Karlos Fuentes. Quvnoq jamoa (hikoya)

1

Alexandro de la Guardianing onasi o‘limidan sal oldin marhum Sebastyan de la Guardia o‘g‘liga Lill ko‘chasidagi ilvirab qolgan xonadonidan boshqa hech qanday meros qoldirmaganini ma’lum qildi. U ham bir kori-holiga yarab turadi. Lekin sotishga arzimaydi, juda arzonga ketadi. Avvalgidek, uni ijaraga berish mumkin. Foyda evaziga yashash azaldan oilaviy an’ana bo‘lib kelgan. Hech qanday yomon joyi yo‘q. Ammo gap bunda emas.
Hamma gap xolalarida. Onasining opalarida. Alexandro de la Guardianing bobosi va buvisi inqilobning birinchi qaldiroqlari yangragandayoq* Meksikadan qochib qolgan edilar. Ular ishlatilmay yotgan pullari, aktsiyalari, qimmatbaho zeb-ziynatlarini banklarga joylab qo‘yganlari uchun sapatachilar islohot o‘tkazib, mulklarini tortib olganda ham Yevropada badastur kun kechiramiz deb umid qilishgandi.
– Otang isrofgar odam edi. Bilasanmi, u Frantsiyada farovon yashaganiga qaramay, o‘zlarini metis, kelgindi sifatida ko‘rib, begona hisoblashlaridan cho‘chir, faqat puli borligi va shu pullarni bemalol xarjlayotganlari uchungina odam o‘rnida ko‘rishadi deb hadiksirab yuradigan aslzodalar toifasidan edi.
Isrofgarchilikni bobo boshlab bergandi. U hashamatli ziyofatlar berib, dabdabaga to‘la quvnoq ballar o‘tkazish, kemalarda sayr qilib, rus baleti kechalariga badavlat odamlarni chorlash yo‘li bilangina yevropaliklar davrasiga qo‘shilish mumkin degan to‘xtamga keldi… Va ko‘ngilxushliklar bilan o‘tgan yigirma yil ichida yarim davlatini sovurib qo‘ydi.
Qolgan yarmini ota izidan borgan o‘g‘il sarflab bitirdi. Bir kuni qarasa, qo‘lida bir hovuch yuz franklik tangalar qolibdi. Alexandroning shikastahol va itoatgo‘y onasi sinora de la Guardia esa epchil sehrgar o‘ynatayotgan soqqalarni tomosha qilayotgandek indamay qarab turardi.
– Tangalar ham tamom bo‘lgandan keyin bechora otang tuni bilan Parij ko‘chalarini parishon kezib chiqdi. Ertalab jasadi topildi. Iloj qancha, kuchi faqat shunga yetibdi.
Donya Lusiya Eskadon de la Guardia Bogarnedagi dang‘illama hovli yonida, Lill ko‘chasida joylashgan uyini ijaraga berib, o‘zi Sen-Syulpiz maydonidagi uch xonali chordoqqa ko‘chib o‘tdi va pazandalikdan dars berib, to‘qqiz yoshida yetim qolgan o‘g‘lini avaylab parvarish qila boshladi. Mana endi, kasallik adoyi tamom qilgan, yolg‘izlik va musibat ichida tilsiz-zabonsiz yashashga mahkum etilgan bu mushtipar ona bir oy, nari borsa ikki oylik umri qolganini anglab yetib, ko‘zining oqu qorasi bo‘lgan Alexandroga oxirgi vasiyatini aytish uchun og‘iz juftladi. Uning onalik mehri va fidoyiligi oldida bir umr qarzdor bo‘lgan o‘g‘li og‘ir bakalavrlik imtihonidan arang «qoniqarli» baho olgandan keyin biron mansab orqasidan quvmasdan ispan tilini mukammal bilgani tufayli Meksikaga qarashli sayohat idorasida kichik lavozimga qanoat qilib ishlashga rozi bo‘lgan edi. Bu o‘rinda ham «Hech narsa bekorga qo‘lga kirmaydi» deb ta’lim bergan onasining xatti-harakatlari bejiz ketmagan edi, albatta. U, garchi yangi Meksika hukumatiga bog‘liq rasmiy munosabatlarni hisobga olmaganda, ular bilan hech qanday aloqa o‘rnatish yoki hamkorlik qilishni rad etganiga qaramay, murosayu madora zarur deb hisoblab kelar edi.
U yana nima der ekan?
– Mexikoda katta opalarim – xolalaring bor. Ular jamg‘armalarini Amerika banklarida asrab qolishgan, chamasi qimmatbaho buyumlarni ham yashirib ulgurishgan. Otangning ishlariga doim hasad va nafrat bilan qaraganlarini bilaman. Ular menga sira yordam berishmadi, aksincha «nega bu isrofgarga tegding» deb ko‘zimni o‘yib olish ilinjida yurishdi.
Donya Lusiya go‘yo so‘nggi nafasini olayotgandek chuqur xo‘rsindi.
– Menga nimani taklif qilmoqchisiz, oyi? Meksikaga borishim va ularning vasiyatnomalariga ilinib qolishimnimi?
– Xuddi shunday. Bu dunyoda ularning boshqa hech kimi yo‘q. Ikkalasi ham qari qizlar. Ularga yoqishga harakat qil.
U nafasi yetmay qolganidan emas, yana nimalarnidir o‘ylab jim bo‘lib qoldi.
– Ikkita yovuz kampir.
– Ularning ismi nima?
– Mariya Serena bilan Mariya Senayda. Faqat ularning ismiga qarab baho berma, o‘g‘lim. Senayda mehribonroq, Serena* juda yovuz.
– Balki yillar o‘tib o‘zgarib qolishgandir?..
– Mo‘jizaga ishonib, bo‘lmaydi. Kichkinaligimda meni qanchalik qiynaganlari esimda – qo‘l-oyog‘imni bog‘lab qo‘yib, tovonimga yonib turgan shamni bosishardi, hojatxonaga qamab qo‘yishardi…
– Qariganda o‘zgarishmaganmikin?..
– Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi, – xo‘rsindi donya Lusiya. Alexandro unga hech qanday xafagarchilikni tan olmaydigan «zamonaviy» insonlarga xos muloyim kulimsirash bilan javob qaytardi.
– Mayli, ko‘nglini olishga harakat qilaman.
– Harakat qil, Alexandro. Xizmat va ijaradan keladigan daromad bilan boshing muhtojlikdan chiqmaydi…
U o‘g‘lining yuzini siladi:
– Mon perit choux*. Mensiz ahvoling og‘ir bo‘ladi.
Ona so‘nggi so‘zlarini aytayotganini sezmagan Alexandro yana jilmaydi.
___________
* 1910–1917 yillardagi Meksika inqilobi nazarda tutilmoqda. Uning rahbarlaridan biri Emiliano Sapata (1879–1919) bo‘lib, u yirik yerlarni musodara qilish dasturini ishlab chiqqan edi.
* Serena (serena) – yuvosh, itoatkor (isp.).
* Mon perit choux — Bolaginam (frants.).

2

U yosh va yoqimtoy edi. Odamlar shunday deyishardi. Oynalar ham shunday der edilar. Misrang sochlari jingalak edi. Badani qoramtir. Burni to‘g‘ri. Ko‘zlari sarg‘ish. Og‘zi tinmaydi. Iyagi cho‘zinchoq. Bo‘yi – bir yuz yetmish santimetr. Og‘irligi – yetmish kilogramm. Kiyimlari ko‘p emas, ammo did bilan saralangan. Yana qo‘li pianinochilarnikiga o‘xshaydi deyishadi. Barmoqlari uzun, ammo xasis emas. Ozmi-ko‘pmi tanishlari – tasodifiy uchragan qizlar. Pul nimaligini yaxshi bilgani uchun mehmon chorlashni emas, mehmondorchilikka borishni yoqtiradi. Ha, endi «amerikalik amakivachcha». Yoqimtoy metisni hamma joyda homiylarcha samimiyat bilan kutib olishardi.
Onasi donya Lusiyaning vafotidan keyin Frantsiya bilan bog‘lab turgan hech narsa qolmadi, deb o‘yladi Aleks. Xizmat ko‘pdan beri joniga tekkan, ijaraga qo‘yilgan Lill ko‘chasidagi xonadon haqi badastur yashashga yetmaydi, qizlarning birontasi bilan jiddiy munosabatga kirishgan emas… Meksika, xolalari, boylik. Bunday istiqbol birdaniga jozibali ko‘rinib ketdi.
U xolalariga maktub yo‘lladi. Shunday, shunday, donya Lyusiya vafot etdi. Frantsiyada endi hech kimi yo‘q. Uzoq davom etgan otameros xijratdan keyin uyga qaytishni xohlaydi. Biron ishning etagini tutguncha ularnikida yashab tursa bo‘ladimi?
Ko‘rishganda darhol tanib olishlari uchun bor bo‘yicha tushgan suratini konvertga solib qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay ikkita xat oldi. Mariya Serena Eskandon va xuddi shu ismi sharif qayd etilgan Mariya Senayda alohida-alohida maktub yo‘llashgan bo‘lsa-da, ikkalasi ham bir xil javob qaytarishgan edi:
«Aziz jiyanim. Seni qabul qilishdan baxtiyormiz».
Nega ular birgalikda bitta xat yozishmadi? Nega alohida jo‘natishdi? Bu jumboq bilan Alexandro qiziqib o‘tirmadi. Nima bo‘lganda ham xolalari kutib olishadi. G‘alati tabiatli ikkita kampir. Injiqliklariga chidashga to‘g‘ri keladi.
Aeroportda o‘z ismi sharifi – Eskandon yozilgan uzun qog‘ozni ko‘tarib turgan taksi haydovchisiga ko‘zi tushdi.
– Bu – Siz bo‘lasizmi? Sizni kutib olishga buyurtma berishgandi.
Mashina uni Ribera-de-San-Kosmadagi ko‘hna imorat oldiga eltib qo‘ydi. Parijdagi tartib-intizomga o‘rgangan yigit Meksika poytaxtidagi alg‘ov-dalg‘ovni ko‘rib, dastlab dovdirab qoldi, keyin behuzur bo‘ldi, so‘ng hayratga tushdi. Nazarida to‘xtash nimaligini bilmaydigan Mexiko o‘z tezligiga mahliyo bo‘lib, cheksizlik bilan bahs boylashganga o‘xshab, bir qarich bo‘sh joyi qolmagan tosh devorlari, kulbalari, osmono‘par binolari, tunuka tomlari, iflos tor ko‘chalari va bir-biriga chirmashib ketgan reklamalari bilan birga qayoqqadir shoshib ketayotgandek tuyuldi…
Ana shu aralash-quralash izdihom ichida abadiy go‘zallik ramziga o‘xshab qad ko‘targan ulug‘vor cherkov binosi, qoya toshdan qurilgan bahaybat imoratlar, qulf urgan bog‘lar ko‘zga yarq etib tashlanib qoladi. Alexandro de la Guardia sohibjamol donya Lusiya orqali bu shahar atsteklar, qirol o‘rinbosarlari, yangi klassitsizm va modern binolar shahri ekanligini bilib olgan edi…
Shuning uchun ham u taksidan tushgach, ko‘hna uyni ko‘rib, g‘oyat quvondi. Juda qadimiy. Ikki qavatli, kulrang tosh ravoqli, ham latofatli, ham eski, ham go‘zal, ham xarob, o‘yladi Aleks – ba’zi joylariga arrasimon chorqirrali tosh taxtachalar o‘rnatilgan va yassi tunuka bilan ziynatlangan, u Mexikoda umuman Yevropa uslubidagi ikki tomonlama nishab tomlar yo‘qligini ilg‘ab oldi. Buni qo‘nayotgan paytdayoq payqagan edi. Yapaloq tomlar, yomg‘ir suvlari uchun qo‘yilgan behisob yog‘och chelaklar to‘lib yotibdi, chordoqsiz, Gollivudga xos rang-barang mayda tunukalar ko‘rinmaydi…
Imorat kulrang sovuq toshlardan ko‘tarilgan edi. Qora temir eshikka uch bosqichli zinadan chiqiladi. Ikki tomonida panjarali derazalar. Har biridan – parda ortidan kimningdir boshi ko‘rinib turibdi. Alexandro jomadonlarini oldi.
– Orqa eshikdan kirsin deb tayinlashdi, – eslatdi haydovchi.
– Nima uchun?
U yelkasini qisdi va jo‘nab qoldi.
Mariya Serena va Mariya Senayda. Keyingi paytlardagi suratlarini ko‘rgan emas, bolalikdagilariga ko‘zi tushgan edi. Shu bois, eshikni ochgan pakana, semiz kampirga qanday murojaat qilishni bilmay, biroz dovdirab:
– Xolajon, – deb xitob qildi Alexandro.
– Alexandro! – qichqirdi kampir. – Seni nega tanimas ekanman?! Onasining xuddi o‘zi! Quyib qo‘yganday-a! Xudo yetkazdi! Qanday katta baxt!
Aleks uning qip-qizil chiroyli yuzidan o‘pish uchun engashdi. Kampir esa maxfiy narsa haqida gapirayotgandek qulog‘iga shivirladi:
– Men Senayda xolang bo‘laman!
Sochlari paxtadek oppoq, ammo yuzi toza va xushbo‘y edi. To‘g‘risi, undan ifor emas, atir sovun isi anqib turardi. Gimnaziya tolibalari kabi oq g‘ijim yoqali guldor ko‘ylak kiygan. Yubkasi to‘pig‘igacha tushadi. Oyog‘ida poshnasiz oq tufli, yiqilib ketishdan qo‘rqqandek arang tik turibdi. Paypog‘i ham gimnaziya tolibalarinikidek oppoq.
–Kir, kiraqol, bolajonim, – dedi u kuylayotgandek kulimsirab – O‘z uyingdasan. Yo‘lda toliqmadingmi? Dam olging kelyaptimi? Xonangni ko‘rsataymi? Senga shokolad tayyorlab qo‘yaymi?
Kampir qo‘lidan da’vatkorona ushladi. Ular oshxonaga kirishdi.
– Rahmat, xolajon. Ochig‘ini aytsam, ozgina dam olgim kelayapti. Uchish og‘ir bo‘ldi. Xolam Mariya Serena bilan ham tanishsam degandim. Keyin sizlarni kechki ovqatga taklif qilmoqchiman.
Yigitning chehrasidan mehr yog‘ilib turardi.
Mariya Seneydaning yuzidagi tabassum yo‘qoldi.
– Biz uydan tashqariga chiqmaymiz.
– A! Mayli, men hozir opangiz bilan ko‘rishib kelaman. Keyin…
– Biz gaplashmaymiz,– uning yuzidagi chiziqlar yig‘ilib, sovuq qiyofa paydo bo‘ldi.
– Unday bo‘lsa… – Aleks oliy hukmdorga bo‘ysunayotgandek qo‘llarini yozdi.
– Uyni bo‘lishib olganmiz,– dedi xolasi yerga qarab. Uy kunduzi menga, kechasi unga qaraydi. Yur, yotog‘ingni ko‘rsatib qo‘yay.
Kampirning yuzi yana yorishdi.
– Bolajonim! O‘z uyingdek ko‘rgin! Iso Masih panohida asrasin!

3

Unga ajratilgan xonaning orqa derazasi kimsasiz, xilvat shahar bog‘iga qarab ochilar edi, hozir bu yerda to‘qqiz-o‘n ikki yashar bolalar futbol o‘ynab yurishardi. Uzoqda tramvay yo‘li ko‘rinar, cho‘ziq qo‘ng‘iroq ovozlari eshitilib turardi.
U yangi qo‘nimgohini ko‘zdan kechirdi. Hech qanday hashamat yo‘q. Karavot yog‘ochdan qilinganga o‘xshardi. Uxlayotgan ayol va qo‘riqchilikda turgan jangchi qiyofasida tasvirlangan Popokatepel va Istaksikuatl vulqonlarining surati solingan, o‘n besh yil ilgari chiqqan eski taqvimni hisobga olmaganda – devorlar bo‘m-bo‘sh. Yog‘och stol stulga tutashtirib ishlangan bo‘lib, maktab partasini eslatadi. Alexandro qopqoqni ko‘tarib ko‘rib, ichida hech narsa yo‘qligiga ishonch hosil qildi.
Hojatxonada barcha zarur narsalar – vanna, tos, suv, oyna bor edi… Pardani surib, simlarga kiyim ilg‘ichlar osib qo‘yilgan qutichaga o‘xshagan bir narsani ko‘rdi.
Buyumlarini saranjom qilishga madori yetmadi, charchoq g‘olib chiqdi.
Kechki soat oltida ham u qattiq uyquda edi. Samolyotda uxlashga o‘rganmagan, buning ustiga okean osha uzoq yo‘lga birinchi chiqishi edi.
Ikki soatdan keyin g‘ala-g‘ovurdan uyg‘onib ketdi. Sovuq suvda yuvindi, tarandi, galstugini to‘g‘rilab, pidjagini kiydi.
Xolasi Mariya Serena bilan ko‘rishgani yo‘l oldi, u chamasi shu paytlarda qabul qilsa kerak.
Xolasi qattiq divan o‘rtasida o‘zini orqaga tashlab, xuddi taxtda o‘tirgandek jiddiy qiyofada qarab turardi. Unda qilt etgan harakat asari ko‘rinmadi, harholda Aleksga shunday tuyuldi, u hassasi uchidagi marmar tutqich – bo‘ri kallasiga kaftini qo‘ygancha qotib qolgandek edi. Kiyimi boshdan-oyoq qora, singlisinikiga aynan o‘xshash uzun qora yubkasining etaklari paypog‘ini bekitib turibdi. Ko‘ylagiga qora to‘r tikilgan, ko‘kragiga yagona taqinchoq – kamiya – qimmatbaho chig‘anoq qadalgan. Bo‘yni atrofida qora ro‘molcha.
Oppoq yuziga upa surilmagan, qoshlari «ko‘zim uchib turgani yo‘q» degandek qattiq chimirilgan. Boshida qiyshayib qolgan qizg‘imtir yasama sochida bironta ham oq tuk ko‘rinmaydi. Aleks kulgidan o‘zini zo‘rg‘a tiydi va negadir, bu ayol hozir ham nozu karashma qilsa kerak deb o‘yladi, qansharidagi gardishsiz «kvedos» pensnesiga nigohi tushishi bilan beixtiyor rahmatli onasi ko‘z o‘ngida jonlandi. Alexandro bir paytlar Ulm ko‘chasidagi Sinematikada ko‘rgan «Potyomkin bronenosetsi» filmidagi yarador xotinning darz ketib qonga bo‘yagan pensnesini aynan ko‘rgandek bo‘ldi.
– Salom, xolajon.
Javob o‘rniga xolasi hukmfarmolik bilan unga o‘tiradigan joyini ko‘rsatdi.
– Senga ochiq aytib qo‘yaqolay, jiyanim, men shunga odatlanganman. Onang nomunosib kishi, ya’ni otang bilan o‘z taqdirini bog‘lagandan keyin biz undan voz kechdik. Barcha boyliklar muhayyo bo‘lgandan keyin uni behuda sovurish Xudoga shak keltirish bilan baravar. Bilib qo‘yginki, onangning o‘limiga qattiq qayg‘urdik. Bizni ko‘rmoqchi bo‘lganingdan boshimiz osmonga yetdi.
– Men ham juda xursandman, Serena xola.
– Nima ish bilan shug‘ullanmoqchisan, bu menga qorong‘i…
– Ish izlab ko‘raman… keyin…
– Shoshilma. Avval ko‘nikib ol. Yodingda bo‘lsin – bu sening uying.
– Rahmat.
– Bizning qoidalarimizga amal qilishing shart. Ochig‘ini aytaman: biz – opa-singil chiqisholmaymiz. Butunlay boshqa-boshqa odamlarmiz. Yashash tarzimiz ham har xil. Buni tushunishga harakat qil.
– Tashvish tortmang.
– Ikkinchi shart. Hech qachon ko‘cha eshigidan kirib chiqmaysan. Yashirin yo‘l bor. U sening xonang yonida, oshxonadan boqqa olib chiqadi.
– Ha, uni ko‘rdim.
– Bu yoqqa kirib-chiqayotganingni hech kim bilib qolmasligi kerak.
– Siz qay paytda tushlik qilasiz? – Aleks tobora og‘irlashib borayotgan suhbatni yumshatishga urindi.
– Soat ikkida tushlik qilasan. Singlim bilan birga. Kechki ovqat – sakkizda. Men bilan.
– Nonushta-chi? Umuman, bu borada tashvishlanmasangiz ham bo‘ladi… Nonushtani o‘zim tayyorlashga o‘rganib qolganman.
– Bundan tashvish tortma, bolajonim,– u butun suhbat davomida birinchi marta jilmaydi.– Ertalab soat oltida Panchita kelib, hammayoqni supurib-sidiradi, nonushta tayyorlaydi. Bilib qo‘y, u soqov.
«E, xudoyim, menga to‘rtta ko‘z tikilib turibdimi: pensne oynasi xolamning xira ko‘zlaridan alohida yashaydiganga o‘xshaydi.
Kampir o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Hozir birga ovqatlanamiz. Menga hamma narsani so‘zlab berasan.
Mehmonxonadagiga o‘xshab qandillar bilan yoritilgan oshxonada xolasi o‘z taqsimchasiga bir necha bo‘lak to‘g‘ralgan cho‘chqa go‘shti, rostbif, tovuq to‘shini soldi. Aleks o‘rnidan turib, taqsimchani unga olib berdi, Mariya Serena yana jilmaydi:
– Bo‘ldi, farosatli yigit ekaningni bildim… Yaxshisi, o‘zing haqingda gapir.

4

U qotib uxladi va barvaqt uyg‘ondi. O‘zini tartibga keltirib, oshxonaga chiqdi. Panchita qahva qaynatib, taom tayyorlayotgan ekan. Aleks salom berib, boshini xiyol engashtirdi. Ayol javob qaytarmadi. Qotmadan kelgan bu hindu xotin tim-qora sochlarini ixcham o‘rib, orqasiga tang‘ib qo‘ygan edi. U eski tovada non qizdira boshlaganda, Aleks kulib yuborishiga sal qoldi. Ayol tishi yo‘qligi yoki soqovligidan uyalibmi – lablarini qattiq qimtib olgandi. Bekasi kabi pakana, ammo ozg‘in va ingichka edi.
Aleks unga muloyim boqdi. Ayol itoatkorona, ammo g‘amgin nigoh bilan javob qaytardi. Qo‘llarini yuvdi. Peshbandini yechdi. Shol ro‘moli bilan ko‘kragini o‘radi. Maxfiy eshikni ochdi. Ostonadan o‘tayotib, yigitchaga qayrilib qaradi. Odatda hech qanday ma’no sezilmaydigan yuzida qandaydir xavotirlik aks etdi, go‘yo u yangi mehmonni nimadandir ogohlantirmoqchi bo‘layotgandek edi. Chiqib ketdi. Aleks qahva ichdi, so‘ng oynadan bolalar to‘p o‘ynayotgan bog‘ni kuzatdi. Xolalari o‘likmi-tirikmi – bilib bo‘lmasdi.
Aleks avval bog‘ga chiqdi, so‘ng uyni aylanib, Ribera-de-San-Kosma ko‘chasiga o‘tdi.
Hech zog‘ ko‘rinmaydi. Xolalarinikiga o‘xshagan eski imoratlar yo‘q. Yaqinda qurilgan uylarning derazalari lang ochiq, ba’zilarining romlari qiyshaygan, oynalari singan, eshiklar oldida axlat solingan qora qoplar ag‘anab yotibdi, qavatlar orasida tor yo‘lak cho‘zilgan. U yo‘lakka kirdi. Boloxonalarda temir panjaralarga kaftini tiragan ayollar unga befarq qarab turishardi. Xuddi unga nazar solishni o‘zlariga ep ko‘rishmayotgandek. Katta ko‘chaga chiqib qolgan Aleks yo‘lovchi mashinalar harakati va odamlarning g‘ala-g‘ovuriga duch keldi, narxi tushirilgan arzon mollar magazini lavhalari, kiyim-kechak, boqqollik, atir-upa, shirinliklar, o‘tkir pishloq hidi anqib turgan sut do‘konlari qalashib yotibdi.
Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Birov parvo qilay demaydi. Salomiga alik oladigan odamning o‘zi yo‘q.
Tayinlanganidek, uyga maxfiy yo‘l bilan qaytdi.
Mariya Senayda oshxonada qandaydir ovqat pishirmoqda edi.
– Ko‘zimning nuri! – u peshonasidan o‘pdi. – Bugun nima qilmoqchisan?
– E-e-e, – talmovsiradi Aleks, – hali shaharni ko‘rganim yo‘q. Tomosha qilishdan boshlasammikin?
Xolasining labidan kulgi o‘chdi:
– Mexiko notinch shaharga aylanib qolgan. Ko‘chalarda sayr qilib bo‘lmaydi. Falokat oyoq ostida.
– Avtobusga o‘tiraman. Yo taksi yollayman-da.
– O‘g‘irlab ketishlari mumkin, – Mariya Senayda taxtada pamildori, piyoz, sabzini avaylab to‘g‘ramoqda edi.
U kulib yubordi.
– O‘g‘irlab nima qilishadi?
– Olomon orasida tez ko‘zga tashlanasan. Chiroyli yigitsan. Yaxshi kiyingansan. Seni puldor deb o‘ylashadi.
– Unda jinsi kiyib, ich ko‘ylakda chiqaman.
– Qiyofang o‘zgarmaydi. Lochin osmonda yaxshi ko‘rinadi.
– Juda oshirib yubordingiz-ku, xolajon…
– Qo‘zichog‘im… – xolasining ko‘zlariga yosh to‘ldi.
– Bering, piyozni men to‘g‘ray.
– Yo‘q, yo‘q, men o‘zim, – u kulimsirab bosh chayqadi.
Soat ikkigacha o‘z xonasida karavotda yotdi, so‘ng Mariya Senayda bilan tushlik qilgani chiqdi.
Bu gal faqat bir xil taom – quyuq sabzavot sho‘rva tortildi.
– Aleks, ovqatlanib bo‘lganingdan keyin sayrga chiqaqol.
– Ertalab chiqib keldim… Qiziqarli hech narsa yo‘q… Bundan tashqari, o‘zingiz ogohlantirdingiz-ku, meni…
– Qari laqmaning gapiga ishonib o‘tiribsanmi?
– Mayli, bajonidil aylanib kelaman.
– Bilasanmi? – uning ko‘zlari tik qadaldi. – Qo‘shnilar bu yerda hech kim yashamaydi, deb o‘ylashadi. Chunki biz hech qachon ko‘chaga chiqmaymiz-da.
– Aziz xolajon, – dedi Aleks ma’nodor qilib. – Men – mehmoningizman, nimani xohlasangiz, shuni bajaraman…
– Tentakkinam, nima deyayotganingni o‘zing ham bilmaysan…
– Kechiring meni…
– Mayli, ko‘chaga chiq… Mayli, nima… kimdir… bizlar… hali yashayotganimizni bilishsin…
Aleks hayratini yashirolmadi.
– Hali yashayotganimizni deysizmi? Demak, kimlardir sizlarni o‘lgan deb hisoblashar ekan-da?
– Kechirasan, noto‘g‘ri aytib qo‘ydim. Men «hali biz tirikmiz» demoqchi edim…
– Tushunmadim, xolajon. Sizlar tirik ekanligingizni va hali o‘lmaganligingizni bildirish uchun ko‘chaga chiqishim kerakmi?
– Shunday.
– Unda maxfiy yo‘l nimaga kerak? Axir hech kim meni ko‘rmaydi-ku…
Mariya Senayda boshini egdi va yig‘lab yubordi:
– Men chalkashib ketdim. Serena mendan aqlliroq. Mayli, u senga tushuntirib beraqolsin.
Shiddat bilan o‘rnidan turib, quyondek sakrab, chiqib ketdi.
Aleks kunning qolgan qismini kitob o‘qib o‘tkazdi. Kutilmaganda xizmat majburiyatidan xalos bo‘lib, boshqa yurtga, boshqa bir uyga kelib qolgan yigit ko‘pdan beri orzu qilib yurgan imkoniyatga erishganiga shukur qilib, o‘zi bilan birga olib kelgan va hozir uni Parij bilan bog‘lab turgan qadrdon narsa – Alfred Myussening* «Asr o‘g‘lonining dil iqrori”ni o‘qiy boshladi. Frantsiyada yaxshi ma’lumot olgan Alexandro de la Guardia Myussening sharofati bilan Napoleondan keyingi davr muhitiga xos romantik ruhni yoqtirib qolgan, lekin bu haqda hali hech kimga og‘iz ochmagan edi.
U hatto kiyinish va yurish-turishda ham o‘sha zamon kishilariga taqlid qila boshlagandi.
«Odam vujudini ehtiros egallab olganda, – o‘qidi u, – aql uning orqasidan ergashib yuradi va bo‘lajak xavfdan ogohlantiradi, odam o‘zini qo‘lga ola boshlashi bilanoq bo‘lajak ehtiros yana bosh ko‘taradi: «Men nima qilaman? Nahotki meni o‘ldirishni xohlasang?»
Bunday ehtiros g‘alayonini hozir Frantsiyada topib bo‘lmaydi. Chamasi, Meksikada ham. Alexandro de la Guardia yoshlikdan qolgan odatiga muvofiq, bo‘lajak voqealarni sabr-toqat bilan kutishga qaror qildi.
Ha, u davrning haqiqiy bahosini Myussedan topgan edi.
Ayni zamonda u Jorj Simenonning mo‘jaz kitobchasi – «Kichkintoy Donje hayoti»ni ham olib kelgandi – bir necha kitobni birvarakayiga o‘qishni yoqtirardi. Myusse unga zamon shiddatiga qarshi turishga yordam bersa, Simenon hushyor yashashni o‘rgatardi. Har ikki yozuvchi Aleksga otasidek bo‘lib qolgan.
Soat sakkizda u ovqatlanish uchun Serena xolasining huzuriga bordi. Keksa xonim stol to‘rida uni kutib o‘tirardi. Joyini egallashi bilanoq xolasi unga bug‘i burqirab turgan qahvali finjon uzatdi. Kechki ovqat bir bo‘lak biskvitdan iborat edi. Yana boshqa narsalarni kutgan yosh yigitning hayratga tushgani Mariya Serena e’tiboridan chetda qolmadi.
– Bizning Meksikada buni «Merenda» deyishadi. Yengil ovqatdan keyin yaxshi uxlaysan. Dengiz sathidan ikki ming metrdan balandda turganimizni unutma. Kechqurun bo‘kib ovqat yesang, meni kechirasan-u, kechasi bilan dahshatli tushlar ko‘rib chiqasan.
Aleks ma’qullab jilmaydi:
– Mamlakat odatlariga amal qilaman.
Serena nimanidir kutib tashvishlanayotgandek unga qattiq tikildi.
– Mendan biron narsa so‘ramoqchi emasmisan?
Aleks u nimaga shama qilayotganini anglab, tusmolladi:
– Ha, ha, Senayda xola ko‘cha eshigidan emas, maxfiy yo‘lakdan yurish zarurligini yana bir marta eslatib qo‘ydi.
Serena biskvit bo‘lagini qahvaga botirar ekan:
– To‘g‘ri qilgan,– dedi.
– Yana ko‘chada ko‘rinib turishimni tayinladi.
U xolasiga o‘xshab biskvitni qahvaga botirdi.
– Odamlar… sizlarni… hali tirik deb o‘ylashi uchun…
Tili aylanmay qoldi. Donya Serena og‘zidagi luqmani shoshilib yutdi.
– Singlim befahmlilik qilib, gapini to‘g‘ri aytolmapti. U «tirik» emas, «yashaydi» demoqchi bo‘lgan, ya’ni bu uyda hamon odamlar yashaydi. Bor gap shu.
Aleks bo‘sh kelmadi. Frantsuz bakalavri – aqlli va tadbirli odamlar xilidan edi.
– Unda nega maxfiy yo‘ldan yurasan deb talab qilayapsizlar?
Kampirning unga qadalib turgan nigohi chil-chil sinib, sochilib ketgandek bo‘ldi, eski pensne oynasi ustida suzib ketayotgandek tuyulgan xira ko‘zlari jiyaniga baqrayib tikildi. «Ko‘zi ustida yana bir nigohi bor, – o‘yladi Aleks, – bu vijdon nigohi, u qorong‘i zimiston qa’rida, bir lahza bo‘lsa-da, nimalar kechayotganini ko‘rsatishga qodir».
– Bu – topishmoq, – javob berdi Serena og‘zidagi luqmani yutib.
Aleks muloyim jilmaydi.
– Ertaklarda odatda uchta topishmoq beriladi, donya Serena. Kim yechsa, mukofot oladi.
– Sen ham olasan, – javob berdi kampir yoqimsiz jilmayib.
«Engil ovqat»ga qaramay tunda juda yomon uxladi.
To‘zg‘ib ketgan xayollari uni: «Qayerga kelib qoldim? Bu uyda nima bo‘layapti? Xatarli narsa yo‘qmi? Odatdagi qo‘rquvmi bu? Balki bema’ni vahimadir? Yoki men sezmagan g‘alati narsalar bormi?» singari savollar ichida o‘rtanib chiqishi uchun Ribera-de-San-Kosmada o‘tkazgan bir kun yetarli bo‘ldi.
Nazarida xolalari ikki yoniga o‘tirib olib, qulog‘iga tinmay shivirlashardi: «Hech qanday xatar bo‘lmasin desang, birini tanlaysan? Maxfiyliknimi? Yoki qo‘rquvnimi?»
Ko‘zi ilindi deguncha donya Serenaning og‘zidan boyagi «pesadilla»* so‘zi qalqib chiqardi. Bu frantsuzlardagi «cauchemar» yoki inglizlardagi «nightmare» kabi yoqimsiz so‘z. Sassiqkekirdak, lohaslik, xastalikka o‘xshaydi… Badbo‘y narsalar ufurib turadi.
–Uyimizdan nimani topmoqchi bo‘layapsan? Hujjatmi, yashirin boylikmi, qo‘rquvmi, sirmi?..
U ko‘zini yumdi:
– E, nima bo‘lsa bo‘lmaydimi…
Xuddi tushida gapirayotgandek:
– Tanlash – qopqonga tushish demakdir, – deb qo‘shib qo‘ydi.
___________
* Alfred Myusse – frantsuz yozuvchisi.
* Yomon tush, dahshat (isp.)

5

Hindu ayol Panchita ketgan zahotiyoq oshxonada Mariya Senayda paydo bo‘ldi. Aleks birontasiga ham e’tibor bermadi. Dehqonchasiga pishirilgan quymoqni huzur qilib yedi. Bu yerda hamma xuddi osmonda uchayotgandek oyoq uchida yurishardi. U esa, qasdma-qasdiga olgandek, polga yotqazilgan taxtachalarni taraqlatib yura boshladi. Nimadir qarsillab ketdi. Yupqa taxtacha bardosh berolmay, yorilib ketgan edi. Aleks o‘zini aybdor his qilib, cho‘nqayib o‘tirdi-da, yorilgan joyni ulashga urindi.
– Qo‘zichog‘im, nima qilib qo‘yding?
Aleks qizarib ketdi:
– Sindirib qo‘ydim…
Senayda jilmaydi:
– Bolalar hamisha shunday. Parvo qilma.
U bolalar futbol o‘ynayotgan, changib ketgan bog‘ni ko‘rsatdi:
– Qara. Ular qanday baxtiyor, beg‘ubor…
Ammo shunday deb bolalarga emas, jiyaniga qaradi.
– Nahotki ular bilan o‘ynashni xohlamasang?..
– Xolajon! – oshkora hayrat bilan xitob qildi u. – Men katta bo‘lib qolganman-ku!
– Nima, katta bolalar futbol o‘ynamaydimi?
– Endi, nima desam ekan?.. – Aleks vazmin bo‘lishga urindi. – O‘ynashadi. Albatta, o‘ynashadi. Bilasiz-ku, ular professionallar…
– Oh, bolajonim, – xo‘rsindi kampir. – Nahotki hech qachon to‘p orqasidan yugurmagan bo‘lsang?
Aleks istehzo bilan javob qaytarishga og‘iz juftladi-yu, darrov shashtidan qaytdi, xolasiga gap uqtirib bo‘lmaydi. Atrofingda norastalar to‘lib yotganda, bolalar bilan to‘p o‘ynash… Ammo donya Senaydaning beg‘ubor nigohi ortiqcha shubhaga izn bermasdi.
– Bironta ish topishga kirishmasam bo‘lmaydi.
U oq sochli boshini o‘smirning yelkasiga qo‘ydi.
– Nega shoshilasan, bolajonim… Sabr qil. Avval balandlikka ko‘nikib ol.
Bu gapdan, kulib yuborayozdi. Ammo keyin eshitgan gapi oldida bunisi xolva ekan.
– Biz Serena bilan shunday yolg‘izmizki…
Aleks mehri tovlanib, uning kaftini siladi, ammo boshiga qo‘l tegizishga jur’at etmadi.
– Xavotir olmang, Senayda xola… Hammasi yaxshi bo‘ladi.
– To‘g‘ri aytasan. Hamma narsaning vaqti bor.
– Vaqtida yashab, vaqtida o‘lish kerak, – jilmayib ta’kidladi u.
– Vaqtida sevish ham kerak, – kampir Aleksning sochini silar ekan, xo‘rsinib qo‘ydi.
Senayda chiqib ketdi. Ostonadan o‘tayotib, o‘girilib qaradi-da, qo‘li bilan «xayr» ishorasini qildi. Yosh bolaga o‘xshagan o‘yinqaroq kampir…
Alexandro de la Guardia xayolga tolib qoldi. Kun bo‘yi nima ish qiladi, vaqtni qanday o‘tkazadi?.. Senaydaning «vaqtida sevish kerak» degan gapi uni xotirjam qilish o‘rniga battaroq tashvishga soldi. Xavotir uyg‘otdi. U bu yerda butunlay begona – tan olish kerak. Xolalariga ham, bu uyga ham, shaharga ham. Balki ular haqdir, ko‘chaga chiqishi, ob-havoga ko‘nikishi, bolalarga qo‘shilib futbol o‘ynashi kerakdir?..
Ammo u donya Senayda aytganidek, o‘tgan-ketganga opa-singil Eskandonlar «hali tirik» ekanini yoki donya Serena to‘g‘rilaganidek, «uyda odamlar yashayotganini» ko‘rsatib qo‘yish uchun maxfiy yo‘lakdan ko‘chaga chiqish bilan cheklandi.
Litseyda murosayu madoraga ko‘nikib qolgani tufayli bunday biri-biriga zid holatdan ajablanmaslikka qaror qildi. Xolalari odamlarga o‘zlarining tirikligini, uy kimsasiz emasligini bildirib qo‘yishni rostakamiga xohlasa, katta eshikdan kirib-chiqib yurgani ma’qul emasmi?
U ko‘rgan, eshitganlarini sinab ko‘rishga qaror qildi. Maxfiy eshikni ochib, kichkintoylar futbol o‘ynayotgan chang-to‘zon boqqa chiqdi. Uni ko‘rishi bilanoq bolalar yopirilib kelib, notanish o‘smirga qiziqsinib qaray boshladilar. Aleks ularga jilmayib qo‘ydi. Bir bola to‘p uzatdi. Aleks uni beixtiyor tepib yubordi. Boshqa bola qabul qilib oldi va darhol iziga qaytardi. Aleks qo‘lbola darvozani ko‘rib, kuchli zarb bilan to‘pni darvozaga yo‘naltirdi.
– Gol! – bolalar bir ovozdan qichqirishdi.
Aleks shundagina darvozabon yo‘qligini payqadi.
G‘alaba juda oson qo‘lga kiritilgandi. Ammo mo‘ljalga urilgan to‘p uni bolalar o‘yiniga qiziqtirib qo‘ydi. Bundan tashqari, uning ko‘ngli ko‘tarilgandek bo‘ldi, hatto xursand bo‘lib ketdi, bu kutilmagan vaziyat opa-singil Eskandonlar uyida karaxt qilib qo‘yay degan erksiz holatdan qutqazadigandek tuyuldi, ammo miyasiga birdan kelib qolgan fikrdan hayron bo‘ldi – go‘yo bu o‘yin hayot yo‘lini ko‘rsatayotgandek edi. Futbol o‘ynash kerak. Umuman, o‘yin qilish kerak.
U boshi bilan to‘pni urayotganda ko‘zlari beixtiyor yuqori qavatga tushdi.
Ikkinchi qavat derazasidan Serena o‘qrayib turardi. Boshqasidan Senayda xolasi mehribonlik bilan boqardi. Biroz vaqt o‘tib, tushlik- ka kirganda ikkinchi qavatda g‘alati shovqin-suron boshlandi. U nima bo‘layotganini anglay olmay zinapoya oldida qotib turib qoldi. Ha, kampirlar o‘zaro janjal qilishar, ammo ovozlari juda uzoqdan kelayotgandek yoki quduq ichidan chiqayotgandek bosiq eshitilar edi. Eshiklar ikki marta taraqlab yopildi, qulog‘iga o‘kirib yig‘lagan tovush chalindi. Senayda xola bu gal ovqatlanishga kelmasligini Aleks angladi.
Oshxonaga yo‘l oldi. Mis idish ichida qo‘ziqorin sho‘rva bor edi. Boshqa taqsimchaga odatdagidek turli yaxna go‘sht bo‘laklari solingan. Yana boshqasida issiq iqlimda pishadigan sarxil mevalar tog‘dek uyib qo‘yilgan, bunaqasini u umrida ko‘rmagan edi.
Ovqatlanib bo‘lgach, xonasiga qaytdi, Myusseni o‘qidi, «Dil iqrori… » ta’sirida o‘zi ham biron narsa yozgisi keldi.
Partaga o‘tirdi. Quti bo‘shligini bilardi. Qo‘lini tiqdi va nimadir qo‘yilganini sezib, hayratdan dong qotdi.
Qopqoqni ko‘tarib, rasmlari bo‘yaladigan bir qancha bolalar kitobchalarini ko‘rdi. Yonida bir uyum bo‘yoq qalamlar. «Mana senga sovg‘a!» – jilmaydi Aleks. Yangi jumboq. Nahotki u kecha partani ko‘zdan kechirganda bu narsalarni sezmagan bo‘lsa? Kimdir – ehtimol Senayda – qalam va kitoblarni qo‘yganga o‘xshaydi. Nima uchun? Bu uyda hech qachon bolalar yashamagan-ku!
Kitobchalar esa, – u varaqlab ko‘rdi, – sana noto‘g‘ri qo‘yilmagan bo‘lsa, roppa-rosa o‘n besh yil oldin bosilgan edi.
Kitob muallifi – uning o‘zi!
Alexandro de la Guardia. «Kichkina frantsuzning Meksikadagi sarguzashtlari».
Varaqlar bo‘m-bo‘sh edi.
To‘g‘ri fikr yuritish qobiliyati uni tark etayotganday bo‘ldi. O‘rnini nihoyasiz qo‘rquv egalladi. U o‘rindiqqa yotib, ko‘zini yostiq bilan bekitdi. Ancha vaqtdan keyin tinchlandi. Kechki ovqatni kuta boshladi. Ovqat paytida hamma narsa joyiga tushadi.
Serena xola kechki ovqatga chiqmadi. Aleks o‘n daqiqa kutib o‘tirdi… O‘n besh daqiqa o‘tdi. Stolda tushlik qoldiqlarini ko‘rdi. Sovigan sho‘rva. Go‘shti bo‘lsa, sovub qolgani yetmagandek, har joy-har joyidan g‘ajib tashlangan edi: go‘yo kimdir ularni tirnoqlari bilan qandaydir hayvonning to‘shidan yulib olgan-u, odamni jirkantiradigan holda tashlab, ketganga o‘xshardi.
Uni vahima bosdi. Uy og‘ir sukunat ichida edi. Yosh yigitcha qo‘rqa-pisa qadam tashlab zinaga yaqinlashdi. Hali biron marta ikkinchi qavatga chiqmagan edi. Xolalari taklif qilishmadi. U esa yaxshi tarbiya ko‘rgan…
Zinapoyalarni ohista, qat’iyatsiz bosib ko‘tarildi.
Va nihoyat, ikkala xona eshiklari bir-biriga qarama-qarshi joylashgan tor yo‘lakda to‘xtadi.
Har bir xona ostonasida patnis turardi.
Taomlar sovub qolgan.
– Darvoqe, ular yaxna go‘sht yeyishadi-ku,– o‘ziga tasalli berdi Aleks.
Ammo uni qachon yeyishadi? Nima uchun yuqorida yeyishadi? Taomni har gal pastda men bilan birga baham ko‘rishayotgan edi-ku? Panchita azonda ketgan bo‘lsa, patnislarni bu yoqqa kim olib keldi? Biri ikkinchisigami? Ammo ularning bir-birini ko‘rishga toqati yo‘q-ku, bunday tekin xizmatkorlik nimaga kerak bo‘lib qoldi?
U pastga qaradi.
Mariya Senaydaning eshigi oldidagi idish qopqog‘ini ko‘tardi. Go‘sht hasharotlarga to‘la edi. Qanaqa deysizmi? O‘rgimchaklar, suvaraklar, yana allaqanday qurtlar, chumolilar… Hammasi har yoqqa o‘zini urdi.
Aleks shosha-pisha qopqoqni yopdi.
G‘alati ahvolga tushib, ikkinchi eshik oldidagi idish qopqog‘ini ham ko‘tarib ko‘rdi.
Sho‘rva. Tomatdan qilinganmi? Lavlagidanmi? Karamdanmi? Sabrsizlik bilan idishga barmog‘ini tiqdi, so‘ng og‘ziga soldi.
Qon. Qonli sho‘rva.
Qichqirib yuborishiga sal qoldi.
Barmog‘ini artib tozaladi.
Qichqirmaganiga sabab, ayni shu daqiqada Serenaning eshigi orqsidan ho‘ngragan yig‘i ovoz eshitildi.
U taqillatish uchun qo‘lini ko‘tardi. «Nima bo‘ldi?!» deb so‘rashga og‘iz juftladi.
Ammo birdan to‘xtadi. Bema’ni bir fikr boshidan lip etib o‘tdi. Nega endi u unsiz o‘tirgan Mariya Senaydaning eshigini emas, Mariya Serenaning nolasi eshitilib turgan eshikni taqillatishi kerak?
U bo‘shashib, qo‘rqib ketdi. Yaxshi tarbiyagina joniga oro kirdi. Yo‘q, xolalarining shaxsiy hayotiga aralashishga haqqi yo‘q. Mayli, ular qari qiz, telbavash, hatto aqli qosir bo‘lganda ham, baribir o‘z jigarbandlari. Va u bu yerda mehmon.
Qanday sezdirmay ko‘tarilgan bo‘lsa, shunday pastga tushdi va hech narsani o‘ylamaslikka harakat qilib, o‘z xonasiga yo‘naldi.
U yerda, xuddi mehmonxonadagi kabi, yostig‘ining tagida zarhal qog‘ozli shokolad taxtasi yotardi.
Alexandro uni ochib o‘tirmadi. Go‘yo ko‘pdan beri qopag‘on it kabi zanjirda ushlab kelgan-u, hozir bemahal uyg‘ongan g‘azab alangasi ichida shokoladni ochiq derazadan bog‘ ichiga uloqtirib yubordi.
Kechki soat o‘n edi.
Uyqu junbushga kelgan og‘ir o‘ylardan xalos qildi.

6

Ertalab uyg‘onib, eski odatiga ko‘ra qo‘lini yostiq ostiga tiqqan Alexandro de la Guardia yana nimadir borligini sezdi.
Yostiqni surib qo‘ydi va pijamaga ko‘zi tushdi. Birovniki. Jahli qo‘zib, uni olib karavot ustiga tashladi. Bo‘yi kalta – pakana odamlarga mo‘ljallanganday. Yoki go‘daklarga. Yoqasiga osilgan yorlig‘iga ko‘z yugurtirdi: aynan o‘ylaganidek – «S», small.
Uni nima qilishni bilmadi. Xolalarining (ulardan boshqa hech kim xonaga kirmagan) keraksiz sovg‘asini shokoladga o‘xshab uloqtirib yuborgani yaxshi, maktabdan qaytishida bog‘dan o‘tadigan kichkintoylardan birontasiga kerak bo‘lib qolar?
Keyin pijamani qayerdan topgan bo‘lsa, shu yerda – yostiq ostida qoldirgan ma’qul degan to‘xtamga keldi. Bu – xolalariga yoqadigan ish. Xolalariga? Kechagi janjalni hisobga olmaganda, ular gaplashmaydilar. Bu hazillar qaysi biridan chiqayapti ekan? Ulardan bittasi faqat tentak emas, rosmana aqlini yo‘qotgan, deb o‘yladi.
U hojatxonaga kirdi. Yaxshi dushni qo‘msaganiga qaramay, nobop vannaga tushdi. Aksari idish artishda ishlatiladigan, hozirgi yumshoq sochiqlarga qaraganda, suvni kam shimadigan bo‘z sochiqda artindi. Buni ham tushunsa bo‘ladi, opa-singillar boshqa zamonda qolib ketishgan-ku, axir.
Yuzi va engagiga sovun surdi – o‘n besh yildan beri ertalab soqol olishga odatlangan. O‘z aksini oynada ko‘rish uchun bexosdan boshini ko‘tardi.
Oyna yo‘q edi.
Olib qo‘yishibdi.
Devorda uning o‘rni – xira to‘rtburchak iz turibdi. Biz unga – yoqimtoy ajoyib qiyofadoshimizga hech qanday ilohiy tus berib qaramaymiz. Kundalik ro‘zg‘or buyumi deb hisoblaymiz. Aleks shoirona tuyg‘ularga berildi va bolaligida «Sinematika»da ko‘p marta ko‘rgan «Orfey» kinofilmidagi oyna – Koktoni esladi. Bu oynadan xuddi suv ichida yurgandek narigi tomonga – to‘g‘rirog‘i, hayot bag‘ridan o‘lim qa’riga o‘tib ketish mumkin edi. Filmda shunday tasvirlangandi.
Ertalab oshxonada Panchita ko‘rinmadi. Uni chiroyli peshband taqib olgan senorita Senayda qarshiladi.
– Bugun qanday uxlading, qo‘zichog‘im, – mehribonlik bilan so‘radi u. – Yaxshimi?
Alexandro boshini tebratdi va uning qo‘lidan quymoqli taqsimcha bilan birga dolchin va yana nimalardir qo‘shilgan qahvali chinni finjonni oldi.
– Shokolad uchun rahmat, – dedi u iloji boricha vazmin ohangda.
– Yoqdimi? – ish bilan band xolasi qayrilib qaramadi ham.
– Bo‘lmasam-chi! – loqaydroq ovozda javob berdi Aleks.
– Aziz jiyanim, – Senayda ishini to‘xtatmay turib davom etdi. – Sen ham bilib qo‘ysang zarar qilmaydi… Yoshligimizda Serena ikkalamiz bir-birimizni juda yaxshi ko‘rardik. O‘pishardik, quchoqlashardik, erkalanardik, xushchaqchaqlik qilardik…
Bilasanmi, shunday ajoyib odat bor. Bizga meros bo‘lib qolgan, doim unga amal qilardik.
– Bilaman, bilaman, – Aleks jonlandi. – Men XIX asr ingliz romanlarini o‘qiganman. U davrda shunday odat rasm edi. Hozir bu g‘alati ko‘rinadi…
Aleks tutilib qoldi. Senaydaning yuziga qandaydir soya cho‘kkanday edi.
– Keksayganda hammasi boshqacha bo‘ladi. Qariganingda hech kim kerak bo‘lmaydi senga. Begonalar qo‘lida qolasan. Yetti yot begonalar. Bularning bari qarilik talvasasi.
Aleks beixtiyor paydo bo‘lgan yoqimsiz g‘ashlik yo‘qolishini kutib turdi. Axir xolalariga u xat yozib murojaat qilgan, xolalari esa uni bajonidil qabul qilishga rozilik bildirgan edi.
Ammo boshqa-boshqa xat yozishgandi. Aslida birga yozishlari lozim edi. Donya Senayda gapini xotirjam davom ettirdi:
– Bularni bilib qo‘ysang deyman, o‘g‘lim… Nima uchunligini bilmayman-u, men Serenani yaxshi ko‘raman. U yonimda bor ekan, boshqa hech kim ko‘zimga ko‘rinmaydi.
– Eshitganimdan xursandman, Senayda xola.
– Rostini aytsam… – dedi u qandaydir g‘alati ohangda. – Aslida yovuzligimiz ham – muhabbatimizning bir bo‘lagi.
U qo‘lini peshbandiga artdi, bir-biriga o‘xshagan bu keksa kampirga Aleksning mehri tovlanib ketdi.
– Xolajon… Keling, birga aylanib kelaylik… Kinoga tushamiz. Yoki restoranga boramiz.
– Mexiko ko‘chalarida yurish xavfli deb senga aytmagan edimi? – xitob qildi u vahima bilan. – Tajovuz qilishlari, talashlari, o‘g‘irlab ketishlari mumkin. Bezorilar va har xil qalang‘i-qasang‘ilar to‘lib yotibdi… Diyonatli ayol emin-erkin sayr qilolmaydi…
– Men sizni himoya qilaman, – dedi Aleks juvonmard mehmonligini isbotlagisi kelib.
– Yo‘q-yo‘q, – oq sochli boshini tebratdi kampir. – Hech kim meni himoya qilolmaydi. Derazadan qaragin-chi.
Aleks qaradi va politsiyachi qandaydir keksa daydini to‘xtatganini ko‘rdi.
– Ko‘ryapsanmi? – shivirladi Senayda.
– Albatta, ko‘rayapman. Demak, shaharda qo‘riqchilar bor.
Senorita derazaga teskari o‘girildi.
– Agar xonim yolg‘iz bo‘lmasa, unda, kim bilsin, balki…
– Siz ham, singlingiz ham uzoq vaqt uzlatda qolib, o‘zingizni tiriklay ko‘mib qo‘yganingizni nahotki sezmayotgan bo‘lsangiz?
Xolasining katta-katta ochilgan ko‘zlarida dahshat aks etdi:
– Qo‘zichog‘im, sen nega tushunmayapsan? Serena bilan biz uzlatda emasmiz. Ana ular, ko‘chada yurganlarning hammasi o‘lgan odamlar…
– Kechirasiz, – Aleks qo‘lidan finjonni tushirib yuborayozdi.
– Xuddi shunday, kichkintoyim, buni shu paytgacha nega payqamading?! Ko‘chada orqa-oldiga qarab yurayotganlarning hammasi… Ular aslida yo‘q odamlar. Yo‘q, Aleks. Ularning hammasi soyalar. Faqat buni o‘zlari bilishmaydi.
Hammasi ravshan, o‘yladi Aleks, shuncha vaqtdan beri yorug‘ dunyoga chiqmaganingdan keyin chiriy boshlaysan-da, hozir eshitganing holva, ko‘zingga bundan battar sirli hodisalar ko‘rinishi tayin. U suhbatni tabiiy o‘zanga burmoqchi bo‘ldi, ammo shu zahotiyoq foydasi yo‘qligini angladi, chunki bu uydan haqiqat quvg‘in qilingan edi.
– Mayli, unday bo‘lsa, men bu yerda yoningizda bo‘laman.
– Yo‘q, vaqtim bekorga ketadi.
– Biz uni birga o‘tkazamiz.
– Tentagim, u paytda butunlay boshqa vaqt bo‘ladi.
Kampir oshxonadan chiqdi. Nonushtadagi suhbatdan bezovta bo‘lgan Aleks, joduga uchragan bu uy ta’siridan tezroq qutulish uchun ko‘chaga chiqib sayr qilishdan o‘zga chora topolmadi. Soat ertalabki o‘n. Bu paytda unga kim ham hujum qiladi?
U boqqa kirishi bilan o‘lib yotgan kuchukvachchaga ko‘zi tushdi – bunday egasiz, daydi, qo‘tir ko‘ppaklarni na it deb, na bo‘ribosar deb atab bo‘lmaydi.
Uning murdasi yonida Aleks bugun ertalab derazadan uloqtirib yuborgan shokolad o‘ramasi yotardi. O‘rama bo‘sh edi. Itning irjaygan og‘zi qora ko‘pikka belangan.
Ko‘ngli aynab, behuzur bo‘ldi. Vujudi qo‘rquvdan dag‘-dag‘ qaltiradi. Axir shu shokoladni yeb qo‘yishi mumkin edi-ku. Hozir karavotda o‘lib yotgan bo‘lardi. Aql bovar qilmaydi! Nima uchun? Nega? “Xolalarimning uyi Mexiko ko‘chalaridan ming chandon xavfli!» – bu fikr miyasida chaqmoqdek chaqnadi.
Dahshatni yengishga qurbi yetmasdan bog‘ni aylanib o‘tdi. Ribera-de-Kosma ko‘chasiga chiqib qoldi. Binolarining g‘aribligi va magazinlarining ko‘pligini hisobga olmaganda arziydigan hech narsa yo‘q. Odamlar siyrak, g‘ivirlab u yoqdan-bu yoqqa yurishadi, magazinga kirishadi, gazeta sotib olishadi, oddiy restoranlarda tushlik qilishadi…
Nogoh ko‘z o‘ngida g‘alati ro‘yo namoyon bo‘ldi.
Mustamlaka me’morchiligi uslubida qurilgan, yo‘lagi keng bino. So‘nggi barokko san’atining namunasi. Sirli ulug‘vorligi bilan hayratga soladigan bu muhtasham imoratdagi go‘zallik va nafislikni birdaniga anglab olish qiyin, u o‘ziga xos diqqat hamda nazokatni taqozo etadi…
Aleks kiraverishdagi taxtachani o‘qib, bu yerda 1955 yildan beri Mexiko universitetining falsafa va til-adabiyot fakulteti joylashganini bilib oldi. Binoning o‘zi «Maskarones» nomi bilan mashhur edi. U zinadan uch-to‘rt pog‘ona ko‘tarildi va hovlining kengligi, barcha burchaklarining bir-biriga mutanosibligidan hayratga tushdi. Ulkan tosh zina ikki qavatni birlashtirib turardi.
U hovli o‘rtasida to‘xtadi. Oraliqdagi bo‘shliq asta-sekin kulayotgan, bahslashayotgan, g‘o‘ng‘irlayotgan, viqor bilan so‘zlayotgan har xil tovushlarga to‘lib ketdi, ular ohangdorligini yo‘qotmasdan tobora balandlab, bir-biri bilan qorishib borardi, ana shu shovqin-suron ichida Alexandro de la Guardia shaxsiy ovozini – boshqalarnikiga hech qachon aralashib ketmaydigan o‘z ovozini ajratib oldi, jonli, ammo ilg‘ab bo‘lmaydigan, o‘ziniki ekanini bilib tursa ham, aslida o‘ziniki bo‘lmagan bu ovoz uni allaqanday o‘zidan tashqaridagi dahshatli, nihoyatda dahshatli sirli falokat sari yetaklab bormoqda edi…
U saroydan otilib chiqdi va orqa-oldiga qaramay, ko‘cha bo‘ylab chopib keta boshladi. Kelayotgan tramvayni ham sezmadi, tramvay uni bir lahzada quvib yetdi va urib o‘ldirdi.
U ko‘zini ochdi. Ribera-de-San-Kosmada tramvay qatnamasdi. Karaxt holda ko‘cha o‘rtasida turib qolgan edi. Yerga qaradi. Bir mahallar ko‘chaga yotqazilgan relslar, yeyilib ketgan, ammo ming-minglab o‘tadigan avtomobillar izlarni yo‘qotib yubora olmagan edi…
Sovuq ter chiqib ketdi. O‘lib qayta tirilgandek bo‘ldi. Soatga qaradi – ikki. Senayda xola tushlikka kutayapti. U shaytondan battar – birdan vujudida norozilik uyg‘ondi. Yolg‘iz o‘zi shaharda ovqatlanishni xohlab qoldi. Ayni shu damlarda odamlar idoralardan, magazinlardan, maktablardan chiqishayapti… Restoranlar, qahvaxonalar, barlar, tamaddixonalar… Gavjum olomon Aleksni beixtiyor katta ko‘chadan yonboshga – bu shaharda o‘zi biladigan, yagona bino – xolalarining uyi tomon burilishga majbur qildi.
O‘lib yotgan it va hozir yuz bergan hodisadan keyin Senayda va Serenalar bilan bir stolda o‘tirib ovqatlanish nechog‘li og‘ir bo‘lishini his qildi. Cho‘ntagiga qo‘l solib, yana bir muammoga duch keldi: opa-singil Eskandonlarning mehmondo‘stligiga mahliyo bo‘lib, Meksika pullarini qoldirib chiqibdi. Shunda u boqqa qaytib kirib, sira xayoliga kelmagan, nojo‘ya, salgina avval hatto o‘ylasa, jirkanib ketadigan ishga qo‘l urdi. Nazarida bu ish ixtiyoriga bo‘ysunmaydigan yovuz bir kuch ta’sirida, kimningdir talabi bilan bo‘layotgandek edi.
U qo‘lini cho‘zinchoq axlat qutisiga tiqdi. Biron yegulik narsa topish ilinjida. Quti ichiga engashar ekan, boshqa bir qo‘lga tegib ketib, dahshat ichida o‘zinikini tortib oldi. Boshini burib, ertalab politsiyachi olib ketayotgan keksa daydining nigohiga duch keldi. Alexandro qariyaga, qariya esa unga tikilib qoldi. Daydi ko‘ra olmasdi. Ko‘r edi. Ko‘zi tumandek parda to‘sib qo‘ygan oq suyuqlik ichida erib ketganga o‘xshardi.
– Itimni o‘ldirishdi, – dedi qariya. – Meni esa qamashdi. Go‘yo men uni o‘ldirgan emishman. Nega men o‘zimning yolg‘iz do‘stimni, yo‘lboshlovchimni o‘ldirar ekanman, axir u bilan ko‘chalarda birga izg‘ib yegulik topar edik-ku. Menga rahm qilib ayting-chi, nega? Itimni Miramon deb chaqirishardi.
U so‘qir ko‘zlari bilan Aleksning yuzini paypaslagandek bo‘ldi.
– Og‘ayni, biron marta it go‘shti yeb ko‘rganmisiz? Bilasizmi buning yomon joyi yo‘q.
Ohista hiringladi.
– Ochlik – xolang emas.
Aleks bu ilvillab qolgan qariya oldida biron so‘z aytishga ojiz, esi og‘ib turardi. Mayli ko‘r qariya uni soqov deb o‘ylay qolsin.
– Mendan boshqa hech kim bu axlat qutisini bilmaydi. Butun mahallada eng yaxshisi. Bu yerda yashaydiganlar hech narsa yemaydi shekilli, hamma narsani keltirib tashlashadi.
U opa-singil Eskandonlar uyini adashmay ko‘rsatdi.
– Chamasi, muqaddas ruhlar bilan oziqlanishsa kerak, – ko‘r qariya xoxolab kuldi-yu, ammo darrov tushkunlikka tushdi. – Endi Miramonsiz qanday kun ko‘raman? – U ketayotib, o‘zicha: vov, vov! – deb qo‘ydi.
Kunning qolgan qismini Aleks kitob o‘qib o‘tkazdi va Serena xolasi bilan ovqatlanishga o‘zini ruhan tayyorlashga urindi. Kampir kechki taomga albatta keladi, deb kimdir uni ishontirayotganga o‘xshar edi. Haqiqatan ham xolasi oldiga odatdagidek go‘shtli taom qo‘yib, uni kutib o‘tirardi.
Aleks u bilan muloyim salomlashdi, omon qolishning yagona yo‘li shu: go‘yo favqulodda hech narsa bo‘lmagandek o‘zini tutish va bir-birini nihoyatda yomon ko‘radigan opa-singillarni tumandek chulg‘ab olgan sirli dunyosiga kirib qolmaslik…
– Dasturxonga marhamat, Alexandro, – Serena o‘ta nazokat bilan taklif qildi. – Kechasi seni bezovta qilganimiz uchun uzr.
U xo‘rsindi.
– Sen to‘g‘ri tushungin, uzoq yillardan beri birga yashab kelgan va hech kimga qo‘shilmagan keksa ayollarda ba’zan ozgina telbaliklar bo‘lib turadi…
– Ozgina? – qayta so‘radi jiyani mug‘ambirlik qilib.
– Bularning hammasi juda g‘alati, bolaginam… Panchitadan boshqa, bilasanki, u ham soqov – biznikida hech kim bo‘lmaydi. Bu esa har xil g‘iybat va mish-mishlarni tug‘diradi. Men singlimga: «Vaqti-vaqti bilan ko‘chaga chiqib turaylik», – deb aytdim. U bo‘lsa: «Yo‘q, uyni yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi. Birontamiz har doim uyda bo‘lishimiz kerak», – deydi.
U bir oz kavshanib turdi. Yutindi. Salfetka bilan lablarini artdi. Alexandro kutib turib, u go‘sht olgan joyga qo‘l uzatdi, faqat shu yo‘l bilan zaharlanishdan saqlanish mumkin.
– Keyin navbatma-navbat chiqaylik deb taklif qildim unga,– kampir gapini to‘xtatmadi. – U chiqadi, men qolaman, keyin teskarisi. Bilasanmi, u qanday javob qaytardi?
Alexandro bosh chayqadi.
– Agar yakka-yakka chiqsak, odamlar boshqasi o‘lgan deb o‘ylashadi, dedi.
– Ammo birga bo‘lmasa ham, ko‘chaga chiqsangiz, odamlar unday deyishmas edi.
– Yo‘q. Faqat birimizni ko‘rsa, u sherigini o‘ldirgan deb o‘ylashadi.
– Bekor gap! Bunday bo‘lishi mumkin emas! Nima uchun? Nega?
– Merosni egallash uchun.
Kutilmagan, ayni zamonda juda tabiiy aytilgan bu so‘zlarga Aleks ishonmagan bo‘lsa-da, o‘yinni to‘xtatgisi kelmadi.
– Meros shunchalik kattami?
– Uning hisob-kitobiga yetib bo‘lmaydi.
– Ha-a, – cho‘zildi jiyani.
– Ko‘cha eshikdan kirma deb nega ogohlantirganimizni bilasanmi?
– O‘ylab topolmayapman.
– Bizning o‘lik yoki tirikligimizni hech kim bilmasligi kerak. Mehmon esa…
– Tushunmadim. Nimalar deyapsiz? – Aleks chidab turolmadi.
– Sabr qil. Ortiqcha qiziqish, bolaginam, falokat keltiradi.
– Yaxshi-yaxshi. Jim turib eshitaman.
Telbalik bilan g‘urur qo‘shilib ketdi shekilli, Serena jiyaniga tik qarasa-da, yumshoq gapirdi:
– U yoqda, shaharda bizni soyalar deb hisoblashadi. Uyda mehmon bo‘lsa, bunga kim ishonadi deysan?
Alexandro xolasini ranjitmaslik uchun kulgisini yashirishga urindi. Biroz istehzo aralash:
– Har bir uyda egasiga qiyofadosh sharpa bo‘ladi, deb eshitgan edim, – dedi.
– Xuddi shunday. Ammo u qimmat turadi, yaxshisi buni surishtirmagan ma’qul.
Xolasining ko‘kragidan titroq kulgi otilib chiqqandek bo‘ldi. U qo‘lini siltadi. Beo‘xshovlik qilib qadahni turtib yubordi. Qizil sharob dasturxonga to‘kildi. Oq surp dog‘ bo‘lmadi.
Xolasi Alexandroga iltijo qilayotgandek qaradi.
– Marhamat qil… Menga ishon… Yovuzligimiz – aslida muhabbatimizning bir bo‘lagi…
– Senayda xolang bilan har zamonda tortishib qolganimizga qaramay, bir-birimizni yaxshi ko‘ramiz demoqchimisiz?
– Yo‘q-yo‘q! – dedi u birov bo‘g‘ayotgandek boshini orqaga tashlab. – Senga bo‘lgan muhabbatimiz haqida gapirayapman.
– Sizga bir narsa bo‘ldimi, xolajon? Og‘rib qolmadingizmi?
Do‘xtir chaqiraymi?
Kampirning ko‘zlari sovuq yaraqladi.
– Do‘xtir deysanmi? Esingni yeb qo‘ydingmi? Qani, xonangga jo‘na! Tez bo‘l! Sen jazolanasan! Kechki ovqatdan quruq qolasan.
– Xolajon… – Aleks jilmayishga urindi.
– Xolang nimasi?! – o‘shqirdi u. – Men onang bo‘laman!
Yigit shartta: «Onam Lusiya yaqindagina Parijda vafot etdi, ruhini bezovta qilmang, iltimos», demoqchi bo‘ldi, ammo o‘zini bosdi. Foydasi yo‘q. Ko‘ngli alag‘da holda xonasiga qaytar ekan, qadah tagida qolgan ko‘z zo‘rg‘a ilg‘aydigan sharob yuqini, uning hidi va rangini xo‘rsinish bilan esladi.
Donya Serenaning miyasiga boyagi fikr qayerdan kelib qoldi? Qanday qilib u – qari qiz va tumsa kampir – Alexandro de la Guardianing onasi bo‘laman deb da’vo qilayapti? Nahotki, u yigirma yetti yil oldin Parijda tug‘ilganini Ribera-de-San-Kosma ko‘chasidagi uyida qamalib, bisqib yotgan opa-singil Eskandonlar bilishmasa?!
XIX asr romanlari uchun zo‘r mavzu. U, Alexandro, Serena tug‘ib, yashirincha Parijga – onam deb yurgan eng aziz kishisi – Lusiya Eskandon de la Guardiga jo‘natilgan tashlandiq bola. Uni qaysidir yetimxona yoki cherkov eshigi yoniga, qor ustiga tashlab ketishgan… Ziddiyatlarga, fitnalarga to‘la tugunlar, boy syujet imkoniyatlari mana-man degan yozuvchining ham aqlini shoshirib qo‘yadi… Litseydaligida majburiy o‘qiladigan asarlar ro‘yxatida Didroning «Jak-fatalist» nomli ajoyib kitobchasi ham bor edi. Asar qahramonlari – Jak va xo‘jayini chorrahada g‘alati jumboqqa duch keladilar. Endi ular yo ajralib yurishlari yoki birga ketishlari, yo monastirga borib nazoratchi bilan ulfatchilik qilishlari yoki mehmonxonada tunash kabi imkoniyatlardan birini tanlashlari va hikoya so‘zlashlari lozim edi…
Mana endi o‘zi shunday ahvolga tushib o‘tiribdi. U xolalaridan uzr so‘rab, bu yerdan tezroq chiqib ketishi, mehmonxonadan joy olishi, «yo‘l chek»larini meksika pesolariga almashtirishi, Ribero-de-San-Kosmadagi bu uyni ham, yarim telba xonadon egalarini ham bir umrga unutishi lozim.
… Mehmonxona yonidan o‘tayotganda opa-singillarning o‘zaro g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘iri eshitildi. Hayron qolib, bir oz ikkilanib turgach, quloq sola boshladi.
– …Xudoga shukur qilishimiz kerak, Serenita. Lusiya o‘limi oldidan sen bilan meni o‘ylab, yoqimtoy bolakayni bizga yuboribdi, u keksaygan chog‘imizda ovunchog‘imiz, mehribon yo‘ldoshimiz bo‘ladi… Undan voz kechmagin.
– Qanchalik donolik qilgan-a! Marhumalar bilan birga bo‘lsin deb marhumni yuborganini qara.
– Shoshilma, opajonim. U hali buni bilmaydi.
– Lusiya ham bilgan emas. Ko‘p yil bo‘ldi ko‘rishmaganimizga.
– Hozir u, shubhasiz, bizdan rozi…
– U yoqda arshi a’loda…
– Hozir yuqoridan bizga qarab turgandir…
– Bu tentakcha bo‘lsa, haliyam o‘lganini bilmaydi.
– Qo‘y, buni eslatma… Tramvay g‘ildiraklari ostidagi bema’ni o‘lim… Uydan ikki qadam narida…
– Qanday dahshat! Hali g‘o‘r bola! O‘n bir yoshda.
– O‘zingni tut, yig‘lama. U biz bilan birga orom oladi.
– U kim bilandir o‘ynashi ham kerak-ku.
– O‘zing bilasan-ku, bu yog‘i bizga bog‘liq.
– Agar sen bilan men totuv yashasak…
– Bu sharpani tortib oladi deb o‘ylaysanmi?
– Sendan hamma narsani kutish mumkin, ko‘zlaringda hasad bor.
– Meni ko‘zlarimda hasad bormi? Kim shunday desa…
– Senikida! Senikida! Hamma narsadan mahrum bo‘lgansan – sevgi, er, onalik baxti – ular menga nasib etdi, sen esa birontasini ham ko‘rmading, yaramas hasadgo‘y!
– Bas qil, ahmoq!
– O‘zing bas qil! Qaysi gunohlarim uchun meni Parvardigor senga duchor qildi?! Necha yildan beri shu yaramas aravani sudrab kelaman, seni gunohlaringni yengillashtiray deb hamma narsamni qurbon qildim, hamma narsadan voz kechdim!
Senayda ho‘ngrab yig‘ladi.
– Bag‘ring tosh sening, Serena. Yolg‘izlikda o‘tayotgan umrimizga quvonch bag‘ishlasin deb taqdir bu bolajonni yo‘llagani uchun minnatdor bo‘lishing kerak.
– Qani u, o‘zi yo‘q-ku, axir! U mavjud emas! – alam bilan o‘shqirdi Serena. – U bizniki emas!
«Meni yo‘q deyishyaptimi? – ichida unsiz xitob qildi Alexandro de la Guardia. – Men mavjud emasman» – bu so‘zlar uni dastlab o‘ta alamli, so‘ng butunlay samimiy jilmayishga majbur qildi. U xoxolab yuborayozdi.
– Men yo‘qman! Men mavjud emasman! – xonasiga qaytar ekan, shunday deb kular edi.
Orqasiga qaramadi, shu tufayli senorita Eskandonlar uni kuzatayotganini sezmay qoldi. Senayda Serenaga suyanib olgan, Serena marmar tutqichi bo‘ri kallali hassasiga tayangan edi. Ikkalasi ham gaplarini jiyani eshitganidan mamnun, kulimsirab qarab turishardi…

7

Alexandro ertagayoq bu yerdan jo‘nab ketaman degan qat’iyat bilan xonaga kirib bordi. U olis parvozdan toliqqan, bu yer har jihatdan qulay, puli ham ko‘p emas edi, ammo iloji boricha tezroq bu yerdan ketmasa bo‘lmaydi.
Kirdi-yu, chiroqni yoqdi.
Karavotga kichkina pijama taxlab qo‘yilgandi.
Shu joyda, karavotda, shuningdek, stol ustida o‘yinchoqlar tog‘dek uyib tashlangandi. Duxoba ayiqchalar, ichiga somon tiqilgan yo‘lbarslar, qo‘g‘irchoqlar, vagonlari va parovozi bor temir yo‘l, jajji poyga avtomobillari, qizil mundir kiyib, miltiq ko‘targan, qalaydan quyilgan butun boshli ingliz askarlari armiyasi, g‘ildirakli konkilar, yer shari, chillak donalari – hammasi o‘g‘il bolalarning ovunchoqlari. Qizlar o‘ynaydigan hech narsa yo‘q.
U hojatxona eshigini ochdi. Vannaning bo‘g‘zigacha suv to‘lg‘azib qo‘yilgan, suv ustida rezina o‘rdakcha suzib yurar, yelim suv parisi qalqib turar edi. Suv parisidan taralayotgan kuy Alexandroning vujudini chulg‘ab, yerga mixlab qo‘ygandek, maftunu lol aylab, zo‘r berib o‘ziga chorlayotgandek bo‘ldi. Kuy go‘yo dengiz puchmoqlaridan chiqar, bu eski tog‘ora okeanning sho‘rtang musaffo qatralarini bag‘riga joylab olgan-u, kunduzgi toliqishlardan qutqarib, hordiq va tetik ruh bag‘ishlashga va’da qilayotgandek tuyuldi – u ana shunga muhtoj edi, aqlu hushini joyiga qo‘yib, bu xonadonni chulg‘ab yotgan barcha telba-teskariliklardan tezroq qutulib ketish uchun ozgina bo‘lsa-da hordiq olishni nihoyatda xohlamoqda edi.
U shoshilmay yechindi va suv ichiga tushdi. Ko‘zlarini yumib, bir parcha kir sovunni badaniga surtib chiqdi.
So‘ng shiddat bilan vannaga o‘tirdi.
Qansharini yuvar ekan, nimadir yetishmayotganini sezdi. Sochlari to‘kilib ketgan edi. Peshanasiga sovun surkadi. U ham chaqaloqlarnikiga o‘xshab silliq bo‘lib qolgan edi.
Alexandro dahshatga tushib, vannadan sakrab chiqmoqchi bo‘ldi, tepasida Senayda bilan Serena kulimsirab qarab turishardi.
– Cho‘milib oldingmi?
– Kel, artib qo‘yamiz.
Alexandro beixtiyor qaddini rostladi, agar boshini ko‘kimtir – kulrang suv ichiga tiqsa, qayta turib ketolmasligidan qo‘rqdi. U uyat joyini kaftlari bilan to‘sdi, xolalari uni choyshabga o‘rab, badanini avaylab artishar va muloyim xitob qilishar edi:
– Bolajonim…
– Ko‘zimning nuri…
– Xazinam…
– Qo‘g‘irchog‘im…
– Munchalar shirin bo‘lmasang…
– Shumtaka, shumtaka…
– Ko‘chadan o‘tayotganda ko‘zingga qarab yur deb necha martalab tayinladik-a…
– Oh, bu tramvaylar, tramvaylar…
Ular Alexandroni xonadan yetaklab chiqdilar, uzun yo‘laklar, dahlizlardan o‘tib, yerto‘la eshigi oldiga olib keldilar. Aleks aqlini yo‘qotib borayotganini sezdi, ammo g‘ira-shira bo‘lsa-da, xolalari o‘zaro nizolarini yig‘ishtirib, birlashib olishganini, uni erkalatmay qo‘yishganini angladi.
Endi ular xavfli kimsalarga aylanishgan edilar.
Erto‘laga tushiladigan eshikni ochdilar.
Ana shunda ogohlantirishlarning ma’nosini tushundi.
– Ko‘cha eshigidan foydalanma.
– Tirik ekanimizni hech kim bilmasin.
Yo‘q! U bu yerda bo‘lganini hech kim bilmasligi kerak. Bu uyda ikki-uch kun turgani maxfiy sirligicha qolishi kerak! – Bu fikr boshida chaqmoqdek chaqnadi.
Pastga tushdilar. Mog‘or hidi nafasni bo‘g‘adigan darajada. O‘tgan asrdan qolgan jomadonlar ustma-ust taxlangan, yog‘och yashiklar sochilib yotibdi. Ma’yus xira shu’la tushib turibdi. Nega chiroqni yoqishmaydi? Nega uni tor, ammo axlat va ko‘mir uyumlaridan tozalangan burchakka olib borishmoqda?
– Nega qochding? – so‘radi Senayda.
– Ko‘cha xavfli deb kimga aytilgan edi? – so‘roqqa tutdi Serena.
– Qanday qilib tramvay tagiga yiqilib tushding?
– Va halok bo‘lding?
– Endi sen dam olasan, – Senayda oq shohiga o‘ralgan ochiq tobutni ko‘rsatdi.
– Endi sen bizning bolajonimiz bo‘lasan, – shivirladi Serena.
– Bizniki? – jur’at etdi Alexandro. – Qaysi biringizniki?
–Oh, – xo‘rsindi Serena. – Buni hech kim, hech qachon bilmaydi.
– Mayli, yaxshi, yetadi, – g‘o‘ldiradi Alexandro. – O‘rinsiz hazil bo‘ldi. Tepaga chiqaylik. Ertaga ketaman. Xotirjam bo‘linglar.
– Ertaga? Nima uchun? Uyimiz senga yoqmayaptimi? – chehrasi ochilib jilmaydi Senayda.
– Ertaga? – baqirdi Serena aks sado qaytarayotgandek, so‘ng ikkinchi tobutni ko‘rsatdi. – Yo‘q, Alexandro, ertaga emas. Har doim. Bolajonimiz yolg‘iz zerikib qoldi.
– Qani, Alexandro, karavotga yot, mana u – yonginangda turibdi.
– Bu joy nihoyatda qulay. Ipak bilan o‘rab qo‘yilgan.
– Yotaqol, Aleks. O‘ranib ol, kichkintoyim. Abadiy uxla. Endi doim o‘g‘ilchamiz yonida bo‘lasan. Mana shunday.
– Oh, Aleks, nega shokoladni yemading-a?.. Hammasidan osongina qutulgan bo‘lar eding-ku.
Yorug‘lik asta-sekin so‘ndi.

Ruschadan Ortiqboy Abdullayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 1-son