Pablo Neruda. Yo‘l ko‘rsatuvchi yulduzlar

http://n.ziyouz.com/images/pablo_neruda.jpg

Nobel mukofoti topshirish marosimidagi nutqning oxiri

Biz esa – Amerika qit’asining cheksiz kengliklari yozuvchilari, bu yerlarni jism va qondan iborat mavjudotlar bilan muttasil to‘ldirishga da’vat eshitamiz. Biz o‘z burchimizni anglaymiz, bu – kurrai zaminda yashovchilarning burchi, va ayni paytda, bu bo‘m-bo‘sh, lekin adolatsizlik bilan liq to‘la dunyoga tanqidiy ko‘z bilan qarashni ham o‘z burchimiz deb bilamiz; allazamonlar o‘tib ketgan azob va iztiroblar bilan hisob-kitob qilish ham bizning burchimiz; tosh haykallarda, buzilib, yemirilib ketgan yodgorliklarda, sayyoramizni qoplab yotgan qirlarning cheksiz sukutida, momaqaldiroq ovozi bilan xonish qilayotgan daryolarda mudrab yotgan orzularni yuragimiz bilan ilg‘ab olamiz. Til-zabonsiz qit’aning kengliklarini so‘zlar bilan to‘ldirish zaruriyatini tuyamiz; afsonalar to‘qib, buyumlar va hodisalarni o‘z nomi bilan atash bizni sarxush qiladi. Ehtimol, mening kamtarona tajribam shular bilan izohlanar va bu holatlarda quyushqondan chiqib ketishlarim, haddan ziyodligim, dabdababozligim -Amerika qit’asida yashovchilarning har kungi, oddiy mashg‘ulotidan nari emas. Har bir she’rim ko‘zga ko‘rinadigan narsa bo‘lishga intiladi, har bir poemam yumushlarda nafi tegadigan qurol bo‘lishga harakat qiladi, har bir qo‘shig‘im- makonda birlashish nishoni –barcha yo‘llar unga eltadi, yoinki -tosh yoki daraxt parchasi- bizdan keyin kelayotganlar unga o‘z nishonlarini tirnab tushiradilar.

Shoirning burchi shunday ekanligiga ishongan holda – men haqmanmi yoki barcha oqibatlarga ko‘milib adashayapmanmi, bundan qat’i nazar –shunday qarorga keldimki, mening faoliyatim jamiyat oldida va hayot oldida, shu jamiyat hayotining kamtarona bir bo‘lagi bo‘lishi kerak. Bunday xulosaga, sharafli mag‘lubiyatlarni, yakka-yolg‘iz holda erishilgan g‘alabalarni mushohada etib keldim. Va Amerika qit’asida yoyilib ketgan kurashlarga qo‘shilib ketib tushundimki, oddiy bir inson sifatida mening missiyam shundan iboratki, uyushgan keng xalq ommasiga qo‘shilib ketishim kerak, unga qonim va jonim bilan, butun ehtiroslarim va umidlarim bilan quyilishim kerak, chunki mana shu ayqirib oqayotgan oqimdan xalqlar va yozuvchilar uchun zarur yo‘llar ajralib chiqadi. Garchi mening bu nazariyam achchiq yoki shirin e’tirozlarga sabab bo‘ldi va bo‘layapti, shu narsa haqiqatki, men yozuvchi uchun boshqa yo‘lni tasavvur qilolmayman. Agarda biz, bepoyon va qahrli mamlakatlarning yozuvchilari, zulmat chekinishini, o‘qish va yozishni bilmaydigan million-million odamlar o‘zlarining insoniy qadr-qiymatlariga ega bo‘lishini istasak, shu yo‘lni tanlamoq kerak.

Bizga og‘ir meroslar qoldi: bizning xalqlar o‘tgan asrlarning la’nat toshini yelkasida ko‘tarib keladi, vaholanki eng go‘zal hayotga loyiq, ular qachonlardir tosh va metalldan qurgan g‘aroyib minoralarni, yaratgan ajoyib xazinalarni dahshatli kolonial qullik yer bilan yakson qilib tashladi, o‘zlarini esa sukut saqlashga majbur etdi. Bu dahshat hali-hanuz yashab kelayapti.

Bizga yo‘l ko‘rsatuvchi yulduzlar –kurash va umid. Biroq kurash ham, umid ham yakka-yolg‘iz bo‘lmaydi. Har bir odamda o‘tgan davrlar, jaholat, adashishlar, ehtiroslar, shu kunlarimizning dolzarb ehtiyojlari, tarix yugurigi mujassam. Agar men, ulug‘ Amerika qit’asining feodal o‘tmishiga qandaydir shaklda xizmat qilganimda nima degan odam bo‘lardim! Nahotki, boshimni baland tutgan bo‘lardim? Shu kunlarda, mening vatanimdagi o‘zgarishlarga ozgina hissa qo‘shganimda ko‘nglimda g‘urur hissi uyg‘onmaganida, Shvetsiya menga ko‘rsatayotgan shon-sharafga nahotki sazovor bo‘lardim? Amerikaning xaritasiga qarab, beqiyos saxiy kengliklarining ulkan rang-barangligini kuzatib, nima uchun aksar yozuvchilar bu qit’aning badnomlik va talon-tarojlar bilan bulg‘angan o‘tmishini o‘zlariga qabul qilgilari kelmasligini tushunish mumkin.

Men qiyin yo‘lni tanladim va bu yo‘lda mas’uliyatni, shaxsga koinotning markazi sifatida ta’zim qilishni odamlar bilan baham ko‘rdim, ko‘psonli jangchilarga kamtarona xizmat qilishni afzal bildim, garchi ular vaqti-vaqti bilan adashishi mumkin, lekin charchoq nimaligini bilmay olg‘a yuradilar, har kuni vaqtdan orqada qoladigan qaysarlar va betoqat kalondimog‘lar bilan yuzma-yuz to‘qnash keladilar. Shoirlik burchi menga, na faqat go‘zallik va uyg‘unlik, hayratli muhabbat va cheksiz qayg‘u bilan oshno bo‘lishni amr qiladi, balki insonlarga xos qahrli ishlarni ham poeziyamning bir bo‘lagi qilib olishni talab etadi.

Bundan roppa-rosa yuz yil muqaddam bir kambag‘al va ulug‘vor shoir –tushkunlikka uchraganlarning qahri eng qattig‘i, quyidagicha bashorat qilgan edi: “Tongotarda biz, alangalanayotgan sabr-toqat bilan qurollanib ulug‘vor shaharlarga kirib boramiz”.

Bashoratchi Remboning bu payg‘ambarona so‘zlariga ishonaman. Mening o‘zim chekka o‘lkada, katta dunyodan beshafqat jug‘rofiya tufayli ajralib qolgan mamlakatda tug‘ilib o‘sdim. Men shoirlarning eng ko‘zga ko‘rinmasi edim, mening poeziyam mahalliy edi. Biroq, men insonga doim ishonib yashadim. hech qachon noumid bo‘lmadim. Va, ehtimol, aynan shuning uchun o‘z poeziyam va shiorlarim bilan mana shu joylarga kelib turibman.

So‘zimning nihoyasida yaxshi niyatli kishilarga, mehnatkashlarga, shoirlarga shuni aytmoqchimanki, kelajakning bari Remboning quyidagi so‘zlarida mujassam: alangalanayotgan sabr-toqat bilangina qurollanib, biz hammaga yorug‘lik, adolat va qadr-qimmat beradigan ulug‘vor shaharni zabt eta olamiz.

Bu demak, poeziya quruq ashulabozlik emas.

Rus tilidan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 7-son