Uida. Nello va Patrash (hikoya)

I

Nello va Patrash bu shafqatsiz dunyoda deyarli yolg‘iz edilar. Ularni ko‘p yillik chin do‘stlik iplari chambarchas bog‘lab turardi. Nello — yosh bola, Patrash — katta flamand iti, Nello — go‘dak, Patrash — keksa it, shunga qaramay, ular tengdosh edilar.
It va bola har doim birga yurishar, chunki ilk uchrashishgan zahotiyoq bir-birini yoqtirib qolishgandi. Bir daqiqa ham ajralishmas edilar. Bu ikki baxti qaro yetimchani mehribon bir qariya asrab olgandi.
Qariya, bola va it Antverpen shahri yaqinidagi flamand qishlog‘i chetida kichkina g‘arib kulbada kun kechirishardi. Bu yerning atrofi dala va keng o‘tloq bo‘lib, qishloq o‘rtasidan oqib o‘tadigan anhor sohillarida terak va majnuntollar qulf urib o‘sadi.
Qishloq yigirma chog‘li uydan iborat edi. Uylarning derazalari to‘q-yashil yoki ko‘kimtir-moviy rangda, tomlari qizg‘ish va qoramtir tunukalar bilan yopilgandi. Devorlar bir xil — qordek oppoq, ko‘zni qamashtiradi.
Qishloq chetidagi yo‘ng‘ichqazor tepalikda shamol tegirmoni qurilgandi. Unda ko‘p yillar — yarim asr, balki undan ham avval Napoleon askarlari uchun un tortilardi. Shu paytlarda tegirmon ham, parraklari ham qizil rangga bo‘yalgan, yillar o‘tgach, shamol va quyosh ta’sirida bo‘yoqlar qoramtir tus olgandi. Tegirmon ingragandek ovoz chiqarar, parraklari bamisoli bodga yo‘liqqan keksa kishining a’zoi badaniga o‘xshab ilvillab qolgandi. Shunga qaramay, tegirmon hozir ham butun viloyatga halol xizmat qilardi. Tegirmonga ro‘baro‘ nayzador qubbali kichkina kulrang cherkovning yagona qo‘ng‘irog‘i ertalab, tush payti va kechqurun bo‘g‘iq jaranglardi. Qishloqdan sal narida gullarga burkangan o‘tloq va boshoq tortgan bug‘doyzor sokin dengizdek chayqalib yotardi, ularning ortida — olisroqda, Antverpen jomesining qirrador devori va nayzali qubbasi ko‘rinib turardi.
Qishloq chetida Nello bilan Patrash yashaydigan g‘arib kulbaning egasi qashshoq va munkillab qolgan qariya Jon Daas edi. Bir vaqtlar askarlik qilgan bu kishi, yurtni xarobaga aylantirgan urushni sira unuta olmasdi. Urushdan u hech narsa orttirgani yo‘q, faqat yaralanib, mayib bo‘lgani qoldi.
Daas sakson yoshga kirganda Ardennada yashaydigan yakkayu yolg‘iz qizi ikki yoshli o‘g‘lini unga qoldirib, hayotdan ko‘z yumdi. Qariya zo‘rg‘a kun ko‘rayotganiga qaramay, boshiga tushgan musibatni matonat bilan yengdi. Tez orada Nello ko‘zining oqu qorasi, quvonchi va ovunchog‘iga aylandi.
Qariya nabirasi bilan g‘arib kulbada yaratganga shukur qilib yashay boshladi.
Bu uy loydan omonat qurilganiga qaramay, saranjom-sarishta, dengiz chig‘anog‘idek oppoq edi. Yonidagi bir parcha yerda loviya, karam va qovoq o‘sardi. Jon Daas bilan Nello qo‘l uchida kun ko‘rishardi. Ko‘pincha kechki taomsiz yotib qolishar, hech qachon to‘yib ovqat yemas edilar. Qariya nabirasini jonidan yaxshi ko‘rar, Nello esa yoqimtoy va itoatgo‘y, shirin bola bo‘lib voyaga yetmoqda edi. Ular boriga qanoat qilishga odatlanishgan, faqat biron kori hol yuz berib, Patrashdan ajralib qolishdan xavotirlanishar edilar. Patrash bo‘lmasa qanday kun kechirishadi, axir? It ularning boquvchisi va yagona do‘sti, agar u yo‘qolib ketsa yoki o‘lib qolsa, ularning holi voy bo‘lishi aniq. Chunki Jon Daas keksa va nogiron, Nello esa hali madadga muhtoj go‘dak edi.
Flamand zotli Patrash malla rang, kallasi bo‘rinikidek katta, qulog‘i tikkaygan, ko‘krakdor, oyoqlari baquvvat ko‘ppak edi. U odamlarga sadoqat bilan xizmat qilishga o‘rgangan vafodor itlar nasliga mansub. Og‘ir aravachalarga qo‘shiladigan bunday itlar ko‘pincha tinka-madori qurib, yo‘lda o‘lib ketishardi. Patrashning ota-onalari shunday qismatga duchor bo‘lishgan, uni ham shunday kelajak kutardi. Bo‘lmasam-chi! Nasroniylar yurtida kambag‘al qariyaga hech kim yordam bermaydi, Patrash esa bor-yo‘g‘i oddiy bir it edi.
U kuchuklik paytidanoq aravacha tortish qanchalik og‘irligini, qayishlar a’zoi badanini qanday qaqshatishini tatib ko‘rgan edi. Uni, yoshiga yetmasidanoq, idish-tovoq bilan savdo qilib, ko‘k dengizdan moviy tog‘largacha tinimsiz kezib yuruvchi savdogarga sotib yuborishgandi. Hali kichikligi uchun bahosi ham suv tekin bo‘lgandi.
Bag‘ri tosh savdogar uzzu kun mast-alast yurardi. U aravachani turli-tuman idish-tovoqlar, kastryul, chelak va ko‘zacha singari sopol, mis, qalay buyumlar bilan to‘ldirib, Patrashni sillasi quriguncha ishlashga majbur etardi. O‘zi aravacha yonida trubkasini tutatib borar va yo‘lda uchragan barcha qovoqxonalarga birma-bir kirib chiqardi.
Patrash, o‘zining baxtigami yoki baxtsizligigami, g‘oyat kuchli va chidamli edi. U og‘ir mehnat ostida ezilib o‘lib ketmadi, ochlik va tashnalikka, qamchi azoblariga bardosh berdi.
Ikki yil o‘tdi. Bir kuni Patrash, odatdagidek, metall va sopol idishlarga liq to‘la aravachani Antverpenga, Rubens1 yurtiga chang-tuproq yo‘ldan tortib borayotgandi. Yoz ayni avjida, havo nihoyatda issiq, xo‘jayini odatiga ko‘ra erinib qadam tashlar, ammo dam-badam qamchisini silkitib, Patrashning madordan qolayotgan oyoqlariga qarsillatib tushirib turardi. U har galgidek, yo‘l yoqasidagi duch kelgan qovoqxonaga kirib pivo ichar, bechora itga esa loaqal bir daqiqa to‘xtab, ariqdan suv ichishiga ham imkon bermasdi. Patrash quyosh tig‘ida qizib ketgan yo‘ldan zo‘r-bazo‘r borar edi. U bir kecha-kunduzdan beri hech narsa yemagan, buning ustiga mana, o‘n ikki soat bo‘ldiki, bir tomchi suv ham ichmagandi. Chang-to‘zonda hech narsani ko‘rib bo‘lmasdi, yaralari azob berar, og‘ir yuk yelkalarini ezib tashlagandi. Patrash bexosdan gandiraklab ketdi va og‘zidan ko‘pik chiqib, yiqilib tushdi.
U yo‘lning qoq o‘rtasiga, quyosh tig‘iga yiqilganicha o‘likdek harakatsiz yotib qoldi. Xo‘jayin har galgidek bu safar ham ixtiyoridagi yagona vositani ishga soldi — itni bo‘ralab so‘kdi, tepib, kaltakladi. Lekin foydasi bo‘lmadi: qora tuproqqa belangan Patrash qimirlay demas, o‘likdek dong qotgan edi.
Uning kuni bitganini sezgan xo‘jayin barcha afzallarini yechib olib, jon taslim qilayotgan itni tepib yo‘l chekkasiga chiqardi va qarg‘a-qumursqalar ixtiyoriga tashlab, oh-voh qilib so‘kinganicha og‘ir aravachani toqqa qarab o‘zi sudrab ketdi. U Luvendagi yarmarkaga oshiqardi, chunki mollarini sotish uchun maydonchadan yaxshi joy olish dardida edi. Manzilga yetguncha aravani o‘zi sudrab borishini o‘ylardi-yu, itni avaylash, g‘amxo‘rlik qilish lozimligini xayoliga ham keltirmasdi. O‘lay deb turgan hayvondan naf bormi? Yo‘lda duch kelgan birinchi itni tutib oladi-da, Patrashning o‘rniga qo‘yadi, vassalom.
Patrash yo‘l chekkasida, o‘tlar orasida uzoq yotdi. Shu kuni yo‘l juda serqatnov bo‘ldi. Yuzlab odamlar piyoda yoki xachirga mingan holda arava haydab, zambilg‘altagini sudrab, Luven yarmarkasiga oshiqardi. Ba’zilar Patrashni payqamas, ba’zilar esa ko‘rsa-da, e’tibor bermay o‘tib ketishardi. Bitta it bor bo‘ldi-yu, yo‘q bo‘ldi, nima qilibdi.
Ancha vaqt o‘tgach, oqib o‘tayotgan olomon orasida qaddi bukchaygan, oqsoq, munkillab qolgan qariya ko‘rindi. U nihoyatda g‘arib kiyingan, chang bosgan yo‘ldan oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab kelardi. U Patrashni ko‘rgach, hayrat ichida to‘xtadi, so‘ng yo‘l chekkasiga o‘tib, qalin o‘t ustiga tiz cho‘kdi va rahm-shafqat to‘la nigohi bilan uzoq termilib qoldi. Yonidagi uch yoshlardan oshgan malla soch, qora ko‘zli bolakay ham o‘t-o‘langa ko‘milib, qimirlamay yotgan ulkan itga angrayib qarab turardi.
Kichkina Nello bilan katta Patrash ana shu tarzda uchrashgan edilar.
Keksa Jon Daas itni ko‘p mashaqqatlar bilan yo‘l yoqasidagi kulbasiga olib bordi. Tashnalikdan va ochlikdan sillasi qurigan Patrash jaziramada yiqilib qolgandi. U bir necha hafta kasal, zaif, yarimjon alfozda yotdi. Bu yerda uni hech kim o‘shqirib kaltaklamas, aksincha, silab-siypalayotgan keksa kishining mehribon qo‘llarini his etar, qulog‘iga esa murg‘ak bolaning yoqimli ovozi eshitilar edi. Qariya va go‘dak Patrashga birdek g‘amxo‘rlik qilishardi. Avvalo kulbaning bir burchagidan joy ajratib, yumshoq pichan to‘shab berdilar. Kechalari itdan dam-badam xabar olib turishardi. Patrash ilk bor bo‘g‘iq ovoz chiqarib vovullaganda ular xandon otib kulib yubordilar, sevinchdan ko‘zlarida yosh paydo bo‘ldi. Endi sog‘ayib ketishi aniq. Quvonchga to‘lgan jajji Nello moychechaklardan gulchambar yasab, itning bo‘yniga osib qo‘ydi.
Butunlay tuzalib, yana baquvvat tortib ketgan Patrashning katta qora ko‘zlari hayratdan charaqlardi: uni hech kim so‘kmas, huda-behuda kaltaklamasdi. Minnatdor ko‘ppak bu mehribon kishilarga umrbod bog‘lanib qoldi, ularning har bir xatti-harakatini mehr bilan kuzatadigan bo‘ldi.
Qari askar Jon Daas har kuni sut to‘la idishlarni kichkina aravachasiga ortib Antverpenga olib borar edi. Sutni sigiri bor qo‘shnilardan olardi. Ular bu halol odamga to‘la ishonishib, mahsulotlarini topshirishar va o‘zlari uylarida qolib, bog‘larini parvarish qilishar, mollari, tovuqlarini boqishar yoki kichkina chorbog‘larida ishlashardi. Ammo qariya uchun shaharga borib-kelish kun sayin og‘ir mashaqqatga aylanib borardi. Yoshi sakson uchga yetgan, Antverpen esa roppa-rosa besh chaqirim uzoqda edi.
Bir kuni butkul sog‘ayib ketgan, bo‘yniga moychechakdan chambar osilgan Patrash, oftobda toblanib yotgan ko‘yi, aravachani tortib borayotgan qariya orqasidan mo‘ltirab qarab qoldi. Ertasi kuni chol aravaga qarab yurishi bilanoq, Patrash yotgan joyidan qo‘zg‘alib, shoti orasiga kirib oldi va aravani tortmoqchiday bo‘lib turdi. Shotida bog‘lanadigan hech narsa yo‘qligi uchun u aravachani tishlab tortishga urina boshladi. Qariya uni sekingina chetga surdi, ammo Patrash oyog‘ini tirab turib oldi. Daas yon berdi. U bo‘yinbog‘ yasadi, shundan buyon har kuni aravachani shaharga it tortib boradigan bo‘ldi.
Qish boshlandi, Jon Daas taqdirning iltifotidan mamnun edi. Qarib, holdan toyganidan qor bosib, o‘nqir-cho‘nqir, botqoqqa aylangan og‘ir yo‘ldan aravachani tortib shaharga borib-kelishi amri mahol bo‘lib qolgandi. Patrash esa yo‘l azobini pisand qilmasdi. Avvalgi xo‘jayinning zil-zambil yukini sudrab, har qadamda tepki yeganiga qiyoslansa, yaltiroq bidonlar ortilgan to‘q-yashil aravacha o‘yinchoqqa o‘xshab tuyulardi. Buning ustiga har doim dalda berib, yag‘rinini silab-siypalaydigan, og‘zidan iliq so‘zlar tushmaydigan mehribon qariya yonida borardi. Soat uch-to‘rtlarda manzilga qaytishgach, u xohlagan ishini qilishi mumkin edi: bola bilan maysazorda umbaloq oshar yoki boshqa itlarga qo‘shilib, xushhol o‘ynab yurardi. Patrash nihoyatda baxtiyor edi.
Shunday qilib, ikki yil o‘tdi. Bod kasali qari Daasni butkul holdan toydirdi, endi u aravachaga yetib yurolmas edi. Uning o‘rniga besh yoshga to‘lgan Nello sut sota boshladi. U bobosi bilan birga shaharga ko‘p martalab borgani uchun barcha yo‘llarni yaxshi bilib olgandi.
Qo‘y ko‘z, yuzlari qip-qizil, jingalak sochlari yelkasiga tushgan Nello yoqimtoy bola edi. Qaysidir bir rassom mis bidonlar ortilgan to‘q-yashil aravachani tortib borayotgan, bo‘yniga jajji qo‘ng‘iroqli bo‘yinbog‘ osilgan katta malla it tasvirini ko‘p martalab chizdi. Albatta, bu rasmlarda yalang oyoqlariga katta boshmoq kiygan, Rubens chizgan suratlardagi yoqimtoy bolalarni eslatadigan Nelloning qiyofasi ham aks etgan edi.
Nello va Patrash ishga shunchalik abjirlik va quvnoqlik bilan kirishib ketishdiki, hatto Daas o‘zini yaxshi his qiladigan yoz oylarida ham shaharga borishiga hojat qolmadi. U aravacha ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha ostonada qarab turardi. So‘ngra oftobda isingancha xayolga cho‘mib o‘tirar yoki mudroq bosib, uyquga ketar edi. Minoradagi soat uchga zang urganidan keyin u uyg‘onar va jajji nevarasi bilan kuchugi qaytishini betoqat kuta boshlardi. Bo‘yinbog‘i yechilgan Patrash shodon vovullab irg‘ishlar, Nello esa bugun nimalar qilganini bobosiga birma-bir so‘zlab berardi. Keyin ovqatlanishardi — sutga bo‘ktirib qora non yeyishar yoki obiyovg‘on ichishardi. Yalang tekislikdagi soyalar asta-sekin uzayib borib, soatli minorani qorong‘ilik bosganda uchalasi ham tinch uyquga ketishardi.

II

Ular yozda osuda kun kechirishardi. Shahar atrofidagi Flandriya manzaralari maqtagudek go‘zal emas edi. Tekislik bo‘ylab cho‘zilgan dala va o‘tloqlar orasida har joy-har joyda kulrang qubbali ibodatxona yoki bir bog‘ pichan orqalab kelayotgan yolg‘iz odamning qorasi ko‘rinib qolardi. Ammo bu o‘lka yerlari hosildor bo‘lib, bepoyon ufqlar o‘ziga xos tarovatga ham ega edi. Qirg‘oq bo‘yidagi qamishlar orasida nilufarlar o‘sar, ko‘kka bo‘y cho‘zgan teraklar shovullar, anhor bo‘ylab quyosh nurida tovlanayotgan rang-barang bayroqlar osib olgan katta yuk kemalari ohista suzardi.
Nello bilan Patrash bo‘sh vaqtlarida yashil o‘tloq bo‘ylab kezishar, ko‘pincha kanal qirg‘og‘idagi qalin maysalar orasida yotib, olis dengizlarning sho‘r havosini bag‘riga joylab kelayotgan bahaybat kemalarni tomosha qilishni yaxshi ko‘rishardi.
Qishda ahvol ancha og‘ir kechardi. Qahraton sovuq tufayli tong qorong‘isida turishga to‘g‘ri kelar, ba’zan yeyishga hech narsa topolmay qolishardi. Yozda uzum ishkomlari bilan qoplangan sokin kulbani qish tunlarida isitish og‘ir mashaqqatga aylanardi. Ba’zan uy ichiga oqib kirgan suv muzlab qolardi. Ilvillab qolgan devorlar orasida shamol g‘uvillar, yalang‘och yovvoyi uzum va shumshaygan dala qorayib ko‘rinardi. Xullas, qish ularni ayab o‘tirmasdi. Sovuqdan bolaning qo‘l-oyoqlari qorayib ketgandi, serg‘ayrat Patrashning panjalari muz parchalaridan jarohatlangan edi.
Ammo qish paytlarida ham ular tinim bilishmasdi. Yirtiq boshmoq kiygan bola va bo‘yinbog‘idagi qo‘ng‘iroqlarni jiringlatgan it muz bosgan dala bo‘ylab to‘xtovsiz kezishardi. Ba’zan Antverpen ko‘chalaridagi ayollar ularni yovg‘on sho‘rva yoki bir bo‘lak non bilan siylar, rahmdil savdogar esa uylariga qaytayotgan paytlarida aravachaga bir necha palyon tashlab qo‘yardi. Qishloqdagi bekalardan ba’zilari ularga ozgina sut in’om etadigan kunlar ham bo‘lib turardi, shunda ular qor bosgan ko‘chalarda erta tongdan tetik qadam tashlab, uyga quvnoq va baxtiyor holda qaytar edilar.
Umuman olganda, ular judayam yomon kun kechirishmasdi. Yo‘lda va ko‘chalarda ertadan, kechgacha dam olmay ishlab, evaziga faqat tepki yeb, so‘kish eshitadigan boshqa itlarni ko‘rgan Patrash esa o‘zini nihoyatda baxtli his etardi.
Patrashning birgina dardi bor edi. U ham bo‘lsa, dengiz yoqasiga joylashgan Antverpen shahri bilan bog‘liq edi. Savdo rastalari, tor, iflos ko‘chalari, gavjum bozor maydoni, kichkina hovlilardagi toshdan qurilgan eski uylari bilan tanilgan shaharda butun dunyoga dong taratgan Rubens tug‘ilib, ijod etgan. Bu yerdagi muqaddas Yakov ibodatxonasida uning marmar qabri bor. Shahardagi boshqa imoratlardan baland bo‘lgan bu ulug‘vor kulrang binoga Nelloning tez-tez kelib turishi Patrashga yoqmasdi. Bola qora ravoqlar ichiga kirib g‘oyib bo‘lar, ko‘chada qolgan Patrash esa do‘sti nega uni tashlab ketganiga aqli yetmay, jonsarak kutishga majbur edi. Ba’zan u zinapoyalardan o‘tib, aravachadagi idishlarni taraqlatgan holda ichkariga kirishga urinar, ammo har gal kumush zanjirga kalit shodasini osib olgan qora kiyimli kishi uni haydab yuborardi. Patrashning ostonada kutishdan boshqa iloji qolmasdi. Mana shu binoga kirib chiqqandan keyin Nelloda bo‘ladigan g‘alati o‘zgarish Patrashni bezovta qilardi. Bola ichkaridan goh ko‘zlari charaqlab, goh g‘am-g‘ussaga botib chiqar edi. Uyga qaytgandan keyin ham xayolga cho‘mib qolar, o‘ynab-kulmas, g‘amgin, aftodahol bo‘lib, qorong‘i osmonga tikilgancha jim o‘tirardi.
Nega bunday bo‘layapti ekan? Bolaning g‘amga botib yurishi yaxshi emas. Patrash Nelloni quyosh nurlariga cho‘mgan dalada yoki shovqin-suronli bozor maydonida ko‘proq yurishini xohlardi. Ammo Nello katta ibodatxonaga qatnagani-qatnagan. Patrash uni kutib temir panjaralar tagida yotar, ba’zan ulishga tushar, ammo buni zarracha nafi tegmasdi. To eshik yopilmaguncha bola ichkaridan chiqmasdi. U Patrashning bo‘ynidan quchoqlab, keng peshonasidan o‘par va har gal qulog‘iga bir xil so‘zlarni pichirlardi: — “Ularni” bir marta ko‘rsam qaniydi, Patrash! Bir martagina ko‘rolsam!..
“Ular” nima ekan?” — Patrash bunga tushunolmay Nelloga muloyim, aqlli ko‘zlarini tikib, jovdirab qarardi.
Bir kuni qorovul joyida yo‘q bo‘lib, eshik ochiq qolgandi. Patrash do‘stining orqasidan ibodatxona ichiga kirib bordi. “Ular” yon devorga ishlangan parda bilan to‘sib qo‘yilgan ikkita katta suratlar edi. Rubens chizgan uchinchi surat — “Xushxabar” ochiq bo‘lib, Nello uning qarshisida tiz cho‘kib, hayrat bilan tikilib o‘tirardi. U Patrashni sezib qolgach, indamay o‘rnidan turdi-da, itni yetaklab tashqariga yurdi. Bolaning yuzlari ko‘z yoshdan ho‘l edi. To‘sib qo‘yilgan suratlar yonidan o‘tar ekan, u shivirladi:
— Eh, Patrash! “Ular”ni ko‘rolmaslik qanchalik og‘ir. Pulim yo‘qligi uchun ko‘rolmayman-da. Axir rassom bu suratlarni chizgan paytda, kambag‘allar ko‘rmasin demagan-ku. U har qanday kishi ularni xohlagancha ko‘rishini orzu qilgan. Men bunga juda ishonaman. Yaramas odamlar bo‘lsa ularni parda orqasiga yashirib qo‘yishgan. Ularga nur ham tushmaydi, puldor odamlargina ko‘rish imkoniga ega. Ularni ko‘rib o‘lsam, armonsiz ketardim!
Ammo u rasmlarni ko‘rolmasdi, chunki Rubensning “Salbga tortish” va “Salbdan olish” asarlarini ko‘rish uchun kumush frank to‘lash kerak. Bu esa Nello uchun bamisoli ibodatxonaning nayzador qubbasiga chiqishdek imkonsiz narsa edi. Uning qo‘liga yovg‘on uchun ozgina un va bir necha g‘o‘la o‘tin sotib olishga zo‘rg‘a yetadigan mayda sudan boshqa pul tushmagandi.
Bola rasm chizishni jon-dilidan yaxshi ko‘rardi. Aravachaga qo‘shilgan katta it bilan erta tongda shahar ko‘chalarida paydo bo‘ladigan bu sodda qishloq bolasi Rubens haqida o‘ylagani-o‘ylagan edi. Qorni och, yirtiq-yamoq boshmoq kiyib, sovuqda qaltirab yurganiga qaramay, u chuqur xayolga botib ketar, “Xushxabar” asaridagi jingalak oltin sochli sohibjamol Mariyaning muloyim siymosi ko‘z oldidan aslo nari ketmasdi.
Qashshoqlikda o‘sgan Nello maktab ko‘rmagan edi, ammo tabiat unga noyob iste’dod ato etgandiki, bu baxt belgisimi yoki baxtsizlikmi, hech kim, hatto bolaning o‘zi ham bilmasdi. Faqat Nellodan bir qadam ham ajralmaydigan Patrashgina bola duch kelgan narsani toshlarga bo‘r bilan chizib tashlashini va poxol to‘shagida yotgan paytida ham Rubensning nomini tildan qo‘ymasligini bilar edi. Quyosh charaqlab chiqayotgan yoki tumanga chulg‘anib botayotganda bola shodlikka to‘lib yoki o‘yga tolib, tikilib qolishini Patrash ko‘p martalab ko‘rgan. Malla it paxmoq basharasiga Nelloning goh quvonchli, goh g‘amgin ko‘z yoshlari tez-tez oqib tushishiga ko‘nikib qolgandi.
— Kulba bilan bir parcha yer sotib olishga qurbing yetishini bilsam, tinchgina oyoq uzatardim, — deb ko‘p takrorlardi falaj bo‘lib qolgan chol nevarasiga. — Yering bo‘lsa xotirjam ro‘zg‘or tebratarding, qo‘shnilar hurmat qilib “baas” deb chaqirishgan bo‘lardi.
Kambag‘al flamand dehqonlarining hammasi bir parcha yerni orzu qiladi. Yoshligida olam kezib, yurtiga qashshoqligicha qaytgan keksa askarning aziz nabirasi yer haydab, badastur yashashini orzu qilishdan boshqa narsaga kuchi yetmasdi.
Nello indamasdi. U bir parcha yer egasi bo‘lib, shinam uyda yashab, qo‘shnilari uchun “baas” bo‘lishni emas, boshqa narsalarni ko‘proq o‘ylardi. Quyosh botayotganda yoki ilk sahar tumanida dala chekkasidan o‘tayotganida ibodatxonaning nayzador qubbasi unga butunlay boshqa narsalarni gapirayotgandek bo‘lardi. Bola o‘z orzularini g‘ira-shira tongda shaharga ketayotganda yoki qalin qamishlar shildirab turadigan qirg‘oqda dam olib yotgan paytlarida itning qulog‘iga bolalarcha shivirlab aytardi. Bularni katta odamlarga aytishdan foyda yo‘q edi. Qaytanga bir burchakda qimirlamay yotib qolgan keksa Jon Daasni ranjitgan bo‘lardi, xolos. Qariya har zamonda pivo ichgani kirib turadigan mayxona devoriga ko‘k va qizil bo‘yoqlarda chizilgan “Madonna” deb ataluvchi surat bilan Flandriyaning dunyoga mashhur durdonalari orasidagi farqni ajrata olmasdi.
Nello ko‘nglidagi ajib orzularini Patrashdan tashqari Aloizaga ham aytishga jur’at etardi. Aloiza — muloyim, ko‘zlari qop-qora, o‘n ikki yoshli qizaloq edi. U yashil tepalikdagi eski qizil tegirmonda yashar, otasi qishloqning eng badavlat odami hisoblanardi. Qizcha Nello va Patrash bilan do‘st edi. Ular yozin-qishin birga o‘ynashar, dalada qorag‘at terib, moychechaklardan gulchambarlar yasashar, qor tushgach sirpanib, umbaloq oshib, so‘ng tegirmonchining uyidagi oromijon o‘choq yonida isinib vaqt o‘tkazishardi.
Tegirmonchining yolg‘iz farzandi Aloiza qishloqdagi eng boyvuchcha qiz edi. Ko‘k movut paltosida bironta yamoq yoki dog‘ ko‘rinmasdi. Yarmarka kunlari sovg‘a qilingan tillarang yong‘oq va xo‘rozqandlar ko‘pligidan qizchaning hovuchiga sig‘mas edi. Bayramlarda boshiga qimmatbaho to‘r va nodir toshlar bilan ziynatlangan qalpoqcha kiyardi. Qalpoqcha buvisidan qolgan noyob yodgorlik sanalardi.
Aloizaning otasi baas Koges nihoyatda o‘jar kishi edi. Bir kuni u tegirmon orqasidagi pichani o‘rilgan o‘tloqda qizi bilan do‘stlarini ko‘rib qoldi. Aloiza yangi pichan bog‘i ustida o‘tirar, Patrash esa tizzasiga boshini qo‘yib, cho‘zilib yotardi. Ikkalasining ham bo‘ynida moychechak va bo‘tako‘zlardan to‘qilgan gulchambar. Nello bo‘lsa silliq qarag‘ay taxtachaga ko‘mir bilan ularning suratini chizmoqda edi.
Tegirmonchi to‘xtab, arzandasining suratiga razm soldi va ayni o‘zidek chiqqanini ko‘rib, hayratga tushdi. Shunga qaramay, onasiga qarashish o‘rniga ko‘chada sandiroqlab yurgan qizini jerkib, uyiga haydadi. Qo‘rqib ketgan Aloiza yig‘lab yubordi. Tegirmonchi Nelloning oldiga kelib, taxtachani yulqib oldi.
— Doim shunaqa ermak qilasanmi? — so‘radi u jiddiy.
Bola boshini egdi.
— Nimani ko‘rsam, shuni chizaman, — deb g‘o‘ng‘illadi u.
Tegirmonchi o‘ylanib qoldi, so‘ng cho‘ntagidan kumush frank olib Nelloga uzatdi:
— Aytib qo‘yay: behuda ermak bilan vaqtingni bekor o‘tkazma. Ammo manavi narsang Aloizaga juda o‘xshabdi, u onasiga ham yoqsa kerak. Mana bu bir frank senga, men suratni sotib olaman.
Bolaning yuzi qizardi. U qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, tegirmonchiga tik qaradi.
— Pulingiz kerak emas, baas Koges. Portretni shundoq olavering, — dedi u samimiyat bilan. — Siz har doim menga mehribonlik qilasiz.
So‘ng u Patrashni chaqirdi-da, o‘tloq bo‘ylab uyiga ketdi.
— Bu frank “ularni” ko‘rishga yetardi, — shivirladi u Patrashga. — Ammo men uning portretini sotishni xohlamayman.
Koges uyiga kelib xotiniga tayinladi:
— Aloiza bundan keyin anavi bola bilan o‘ynamasin. Katta bo‘lib, unga uylanaman deb qolsa, yaxshilik chiqmaydi.
— U juda odobli, kamtar bola, — dedi tegirmonchining xotini devordagi o‘yma yog‘ochli soat ustiga qarag‘ay taxtachani o‘rnatayotgan eridan ko‘z olmay.
— Men buni inkor etayotganim yo‘q, — dedi tegirmonchi trubkasini buruqsitib.
— Unda nimadan qo‘rqayapsan? — jur’atsizgina so‘radi xotini. — Buni nimasi yomon?! Mol-dunyomiz ikkalasiga yetib ortadi, baxtli yashashsa bo‘ldi-da.
— Sochi uzun, aqli kalta ayolsan-da! — baqirdi tegirmonchi trubkasini stolga uloqtirib. — Bola — qashshoq, undan ham yomoni, o‘zini rassom deb o‘ylaydi. Ko‘zingga qara, yana birga o‘ynab yurishganini ko‘rsam, qizingni monastirdagi pansionga jo‘natib yuboraman.
Qo‘rqib ketgan xotin erining buyrug‘iga bo‘ysunishga majbur bo‘ldi. Faqat kambag‘al deb, qizini aziz do‘stidan judo qilish achinarli bo‘lsa-da, eriga gap qaytarishga botina olmadi. Shu kundan boshlab, u Aloizani har xil bahonalar bilan Nelloning oldiga yo‘latmay qo‘ydi. Oriyatli bola qattiq xafa bo‘ldi va Patrash bilan tegirmonga borishni bas qildi. U Aloizaning portretini chizganim tegirmonchiga yoqmagan bo‘lsa kerak, deb tusmol qildi o‘zicha.
Bolalar nogoh uchrashib qolishganda qiz sog‘inchdan yugurib kelib qo‘l uzatsa, o‘zidan ko‘ra qizning tinchligini ko‘proq o‘ylagan bola, ma’yus jilmaygancha, uni nari itarib shunday der edi:
— Qo‘y, Aloiza, otangni jahli chiqadi! Men bilan birga behuda sandiroqlab yurishingni, birga bo‘lishimizni xohlamaydi. U yaxshi odam, seni ham yaxshi ko‘radi. Uni xafa qilmaylik, Aloiza!
Nelloning yuragi g‘am-g‘ussaga to‘la edi. Endilikda u teraklar qulf urgan yo‘ldan Patrash bilan birgalikda borayotib, quyosh chiqishini avvalgidek shodon kuzatmay qo‘ygandi. Bir paytlar u shaharga ketayotganda ham, qaytayotganda ham eski tegirmon oldida to‘xtab, tegirmonchining oilasi bilan xurram salomlashib o‘tardi. Pastak eshikdan qoramtir sochli bosh ko‘rinar va mo‘jaz qo‘llar Patrash uchun katta bir bo‘lak non uzatardi. Endi esa bola bu yerda sira to‘xtamasdi, faqat Patrash eshikka mo‘ltirab tikilib o‘tardi. Aynan shu payt Aloiza ko‘z yoshlarini oqizgan ko‘yi o‘choq oldidagi so‘rindiqda nimadir to‘qib o‘tirardi, un solingan qoplar orasida imirsilab yurgan baas Koges esa o‘jarlik bilan o‘zicha g‘udranardi:
— Shunisi ma’qul. Qashshoq bo‘lsa, buni ustiga miyasi nuqul bo‘lmag‘ur xayollarga to‘lib yursa. Undan uzoq yurgan tuzuk.
Sovg‘asini qabul qilib, o‘zini rad etishganini bola katta adolatsizlik deb hisoblardi. Shikoyatga odatlanmagan Nello alamini ichiga yutib, keksa Jon Daasni: “Biz kambag‘almiz, bizga tanlashni kim qo‘yibdi”, — degan so‘zlarini odob bilan tinglar, ammo ko‘nglida: “Kambag‘al ham tanlashi mumkin, — mashhur bo‘lsa u ham hurmat-e’tiborli bo‘ladi”, — degan yashirin ilinj bilan yurardi. U soddadillik bilan shunday bo‘lishiga juda ishonardi.
Bir kuni Aloiza uni daladagi anhor bo‘yida tasodifan uchratib qolib, ertaga tug‘ilgan kuniga qishloqdagi barcha bolalar taklif etilgani, Nelloni bu tantanaga chaqirishga ota-onasi ruxsat bermagani to‘g‘risida so‘zlab, achchiq yig‘ladi.
— Hammasi o‘tib ketadi, Aloiza, yupatdi uni Nello. — Vaqti kelib otang meni yuzimga eshik yopmaydigan bo‘ladi. Faqat sen meni unutmasang bo‘ldi, Aloiza, so‘zim esingda tursin, men hali mashhur rassom bo‘laman.
— Seni unutsam-chi!!! — ko‘z yoshi aralash hazil qildi qizcha.
Nello botayotgan quyosh nurlarida yarqirab turgan ibodatxona qubbasiga qaradi. Bolaning yuzidagi qandaydir tantanavor, shu bilan birga g‘am-g‘ussaga to‘la g‘alati tabassum Aloizani qo‘rqitib yubordi.
— Baribir men rassom bo‘laman, Aloiza, — pichirladi Nello. — Olamga mashhur bo‘laman yoki o‘lib ketaman.
U baland o‘sgan bug‘doyzor oralab uyiga borayotib, qishlog‘iga ko‘p yillardan so‘ng baxtiyor qaytishini, shunda Aloizaning qarindoshlari uni ostonadanoq izzat-ikrom bilan kutib olishlarini o‘ylab, shirin xayol surar edi. Uni ko‘rish uchun hali barcha hamqishloqlari yig‘ilishadi, dehqonlar bir-birlariga:
— “Ko‘rayapsizlarmi? Bu nomi dunyoga mashhur rassom o‘zimizning jajji Nello bo‘ladi. Bir vaqtlar u kambag‘al edi, itining sharofati bilan bir parcha non topardi”, — deb shivirlashadi.
Nello bobosiga mo‘yna yoqali barqut kaftan kiydirib qo‘yishini va uni Rubens kartinasidagi cholga o‘xshatib chizishini ko‘z oldiga keltirdi. U Patrashga oltin bo‘yinbog‘ sotib oladi va itning yonida turib, yig‘ilgan odamlarga:
“Bir vaqtlar bu it mening yagona do‘stim edi”, — deb e’lon qiladi.
So‘ng u ibodatxona tomonga qaratib katta marmar qasr quradi, ko‘rkam bog‘ yaratadi. Bu qasrda o‘zi emas, balki buyuk ishlarga bel bog‘lagan kambag‘al va yolg‘iz o‘smirlar yashaydi. O‘zi haqida maqtovlar eshitganda esa:
“Menga emas, Rubensga minnatdorchilik bildiringlar. Agarda u bo‘lmaganida, men bu martabaga yetarmidim?” — deydi.
Mana shunday go‘zal va sodda xayollar og‘ushida dala bo‘ylab borayotgan Nello baxtiyor edi. U buyuk rassom dahosidan minnatdor, hatto Aloizaning tug‘ilgan kunida qorong‘u kulbasida qora nondan bo‘lak hech vaqo yo‘qligi ham kayfiyatini buzmagan edi. Qishloq bolalari esa shu damda tegirmon orqasidagi katta shiyponda dumaloq shirin kulchalar yeb, konfetlar shimib, yulduzli osmon ostida skripka va nay jo‘rligida qo‘shiqlar aytishib, xurram o‘yin-kulgi qilishmoqda edi.
— Kuyunma, Patrash, — dedi Nello itining bo‘ynidan quchoqlab, kulba ostonasida o‘tirarkan. — Kuyunma, vaqti kelib hammasi boshqacha bo‘ladi.
Tungi shamol tegirmon tomondan quvnoq kulgi tovushlarini olib kelardi.

III

— Bugun Aloizaning tug‘ilgan kuni edi shekilli? — dedi keksa Daas. Bola bosh silkib tasdiqladi. Bobosi bu haqda eslamasa yaxshi edi.

— Unda nega uyda o‘tiribsan? — davom ettirdi bobo. — Bu kun doimo ularnikida bo‘lar eding.
— Sizni yolg‘iz qoldirib ketgim kelmadi, siz kasalsiz-ku, — g‘uldiradi bola bobosining to‘shagiga engashib.
— Xavotir olma! Nullet xolani chaqirsang, kelib yonimda o‘tiradi. — Chol bir ozdan keyin bolani yana gapga tutdi. — To‘g‘risini ayt, Nello, nima bo‘ldi o‘zi? Qizcha bilan urishib qoldingmi?
— Yo‘q, bobojon, unday emas! — tez javob berdi bola uyatdan qizarib. So‘ng: — Baas Koges bu yil meni taklif qilmadi. Nimagadir meni yoqtirmay qolgan, — dedi.
— Bironta yomon ish qilgandirsanda?
— Hech qachon. Qarag‘ay taxtachaga Aloizaning rasmini chizgan edim, xolos.
— A-a!
Qariya jim qoldi. U bolaning javoblaridan gap nimada ekanligini darrov angladi. Kasallik uni ko‘pdan beri uy burchagidagi, ichiga paxta o‘rniga quruq barg tiqilgan to‘shakka mixlab tashlagan bo‘lsa-da, yorug‘ dunyo ishlarini unutgani yo‘q. Qariya Nelloning somonrang jingalak sochlarini ko‘kragiga bosib, o‘ksik ovoz bilan:
— Sen judayam kambag‘alsan, chirog‘im. Judayam kambag‘alsan! Hali ko‘p qiynalasan, — dedi.
— Kambag‘al emasman, men boyman! — shivirladi bola.
Nello bunga chindan ishonardi. Iste’dod — qirol xazinasidan ko‘ra kattaroq boylik deb bilardi. U kulbadan chiqayotib, ostonada to‘xtab, kuz osmonida charaqlayotgan yulduzlarga va shamolda tebranayotgan baland teraklarga uzoq tikilib qoldi. Tegirmonchining uyidagi barcha chiroqlardan nur yog‘ilib, nay sadolari eshitilardi. Nelloning ko‘z yoshlari yuziga oqib tusha boshladi, — u hali murg‘ak bola edi-da, — shunday bo‘lsa ham jilmaydi:
— Hali hammasi boshqacha bo‘ladi… — shivirladi u.
Hamma tovushlar tinib, butunlay qorong‘i tushgach, u Patrashni ergashtirib kulbaga kirdi. Ular yonma-yon yotib, chuqur uyquga ketdilar.
Nelloning faqat Patrash biladigan yana bir siri bor edi. Uy orqasida eski tashlandiq ustaxona bo‘lib, bu yerga Nellodan boshqa hech kim oyoq bosmagandi. Ustaxonaga shimol tomondan yorug‘lik tushib turardi. Bola randalanmagan taxtalardan molbertga o‘xshash bir narsa yasab, unga sarg‘ish qog‘oz qo‘yib, tasavvuridagi manzarani chiza boshlagandi.
Nello hech kimdan hech narsani o‘rganmagandi. Bo‘yoq sotib olishga pul qayda deysiz? Hatto eng arzon qalamlarni olish uchun ham necha martalab nondan voz kechishga to‘g‘ri kelardi. U ko‘rgan narsalarini faqat qora va oq ranglardagina aks ettira olardi.
Sarg‘ish qog‘ozga to‘nka ustida o‘tirgan kishining ulkan gavdasi qalam bilan chizilgandi. Nello keksa o‘tinchi Shimelni kechqurunlari ana shu alfozda o‘tirganini ko‘p marta ko‘rgan edi.
Rasm chizish qoidalarini bolaga hech kim o‘rgatmagani uchun, u tana tuzilishini ham, san’atdagi shartlilik qonunlarini ham bilmasdi, shunga qaramay, keksa o‘tinchining qiyofasi va ajindor yuzini shunchalik tabiiy aks ettira olgan ediki, to‘nka ustida o‘yga cho‘mib o‘tirgan yolg‘iz qariya bostirib kelayotgan qorong‘ilik qo‘ynida tirik odamdek ko‘rinar edi. Albatta, rasmni butunlay benuqson deb bo‘lmasdi, unda jiddiy kamchiliklar mavjud edi, ammo u haqqoniyligi va o‘ziga xos go‘zalligi bilan keksa kishining ichki kechinmalarini chuqur ifodalagandi.
Bola har kungi yumushlarini ado etib bo‘lgach, molbert qarshisiga o‘tirar, Patrash esa do‘sti qanday ishlayotganini kuzatib yonida soatlab cho‘zilib yotardi.
Nello bu rasmni Antverpen shahrida e’lon qilingan ko‘rikka taqdim etish ishtiyoqida matonat bilan pinhona mehnat qilmoqda edi. Ko‘rikda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan har qanday o‘smir bo‘r yoki qalamda chizilgan mustaqil rasmi bilan qatnashishi mumkin edi. Eng yaxshi rasm uchun ikki yuz frank mukofot belgilangandi. Rubens yurtdoshlaridan uchta eng mashhur rassom hakamlikka tayinlangandi.
Nello bu surat ustida ko‘klam, yoz, kuz paytlari tinim bilmay ishladi. Agar mukofot olsa, o‘zi sevgan san’at sohasida o‘qishga kirishi mumkin.
Bular haqida u hech kimga gapirgan emas. Bobosi baribir uni tushunmaydi. Aloiza bilan esa uchrashmay qo‘ydi. Orzulari haqida faqat Patrash bilan hasratlashishi mumkin, shu bois bola uning qulog‘iga shivirlardi:
— Rubens mukofotni menga bergan bo‘lardi. Agar tirik bo‘lganda shubhasiz, u meni taqdirlardi.
Suratlarni birinchi dekabrgacha topshirish lozim edi. G‘olib chiqqan o‘smir Rojdestvo bayramini shod-xurram nishonlasin deb hay’at qarori yigirma to‘rtinchida e’lon qilinib, mukofot topshiriladi.
Sovuq tonglardan birida, yuragi umidvorlik va xavotirga to‘la Nello, katta suratni yashil aravachaga solib, Patrash yordamida shaharga olib bordi. Ko‘rik shartlarida ko‘rsatilganidek, uni jamoat binosining kiraverishida qoldirdi.
“Balki surat yomon chiqqandir. Men uni noto‘g‘ri baholagandirman?” — degan o‘yga ham bordi u xavotirlanib.
Suratni qo‘yib kelgach, o‘ziga ortiqcha ishonib, qaltis ishga qo‘l urgandek bezovta bo‘la boshladi. Yalangoyoq, chalasavod bola, chinakam rassomlar nazariga arzimaydigan rasm uchun mukofotdan umidvor bo‘lishi aqlsizlik emasmi?
U ibodatxona yonidan o‘tayotganda sal o‘ziga keldi. Kulrang tuman qo‘ynidan Rubensning jilmayib turgan ulug‘vor qiyofasi ko‘ringandek bo‘ldi, go‘yo buyuk san’atkor unga: “Dadil bo‘l! Agar men tushkunlikka tushganimda nomim asrlar osha mashhur bo‘lmasdi”, — degandek tuyuldi.
Qish qattiq kelgandi. Kechki payt Nello bilan Patrash shahardan qaytayotganlarida bo‘ron boshlandi, so‘ng bir necha kungacha tinimsiz qor yog‘di. Yo‘llar muzlab, irmoqlarni qalin qor qopladi, dalalarda izg‘irin, erta sahar qo‘shnilarnikiga kirib-chiqish va g‘ira-shirada hali uyqudan uyg‘onmagan shaharga sut olib borish tobora qiyinlashdi.
Ayniqsa Patrashga og‘ir edi. Yil sayin Nello ulg‘ayib, kuchga to‘lgan sari, qari ko‘ppak oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab bosadigan bo‘lib borardi. Ammo ishini tark etmas, faqat og‘ir joylarda Nello yordamlashib, aravachani itarib borardi. It yaxshi ko‘rolmay qolgandi, poxol to‘shagidan qo‘zg‘alishi qiyinlashgan bo‘lsa-da, minoradagi soat beshga zang chalganda, mehnat kunini boshlashga shay bo‘lib joyida turardi.
— Uyda qolaver, Patrash, yetar shuncha ishlaganing. Endi aravachani o‘zim tortaman, — der edi unga har kuni Nello.
Ammo Patrash o‘jarlik bilan joyini egallar va ko‘p yillardan beri bosib o‘tadigan qorli dala bo‘ylab aravacha tortishni tark etmasdi.
— Bechora Patrash, yaqinda ikkimiz ham yer qa’ridan joy olamiz, — derdi keksa Jon Daas ingichka, burushqoq qo‘lini uzatib, itni silar ekan. Ichida: — “Bizdan keyin bolaning ahvoli nima kecharkin?” — deb o‘ylardi.
Bir kuni Nello Patrash bilan Antverpendan qaytayotib qori bosilib, marmardek silliq bo‘lib qolgan yo‘ldan bo‘yi bir qarich, zar yoqa, qizil kamzulli, nog‘ora ushlagan masxaraboz qo‘g‘irchoqni topib oldi. O‘yinchoq yap-yangi, uni kim yo‘qotganini Nello bilmasdi. Aloiza ko‘rsa, xursand bo‘ladi, deb o‘yladi u.
Bola tegirmonchining uyiga yaqin kelganida qorong‘i tushib qolgandi. Aloiza xonasining yorug‘ oynalariga boqar ekan: “O‘yinchoqni unga bersam nima bo‘pti? Buni yomon joyi yo‘q-ku! Axir necha yillar qadrdon bo‘lganmiz”, — degan fikr miyasidan o‘tdi. Oyna ostiga qiya supa qilingan edi. Nello uning ustiga chiqdi-da, derazani ohista chertdi. Chiroqning piligi buralib, xona yorishdi. Qizcha derazani ochib qaradi. Nello unga qo‘g‘irchoqni uzatdi.
— Senga o‘yinchoq olib keldim. Yo‘ldan topib oldim, — shivirladi u. — Esdalik uchun olib qo‘y, Aloiza.
U supadan sakrab tushib, qorong‘ilik qo‘ynida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, qizcha hatto minnatdorchilik bildirishga ham ulgurolmay qoldi.
Kechasi tegirmonda yong‘in chiqdi. G‘alla saqlanadigan ombor yondi, ammo tegirmon bilan turar joylarga shikast yetmadi. Qishloqda to‘s-to‘polon ko‘tarilib, Antverpendan o‘t o‘chiruvchi mashinalar keldi. Tegirmonchining mol-mulki sug‘urta qilingani uchun aytarli zarar ko‘rmadi, ammo shunga qaramay, talvasaga tushib, ko‘ringanga yong‘in bekorga chiqqan emas, kimdir qasddan o‘t qo‘ygan, deb gap tarqata boshladi.
Kechasi uyg‘onib ketgan Nello qo‘shnilarga qo‘shilib yong‘inni o‘chirishga chopdi. Baas Koges uni haydab yubordi.
— Kecha qorong‘ida hovlida izg‘ib yurgan eding, — jahl bilan baqirdi u. — O‘t qayerdan chiqqanini sen yaxshi bilasan!
Hayratdan o‘zini yo‘qotgan Nello nima deyishini bilmay qoldi. Bu gaplar jiddiyligini yoki bunday paytda hazillashish mumkinligini aqliga sig‘dirolmasdi. Tegirmonchi keyin ham qo‘ni-qo‘shnilarga o‘z shubhasini aytib yurdi. Bolani ayblash uchun hech qanday dalili bo‘lmasa-da, uni kechqurun hovlida ko‘rishgani-yu, Aloiza bilan birga o‘ynashga ruxsat bermagani uchun Kogesdan o‘ch olmoqchi bo‘lgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Boyga yoqish maqsadida qo‘shnilar Jon Daasning nevarasiga yomon ko‘z bilan qarab, uni chetlab o‘ta boshladilar. Hech kim ochiqchasiga uni aybdor sanamasa-da, hamma tegirmonchi tarafida edi.
Ilgarilari Nello Patrash bilan dehqonlar va fermerlarning xonadoniga sut olish uchun kirganida uni xayrixohlik hamda iliq so‘zlar bilan qarshilashardi. Endi esa qayrilib qaramaydigan, hatto gaplashishdan qochadigan bo‘lishdi. Qishloq kambag‘allari tegirmonchining bema’ni shubhasiga ishonmasalar-da, boyning g‘azabidan hayiqishardi, chunki ko‘p jihatdan unga bog‘liq edilar-da.
Bir kuni tegirmonchining xotini:
— Bolaga nisbatan adolatsizlik qilayapsan, — deyishga jur’at etdi. — U vijdonli, halol bola, hech qachon bunday yaramas ishga qo‘l urmaydi.
Ammo baas Koges o‘jar kishi edi, yomon ish qilayotganini ko‘ngli sezib tursa-da, tan olishni xohlamasdi.
Nello bu adolatsizliklarni mag‘rur xotirjamlik bilan yengardi. Faqat Patrash bilan yolg‘iz qolgandagina alam-hasratlarini unga to‘kib solardi. Ba’zan o‘ziga-o‘zi: “Agar mukofot olsam, ular bu yovuzliklari uchun pushaymon bo‘ladilar”, — deb tasalli berardi.
Bola o‘n olti yoshga qadam qo‘ygan edi. Shu kichkina qishloqda yashab kelayapti. Shu paytgacha hamma uni yaxshi ko‘rardi. Mana endi qo‘shnilar nohaq yuz o‘girib, uni qiyin ahvolda qoldirishdi. Ayniqsa, ayozli qish kunlari bu holat qattiq sezila boshladi, chunki bola hamisha birovlarning muloyim so‘ziga, mehribonligi va ko‘magiga muhtoj edi. Qahratonda, odamlar bir-biriga suyanib yashaydigan bunday chog‘larda u qo‘shnilardan najot topardi. Mana shunday og‘ir paytda Nello bilan Patrashni o‘z holiga tashlab qo‘yishdi. Ular qariya bilan birga ko‘pincha o‘tinsiz, hatto nonsiz o‘tirishardi. Baxtga qarshi, shu kezlarda Antverpendan bir ishbilarmon kishi kelib qoldi. U xachir qo‘shilgan aravasida shaharga sut tashimoqchi ekanini fermerlarga bildirdi. Taklifi ko‘pchilikka ma’qul tushdi. Faqat uch-to‘rt xonadongina yangi ishbilarmon qimmat so‘rayapti deb, Nello bilan Patrashdan voz kechmadi. Endi Patrash tortib boradigan yuk nihoyatda yengil bo‘lib, Nelloning daromadi ham shunga yarasha kamayib ketdi.
Patrash, odatdagidek, har bir tanish uy oldida to‘xtab, darvozaga umidvor tikilardi. Ammo qo‘shnilar, xayrixoh bo‘lganiga qaramay, baas Kogesdan qo‘rqqanlaridan eshiklarini yopib olishardi. Patrash bo‘sh aravachani chor-nochor oldinga tortar edi.
Bayram yaqinlashib kelardi. Qor uyumlari naq odam bo‘yi ko‘tarilgan, odamlaru jonivorlar qalin muz qoplagan anhorning xohlagan joyidan bemalol o‘tadigan bo‘lib qoldi. Bunday paytlarda qishloqda hayot jonlanib ketadi. Hatto eng qashshoq xonadonlarda ham do‘lma pishirilib, xursandchilik boshlanadi.
Faqat birgina kulba qorong‘ilik va sovuq hukmida edi.
Nello bilan Patrashning boshiga musibat tushdi. Bayramga bir hafta qolganda keksa Jon Daas vafot etdi. Keyingi paytlarda falaj xastaligidan tinka-madori qurigan, qo‘llarini arang qimirlatib, bir necha so‘zni shivirlab, zo‘rg‘a aytadigan ahvolga tushib qolgan edi. Bobo uxlab yotgan ko‘yi olamdan o‘tdi. Tong chog‘i Nello bilan Patrash boshlariga tushgan musibatdan xabar topgach, bu dunyoda butunlay yolg‘iz qolishganini his etishdi. Qashshoq, madorsiz qariya hech narsa bilan yordam berolmasa-da, ularni yaxshi ko‘rar va doim kulib qarshi olib, dalda berardi.
Qor yog‘ib turgan sovuq kunda Nello bilan Patrash qariyani so‘nggi yo‘lga kuzatdilar. Murg‘ak nabira va qari itdan boshqa hech kim tobut orqasidan qabristonga bormadi.
“Endi fe’li yumshab, yetimchani uyimizga kirishiga ruxsat berar”, — deb o‘yladi tegirmonchining xotini o‘choq yonida trubka chekib o‘tirgan eriga qarab.
Xotinining o‘ylarini Koges bilib turar edi, ammo tosh yuragi zarracha yumshamadi, hatto ayanch motam ishtirokchilari o‘tib ketishayotganda ham eshikni ochib qarab qo‘ymadi.
“Bola — gado, — derdi u ichida, — Aloiza unga yaqinlashmagani ma’qul”.
Xotini yetimlar haqida og‘iz ochmadi. Ammo dafn tugab, Nello bilan Patrash mozordan qaytishi bilanoq, u Aloizaning qo‘liga bo‘znoch gullaridan yasalgan kichkina gulchambar tutqazib, hali qor bosmagan yangi qabr ustiga qo‘yib kelish uchun yubordi.
G‘amga botgan Nello bilan Patrash uyga qaytishdi. Endi mana shu g‘arib, vayrona kulbani ham tark etishga to‘g‘ri keladi. Nello bir oydan beri ijara haqini to‘lay olmagandi, bugungi dafn marosimidan so‘ng esa qo‘lida sariq chaqa ham qolmadi. U uy egasi — Kogesga oshna etikdo‘z oldiga to‘lov muddatini bir oz cho‘zishni so‘rab bordi. Ammo xo‘jayin shafqat nimaligini bilmaydigan zolim va ochko‘z kishi ekan, hujradagi hamma narsani — qoshiqdan tortib jinchiroqqacha — tortib oldi, Nello bilan Patrashga esa ertadan boshlab gumdon bo‘lishni buyurdi. Vayrona bo‘lsa-da, uy edi, ular bu kulbada baxtiyor edilar: yozda uzum ishkomlari-yu, loviya yaproqlariga burkangan hovli dala yoqasida, quyosh nuridan charog‘on, nihoyatda chiroyli ko‘rinardi.
Rojdestvo bayrami arafasi edi. Nello erta-sahar uyg‘onib, yagona do‘stini qattiq quchoqladi. Issiq ko‘z yoshlari sadoqatli Patrashning boshiga oqib tushdi.
— Ketdik, Patrash! Ketdik, azizim! — pichirladi u. — Haydab chiqarishlarini kutib o‘tirmaylik. Ketdik!
Patrash itoatkorlik bilan qo‘zg‘aldi, ular hujradan chiqishdi. Yashil aravacha yonidan o‘tar ekan, Nello og‘ir xo‘rsinib boshini egdi. Aravacha endi ularniki emas — xo‘jayin qarz evaziga uni tortib olgandi. Patrashning mis qo‘ng‘iroqli bo‘yinbog‘i qor ustida ag‘anab yotardi.
Ular tanish yo‘l bilan Antverpenga jo‘nadilar. Tong yorishib kelardi, darvozalar deyarli ochilmagan, ammo ba’zi hovlilarda odamlar g‘imirlay boshlagandi. Nello ochiq darvozalardan biri oldida to‘xtadi, bobosi bu oilaning ko‘p yumushlarini bajarib bergandi.
— Patrash uchun bir burda non berolmaysizmi? — dadil murojaat qildi bola. — U kechadan beri hech narsa yegani yo‘q.
Beka bu yil sulining bahosi oshib ketgani haqida to‘ng‘illab, eshikni darhol yopib oldi. Nello bilan Patrash horg‘in sudralib yo‘lda davom etdilar va boshqa hech qayerda to‘xtamadilar. Shahar minorasidagi soat o‘nga zang urganda ular zo‘r-bazo‘r Antverpenga kirib bordilar.
“Sotadigan biron-bir narsam bo‘lganda, Patrashga bir bo‘lak non olib berardim”, deb o‘yladi Nello. Egnidagi fufayka, ishton va oyog‘idagi yamoq boshmog‘idan boshqa hech narsasi yo‘q edi. Patrash, do‘sti nega bezovta bo‘layotganini sezib, burni bilan bolaning kaftiga turtib qo‘ydi.
Tush paytida eng yaxshi rasm uchun mukofot kimga tegishi e’lon qilinadi. Nello yagona boyligi qo‘yilgan binoga qarab yurdi. Uy bo‘sag‘asi, zinalar va foye o‘smirlarga to‘la edi — ba’zilari tengdosh, boshqalari undan katta — hammasi ota-onasi, qarindosh-urug‘i yoki do‘stlari bilan kelgandi. Patrash bilan olomon orasiga kelib qo‘shilganida Nelloning yuragi dukullab urib ketdi.
Shahar soati o‘n ikkiga zang urdi. Zal eshiklari ochildi, hayajonlangan shoshqin olomon gurillab ichkariga o‘zini urdi. Mukofotga sazovor bo‘lgan surat eng baland joyga o‘rnatib qo‘yilishi hammaga ma’lum edi.
Nelloning ko‘z o‘ngini tuman qoplab, boshi aylanib ketdi, oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmay qoldi. Keyin ko‘z oldi ravshanlashdi va u yuqori ko‘tarib qo‘yilgan molbertni ko‘rdi. U yerda boshqa bir surat turardi. Qandaydir jarangdor ovoz mukofot Antverpen shahrida tug‘ilgan Stefan Kislingerga, pristan xo‘jayinining o‘g‘liga berilganini tantanali ravishda e’lon qildi.
Nello ko‘zini ochganda, tosh yo‘l chekkasida yotganini ko‘rdi, Patrash uni hushiga keltirish uchun zo‘r berib yalab-yulqimoqda edi. Sal narida antverpenlik yosh-yalanglar omadli o‘rtoqlarini qurshab, shodon qiyqiriqlar bilan qirg‘oq sari kuzatib borardilar.
Nello tebranib o‘rnidan turdi va itni quchoqlab oldi.
— Hammasi tamom bo‘ldi, Patrash, — shivirladi u. — Hammasi tamom.
Ochlikdan sillasi qurigan Nello o‘zini qo‘lga olishga urinib, zo‘r-bazo‘r qishloq tomon yo‘lga tushdi. Patrash holsiz boshini egib, arang sudralib unga ergashdi.
Bo‘ron boshlandi. Shimol tomondan shiddatli shamol esdi. Ayoz igna kabi teshib o‘tardi. Dala orqali tanish yo‘ldan borish katta mashaqqatga aylandi. Qishloq ko‘ringan paytda soat to‘rtga zang chalindi. Patrash nogoh to‘xtab, yerni iskadi va g‘ingshib qorni kavlashga tushdi. Ko‘p o‘tmay qor uyumi orasidan yashil charm hamyonni tishlab tortib chiqardi va qorong‘ilikda bolaga keltirib berdi. Yo‘l chekkasidagi ustunda chiroq xira nur sochardi. Nello beixtiyor hamyonni chiroqqa soldi va “Koges” degan yozuvni o‘qidi. Hamyon pulga to‘la edi. Bu topildiq bolani karaxtlikdan chiqardi. U hamyonni qo‘yniga solib, itni silab qo‘ydi va olg‘a intildi. Hech narsani tushunmagan Patrash unga jav¬¬dirab qaradi.
Nello tegirmonchining uyiga bordi va tashqaridagi darvoza oldida to‘xtab, uni zo‘r berib taqillata boshladi. Tegirmonchining xotini eshikni ochdi. Qo‘rqib ketgan Aloiza orqada mo‘ralab turardi.
— Senmisan, bechoraginam, — ko‘z yoshi aralash muloyim xitob qildi ayol. — Kelaqol, azizim, xo‘jayin ko‘rib qolmasin. Boshimizga falokat tushdi: u uyga kelayotib bor pulini yo‘qotib qo‘yib, uni izlab ketdi. Shunday qorda topib bo‘larmidi?! Butunlay xarob bo‘ldik.
Nello hamyonni unga uzatdi va Patrashni chaqirdi.
— Patrash bu pullarni hozirgina topib berdi, —tez gapirdi u. — Buni baas Kogesga aytib qo‘ying. Endi u keksa itga boshpana berib, qornini to‘yg‘azishga qarshilik qilmasa kerak. Patrashni orqamdan chiqishiga yo‘l bermang, iltimos, undan mehringizni ayamang.
Ular es-hushini yig‘ib olgunlaricha, Nello engashib Patrashni o‘pdi va eshikni tez yopib, qorong‘ida g‘oyib bo‘ldi.
Hayrat va quvonchdan dong qotgan ona va qiz nima deyishni bilmay qolishdi. Ular it qochib ketmasin deb eshikni tambalab qo‘ydilar va uni siylashga tutindilar. Oldiga shirin do‘lma va qaynatilgan go‘sht qo‘ydilar, uydagi barcha yaxshi narsalardan keltirdilar. Hammasi behuda ketdi. Patrash ovqatga qayrilib ham qaramadi. U yopiq eshik oldidan qo‘zg‘almadi.
Soat oltilarda orqa eshikdan tegirmonchi kirib keldi. Charchoq va diqqatpazlikdan rangida qon qolmagandi.
— Endi hech narsaga umid qilib bo‘lmaydi, — dedi u tushkun ovozda. — Fonar yorug‘ida hammayoqni titib, qidirib chiqdim, hech qayerdan topib bo‘lmadi.
Xotini unga hamyonni uzatib, qanday topilganini so‘zlab berdi. Tegirmonchi stulga o‘tirib qoldi va kaftlari bilan yuzini bekitdi.
— Bolaga behuda jabr qilgan ekanman, — dedi u nihoyat.
— Nello yana biznikiga keladimi? — asta so‘radi biroz dadillashgan Aloiza. — Biz uni chaqiramizmi?
— Ha, azizim, — javob berdi tegirmonchi. — Ertaga uni chaqirib kelamiz.
Rojdestvo arafasi edi. Tegirmonchining uyida hamma narsa mo‘l-ko‘l: o‘tin va ko‘mir, qaymoq va asal, go‘sht va non qalashib yotardi; shipga bayram bezaklari osilgan, kakkuli soat yashil gullarga burkangan, Aloizaning ko‘nglini olish uchun qog‘oz fonarchalar, chiroyli suratli xilma-xil konfetlar, turli-tuman o‘yinchoqlar sotib olingandi. Uy ichi issiq va yorug‘ edi. Qizcha Patrashni aziz mehmon sifatida erkalashga urindi. Ammo Nello yo‘qligi uchun Patrashga issiq ham, turli-tuman taomlar ham tatimasdi. Uni hech narsa bilan chalg‘ita olmadilar. Patrash eshik oldidan jilmas, paytini topib, qochib qolish payida edi.
— U Nelloni qo‘msayapti, — dedi baas Koges. — Ajoyib it ekan. Yaxshi it! Ertalab seni o‘zim bolani oldiga olib boraman.
Hidi burqirab turgan sho‘rva keltirdilar, stol atrofi g‘ala-g‘ovur, quvnoq xandalarga to‘ldi. Ayni shu dam kirib kelgan qandaydir beg‘am mehmon eshikni qiya qoldirdi. Patrash sakrab turib o‘zini qorong‘ilik va qahraton qo‘yniga urdi va keksa, madorsiz oyoqlari imkon bergan qadar yugurgilab ketdi. U faqat bir narsani — Nello bilan birga bo‘lishni xohlardi.
Qor tinmay yog‘ardi, soat o‘nga yaqinlashib qolgan, bolaning izlari allaqachon ko‘milib ketgandi. Patrash o‘ziga kerak izni topguncha uzoq vaqt qor iskab bordi, ammo uni tezda yo‘qotib qo‘ydi va yana qayta izlashga tushdi. Bu hol bir necha marta takrorlandi. Hademay qor tinib, yo‘llar muzlay boshlaydi, qishloqni qalin tuman bosadi. Atrofda biron tirik jon ko‘rinmasdi. Mollar og‘ilga qamalgan, har bir uy, har bir kulbada bayram dasturxoni yozilgan, atrofida odamlar xursandchilik qilishardi. Ko‘chada birgina qari ko‘ppak, kasalmand Patrash izg‘irin qo‘ynida zo‘rg‘a gandiraklab sudralib borardi.
U arang topgan izlar Antverpenga qarab ketgandi. Patrash shahar chekkasidagi tor, egri-bugri ko‘chalarga tun yarmida yetib keldi. Shahar zim-ziyo. Ba’zi joylardagina darpardalar orasidan bir tutam nur ko‘rinib qolardi, cho‘ntak fonari bilan yo‘lni yoritib uyiga qaytayotgan sayoq mast erkaklardan boshqa hech kim duch kelmasdi.
Qor bosgan ko‘cha atrofidagi uylarning baland devorlari va peshtoqlari qorayib ko‘rinardi. Shamol uvillar, do‘konlar ustiga osilgan lavhalar tebranib g‘iyqillardi, chiroq o‘rnatilgan temir ustunlar chayqalib turardi.
Kechasi odamlar qorda qoldirgan izlar ayqash-uyqash bo‘lib ketgandi. Patrash nihoyatda qiynaldi, Nelloning izlarini yo‘qotib qo‘ymaslikka harakat qilardi. Sovuq suyak-suyagidan o‘tib ketdi, muz parchalari panjalarini tilib yuborgan, ochlik chidab bo‘lmaydigan darajada azob bermoqda edi. Shunga qaramay Patrash sabr-toqat va matonat bilan Nelloning izidan boraverdi. Bu izlar uni katta ibodatxona ostonasiga olib keldi.
Kechki ibodatdan so‘ng uyiga shoshgan qorovul ibodatxonaning eshiklaridan birini berkitmay ketgandi. Patrashni olib kelgan izlar bino ichkarisidagi qora marmar ustida oq dog‘lardek yaltirab ko‘rinib turardi. Sukut cho‘kkan mudroq ibodatxona bo‘ylab o‘tgan Patrash nihoyat izlagan kishisini topdi. Nello mehrob qarshisida cho‘zilib yotardi. Patrash uning yoniga emaklab keldi va yuzlarini yaladi. Bu bilan u: “Seni unutadi deb o‘yladingmi? Men — itman-ku!” — deyayotgandek edi.
Nello qichqirib yubordi, o‘rnidan turib, Patrashni quchoqladi. So‘ng:
— Yot, Patrash, — deb shivirladi. — Biz bugun birga o‘lamiz. Odamlarga keraksiz ekanmiz. Dunyoda bizning hech kimimiz yo‘q.
Patrash unga yanada yaqinroq surildi-da, Nelloning ko‘kragiga boshini qo‘ydi. Bolaning g‘amga botgan qora ko‘zlarida dona-dona ko‘z yoshlari qalqib turardi. Shimol dengizidan esayotgan shamol barcha tirik mavjudotni yo‘q qilib yuboradiganga o‘xshaydi. Isitilmagan, marmar yotqizilgan ulkan xonalar qor bosgan daladan ham sovuqroq edi. Baland gumbaz ostida ko‘rshapalaklar g‘ujg‘on o‘ynashardi. Ahyon-ahyonda tushgan oyning xira nuri toshga o‘yilgan tasvirlarni yoritib yuborardi. Bir-biriga mahkam yopishib olgan Nello bilan Patrash sovuqdan dag‘-dag‘ qaltirab, Rubens suratlari ostida jimgina yotishardi. Ularning xayolida gulga burkangan o‘tloqda yugurib o‘ynaganlari, baland qamishlar orasidan, dengiz tomon suzib ketayotgan qayiqlarni kuzatganlari birma-bir jonlanmoqda edi.
Nogoh yorug‘ nur qorong‘ilikka chek qo‘ydi, bulut ostidan chiqqan oyning shu’lasi qorda aks etib, atrofni sahar paytidagidek yoritib yubordi. Devorga ishlangan mashhur “Chormixga tortish” va “Chormixdan olish” suratlarini bir lahza ko‘rish imkoni tug‘ildi. Bola ibodatxonaga kirgan zahoti suratlarga tortilgan pardani surib qo‘ygan edi. Nello sakrab turdi. Uning rangsiz yuzlarida quvonch yoshlari yiltirar edi.
— Nihoyat ularni ko‘rdim-a! — xitob qildi u. — Nihoyat ko‘rdim!
Nello gandiraklab ketdi. U Rubens suratlaridan ko‘z uzmagan holda tiz cho‘kdi. Axir ularni ko‘rishni qanchalar orziqib kutgan edi! Ammo oy bulutlar orasida g‘oyib bo‘ldi, hammayoqni yana zulmat bosdi. Nello Patrashni qattiq quchoqladi.
— Endi bizlarni hech kim ajratolmaydi, — deb shivirladi u.
Ertasi ikkalasini ibodatxonaning marmar poli ustida muzlab qolgan holda topib olishdi. Rubensning mo‘jizakor suratlarini yopib turadigan parda surib qo‘yilgan. Suratlar chiqayotgan quyosh nurida yarqirab ko‘rinardi. Muzqotgan ikki do‘stning atrofiga olomon yig‘ildi. Tongda yuzlarini dag‘al ajinlar bosgan o‘rta yoshli kishi keldi. U xuddi ayollar singari o‘kirib yig‘lar, — men bolaga yovuzlik qildim! — deb faryod solardi.
Keyinroq bir mashhur rassom keldi, odamlar unga yo‘l bo‘shatib, oldinga o‘tkazdilar. U yo‘l-yo‘lakay gapirib borardi:
— Men bu yerga noyob iste’dodli bolani izlab keldim, adolat yuzasidan aytganda, kecha mukofotni u olishi kerak edi. Uning suratida to‘nka ustida o‘tirgan yolg‘iz kishi tasvirlangan. Surat katta mahorat bilan ishlangandi. Bolani topishim kerak. Uni o‘z tarbiyamga olib, rassomlik san’atini o‘rgataman.
Otasiga yopishib olgan jingalak tilla sochli qiz ho‘ngrab yig‘lardi:
— O, Nello, tura qol, Nello! Biz bilan birga yur. Oyim seni kutyaptilar. Senga sovg‘alar tayyorlab qo‘yganmiz, dadam bizga qo‘shnay chalib beradilar. Patrash ham yayrab yashaydi. O, Nello, tura qol!
Rubens chizgan buyuk asarlarga qarab jilmaygancha qotib qolgan o‘smirning rangpar yuzlari go‘yo: “Kechikdinglar” deb ta’na qilayotgandek edi.
Endi Nello bilan Patrashga mehribonchilikning keragi yo‘q edi.
Bola bilan it bir umr birga yashadi, o‘lgandan so‘ng ham ularni bir-biridan ajratib bo‘lmadi — bola itning bo‘ynidan mahkam quchoqlab olgandi. Qadrdon qishlog‘ining odamlari ularni bir qabrga dafn etdilar.

Ortiqboy Abdullayev va Dildora Aliyeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 12-son