Oskar Uayld. Xudbin Pahlavon (rivoyat)

Har kuni peshindan so‘ng maktabdan qaytgan bolalar Paxlavonning bog‘iga kelib o‘ynashni odat qilib olishgan edi.
Bu bog‘ juda keng, yam-yashil maysa bilan qoplangan, maysalar orasida esa, charaqlab turgan yulduzlardek, gullar ochilib turishardi, tag‘in bog‘da o‘n ikki tup shaftoli daraxti bo‘lib, ular ko‘klam chog‘i marvaridsimon gullarga berkanishar, kuzda esa g‘arq pishgan mevalari og‘irligidan pastga egilishardi. Daraxtlarga qo‘ngan qushchalar shunday yoqimli sayrashardiki, bolalar ko‘pincha beixtiyor o‘yinlaridan to‘xtab qushchalar ovoziga maxliyolarcha quloq solishardi. “Qanday mazza-a bu yerda!”, chug‘urlashishardi ular bir-birlarini quvlashib.
Kunlardan bir kun Paxlavon uyiga qaytib keldi. U o‘rtog‘i, odamxo‘r Korniuelnikida yetti yil mehmon bo‘lib, yetti yil suhbatlasha-suhbatlasha, oxiri, gapi tamom bo‘lgach, o‘z qo‘rg‘oniga qaytgan edi. Kelishi bilanoq uning ko‘zi, bog‘da o‘ynayotgan bolalarga tushdi.
“Nima qilayapsizlar bu yerda?”, deya o‘shqirdi u hirqiroq ovozda. Bolalar esa duch kelgan tomonga to‘zg‘ib, qochib ketishdi.
“Bu mening va faqat mening bog‘im, – dedi Pahlavon. – Hamma bilsinki, o‘zimdan boshqa hech kimga bu yerda o‘ynashga ruxsat yo‘q”.
Shundan keiin u bog‘ atrofini baland devor bilan o‘rab olib, ogohlantiruvchi taxtacha osib qo‘ydi:
RUXSATSIZ KIRGANLAR QONUNAN JAZOLANIShADI
Bechora bolalar endi qaerda o‘ynashni bilishmasdi. Ular bir-ikki katta yo‘l bo‘ylarida o‘ynab ko‘rishdi, lekin yo‘llar juda chang va mayda toshlar bilan qoplangani uchun ularning ko‘ngliga yoqmas edi. Ko‘pincha ular darslardan keyin baland devor tagida yurishib, ichkaridagi ajoyib bog‘ni qo‘msashardi. “Qanday mazza qilardik-a u yerda”, deya eslashardi.
Bahor kelib o‘lkaning hamma joylarida daraxtlar gul bilan qoplandi, qushlar uchib kelishdi. Faqat Xudbin Pahlavon bog‘ida hali ham Qish edi. Qushchalar sayrog‘idan darak ham yo‘q, chunki bolalardan darak yo‘q edi-da; daraxtlar esa go‘yo gullashni esidan chiqargandek. O‘sha haligi go‘zal gullar maysalar orasidan mo‘ralashib ogohlantirish taxtachasini ko‘rib qolishdi va shunchalar xafa bo‘lib ketishdiki, boshlarini yana o‘tlar orasiga olib, uyquga ketishdi. Bog‘da faqatgina Qor bilan Ayozni e’zozlaydigan o‘simligu jonzotlar qolishdi. “Bahor bu bog‘ni esidan ham chiqarib yubordi, – deb tantana qilishardi ular, – biz endi butun yil davomida shu yerda yashayveramiz”. Qor o‘zining oppoq choponi bilan maysazorlarni yopardi, Ayoz esa daraxtlarni kumush rangga bo‘yardi. Keyin ular Shimol Shamolini o‘zlariga sheriklikka chaqirishdi. U o‘zining momiq choponiga o‘ralib kelib, kun bo‘yi bog‘ ustida aylanar, kamin mo‘rilarining ichigacha kirib chiyillardi. “Bu ajoyib dargoh, – dedi u, – biz bu yerga do‘lni ham chaqirishimiz kerak”. Shunday qilib Do‘l ham bu yerda hozir bo‘ldi. U, kuniga uch soatlab, qo‘rg‘on tomi sopolini sindirguncha gumbirlatar, keyin ko‘rg‘on va bog‘ ustida chir aylana boshlardi.
“Vo ajab, nega Bahor kelmayapti, – derdi Xudbin Pahlavon deraza yonida o‘tirib oppoq va sovuq bog‘iga tikilarkan. – Lekin ob-havo o‘zgarib qolishidan umidim bor”.
Ammo bog‘ga na Bahor va na Yoz keldi. Boshqa bog‘larga Kuz ko‘pdan-ko‘p shirin-shakar mevalarni to‘kib soldi, lekin Pahlavoiga hech nima bermadi. “U o‘ta xudbin-ku”, derdi Kuz. Shunday, uning bog‘idan Qish arimadi va Shimol Shamoli, Do‘l, Ayoz va Qor daraxtlar atrofini aylanib raqsga tushaverishdi.
Bir kuni ertalab Pahlavon, endigina uyqudan uygonib to‘shagida yotganida, nafis bir musiqani eshitib qoldi. U shunday yoqimli ediki, bunday kuylarni faqatgina shu atrofdan o‘tib ketayotgan Qirol sozandalarigina chalishi mumkin edi. Haqiqatda esa, bu, tashqaridagi mitti urug‘xo‘r qushchaning sayrog‘i edi. Lekin Xudbin o‘z bog‘ida qush ovozini shunchalik ko‘pdan beri eshitmagan ediki, bu unga dunyodagi eng dilrabo kuydek eshitilardi. Shu topda uning tepasida raqsga tushayotgan Do‘l to‘xtadi, Shimol Shamoli esa o‘kirishni bas qildi va ochiq derazadan xushbo‘y hid taratib kirib keldi. “Shubhasiz, nihoyat Bahor keldi”, dedi Pahlavon va o‘rnidan irg‘ib tashqariga qaradi.
Hayhot?!
Uning ko‘zi tashqaridagi g‘aroyib bir manzaraga tushdi. Bog‘ devoridagi kichkina bir tirqishdan biqinib bolalar kirib kelishar va bog‘dagi daraxt shoxlariga tirmashib chiqib olishardi. Uning ko‘z o‘ngidagi har bir daraxt shohida bittadan bolakay o‘tirardi. Daraxtlar esa, bolalar qaytishganidan shunchalik xursand bo‘lishgandiki, ularniig shoxlari bolalarning boshlari ustida mehribon qo‘llar misoli mayin tebranishardi. Qushchalar atrofda aylanib quvnoq sayrashar, gullar esa o‘tlar orasidan yuqoriga qarab xursand bo‘lishardi. Bu o‘ta orombaxsh manzara edi, lekin bog‘ning uzoqdagi bir chekkasida hali ham qish hukm surardi. U yerdagi daraxt ostida bir bolakay yurardi. U shunday kichkina ediki, daraxtning shoxlariga bo‘yi yetmasdan uning atrofida aylanib, achchiq-achchiq yig‘lardi. Bechora daraxt esa haligacha Ayoz va Qorning zabtida bo‘lib, Shimol Shamoli uning ustida aylanib esardi. “Ustimga chiqib olaqol, bolakay”, derdi daraxt va shoxlarini imkoni boricha egib unga uzatardi, lekin bola juda mitti edi.
Bu holni ko‘rdi-yu Paxlavonning yuragi ezilib ketdi. “Qanchalar ablah ekanman-a! Bu yerga nega Bahor kelmaganini endi tushundim. Hozir anavi bolakayni ko‘tarib anavi daraxtning baland shoxiga o‘tkazamanu, keyin lanati devorni buzib-buzib tashlayman, bundan buyon bog‘im bolalar uchun o‘yin maydonchasi bo‘ladi”.
U qilmishidan astoydil pushaymon tortdi.
Alqissa Pahlavon zinadan tushib, tashqi eshikni ohista ochib bog‘ga chikdi. Lekin uni ko‘rgan bolalar qo‘rqib har tomonga to‘zg‘ib ketishdi va shu zahoti bog‘ga yana Qish kirib keldi. Faqat mitti bolakaygina ko‘zlari yoshga to‘la bo‘lgani uchun Paxlavonni ko‘rmadi va qochib ketmadi. Pahlavon uning orqasidan ohista yaqinlashib, uni avaylab qo‘liga oldi va daraxtga o‘tkazib qo‘ydi. Va shu zahotiyoq daraxt gul bilan qoplandi, bolakay qo‘llarini cho‘zib Pahlavonning bo‘ynidan quchoqlab olib o‘pib qo‘ydi. Boshqa bolalar Pahlavonning darg‘azabmasligini ko‘rib chopqillashib qaytib kelishdi va ular bilan Bahor ham qaytib keldi. “Bu endi sizlarning bog‘ingiz, bolakaylar”, dedi Paxlavon va o‘zining ulkan boltasini olib devorni parchalab yiqitdi. Va shu kunning choshgohida, bozorga ketayotganlar, odam aqlini lol qoldiradigan bu ko‘rkam bog‘da, bolalar bilan o‘ynayotgan Pahlavonni ko‘rishar edi.
Ular kun bo‘yi, to‘yguncha o‘ynab, kechqurun xayrlashish uchun Paxlavonning yoniga kelishdi.
“Iya, anavi kichkina o‘rtog‘ingiz qani? – so‘radi u. – Men uni daraxtga o‘tqazib ko‘ygandim”. Pahlavon o‘zini o‘pib qo‘ygayi uchun uni juda yaxshi ko‘rib qolgan edi.
“Biz bilmaymiz, – javob berishdi bolalar. – U bu yerdai ketib qoldi”.
“Siz uni topib aytib qo‘ying, u ertaga albatta kelsin”, – dedi Pahlavon. Lekin bolalar, uning qaerda yashashini bilmasliklarini va uni ilgari hech qachon ko‘rmaganliklarini aytib qasamga tayanishdi.
Har kuni bolalar maktabdan kelib Pahlavon bilan o‘ynashardi. Lekin u, mehri tushib qolgan o‘sha kichkina bolakayni boshqa ko‘rmadi. Pahlavon bolalarni ko‘rganidan xursand bo‘lardi, lekin shunga qaramasdan o‘zining birinchi o‘rtog‘i mittivoyni kutar va uni juda ko‘p eslardi. “Uni ko‘rishni istardim”, – derdi u entikib.
Yillar o‘tdi. Pahlavon qarib, darmonsizlandi. U boshqa deyarli o‘ynay olmas, o‘zining chayqaluvchi kursisida o‘tirgancha, bolalar o‘yinini tomosha qilib, bog‘ining ko‘rinishidan lazzatlanardi. “Mening gullarim benihoya chiroyli, derdi u, – lekin bolalar ularning hammasidan ham go‘zalroq”.
Qish tonglaridan birida, o‘ o‘z derazasidan, bu faslning libosini kuzatar edi. U endi Qishni ko‘rgani ko‘zi yo‘q, uning uchun bu, uxlayotgan Bahor bo‘lib, gullar esa dam olishayotgandek edi.
Birdan u hayronlikdan ko‘zlarini ishqab-surtib tashqariga tikilib qoldi. Bu chindan ham g‘aroyib bir ko‘rinish edi. Bog‘ning uzoq bir chekkasidan oppoq nafis gul bilan qoplangan daraxt ko‘rinardi. Uning shoxlari oltindan bo‘lib, ulardan kumush mevalar to‘kilib turar, pastda esa o‘sha, Pahlavonning mehri tushib qolgan mitti bolakay yurardi.
Quvonchini ichiga sig‘dirolmagan Pahlavon yugurib zinadan bog‘ga tushdi. U shunday shoshardiki, maysazorlarni bosib-yanchib bolaga yaqinlashdi. Uning tepasiga kelganida esa, shu ondayoq g‘azabdan qizarib ketgan yuzini unga yaqinlashtirib so‘radi: “Qaysi manfur seni jarohatlashga jur’at qildi?” Bolakayning kaftchalarida ikkita mixdan qolgan jarohat izlari bo‘lib, yana boshqa Ikkita mixdan qolgan izlar uning oyoqchalarida ko‘rinardi.
“Qaysi manfur seni jarohatlashga jur’at qildi? – deb hayqirdi Pahlavon. – Ayt menga, toki men uni katta qilichim bilan chopib tashlay!”
“Kerakmas, – javob berdi bola, – bular, axir, Mehr jarohatlari-ku”.
“Aslida kimsan o‘zing?” – dedi Paxlavon va g‘alati bir iltifot bilan bolakay qarshisida tiz cho‘kdi.
Shunda bola Pahlavonga jilmayib javob berdi: “Bir kuni, sen menga o‘z bog‘ingda o‘ynashga ruxsat bermaganding, bugun esa sen men bilan mening Jannatdagi bog‘imga ketasan”.
Tushlikdan keyin bog‘ga kelgan bolalar Pahlavonning oppoq gullab turgan daraxt tagida o‘lib yotganini ko‘rishdi.

Inglizchadan Eldor Fozilov tarjimasi

************************

Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan. Chumchuq chaqimchi ekan, qarg‘a qaqimchi ekan. G‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan. Toshbaqa tarozibon ekan, qurbaqa undan qarzdor ekan. Bir qishloqda kelbati devdek, fe’li chatoq bir pahlavon almisoqdan qolgan qasrida yolg‘iz o‘zi umrguzaronlik qilar ekan. U hech kimga qo‘shilmas, o‘zidan boshqani suymas ekan. Uning katta g‘aroyib bog‘i bo‘lib, o‘sha yerlik bolalarning boqqa kirib o‘ynagisi kelar, biroq turqi sovuq, vajohatli pahlavondan o‘lguday qo‘rqqanlari bois hatto bog‘ yonidan hadiksirab o‘tisharkan.
Pahlavonning kornuellik qonxo‘r do‘sti bo‘lib, u o‘sha do‘stini behad qadrlar, unikiga bot-bot mehmonga borib turar ekan. Kunlarning birida pahlavon do‘stinikida yetti yil mehmon bo‘lgani safarga otlanibdi. Bundan voqif bo‘lgan bolalar suyunib, qalpoqlarini osmonga otishibdi. Ular bog‘ sohibining qorasi o‘chgunga qadar zo‘rg‘a sabr qilib turishibdi va uning ketganiga ishonch hosil qilishgach, boqqa quyundek yopirilib kirishibdi. Eh, bu bog‘ ajoyib ekan-da o‘ziyam, mayin maysalar yam-yashil gilamni eslatar, turfa gullar anvoyi ifor taratar, o‘n ikki tup shaftoli yoqimli epkin ta’sirida ohista tebranar, daraxt shoxlariga qo‘ngan sayroqi qushlar shodmon kuylasharkan. Bolalar dunyolarni unutib o‘yinga berilishibdi. Bog‘ baxt va quvonchga yo‘g‘rilibdi, beg‘ubor kulgilar olamni tutibdi. Afsuski, pahlavonning yetti yillik safari yetti kunday tez o‘tib, uning qaytadigan muhlati yetibdi, oshnasining diydoriga to‘yib, o‘z qasri tomon yo‘l olibdi. Uyiga yaqinlashgach, bog‘ida miriqib o‘ynayotgan bolalarga ko‘zi tushib, tepa sochi tikka bo‘lib ketibdi va: “Bu mening bog‘im, bu yerda nima qilyapsanlar, tirmizaklar?!” – deb bo‘kiribdi. Qo‘rqib ketgan bolalarning kapalagi kaptar bo‘lib, birpasda bog‘ni tark etishibdi. Pahlavonning yomon qahri kelibdi. “Bu mening bog‘im, biror kimsaning kirishiga yo‘l qo‘yib bo‘pman!” – deb o‘ylabdi va bog‘ atrofini ulkan devor bilan o‘rab olib, taxtachaga “Bog‘imga kirish qat’iyan taqiqlanadi” deb yozib, devorga osib qo‘yibdi. Ammo bolakaylarning o‘ynaydigan o‘zga joyi yo‘q ekan. Bog‘ eng qulay maskan bo‘lib, ularning ko‘ngilli o‘yingohiga aylangan ekan. U ohanrabodek o‘ziga chorlar, jilla qursa, biror tirqish topib, bolalarning bog‘ ichiga qaragilari kelar ekan. Lekin buning sira iloji yo‘q bo‘lib, hudbin pahlavon devorni qalin taxtalar bilan juda mustahkam va baland qilib qurgan ekan. Axiyri, kichkintoylar umidlarini uzib, boqqa yo‘lamay ham qo‘yishibdi. Shu tarzda simillab vaqt o‘taveribdi.
Tabiatni yashnatib, gurkirab bahor kelibdi. Hammayoq yam-yashil libosga burkanibdi. Biroq pahlavonning bog‘igina bundan mustasno bo‘lib, u yerda hamon qish hukm surar ekan. Devorni ko‘rib, bahorning dili vayron bo‘libdi va boqqa kirgisi kelmabdi. Daraxtlar gullamay qo‘yibdi. Gulzorlar huvillab qolibdi. Atigi birgina gul bo‘y rostlagan ekan, ammo u ham taxtadagi yozuvni ko‘rib, xomush bosh egibdi. Qushlar sayrashni unutibdi, faqat qarg‘agina bearmon qag‘illarmish. Bu ahvolni ko‘rib qish bilan ayoz obdon suyunishibdi. Bu bog‘ni bahor unutdi, demak, biz shu yerda qolaverganimiz ma’qul degan qarorga kelishibdi. Qor ko‘rpasi bilan bog‘ni o‘rab olibdi. Ayoz kumushrang to‘rlarini sovuqda diydirab turgan daraxt shohlariga chirmabdi. Bu ham yetmaganiday ular shimol shamolini ham mehmonga chorlabdi. Taklifdan boshi ko‘kka yetgan shamol kela solib, chirpirak aylanib raqsga tushibdi va: “Qanday ajoyib maskan! Do‘stlar, do‘lni ham chaqirish kerak!” deb uvillabdi. Do‘l ham o‘zini taroziga solib o‘tirmay, darhol yetib kelib, g‘alayon boshlabdi. Qish, ayoz, shamol va do‘l bog‘ uzra yelib-yugurib quvlashmachoq o‘ynashibdi. Bor-bud vayron bo‘lib, uyning tomi sinib tushibdi. Buni ko‘rib, pahlavonning esi og‘ayozibdi. Derazadan tashqariga mo‘ralab: “Nega bahor kechikdi, kelaqolsa bo‘lardi”, deya xo‘rsinibdi. Vaqt esa izn so‘rab o‘tirmay o‘taveribdi. Shu tariqa yoz, kuz ham bog‘ni chetlab o‘tibdi. “Mayli, shu qizg‘anchiqning bog‘i qishga tortiq bo‘laqolsin”, – deyishibdi ular.
Bir kuni desangiz, pahlavon to‘shagida sovuqda diydirab yotgan ekan, shu tobda qulog‘iga yoqimli sado eshitilibdi. U shu darajada mayin, dilrabo ekanki, pahlavonning qalbi larzaga kelibdi. “Hoynahoy, qirol musiqachilari uyim yonidan o‘tayotgan bo‘lsa kerak”, deb o‘ylabdi u. Xonish esa davom etaveribdi, aslida u bulbul navosi bo‘lib, pahlavonning muzga aylangan yuragini eritgan ekan. Mo‘jizani qarang, shu lahzada do‘l va shamol tovushi darhol tinibdi. Borliqqa xushbo‘y ifor taralibdi. Pahlavon “bahor keldi”, deb o‘ylab, yotgan joyidan irg‘ib turibdi va beixtiyor derazadan tashqariga qarabdi. Yo tavba, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, nihoyat devordan darcha ochishga muvaffaq bo‘lgan bolalar boqqa kirib, chug‘urlab daraxt shoxlaridagi qorni silkitib tushirishayotgan emish. Daraxtlar qiyg‘os gullay boshlabdi, qish saltanati chok-chokidan so‘kilib ketibdi. Lekin bog‘ chetidagi daraxtdagina qor bezrayib turar, uning ostidagi bolakayning qo‘llari shoxlarga yetmas, bundan u o‘ksinib-o‘ksinib yig‘larkan. Buning ustiga, daraxt shoxlaridagi qor boshiga yog‘ilib, sovuqdan uning a’zoyi badani titrab, oyoqchalari muzlab ko‘karib ketganmish.
Derazadan qarab turgan pahlavonning bolaga rahmi kelib, yuragi mumday erib ketibdi. Ongi ham yorishibdi, baxt, bahor bolalar bilan bog‘liq ekanligini anglab, o‘z qilmishidan uyalibdi. “Qanday yaramasman-a, devorni buzib tashlaganim, bolalarga bog‘ni ochib qo‘yganim bo‘lsin”, deb o‘ylabdi. U ayiqdek lapanglab tashqariga chiqibdi. Uni ko‘rgan bolalar joylarida qo‘rquvdan taxta bo‘lib qolishibdi va birdan o‘zlariga kelib, tariqdek atrofga sochilib ketishibdi. Yolg‘iz kichkintoy hamon o‘sha joyda piq-piq yig‘lab turganmish. Pahlavon kelib uni ohista ko‘tarib, daraxtga chiqazib qo‘yibdi. Bolakay suyunib, momiq qo‘lchalarini cho‘zib, uning bo‘ynidan mahkam quchoqlab, yuzidan o‘pibdi. Pahlavonni shu paytga dovur hali hech kim o‘pmagan ekan. Uning dili mehrga to‘lib, yuz-ko‘zlarida quvonch jilva qilibdi. Chehrasi oftobdek yorishib, yon-atrofga kulib qarabdi. Sichqonning inini ijaraga olgan bolalar bir zumda uni qurshab olishibdi. Pahlavon ichkaridan bolta olib chiqib, devorni qulatishga tushibdi. Katta yoshdagi bolalar jon deb unga yordamlashishibdi. “Bu bog‘ endi sizlarniki!” – debdi pahlavon yal-yal yashnab.
Shu-shu bog‘ bolalarning sevimli o‘yingohiga aylanibdi. Pah­lavonning o‘zi ham bolalar bilan birga o‘ynarkan. Har yil bahorda bu so‘lim go‘sha gullarga burkanar, yoz va kuzda esa, kichkintoylar g‘arq pishgan sarxil mevalarni tanovul qilib, pahlavon amakilari bag‘rida bolalik sururini tuyisharkan. Biroq negadir pahlavonni o‘pib qo‘ygan bolakay boshqa ko‘rinmabdi.
– O‘sha kichkintoy do‘stlaring qayerda, u nega kelmayapti? – deb pah­lavon betinim so‘rarkan. Chunki u mittivoyni juda sog‘ingan ekan-da.
– Bilmadik, uni tanimaymiz, o‘sha kuni biz ham uni ilk bor ko‘rgandik, – deyishibdi bolalar.
– Agar ko‘rib qolsanglar, aytinglar, kelsin, men uni zoriqib kutyapman.
– Xo‘p, xo‘p, aytamiz.
Lekin o‘sha bolani hech kim qayta ko‘rmabdi. Pahlavon esa uni umr bo‘yi kutibdi. Yelvizak kabi yillar o‘tib, u ham qaribdi. Avvalgidek bolalarga qo‘shilib o‘ynolmas, o‘rindiqda ularni mamnun-masrur kuzatib o‘tirarkan.
Bu orada yana qish kelibdi. Dovul tun bo‘yi izillab, tomni qo‘­porishiga sal qolibdi. Bu holning o‘tkinchiligini bilgan pahlavon pinagini ham buzmabdi. Erta tongda to‘shakda o‘tirgancha derazadan qish manzarasini kuzatibdi. Qish uxlayotgan bahor ekanligini, hademay ko‘klam qulf urishini, borliq yashnashini, bolalar bilan to‘lgan bog‘ida hayot yana jo‘sh urishini o‘ylab o‘tirarkan, yo tavba, bog‘ chetidagi bir daraxt qiyg‘os gullaganini, uning ostida qo‘llarini osmonga cho‘zgancha o‘sha bolakay turganligini bexos ko‘rib qolibdi. Pahlavonning yuragi qinidan chiqib ketay debdi. U jon holatda keksaligini ham unutib, tashqariga otilibdi. Bolaga yaqinlashgach, dahshatdan tili tanglayi­ga yopishib qolayozibdi. Buning boisi bolakayning butun vujudi allaqanday qo‘rqinchli yaralar bilan qoplangan bo‘lib, ular mix iziga o‘xsharkan.
– Kim seni bu ko‘yga soldi, bolajon?! Aytgin, uning adabini beraman, katta qilichim bilan shartta kallasini olaman! – hayqiribdi pah­lavon.
– Yo‘q, bunday qilish shart emas, – debdi bolakay kulimsirab. – Bu Mehr jarohati. Sen men uchun bog‘ingni ochib qo‘yding. Endi mening bog‘im ham sen uchun ochiq.
Pahlavon ajablanib, negadir o‘zini nochor, ojiz sezibdi.
– Sen o‘zi kimsan, bolajon?!
– Men Azroilman, joningni jannatga olib ketgani keldim. O‘sha paytda olib ketganimda edi, do‘zaxga tusharding. Ammo sen yaxshi tarafga o‘zgarding. Meni daraxt ustiga chiqarib qo‘yding, bolalarga bog‘ingda o‘ynagani ruxsat etib, savob ishga qo‘l urding, o‘zing ham yashashni o‘rganding. Inson umri abadiy emas, vaqt-soating yetib keldi, tadorigingni ko‘r, do‘stim.
Pahlavon biroz angrayib turibdi. So‘ngra ko‘z oldi tinib, boshi aylanibdi va bahaybat gavdasi daraxt ostiga asta qulabdi. Qissadan hissa shuki, bolalar qiyqirib boqqa kirib kelishganida, qadrdon amaki jonsiz yotar, uning usti turfa gullarga burkangan ekan.

Rus tilidan Aziza Ahmadeeva tarjimasi