Alan Peyton (1903-1988)

Alan Peyton (Alan Stewart Paton) Pitermarittsburgda tug‘ilgan. Natal universitetini tamomlagan. Bir necha yil Natal maktablarida o‘qituvchilik qildi. Keyin qoratanlilar uchun qurilgan Dipkloopf axloq tuzatish koloniyasida direktor bo‘lib ishladi. She’rlarini ingliz tilida yozgan.

XO‘JAYINNING KATTA IN’OMI

Oshin oshab, yoshin yashagan
Eski-tuskilarin berishdi unga.
Qiz ularni kiydi zavq bilan,
Ko‘zlari charaqlab, oh-oh deb shunga.

Raqsga tushardi, dirkillar tani,
Ko‘zlarin suzardi, aytardi qo‘shiq.
Maqtardi sohibin ona tilida,
Xizmatchi do‘stlarin chorlardi jo‘shib.

Tanishu notanish o‘tkinchilarga
Butun Afrikaga egni-boshini
Ko‘z-ko‘z qilar edi, “ko‘ringlar” derdi
O‘ynatib quvonchli qora qoshini.

Shunday appa-arzon, teppa-tekinga
Sotib olindi-ya ishonch, sadoqat.
Er yuzining sodda, aziz boyligi –

Sotib olindi-ya ongsiz itoat.
Appa-arzon, teppa-tekinga
Olindi bir dunyo halokat.

DIPKLOOPF AXLOQ TUZATISh KOLONIYaSIDA
O‘LGAN KIChKINA BOLAGA

Kichik yoshli jinoyatchi, begunoh bola!
Sening arzimagan bitta qilmishing
Bu yurtning qo‘pol, beso‘naqay qonuni haqda
Tushuncha, tasavvuring bo‘lmagani bois,
Hukmdorlarning son-sanoqsiz askarlari,
Sudyalari, advokat, prokurorlari,
Jinnixona shifokorlari,
Politsiyachi, iqtisodchi, direktorlari –
Gunohingdan kuch olib yashovchilari
Qilmishingni bo‘rttira-bo‘rttira
Oxiri boshingga yetdilar. Bugun men
Sening vujudingni tuproqqa beraman,
O, birdan yo‘qolgan, yolg‘izgina bola.

O‘liming amaldorlarni ishga solib qo‘ydi;
To‘plandi tartib bilan sening hujjatlaring,
O‘tkazildi tiriklardan o‘liklar bo‘limiga.
Mana sening tug‘im guvohnomang,
Unda aytilgan qayerda, qachon tug‘ilganing,
Quvonchdan, qayg‘udan unda hech gap yo‘q,
Quyoshli kunmidi, yomg‘ir yog‘armidi,
Onang seni tuqqanda, tomingiz ustidan
Biron qush vijirlab o‘tmaganmidi?
Sening oting, oqlarning tiliga o‘girilsa,
“Keldi” ekan, ammo nega, qay maqsadda – aytilmagan.
Mana, nihoyat, o‘liming guvohnomasi –
Hokimlardan oldin u berdi senga ozodlikni.
Sen qachondir kelganding, endi ketding,
Seni quchog‘iga oldi birdan-bir yaxshi bag‘r –
Ona tuproq, bunaqasin hayotda ko‘rmaganding.
Hayotda senga parvo qilmagandi, endi
Kechikib berayotir senga saxiy in’omlar –
Titrayotgan o‘rmonga barakot yog‘dirmoqda.
U yoqda jala ham, do‘l ham bo‘lmaydi,
Na shamol, na-da qor, jazirama kun
Seni hech ranjitmas…
Ilgarilari
Tepalarga yoqqan sovuq yomg‘irning
Ingichka nayzalari senga sanchilardi,
Endi ular mozoring ustiga tusharkan,
Tuproq seni bag‘rida mahkamroq bosar
Teran afsuslarga to‘la yurak bilan.

Mana, seni ko‘mishga berilgan order.
O, mushtday, yolg‘iz bola, qilmishing uchun,
Bu yerda millionta sheriging bilan
Qonunbuzarliklar qilganing uchun,
Sen mahkum bo‘lgansan.
Seni kutayotgan yerga, tepa tuprog‘iga
Seni, zaif taning, sening mavtingni
Endi men go‘ringga mahkum qilaman.
O, jonim, uch ko‘kka, Oliy Hakamga,
O‘zing bor Xudoning oldiga endi,
Faqat u jamiyatni qo‘riqlab turar,
Faqat u rahm-shafqat hukmini berar…

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi