Tomas Mann. Tazarru (hikoya)

Gapning rosti, manovi janobning g‘alati gaplaridan butunlay dovdirab qolgandim, hozir ham ularni xuddi o‘shanday tarzda takrorlab berolmasam kerak, deb qo‘rqaman. Negaki o‘sha oqshom boshqalar ham undan xuddi menga o‘xshab g‘oyat mutaassir bo‘lgan edilar. Bunga balki mutlaqo notanish odamning g‘aroyib, hayron qoldiradigan darajadagi samimiyati sabab bo‘lgandir…
O‘sha notanish kimsani birinchi marta bundan ikki oycha muqaddam San Marko maydonida uchratgandim. Keng maydon bo‘ylab aylanib yurgan odamlar siyrak, moviy osmonga bo‘y cho‘zib turgan, zarrin naqshlar bilan bezatilgan hashamatli, ajoyib bino oldidagi bayroqlar dengiz tarafdan esayotgan yengil shabadadan ajib hilpirardi; bosh darvoza yaqinida bir qizaloq har tomondan unga yopirilib kelayotgan kaptarlarning ulkan galasiga makka doni sepmoqda edi. Qiyosi yo‘q naqadar go‘zal manzara…
Shunda men uni uchratib qoldim, hozir – ushbu satrlarni yozayotgan paytimda ham uni aniq-tiniq ko‘z o‘ngimda tasavvur qilmoqdaman. U o‘rta bo‘yli bo‘lib, tez yurar, yurganda ham hassasini ikkala qo‘llari bilan orqada tutganicha bukchayib olardi. Boshida qora tusdagi qo‘pol shlyapa, egnida esa kulrang yozgi pal’to, qoramtir yo‘l-yo‘l shim kiyvolgan. Negadir men uni ingliz bo‘lsa kerak, deb o‘ylovdim. Yoshi o‘ttizlarda, balki ellikka ham borgandir. Yuzi silliq qirilgan, burni bir oz katta, kulrang ko‘zlari horg‘in boqar, lablarida hamisha qandaydir anglab bo‘lmaydigan, g‘alati tabassum o‘ynardi. Ahyon-ahyonda qoshlarini bir chimirib, yon-veriga sinovchan nazar tashlaydi, so‘ng yana o‘z oldiga, yerga qarab olar, o‘ziga o‘zi bir nimalar gapirgan ko‘yi boshini sarak-sarak qilganicha kulimsirab qo‘yardi. Shu alpozda u maydon bo‘ylab uzzukun u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi.
O‘sha kundan boshlab uni endi har kuni kuzata boshladim. Chunki uning, xoh yaxshi havo bo‘lsin, xoh yomon havoda bo‘lsin, tushdan oldinmi, tushdan keyinmi baribir uzluksiz kuniga keng maydon bo‘ylab o‘ttiz yo ellik marotaba u yoqdan-bu yoqqa yolg‘iz o‘zi va xuddi o‘shanday g‘alati xatti-harakatlar bilan odimlab borib-kelishdan boshqa hech qanday yumushi yo‘q hisobi edi.
Yuqorida aytganim o‘sha oqshom allaqanday harbiy xor kontsert berayotgan edi. Kamina “Florian” qahvaxonasining maydon uzra o‘rnatilgan mo‘jazgina stollaridan biri yonida o‘tirardim, kontsert tugab, tomoshabinlar oqimi tarqala boshlagach, notanish kishi har doimgidek parishonxotir kulimsiraganicha yonimdagi bo‘sh o‘rinlardan biriga kelib o‘tirdi.
Vaqt o‘tgan sayin tevarak-atrofdagi g‘ala-g‘ovur ham tinib, hademay barcha stollar bo‘shab qoldi. U yer-bu yerda onda-sonda odamlar ko‘rinib qolar, endi maydon bo‘ylab ulug‘vor osoyishtalik hukm surar, osmon yulduzlar bilan qoplangan, go‘zal San Marko uzra yarimta Oy osilib turardi.
Men qo‘shnimga orqa o‘girganimcha gazeta o‘qirdim, nihoyat unga tomon yarim o‘girilishga majbur bo‘ldim; chunki shu paytgacha undan biron sas eshitilmagan, biron harakat sezilmagan, endi esa u to‘satdan gapira boshlagan edi.
– Venetsiyaga birinchi marta kelishingizmi deyman, afandim?—so‘radi u, frantsuzchani bir oz buzib gapirarkan; men unga ingliz tilida javob qaytarmoqchi edim, u kutilmaganda shevalarsiz sof olmon tilida asta, xirillagan, bo‘g‘iq ovoz bilan, tovushini tiniqlashtirish uchunmi, tez-tez tomoq qirib, yo‘talganicha so‘zida davom etdi. — Bularning hammasini ilk bor ko‘rib turgandirsiz, hoynahoy? Barchasi siz kutgandekmikan ishqilib? Balkim undan ham ziyodaroqdir, ehtimol? Eh! Bu qadar go‘zal deb o‘ylamagan bo‘lsangiz kerak-a? To‘g‘rimi? Sizni baxtiyor deb hisoblab, sizga havas qilishlari uchungina shunday o‘ylayotgan bo‘lmasangiz kerak? Eh!
U o‘rindiqqa bemalol suyanib oldi-da, ko‘zlarini tez-tez pirpiratganicha menga diqqat bilan tikildi, uning hozirgi yuz ifodasida allaqanday mubhamlik zohir edi.
Oraga uzoq sukunat cho‘kdi, ushbu g‘alati suhbatni endi qanday davom ettirishni ham bilolmasdan o‘rnimdan turmoqchi bo‘lgandim, u shoshilib men tomon engashib, so‘z qotdi:
– Ko‘ngil qolish nima ekanligini bilasizmi, afandim?– so‘radi u sekin va qat’iy ohangda, hassasiga ikkala qo‘llari bilan tayanib olib.
– Alohida, ayrim holdagi chakana muvaffaqiyatsizlik, omadsizlik emas, balki umumiy, keng ma’nodagi ko‘ngil qolish, barcha narsalardan, butun hayotdan ko‘ngil qolishini aytayapman? Albatta, buni siz bilmasangiz kerak. Ammo bu narsa yoshligimdan beri mudom ta’qib etib keladi, u meni so‘qqabosh, bebaxt va bir oz g‘alati ham qilib qo‘ygan, buni inkor etolmayman. Siz meni qanday qilib ham tushuna olardingiz, afandim? Lekin sizdan iltimos qilgudek bo‘lsam, men uchun ikki daqiqa vaqtingizni ajratib, gaplarimni tinglay olarsiz, deb o‘ylayman. Chunki gap ochildimi, endi uni aytmasam bo‘lmas….
Avvalo shuni aytishim kerakki, kamina kichkinagina bir shaharchada, pastor1 oilasida tug‘ilib, o‘sganman, uning pokdomon hujralarida eskicha urfdagi, ulamolargagina xos bo‘lgan jo‘shqin, ta’sirli nekbinlik hamda yaxshi va yomon, savob va gunoh haqidagi dabdabali pand-nasihatlardan iborat o‘ziga xos, g‘ayrioddiy muhit hukm surardi, kamina bundayin balandparvoz kalomlarni tinglashga sira-sira toqat qilolmasdim, chunki mening nazarimda azob-uqubatlarimga aynan ular aybdordek tuyulaverardi. Hayot men uchun shunchaki quruq safsatadangina iborat edi, xolos. Negaki ushbu so‘zlar kaminada favqulodda va ahamiyatsiz tasavvur-tushunchalar uyg‘otar, men esa ulardan boshqa hech nimani bilmas edim.
Shu tariqa odamlardan ilohiy ezgulik va aql bovar qilmas razolat kutib yashardim; men hayotda maftunkor go‘zallik va qabohat kutib yashardim; kaminani ularning barchasiga bo‘lgan, keng borliqqa, qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bo‘lg‘usi sarguzasht voqealarga, favqulodda baxt-omad hamda so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan, kutilmagan dahshatli iztiroblarga bo‘lgan teran, vahimali hirs va havas chulg‘ab olgan edi.
Hayotimdagi ilk ko‘ngil qolish nechog‘li qayg‘uli bo‘lganligi hamon esimda, afandim. E’tibor bersangiz, u biron-bir go‘zal orzu-umidning qandaydir sarobga aylanishi bilan emas, balki hayotimga ilk musibatning kirib kelishi bilan bog‘liq edi. O‘shanda yoshgina bola edim, kechasi shovqindan uyg‘onib ketdim, uyimizga o‘t tushgan edi. Olovning sirli, makkor tillari chor-atrofni chulg‘ab olib, to xonam eshigigacha yetib borayozgan, butun qavat va zina ham alanga ichida qolgan edi. Buni endi payqaganimni bilaman, uy bilan birga pastga quladim va jonholatda “Yonyapti! Yonyapti!” deb qichqira boshladim. Ush bu so‘zlar hamon quloqlarim ostida favqulodda aniqlik bilan jaranglaydi, o‘shanda, garchi es-hushim, ongim u qadar bo‘lmasa ham harholda qandaydir tuyg‘uni his etganligim mudom esimda. Sezishimcha, bu yong‘in edi; mana hozir ham uni aniq-tiniq ko‘z oldimga keltirayapman! Oxiri nima bo‘ldi deysizmi? Hali hammasi emas…
Yolg‘iz Xudoga ma’lum, bu hazilakam narsa emasdi. Butun uy batamom yonib kul bo‘lgan, oilamiz favqulodda xavf-xatardan bir amallab jon saqlab qolgan, o‘zim esa, anchagina joyim kuyib, jarohat olgan edim. Shu o‘rinda o‘shandagi bolalarcha tasavvurim bilan bo‘lajak voqea-hodisotlardan o‘zib ketib, tug‘ilib o‘sgan uyimning yong‘inda ko‘yib, kul bo‘lishini ilgaritdan sezgan edim, desam noto‘g‘ri bo‘lur edi. Ammo shunga aminmanki, botinimda allaqanday noaniq shuur, g‘ira-shira, tasavvur yashagan va qandaydir dahshatli bir hodisani oldindan anglab, payqashimga turtki bergan ediki, bunga qiyosan borliq, voqelik menga ojiz ko‘rinib ketgandi. Yong‘in – umrimdagi birinchi mudhish voqea bo‘lgan, bu bilan esa hayotimdagi hayratlanarli va ajoyib orzu-umiddan ham ko‘nglim qolgan edi.
Qo‘rqmang, sizga barcha umidsizliklarimni birma-bir batafsil hikoya qilmoqchi emasman. Men faqat bir narsani aytmoqchiman, ya’ni hayotimdagi ulkan orzu-umidlarimni o‘zimning bebaxt ishtiyoq-intilishlarim bilan, qolaversa, minglab kitoblardagi: shoirlarning asarlaridagi quruq safsatalar bilan bir umrga allalab kelgan ekanman. Eh, shu desangiz men ularni ana o‘sha shoir deganlarni yomon ko‘rib qoldim deng, ularga qolsa, o‘zlarining balandparvoz so‘zlari bilan to‘rt tomonga jar solishsa, iloji bo‘lsa, ana o‘sha so‘zlarini Vezuviy uzra qad ko‘targan irvit daraxti bilan yonma-yon va hatto samo gumbaziga ham muhrlab qo‘yishsa – har qanday dabdabali so‘zning aslida yolg‘on-yashiq yohud kinoya-pichingdan iborat ekanligini his etmasligim mumkinmi, axir!
Eh, zavq-shavqqa to‘la o‘sha shoirlarning nag‘masini qarang, nimaymish, go‘yo tilimiz kambag‘al emish, e yo‘q, ularning o‘zlari kambag‘al, afandim! Fikri ojizimcha, hayotdagi muhtojlik va yetishmovchilik bilan solishtirganda, aslida tilimiz boy, nihoyatda boy. Azob-iztiroblarga kelsak, ulrning ham o‘z sarhadlari bor: ojizlikning jismoniy, kaltafahmlikning esa ruhiy – baxt-omad bobida ham xuddi shunday! Insonning o‘z fikrini bayon qilish ehtiyoji sabab tovushlar dunyoga kelgan, ular vositasida ana o‘sha sarhadlar osha yolg‘onlar amalga oshirib kelingan.
Nima, bunga men aybdormi? Yo bo‘lmasam, o‘zi umuman yo‘q hodisalar haqida tasavvur uyg‘otayotgan ma’lum so‘zlar ta’sirotidan faqatgina mening esim og‘ib qolayotganmikin?…
Men o‘zimning ulkan tasavvur-tushunchalarimga mos keladigan sarguzashtlar sari ana shunday ishtiyoq-la to‘lib-toshgan katta hayotga qadam qo‘ydim. Xudo shohid, afsuski bu narsa menga nasib etmagan ekan! Kamina dunyoning ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan joylarini ham borib ko‘rdim, insoniyat eng dabdabali so‘zlar bilan aylanib-o‘rgiladigan san’at asarlaridan bahramand bo‘lish uchun uzoq vaqt darbadar kezdim; ularga yuzma-yuz turarkanman, o‘zimga o‘zim shunday dedim: naqadar go‘zal, biroq: bundan-da go‘zalroq narsalar yo‘qmikin? Bori shumikin, xolos?
Men haqiqat, voqelik degan gaplarni tushunolmayman; bu bilan hamma gapni aytib bo‘ldim, chog‘i. Qachonlardir, esimda yo‘q, dunyoning qay bir go‘shasida, tog‘ ustida, chuqur, torgina dara tepasida turardim. Qoya devorlari yalang‘och va tik edi, huv pastda esa toshdan-toshga urilib, pishqirib oqayotgan suvning shovullashi eshitilardi. Pastga qarab turib, o‘zimcha o‘yladim: hozir qulab tushsam nima bo‘ladi? O‘z-o‘zimga javobim ham tayyor edi: maboda shu hodisa ro‘y bergudek bo‘lsa, yiqilayotib o‘z-o‘zimga shunday degan bo‘lardim: Nihoyat, pastga qulayapsan, bilsang, mana shu haqiqat! Xo‘sh, haqiqat deganlari nima o‘zi?
Ko‘rgan-kechirganlarim bir oz hangoma qilishga yetadi, desam ishonasizmi? Bundan ko‘p yillar muqaddam bir qizni sevardim, ul shunday go‘zal bir xilqat ediki, uni jon deb o‘z himoyamga olgan bo‘lardim; biroq u meni sevmasdi, buning hech bir ajablanarli joyi yo‘q, men bo‘lmasam, boshqasi… Biroq men uchun bundan-da g‘amginroq ko‘rgilik bo‘lishi mumkinmidi? Lazzat o‘rniga achchiq musibat keltirgan ushbu voqeadan ham ko‘ra og‘irroq azob bormidi menga? Shundan so‘ng necha-necha tunlarni mijja qoqmay bedor o‘tkazdim, alalxusus, hamma narsadan ham ko‘ra meni bir o‘y mudom qiynardi: zo‘r musibat deganlari mana shu! Nihoyat uni boshdan kechirayapman! Xo‘sh, musibat degani nima o‘zi?…
Endi sizga hayotimdagi baxt va omad haqida gapirib berishim shartmikin? Inchunin, boshimga baxt-omad qushi qo‘ngan paytlar ham bo‘lgan, lekin baxt-omaddan ham ko‘nglim qolgan… Hojati yo‘q; chunki men sizga aytmoqchi bo‘lgan misollar ko‘nglimni qoldirgan, hafsalamni pir qilgan, umidsizlik olib kelgan o‘sha hayotning o‘rtamiyona, zerikarli, bema’ni bo‘lganini sizga baribir tushuntirib berolmaydi.
Yarim ma’bud deya maqtalgan Inson – kim o‘zi u? –deb yozgan edi yosh Verter bir zamonlar. Nima, o‘ziga nihoyatda kerak bo‘lib turgan kuchlardan ham mahrummi u? Modomiki, quvonchdan entikkan yo iztirobga cho‘mgan ekan, uni bularning hech qay biri to‘xtatib qololmaydi, bepoyon cheksizlik qa’riga yo‘q bo‘lishga talpingani uchun ham uning xira, tussiz ongi qaytib keladi.
Dengizni ilk bor ko‘rgan kunimni tez-tez eslab turaman. Dengiz ulkan, bepoyon. Uni sohildan turib kuzatarkanman o‘zimni ozod, erkin his etardim: chunki uning adog‘ida ufq yastanib yotardi. Nega endi aynan ufq? Axir men hayotdan cheksizlik kutgan edim-ku… Balki, mening nazarimdagi ufq boshqa birovlarnikiga qaraganda torroqdir? Kamina haqiqat, voqelik degan narsalarni tushuna olmasligimni aytib o‘tgan edim – balki aqlim oshib-toshib ketayotgani uchun shundaydir? Yoki tushunib ulgurmayoganmikinman? Ehtimol, xulosa qilishga shoshayotgandirman, kim biladi? Yo baxt-omad va dard-iztirobning faqat eng quyi darajalarinigina, eng nozik holatlarinigina bilarmikanman?
Bunday deb o‘ylamayman; odamlarga ham ishonolmayman, hayot bilan yuzma-yuz turib, shoirlarning balandparvoz so‘zlariga qo‘shiladigan ozchilik kishilargagina ishonaman, xolos – axir bu qo‘rqoqlik va aldovning o‘zginasi-ku! Ha, aytganday, e’tibor berganmisiz, afandim, yana shunday bir toifa odamlar ham borki, ular shunaqangi maqtanchoq va boshqalarning chuqur hurmat-ehtiromiga zimdan havas qilishlariga shu qadar o‘ch bo‘lishadiki, o‘zlarini eng zo‘r baxt-omadga erishgan qilib ko‘rsatadilar-u, biroq ko‘rgan-kechirgan azob-iztiroblari haqida lom-mim demaydilar?…
Qorong‘i ham tushib qoldi, endi gaplarimniyam unchalik eshitgingiz kelmayotgandir; shuning uchun, so‘zni muxtasar qilib, bir narsaga iqror bo‘lmoqchiman, ya’ni men ham bir paytlar o‘zimni o‘zimga va boshqalarga baxtiyor qilib ko‘rsatmoq uchun… ana shunaqangi odamlarga qo‘shilib… yolg‘on so‘zlashga uringanim rost. Biroq ancha yil bo‘ldi, shuhratparastligim barham topib, undan qutulganman, ana shundan buyon kamina yolg‘iz, bebaxt va bir oz g‘alati ham bo‘lib qolganman, buni inkor etmayman.
Endi esa, tunlari yulduz to‘la osmonni kuzatib, xayol surish sevimli mashg‘ulotimga aylangan; chunki bu dunyoga, bu hayotga qo‘l siltab, undan voz kechib qo‘yaqolishning eng yaxshi yo‘li ham shu emasmi, axir? Shu bilan birga o‘zimning ulug‘vor tasavvur-tushunchalarimni zig‘ircha bo‘lsa-da, hamon asrab qolish haqida, ulargagina xos bo‘lgan haqiqatni umidsizlikni hech qanday bir azob-uqubatsiz namoyon qila oladigan ozod, erkin hayot haqida, hech qanday ufqqa ega bo‘lmagan umr haqida orzu qilayotganimni kechirimli hol deb o‘ylayman, shunday emasmi?…
Kamina mudom shu haqda orzu qilib, o‘limni kutib yashamoqdaman.
Eh, men uni, o‘limni, ana shu oxirgi ko‘ngil qolishni ham hozirdanoq shunday bir aniq tasavvur qilamanki!… Shumi o‘lim degani hali? So‘nggi damda o‘z-o‘zimga shunday deyishim turgan gap: mana, nihoyat, unga ham yetib keldim! Xo‘sh, o‘lim degani nima o‘zi?…

Olmon tilidan Mirzaali AKBAROV tarjimasi