ko‘rma, tog‘ qori siyoq
Qola bilgin oppoq va toza…

Zulfiya tarjimasi

ShE’RIYaT

Zamin deb bilgan chog‘ seni, she’riyat,
Yomg‘irday yog‘ildim o‘tloqlaringga.
Gohida beshafqat ko‘chkin qor sifat,
Vahmu qutqu soldim quchoqlaringga.

Kushod va muqaddas yaloving tutib,
Bo‘ldim lashkaringning oddiy askari.
Seni goh daryodek tasavvur etib,
Qzimni his etdim irmoq singari.

Burqsib tutagan chog‘ tuman va tutun
Tangri yo rasulmas, insoning bo‘ldim.
Qutlug‘ dargohingda ta’nasiz, zabun,
Sodiq dastyoringu darboning bo‘ldim.

Sening mavjudliging fahm eturman to,
Toki tark eturman uyquni sahar,
Go‘zal ko‘ringaydir ko‘zimga dunyo,
Aslo tuyulmagay bu hayot zahar.

Himmatim haqqiga g‘amdan, kulfatdan
Mayli, asramagin meni umrbod.
Asra loqaydligu yengil shuhratdan,
Toki keltirmayin men senga isnod.

HAYRAT

Gullar bosh egadi,
Yulduz charaqlar,
Qor erib, tog‘lar ham tovlanar turlik.
Men uchun dunyoda hammadan battar
Hayratni bilmagan odamlar sho‘rlik.
Ijod chamanida takror va takror
Hayratga tushamiz buyuk san’atdan.
Ular ham qachondir tug‘ilgan ilk bor
Oddiy narsalarga bo‘lgan hayratdan.
Hayratda boqdim men gulga, chechakka,
Garchand sirlaridan emasman voqif.
Hayratga tushdim men kuy tinglab yakka
Yoki o‘zgalarning she’riga boqib.
Daryolar guvillab chopar dengizga,
Qushlar xayolingni zavqqa o‘raydi.
Zamin mo‘jizalar beraru bizga,
Evaziga faqat hayrat so‘raydi.

Abdulla Oripov tarjimasi