Vilma Stokenstryom (1933)

Shoira Vilma Stokenstryom (Wilma Johanna Stockenström) Transvaalda tug‘ilgan. Stellenbosh universitetining adabiyot fakultetida dramaturgiya bo‘limini tamomladi. Bir necha yil dramatik asarlar yozdi, ularni sahnalashtirdi, asarlari radio va TVda qo‘yildi.70-yillardan boshlab she’rlar yozishga kirishdi. “E’tiborli o‘qirmanlar uchun” (1970), “Suv ko‘zgusi” (1973), “Unutilish va dovruq” (1976) to‘plamlari chiqdi-yu, uning nomi ommalashib ketdi. Kitoblari Keyptaunda, so‘ngra boshkent Pretoriyada ham chop etildi.
V. Stekenstryom umuminsoniy, azaliy narsalar haqida, ya’ni muhabbat, bolalar, xususan, XX yuzyillikning fojiaviy hodisalari – urushlarda bolalarning o‘ldirilishi, yer yuzidagi milliy-ozodlik harakatlarining ayovsiz bostirilishi va, albatta, o‘z fojialari to‘g‘risida yozadi. Chunonchi, Sharpevil haqda.
Sharpevilda, Yoxannesburg etagidagi zanjilar posyolkasida 1960 yil 21 martda politsiya afrikalik namoyishchilarni otib tashlagan edi. Keyin BMT 21 martni Irqchilikka qarshi Kurash kuni deb e’lon qildi. Har yili bu kun butun dunyo xalqi irqchilikni la’natlab nishonlaydi.
O‘sha 1960 yil voqealarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan 27 yoshli Vilma Stokenstryom bu hodisani hech xotirasidan o‘chirolmadi va uzoq yillar Sharpevil aholisini himoya qiluvchi she’rlar yozdi.

QO‘RQUV

Tikon sim bo‘ylamasi osilgansiz, bolalar, qiyqimlarday;
sayyohlar ko‘rishsin derazalardan,
“Tanidik, tanidik, Afrika bu!” desinlar.

Qassob. Sharpevil – sening ensang. Sharpevilda hamma narsa –
shunday qassoblarning ensasi. Shubha yo‘qki,
kafelarning tikka-tik o‘tirg‘ichlarida
varaqilardan oldin varaqalarni olishadi, agarda
ularda yangi to‘kilgan qon ruhiyati bo‘lsa.

Gazetachi, yirtqich qush kabi, otilib borib,
kelinchakning fatasini yulqib oladi,
voqeaning hammasini rangdor tasvirlab berish uchun,
ikir-chikirigacha: yalang‘ochlik, qaltirash, ehtiros,
g‘unchaning ochib tashlanishi va bo‘g‘iq ingroq,
ya’ni aslida qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundoq gapirib berish uchun.

Suv oqizib ketayotgan son-sanoqsiz jajji o‘liklar,
chivinlar, chirildoqlarga o‘xshaydigan chollar
hokimlar qarovi sustligidan shaharga otilib kiradilar.
Yukchi mashinalar sirenalarini yoqib
axlatlarni chiqarib tashlashga shoshiladilar.
Xuddi dorlarga o‘xshab svetoforlar so‘ppayib turadilar
yo‘l yoqalarida.
Boshliqlar matbuot vakillariga izoh beradilar.
Yurtda esa, tuproq zaranglashib, qurib ketgan.
Qanotlarini yoyar namoyishkorona, zafar bilan
haybatli bir qo‘rquv.

YoLLANGAN ODAM

O‘z ishining ustasi, yollanuvchi odam, urushmoqchi bo‘lgan shaxslarga,
kim bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z xizmatini taklif qiladi.Kerakli joyga yetkazish – yollovchi hisobidan, ishning narxi – “kelishamiz”.
Malaka guvohnomasi: jarohatlar, chandiqlar –
xuddi Playya , Katangada teriga yopishtiriladigan qog‘ozlarday,
xuddi Qobilni o‘ldirgan Hobilning muhriday manglay
o‘rtasida: Biafra.
Mana shunday kunbay o‘ldiruvchining haqiqiy turqi-tarovati,
mo‘ylovi tulkimo‘ylov, yovuz ko‘zlari zangori-moviy,
mister tashlandi, mister ipirisqi! Qani ketdik, olg‘aaa!
Tovlamachi va no‘noq, iflos latta – qurolini tortib olgan
bo‘lsangiz. Olmagan bo‘lsangiz –ehh-he! Qani ketdik, olg‘aaa!
O‘taqahramon, o‘taerkak, qisqasi – shovvoz bir jangchi.
U jangchidir, masalan, Janubi-Sharqiy Osiyoning bargi to‘kilgan
junglilari uchun, u yerda zaharli gazlar taratuvchi dengiz uzra
daraxtlarning o‘lik shoxlari zo‘rg‘a-zo‘rg‘a ko‘tarilib turadi.
Rotterdam, Xirosima, Drezden – uning reklamasi.
Bu ishda eng muhimi – qo‘llarning chaqqonligi, kerak bo‘lsa
o‘zganing katta “non”idan bir burda undirib qolish o‘zi uchun.
Qani ketdik, olg‘aaa! Ammo bu qanaqa qo‘ylarning suruvi bo‘ldi?
Bu quvnoq yigitcha – yoshi o‘tgan bolalarning yollangan qo‘shinlari,
bular nimasi? Bularmi? Bular hurmatli unvon egalaridir!
Qani g‘urur bilan jilmaying, qo‘llarni shay qiling,
ko‘zlar porlasin!
Bu sening so‘nggi imkoning, sen – bo‘shashgan o‘spirin jangchisan,
Egilgan yelkangda o‘q-dorilar bilan imillaysan sen.

Harbiy mashqlar uchun shaydir: snaryadlar, suvosti qayiqlari,
hammasi oliy nav, yap-yangi, hali plombasi yechilmagan,
endigina qo‘ldan chiqqan, shunday bashang, himoyalovchi rangli –
bular hammasi urushning yaralari, moxov dog‘larini yashirish uchun,
yoyilayotgan dardlarini bekitish uchun – shu qo‘rqinch niqob
ostida qilinadi
inson qiyofasining buzilganini, yo‘q qilinganini xaspo‘shlash uchun.

KATTA HAYKAL O‘RNATISh BO‘YIChA ChIQARILGAN QAROR

Bir hay’at bir qishloqni ziyorat qildi
va shunday qaror o‘ylab chiqardi (aniqki, cherkov atrofida,
pochta-robita oldida, manzarali joylarda
nomdor boshliqlar eskorti bilan sayr qildi,
shunda boshliqlardan biri zanji kulbalarin ko‘rsatib,
ular bilan qo‘shni bo‘lmaslik ilojsizligidan o‘kinchini aytib o‘tgandi):

shu yerda katta haykal o‘rnatiladi –

zamon o‘ziga xos manzara yaratar o‘z-o‘zidan,
vodiy esa shu qadar shoirona ignabarglar,
dastorgullar, archagullar bilan qoplangan,
tuproq chirindilarga boy, yana daryosi ham
jigarrang yerdan boshlanib kelib,
dengizga yetganda oppoq, ko‘pirib turadi;

qora chashmalarni bunda eslamaydi hech kim.

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi