Husayn Jovid. Shayx San’on (4 pardali fojia)

IShTIROK ETUVChILAR

I

Sh a y x K a b i r – fozil va orifligi, piri komilligi, mujtahidligi bilan mashhur, oq soqolli nuroniy bir shaxs.
Sh a y x A b u z a r – Shayx Kabir oilasining mahrami, uning uy ishlarini nazorat etib boruvchi bir chol.
Z a h r o – Shayx Kabirning qizi.
A z r o – Zahroning o‘rtog‘i, Shayx Abuzarning qizi.
Sh a y x S a n ’ o n – o‘ttiz yoshlardagi xushqomat talaba.
Sh a y x H o d i, Sh a y x S a d r o, A b u l u l o – Shayx San’onning yaqin do‘stlari.
Sh a y x M a r v o n – bir ko‘zi ojiz, o‘rta yoshli kishi.
Sh a y x N a i m – Shayx Marvonning maslahatdoshi.
Sh a y x A b u l l a h yo, Sh a y x J a’ f a r – o‘rta yoshli zohid maslagidagi ikki do‘st. Faqat Abullahyoning soqoli haddan tashqari uzun.
O‘ g‘ u z, O‘ z d a m i r – ikki baquvvat yigit.
D a r v i sh – nuroniy bir chol.
Ikki ko‘r arab, tuyakash, malaklar, boshqa shayx va muridlar.

II

X u m o r, T a m a r a – nihoyatda go‘zal, nazokatli, ma’suma gurji qizi.
N i n a – Xumorning o‘rtog‘i.
A n t o n, S i m o n – ikki olifta yigit.
P l a t o n – Xumorning otasi.
S ye r g o – Platonning xizmatchisi.
P o p – baquvvat, nuroniy bir ruhoniy.
Boshqa yigitlar, qizlar va bolalar.
Shayxlar va muridlar arab qiyofasida, gurjilar esa qadimiy gurji qiyofasida.

BIRINChI PARDA

Birinchi sahna

Madinayi munavvarada, Shayx Kabirning hovlisida ulamoga xos bir qabul xonasi. Xonaning ikki eshigi, uch-to‘rt derazasi bor. Eshiklardan biri Shayxning ichkari hovlisiga ochiladi. Derazalardan ikkitasi orqali xurmozor va bir go‘zal bog‘ ko‘rinib turibdi.
Parda ochiladi; Shayx Abuzar xonaning bir burchagida asr namozini tugatib, qo‘llari va yuzini ko‘kka qaratganicha duo bilan mashg‘ul.

Z a h r o (Azro bilan birga ichkari hovlidan chiqib keladi)
– Shayx, yo Shayx!
A z r o – Shayx!
Sh a y x A b u z a r (munojot qilib) – Yo Olloh!
Z a h r o – Menga boq…
Sh a y x A b u z a r (munojot qilib) – Lo iloha illalloh!
Z a h r o (yaqinlashib) – Shayx Abuzar!
Sh a y x A b u z a r (o‘girilib) – Ne gap, qizim?
Z a h r o – Hamon dom-daraksizdirmu Shayx San’on?
Sh a y x A b u z a r – Men uyiga bordim ikki-uch bora…
Z a h r o – Xasta emasmikan San’on bechora?
Sh a y x A b u z a r – Qo‘shnilar deydiki, uzun kechalar
Uxlamay chiqarmish to tongga qadar.
Har sahar ketarmish biyobonlarga,
Qo‘shilmay qo‘yganmish hech insonlarga.
Ahvoli pajmurda, misoli majnun,
Bilmaslar, bu holga tushmish u nechun?!
Madina ahli ham ko‘p azobdadir,
Uning bu holidan iztirobdadir.
Z a h r o – Yolvorib men senga iltijo etgum,
Bir xabar olib kel…
Sh a y x A b u z a r – Ma’qul. Men ketdim.

(O‘rnidan turib chiqa boshlaydi. Chiqayotganida Zahroga ma’noli bir qarab)

– Bunda bir sir borkim, etib bo‘lmas fosh,
Ne uchun, bilmayman, ajab bu talosh?!
A z r o – Ortiqcha emasmi bu ishing, Zahro?
Z a h r o – Sen so‘rma, men aytmay, azizim Azro!…
A z r o – Senda shunday go‘zal bir joziba bor,
Kimki ko‘rsa, qolmagay sabru qaror.
Seni San’onning o‘zi izlab kelur,
Ishq husnga doimo moyil bo‘lur.
Z a h r o – Qolmadi menda sira sabru qaror,
Men uchun San’onsiz ushbu olam tor.
Olti yildirki, zoru darbadarman,
U bois goh shod, goh xunjigarman.
Olti yilkim, unga ipsiz bog‘liqman,
Uning ishqida mastu mustag‘riqman.
Menda bo‘lsa bir qadar husnu kamol,
Unda ham husn bor, ham ilmu kamol.
A z r o – Kimsasiz bir sho‘rlikdir Shayx San’on,
Senda bor najiblik, senda – shuhrat-shon.
Jahonga mashhur bir otang bor, axir,
Fozilu benazir inson Shayx Kabir.
Z a h r o – To‘g‘ri, juda to‘g‘ri so‘zlaring, ammo,
Nasabga daxli yo‘q buning mutlaqo.
Qora quldan pastroq bo‘lsa-da, ishon,
Men uchun sharafli erur Shayx San’on.
A z r o (derazadan qarab) – Ana, u kelmoqda, ko‘zlaring oydin…
Z a h r o (shoshib) – Kim u? Kim kelmoqda?
A z r o (qo‘li bilan ko‘rsatib) – Sho‘rlik ko‘p g‘amgin…
Z a h r o (o‘sha yoqqa qarab) – Oh, San’on! Ahvoli buncha g‘aribdir.
Bizni yolg‘iz qoldir…
(xonadan chiqayotgan Azroga)
So‘ng o‘zim bir-bir
Senga so‘zlaydirman hamma-hammasin.

Juda bezovtalik bilan eshikka yaqin borib kutib turadi. Shayx San’on kirib keladi. Zahroni ko‘rgan zahoti avzoyi o‘zgaradi.

San’on, nechun tushding bunday holga sen?
(Shayx San’on sukutda)
Boshingga tushgan bu balo, ayt, nima?
(Shayx San’on javob bermaydi)
Ayt, axir, ayta qol…
Sh a y x S a n ’ o n – Yo‘q-yo‘q, qiynama.
Z a h r o – Ko‘nglingda bir dunyo g‘ussa bor, sir bor,
Ayt, axir, bevafo, ayt menga bir bor.
Ko‘zingda nechun yosh, buncha rangparsan?
Sh a y x S a n ’ o n – Hozir ket, keyinroq, keyin anglarsan.
Z a h r o – Bilmadim, bu qanday tole ekan – shum,
Nahot mening holim senga noma’lum.
Olti yil asiring bo‘ldim yagona,
Endi men sen uchun nahot begona?
Ne holga tushding sen? Shahd-shiddating yo‘q,
Insofing yo‘q sening, marhamating yo‘q.
Qani va’dalaru vafolar, aytgin,
Niyating mengami jafolar, aytgin?
O‘shal muhabbatdan porlagan ko‘zlar
Endi o‘zgacha bir mojaro so‘zlar.
Oh, mayli, gul kabi so‘ldirgin meni,
Tark etma, yaxshisi, o‘ldirgin meni.

Sh a y x S a n ’ o n – Seni tark etmoq? Yo‘q, mumkinmas aslo,
Yodingga keltirma buni hech, Zahro.
Sen bir malakdirsan, jon ofatisan…
Z a h r o (Shayx San’onning ko‘ksiga bosh qo‘yib)
– Sen-da bir Xoliqning fazilatisan…

Shu orada sahna qorong‘ulashadi, orqadan ikkinchi parda ko‘tariladi. Bir oz yuqorida nihoyatda afsonaviy, jozibador, jannatga o‘xshash bir manzara namoyon bo‘ladi. Zar qanotli farishtalar qo‘l ushlashib, qo‘ltiqlashib, yengil tabassumlar, shirin kulgilar og‘ushida kezib yurishadi. Tabiiy malak qiyofasida bo‘lgan X u m o r ham ular orasida.

X u m o r – Shayx, kel! Sevimli, suyuk San’on, kel!
Senga loyiq emas u yerlar, yuksal!
Sh a y x S a n ’ o n (shoshib qolgan, hayajonda)
– Oh, u… nozli malak, jannatiy pari!
Meni chorlayotir samolar sari.
Z a h r o – Senga nima bo‘ldi, San’on, ajabo?
Ko‘zingga ko‘rindi qandayin ro‘yo?
Sh a y x S a n ’ o n – Qara, jannat, axir, jannatda malak!
Z a h r o – Qayda?
Sh a y x S a n ’ o n – Boq, tingla, hozir so‘zlayajak.
(Zahro qattiq hayratda)
X u m o r (Shayx San’onga)
– Qani, yuksal! Anisi ruhim, kel!
Xayollarga tolma. Yuksakka intil!
Ko‘zlaringda porlar bir nuri daho,
Yuksal, yuksal, ey shayx! Kelgin, marhabo!…
Sh a y x S a n ’ o n – Mendan ne istaysan? Ket, ket, ket, axir,
Holu jon qolmadi, insof et axir.

Xumor g‘urur va istig‘no bilan ketmoqchi bo‘ladi. Shayx San’on cheksiz bir iztirob va nadomat bilan

Ketmoqda… oh… ketma, zor etma meni!
Marhamat aylagil, unutma meni!
Ketdi, e-voh, ketdi…
Z a h r o – Aytgil, San’on, kim?
Sh a y x S a n ’ o n (Xumorga)
– Ketma, kel, oh mening nozli malagim!…
X u m o r (chekina turib) – Xayr endi, yaxshi qol, ey ulug‘ San’on!
(Ortdagi sahna bekiladi, sahna yorishadi)
Sh a y x S a n ’ o n – Ketdi, e-voh, ranjib ketdi… Al’amon!

Majnunona bir faryod chekib, hushidan keta boshlaydi.

Z a h r o (darhol uni tutib, boshini tizlari ustiga oladi)
– Bu qanday falokat, ne hol, ey Xudo?
A z r o (kirib kelib) – Bu ne dahshat! Nima bo‘ldi, ajabo?

Shu payt eshik oldida Shayx Marvon bilan Shayx Abuzar paydo bo‘ladi.

Sh a y x M a r v o n (istehzoli bir ohangda)
– Abuzar! Bu holni tamosha ayla,
Neki ko‘rgan bo‘lsang, hammaga so‘yla.
Zahro og‘ushida turar Shayx San’on,
Ikkisi bo‘libdir bir tanu bir jon.
A z r o (ularni ko‘rgach, Zahroga) – Kelishdi, yo Tangrim, turgil, ketaylik.
Yur, Zahro!..
Z a h r o – Bu sho‘rlik!..
A z r o – Yurgil, ketaylik!

Har ikkisi chiqib ketadi. Shayx Abuzar bilan Shayx Marvon kelib San’onning boshiga egiladilar.

Sh a y x A b u z a r – Bu ne pajmurda hol… Omon, Shayx San’on!
Sh a y x M a r v o n – Bular bari hiyla, inon…
Sh a y x A b u z a r – Shayx San’on!
Sh a y x M a r v o n – Ovdagi tulkiday turishiga boq,
Damini chiqarmas, xoin, quv, olchoq!
Sh a y x A b u z a r – Bas qil!
Sh a y x M a r v o n – Ishonma, bu tulkidir, tulki.
(istehzoli kuladi)
Sh a y x A b u z a r – Bu nima deganing! Xo‘p yaxshi bilki!..
Sh a y x M a r v o n (istehozli kuladi)
– Ahli hol ishq uchun hushdan ayrilar,
Zahroni chaqirsang, o‘ziga kelar.
Sh a y x A b u z a r – Bas qilgin, kelmoqda, ana, Shayx Kabir.
Sh a y x M a r v o n – Kelsin, bunga qilsin biron-bir tadbir…

Shayx Kabir boshqa shayxlar va muridlar bilan kirib keladi. Qattiq hayrat bilan atrofdagilarga boqadi. Shayx Hodi San’onning boshini qo‘llari orasiga oladi.

Sh a y x K a b i r – O‘g‘lim San’on! So‘yla! Bu ne hol, axir?
(Shayx Abuzarga)
Darhol suv keltirgin!
Sh a y x H o d i – Kechikma, yugur! (Shayx Abuzar ketadi)
Sh a y x K a b i r – Sababsiz ro‘y bermas bu mudhish ahvol!
Sh a y x H o d i – Hushi yo‘q… Ko‘z ochgali yo‘qdir majol.
Sh a y x K a b i r – Shubhasiz, bu holda bir falokat bor.
H a m m a – Shubhasiz, shubhasiz bunda illat bor.
Sh a y x M a r v o n – To‘g‘ri, har amalning bordir boisi,
O‘zi tortsin jazosin, tortsin o‘zi.
Sh a y x K a b i r – So‘yla, Marvon, ne jazo, qanday amal!?
Sh a y x M a r v o n – Muhtaram shayx! Bundan olti kun avval
Shayx San’on ila biz bahs ayladik.
Baqirib bizlarga u so‘yladi tik:
“Me’rojga chiqsa – ruh chiqadi, ayon,
Jismonan me’rojga chiqmoqlik – yolg‘on.
Payg‘ambar ham odam, deya urdi dam,
Qandoq chiqsin, – deydi, – arshlarga odam?”
H a m m a (hayrat bilan) – Yo Olloh!
Sh a y x H o d i – Yo‘q, yolg‘on, bu gapga ishonmang, ummat!
Shayx San’on so‘ylagan bu gaplar faqat
Shubhadir… Siz uni tushuning ammo,
Shubhadan o‘zga hech aybi yo‘q aslo!

Suv keltirishadi, San’onga suv ichirib, boshini uqalaydilar.
Sh a y x K a b i r – Shubhadir har haqiqatning onasi,
Shubhadir ahli hikmatning otasi.
Shubha aylamakka haqlidir inson,
Chunki har kimsaga erurkim ayon:
Butun borliqlarga nur sochar Xoliq,
Zamonning, makonning unga farqi yo‘q…
Yo‘q ersa Xoliqqa xos bo‘lak ma’vo,
Arshlarga chiqmoqda bormikin ma’no?
Sh a y x N a i m – San’on bir me’rojni etmaydi inkor,
Hatto tavhidga ham unda shubha bor.
“Xoliqning o‘zini ko‘rmasdan, axir,
Unga sig‘inmoqdan tortinaman”, – der.
Sh a y x M a r v o n – Bu – ayni zalolat…
Sh a y x H o d i – Sen jim tur birpas!
Sh a y x M a r v o n – Deylik, men jim turdim.
Lekin bu gap – rost!
Sh a y x K a b i r (Og‘ir bir o‘yga botgancha)
– Agar shubha ortsa, ishonch ham ortar,
Ma’rifat nuri shu shubhadan porlar.
Yanglishmagan, manim fikrimcha, Sa’non,
Chunki Xalloq uchun sharafli makon
Ezgu, pok ko‘ngillar bo‘lmog‘i kerak…
Kimki istar bo‘lsa Ollohdan ko‘mak,
Izlasin qalb shu’layi aflokidan,
Izlasin ul o‘z ruhi pokidan.
Bo‘lsa kimning ruhida, ko‘nglida nur,
Doim haqni his etur, haqni ko‘rur.
Kimda faylasufona ruh bo‘lsa, bas,
Hargiz Ollohdan u ayri yashamas.

Shayx San’on ko‘zlarini ochib, atrofga so‘lg‘in nazar tashlaydi.

Sh a y x K a b i r – “Va minal moi kulli shay’un hey”.
Sh a y x H o d i – Har narsaga suvdan hayot tayin, hey!
Sh a y x S a n ’ o n – Oh…
Sh a y x H o d i – San’on!
Sh a y x K a b i r – Ahvoling nechuk, o‘g‘lim, ayt?
H a m m a – Ming shukr!..
Sh a y x M a r v o n – Yo‘lingdan pushmon etgil, qayt,
Endi hech shubha qilma!…
Sh a y x S a d r o (Marvonga) – Bas, yohu!
Sh a y x S a n ’ o n (behol o‘tirganicha)
“Vahdahu lo iloha illahu”.
Sh a y x K a b i r (Shayx Marvonga ) – Uyating bormi hech?
Sh a y x H o d i – Gung bo‘lding nega?
Sh a y x N a i m – Hali “Shaqqulqamar” hikoyatiga
Ming xil boshqa ma’no berajakdir, bas.
Sh a y x K a b i r (Naimga) – Bas, sen ham jim bo‘lgin!..
Sh a y x H o d i (achchiqlanib) – Eh razil, pastkash!..
Sh a y x M a r v o n (Naimga, alohida) – Hali Zahro bilan!…
Sh a y x N a i m – Xo‘sh-xo‘sh?
Sh a y x M a r v o n – Ajoyib bir sir.
U ham o‘ziga xos bir razolatdir.
Sh a y x K a b i r (pichirlashayotgan Shayx Marvon bilan Shayx Naimga)
– Bundayin mahdud ruh, xo‘p yaxshi biling,
Sizga joiz emas… Endi bas qiling!
(tirsaklanib o‘tirgan San’onga)
San’on, ayt, ne bo‘ldi? Bu ne holdir, hay?
Sh a y x S a n ’ o n – Shayxim, sen so‘rmagil, men esa aytmay!
Sh a y x K a b i r – Uch kun biz muntazir. Sen qayda eding?
Qaylardasan, ayt…
Sh a y x S a n ’ o n (uyalgan holda) – Oh-h, meni afv eting.
Sh a y x K a b i r – Tortinib yashamoq juda ham og‘ir,
Uyalsang, o‘zingga qiyindir, axir.
Bunday qiynalmoqdan foyda yo‘q senga,
Ne bo‘lsa, tortinma, aytaver menga.
Sh a y x S a n ’ o n – Juda dahshatlidir men ko‘rgan ro‘yo…
Sh a y x K a b i r – So‘yla…
Sh a y x S a n ’ o n – Aytmoqqa til bormaydi aslo.

Shu orada Zahro bilan Azro yarim ochiq eshik ortida paydo bo‘lib, ularni katta qiziqish bilan eshitib turadilar.

Sh a y x H o d i (San’onga) – Bu taraddud, ishonkim, ko‘p bejodur.
Sh a y x K a b i r – Haqiqat emas bu, balkim ro‘yodir.

Shayx San’on o‘rnidan turib ko‘rgan ro‘yosini ayta boshlaydi. Shayx Kabir uning so‘zlarini tinglar ekan, boshi bilan tasdiqlab, davom et, degan kabi ishoralar qilib turadi.

Sh a y x S a n ’ o n – Ey Shayxim! Atrofga yoqimli, inja
Nurlar yog‘ilganin ko‘rdim tushimda.
Koinotga shu’la sochgan bir kecha –
Kim ko‘rsa ayrilur shu on hushidan.
Ruhni zabt aylagan go‘zal mohtob
Dam-badam olamga sochardi mavj-nur.
Bir shayx keldi shu payt, yuzida niqob,
Meni ko‘rgan zahot bo‘ldi ko‘p masrur.
Go‘yo bola edim… Ochdiyu quchoq,
Erkaladi, otib-tutib o‘ynatdi.
So‘ngra yelkasiga o‘tqazib, uzoq
Men bilan yayradi, quvnab sayr etdi.
Men o‘shal muhtaram shayxning, oqibat,
Tarsaki yog‘dirdim yuzi-ko‘ziga.
Undan xalos bo‘lsam der edim faqat,
Yolvordi, boqmadim hech bir so‘ziga.
Xiyla fursat o‘tdi, ul shayxi pinhon
Sekin so‘z boshladi: “Qara, ey San’on!
Mana bu tubsiz jar, dahshatli o‘pqon –
Sening so‘ng manziling. Bil, bu – Gurjiston!”
Boqsam, yelkasidan otib, itqitib,
Shayx meni beomon etajak halok.
Yolvorardim Haqqa tavallo etib,
Imdodimga yetdi bir nurli malak…
Sh a y x K a b i r – So‘ngra?
Sh a y x S a n ’ o n – So‘ngra shayxga tikilganim payt,
Chuqur titroqlarga soldi bir hayrat.
Sh a y x K a b i r – Kim u shayx?
Sh a y x S a n ’ o n So‘rma!…
Sh a y x K a b i r Ayt. Deganing – deding.
Sh a y x S a n ’ o n – Sen eding o‘sha shayx, ha-ha, sen eding!

Hamma chuqur hayratda. Shayx Kabir esa boshini ma’noli tarzda og‘ir tebratib, bir oz sukutga ketadi.

– Shayxim, meni kechir, bunda ma’zurman,
Nechunkim, mazlumman, ojiz, manfurman.
Sh a y x M a r v o n (past tovushda, Naimga)
– Xo‘sh, mana, ko‘rdingmi? Bu qandoq xoin!..
Sh a y x N a i m (Shayx Kabirni ko‘rsatib, ayni ohangdagi istehzo bilan) – Ko‘raylik, nima der ekan bosh kohin!
Sh a y x H o d i (San’onga tasalli berib)
–Bu dahshatlar, ishon, bari bejodir.
Sh a y x S a d r o – Bezovta bo‘lmagin, bu bir ro‘yodir.
Sh a y x K a b i r (San’onga) – O‘g‘lim, bir kun tutar jahonni oting,
Afsona bo‘lgay haq yo‘ling – irshoding.
Johil-orif, katta-kichik, kambag‘al-boylar
Seni izlar, sevar, tavoflar aylar.
Bir kuni xalq meni mutlaq unutgay,
Seni-chi, ishq ahli boshida tutgay.
Hammaning yuzida shubhali bir hayrat.
Sh a y x H o d i (do‘stlariga) – Bu ne qismat, axir ne razolatdir?!
Sh a y x S a d r o – Shubhasiz, bu buyuk bir saodatdir.
A b u l u l o – O‘zgalar gadosi bu shon-shuhratning…
Sh a y x K a b i r – Faqat umri qisqa bu saodatning.
(San’onga)
Chunki sen ro‘yoda ko‘rganing o‘pqon –
Seni mahrum etar bu fayzdan ayon.
Boshingga shunday kun ko‘rilmish loyiq,
Bil, nafrat aylagay sendan xaloyiq.
Ruhing tuban ketar, tuban ketar, rost,
Seni tuban aylar bir kun ehtiros.
Sh a y x M a r v o n (Naimga) – Bu fazilat emas, razolat, axir…
Sh a y x N a i m (Marvonga) – Bu saodat emas, safohat, axir.

Shayx San’on hayrat bilan bir oz xayolga cho‘madi. So‘ng yig‘lagudek bir hayajon bilan Shayx Kabirning oyoqlarini quchadi. Shayx Kabir uning qo‘ltig‘idan tutib ko‘taradi va yelkasiga qo‘lini qo‘yadi.

Sh a y x K a b i r – Sen onadan tug‘ilganding Turonda,
Keyin bir oz yashab turding Eronda.
Ilmu urfon izlab, fazilat izlab,
Oxir Erondan ham ketding olislab.
Arabiston azmin etding ixtiyor,
Hali yosh ekansan – nom topding dongdor.
Lekin so‘nggi yering, ey dono San’on,
Oxirgi manziling bo‘lgay Gurjiston.
Gumroh bo‘lma zinhor, bo‘l doim ogoh,
Bir kun qabring bo‘lgusi ziyoratgoh.
Sh a y x S a n ’ o n – Shayxim, afu etgil, bitta arzim bor.
Sh a y x K a b i r – So‘ylagin, jigarim, qiynalma zinhor.
Sh a y x S a n ’ o n – Yashirma, ne bois falokatimga,
Nima sabab bo‘lur halokatimga?
Z a h r o – O-h-h!
Sh a y x K a b i r – U faqat ayoldir, ha, faqat ayol!
Sh a y x M a r v o n (istehozli bir qiyofada Shayx Abuzarga)
Zahroni tabrik et, bor, suyunchi ol!
Sh a y x S a n ’ o n (ko‘kka iltijo qilib)
– Ey buyuk Tangri, ey Rahim, ey Rahmon!
Har quling fikri, holi senga ayon.
Meni sendan yaxshi bilgan, tanigan
Biron zot bormi, ayt, aytgil, mehribon!
(Shayx Kabirga)
O‘ttiz yil jahonda zohid bo‘ldim, zor,
Qiz, ayol neligin bilmadim zinhor.
Hissu hayot mag‘lub etolmas mani,
Ehtirosning dushmaniman, dushmani!
Menga begonadir zavqi nafsoniy,
Ko‘nglimda jo‘sh urar ishqi ruhoniy…
Boshqa bir ishq uchun qalbimda, ishon,
Zarracha joy yo‘qdir, yo‘q, yolg‘on… yolg‘on…

Shu orada yana sahnaning shu’lasi pasayadi, ikkinchi parda ko‘tarilib, avvalgi jannat manzaralari namoyon bo‘la boshlaydi.

X u m o r (ginali bir ohangda) – San’on!
Buncha tez unutding?
Sh a y x S a n ’ o n – Omon!…
Men shoshdim. Sen bunga ishonma!
X u m o r – Yolg‘on!…
(Hamma qattiq hayratda.)
Sh a y x S a n ’ o n – Kel, gulim, kela qol, ishonma aslo!..

Sh a y x K a b i r – Nima u?
Ayt, o‘g‘lim?
Sh a y x S a n ’ o n – Bu – o‘sha!… Qaragin, bu o‘shadir, o!
(Xumorga)
Meni kechir!…
X u m o r – Ey sevimli San’on, kel!
Kel, kel!.. Garchi bo‘lsang-da pushaymon, kel!
(ketmoqchi bo‘ladi)
Sh a y x S a n ’ o n (Xumor tomon shoshib, majnunona)
Ketmoqda… O-h-h, ketma!
Sh a y x K a b i r – Kim axir u, kim?

Ikkinchi parda asta-sekin bekila boshlaydi.

Sh a y x S a n ’ o n (iztirob va hayajonda)
Ketmay tur!.. Ketmagil, nozli malagim!

Borib Xumorni quchmoqchi bo‘ladi, lekin yeta olmay hushidan ketib yiqiladi.

Sh a y x K a b i r – Yo Olloh, axir bu nechuk afsona!?
Sh a y x M a r v o n – Xuddi devonadir, xuddi devona!…

Shayx San’onning bu dahshatli ahvolini ko‘rib turgan Zahro juda dardli va chuqur oh tortib, zaif bir holda Azroning qo‘llariga yiqilib tushadi; parda asta-sekin bekila boshlaydi.

Parda

Ikkinchi sahna

Makkayi mukarramadagi kattakon bir yo‘l… Yo‘l chetida bir qator uylar, uzoqlarda ulkan jomelar, xususan, qora mato o‘ralgan Ka’ba ko‘zga tashlanadi. Voqea o‘n yil keyin ro‘y berayotganligi uchun birinchi sahnadagi shaxslar sezilarli darajada o‘zgarganlar.
Parda ochilganda qo‘lida oftoba ko‘targan kichkina arab qizining yo‘ldan o‘tib borayotgani ko‘zga tashlanadi. Shayx Sadro bilan Abululo ikkinchi tomondan chiqib keladilar.

Sh a y x S a d r o – Bu ne mudhish havo!.. Tashnalik, chanqoq
Yoqib-yondirmoqda etgudek halok.
A b u l u l o (Ka’bani ko‘rsatib) – Baytulloh bo‘lmasa bu joyda, balkim
Yashamagay edi hech qachon hech kim.
Bunda istiqomat bir mashaqqatdir,
Endi bilsam, Madina bir jannatdir.
Sh a y x S a d r o (yo‘ldan o‘tayotgan qizga)
– Kel, qizim, bir qultum suv bergin menga.
(Qiz mamnun bir qiyofada jilmayganicha ko‘zani beradi)
A b u l u l o – Bu havo o‘t-otash solar joningga.
Sh a y x S a d r o (bir oz suv ichib, ko‘zani qaytarar ekan)
Olloh ajr bersin, qizginam, senga.
A b u l u l o – Suv qanday? Muzdekmi?
Sh a y x S a d r o – So‘rama!
A b u l u l o – Nega?
Sh a y x S a d r o – Istasang, ichib ko‘r, rost erur so‘zim –
Suv emas, bu xuddi yelimning o‘zi.
Chiqarmoqchi edik bir nafas hordiq,
Yo Olloh! Ruh bunda qiynaldi ortiq.
Holim yomon, evoh, yuragim g‘ashdir,
Yutganim olovdir, o‘tdir, otashdir.

Har ikkisi og‘ir bir vaziyatda chiqib ketadi. Shu orada Shayx Marvon bilan Shayx Naim paydo bo‘ladi.

Sh a y x N a i m (Shayx Marvonga) – Xayollar surasan, ingraysan goho,
Marvon, bu qanday dard, bu qanday balo?
Madinadan chiqqach o‘zgardi holing…
Sh a y x M a r v o n – O-h-h, ko‘nglim yarimta, yurak yarali.
Yaxshiydi ko‘r bo‘lsa ko‘zlarim manim,
Koshki ko‘rmasaydim Zahroni, Naim!..
Sh a y x N a i m – Gap-so‘zing shu qadar chiroyli, raso,
Nahot rom etmading uni!?
Sh a y x M a r v o n – Yo‘q, aslo!
Tashabbusim edi mukammal, to‘kis,
Xarob bo‘lajakdir kim bo‘lsa ojiz.
Shunchalar ifloslik, shuncha razolat,
Dam-badam ko‘nglimda uyg‘otur nafrat.
Sh a y x N a i m – Botinda ne bo‘lsa, zohirda ayon.
Sh a y x M a r v o n – Bir yolg‘on keltirar ba’zan shuhrat-shon.
Sh a y x N a i m – Buncha gumonlaring behuda… Zero,
Shayx Hodi, Abululo hamda Shayx Sadro
Bir-biridan zakiy, go‘zaldir, inon,
Zahroday muhtaram erur Shayx San’on!
Sh a y x M a r v o n (g‘azabli) – Buni hech kim bilmas Xalloqdan bo‘lak.
Sh a y x N a i m – Yo‘q, yo‘q, manglayga baxt bitmog‘i kerak.
Sh a y x M a r v o n (yo‘lga termulib, toqatsizlanganicha)
– Ular qayda qolib ketdi, ajabo!
Sh a y x N a i m – Yur-chi, bir kori hol ro‘y berdimi yo!

Har ikkisi ortga qaytadi. Shu payt ko‘zlari ojiz ikki arab paydo bo‘ladi, birinchisi hazin va ezgin ohangda ud chaladi, ikkinchisi esa qayg‘uli ohangda hijoz maqomida quyidagi g‘azalni o‘qiydi:

Na ishq o‘lgaydi, na oshiq, na nozli ofat o‘lgaydi,
Na xalq o‘lgaydi, na Xoliq, na ashki hasrat o‘lgaydi.
Na dard o‘lgaydi, na darmon, na baxt o‘lgaydi, na motam,
Na oshiyonai vuslat, na bori firqat o‘lgaydi.
Ko‘ngilda nuri muhabbat, ko‘zimda pardayi zulmat…
Na nur o‘lgaydi, na zulmat, na bo‘yla xilqat o‘lgaydi.
Nadir bu xilqati bemarhamat, bu pardali hikmat,
Bu zulma qarshi netgay birda-bir adolat o‘lgaydi.
Tugandi toqatu sabrim, adolat! Oh, adolat!
Na avval oncha saodat, na so‘ng bu zillat o‘lgaydi.

G‘azal tugar ekan, tuyakash qiyofasidagi bir arab tez o‘tib keta boshlaydi.

B i r i n ch i k o‘ r – Hoy aziz birodar!…
T u ya k a sh – Muroding ne, ayt?
B i r i n ch i k o‘ r – Xudo haqi, bizga San’onni ko‘rsat.
T u ya k a sh – Makkadan kelmoqda hozir shu tomon.
B i r i n ch i k o‘ r – Bizni qiynayotir bir dard beomon,
Unga San’on topur ehtimol davo…
T u ya k a sh – Dardingiz qanday dard ekan, ajabo?
B i r i n ch i k o‘ r – Eshitdikki, qancha-qancha ko‘ru kar,
Soqov, cho‘loq, mayib-majruh barobar
Shayx San’onga iltijo etar emish,
Undan shifo topibon ketar emish.
Biz ham ko‘rmiz, qilib unga iltijo,
So‘raylikkim, bizga bersin u shifo.
T u ya k a sh (achchiq-achchiq kulib)
Shundoq karomatli bo‘lsa gar Sa’non,
Nechun Shayx Marvonga aylamas darmon?!
Qani ochib ko‘rsin uning ko‘zini,
Tomosha qilsin xalq bu mo‘jizani.
B i r i n ch i k o‘ r – Shayxni ko‘rsat, balki topar bir tadbir…
T u ya k a sh – Shunda kutib turing, u kelgay hozir.

Tuyakash ketadi. Ko‘rlar ma’yus bir holda xayolga cho‘mishadi. Shu payt Zahro bilan Azro erkak qiyofasida namoyon bo‘ladilar. Zahro endilikda juda o‘zgarib ketgan, ozib-to‘zib qolgan. Sariq gul yaprog‘i kabi so‘lg‘in, hamisha xayolchan va mahzun.

A z r o – Xastasan, xasta… Nozanin Zahro,
Seni bir kun xarob etar bu havo.
Bu qanday rangu ro‘y? Bu qanday azob,
Nega Madinadan chiqdik, vo ajab?
Z a h r o – Qolmadi menda bir ixtiyor aslo,
Naylayin, boshqa hech chora yo‘q, Azro!
Umrim bitdi. Topgin o‘zing bir tadbir…
A z r o – Qo‘limdan ne kelur, e-voh, Shayx Kabir
Mone bo‘ldi sening saodatingga,
O‘z otang sababchi falokatingga.
San’onga dediki: “O‘zni qo‘lga ol,
Dushmaning ayoldir, ha, faqat ayol!…”
Shayxning bu gapini eshitgani on,
San’on bo‘lib qoldi boshqa bir inson…
Z a h r o – Endi hech chora yo‘q, kechgani kechdi,
Chunki San’on sidqidildan ont ichdi.
Barcha ayollardan qilur u nafrat,
O‘zga xayollar-la yashaydi faqat.
(hazin bir oh tortib)
So‘nggi damda uni bir bor ko‘rsaydim,
Yurakda qolmasdi hasratim, dardim.

T u ya k a sh (ketgan yo‘lidan qaytib o‘tarkan, ko‘rlarga)
– Muridlari bilan kelmoqda San’on,
So‘rang, balki sizga topar bir darmon…
K o‘ r l a r – Tangri bersin senga barakayu qut.
(Birinchi ko‘r udni to‘rva ichiga solib qo‘yadi.)
Z a h r o (Azroga) – Nedir bo‘ldi menga, oh, qo‘limdan tut.
A z r o – Sal chetga chiqaylik, jonim, yuraqol.
Z a h r o – O-h-h, holim qolmadi, tugadi majol.
A z r o – Ado bo‘lasan-ku bu holda, Zahro!
Z a h r o (Arzoning madadi bilan bir chekkaga chiqib)
– Men tirik jasadman, ishongin, Azro!
Shayx San’ondan tokim ajragan zamon,
Ko‘zlarimga zindon ko‘rinur jahon.

Shu orada shayxlar va muridlar ko‘rina boshlaydilar.

Sh a y x M a r v o n – Hech anglay olmadim, bu qanday safar?!
Sh a y x N a i m – Ha, shundoq yuribmiz kezib darbadar.
A b u l u l o – Bizlarning burchimiz itoat erur.
Sh a y x S a d r o – Har xil so‘z so‘ylamak jaholat erur.
Sh a y x A b u l l a h yo – Ne ma’no behuda bu sayohatdan,
Mahrum etar xalqni u ibodatdan.
Sh a y x J a ’ f a r – Menimcha, hech shubha yo‘qdir, insu jin
Yaratilmish faqat ibodat uchun.
Sh a y x S a d r o – Idrokingiz shunga yetmaydi nahot,
Shayxingiz qadriga yetmaysiz, hayhot.
Agar kimning qalbi ko‘r bo‘lsa, ayo,
Shayx San’on holini anglamas aslo!
A b u l u l o – Shayximiz sohibi karomat erur,
Neki aytsa, ayni shu hikmat erur.
T u ya k a sh (shoshib qaytib keladi)
– Ajabo, shayx qayda?.. Bor toqat bitdi,
Yuk og‘ir, tuyalar ezilib ketdi.
Sh a y x M a r v o n – Tabiiy, yuk bosgan jon eziladi.
Sh a y x S a d r o – Betoqat bo‘lma, Shayx hozir keladi.
Tuyakash shoshganicha kelgan tomoniga ketadi.
B i r i n ch i k o‘ r – Bizga madad bering!
I k k i n ch i k o‘ r – Jim turgin hali!
A b u l u l o (yo‘lga tikilib, birodarlariga)
– Ana, kelayotir Shayxning o‘zlari!

Hamma bir chekkaga chiqib, Shayxning yo‘liga muntazir turadi, Shayx San’on, Shayx Hodi va Shayx Abuzar jadal kirib kelishadi.

Sh a y x H o d i (hammaga qarab) – Aziz birodarlar, o‘n yil ilgari
Shayx Kabir ketmishlar baqolik sari.
Shayx San’on ushbu kun bahri hikmatdir,
Shayx Kabir qoldirgan bir omonatdir.
O‘n yilkim, Shayx San’on bizning pirimiz,
Uni ustod deb bildik har birimiz.
Azm etmishlar endi bul zot Turonga,
So‘ngra o‘tmoqchilar mulki Eronga.
Bul tadorik maqsadin anglang, axir,
Ko‘p ulug‘dir bu safar ham ko‘p og‘ir!
Men esa, yonimda bir to‘p do‘stlarim,
Yo‘l tadorigin ko‘rurmiz Hind sari.
Ko‘p ulug‘ bu yo‘ldagi niyatimiz,
Shu qadar bo‘lsin ulug‘ himmatimiz.
Bitta maqsadkim, Muhammadning dini
Qamrab olsin tez butun yer yuzini.
Kufru kafforat nihoyat topgusi,
Yo‘ldan ozganlar hidoyat topgusi.
Dini islom yo‘lining hech haddi yo‘q,
Qoplagay olamnikim, sarhadi yo‘q.
Ushbu yo‘lda kimki qilsa jon fido,
Unga imdod bergay Rasuli Xudo…
Sh a y x l a r – Ha-ha, xuddi shundoq….
M u r i d l a r – To‘g‘ri, haqqi rost.
K o‘ r l a r – Shayxim, ayo, shayxim!
Sh a y x A b u z a r – Sabr eting bir oz.
Sh a y x S a n ’ o n (porlab turgan quyoshni ko‘rsatib)
– Do‘stlarim! Tashlang bu quyoshga nazar,
Uning fayzi hamma uchun barobar.
U turk, hind, arabu ajamni bilmas,
Shu’la sochib yotar, nuri kam bo‘lmas.
Ma’naviy yana bir quyosh bor biroq,
U – islom dinidir, shu’lavor, porloq.
Jahonni nurlarga g‘arq etadi u,
Haqni, haqiqatni sharh etadi u.
Bizning maqsadimiz ulug‘, muqaddas,
Lekin shuni zinhor unutmangki, bas,
Ba’zi olimnamo xoinlar chiqib,
Qo‘ymishlar islomga raxnalar so‘qib.
Bir to‘da aylab jihodi bema’no,
Bosh ko‘targay haqligin aylab da’vo.

Shayx San’on so‘zlar ekan, ko‘kni, Ka’bani, hamoyilidagi Qur’onni ishorat bilan bir-bir ko‘rsatib turadi.

– Bittadir Xoliqi koinot, axir,
Bu Qur’on, bu Ka’ba, axir, bittadir.
Ushbu birlik deya o‘zni chog‘ladik,
Isbotu g‘ayratga belni bog‘ladik.

Shu orada Abululo, Shayx Abullahyo va Shayx Ja’far o‘zaro gaplashib turadilar. Shayx San’on so‘zida davom etadi.

Birodarlar! Bu yo‘lning zahmati bor,
Istirohatlari yo‘q, mehnati bor.
Zo‘rlik yo‘q, zorlik yo‘q, istagan qolsin,
Kimdaki rag‘bat yo‘q, ortga yo‘l olsin.
A b u l u l o – Shayx Abullahyo hamda Shayx Ja’far
Qolmoqchi. Ma’qulmas ularga safar.
Sh a y x J a ’ f a r (Shayx San’onga)
– Ixtiyor bizda, shayx! Ma’zur tutgaysiz,
Safardan qo‘rqamiz. Bizsiz ketgaysiz.
Sh a y x A b u l l a h yo – Izn etgil, orqaga qaytib biz butkul,
Faqat ibodatga bo‘laylik mashg‘ul.
Sh a y x H o d i (ma’noli va istehzoli qahqaha bilan Shayx Abullahyoga)
– Egilib-turmoqchi, yemoq-ichmoqchi,
So‘ngra qilko‘prikdan oson kechmoqchi!
(har ikkisiga)
Ixtiyoringiz! Tul xotin ham bu kun
Jon fido etgusi shu maqsad uchun!
Voh ajabkim, hazrati Rasululloh
Barcha ashob – goh Ali, Umarni goh
Harbu zarbga muttasil yo‘lladilar,
Haq yo‘lini doimo qo‘lladilar.
Ne sababdan? Aylangiz meni ogoh.
Balki xatodir bu?
Sh a y x J a ’ f a r v a Sh a y x A b u l l a h yo – Astag‘furulloh!..
Sh a y x S a n ’ o n (har ikkisiga)
– Hechqisi yo‘q, qayting Madinaga siz,
Shuni unutmangki va lekin hargiz,
Quruq, bo‘sh sajdaning yo‘q oqibati,
Haq sevar faqat ahli ma’rifatni.
K o‘ r l a r – Ey buyuk shayx, madad ber, madad!…
Sh a y x S a n ’ o n – Siz nima istaysiz?
B i r i n ch i k o‘ r – Shayxim, sen faqat
Dodimizga yetgil, o‘zing ber shifo!
Ko‘rmiz, bu dunyoni ko‘rmaymiz aslo.
Sh a y x S a n ’ o n – Bunday mo‘jizakor insonni zinhor
Yaratgani yo‘qdir Haq Parvardigor.
Men ham bir bandaman haqir va ojiz,
Har xil yolg‘onlarga ishonmangiz siz.
Dunyoni ko‘rishda yo‘q hech fazilat,
Qayg‘u bor, kulfat bor, azob-aziyat.
Garchi ko‘rmoq o‘zga bir ne’mat erur,
Ko‘rmaslik – eng buyuk saodat erur.
B i r i n ch i k o‘ r – Bizni rad etma, oh, inoyat qilgil!
I k k i n ch i k o‘ r – Netar, axir, shayx, bir karomat qilgil!..
Sh a y x S a n ’ o n – Qachon ko‘r bo‘ldingiz, xo‘sh, azizlarim?
B i r i n ch i k o‘ r – Onadan tug‘ma ko‘r mening ko‘zlarim.
Sh a y x S a n ’ o n – Ayol jinoyati!.. Hirs savdosidir!
Bu gunoh insonning ehtirosidir!
Shum xayollar nega tug‘ib-tug‘ilur,
Oh, ayollar nega tug‘ib-tug‘ilur!
(ikkinchi ko‘rga)
Xo‘sh, tug‘ma ko‘rmisan sen ham bu kabi?
B i r i n ch i k o‘ r – Yo‘q, yo‘q, ko‘rligimning boshqa sababi…
Bir ayolni sevdim, qismat sho‘r bo‘ldi,
Ishqda yig‘lay-yig‘lay ko‘zim ko‘r bo‘ldi.
Sh a y x S a n ’ o n – Ayol jinoyati!.. Hirs savdosidir!
Bu gunoh – insonning ehtirosidir!
(shayxlar va muridlarga)
Har safolatga ayollardir sabab,
Har falokatga ayollardir sabab.
Momo Havo – ul ehtirosli onamiz
Qildi bir zo‘r jinoyat, izma-iz
Bizni quvdirdi bog‘i jannatdan,
Ayladi mahrum qurbi rahmatdan.
Haqdan insonni judo aylar ayol,
Boshga ming-minglab balo shaylar ayol.
(ko‘rlarni ko‘rsatib)
Nega dod-faryod chekar bu ikki ko‘r,
Hammasiga shu ayol bois erur!..
B i r i n ch i k o‘ r – Shayxim, ayo, shayxim, ko‘zimizni och!
I k k i n ch i k o‘ r – Noumid etmagil, topgil bir iloj.
Sh a y x S a n ’ o n – Neni ko‘rmoqchisiz, hayronman men ham?
Axir, zulm ichra yonmoqda olam!
Ko‘rmaysiz bu iflos ishlarni aslo,
Shu bois shukr eting, Haqqa ming sano…
T u ya k a sh (kirib kelib) – Shayxim, buyuringiz!…
Sh a y x S a n ’ o n – Ha, barakallo,
Ketaylik, yo‘lchiga yo‘l bosmoq avlo…
(Ketadilar)
Z a h r o (Azro bilan birga kirib kelib) – Ketdilar, oh, ketdilar…
A z r o – Zahro!
Qo‘y, o‘zing qiynama!
Z a h r o (yolvorib) – Ne qilay, Azro!…
A z r o (qo‘li bilan ko‘rsatib) – Ana, qaytdi San’on, biz tomon kelur,
Kelmoqda, qaragin, naqadar masrur…
Z a h r o – Oh, senga ming shukur, ming shukur, yo Rab,
Ammo qaytmog‘iga ne bo‘lmish sabab?..

Shoshganlaricha besh-olti qadam chekinib kutib turadilar. Shayx San’on, Shayx Abuzar, Shayx Abullahyo va Shayx Ja’far birgalikda qaytib keladilar.

Sh a y x S a n ’ o n – Shayx Abuzar! Yoshing hammadan ulug‘,
Biroq yuragingda iqtidoring yo‘q.
Sen ham bular bilan bo‘lib do‘stu yor,
Ravzayi Payg‘ambar panohiga bor.
Unda et Haqqa mudom hamdu sano,
Qolmish erdi xasta holinda Zahro.
(har uchalasiga)
Undan xabar oling tun-kun muttasil,
Unutib qo‘ymangiz, bo‘lmangiz g‘ofil.
Ham nazokatdir bu, ham savob ishdir.
A z r o (Shayx San’onga yaqinlashib)
– Zahro senga vido uchun kelmishdir.
(Shay San’onda chuqur chuqur bir hayrat… Azro Zahroni ko‘rsatib)
Mana, titrab turgan sho‘rlik qizdir ul,
Qarshingda turibdi so‘layotgan gul!…
Sh a y x S a n ’ o n – Oh, Zahro, mushfiqa, so‘nayotgan nur,
San’on huzuringda doim tiz cho‘kur.
Senga ta’zim darkor, ehtirom darkor,
Senda bir ilohiy pokizalik bor.
Meni afu et, ey shikasta hayot!
Sen malaksan… Faqat… Afu et… Hayhot!..
Z a h r o – Oh, San’on!.. Shafqat qil! Rahm ayla, San’on!..
(Azroning qo‘llariga hushidan ketib yiqiladi)
Sh a y x S a n ’ o n (og‘ir iztirob va dahshatli bir sukutdan so‘ng)
– Shayx Abuzar! Undan hushyor bo‘l, billoh,
Taskin ber, ko‘nglini ko‘targin, illo
Ko‘p og‘ir xastadir…
(Azroga)Hushyor bo‘l, Azro!
Sen ham undan ko‘zing uzmagil aslo.
(to‘rt-besh qadam uzoqlashib)
Alvido!.. Alvido!.. Alvido!.. Zahro!..

Parda

IKKINChI PARDA

Birinchi sahna

Qofqozda, hozirgi Tiflis atrofidagi kichik bir tog‘ etagidagi xushmanzara joy… Bir tomonda Kur daryosi, ikkinchi tomonda toqqa o‘rlab ketgan egri-bugri so‘qmoq ko‘zga tashlanadi. Qarshida ikki-uch chodir tikilgan. Muridlardan bir necha kishi chodirlardan chiqib, qo‘llarida oftoba ko‘targanlaricha Kurdan suv keltirishadi.
Bahor fasli… Gurji diniy bayrami. Asr mahali… Quyosh botish arafasida… Shayx San’on Shayx Sadro bilan birga sayrayotgan bulbullarni tinglab, hayratga tushgancha atrofni tomosha qilib yurishibdi…

Sh a y x S a n ’ o n (jozibadan hayratga tushib) – Mana Qofqoz!..
Jozibali bir ma’vo!
Yo Ollohim, qanday go‘zal bu havo!?
Tengi yo‘q bir maskan, tengi yo‘q xilqat,
Go‘yo yerga enmish falakdan jannat.
Hammasi tush kabi, xuddi bir xayol,
Insonni bu diyor lol etadi, lol.
Bu yashil adirlar tahsinga shoyon,
Ko‘zga zavq, ruhlarga solur g‘alayon.
Har yonda oq, qizil gullar isyoni,
Yurakni o‘rtaydi bulbul fig‘oni.
Suvlarning allasi dillarga taskin,
O‘rmonlar bag‘riga chorlaydi sokin.
Burgut parvozida ne-ne viqorlar,
Tog‘larning boshida mangulik qorlar.
Bulutlar naqadar rang-barang, sirli,
Ohanglar buncha ham jozib, sehrli?!
Oftobning mehriga shubha-gumon yo‘q,
Tunlarning vasfiga sharhu bayon yo‘q.
Oyning yog‘dulari yog‘ib yotgan dam,
Kur nahrining o‘zi boshqa bir olam.
Goh teran sukutga tolib qoladi,
Goh yig‘lab dunyoga faryod soladi.
Ko‘klarda kabutar parvozi tinmas,
Bu yerda go‘zallik ovozi tinmas.
Ko‘ngilga nurafshon hayratlar solar
Dolg‘alar ortidan kelgan dolg‘alar…
Karvondek bu daryo jazm etib borar,
Yo‘qlik olamiga azm etib borar.
Bu shundoq safarkim, mutlaqo mavhum,
G‘oya mavhum erur, ibtido mavhum.
Insonlar dunyodan shundoq o‘turlar,
Bilmasalar – ne uchun kelib-keturlar?!

Shu payt quyidagi qo‘shiq eshitila boshlaydi, barcha nihoyatda berilib tinglaydi.
Baland tog‘lar oshdim, o‘rmonlar kechdim,
Go‘zallar ichinda bir go‘zal sechdim,
Men u kundan Yaratganga ont ichdim,
Dunyo bir go‘zalkim, qaytmam yorimdan.
Manim yorim ol yonoqli malakdir,
Endigina ochilgan bir chechakdir,
Qaytgan nomard, men yetmog‘im kerakdir,
Dunyo bir go‘zalkim, qaytmam yorimdan.

Bu qo‘shiqni aytayotgan O‘zdamir bilan O‘g‘uz namoyon bo‘lishadi.

Sh a y x S a n ’ o n – To‘xtang, birodarlarim!
O‘ z d a m i r – Amr etingiz!
Sh a y x S a d r o – Qaysi urug‘dansiz? Nadir diningiz?
O‘ z d a m i r – Urug‘imiz turkdir, dinimiz – islom…
Sh a y x S a n ’ o n – Juda soz!…
Sh a y x S a d r o – Ko‘rgaysiz bizdan ehtirom.
Sh a y x S a n ’ o n – Bu atrofda sizlar ozmi yo bisyor?
O‘ z d a m i r – To‘qqiz-o‘nga yaqin qishlog‘imiz bor.
O‘ g‘ u z – Shayxim! Tashrifingiz qaysi o‘lkadan?
Sh a y x S a n ’ o n – Ka’badan, mukarrama shahri Makkadan…

Har ikkalasi chuqur ehtirom va sidqu samimiyat bilan Shayx San’on va Shayx Sadroning qo‘lini o‘padilar.

Sh a y x S a n ’ o n – Birodar, ismingiz nadir?
O‘ z d a m i r – Qulingiz – O‘zdamir…
Sh a y x S a n ’ o n – Juda soz, uniki?
O‘ z d a m i r – O‘g‘uz…
Sh a y x S a n ’ o n – Qayga bormoqdasiz endi bu choqda?
O‘ z d a m i r – Bir oz yumush bordir qo‘shni qishloqda.
O‘ g‘ u z (yo‘lga tikilib, hayratga tushgan holda)
O‘zdamir, O‘zdamir, qara bu yoqqa,
Ana, dalli darvish bu yon kelmoqda.
Shu payt oq libosli nuroniy bir darvish yo‘l qirg‘og‘ida namoyon bo‘ladi. Hayratomuz va keskin bir nigoh bilan tikilib qoladi.

Sh a y x S a n ’ o n – Ajabo!?
O‘ z d a m i r – Undan bir so‘z olish og‘ir.
O‘ g‘ u z – Dallidir, shayxim, bu juda dallidir.
Sh a y x S a d r o – Kim bilsin, balki bir hiyladir.
O‘ g‘ u z – Aslo!
Bu darvish balodir, shafqatsiz balo…
O‘ z d a m i r – Tinglamaydi zinhor biror kimsani,
O‘zining gapida yo‘qdir bir ma’ni.
Emak-ichmagida yo‘q sira tayin,
Odamzotga yaqin kelmas atayin.
Sh a y x S a n ’ o n (darvishga yaqinlashib)
– Kimdirsiz? Maslagu tariqatingiz
Nimadir, iltimos, bizga aytingiz.
Darvish javob bermaydi.
Sh a y x S a d r o (hayratlanib)
– Ajab!.. Bu yo gung, yo tilsiz darbadar.
Sh a y x M a r v o n (yaqin kelib)
– Yo‘q, yo‘q, aldanmanglar, bu ham sehrgar,
Hamda ashaddiy bir riyokor, qallob…
Sh a y x S a n ’ o n – Nazari buzuqlar shunday der, ammo
Menga juda tanish, yaqin bu siymo,
Ko‘zidan yog‘ilib turibdi zako.
(darvishga)
Bunchalar sukutga cho‘mding sen og‘ir,
Qaysi dinga mansub erursan, axir,
Qaysi mazhabdansan, qayerdan, kimsan,
Bayon et, darvishim, ne uchun jimsan?

Darvish dasht-sahro kezuvchi darbadar maqomida, beg‘am, beparvo, majnunona bir ohangda, faqat zangulasiz qo‘shiq ayta boshlaydi. Shayx San’on hayrat bilan tinglaydi. Boshqa shayx va muridlar ham bir-bir kelib uning atrofiga to‘planadilar.

D a r v i sh – So‘rma zinhor! Bir dalli-devonaman men,
Chirpirab uchguvchi ul parvonaman men.
Otam – hayrat, onam – shubhadir… Ammo
Kimsa bilmas – men kim? Shayxmi, avliyo!
Bu dunyoni kezib yurgan sayyohman,
Shariatdan, tariqatdan yiroqman.
Haqiqat istagim, yolg‘iz haqiqat,
Etar endi shariat yo tariqat.
Quloq solmasman endi hech xitobga,
E’tiqod qilmasman hech bir kitobga.
Bali, Qur’on, Zabur, Injilu Tavrot
Ro‘yokim, izohi ko‘p mushkul, hayhot!
Axir ro‘yoga o‘xshar alvohi olam,
Bari afsona – jannatu jahannam.
Sh a y x S a n ’ o n – Bor ekan dilingda ancha sir-asror,
Nechun yashirarsan, qilmassan oshkor.
Insondan qochmoqda bor qanday ma’no,
Yaxshisi, bizlarga bo‘la qol hamroh.
D a r v i sh – Go‘yo afsonadir har bir savoling,
Ko‘zingdan ayondir fikring, xayoling.
Ruhingda kulmoqda bir jozib xulyo,
Boshingga tushgusi ajab bir savdo.
Yolg‘izlik neligin bir kun bilursan,
Bu ramzni borib so‘r, Ollohdan o‘rgan!
Agar favqulbashar bo‘lmoq tilarsan,
Yiroq bo‘l doimo bani bashardan!…
(Achchiq va beparvo bir qahqahadan so‘ng muridlarni ko‘rsatib)
Bu johil elga parvo qilma zinhor!
Parvo qilma johil bu elga zinhor!
Faqat hikmat qidir, o‘zgasi bekor!
(Keskin va ma’noli bir qarashdan so‘ng ketmoqchi bo‘ladi)
Sh a y x S a n ’ o n (unga yaqinlashib)
– Omon, ey piri murshid, marhamat qil!
D a r v i sh (Uzoqlashar ekan, buyuk bir g‘urur bilan)
– Chekil mendan, chekil, ey mardumi g‘ofil!
Taraddud dardi bordir ko‘zlaringda,
Chekil, ket! Yo‘q sadoqat so‘zlaringda.
Seni domiga tortgay o‘zga bir xulyo,
Boshingga tushgusi bir og‘ir savdo.
Sh a y x S a n ’ o n (unga talpinib)
– Omon! Ey pokdomon pirim, afu et!
Omon! To‘xta, so‘zim bor…
D a r v i sh (beparvo) – Istamam, ket!

Darvish “ket!” ma’nosini anglatadigan bir harakat bilan qo‘l siltaydi. Faylasufona qarashlar bilan, majnunona qadamlar bilan uzoqlashib ketadi. Shayx San’on ulkan bir tarddud va xayollar og‘ushida qoladi. Ma’yus tortganicha bir chekkaga chekinadi.

Sh a y x S a d r o (unga taskin berib)
– Shayxim, bir narsani tushun bir qadar,
Senga loyiq emas bu g‘am, bu kadar.
Aslo foydasi yo‘q, chekma hech tashvish,
Sen – buyuk bir shayxsan, u esa – darvish.
Uch-to‘rt mubham so‘zga qilma hech parvo,
Bunday aqidaning naf’i yo‘q aslo.
Sh a y x S a n ’ o n – Ostin-ustun bo‘lib ketdi jahonim,
Birpas meni yolg‘iz qoldirgin, jonim.

Shayx Sadro itoat va ta’zim ila chekinadi. Shu orada uzoqlardan nafis va dardli ohangda cholg‘u asbobi yangray boshlaydi. Shayx va muridlar suv bo‘lib tinglaydilar. Shayx Marvon va Shayx Naim hamda muridlardan ba’zilari quloqlariga barmoqlarini tiqib, bu ohangni to‘smoq istaydilar.

Sh a y x S a d r o (hayrat va tanbeh ohangida)
Ko‘p g‘aroyib ushbu ahvol!.. Inchunun,
Berkitib olmish qulog‘ingiz nechun?
Hech gunoh yo‘q bu ohanglarda, ya’ni
Tinglamay bo‘lgaymi hech bu nag‘mani!
Musiqa, san’at, go‘zallik o‘lmagay,
Hikmat aslo unga mone bo‘lmagay.
Navbahor yellari chopgaydir bu kun,
Bir-birin yaproqlar o‘pgaydir bu kun.
Har butoqda bulbul afg‘on aylagay,
Dilni nozli kulgular qon aylagay.
Qolgan hazrati Dovuddan xush sado
Va yoxud bir she’r, bir go‘zal navo –
Musiqa ermasmi dilga solgan nur?
Sh a y x M a r v o n (kinoya va istehzo bilan) – Shundoq!
Bu purhikmat bir jihod erur.
Sh a y x S a d r o E’tibor bersangiz gar jihod nadir,
U ham o‘ziga xos bir musiqadir!..

Yon tarafdagi so‘qmoqdan oldinda cholg‘uchilar bo‘lgani holda bezanib olgan gurji qizlari, alvon kiyimli bolalar va yigitlar chiqib kela boshlaydi. Shayxlar va muridlar bir chekkaga chiqib, ularni tomosha qilib turishadi.

Q i z l a r v a b o l a l a r (quyidagi qo‘shiqni cholg‘u bilan birgalikda aytadilar) – Esar nasimi dilkusho,
Bahor berar dilga shifo,
Chaman, chechak, quyosh, havo –
Ki – jannatiy diyor etar.
Y i g i t l a r – Safolidir chaman, chechak,
Faqat na chora aylamak –
Ki, har boqishda bir malak
Ko‘ngillarni shikor etar.
Q i z l a r v a b o l a l a r
– Muhabbat ahli doimo
Bo‘lur baloga oshino,
Jafoga etmas e’tino,
Nigorga jon nisor etar.
Y i g i t l a r – Ko‘zlarining vafosi yo‘q,
Jafosi bor, safosi yo‘q,
Bu so‘zlarning asosi yo‘q,
Na etsa yorga yor etar.

Yigitlardan to‘rt-beshtasi shayxlar bilan salomlashadi, biri cholg‘uchilarga “chal” deya bir qiz bilan raqsga tushib ketadi. O‘g‘uz va O‘zdamir ham ularga yaqinlashib, qarsak chalib turishadi. So‘ng yigitlardan bir-ikkisi O‘g‘uzni qo‘l va ko‘z ishoratlari bilan o‘yinga da’vat etishadi. U ham bir qiz bilan lazgicha o‘yinga tushib ketadi. Raqs tugagandan so‘ng hammalari birgalikda avvalgi laparni kuylay-kuylay olislab ketishadi. O‘zdamir va O‘g‘uz shayxlar bilan yengilgina xayrlashib, ularni ortidan ketishadi.
Sh a y x M a r v o n (O‘zdamir bilan O‘g‘uzni ko‘rsatib, istehzoli qahqaha bilan)
– Kelgil, Shayx San’onga anglatgil bu dam,
Musulmon bo‘ldimi shu ikkisi ham?
Sh a y x S a d r o – Ular zohiriga boqmagin aslo,
Yuraklari qandoq toza, beriyo.
Ba’zi bir shayxlar bor bu dunyo aro,
Zohiri tup-tuzuk, yuragi – qaro.
Shaytanat, vasvasa ular koridir,
Yolg‘onu riyolar hamdam, yoridir…
Sh a y x S a n ’ o n (parishon bir holda darvish ketgan tomonga qarab)
– O, darvish, olamda sen o‘zga olam!..
Sh a y x S a d r o
(San’onga yaqinlashib)
Shayxim, ko‘zingizda nechun buncha g‘am?!
Sh a y x S a n ’ o n – Qani darvish? Qayga ketdi, aytingiz?
Sh a y x M a r v o n – U bir telba ekan, shakkok va dinsiz.
Sh a y x S a n ’ o n – Telbalik ham bir fazilatdir ajib,
Dinsiz o‘lmoq ham tariqatdir ajib.
Telbadir, lek so‘zlarida ma’no bor,
Darbadar, lek boshida zo‘r savdo bor.
Zohiran Mansur emas, devonadir,
Ko‘zlarinda lek “Analhaq” yonadir.
Sh a y x S a d r o (ketib borayotgan San’onning ortidan borib)
– Shayxim, ketdi darvish, olis ketdi u,
Bilmam, qayerlarga borib yetdi u.
Sh a y x S a n ’ o n
Bas, boshqa so‘zlamang, tugandi holim,
Bir lahza siz meni qoldiring xoli.
Kurning sohilida o‘zim toq-tanho
Kezinmak istayman…
Sh a y x M a r v o n – Nechun, ajabo?!
Nahot istamaysiz bizdek mahramni?
Sh a y x S a n ’ o n – Yangidan tirnamang mening yaramni.
Sh a y x N a i m (kelib) – Shayxim!..
Sh a y x S a n ’ o n Nari turgin, johil, benavo!
Sh a y x S a d r o – Xo‘sh, men-chi?
Sh a y x S a n ’ o n (qo‘l ishorati bilan uni ham rad etib)
Kerakmas… men o‘zim… tanho!…

Jadal odimlar bilan uzoqlashib ketadi. Hamma dahshatli bir hayratda qotib qoladi va shayx ketib borar ekan, parda tusha boshlaydi.

Parda

Ikkinchi sahna

Yo‘l chetidagi kichik bir ko‘shk. Uning qarshisida gullar ochilib yotgan bog‘cha. Kunduzi.

S ye r g o (quyidagi qo‘shiqni aytganicha bog‘chani sug‘orish bilan mashg‘ul)
– Uzoq ketdim gulimdan, sevgilimdan,
Ayro tushdim vatanimdan, elimdan,
O‘rtanurman, hech ish kelmas qo‘limdan,
Yor, yor deya kecha-kunduz yig‘larman.
Kunlar o‘tdi, nozli yorni ko‘rmadim,
O‘pmadim, gul yuzidan gul termadim,
Gulyuz bilan davru davron surmadim,
Yor, yor deya kecha-kunduz yig‘larman.
A n t o n (qo‘lida bir dasta gul ko‘targan holda bog‘cha tomondan chiqib kelarkan) – Sergojon, Sergo!..
S ye r g o – E, keling, afandim!
A n t o n (bir oz choychaqa bilan guldastani Sergoga beradi)
– Lutfan buni eltib Xumorga bergin…
S ye r g o – Tushundim!
Men unga nima dey tag‘in?
A n t o n – Bu gullarni
Anton berdi deb aytgin.
(Chekinib, ko‘rinmas bir joyda poylab turadi)
S ye r g o (ayvonga chiqib, eshikka yaqinlashadi va pastroq ovozda)
– Chiq, Xumor, qaydasan, Xumor, menga boq!
X u m o r (oq libos kiygan holda chiqadi, Sergoning qo‘lidagi guldastani ko‘rib) – Bu gulni kim berdi?
S ye r g o – Anton…
X u m o r (g‘azabli) – Voy ahmoq!
Olib ket gullarni, qolsin ordona.

E’tiborsiz bir qiyofada ichkari kirib ketadi. Sergo qaytib, tag‘in guldastani Antonga beradi.

A n t o n – Ne dedi?
S ye r g o – Rad etib qaytardi yana…
Nahotki bilmaysiz tabiatini?
Xudo olsin uning bu xislatini.
A n t o n (guldastani yerga otib toptar ekan, zaharxandalik bilan)
– Sen ham mening holimga tushgin,
Ezil! Tuproqlarga qorishgin.
(ma’yus bir holda chiqib ketadi)
S ye r g o (ham Antonga, ham ayvonga boqar ekan, hayrat bilan)
– Qiz emas, boshga bitgan bir balodir,
Otashkim, olamga o‘tlar solodir.
(bir tomonga chekinib ketadi)
S i m o n (ma’yus va xayolchan odim tashlaganicha yo‘ldan o‘tib borar ekan, ko‘zi ayvonga tushib)
– Oh, bu koshonada yashar bir malak,
Men uning dardida hamon jonhalak.
Olis osmonlarga otilib ketsam,
Minglab yulduzlarni kezsam, sayr etsam,
Hech biri ko‘nglimni ochmagay aslo,
Yolg‘iz shu go‘zaldir menga tasallo!
Qalbimning yagona sarvari o‘sha,
Pajmurda ruhimning gavhari o‘sha.

Shu payt Xumor qo‘lida ipak kashta ko‘targani holda ayvonga chiqadi.
S i m o n (uni ko‘rar-ko‘rmas)
– Qolmadi menda sira sabru qaror,
Rahmu shafqat aylagil, jonim Xumor!
X u m o r – Ortiqcha ko‘pirma, lof urma bekor,
Ketaver, bu yerda sen turma bekor.
Bilaman, siz yonib-kuymoqdadirsiz,
Menda yo‘q bu tuyg‘u, menda yo‘q bu his!
Sh a y x S a n ’ o n (tolg‘in holda yo‘ldan o‘tib borar ekan, boshini ko‘tarib, Xumorga ko‘zi tushgan zahoti hayrat bilan)
– Bu nima! Bu o‘sha tushimmi, e-voh!
O‘shami? Lo iloha illalloh!..
(Yana taraddudlangan va ma’yus odimlar tashlaganicha yo‘lida davom etadi)
S i m o n (bir oz o‘ylanib turgach, Xumorga)
– Ne bo‘lur, kelaqol, bu fikringdan qayt!..
X u m o r – Bas endi, tushingni suvga borib ayt!
P l a t o n (shirakayf holda ichkaridan chiqib)
– Kimdir u bu yerda qiylu qol aylar?
(qattiq ta’sirlanib, parishon holda uzoqlashib ketayotgan Simonni ko‘rib) – Yana bir oshiqmi arzi hol aylar?

Xumor boshini quyi soladi, shu orada Platonning do‘stlaridan bo‘lmish yo‘g‘on va do‘rildoq ovozli bir pop yo‘ldan o‘tib borar ekan, Platonni ko‘radi.

P o p – E, Salom, afandim, qandoq holingiz?
P l a t o n – Keling, birpas nafas rostlab olingiz.

Bir-biri bilan qo‘l siqishib ko‘rishishadi. Xumor ham popning qo‘lini o‘padi.

P o p (Xumorning sochlarini silab)
– Yana bir o‘zga hol ko‘rurman sanda,
Shodlik yo‘q sevimli, go‘zal chehrangda.
Mayli, borib menga jinday suv keltir,
Siqilma, har ish o‘z paytida bitur.
P l a t o n – Suvni qo‘ying, unda lazzat yo‘q zinhor,
Ichkari kiraylik, zo‘r sharobim bor.
Eski, rosa olti yillik mayi nob,
Podshohlar ichgulik ajoyib sharob.
P o p (Xumorga diqqat ila razm solarkan, ma’noli ohangda)
– Mayni yaxshi niyat-o‘ylarga asrang,
Bir kuni bo‘lajak to‘ylarga asrang.
P l a t o n (qahqaha urib)
– Bu yaxshi niyat-ku, behuda ammo,
Bu so‘zlar Xumorga mavhum muammo.
Uning fikru zikri faqat uzlat deng,
Er qilmoq Xumorga o‘lim bilan teng!..
P o p – Bu uzlat behuda bir orzudir, bas,
Yo‘q, yo‘q, Xumor buni qilmagay havas.(Xumorga)
Ne-ne zo‘r yigitlar sengadir asir,
Sening bu niyating kulgilik, axir.
P l a t o n (popning qo‘lidan ushlab)
– Qo‘yingiz, bu gaplar to‘g‘ri-ku, ammo
Unga ta’sir etmas, tinglamas aslo.
(popning ko‘ksidagi xochga ishora qilib)
Men Bibi Maryamga, ruhi Isoga,
Bu ulug‘vor xochga ham kalisoga
Ahd etib, yurakdan qasamyod qildim:
Xumorni ilk bora so‘rab kelsa kim –
Kim bo‘lsa ham mayli, qilmagayman rad,
Bas, pichoq suyakka yetdi nihoyat!
P o p – Seni majbur etmish qaysi bir gumroh,
Nechun ont ichding sen? Axir bu – gunoh!…
P l a t o n Savobmi yo gunoh… bo‘lgani bo‘ldi,
Aytganim aytgandir, bas, sabrim to‘ldi.

Pop bilan Platon ichkari kirib ketishadi. Xumor qo‘lini manglayiga tirab ayvondagi o‘rindiqqa o‘tirganicha xayolga toladi.

N i n a (bog‘cha tomondan chiqib kelib)
– Bu ne parishonlik, bu qandayin hol?
Hamisha hamdaming ma’yus bir xayol…
Qancha qiz o‘stirsa ona Gurjiston,
Sen kabi malakni ko‘rmagay, ishon.
Senga katta-kichik – har inson maftun,
Sen nechun doimo parishon, mahzun?..
X u m o r – Nina, hamma gaplar o‘zingga ayon,
O‘zga hech choram yo‘q mening, o‘rtoqjon!..
Onam vasiyatin etmasam bajo,
Qarg‘ishi tutgaydir meni… E Xudo…
Degandi: “Qizginam, tinglagil mani,
Er qilmoq – o‘pqonga uchmoq degani…
Erkaklarda yo‘qdir sidqu sadoqat,
Uzlatdan topursan faqat farog‘at!”
N i n a – Otangning jabridan, ne qilsin sho‘rlik,
Ko‘ziga keng dunyo qilardi torlik.
Otang bosh ko‘tarmay ichavergach, ul
G‘amdan o‘lib ketdi misli so‘lgan gul.
Sh a y x S a n ’ o n (takror qaytib o‘tarkan, Xumorni ko‘rib)
– O-h! Bu xuddi o‘sha! Ko‘rganim ro‘yo…
(yaqinlashib)
Bu – o‘sha nozanin, tushdagi savdo!..
X u m o r – Sen kimsan?..
Sh a y x S a n ’ o n – Bechora maftun…
N i n a – Kim bilur… Ehtimol…
X u m o r – Ehtimol, majnun…
Sh a y x S a n ’ o n – Balki majnundirman, etmayin inkor,
Faqat boisi bu husni maftunkor…
S ye r g o (kelib) – Bu kim?.. Va nima deb dam urmoqda, bas?
(Shayx San’onning yoqasidan tutib baqirganicha)
– Kimsan?.. Maqsading ne?!
P l a t o n (qo‘lida sharob to‘ldirilgan qadah tutganicha pop bilan ichkaridan chiqib kelarkan, g‘azab bilan Sergoga)
– Shoshmagin birpas!
Bir musofir kelsa, izzat-ikrom et,
Nega o‘shqirasan? Qani, daf bo‘l, ket!
(Sergo bir tomonga chekinadi, Platon San’onga)
Shayx! Biron amringiz bormi, ajabo?
Sh a y x S a n ’ o n – Anglay olmay qoldim o‘zim ham aslo…
P l a t o n – So‘ylang, taraddudga hojat yo‘q, zero…
Sh a y x S a n ’ o n – O-oh, bu – tush, bu o‘sha ko‘rganim ro‘yo!
P l a t o n – Nedir demoqchisiz shekilli, albat…
Sh a y x S a n ’ o n (Xumorga ishora qilib)
– Istaganim faqat – tarahhum, shafqat.
Bir tabassum bul go‘zal dilbardan,
Bir navozish bul moviy ko‘zlardan…
P o p (baland bir qahqaha bilan) – Aftidan, Xumorga oshiq bechora.
Sh a y x S a n ’ o n (Xumorga)
– Men nechun bunchalar zoru ovora,
Ayt o‘zing barchasin! So‘yla, parizod!
Hammasin buncha tez unutding, nahot?
Sen o‘shal yulduz emasmi porlagan,
Meni “kel-kel!” deb o‘ziga chorlagan!..
P l a t o n (hayrat bilan Shayx San’onga)
– Bu voqe bo‘lgandi qaysi ma’voda?
Sh a y x S a n ’ o n – Tunning ro‘yosida, arshi a’loda.
P o p (zaharxandalik bilan)
– Shubha yo‘q, shubha yo‘q, bu bir majnundir.
P l a t o n – Aftidan, Xumorga bu ham maftundir.

Shu orada shayxlar va muridlar yetib kelishadi.

Sh a y x M a r v o n – Shayx bunda…
Sh a y x N a i m – Xayriyat, topdik nihoyat.
Sh a y x S a d r o – Yo Olloh, ahvoli og‘ir-ku g‘oyat.
P l a t o n (popga, past ovozda)
– Manimcha, shayx juda muhtaram bir zot.
P o p – Fozil bir insonga o‘xshaydi…
Sh a y x S a n ’ o n (shayxlarga ma’noli bir ohangda)
– Hayhot!..
Sh a y x S a d r o – Muhtaram shayx! Sizni bir to‘p olomon
Unda kutayotir intizor, giryon.
Butun islom ahli to‘planib ming-ming,
Sizni kutayotir…
Sh a y x S a n ’ o n – Bo‘ldi, bas, keting!
Endi foyda yo‘qdir mendan baribir,
O‘zingizga toping boshqa bitta pir.
Hammasi tugadi, ishondim endi,
Eski o‘zligimdan men tondim endi.
Boshqa bir yo‘l sari ravonaman men,
(Xumorni ko‘rsatib)
– Uning ishqi bilan devonaman men.
Sh a y x M a r v o n – Avval ayollardan qo‘rqarding yomon,
Ne uchun o‘zgarding endi beomon?
Sh a y x S a n ’ o n (Shayx Marvonga)
– Sen anglay olmassan bu farqni, beshak,
Ayol emasdir u, malakdir, malak!..
(jo‘shgan holda hammaga)
Qarang, uning husni kimni etmas lol,
Nigohlari buncha jozib, bezavol.
Ko‘zlari go‘zallik timsoli erur,
O‘zi ilohiylik misoli erur.
Sh a y x N a i m – Shayxim, maqsadingni unutma zinhor,
Zimmangda buyuk bir ma’suliyat bor.
Ka’ba qarshisida ichgan eding ont,
Bir qiz deb baridan kechasan, nahot?
Sh a y x S a n ’ o n – Vatanim, jamiyki niyatim, Ka’bam –
Endi shu, undan voz kechmayman hech ham.
P l a t o n (popga) – Koshki ont ichmagan bo‘lsaydim… Yo‘q-yo‘q,
Sen biron chora top.
P o p – Ko‘ngling bo‘lsin to‘q, Hozir voz kechadi…
(Shayx San’onga) – Mayli-ku, biroq
Bu qizga nisbatan yoshing ulug‘roq.
Sh a y x S a n ’ o n – Ma’naviy bir ishqning oldida bari –
Insonlar teng erur, yo‘q yoshu qari.
P o p – Anov bag‘ringdagi nimadir?
Sh a y x S a n ’ o n – Qur’on.
P o p – Xo‘sh, qani, isbotlab ber-chi sen bu on!
Nasroniy bir go‘zal, isoviy bir qiz
Musulmonga tegsa, erurmi joiz?..
Sh a y x S a n ’ o n – Toki Haq bir ekan, bittadir din ham,
Xalqlarni ajratgan johil, muttaham.
Inson tuyg‘ulari birdir baayni…

Pop sharob to‘la qadahni Platondan olib Shayxga beradi.

P o p – Unda ichib ber-chi mana bu mayni.
Sh a y x S a n ’ o n – Zotan, shu maysiz ham sarxushman yomon…
P o p – Yo‘q, yo‘q, ich, ichmasang gaplaring yolg‘on!

Shayx San’on iltijoli nigohlar bilan Xumorga tikiladi va qadahni olib ichmoqchi bo‘ladi, biroq avval bunga jasorat qila olmay, taraddudlanib qoladi. Nihoyat qat’iy bir qarorga kelib, sharobni so‘nggi tomchisigacha ichadi. Shayx Sadro afsusli bir ifoda bilan tikilib turadi.

H a m m a (Shayx San’on sharobni ichib tugatayotganda) – Shayx, to‘xta!
Sh a y x M a r v o n (istehozli ohangda Shayx Naimga)
– Mana bu – rivoji islom!..
Sh a y x N a i m (San’onga) – Ajabo, ichganing emasmi harom?
Sh a y x S a n ’ o n – Shariatda bordir ichmakda miqyos.
P o p (cho‘ntagidan kichik bir xoch chiqarib Shayxga beradi)
– Endi ol bu xochni va bo‘yningga os.
Sh a y x S a n ’ o n(olib bo‘yniga osar ekan, qahqaha bilan)
– Maryam o‘g‘li Iso osildi dorga,
Hojat bormi edi yana takrorga.
Shu nahot Isoning arshi me’roji,
Men kimman…
Jonli bir dorning og‘ochi…
Sh a y x M a r v o n – Senga loyiqmidi ushbu ish, yohu!
Sh a y x S a n ’ o n – Atigi bir parcha kumush erur bu;
Buni osmoq bilan uzukni taqmoq,
Menimcha, bir narsa, uqdingmi, ahmoq!
P o p (Shayx San’onga) – Jim bo‘l! Gunoh erur bundoq istehzo…
Sh a y x S a n ’ o n – Yo‘q-yo‘q, shundayin ham hazrati Iso
Biz uchun muhtaram, buyuk bir siymo…
P o p – Bizlar maqsadingni angladik, ammo
Endi Qur’onni ol, olovda yondir.
Sh a y x S a n ’ o n – Uni kuydirmakda ne ma’no, axir?

Hamma hayajon va hayratda.

P o p – Ortiqcha har qanday bahona, uzr,
Qur’onni yoqasan…
Sh a y x S a n ’ o n (Qur’onni chiqarib beradi) – Ol, o‘zing yondir!
H a m m a – Shayx, Qur’on yoqilmas!..
Sh a y x S a n ’ o n – Ammo maqsad bor.
Sh a y x S a d r o – Jim turing, balki bir boshqa hikmat bor.
Sh a y x S a n ’ o n – Qur’on hukmi mangu yuksak, sarafroz,
Yonsa – siyoh yonur, yonadi qog‘oz.

Shu orada havoni bulut qoplaydi va shiddatli momaqaldiroq boshlanadi. Bu qaldiroq pardaning oxirigacha o‘qtin-o‘qtin dahshatli bir holda takrorlanib turadi.

P o p (Qur’onni olmay, o‘jarlik bilan)
– Uni sen olovda yoqmaguncha to –
Bizning bu imtihon tugamas aslo!
Sh a y x S a n ’ o n – Kim Qur’on hukmini mensimasa gar,
Uni o‘tda yoqqan bilan barobar.
Behuda sen o‘rlik qilmagin zinhor,
Bunda Maryam bilan Iso nomi bor.
X u m o r v a N i n a – O-h!
P l a t o n – Shayx, mayli, qo‘yaqol, yoqmoq kerakmas.
H a m m a – Tavba, shayx, ming tavba!..
Sh a y x S a d r o – Jim bo‘lingiz, bas!..
Sh a y x S a n ’ o n – Ishqdan boshqasiga yo‘q menda toqat,
Ming tavba!.. Bariga ayladim nafrat.
Sh a y x N a i m – Shayxim, unutmagin Ka’bani.
Sh a y x S a d r o – Jim tur!
Sh a y x S a n ’ o n – (Xumorga ishora qilib)
Endi Ka’bam budur, jannatim budur.
P o p (Platonga) – Hech chora qolmadi. Ne desang, faqat
Endi bu yo‘q demas. Qilgay itoat.
P l a t o n – Hoy shayx, endi bitta shart qoldi yolg‘iz,
Sen rosa ikki yil boqasan to‘ng‘iz.
Hammada norozilik, g‘alayon.
Sh a y x S a d r o (Shayx San’onga)
– Yo‘q, endi bunisi eng yomon tahqir,
Sen uchun eng jirkanch haqorat, axir…
Sh a y x S a n ’ o n (Platonga)
– Uning ishqi bilan zor, darbadarman,
Nima buyursangiz qabul etarman.

Shayx va muridlar “oh!” deya qattiq ta’sirlangan holda ortga chekinadilar.

– Ketingiz, do‘stlarim, endi ketingiz!
Boshqa biror shayxning qo‘lin tutingiz.
Menki noildirman bugun visolga,
Topdim Haq nurini, yetdim jamolga.
Mayli, koinotni kezing, surining,
Haq nurin topmoqqa siz ham urining.
Siz sho‘rlik San’onni yoddan chiqaring,
Bu telba insonni yoddan chiqaring.
Sh a y x S a d r o – Muhtaram shayx, axir, tasavvur eting…
Sh a y x S a n ’ o n – Bas, yetar, men keting dedimmi – keting!
Sh a y x M a r v o n – Qani u avvalgi g‘oyayi a’mol?
Sh a y x S a n ’ o n – (qahrlangan, g‘azablangan holda baqirib)
Ko‘zimga ko‘rinmang, daf bo‘ling darhol!

Shayx Sadro chuqur bir hayrat va parishonlik bilan xayolga toladi.

M u r i d l a r d a n b i r i n ch i q i s m i (kuchli ta’sirlangan holda, afsuslar bilan) – Ketaylik, to‘g‘ri Ka’baga boraylik,
Xoliqi koinotga yolboraylik.
Balki Olloh marhamat aylar,
Shayximizni mag‘firat aylar.
I k k i n ch i q i s m (Marvon va Naim bilan birgalikda)
– Shayximiz otdi hukmi Qur’onni,
Shayximiz sotdi dinu iymonni.
Avval erdi u pirlikka munosib,
Chiqdi endi din mazhabdan xoch osib.
B i r i n ch i q i s m – Ketamiz, Haqqa munojot etamiz,
Ketamiz, shayx deya faryod etamiz…
I k k i n ch i q i s m – Ketamiz, biz-da bu yo‘ldan ozmaylik,
Ketamiz, bo‘ynimiza xoch osmaylik…
Sh a y x S a n ’ o n – Ketingiz, hiyla, firib sizlarga xos,
Menga ishqdan yuksak olam yo‘q, xolos!..

Barcha shayxlar va muridlar chekinib keta boshlaydilar. Yolg‘iz Shayx Sadro eng oxirida qolib, ma’yus va g‘amgin odimlar bilan og‘ir, ikkilangan holda uzoqlashib ketadi.

Parda

UChINChI PARDA

Birinchi sahna

Bir yarim yildan so‘ng… Kuzning oydin kechasi. Sahnaning oldida cho‘chqaxonaga xos bir bino. Bino oldida 2-3 ta to‘ng‘iz yotibdi, yon tomonda bir suv ko‘zasi (oftobasi) bor. Ichkarini zaif bir shu’la yoritib turibdi. Ancha narida Xumorning ko‘shki ko‘zga tashlanadi. Uning derazasidan taralayotgan nafis bir oydinlik diqqatni jalb etadi, atrof daraxtzor.
Sergo qo‘lida sharob idishi, yog‘och bir qadah va 2-3 dona non ko‘tarib, qo‘shiq ayta-ayta shirakayf, beparvo-beg‘am holda cho‘chqaxonadan chiqadi.

S ye r g o (osmonga boqib) – Ko‘k yuzini bezar porloq yulduzlar,
Er yuzini bezar gul yuzli qizlar,
Yor ishqinda bu ko‘ngul yonar, bo‘zlar,
Insof, marhamat yo‘q nomard falakda…
(Qo‘lidagilarni yerga qo‘yib, eshik oldida o‘tiradi, sharobdan bir qadah to‘ldirib ichadi) – Uf… Go‘yo yongandek ichimda chiroq.
(Shayx San’onni chaqiradi)
Hoy, cho‘pon shayx! Qaydasan?
Menga bir boq!
Sh a y x S a n ’ o n – Bundaman, Sergo!..
(gurji cho‘ponlariga xos bir qiyofada, soch-soqollari o‘sib ketgan holda bog‘ tomondan chiqib keladi) – Kel, yeylik-ichaylik.
Sh a y x S a n ’ o n – Sen ye-ich, birodar, mening qornim to‘q.
S ye r g o – Kel, jonim, boshqacha bir sharobdir bu…
Sh a y x S a n ’ o n – Odatim o‘zingga yaxshi ayon-ku!
S ye r g o – Ajoyib bir kecha, kela qol…
Sh a y x S a n ’ o n – Yo‘q-yo‘q!
S ye r g o (qadahni to‘ldirib) – Xumor ishqi uchun, kel, bir qadah ich!
Sh a y x S a n ’ o n – Yo xudoyim, bu axir bir zahrimor,
Ichgulik joyi yo‘q!
S ye r g o – So‘ylama bekor,
Yaxshisi, nay chal yo ertak so‘ylagin,
Yo go‘zal bir hikoyat naql aylagin.
Sh a y x S a n ’ o n – Afu et… Holim yomon, yo‘qdir majol!
(bir tomonga ketadi)
S ye r g o (sharobdan bir qadah ichib, qahqaha bilan)
– Angladim dardingni, borgin, bora qol!
(yana bir qadah to‘ldirib icharkan, qo‘shiq ayta boshlaydi)
Jo‘shqin sharob ishq o‘tini so‘ndirmas,
Yor ko‘nglima orom bermas, tindirmas,
Taqdir menga ko‘z berganu, nur bermas,
Insof, marhamat yo‘q nomard falakda…

Shu orada bog‘ning bir chekkasidan itning vovullashi eshitiladi.

Birov keldimakan, ajabo?
(baqirib)Kimsan?
O‘ z d a m i r (qo‘lida xurjun, O‘g‘uz bilan chiqib keladi)
– Bu biz, Sergo, yo‘qdir begona kimsa.
S ye r g o – Qandoqsiz, afandim?
O‘ z d a m i r – Tuzukman, rahmat.
S ye r g o – Kelinglar…
O‘ z d a m i r – Shayx qayda? Ketmog‘imiz shart.
S ye r g o – Yolg‘iz Xudo bilur uning joyini.
O‘ z d a m i r (xurjunni Sergoga beradi)
– Buni shayxga bergin; bor ashyoyini
Tez bo‘shatinglar… biz qaytib ketamiz.
(Jadal odimlar bilan chiqib ketadilar)
S ye r g o – Qo‘rqma, hammasini bajo etamiz.

Xumor Nina bilan birga qo‘lida bir tovoq taom ko‘targani holda xonasidan chiqib keladi.

X u m o r – Menga qara, Sergo!..
S ye r g o – Gapir, sultonim!
X u m o r – Shayx yotdimi?
S ye r g o – U aslo yoturmi, jonim!
Uning kecha-kunduz tabiati shu…
Xayoliga kelmas yeb-ichmak, uyqu.
Tunda oy, yulduz bilan suhbat etar,
Xayol surib chiqar to tongga qadar.
X u m o r (taomni Sergoga berar ekan)
– Iloji boricha uni hurmat qil,
Neki amr aylasa, kel, menga aytgil.
N i n a –Juda nazokatli zot ekan San’on.
X u m o r (Nina bilan birga uyi tomon ketar ekan, uni tasdiqlab)
– Shundoq, ko‘p muhtaram, ajoyib inson…
Nafaqat zo‘r kamoli, ma’rifati,
Unda bor bir avliyolik xislati.

Sergo darhol xurujunni olib, bo‘shatmoq uchun cho‘chqaxonaga kiradi.

Sh a y x S a n ’ o n (bir tomondan chiqib kelar ekan, ketayotgan Xumorni ko‘rib) – Ketadir anda nozli jononim,
– Ketadir oshinoyi vijdonim,
Ketadir, vahki, dinu imonim,
Ketadir sabru toqatim, jonim…
(Mahzun va ta’sirlangan holda cho‘chqaxonaga yaqinlashadi)
S ye r g o – Birodar! Kel, ovqat keltirdi Xumor.
Sh a y x S a n ’ o n – Ishtaham yo‘q…
S ye r g o – Kel!
Sh a y x S a n ’ o n – Istamam zinhor,
Charchadim, jonimda issiq bor bir oz.
(ichkari kiradi)
S ye r g o – Jinday orom olsang bo‘lur edi soz.
(chekkaga)
Aftidan, dardi tozalandi yana,
Chunki jonon ko‘rinib ko‘zlarina.
S i m o n (ikki yigit bilan birgalikda kelib)
– Sergojon, Sergo!
S ye r g o – E, Simon, kel…
S i m o n – T-s-s! Xo‘sh, San’on qayerda?
S ye r g o – Sho‘rlik, ming afsus,
Doimo g‘amzada, doimo tushkun…
Yotibdi, ahvoli ko‘p yomon bu kun.
S i m o n – Sen ne deb o‘ylaysan, sayoq Platon
Qizini San’onga bergaymi?..
S ye r g o – Simon!
U bir nasli buzuq, tayini yo‘q zot,
Isoning nomiga ichgan qasamyod.
Injilga qo‘l bosgan… Beradi, ishon…
S i m o n – Juda irimchidir chindan bu nodon.
Qizi bu badbaxtni qiladi ado.
S ye r g o (boshini likillatib)
– Menimcha, shu yerda qilursan xato.
Chunki qiz mutlaqo boshqa bir xilqat,
Uni ko‘rganlarning ko‘zida hayrat.
Shayxga boshqacha bir muhabbati bor,
Doim karam aylar, zo‘r hurmati bor.
B i r i n ch i y i g i t – Hamisha uzlat deb yonardi Xumor,
Buncha tez o‘zgardi?
S ye r g o (cho‘chqaxonani ko‘rsatib)
– Bir monelik bor.
Xumorga mana bu kulbayi vayron
Har qanday uzlatdan aziz, qadrdon.
Bu uning sajdagohi, qiblasidir,
Shayx uning haykali muqaddasidir.
B i r i n ch i y i g i t (Simonga)
– Xo‘sh, endi ne deysan? Shubha yo‘qdir hech,
Demak, qiz – Shayxniki, sen undan voz kech!
S ye r g o –Tugab bormoqdadir muddat ham… Zinhor
Shayxni rad etmagay albatta Xumor.
S i m o n (qahr bilan) – Simon o‘lgani yo‘q, tirikdir hamon,
Bunga yo‘l qo‘ygaymi? (g‘oyat hayajonli)
Aslo! Hech qachon!..
(Cho‘ntagidan aqcha to‘la bir hamyon chiqarib, yuqoriga bir otib-tutib olarkan, Sergoga berib)
Buning ichi to‘la kumush, oltin, ol!
Bu shayxning xun bahosi bo‘lsin, ol!

Avval Simon, so‘ng uning sheriklari xanjarlarini chiqarib, Shayxning yotog‘iga hujum qilmoqchi bo‘ladilar.

S ye r g o (Simonga) – Sening niyatingni angladim, biroq
(har uchalasiga)
Hozir payti emas, keling sal kechroq.

Shu payt O‘zdamir kelib, bir chekkada yashirinib turganicha ularning suhbatini tinglaydi. Nina ham Xumorning xonasidan chiqib, katta hayrat bilan bu holatni kuzatib turadi.

B i r i n ch i y i g i t (Simonga)
– Buning gapi to‘g‘ri… Tayyor har anjom,
Yaxshidir keyinroq qilsak saranjom.
S i m o n – Fursat – qanotli qush. Bir uchsa daydib,
Qo‘lingga hech qachon kelmaydi qaytib.

Yana hujum qilmoqchi bo‘ladi, Nina qattiq iztirobda kuzatib turadi. O‘zdamir chiqib, Simonning bilagidan ushlab qoladi, uning qo‘lidagi xanjar tushib ketadi. Yigitlarning har ikkisi ikki tomondan kelib, O‘zdamirni mahkam ushlab oladilar va uning qimirlashiga imkon bermaydilar.

B i r i n ch i y i g i t (O‘zdamirga)
– Joningdan umiding bo‘lsa gar tek tur!

Shu payt O‘g‘uz chiqib kelib, og‘ir va mag‘rur bir boqishdan so‘ng orqadan har bir qo‘li bilan bittadan yigitning bo‘g‘zidan tutib qattiq siqadi. Har ikkisi ham bo‘g‘ilib o‘layozgan bir holga tushadi, hamma dahshatda.

O‘ g‘ u z – Mana, xoinlarning jazosi shudir!
O‘ z d a m i r (Simonga) – O‘yla, er kishiga nomus, uyat bu,
Qabohat ichra eng zo‘r qabohat bu.
Shayx sho‘rlik muhtaram, beozor bir zot,
Musofir, g‘arib va ojizdir, hayhot…
Nahotki, yo‘q senda zarracha vijdon,
Shu qadar ham nomard bo‘lurmi inson!?
O‘ g‘ u z – Bu ishga qo‘l urgay xoin, qo‘rqoqlar,
Vijdonin yo‘qotgan ablah, olchoqlar.
Sizmi yo Shayx San’on o‘limga loyiq –
Shu xanjar hal etar. Boshqa chora yo‘q!
(darhol xanjarini chiqarib Simonga
hujum qiladi)
O‘ z d a m i r (O‘g‘uzni tutib qolib, og‘ir bir ohangda)
– Yo‘q, to‘xta!.. Mard o‘chin bunday olmagay,
Yo‘qsa, bu qotildan farqing qolmagay.
O‘ g‘ u z – Qo‘y meni!
O‘ z d a m i r – Yo‘q, shartmas endi to‘kmoq qon,
Kuchli ojizlardan olmas intiqom.
(Simon bilan birodarlariga)
Endi tez yo‘qoling, daf bo‘ling!.. Ammo
Shuni yodingizdan chiqarmang aslo.
Kim Shayxning qonini to‘kmoq bo‘lsa gar,
Mening qo‘llarimdan ajalin topar.

Har uchalasi qurollarini olib chiqib ketadi.

Sh a y x S a n ’ o n (cho‘chqaxonadan chiqarkan)
– Nima gap? Aytinglar, bu qanday vahm?
O‘ z d a m i r –Aytarli hech gap yo‘q, muhtaram shayxim!..
O‘ g‘ u z (Sergoning qo‘lidagi hamyonni olib)
– Bu nima? Qani, ayt, ko‘zing qilma lo‘q!
S ye r g o (duduqlanib) – Bilmayman… i-e, bu hamyon-ku… Yo‘q-yo‘q…
O‘ g‘ u z – Qotillarning senga saxosidir bu,
Shayx uchun balki xun bahosidir bu?
(unga keskin va qattiq bir shapaloq tortadi)
Sh a y x S a n ’ o n – Yo Olloh, O‘g‘uz, bu ne qiliq, axir?..
O‘ g‘u z – Qasdingga sherik bu past xoinni bir
Adabga chaqirib qo‘ydim… Shu, axir.
Sh a y x S a n ’ o n – Bechora!.. bu ojiz banda-ku, faqir…
(falakka qarab)
Bu falokatlarning butun sababi
Faqat men… faqat men… Kechirgil, Rabbim!..
O‘ g‘ u z (Sergoga) – Tosh qotib turma, qani, hamyonni ol!
Senda bir yumush bor, yur endi, battol!
(Sergo yerdan hamyonni olib, O‘g‘uzning ortidan ergashadi)
O‘ z d a m i r – Shayxim, o‘z fikringni endi et ayon,
Menimcha, oxiri tugar ko‘p yomon.
Seni ochiq-oydin ranjitar bular,
Shubhasiz, bir kuni rad etar bular.
Vaziyat, rosti, bir oz qo‘rqqulidur,
Kim bilur, balki jinoyat ham bo‘lur.
Istasang, ul qizni olib ketamiz,
Qarshi chiqsa kim agar – mahv etamiz.
Sh a y x S a n ’ o n – Qo‘y Sergo, o‘ldirsa ham meni ming bor,
Bundoq nohaq ishni qilmayman zinhor.
O‘ z d a m i r – Ra’yingga qarshi hech so‘zim yo‘q, hayhot,
Faqat ehtiyot shart, juda ehtiyot…
Sh a y x S a n ’ o n – Ketingiz, chunki ko‘p uzoq yo‘lingiz,
Meni tangrim asrar, amin bo‘lingiz.
O‘ z d a m i r (xurjunini yerdan olib, Shayxning qo‘lini o‘par ekan)
Bir qazo sodir o‘lsa, Shayxim, ishon,
Biz bormiz, sen uchun fidodir bu jon.
Doimo burchimiz itoat erur,
Bizga sening amring saodat erur.
(chiqib ketadi)
Sh a y x S a n ’ o n – Izzat-ikromingdan tog‘ bo‘ldi ko‘nglim,
Tashakkur, hech qachon kam bo‘lma, o‘g‘lim.
(O‘zdamirning olislab borayotganini ko‘rib)
O‘pqondir, oh, hamma tomonim o‘pqon,
Bu shum tole qayga boshlar, noayon?!
Bu ne falokatdir, javob ber, yo Rab!?
N i n a (Sassiz qadamlar bilan chekinadi. Xumorning xonasiga kirar ekan) – Buning hammasiga Sergodir sabab.
Sh a y x S a n ’ o n (falakka boqib)
– Shikoyat emasdir aslo bu nido,
Chunki Xumor uchun bari, yo Xudo!
Har balo go‘yo bir saodat erur,
Har jafo men uchun muhabbat erur.

Eshik oldidagi oftobani olib, suv keltirish uchun bog‘ning bir chetiga qarab ketadi. Bir ozdan so‘ng oq libosli Anton boshqa tomondan chiqib keladi. Badqovoq bir gurji kirib, qo‘lida yondiruvchi ashyo va bir dasta gul tutgani holda unga ergashadi.

A n t o n (past tovushda) – Sergojon! Hoy Sergo…
B i r o d a r i – Baqirma, jim tur.
(Cho‘chqaxonaga qarab)
Shayx San’on yotoqda… Dong qotib yotur.
A n t o n – Sergo!..
B i r o d a r i – Kerakmas… Men o‘zim boplab tashlayman,
Shayxni mayda-mayda to‘g‘rab tashlayman.
(lip etib o‘zini ichkariga uradi)
A n t o n (eshikdan qarab) – Ur yana! Yana bir… (o‘z-o‘ziga)
Ha, endi Xumor
Anglaydi, men kimman, qanaqa shunqor!
B i r o d a r i – Bu battol, bilmadim, ne sehr etmish,
G‘alati bir holkim, juda ham mudhish!..
Shuncha xanjar urdim – qilmaydi ta’sir.
Har holda… Endi bu oxirgi tadbir.
(Eshikni bekitadi, shu orada ichkarida olov yona boshlaydi)
A n t o n – Uyga o‘t qo‘ydingmi?
B i r o d a r i – Yo‘q o‘zga chora,
Yonib kul bo‘lgaydir San’on…
A n t o n – Bechora!..
Endi bermoq kerak Xumorga xabar,
Bu holni ko‘rsinu yig‘lasin dilbar.

Xumor Nina bilan xonasidan chiqadi, ularni ko‘rishi bilanoq qattiq hayrat va sarosima ichida qoladi.

B i r o d a r i (Antonga istehzoli kulganicha)
– Endi San’on yotib mangu ro‘yoda,
Zavq surar jannatda, arshi a’loda.
(sarosimaga tushib)
Ko‘p turmoq yaxshimas…
Bu joy xatarlik,
Ketamiz, qani bo‘l…
A n t o n – Mayli, ketaylik.

Tez-tez yurib chiqib ketadilar.

X u m o r – Oh!.. bundan kelmoqda jinoyat hidi.
N i n a – Og‘ir bir musibat, falokat hidi.

Shu payt shiddatli shamol esadi, momaqaldiroq gumburlaydi, yong‘inning charsillab yonishi eshitiladi. Bu tovushlar pardaning oxiriga qadar davom etadi.

X u m o r (Nina bilan birga sarosimaga tushgan holda cho‘chqaxonaga yaqin kelib) – Endi hammasini bildim… voy jonim!
(g‘azab va sarosimada)
Sergo, kel! Qaydasan!?
S ye r g o (paydo bo‘lib) – Shundaman, xonim.
X u m o r – Qani, kel!.. bo‘l tezroq!.. Och eshikni, och!
N i n a – Xoin, sotqin, olchoq! Och eshikni, och!

Sergo eshikni ochgani hamono yong‘indan hosil bo‘lgan alanga sahnani yoritib yuboradi.

– Kir, Shayxni olib chiq. Qani bo‘l, olchoq!
X u m o r – Oh!.. Tezroq qutqazing!.. Kuymasin!..
Tezroq!..

Sergo ichkari kirmoqchi bo‘ladi, biroq yuragi betlamaydi.

Q o‘ sh n i l a r (uch-to‘rt kishi kirib)
– Nima gap? Ne bo‘ldi?
X u m o r – Omon! Al’omon!..
Yondi, kuyib ketdi bechora San’on.
Q o‘ sh n i l a r – Ko‘raylik-chi, balki tirikdir…
N i n a (Sergoga g‘azab bilan) – Jallod!..
X u m o r – O-h, bechora Shayx! Imdod!.. Oh, imdod!..

Hushidan ketib yiqila boshlaydi. Nina darhol uni suyab qoladi. Shu payt qo‘lida oftoba tutganicha bir tomondan Shayx San’on chiqib keladi, hamma hayratdan dong qotib qoladi.

Sh a y x S a n ’ o n (ta’zimkorona bir qiyofada)
– Shayxni siz o‘ldiga chiqarmang zinhor!
Mana, qarshingdaman, azizim Xumor!
Dilda yonsa ishq degan otash agar,
Unga ta’sir etmas ushbu otashlar.
Men o‘limdan endi qo‘rqib netaman,
Xalqni tark aylab Xoliqqa yetaman.
Abadiyat mangu mozorim bo‘lur,
Chunki ishqning sultoni yorim bo‘lur.
Ishq uchun kim aylasa jonin nisor,
Mangu gulshan ichra topgaydir qaror.
Balki qismat bul vujudni mahv etur,
Ruhim o‘lmas, samoviy ishqqa yetur.
Uchar ul, cheksiz fazolardan oshar,
Yana jannatda sening birla yashar.

Oxirgi bayt tugayotganida parda bekiladi.

Parda

Ikkinchi sahna

Madinada bo‘yra tashlangan bir xona. Atrofda suyanib o‘tirish uchun yostiq-to‘shaklar… Ikki eshik… Boqqa qarab ochiladigan ikki-uch deraza. Quyosh endigina chiqib kelayotgan bir payt.
Parda ochilganda xizmatchi qora arab yostiq-to‘shaklarni tuzatib chiqib ketadi. Shu payt Shayx Hodi va Abululo kirib kelishadi.

Sh a y x H o d i – Ming shukur, ming shukur Rabbanomizga,
Yana qaytib keldik Madinamizga.
(Derazalardan birini ochib)
Muqaddas havosi tanlarga darmon,
Insonga yangidan baxsh etadi jon.
Ruhlarga ajoyib safolar berur,
Qalblarga tuganmas shifolar berur.
A b u l u l o – Shayx Hodi! Ne deysiz, men chiqib agar –
Nima gap, nima so‘z – bir olsam xabar?
Sh a y x H o d i – Mayli, bilib kelgin borib birma-bir,
Qanday voqealar bo‘lmishdir sodir.
(derazani bekitib)
Men esa toliqdim, bunda qolayin,
Bir lahza cho‘zilib orom olayin.
(Abululo chiqar ekan)
Faqat eng avvalo sen Shayx San’ondan
Xabar so‘r!..
A b u l u l o – Albatta!
Sh a y x H o d i – So‘ng chiqib ondan
Zahroning holin so‘r, ahvolini bil,
Xasta yotgan bo‘lsa, bor, ziyorat qil.

Abululo chiqib ketadi. Shayx Hodi ridosini ustiga yopib cho‘ziladi. Shu payt sahnaning shu’lasi so‘nib, ortidagi ikkinchi parda ochiladi.

Sh a y x S a n ’ o n (olovlar, yong‘inlar ichida namoyon bo‘lar ekan, yarim mahzun, yarim mamnun holda bir faryod bilan)
– Yondim, Olloh!.. Ushbu kulfatlar nadur?
Ne bu dahshat?.. Oh, bu lazzatlar nadur!?
Otashi ishq ham mukammal baxt emish,
Angladim, bul o‘zi ham jannat emish.
Garchi yo‘q senga shikoyat, yo Rab!..
Senda yo‘qmi bir inoyat, yo Rab?!.
Oh, meni qandoq baloga otding,
Sen meni, oh, nevchun yaratding?!
Ba’zi mavhum, noma’lum qo‘llarda xanjarlar, qilichlar porlab, Shayx San’onga hujumlar qilinishi ko‘rinib turadi.

B i r m a l a k (ko‘kdan tushib kelgan kabi)
– Hech tashvish tortmagin, muhtaram San’on,
Tangrim unutmagay seni hech qachon.
Rabbim senga panoh!.. Qanoat tilar,
Rasululloh o‘zi shafoat tilar.
Malaklar uchun sen mo‘tabar, suyuk,
G‘am chekma, Shayx San’on, buyuksan, buyuk!

Shayx San’onni qo‘lidan tutib chekkaga tortib ketishi bilan ortdagi parda tushadi. Sahna yorishadi.

Sh a y x H o d i (dovdirab qolgani holda sapchib uyg‘onib)
– Ajabo!? Lo iloha illalloh!
Bu qanday dahshatli holdir?!
Sh a y x A b u z a r – Yo Olloh!
(U Shayx Abullahyo va Shayx Ja’farlar bilan kirib keladi. Quchoqlashib ko‘rishadilar)
Sh a y x H o d i – Marhamat!
Sh a y x A b u z a r – Ahvollar nechuk?
Sh a y x H o d i – Ming shukur.
Sh a y x A b u z a r – Jihodingiz bo‘lsin munavvar, purnur,
Ajr ato aylasin, shayx, sizga Xoliq.
Sh a y x H o d i – Abululo qayda?..
Sh a y x A b u z a r – Ko‘rmadim… Yo‘q, yo‘q.
Sh a y x H o d i – Zahroning sog‘lig‘i yaxshimi, axir,
Tuzalib ketdimi?
Sh a y x A b u z a r – Ahvoli og‘ir.
Yuribdi joni yo‘q jasad kabi jim.
Sh a y x H o d i – O‘zing madadkorsan, shifo ber, Rabbim!
Sh a y x A b u z a r – Yemaydi-ichmaydi. Ko‘zlarida g‘am…
Yig‘lamas… Holiga yig‘laydi olam.
Ahvoli parishon, ko‘p pajmurdadir,
Sudralib yurgan bir tirik murdadir.
Hamisha Rasulning qabriga borar,
Ollohga iltijo aylab yolborar.
Sh a y x Ho d i – Bu g‘amli qissani so‘ylama… Yetar!..
Ayt-chi, Shayx San’ondan bormi bir xabar?
Sh a y x A b u z a r – Biz so‘rab turibmiz uni hammadan…
Yo‘lchi bor Makkayi mukarramadan.
So‘zlagan so‘zlari rost bo‘lsa agar,
Shayx San’on ertaga shu yerda bo‘lar.
Sh a y x H o d i – Ming shukur. Xudoyim, senga ming shukur!
Sh a y x A b u z a r – Xo‘sh, o‘zing qandoqsan, o‘zingdan gapir.
Cho‘zilib ketdi-ku bu galgi safar.
Birodar, dunyoda ne gap, ne xabar?
Sh a y x H o d i – Oh, so‘rmang aslo!.. Bir qiyomat bo‘ldi,
Bu safar – safarmas, falokat bo‘ldi.
O‘n kishi ichindan oqibat, illo,
Bir men omon qoldim, bir – Abululo.
H a r u ch a l a s i (qattiq bir motam va hayrat bilan o‘ziga xos qiroat ila) – “Inna-lillahi va inna-ilayhi rojiun…”
Sh a y x A b u l l a h yo (chuqur bir sukutdan so‘ng)
– Naqadar dahshatli falokat, yo Rab!
Sh a y x J a ’ f a r – Ne emish, vo ajab, bu holga sabab?
Sh a y x A b u z a r – Evoh!.. bu xabardan ko‘nglimiz vayron…
(Shayx Hodiga)
– Qani, barin bir-bir aylagin bayon!
Sh a y x H o d i – Ka’badan biz huv o‘sha chiqqan kuni
Boshladik va’z birla tablig‘ ishini.
Kezdik ozmi-ko‘pmi Yaman diyorin,
Shundan so‘ng otlandik bizlar Hind sori.
Duch kelgan har joyda nutq etdik irod,
Xalqni to‘g‘ri yo‘lga boshlamoq – murod.
Ahli islom shod bo‘lib xushlar edi,
Qayga borsak bizni olqishlar edi.
Boshqa dinda qolgan insonlar zalil,
So‘rgay erdi bizdan isbotu dalil.
Bahslashib ko‘rdilar, mulzam bo‘ldilar,
So‘ng dini islomni qabul qildilar.
Sh a y x A b u l l a h yo – Ha, islom yuksalib boradi, enmas.
Sh a y x J a ’ f a r – Nuri Haq doimo porlagay, so‘nmas.
Sh a y x H o d i – O‘shal diyorlarda shundoq bir muddat
Himmatlar ko‘rsatdik, ayladik da’vat.
Nogahon boshlanib o‘latu vabo,
Ko‘p inson qirildi topmayin davo.
Chorasiz qaytdik malolatlar bilan,
Hindni tark etdik nadomatlar bilan.
Bahri Ummon ichra qo‘pdi bir to‘fon,
Ostin-ustin bo‘ldi go‘yo bu jahon.
Yarmidan o‘tganda tun ham, nihoyat,
Bostirib keldi-ku qizil-qiyomat.
Bu dahshat oldida bizlar nimamiz!?
Pista po‘chog‘idek o‘ynar kemamiz.
Dolg‘alar yoprilar bir balo kabi,
Pishqirib o‘t sochgan ajdaho kabi,
Bo‘ronlar quturib, guvlab kelganda,
Dosh bera olmayin kema, yelkan-da
Bir onda bo‘linib, sochilib ketdi,
Faryod, oh-fig‘onlar falakka yetdi.
Ojiz bechoralar yig‘lar, baqirar,
Iltijolar qilar, ingrar, chaqirar.
Necha xalq Haqqa munojot aylashib,
Bir najot, imdod tilar dod aylashib.
Chirpirab borarkan suvda har inson,
Yanada battarroq quturdi ummon.
Qaldiroq gumburlar dam-badam, takror,
Sillalar quridi, qolmadi mador.
Bir yonda muttasil yaltirab yashin,
Suvlarga sanchardi qilich otashin.
Bir sarhad qolmadi yeru ko‘k aro,
Er – balo, ko‘k – balo, muhit – bir balo…
Yo‘lchini har lahza bir dahshat kutar,
Dengiz o‘z qurbonin qa’riga yutar.
Taqdir bir najotsiz chohga tashladi,
Bizning kemamiz ham cho‘ka boshladi.
Sh a y x A b u l l a h yo – Ko‘p yomon tasodif, falokat bo‘lmish.
Sh a y x J a ’ f a r – Kutilmagan dahshat, xalokat bo‘lmish!..
Sh a y x H o d i (davom ettirib)
– Yo‘lchilar chorasiz qolibon, nogoh,
Ikki – bir, uchi – bir bo‘ldilar hamroh.
Suvlarga otildi hamma g‘amdiyda,
Hamma o‘z jonining edi g‘amida.
Suvda ancha suzdik urib qo‘l-qanot,
Hech majol qolmadi, yo‘q edi najot.
So‘zlab bo‘lmas muztar bu holatimni,
Aytdim kalimayi shahodatimni.
Umidim goh yonib, so‘nib gohida,
Borardim… Bir tovush keldi sohildan.
Sas kelgan tomonga suzib ketdim, rost,
Olloh madad berdi, men bo‘ldim xalos.
Bilmadim, bu kecha qanday surindi,
Nihoyat, tong otdi… Quyosh ko‘rindi.
Afsus, oramizda ko‘p edi qurbon,
Men va Abululo qolgandik omon…
Sh a y x A b u z a r – O‘lganlarga bo‘lsin Tangri rahmati,
Mag‘firat aylasin, Rasul hurmati.
Sizga etsin sabru qanoat ehson,
Umringizni uzoq aylasin Subhon.
A b u l u l o (kirib kelib)
– Shayx Sadro muridlar bilan shu zamon
Kelmoqda…
Sh a y x H o d i – Juda soz… Biroq Shayx San’on?!
A b u l u l o – Uni men ko‘rmadim, u yo‘qdir…
Sh a y x H o d i (bezovta va hayratomuz bir holda)
Hayhot!
Tushda ko‘rganlarim rost bo‘lsa nahot?!
(derazani ochib osmonga boqqanicha)
Oh, mening ko‘zimga tor keldi fazo,
Ul shayxning boshida bor ekan qazo.

Ma’yus bir holda xayolga cho‘madi. Shayx Sadro boshchiligida barcha shayx va muridlar horg‘in odimlar bilan kirib keladilar. Shayx Hodi boshini ko‘taradi. Kelganlarga og‘ir va keskin nigoh bilan razm solib chiqqandan so‘ng Shayx Sadroga.
– So‘yla, Shayxingizga ne bo‘ldi, Sadro?
Sizlarga aytdimi abadiy vido?

Shayx Sadro taraddudlangan holda o‘ylanib qoladi.

– Bundoq hayrat bilan surmagin xayol,
Ne bo‘ldi? Hammasin so‘yla. To‘kib sol!..
Sh a y x Sa d r o – Shayxni judo qildi bizdan Gurjiston,
Avvalgi San’onmas, u boshqa San’on…
Sh a y x H o d i – O‘zi sog‘mi?
Sh a y x S a d r o – Sog‘dir!
Sh a y x H o d i (osmonga qarab)
– Ming shukur, yo Rab! (Shayx Sadroga)
Nechun ayrildingiz, ne bo‘ldi sabab?

Shayx Sadro sukut saqlaydi.

Xo‘sh, gapir, yashirma!
Sh a y x M a r v o n (Shayx Sadroga)
– Qani, ayt, aytgin!
Sh a y x H o d i (Shayx Marvonga)
Qani, yo‘qsa sen ayt, sen davom etgin!
Sh a y x M a r v o n – Shayximiz sotdi dinni, iymonni,
Shayximiz otdi hukmi Qur’onni.
Bitta qizni deya baridan kechdi,
Bo‘yniga xoch osdi, sharob ham ichdi.
Bir payt ayollardan qochardi San’on,
Endi to‘ng‘izboqar – bechora cho‘pon.
Sh a y x H o d i (ma’noli bir ohangda)
– Bu holda ko‘rganda, shubhasiz, uni,
Tuygansiz nafratli, jirkanch tuyg‘uni!
(istehzoli qahqahalar bilan)
Va ortga qaytgansiz?.. Siz Shayx San’onsiz!..
Hammangiz bir quruq jasadsiz – jonsiz.
Ajabo, nahotki shundoq bir ustod
Qilingay ta’nayu la’nat bilan yod!?
Sh a y x M a r v o n – Uni kofir deya atagan inson
Nahotki gunohga botadi?
Sh a y x H o d i (juda g‘azablangan holda)
– Marvon!
Ko‘rmadim men xuddi sen kabi nonko‘r,
Bir ko‘zing ko‘r emas, vijdoning ham ko‘r.
Hamma sukutga cho‘madi. (barchaga)
– Sizda insof yo‘qdir, hamiyat yo‘qdir,
Piri benazirga hech hurmat yo‘qdir.
Chunki ruhingizda yo‘qdir yuksaklik,
Qalbingiz tubandir, yo‘q zarra poklik…
Tutsa ham dunyoni shu’layi hikmat,
Ojizlar bu nurni ko‘rolmas faqat.
Shayx San’on, ul bir charog‘on oftob
Kofir o‘ldi, xoch osdi, ichdi sharob.
Neki qilgan bo‘lsa u, ildam shuni –
Qilmog‘ingiz shart edi siz ham shuni.
Nega bo‘lmadingiz sizlar ham tarso,
Gunohga botmoqdan qo‘rqqandirsiz, o!..
Holbuki, bu kufri Shayx San’onning,
U fozil insonning, piri urfonning
Sizdagi iymondan yuksak, avlodir,
Haq bilgay, u sizdan ming bor a’lodir.
B a r ch a – Biz rosa yolvordik, ammo rad etdi.
Sh a y x M a r v o n – Bizni nafrat bilan tark etib ketdi.
Sh a y x H o d i – Chunki siz – egridil, xoinsiz, xolos,
Zohiran – tup-tuzuk, botinan – iflos…
Sizda bo‘lsa edi zarracha vijdon,
Shayxingizni bilib Ka’bayi iymon,
Unga hech ta’nalar so‘ylamasdingiz,
Yo‘lidan ozgan deb o‘ylamasdingiz.
(Shayx Sadroga)
Yo‘qsa bu gaplarim yolg‘onmi, Sadro!?
Sh a y x S a d r o – To‘g‘ri, juda to‘g‘ri. Biz qildik xato!
(boshqacha bir ohangda)
Shubha yo‘q, sizningcha, bizlar manfurmiz,
Ammo bunda ozmi-ko‘pmi ma’zurmiz.
Sh a y x H o d i – Masalan?… fikringni ochiq so‘ylagil!
Sh a y x S a d r o – Shayxni tark aylagach, biz raso bir yil
Gurjiston xalqiga kelib yuzma-yuz,
Dinni tablig‘ etdik… Afsus, ming afsus!..
Bir kuni San’ondan biz olsak xabar,
U cho‘pon bo‘libdi, ha, to‘ng‘izboqar.
Ikki kun yolvorib tavallo etdik,
Unga kecha-kunduz iltijo etdik.
Yana u rad etdi… Bo‘lmishdir asir,
Hech qanday iltijo qilmadi ta’sir.
Sh a y x H o d i – Juda soz, Shayx shunga aylabdi jazm,
Siz ham qolmog‘ingiz edi-ku lozim!
Sh a y x S a d r o – Mana, birodarlar barchasi guvoh,
Qolaylik, dedim men, bular-chi, evoh,
So‘zimga quloq ham solmadilar, rost,
Nuqul bildirdilar qattiq e’tiroz.
Shayx bilan qolmoqchi bo‘ldim men tanho,
San’on istamadi buni mutlaqo.
Hammamiz yurakdan qayg‘urib, ma’yus,
Unga vido aytdik. Afsus, ming afsus.
Sh a y x H o d i – Shayx San’on – shundayin buyuk bir ummon,
Unda yo‘qdir qa’ru ibtido, poyon.
Ulki idrok uchun bir kamol istar,
Ahli zavq istar ul, ahli hol istar.
Oh, hozir ko‘rganim bir tush, bir ro‘yo
Qanday og‘ir lavha… E-voh!..
Sh a y x M a r v o n (Shayx Naimga istehzoli)
– Ajabo?!
Sh a y x S a d r o (Shayx Hodiga)
– Bu ne tush, aytingiz, shayxi padarim.
Sh a y x H o d i – Hali ko‘rdimki, ul Shayx – darbadarim
O‘t olib yonmoqda… Ko‘ngli g‘ash erur,
Har tomoni o‘t erur, otash erur.
Unga kimlardir qilich sanchmoq bo‘lar,
Xanjarin sanchib qonin ichmoq bo‘lar.
(Hamma chuqur bir hayratda.)
Bir malik shunda qanotin zar qilib,
Tushdi-ku ko‘kdan tabassumlar qilib.
Shayx-la uchdi o‘zga dunyolar sori,
Qurbi mavlo, arshi a’lolar sori.
B a r ch a – Shayximiz rahnamoyi urfon erur!..
Sh a y x A b u z a r – Shubhasiz, Haq lutfiga shoyon erur.
B i r i n ch i Sh a y x – E-voh, shundoq Shayxni nega tark etdik?
I k k i n ch i Sh a y x – Xatolar qildik biz, ko‘p tuban ketdik!
Sh a y x H o d i – Chunki siz ko‘rdirsiz… u – manbai nur…
A b u l u l o – Tavba etsak, bul gunoh avf etilur.
B i r i n ch i Sh a y x – Shayxni qayta izlabon ketmoq kerak.
I k k i n ch i Sh a y x – Shubhasiz, dargohiga yetmoq kerak.
Sh a y x S a d r o (boshini sarak-sarak qilib, istehzoli va ma’noli bir ohangda) – Soxta tuyulmasin sizga, ajabo,
Jinday xira tortsa havo mabodo,
Sevinib ketadi ko‘rshapalaklar,
Aldanib raqs etar joni halaklar.
O‘ylashar: shu’lalar olib ketdi bosh,
Go‘yoki chiqmagay endi hech quyosh…
Bir oz muddat o‘tgach, porlabon takror,
Olamni to‘ldirsa bir ajib anvor,
Qochgani joy topmay qoladilar lol,
Naqadar botildir bu o‘y, bu xayol!..
Sh a y x H o d i – Bu bir dahshat erur, bu bir qabohat,
Bo‘lgani bo‘ldi… hech chora yo‘q, faqat,
Tangrim, o‘zing endi bizga yo‘l ko‘rsat…
Endi g‘animatdir har on, har fursat.
Hozir Rasululloh qabriga borib,
Ziyoratlar qilib, Haqqa yolborib
O‘ltiraylik biz qanoatlar tilab,
Rahmu shafqat ham shafoatlar tilab.
Yo‘l olaylik so‘ngra Shayx San’on sari,
Yo‘l olaylik rahbari urfon sari.
B a r ch a – Qani ketdik, Shayximizga intizor,
Qani ketdik, Shayximizga jon nisor.

Shayx Hodi bilan Shayx Sadro chiqishadi. Barcha Shayx va muridlar ularga ergashadi.

Sh a y x M a r v o n (chiqib ketar ekan, Shayx Naimga)
Barchasi yolg‘on xayolga aldanur,
Kufri zulmatni nuri Haq deb tanur!..
(eng keyin Abululo chiqar ekan, ma’noli ohangda har ikkisiga)
A b u l u l o – Bir haqiqat borki, hech eskirmagay,
Ko‘rlar aslo nuri Haqni ko‘rmagay…

Parda

TO‘RTINChI PARDA

Birinchi sahna

Ikkinchi pardaning sahnasidagi kabi yo‘l chekkasidagi kichik bir ayvon. Qarshisida gulzor bog‘cha, may oylari. Yakshanba kuni. Parda ochiladi; to‘rt-besh gurji yigiti sarxush holda yo‘ldan o‘tib bormoqda. Ulardan biri ilgarida cholg‘u chalib boradi, biri esa gandiraklab, kulgi qistatadigan holda o‘ynaydi, boshqalari chapak chalib uni olqishlab boradilar. Nina ayvonga chiqib ularni tomosha qilib turadi. Yigitlar soz chalib-o‘ynaganlaricha uzoqlashib ketadilar. Shu payt Xumor ham chiqib keladi.
N i n a (Xumorga) – Biz go‘yo xonaga qamalgan mahbus,
Mundoq sayilga ham chiqmaymiz, afsus…
Bugun har ko‘ngilda bir dunyo havas,
Odamlar sayr etar, o‘ynab-kular, bas,
Qara, tabassumlar qilmoqda jahon,
Sen faqat bu fayzdan begona, pinhon…
X u m o r – Meni sen malomat qilmagin, gulim!
Na iloj, yorishmas bu xasta ko‘nglim.
Dunyo yashnar, gullari xandon qilur,
Bul manim dardimni ming chandon qilur.

Shu payt avval qizil libos kiyingan qizlar va bolalar, so‘ngra yigitlar nash’ali, munis bir ohangda qo‘shiq ayta-ayta kirib keladilar.

Q i z l a r
v a b o l a l a r – Ochdi binafsha, sunbul,
Xandon etar qizil gul;
Sayrab misoli bulbul –
O‘ynatadi xayolni…
Y i g i t l a r – Quyosh sochar tillolar,
Ming jilvayu jilolar.
Lol etadi sarosar
Manzari ahli holni…
Q i z l a r
v a b o l a l a r – Dunyo sururga to‘lmish,
Bamisli jannat o‘lmish,
Ruhlar musaffo bo‘lmish,
Har dil ochiq, safoli…
Y i g i t l a r – Har ko‘zda bir muhabbat,
Har yuzda bir saodat;
Zavq ahli aylar ishrat
Sarmastu louboli…

Shu payt kalisoda juda tez sur’atlar bilan chalinayotgan jom sadosi eshtila boshlaydi.

X u m o r – Nina, tingla bu jozib jom sasini,
Tingla g‘amgin bu hayot nolasini.
Ahli el bir yonda qo‘shiq aytadi,
O‘z-o‘zin o‘ynab-kulib shod etadi.
Bir tomonda bir bechora dard bilan,
Zavqli dunyoga boqar hasrat bilan.
Borgali xesh-aqrabo, diyori yo‘q,
G‘am-alamdan o‘zga do‘stu yori yo‘q…
N i n a – Parvo qilma, har ko‘ngildan dod chiqar,
Bitta farddan necha bir faryod chiqar.
X u m o r – Ruhimni ezmoqda bu kuy, bu ohang!
Ammo nima iloj?!
N i n a (yo‘lga qarab) – Bas, keldi otang!
X u m or (pop bilan otasini ko‘rgach, nafrat bilan)
Bu – o‘sha ruhoniy, oh, xiyonatkor,
Aftidan, yana bir xiyonati bor.

Har ikkalasi yetib keladi, tag‘in jom sadosi eshtiladi.

P o p – Eshitmoqdamisan, tingla, Platon?
P l a t o n – Birov o‘ldimikan?
P op – Ha, sho‘rlik Simon.
P l a t o n – Voy essiz… Xo‘sh, unga ne bo‘ldi, aytgil?
P o p – Xumorni sevardi… Rosa ikki yil
Yig‘ladi, bo‘zladi… o‘rtandi og‘ir,
O‘zin suvga otib g‘arq bo‘ldi oxir.
P l a t o n – Eh attang!.. Zo‘r yigit edi-ya Simon.
P o p – Hali Antonni ayt. Bechora Anton!..
Ko‘zida hayotdan asar yo‘q aslo,
U ham Xumor uchun bo‘ladi fido.
P l a t o n – Iloj yo‘q… San’onga men berdim va’da,
Va’dani buzmaslar ikki dunyoda.
P o p – U – muslim. Qaytib ol axir so‘zingni,
O‘rlik etib badbaxt qilma qizingni.
P l a t o n (parvosiz qahqaha urib)
– Qo‘yaver!.. Xumordan chekma sen tashvish,
Unga farqi yo‘qdir – yozmi yoki qish.
Ajib bir beparvo qiz erurkim ul,
Mangulik bog‘ida bir g‘ururkim ul,
Shodlik va qayg‘uni teng ko‘rar so‘lim,
Unga baribirdir hayot va o‘lim.
P o p – Bilmadim, bu qanday yolg‘on, bu ne lof,
Platon, senda o‘zi bormi hech insof?
P l a t o n (Popning qo‘lidan tutib)
– Maqsading angladim… Basdir bu masal,
Ko‘ramiz – ne yozgan bu hukmi azal.

Har ikkisi ichkari kiradi. Shu payt Shayx San’on bardam va nuroniy bir qiyofada, faqat soch-soqoli butunlay oqargan, qo‘liga bir cho‘pon tayog‘ini tutgan holda bog‘ tomonda paydo bo‘lib, og‘ir va xayolchan odimlar bilan ayvon tomon yuradi. Shu payt Xumor ham ayvonga chiqadi. Shayx San’on Xumorning qarshisida to‘xtab, o‘ychan va so‘z aytmoqchi bo‘lgan bir qiyofada tikilib turadi.

X u m o r – Biron-bir istaging bormi, ayt, San’on?
Qalbingda ne bo‘lsa, aylagin bayon…
Sh a y x S a n ’ o n – So‘yla, ey oshinoyi vijdonim!
So‘yla, sen so‘yla, nozli sultonim.
So‘yla, sen so‘yla, menda toqat yo‘q,
Arzi holga, ehtimol, hojat yo‘q.
Yaxshi ma’lumdir senga ahvolim,
Sensan axir pariyi omolim…
X u m o r (nazokat bilan) – Fikring tumanlidir, judayam mubham,
Anglamadim nima deganingni ham…
Bir oz sukut.

S ye r g o (kelib, Shayx San’onga) – Kelibon bir to‘da ridoli odam,
Shayxim, so‘rashmoqda seni damodam.
Eski do‘stlar bari, tanishdir beti,
Hademay bu yerga kelishar yetib.
Sh a y x S a n ’ o n (g‘azabli va bezingan bir qiyofada)
– Ular past kimsalar, aslo sharhi yo‘q,
San’on boqqan to‘ng‘izlardan farqi yo‘q.
Ko‘rgali ko‘zim yo‘q ularni zinhor,
Daf bo‘lsin, barchasin qaytarib yubor!
Sergo darhol uzoqlashib ketadi.
(ta’zimkor bir vaziyatda)
– Anglagil holimni, nozanin Xumor,
O‘zingga ma’lumdir hamma sir-asror.
Ketdi-ku yo‘lingda dinim, iymonim,
Bekor bo‘ldi ulug‘ shuhratim, shonim.
Unutib jumla hukmi Qur’onni,
Oqibat bo‘ldim-ku to‘ng‘iz cho‘poni.
(boshini ochib)
Sochim, soqolimga yog‘ib o‘tdi qor,
Ikki yil bir bora kulmadim zinhor.
Men yashadim o‘zga bir ro‘yolar bilan,
O‘zga dunyo, totli xulyolar bilan.
Doimo hasratu dardlarda yonib,
Yashadim bitta xayolga aldanib.
So‘ylagin, amring nedur, aylay bajo,
Yo bekormi shuncha men chekkan jafo?
X u m o r (samimiy va ta’sirlangan holda)
– Muhtaram shayx!.. Ey buyuk San’on!..
(so‘zini ortiq davom ettira olmaydi)
Sh a y x S a n ’ o n – So‘ylagin, ey ruhim! So‘ylagin, omon!
So‘ylayver tortinmay, chekinmay, Xumor,
Sen neki amr etsang, mana men tayyor.
Har xitobing menga bir ehson kabi,
Har itobing jismim ichra jon kabi.
So‘yla, shod et bu ruhi nolonimni,
Kul, sevintir bu qalbi giryonimni.
Menga qilsang qanchalar ranju g‘azab,
Qayta-qayta sog‘inar ko‘nglim, ajab.
Yo‘lingda jon bermoq hidoyatimdir,
Balki shu eng buyuk saodatimdir…

Shu payt Pop, Platon va Nina ayvonga chiqib keladilar.

P l a t o n (Xumorga) – San’on tag‘in nima istar, ajabo?
Sh a y x S a n ’ o n – Men vafo istayman, birdan-bir vafo.
P o p – Muddaong nimadir? Qani, izhor et!
Sh a y x S a n ’ o n – So‘zimning daxli yo‘q senga, nari ket!
P o p (Platonga) – Bu kimsa sog‘ emas, har qalay, majnun.
Sh a y x S a n ’ o n (zaharxandalik bilan)
– Majnunning dardini anglagay majnun.
P l a t o n – Xumordan so‘raylik…
P o p – Yo‘q, bo‘lmas, ishon,
Undan so‘ramoqqa aslo yo‘q imkon.
Bu g‘anim qaytdi-ku bergan so‘zidan,
Tag‘in yurib ketdi eski izidan.
P l a t o n – Nelar demoqdasan, tushuntir, jonim!?
P o p – Amin bo‘lavering, menga ishoning.
Bu bir betayindir, yo‘q e’timodi,
Xudosi yo‘q uning, yo‘q e’tiqodi.
Tag‘in Qur’on o‘qir, qiladi namoz,
Islomga e’tiqod qo‘ymishdir u boz.
Sh a y x S a n ’ o n (Platonga)
– Yo‘q, yolg‘on! Bo‘hton bu! Siz undan qoching!
P o p (hujum qilib, Shayxning ko‘ksini ocharkan)
Xo‘sh, qani ko‘rsat-chi, qayerda xoching?
(xochni topmagach, g‘oyat g‘azablangan holda)
Qani, javob bergin, ey beburd xoin!
Senda bormi tayin biror mazhab, din!?
Sh a y x S a n ’ o n (zaharxandalik bilan)
– Orif bo‘l, orif bo‘l!.. Yutma vijdonni,
Ko‘ngildan izlagin dinni, iymonni.
(Popning ko‘ksidagi kattakon xochga ishorat bilan)
Zohiring ko‘p go‘zal, yashnab turibdi,
Ichingda shaytonlar o‘ynab yuribdi.
P o p (sarosimaga va g‘azab bilan)
– Bas!.. Inson suratli ey iblis. Basdir!
Sh a y x S a n ’ o n – Men-ku bas qilurman, ammo bu – rostdir.
P o p – Bo‘ldi, ket! Daf bo‘lgin, ket shitob endi!
O‘zingga boshqa bir panoh top endi!
X u m o r – O-h!
P l a t o n (Popga) – Yo‘q! U sho‘rlikni haydama yiroq!
P o p (Shayx San’onga) – Ket, yo‘qol ko‘zimdan!.. Darbadar olchoq!
Sh a y x S a n ’ o n – Men olchoq? Darbadar?!
P o p – Daf bo‘lgin, fosiq,
Sen shunday jazoga loyiqsan, loyiq…

Darhol Xumor bilan Platonni ushlab, ichkariga tortib kiradi. Faqat Nina tashqarida qolganicha sarosimali bir holda dovdirab turadi.
Sh a y x S a n ’ o n (Xumor ketganini ko‘rgach, ojiz va majnunona)
– Ketma, kel! Ey nozanin Xumorim, kel!
Qolmadi hech sabru ixtiyorim, kel!
Men o‘lurman sensiz, ey, qutqaz meni,
Kelgin, ey jonim, hayotim mazmuni!..
Hammasi bo‘ldi bekor… Kel, qani kel,
Yo‘qsa eng so‘nggi vido aytgani kel.
Shuni loyiq ko‘rdimi azal, malagim!
(ortga chekinib, yo‘l ustida qattiq
ta’sirlangan holda tikilganicha)
– Alvido!.. Alvido!.. Go‘zal malagim!..
(taraddudlangan va majnunona qadamlar bilan o‘ng tomondan chiqib ketadi)
X u m o r (chiqib, Ninaga) – Qani San’on, qaydadir?
N i n a – Ketdi yiroq!
Ketdi majnun ishqini aylab chiroq.
X u m o r – Shu buyuk ko‘ngilni sindirdilarmi,
Tahqirlab, ul shamni so‘ndirdilarmi?
(yo‘lga tikilib, Shayx ketgan tomonga qaraganicha)
Ey buyuk Shayx! Ey buyuk San’on,
Bir lahza kutib tur, ketma, al’omon!..

Darhol ayvondan tushib, shayxning ortidan ketadi. Nina ham Xumorga ergashadi. Shu payt O‘zdamir va O‘g‘uz boshchiligida Shayx Hodi, barcha shayxlar va muridlar birgalikda yo‘lning so‘l tomonidan chiqib keladilar.
B a r ch a (hayajonli bir ohangda)
– Qaydadir, qaydadir rahbari vijdon?
Aytingiz, qayerda qiblayi iymon?
Shayximiz qayerda, qaydadir San’on?
Aytingiz, qayerda Ka’bai urfon?..
P o p (Platon bilan birga ayvonga chiqar ekan)
– Kimni izlayapsiz? Nima gap, axir!?
B a r ch a – Yaxshisi, bizga ayt, San’on qaydadir?
P o p – Bu yerda qolmoqning topmay chorasin,
Daf bo‘lib ketdi u, o‘chdi qorasi!
B a r ch a (hayajonli va dovdirab qolgan bir holda popga)
– Senga loyiq emas bundoq bir ta’bir,
Hadding yo‘q etgali sen Shayxni tahqir.
Bundoq aljirashlar joizmi shu on,
O‘ylab ko‘r, ey razil, ey tuban inson.

Qizlar, bolalar va yigitlar birgalikda qorishiq ovozlarda musiqasiz kirib keladilar. Hamma ularga iltifot ko‘rsatib turadi.

– Ochdi binafsha, sunbul,
Xandon o‘lur qizil gul;
Sayrab misoli bulbul –
O‘ynatadi xayolni…

Shu payt Nina juda bezovta bir holda o‘ng tomondan otilib kirib, hammaning e’tiborini tortadi.
N i n a – Ketdi, evoh, ketdi!.. Ketdi-ku Xumor!
San’onga ergashib ketdi o‘t-sharor.
P l a t o n (qattiq g‘azablanganicha popga)
– Ko‘rdingmi, ey johil, besharm banda!
Olamga qilding-ku meni sharmanda…
P o p (yo‘ldan o‘tayotgan gurjilarga)
– Ninaning so‘zlarin anglang, xaloyiq,
Bu katta isnoddir bizga noloyiq!

G u r j i l a r – Fursati o‘tmasin, darrov ketaylik!
(darhol yugurib ketadilar)
Sh a y x H o d i (yonidagilarga) – Ketaylik, bizlar ham Shayxga yetaylik.
B a r ch a – Qani ketdik, Shayximizga intizor,
Qani ketdik, Shayximizga jon nisor!..

Ular ham hayajonli va jadal odimlar bilan gurjilarga ergashadilar. Oxirgi bayt tugab borar ekan, parda bekiladi.

Parda

Ikkinchi sahna

Oqshom payti, bir tomonda Kur daryosi, uning yoqasida, beriroqda yalang‘och bir qoya… Chekkada, qoyaning ortida bir o‘rmoncha… qoyaning ortidan, ko‘rinmas tomonidan qoyaga chiqadigan yo‘l bo‘lsa-da, sahna tomoni faqat o‘pqondan iboratdir.
Parda ochilganda uzoqlardan cho‘pon nayining sahroyi va mahzun ohangi ruhlarni o‘rtab turadi.
Shayx San’on, qo‘lida tayoq, boshi ochiq, sochlari patila-patila, qayg‘uli va horg‘in bir qiyofada qoya tepasida paydo bo‘ladi. Og‘ir-og‘ir nafas olib, bir necha qadam chekinib, ortga boqadi. Bir-ikki marta chuqur oh chekib, yengi bilan peshonasining terini artadi. Shu payt keksa, nuroniy Darvish daraxtzordan chiqib keladi. Shayx San’onni bu holda ko‘rib, istehzoli qarab turadi va beparvo, og‘ir qahqahalar urib kuladi. Shayx esa cho‘chinqiragan, hurkak bir qiyofada Darvishga o‘girilib qaray boshlaydi.
D a r v i sh – Bu ne qiyofat! Bu ne holdir, vo darig‘!?
Soch-soqol oppoq! Rangu ro‘ylar sarig‘!
So‘yla, ey Shayx, boshinga tushmish nalar?
Qani u avvalgi shayxlar, xojalar?
Aytgil, ey Shayx – darbadar, so‘yla, ne hol?
Qani ul avvalgi hashmat, zuljalol?!
Sh a y x S a n ’ o n (yon tomonga boqib, qo‘li bilan Darvishga ko‘rsatib)
– Faqat shayxlar emas ushbu kun yakto –
Meni izlamoqda poplar ham hatto.
Menga ta’zimdadir butun bu olam,
Endi o‘zgachadir ulug‘ligim ham.
Faqat bir islomga emasman rahbar,
Menga ergashmoqda nasroniylar-da.
D a r v i sh (Shayx ko‘rsatgan tomonga boqib, hayrat bilan)
– Bu kelishda bir falokat hidi bor,
Yaxshiroq boqqil, jinoyat hidi bor!
Olomon qon uchun jo‘shib kelmoqda,
Intiqom olgali shoshib kelmoqda.
Sh a y x S a n ’ o n (diqqat bilan tikilib)
– Oh!.. Ular hammasi bevafo, g‘addor,
Hammadan oldinda kelmoqda Xumor!
D a r v i sh – Sababsiz emasdir bu g‘azab, bu kin?
Sh a y x S a n ’ o n – Ixtilof boisi – mazhab ila din…
D a r v i sh (qahqaha urib) – Ana, ko‘rdingmi, din nalar tug‘dirar,
Ne balolar, ne fitnalar tug‘dirar.
Bir bo‘lsaydi din yer yuzinda agar,
Baxtiyor bo‘lardi bu bani bashar.
Sh a y x S a n ’ o n (olis ufqlarga boqarkan, dahshatli va azobli bir ohangda) – Ayo, shayx, holimni, kel, tamosho qil,
O‘z ra’yim o‘tida yondim men g‘ofil.
Sening o‘gitingga boqmadim aslo,
Ayoldan keladi kelsa har balo!
D a r v i sh (jilmayganicha) – Xayoliy bu xitob, ajab, kimgadir?
Sh a y x S a n ’ o n – Oh, tirik bo‘lsaydi hozir Shayx Kabir,
Ko‘rardi ajoyib bashoratini,
O‘zin mo‘jizaviy karomatini.
D a r v i sh – Boqma, Shayxim, bu holi purg‘amingga,
Kirajaksan haqiqat olamiga.
Fazli haq zuhr etadi kamolingda,
Porlagay Haq nurlari jamolingda,
Senda bir ahli hol alomati bor,
Senda endi Xudo qiyofati bor.
Sh a y x S a n ’ o n (bezingan bir qiyofada)
– Bas, yetar, ket endi sen ham. Ket shitob!..
Ket yonimdan, o‘zga bir dardsizni top!
Bas, yetar, jonimga tegdi mavhumot,
Menligim tugandi, tugandi hayot!
Meni sen aylading bu dardga duchor,
Ket endi, daf bo‘lgin!..
(Xumorning kelganini ko‘rib)
Oh, Xumor, Xumor!
Ne uchun kelding sen menga izma-iz,
Meni o‘ldirmoqmi yo niyatingiz?
X u m o r (yaqinlashib) – Yo Shayx! Hayallama, tez bo‘l, iltimos,
Qochaylik, ulardan bo‘laylik xalos.
Sh a y x S a n ’ o n (dovdirab qolib)
– Oh, mendan tag‘in ne istaydirsan? Ket!..
X u m o r (yanada bir oz yaqinlashib)
– Shayxim, o‘jarlikni endi sen tark et.
D a r v i sh – Shayxim, ortiqchadir ta’nayu tahqir,
O‘z ishidan pushmon bo‘lganni kechir.
X u m o r – Meni avf et, gunohim ko‘pdir, omon!
Sendadir ko‘nglim, faqat senda… Ishon!
Men uchun ham ko‘p muqaddasdir sening
Har amaling, har tariqating, dining.
Sh a y x S a n ’ o n (Xumorning sochlarini silab)
– Demakkim, sen meni izlab kelgansan,
Demakkim, bevafo emas ekansan.
D a r v i sh (boshini sarak-sarak qilib, yarim qahqaha bilan)
– Ba’zi malaklarning holi, Shayx San’on,
Bir-ikki so‘zida bo‘lmas namoyon.
Uni ta’qib etsang, sendan qochadi,
Yuz bursang, oldingga tushib uchadi.

Yana ma’noli tarzda boshini sarak-sarak qilganicha beparvo odimlar tashlab g‘oyib bo‘ladi. Shayx xayol, Xumor esa hayrat og‘ushida qoladi. Shu payt yon tomondan O‘zdamir bilan O‘g‘uz, barcha shayx va muridlar shoshib kelishadi. Qoya tepasida turgan Shayx San’onni ko‘rib.

B a r ch a – Ana shayx! Qoyada turibdi qoyim!
O‘zingga ming qatla shukur, Xudoyim!..
Sh a y x S a n ’ o n (hayratomuz va istehzoli bir tabassum bilan)
– Darbadarlar, sho‘rlik ko‘rlar, g‘ofillar!
Keting, yo‘ldan ozgan nokas, johillar!
Sh a y x H o d i (Shayx San’onning oqarib ketgan soch-soqoliga razm solib) – O‘zgarib ketibdi u siymoyi pok.
Sh a y x S a d r o (San’onga) – Shayxim, pastga tushgin, u joy xatarnok.
Sh a y x S a n ’ o n – Yuksalgan o‘lsa ham pastga enmagay,
Haq nuri doimo yongay, so‘nmagay!
Sh a y x H o d i – Bu sovuq loqaydlik boisi nadir?
Shayx, nahot unutding bizlarni, axir?
Pastga tush, qo‘lingni ko‘zga suraylik,
Barcha mojaroni so‘ylab beraylik.
Sh a y x S a n ’ o n – Yo‘q, tuban tushmayman, istagan kelsin,
Kimki meni sevsa, chiqsin, yuksalsin.
A b u l u l o – Shayxim, afu etgil, ta’na qilmasmiz,
Begona eldir bu, yo‘lni bilmasmiz.
Sh a y x S a n ’ o n – Kim yo‘lni bilmasa, holiga voydir,
Menga eng ma’quli – mana shu joydir.
O‘ g‘ u z (Shayx Hodiga) – Boshqa bir yo‘l ham bor, yuring, ketaylik.
B a r ch a (O‘g‘uzga ergashib) – Ketaylik, ketaylik, Shayxga yetaylik.
Shoshilib ketadilar.

X u m o r (atrofga boqar ekan, bezovtalik bilan)
– Qochaylik, bizni ta’qib etmoqdalar,
Biznikilar kelibon yetmoqdalar.
Sh a y x S a n ’ o n – Boq, Xumor! Har tomon o‘pqondir, o‘pqon…
X u m o r – Istasang, sen bilan bo‘lurman qurbon.

Pop va Platon boshchiligida gurjilar qoyada paydo bo‘la boshlaydilar. Xumor “oh!” deganicha Shayx San’onning og‘ushiga kiradi, gurjilardan bir-ikkitasi hujum qilmoqchi bo‘ladi.
P o p (gurjilarga) – Bir oz sabr qiling…
(Xumorga)
– Xumor, ey Xumor!
Senga loyiqmidi ushbu ish zinhor?
Nima qilib qo‘yding, tushun, begoyim?
Yuzin o‘girdimi sendan Xudoyim?
(Shayx San’onga ishora qilib)
Oh! U inson shaklida shayton erur,
Ayril undan, u xoin inson erur!
X u m o r – Sen bu gapni aytmakim, gunoh bo‘lur,
Jon jasaddan, ayt-chi, qandoq ayrilur.
P l a t o n – Xumor, sen g‘azabga uchraysan tamom,
Va meni olamga qilursan badnom.
Sh a y x S a n ’ o n (Xumorga rahmi kelib)
– Bor, otangdir ul, Xumor, itoat qil,
Har ne amr etsa eshit, ijobat qil!
X u m o r – Shayxim, endi meni qiynama zinhor,
Sensiz – hayot bekor, yashamoq – bekor!
P o p (botib borayotgan quyoshni Xumorga ko‘rsatib)
– Qaragin, ne uchun alvondir quyosh,
Nomusdan qizarmish ko‘tarolmay bosh.
U ham xafa bo‘lmish zalolatingdan,
U ham ranjimishdir bu holatingdan.
X u m o r (achchiq tabassumlar bilan)
– E-voh, men ham hozir botib borurman,
Boshqa bir olamga yetib borurman.
Sh a y x S a n ’ o n (Xumorni og‘ushiga olib)
– Yo‘q, pastga enmaymiz, pastda nima bor?
Arshi a’lolarga uchamiz, Xumor!
Haq sari uchgaymiz yuksalib raso,
Xuddi shunday uchgan hazrati Iso.
P o p (g‘azab bilan, gurjilarga) – Ne uchun turibsiz ko‘zni qilib lo‘q,
Ortiqcha kutmoqdan endi foyda yo‘q.

Gurjilardan bir qismi hujum qilmoqchi bo‘ladi, shu payt Shayx Hodi yonidagilar bilan jadal yetib keladi.

O‘ z d a m i r (xujumga hozirlangan gurjilarga)
– Shoshmanglar!..
O‘ g‘ u z – To‘xtangiz!
Sh a y x H o d i – Nima gap?
P o p – San’on
Qizni bermayotir…
Sh a y x H o d i (hayrat bilan) – Bu qandoq vijdon!..
Shayx San’on Xumorning tolibi erur,
Qiz shayxning dushmani, raqibi erur.
(Shayx San’onga yaqinlashib)
Shayx!..
Sh a y x S a n ’ o n – Yaqin kelmagin!.. Tur unda qoyim!
(barmog‘i bilan xayoliy bir doira chizib)
– Baytulharam erur mana shu joyim.
Begona kirishi man etilgan, man,
Sen ham sir-asrorga begonadirsan!
Sh a y x M a r v o n (bir qadam ilgari yurib) – Shayx!
Sh a y x S a n ’ o n – Daf bo‘l, nari ket… Johil, benavo!
P o p – Bu qanday dahshatli holdir, yo Xudo?!
Sh a y x S a n ’ o n (Xumorga) – So‘yla, amring nedur?
X u m o r – Bo‘lsaydim xalos!
Sh a y x S a n ’ o n (ortdagi daryoni ko‘rsatib)
– Bir najot yo‘li shu – o‘pqondir, xolos.
P l a t o n (sarosimaga va hayajon bilan)
– Xudoyim!… Qo‘ymanglar…
X u m o r (Shayx San’onga)– Bo‘ldi, qochamiz…
Sh a y x S a n ’ o n (daryo tomon boqib)
– Uchamiz, yur, Haqqa peshvoz uchamiz!
P l a t o n – Oh, Xumor!
X u m o r – Alvido!..
Sh a y x S a n ’ o n – Yo Olloh!

Har ikkalasi qo‘l ushlashib daryoga otiladilar.

G u r j i l a r – Ketdilar…
Sh a y x v a m u r i d l a r – Uchdilar…
P l a t o n – Xudoyim, e-voh!…
(deya beixtiyor daryoga otilmoqchi bo‘ladi, O‘g‘uz monelik qiladi)
P o p (g‘azab bilan) – Platon!
P l a t o n – Oh!.. Ketdi…
P o p (sovuqqonlik bilan) – Qo‘yaver, bo‘tam!
P l a t o n (devonavor bir holda) – Bariga sen sabab… Razil, muttaham!
(xanjar bilan popga hujum qiladi, gurjilar uni tutib qolishadi)
Sh a y x H o d i (daryo tomonga qarab)
– Boraylik, topilgay balki bir najot!
Sh a y x l a r
v a m u r i d l a r – Yuringlar…
G u r j i l a r – Bizlar ham boraylik!..
P l a t o n – Hayhot!..

Parda

ILOVA

Oydin bir may kechasi. Kurdan bir oz chekkadagi yam-yashil gullarga ko‘milgan tog‘ kamari.
Shayx San’on Xumorni qo‘llarida ko‘tarib olgan bir holda og‘ir nafaslar olib, horg‘in qadamlar bilan tog‘ tepasiga chiqmoqchi bo‘ladi, biroq yurishga majoli yo‘qligidan Xumorning jonsiz, harakatsiz jasadini yerga qo‘yadi va boshini tizzasiga olib, to‘zg‘igan sochlarini silay boshlaydi.

Sh a y x S a n ’ o n – Ruhim!.. Ey g‘unchayi bahorim, Xumor!
Nozanin dilbarim, Xumorim, Xumor!
Sen nechun bunchalar jim bo‘lib qolding?
Ne mushkul bir yerda uyquga tolding?
(chuqur bir hayrat va joziba bilan)
Buncha jozib, buncha nozik, inja nur,
Yo Xudo! Buncha shirin uxlab yotur!
(qo‘llarini o‘pib)
Xumor, bu sukutni ilohiy bilib,
Malaklar kelgaydir ta’zimlar qilib.
Husni ishq xudosi, Xalloqi olam
Seni muqaddas deb bilgay, malikam.
(sochlarini silab)
Uxla, ey sen muqaddas gulniholim!
Uxla, ey nozanda iffat misolim!
Uxla, ey sen yori jonim, uxlagin,
Uxla, ey sen mehribonim, uxlagin!..
Sh a y x H o d i (jadal kirib kelar ekan)
– Ketaylik, tur endi, ketaylik, Shayxim.
Sh a y x S a n ’ o n (majnunona)
– Nelar demoqdasan?.. Sen kim o‘zi, kim?..
Sh a y x H o d i – Seni o‘ldirgali kelur johillar,
Ketaylik, o‘zga bir chora yo‘q magar.
Sh a y x S a n ’ o n – Telbamisan? Qayga ketamiz, jonim,
Bunda uxlab yotsa jonu jahonim!

Shayx Hodi yanada yaqin kelib, Xumorning nabzini ushlab ko‘rmoqchi bo‘ladi. Shayx San’on unga bir qattiq shapaloq tortar ekan, g‘azab bilan.
– Sen unga qo‘lingni tekkizma zinhor,
Xoinsan, sotqinsan, olchoq, nobakor!
Sh a y x H o d i – Shayxim, o‘jarliging behuda, bekor,
Olis-olislarga ketmishdir Xumor.
Senga begonadir endi bu go‘zal,
Sizlarni ajratdi beshafqat ajal.
Sh a y x S a n ’ o n (devonavor) – Nelar demoqdasan? O‘lgaymi malak?
Sh a y x H o d i – Shayxim, og‘ir bo‘lgin…
Sh a y x S a n ’ o n (juda g‘azabli) – Xo‘sh, bu ne demak!?
Maqsading nimadir, so‘yla, ey inson!

Shu payt Shayx Marvon kelib yaqinlashmoqchi bo‘ladi.

Sh a y x H o d i (Shayx Marvonga) – Shoshma!..
Sh a y x S a n ’ o n – Yaqinlashma, ey sen, ko‘r shayton!
(har ikkisiga)
Bizni o‘ldirmoqmi sizlarning matlab?
Ketingiz… Ketingiz… Daf bo‘linglar, daf!

Har ikkalasi bir chekkaga chiqib turadi. Shayx Marvon xafa va g‘azablangan, Shayx Hodi afsuslangan va marhamatli nigohlar bilan Shayx San’onning ahvolini tomosha qilib turadilar.

– Uyg‘on endi, Xumor, uyg‘on, ketamiz,
Biz bu iflos dunyosin tark etamiz.
Har tomondan bostirib ag‘yor kelur,
Uyg‘on endi, ey Xumor, tur endi, tur!

(Xumorning qo‘llarini olib o‘padi, lekin bu qo‘llarni qo‘yib yuborganida ularda hayotdan asar yo‘qligini payqab ahvoli o‘zgaradi, takror yuz-ko‘zini, sochlarini o‘pib, silar ekan, o‘zini yo‘qotib, sarosimaga tushgan bir holda.)
– Bizga-ku dushman erur jumla olam,
Shafqat ayla, ey Xumor, qilma sitam.
(Bir oz majnunona va telbavor boqib turadi, so‘ng shiddatli, biroq qo‘rqinchli bir qahqaha bilan)
Ochilib kelganda, oh, baxtim mening,
Qaydadir, ey bevafo, ahding sening?
Meni tashlab ketma, mohimdir o‘zing,
Dunyoda yolg‘iz panohimdir o‘zing.
(yana zaharxandalik bilan)
Oh, bu sukutingda qandoq ma’no bor,
Mendan ranjidingmi, azizim Xumor?!
Gunohdir, ko‘zlarni yoshlab ketmaslar,
Yo‘lda yo‘ldoshlarni tashlab ketmaslar.
(o‘zgargan bir ohangda)
Yo‘q-yo‘q, qocholmassan, yig‘lab-bo‘zlarman,
Men seni darbadar bo‘lib izlarman.
(bir oz majnunona boqishlar bilan Xumorga qarab turadi, so‘ngra dovdirab qolib, qayg‘uli bir ohangda)
Turgil, uyg‘on, dilbarim, turgil, uyg‘on, ketamiz,
Shafqat ayla, ey Xumorim, tur endi, jonon, ketamiz!
(Xumorni turg‘azmoqchi bo‘ladi, biroq ruhsiz va jonsiz bir jasad ekanligini anglagach, ma’yus va telbavor bir holda osmonlarga qarab)
Marhamating yo‘qmi? Aytgil, Subhonim,
Adolating qani!?
(Xumorga)
Xumorim, jonim!..
(Iztirobli va chuqur ohlar chekib goh ko‘kka, goh Xumorga boqadi. So‘ng majnunona bir qiyofada, iztirob ichida ham kulmoqchi, ham yig‘lamoqchi bo‘ladi, lekin hech biri qo‘lidan kelmaydi. Ko‘zlari o‘t sochgan holda Shayx Hodi va Shayx Marvonga hujum qilmoqchi bo‘ladi. Qo‘qqisdan qayrilib Xumorga boqadi, ilohiy bir sarxushlik bilan yarim ovozda “oh!” deya yiqilib tushadi)
Sh a y x H o d i – Ketdi… Ketdi… Shayx San’on yo‘q endi,
So‘ndi… E-voh… Hikmat shu’lasi so‘ndi.
Sh a y x M a r v o n (soxta bir sarosimada)
– Ehtimol, bordir biror chora-najot…
Sh a y x H o d i – Hech bezovta bo‘lma, chora yo‘q, hayhot!
So‘ng dam Xumor uni qo‘ymadi yolg‘iz,
U qandoq yashasin axir Xumorsiz?
Oy quyoshdan hech qachon bo‘lmas judo,
Gar quyosh bo‘lmasa, oy sochmas ziyo.
Sh a y x l a r
v a m u r i d l a r (kirib keladilar, alohida bir ohangda)
– Na mudhish saodat! Na dilbar falokat!
Uyg‘on, tur! Uyg‘on, ey asiri muhabbat!
Uyg‘on, Shayx! Uyg‘on, ey sohibi karomat!
Bekordir bu rohat, bu istirohat!
Uyg‘on, Shayx, uyg‘on, Shayx, uyg‘on, Shayx
San’on,
Uyg‘on bu g‘aflatdan, ey piri urfon!
G u r j i l a r (kirib kelishar ekan, alohida ohang bilan shayxlarga)
– Ne bo‘ldi, aytgin, ey bashar,
Nedur bu holi purfig‘on?
Bu lavha nuri g‘am sochar,
Nedur bu xobi noz, omon?
(Xumorga)
Uyg‘on, e guli navbahor!
Uyg‘ongil, ey ofotijon!
Uyg‘on, Xumor, uyg‘on, Xumor,
Uyg‘on, uyg‘on, Xumor, uyg‘on!
Sh a y x l a r
v a m u r i d l a r – Qovushding, ulug‘ Shayx, dilbar Xumora!
Falak rahm etmadi… Ammo na chora.
Bahor ummidingga fasli xazon keldi,
Yoru ag‘yorga vido bir zamon keldi.
Uyg‘on, Shayx, uyg‘on, Shayx, uyg‘on, Shayx
San’on,
Uyg‘on bu g‘aflatdan, ey piri urfon!..
G u r j i l a r – Xumor, ko‘z och, go‘zal malak!
Bu na bo‘lakcha holating!
So‘ldi go‘yoki bir chechak –
Tarovating, latofating.
Visolga yetmading, demak,
Ko‘ngilda qoldi hasrating…
Uyg‘on, Xumor, uyg‘on, Xumor,
Uyg‘on, uyg‘on, Xumor, uyg‘on!
D a r v i sh (tog‘ning tepasidan tushib kelar ekan, istehzoli qahqahalar bilan) – Shayx qayda, yo Xumor qaydadir, hayhot!
Xudoyim, buncha ham johil odamzot!?
Bilmayman, ne uchun bu faryod, bu zor?
(jasadlarni ko‘rsatib)
Bularning tuproqdan nima farqi bor?
M u r i d l a r (Darvishga) – Darding bor, shekilli, aylagin ayon!
G u r j i l a r – Ne demak istarsan? Bizga et bayon!

Barcha juda katta qiziqsinish bilan jasadlarning atrofini o‘rab oladi.

D a r v i sh (barchaga) – Ajab, men nima dey? Haamangiz faqat
Dunyoda kezingan jonli bir jasad.
Shayx San’on Xumorni izlab jonhalak,
Ko‘kda kezib yurar misli bir malak.
Sizda yo‘q vahmi Xudo, dahshat yo‘q,
Fikru idrok yo‘qdir, basirat yo‘q.
Kimki ko‘r tutmas esa vijdonni,
Ko‘rgay ul Xumor ila San’onni.

Bu gaplardan so‘ng hamma sarosimaga tushib qoladi. Darvish o‘ng qo‘li bilan ufqlarni ko‘rsatib.
– Qarang, arsh-a’loga ketur beg‘ubor
Buyuk Shayx San’onu nozanin Xumor!

Hamma diqqat-e’tibor bilan ufqlarga tikiladi. Shayx Hodi bilan Shayx Sadro g‘amgin, Darvish esa mag‘rur va louboli bir vaziyatga kiradi.

Sh a y x M a r v o n – Bari yolg‘on… Barchasi bir mavhumot…
Sh a y x N a i m – Barchasi bema’ni yolg‘ondir…
D a r v i sh – Hayhot!
Kimningki ko‘r bo‘lsa agar vijdoni,
Idrok etolmas ul nuri Yazdonni.

Shu payt sahnaning shu’lasi so‘nadi, orqadagi ikkinchi parda ochiladi. Xumor bilan Shayx San’onning qo‘l ushlashib bulutlar ichida uchib yurganlari namoyon bo‘ladi.

D a r v i sh (qayta ko‘rsatib) – Qaranglar!..
G u r j i l a r (tasdiq bilan) – O‘shalar, yo Parvardigor!..
M u r i d l a r – Shayx uchib yuribdi!..
G u r j i l a r – Uchmoqda Xumor!
D a r v i sh – Malakdek uchmoqda ikkisi ma’sum.
B a r ch a – Uchar!.. Yuzlarida go‘zal tabassum.
D a r v i sh – Yo Xudoyim, bunchalar jozib ular,
Ko‘kdagi yulduz izin yozib ular.
G‘aybga ketmoq istayurlar, g‘aybga…
B a r ch a – Oh!..

Shu payt pop kirib keladi va sarosimaga tushgan holda qarab turadi.

M u r i d l a r – G‘aybga ketdi ikki gavhar, g‘aybga…
G u r j i l a r – E-voh!..
D a r v i sh – Ikkisin oldi og‘ushga malakut,
Ey olam, saqla sukut!.. Saqla sukut!..

Yuqoridagi parda bekilib, sahna tag‘in yorishadi.

P o p (ilgari chiqib, yo‘g‘on va keskin ovoz bilan, o‘ziga xos ohangda barchaga) – Ey siz ojiz, bechoralar!
Aldanmangiz har kohinga.
Ey yuraksiz ovoralar,
Aldanmangiz har xoinga!
Aldanmangiz, aldanmangiz!
Afsunchidir, devonadir.
Aldanmangiz, aldanmangiz!
Aytganlari afsonadir!
B a r ch a (Popga) – Sen bexabarsan, shubhasiz,
Qalbingda yuz ming shubha bor.
Ko‘rdik faqat biz barchamiz,
G‘ayb bo‘ldilar, g‘ayb bo‘ldilar.
Muqaddasdir chindan, inon,
Ham Shayx San’on hamda Xumor.
Yo‘l oldilar jannat tomon,
G‘ayb bo‘ldilar, g‘ayb bo‘ldilar!
P o p (g‘azab bilan) – Gumroh insonlarga magar
Jannatda yo‘q aslo makon.
Aldanmangiz, aldanmangiz,
Uchmoq yolg‘on, ko‘chmoq yolg‘on!..
Aldanmangiz, devonalar!
Ucholmaydi ahli bashar.
Ular axir bebolu par
Osmonlarga qandoq uchar?..
B a r ch a (olis ufqlarga ishorat qilib)
– Yuksaldilar Iso kabi,
Qayg‘ulardan qutuldilar.
Ruhoshino ro‘yo kabi
G‘ayb bo‘ldilar, g‘ayb bo‘ldilar!
Yuksaldilar, yuksaldilar,
Jannatda rohat qildilar.
Yuksaldilar, yuksaldilar,
G‘ayb bo‘ldilar, g‘ayb bo‘ldilar.

Ozarbayjon tilidan Usmon Qo‘chqor tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2012 yil, 10-11-sonlar