Branislav Nushich. Unvon kerakdir yigitga (4 pardali komediya)

QATNAShUVChILAR:

Jivota Sviyovich
Mara – uning xotini
Milorad, Slavka – ularning farzandlari
Blagoye – Maraning akasi
Spasoyevich xonim, Protich xonim – 9-etimxona
boshqarmasi Kengashining a’zolari
Velimir Pavlovich – Miloradning o‘rtog‘i
D-r Rayser
Nikolich – Sviyovich mahkamasining xizmatchisi
Soyka
Sima – Soykaning eri
Draga xonim
Klara
Pepik
Guldastali qiz
O‘qituvchi
Maritsa – Sviyovichlar oqsochi
Pikkalo

Voqea Belgradda Sviyovichlar xonadonida bo‘lib o‘tadi.

BIRINChI PARDA

Jivota Sviyovich kabineti. Stol, temir shkaf, ikki telefon – biri ichki. Devorga jimjimador ramka osig‘liq bo‘lib, unga falsafa doktori diplomi solib qo‘yilgan, diplomga dumaloq qutichaga solingan katta muhr lenta bilan bog‘langan.

1

J i v o t a (ochiq shkafdan pul oladi, so‘ng stolda yotgan to‘lov qog‘oziga qarab har biri ming dinordan bo‘lgan uchta bank bileti va mayda pullarni sanaydi). Mana olgin-u, borib direktoringga ayt, bugundan e’tiboran hech qanaqa to‘lov qog‘ozini tan olmayman.
P i k k a l o (pullarni olib). Xo‘p bo‘ladi!
J i v o t a. Xuddi shunday deb ayt: “Janob Jivota to‘lov qog‘ozini tan olmas ekan, to‘lamas ekan ham”.
P i k k a l o. Xizmatingizga tayyorman! (Chiqadi.)

2

J i v o t a (to‘lov qog‘ozlarini tutamlab, eshikka yaqin borib). Maritsa, Maritsa!
M a r i ts a (kirib, nim sukutdan so‘ng). Labbay.
J i v o t a. Milorad uydami?
M a r i ts a. O‘g‘lingiz, janob, hali uyquda.
J i v o t a. Uyquda?.. (Soatiga qaraydi.) Chorak kam o‘n bir.
M a r i ts a. Janob o‘g‘il kechasi qaytdilar, juda kech.
J i v o t a. Shunday degin-a?.. Bor, Maritsa, janob o‘g‘ilni uyg‘otib, unga janob ota chaqirayapti deb ayt.
M a r i ts a. Men qo‘rqaman… Janob Miloradda shunday bir odat bor, kimki uni uyg‘otsa, etikmi, shamdonmi – qo‘liga ilingan narsani irg‘itadi.
J i v o t a. Nahotki? Yaxshi odat ekan!.. Unday bo‘lsa bekang Marani chaqir.
M a r i ts a. Xo‘p bo‘ladi! (Chiqadi.)
M a r a (so‘ldan kiradi). Oqsoch qiz aytdi, meni chaqiribsanmi?
J i v o t a. Yosh xo‘jayin hamon uyqudami?
M a r a. Bolakay uxlayapti, nima bo‘pti uxlasa…
J i v o t a. Nima? Hech nima… bolakay uxlayapti, otasi bo‘lsa uning qarzlarini to‘layapti.
M a r a. Qanday qarz?
J i v o t a. Qanday? Mana, qara! (Unga schyotlarni ko‘rsatadi.) Uch ming to‘rt yuz yigirma uch dinor! Bilasanmi nimaga sarf qilingan bu pullar? Mana eshit: uch marta kechki ovqat xos xonalarda! Sen qachon bo‘lmasin xos xonada ovqatlanganmisan?
M a r a. Nahotki sen…
J i v o t a. Men emas!.. U ovqatlangan. Sen bir qaragin-a, kechki dasturxonini nimalar bilan bezabdi: shampanskoye, likyor, kokteyl, shampanskoye uchun – ikki ming uch yuz dinor, likyor uchun – o‘n ikki dinor, kokteyl uchun – uch yuz dinor! Ko‘rdingmi, sen esa hech qachon kokteyldan tatib ko‘rganing yo‘q va hatto bilmaysan ham – u limonadmi yoki pirojenoye.
M a r a. Eh, g‘alati zamon bo‘ldi. Yigitcha do‘stlari bilan…
J i v o t a. Do‘stlari bilan bo‘lsa koshkiydi, yo‘q. Tanish qizlari bilan bo‘lgandayam bir navi edi. Tanishlar bilan emas, yallachi qumrilar bilan bo‘lgan!
M a r a. Qanaqa qumrilar. Bolakayni kimdir yo‘ldan urgan ko‘rinadi, qumrilar emish!
J i v o t a. Bunisi ham mayli, oynalarni sindirganiga balo bormi?
M a r a. Yo xudo, qanaqa oynalar?
J i v o t a. Oynalar!.. Singan oynalar uchun men yetti yuz oltmish dinor to‘ladim. Bir o‘zi sindirgan bo‘lsayam go‘rgaydi-ya, biroq qumrilar-chi! Oynani qumrilar sindirsin-u, to‘laydigan men. Hammadan ham shunisi alam qiladi!
M a r a. Qumrilaring nimasi?! Nima bo‘ldi o‘zi?
J i v o t a. Uch ming to‘rt yuz yigirma uch dinor to‘ladim – mana nima bo‘ldi. Xo‘p, mayli qumrilar ham bo‘lsin deylik. Biroq oynalarni sindirishning nima keragi bor edi?
M a r a (xo‘rsinib). Yoshlik – beboshlik!
J i v o t a. Yoshlik? Qanaqa yoshlik? Sen yoshligingda oyna sindirganmiding? Yo‘q! Men ham sindirmaganman. Axir biz ham yosh bo‘lganmiz-ku. Tushgacha uxlaydi – yoshlik, takasaltang – yoshlik, oyna sindiradi – yoshlik, qarz oladi – yoshlik. Bir marta yoshlik qilgandayam mayliydi, axir uch kun oldin ham (g‘aladondan daftarini olib) bir ming yetti yuz dinor to‘lagan edim!.. O‘tgan oy xuddi shunaqa “yoshlik” uchun – to‘qqiz ming oltmish dinor! Bunaqa “yoshlik”lar qachongacha davom etadi axir!
M a r a. Menga nima? Sen o‘yla, otasan.
J i v o t a. Ota!.. Ota!.. Biroq men qarzlarni to‘lash uchungina otaman! Schyotlarga imzo chekishiga bir qara, moliya palatasidagi kontrolyorday. “Janob falonchi – to‘lasin!..” E yo‘q, azizam, endi bunday davom etishi mumkin emas!.. Bunga chek qo‘yish kerak!
M a r a. To‘lama, vassalom.
J i v o t a. To‘lama?! To‘lash menga xush yoqadi deb o‘ylaysan, shekilli? Nima qilay, obro‘yini saqlashim kerak, unikini bo‘lmasa ham dip­lomning obro‘yini saqlashim kerak. Falsafa doktori axir! Tasavvur qilgina, falsafa doktorini qarzini to‘lamagani uchun qahvaxonadan haydab chiqarsalar nima bo‘ladi!
M a r a. Bilmadim, uni falsafa doktori qilishning nima hojati bor edi?
J i v o t a. Nima hojati bor?! Uning foydasini ko‘zlab shu ishni qildim. Diplomsiz hozir qayerga bosh suqib bo‘ladi? Falsafa bir nimaga arzigani uchunmas, men uni bir chaqaga ham olmayman: yaxshi odam pulni quruq safsatabozlikka sarf qilmaydi. Tushunsang-chi, falsafa bilan ishim yo‘q, biroq men o‘g‘limning ismi oldida “D-r!..” turishini istayman.
M a r a. Axir unga “d-r”ning nima keragi bor?
J i v o t a. Nega keragi bo‘lmas ekan?.. Dumsiz tovus tovus bo‘larmidi? Hech kim unga qaramasdi. Tovusni qo‘yib turaylik, mana, masalan, meni ol! Ishladim, urush, u-bu qildim – boyidim. Nima zarur bo‘lsa, hammasi bor. Odamlar meni hurmat qilishadi, hurmat qilishmaydi demayman! Lekin agar nomimning oldida biron-bir “d-r” turgan bo‘lganida bormi, ana unda ko‘rarding!..
M a r a. Senga hali “d-r” ham kerakmi?
J i v o t a. Menga kerak deyayotganim yo‘q. Men qilarimni qilib bo‘ldim. Unga kerak! Yoshlarga hozir oson deb o‘ylaysanmi? O‘qishga uquvi bo‘lgandayam boshqa gap edi, biroq sinfdan sinfga qanday sudralib o‘tganini o‘zing bilasan-ku. Menga bu arzonga tushganmidi?
M a r a. Xo‘p, bo‘pti, o‘tgan ishga salovat – bola ulg‘aydi. Ko‘pam enagalik qilaverma.
J i v o t a. Ulg‘aydi, xo‘sh, ulg‘aygan bo‘lsa, nima bo‘pti? Hozir aql emas, unvonlar eshik ochadi!
M a r a. Ilmga ishtiyoqi yo‘q! Falsafaga yaroqsizman, mendan doktor chiqarmidi, deydi.
J i v o t a. Nega endi faylasuf bo‘lmas ekan? Nega endi?.. Hozirgi kunda musiqadan, moliyadan, yana nima balolardan doktor bo‘lganlar ozmi? Ulardan zig‘ircha foyda yo‘q. Biroq darajalari bor, shuning o‘zi kifoya.
M a r a. Axir behi nimada o‘sishini bilmagan odam qanday qilib falsafa doktori bo‘la oladi?
J i v o t a. Nima, faylasuf bo‘lish uchun nimanidir bilish kerakmi? Kim haqiqiy faylasuf bo‘lsa, u diplomsiz ham faylasuf.
M a r a. Shundayku-ya, lekin bu boshqa falsafa. Falsafa doktori esa butunlay boshqa gap.
J i v o t a. Boshqa gap!.. Unda bori faqat doktorlik diplomi xolos, imtihonlarni esa uning uchun mana bu kassadan men topshirdim.

4

N i k o l i ch (kirib). Kechirasiz, telegramma.
J i v o t a. Qayerdan?
N i k o l i ch. Chet eldan.
J i v o t a. Budapeshtdanmi?
N i k o l i ch. Yo‘q. Telegramma o‘g‘lingizga.
J i v o t a (Maraga). Mana ko‘rasan, yana bironta schyot bo‘lsa kerak. (Nikolichga.) Oching, u uchun men o‘qiy qolaman.
M a r a. Bolakay xafa bo‘lmasmikan?
J i v o t a. Xafa bo‘lmasmikan!.. Axir men to‘layman-ku. (Nikolichga.) Och!
N i k o l i ch (telegrammani ochib qaraydi). Shveytsariyadan, Freyburg shahridan.
J i v o t a. Freyburgdan? Kimdan ekan?
N i k o l i ch. Professor, d-r Rayserdan.
J i v o t a. Kimligini Xudo biladi.
N i k o l i ch (oldin ichida, so‘ng ovoz chiqarib o‘qiydi). “Afinaga safarga chiqdim, birinchi ekspress bilan Belgrad orqali o‘taman. Poytaxtingizda bir-ikki kun to‘xtab o‘tish haqidagi taklifingizni qabul qilaman”.
J i v o t a. Ana xalos, endi mehmon taklif etibdi… (Maraga.) Borib uyg‘ot uni, hoziroq bu yerga kelsin.
(Mara chiqadi.)

5

J i v o t a. Birjaga kimdir ketdimi?
N i k o l i ch. Janob Danch.
J i v o t a. “Ador A.D.” firmasiga eslatib qo‘yinglar, bugun ikkinchi kun kurs pastga tushayapti.
N i k o l i ch. Men allaqachon eslatdim.
J i v o t a. Yana nimaydi… hech nima, men hozir tushaman.
(Nikolich chiqadi.)

6

(Milorad kiradi, uyquga to‘ymagan, ustida ipak pijama. Uning ortidan Mara kiradi.)
J i v o t a. Xo‘sh, uyg‘ondingmi?
M i l o r a d. Ha.
J i v o t a. Senga telegramma.
M i l o r a d. Meni shu uchun uyg‘otdinglarmi?
J i v o t a. Men qaydan bilay, balki bu sen uchun juda muhimdir. Qandaydir professor Rayser telegramma yuboribdi.
M i l o r a d. Bu ismni birinchi eshitishim.
J i v o t a. Axir u sening taklifingga javob berayapti-ku!..
M i l o r a d. Mening taklifimga?.. Telegramma Freyburgdan emasmi?
J i v o t a. Ha!
M i l o r a d. U holda nega hayron bo‘lasiz?.. Velimiringizni chaqiring, bu telegramma unga.
J i v o t a (esiga tushib). Ha-ya, to‘g‘ri!.. Xayolimga kelmaganini qara.
M a r a. Ana ko‘rdingmi, sen bo‘lsang bolaga o‘shqirib yuribsan.
J i v o t a (ichki telefon go‘shagini olib). Bu sizmi, janob Nikolich? Xizmatkorni Negosha ko‘chasiga yuboring, uy nomeri 37, ikkinchi qavat… u biladi, borib yurgan… Velimir Pavlovichni, haligi mening oldimga tez-tez kelib turadigan yigitni topsin. Hoziroq chaqirib kelsin. (Go‘shakni qo‘yadi.)
M i l o r a d (ketmoqchi bo‘ladi). Nimagayam meni uyg‘otishdi?!
J i v o t a. Shoshma, men sen bilan gaplashmoqchiman… Xo‘p, aytaylik, telegramma senga emas, biroq mana bularni ham menga emas, deyolmassan. (Schyotlarni beradi. Milorad ularni ko‘rib chiqadi.) Uch ming to‘rt yuz yigirma uch dinor!.. Agar kechasi bilan ichib, oynalarni sindirmaganingda, shunchaga tushmasding.
M i l o r a d. Vo ajab, mana bu mo‘jizani qarang!
J i v o t a. Mana bu mo‘jizani qarang!.. Bu sening imzongmi?
M i l o r a d. Meniki.
J i v o t a. D-r Milorad Sviyovich!.. Nahotki men seni mayxona schyotlariga imzo chekish uchun doktor qilgan bo‘lsam-a?
M i l o r a d. Boshqa nimaga qo‘l qo‘yay bo‘lmasa?..
J i v o t a. Doktorga, tag‘in falsafa doktoriga mayxona schyotlariga imzo chekish yarashadimi axir?
M i l o r a d. Doktorlargina mayxonalarni ta’minlab turishadi-da, senga o‘xshaganlarni kutib o‘tirsa bormi…
J i v o t a. Bas qil! (Maraga.) Eshitayapsanmi? Axir sen uncha-muncha doktormas, falsafa doktorisan, buni tushunasanmi o‘zing?
M i l o r a d. Nimasini tushunay?.. Imzo chekishga haqqim bo‘lmasa, doktorlik unvoningizni boshimga uramanmi?
J i v o t a. Boshingga urasanmi? Seni odam bo‘lsin deymiz, tushundingmi? Men mana bu quruq ramka uchun pul sarf qilganim yo‘q-ku.
M i l o r a d. Diplomlaring bilan menga nuqul noxushlik keltirayapsizlar. Bunday qilma, unday qilma!..
M a r a. Bolakay haq gapni aytdi. Qandaydir bir “d-r”ni deb yashamasinmi?
J i v o t a. Himoya qil-a! Himoya!.. “Bolakay”mish?.. Mana shu bolakay 3700 dinorli oynalarni yamlamay yutdi. Diplom ham xalaqit bermabdi.
M i l o r a d. Bu o‘rinda, balki xalaqit bermagandir. Biroq siz meni noqulay ahvolga solib qo‘yayotganingiz xalaqit berayapti.
J i v o t a. Biz uni noqulay ahvolga solib qo‘yibmiz! U qumrilar bilan yallo qilib yuribdi-yu, biz uni noqulay ahvolga solib qo‘yibmiz!
M i l o r a d. Qumrilar o‘z yo‘liga. Ularni deb hech kim mening ustimdan kulmaydi. Boshqa gap bor. Siz Velimirga mening nomimdan “Tasavvurning dinamik mexanizmi…” degan maqola chiqarish uchun pul berdingiz. Yaqinda ko‘chada meni professor Radoslavlevich ko‘rib tabrikladi: “A’lo, a’lo, faqat o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, siz, asosan Freyd Adler nazariyasiga tayangansiz”. Men unga “Tayandim”, deb javob berdim. Boshqa nima ham deya olardim? Nimaga tayanganimni men qayerdan bilay? Ayting-chi, bu hammasi nega kerak?
J i v o t a. Nega? Menda rejalar bor, qimmatli o‘g‘ilginam! Har kimning o‘z rejasi bo‘lishi shart, hamisha nimagadir intilish kerak. Sen, masalan…
M i l o r a d. Men, masalan, hech nimaga intilmayman.
J i v o t a (Maraga). Eshityapsanmi? Nahotki, o‘g‘ilginam, senda hech qanday maqsad bo‘lmasa?
M i l o r a d. Bor – merosga ega bo‘lish!
J i v o t a. Eshitayapsanmi, qanday maqsadni ko‘zlaganini?.. Ko‘zim uchib turuvdi. Yo‘q, seni odam qilaman, o‘z xohishing bilan bo‘lmasang, majbur qilaman. Mening rejalarim bor!
M i l o r a d. Rejalar? Senga bitta “d-r” kamlik qildimi?
J i v o t a. Bu hali boshlanishi. Sen bir yil ichida universitet dotsenti bo‘lishing kerak.
M a r a. Xo‘p, mayli, o‘g‘lim, bu yaxshi!
M i l o r a d. Qanaqa dotsent? Universitet dotsenti! Manavi diplom senga kamlik qiladimi?
J i v o t a. Diplom – bu hali hech gapmas, allaqanday telba ham dip­lomli bo‘lishi mumkin.
M i l o r a d. Har qalay, ma’ruza o‘qishga yubormassan? Ikki og‘iz so‘zni bir-biriga ulay olmayman-u, ma’ruza o‘qishning uddasidan chiqarmidim!..
J i v o t a. Dotsentlik senga lektsiya o‘qish uchun emas, oliy nasab kishilarning davrasiga qo‘shilish uchun kerak. Men seni premer-ministrga kuyov qilaman. Shu maqsadda senga diplom sotib olib bergandim, endi tushundingmi?
M i l o r a d. Ehtimol.
M a r a. Bolaginam, Milcho, otangga quloq sol!
M i l o r a d. Ehtimol… (Kuladi.)
J i v o t a. Nimaga kulayapsan?
M i l o r a d. Axir premer-ministrning qizi yo‘q-ku!
J i v o t a. Yo‘q bo‘lsa – hozir yo‘qdir. Shunga nima bo‘pti. Bir-ikki yilda uchta premer almashadi. Shularning orasida qizi bori ham chiqib qolar.
M i l o r a d. Dada, o‘tinib so‘rayman, rejalaringga aralashtirmay, meni tinch qo‘y. Mendan qanaqasiga universitet dotsenti chiqsin? O‘zing yaxshi bilasanki, men hech qachon falsafa doktori bo‘lmaganman, bo‘lmayman ham.
J i v o t a. Nima uchun?
M i l o r a d. Shuning uchunki, men olim bo‘lish uchun tug‘ilmaganman!
J i v o t a. Tug‘ilmagansan?.. Nima, hamma doktorlar olim bo‘ptimi! Agar sen odamlar onadan biri – general, ikkinchisi – hokim, uchinchisi – qozi bo‘lib tayyorgina tug‘iladi deb o‘ylasang, yanglishasan. Aksincha! Fonuschi bo‘lib tug‘ilgan professor bo‘lishi, traktorchi – rassom bo‘lishi, balerina bo‘lib tug‘ilgan arximandrit, qaroqchining o‘g‘li ministr bo‘lishi mumkin! Mana hayotda nimalar bo‘lishi mumkin, janob.
M i l o r a d. Shunday bo‘lsa bordir, biroq menga qolsa, yaxshisi, rejalaringga meni aralashtirmaganing ma’qul!
J i v o t a. Rejalaringga aralashtirma-yu, qarzlarimni to‘layver, shundaymi?

7

M a r i ts a (kirib). Janob Jivota, sizni ikkita xonim kutayapti.
J i v o t a (Maraga). Sening qarindoshlaring bo‘lsa kerak. Bor, ular bilan o‘zing shug‘ullan.
M a r a. Bilmasam…
M a r i ts a. Yo‘q, ular janob Sviyovichni ko‘rishmoqchi.
J i v o t a. U holda xonimlar mana bu janobga kelishgan (Miloradni ko‘rsatadi).
M i l o r a d. Xonimlar meni uyga qidirib kelishmaydi.
J i v o t a. Bilaman, seni ular oynalarni sindirish mumkin bo‘lgan joylardan topishadi!.. Balki yana biron-bir schyot olib kelishgandir!
M i l o r a d (achchiqlanib). Ularning bu yerda qiladigan ishlari yo‘q! (Chiqadi.)
M a r a. Menga qara, Jivota, sen oshirib yuborayapsan, yaxshi emas! Bunchalar bag‘ritosh bo‘lmasang. (Chiqadi.)
J i v o t a. Bor, bor, ovut uni, agar shunchalar rahming kelayotgan bo‘lsa. (Maritsaga.) Xonimlar kira qolsin.
(Maritsa chiqadi.)

8

P r o t i ch va S p a s o ye v i ch (kirib). Biz, janob Sviyovich, 9-etimxona boshqarmasi kengashining a’zolarimiz. Mazkur yetimxona…
J i v o t a. Pardon, marhamat qilib o‘tirsinlar!
X o n i m l a r. Biz, hurmatli janob, 9-etimxona boshqarmasi kengashining a’zolarimiz. Boshqarmamiz mamlakatimizdagi boshqa muhim muassasalar singari, hech qanday mablag‘ga ega emas va faqat ixtiyoriy xayr-ehsonlar hisobiga yashab keladi.
J i v o t a. Men sizdan so‘rardimki… Menda nima ishingiz bor o‘zi, hech tushunolmayapman.
P r o t i ch. To‘xtang, Spasoyevich xonim, ruxsatingiz bilan men tushuntirsam.
S p a s o ye v i ch. Marhamat.
P r o t i ch. Saxovatli hazrat, biz 9-etimxona boshqarmasi kengashining a’zolari… bu shunday bir muhim muassasaki…
S p a s o ye v i ch (uning so‘zini bo‘lib). …mutlaqo o‘z mablag‘iga ega emas.
P r o t i ch. …va faqat ixtiyoriy xayr-ehsonlar hisobiga yashab keladi…
S p a s o ye v i ch. Siz eng hurmatli, saxiy qalb fuqaro sifatida…
J i v o t a. Tushundim, siz ixtiyoriy xayr-ehson uchun kelgansiz… Faqat sizga shuni aytishga ijozat bersangiz: bunaqa ixtiyoriy xayr-ehsonlardan butunlay gangib qoldim. Birovlar yetimxonaga yordam so‘rasa, boshqalar ishratxonaga yordam so‘raydi, kimlardir buzilgan qizlar uchun yordam izlasa, boshqasi hali buzilmagan qizlar uchun ko‘mak so‘raydi. Hammasi alkash-chalkash bo‘lib ketdi…
X o n i m l a r. To‘g‘ri, biroq hozir gap o‘zining ko‘p yillik faoliyati davomida ijtimoiy haqiqat yo‘lida ko‘pgina yaxshi natijalarga erishgan, bir talay bechora bolakaylarni o‘z bag‘riga olgan, ularning ota-onalarini xotirjam qilgan, qanchadan-qancha baxtsiz onalarni tashvishdan qutqargan yagona bir muassasa ustida ketayapti.
J i v o t a. Ha, ha, tushunaman. Bosh tortayotganim yo‘q, qo‘limdan kelganicha yordam berarman… Biroq, chamamda, ixtiyoriy xayr-ehsonlardan foyda oz, kattaroq foydani ko‘zlash kerak. Aytaylik, birorta olimlarimizdan yetimxonangiz foydasiga ma’ruza qilib berishni iltimos qilinsa, yaxshi bo‘larmidi.
P r o t i ch. Bu unchalik osonmas, janob Sviyovich. Hozir ma’ruzalarni kimlar o‘qimaydi deysiz – pullik ham, bepul ham.
J i v o t a. Men sizga biron taniqli olim bo‘lsa deyapman.
S p a s o ye v i ch. Agar taniqli olim bo‘lsa, shunday qalam haqi talab qiladiki, to‘plagan pullarni unga berib, o‘zimiz tag‘in quruq qolaveramiz. Bu unchalik osonmas!
J i v o t a. Men sizga oson, deyayotganim yo‘q, biroq maqsadning ulug‘ligini qarang. Men kimdir topilishiga ishonaman. Mana, masalan, mening o‘g‘lim, falsafa doktori. Yosh, tirishqoq… mana katta ramkada uning diplomiyam turibdi. A’lo baholar bilan o‘qigan. Men bu haqda sira ham gapirmayman, chunki u mening o‘g‘lim, lekin, ishontirib aytamanki, u birinchi darajali faylasuflardan – buni hamma biladi. Tunlari mijja qoqmay faylasuflik qilib chiqadi. Bilmadim, uning dinamika haqidagi so‘nggi maqolasini o‘qidinglarmi, yo‘qmi. Bu – maqola emas, sensatsiya! Davlat universitetidagi professor Radoslavlevich shu kungacha xayratdan o‘ziga kelolmaydi. Men ham faylasufman, biroq Jivotaning o‘g‘li! – ana uni chinakam faylasuf desa bo‘ladi, deb yuribdi. Faqat uginamas, akademiklar, olimlar, arboblar, universitetlar, fakultetlar, dekanatlar, rektoratlar… hamma-hammasi hayratda! Bir-ikki kun ichida bir quchoq xat keldi… Mana oxirgi xat (schyotlarni ko‘rsatib), unda yozilishicha, olimni rag‘batlantirish uchun uch ming to‘rt yuz yigirma uch dinor to‘plashibdi…
X o n i m l a r. U rozi bo‘larmikan?
J i v o t a. U bir oz dag‘al va qiziqqon. Biroq bunday maqsad uchun… Faqat, iltimos, bu fikr mendan chiqqanini bilmasin.
P r o t i ch. Bo‘lmasam-chi!
S p a s o ye v i ch. Janob doktor shu yerdami?
J i v o t a. Shu yerda, ammo…
P r o t i ch. Unda hoziroq u bilan gaplashib ko‘rsak bo‘lmasmikan?
J i v o t a. Yo‘q, hozir u ilmga sho‘ng‘ib ketgan… Kecha tunda boshlaganicha hamon boshini ko‘targani yo‘q. Katta asar ustida ishlayapti, yana dinamika haqida bo‘lsa kerak. Ishlayotgan paytida xalaqit berishlarini yoqtirmaydi…
P r o t i ch. Nima maslahat berasiz bo‘lmasam? Nima qilaylik?
J i v o t a. Jamiyatingiz nomidan unga ma’ruza o‘qib berishini so‘rab bir enlik xat yozing.
X o n i m l a r. O, albatta, bajonidil!
J i v o t a. Menga kelganda (shkafdan pul olib), mana shu yuz dinorni qabul qilsangiz. Yaxshi kunlarda…
X o n i m l a r. Behad minnatdormiz!
J i v o t a. Minnatdorchilik shartmas. Men buni chin yurakdan berayapman, shu sababli minnatdorchilikning hojati yo‘q, deb o‘ylayman. Bu haqda gazetaga yozishingiz mumkin, men uchunmas, boshqalarga o‘rnak bo‘lsin deb.
X o n i m l a r. O, albatta, shunday qilamiz.
P r o t i ch. Demak, janob doktorga xat yozaylik?
J i v o t a. Ha, qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi.
S p a s o ye v i ch. Bugunoq yuboramiz.
J i v o t a. Darhol yozib yuboring, qolgan ishlarni o‘zim boplayman.
X o n i m l a r. Tashakkur sizga. Xayr! (Ketishadi.)
J i v o t a (ularni eshikkacha kuzatib). Xayr. Mana ko‘rasiz, ma’ruza sensatsiya bo‘ladi. Xayr.

9

J i v o t a (o‘z ishidan mamnun holda qo‘llarini ishqalaydi va ichki telefonda gaplashadi). Allo! Janob Nikolich! Nima? Nima? Janob Danch birjadan keldi? A? Nahotki? Unaqada katta zarar ko‘ramiz-ku!.. Bo‘ladi, bo‘lmaydi deyayotganim yo‘q, ammo… Janob Danch kutilmaganda aktsiyalarning pasayib ketishi haqida nima deydi? Ha, ha, hozir pastga tushaman… (Go‘shakni joyiga qo‘yib, so‘l tomondagi eshikka boradi.) Slavka! Slavka! (Kimgadir.) Seni emas. Slavka qayerda, uni chaqir! (Stol yoniga kelib, shkafni qulflaydi.)

10

S l a v k a (kirib). Dada, meni chaqirdingmi?
J i v o t a. Budapeshtdan gumashtam telefon qilishi kerak edi, mahkamada gaplashib bo‘lmaydi. Pastga tushishim zarur bo‘lib qoldi. Telefon oldida kutib tursang, qo‘ng‘iroq bo‘lishi bilan meni chaqirasan.
S l a v k a. Kitobimni olib chiqay bo‘lmasa.
J i v o t a. Olib chiq! (Uni o‘padi.) Sen mening eng aziz kotibamsan. (Chiqadi.)

11

(Slavka so‘l tomonga chiqishi bilan Velimir kirib, eshik yonida to‘xtab qoladi.)
S l a v k a (kitob olib qaytib chiqadi. Ajablanib). O!..
V ye l i m i r. Salom!
S l a v k a. Qanday shamol uchirdi?
V ye l i m i r. Otangiz chaqirtirdi.
S l a v k a. Bo‘lmasam-chi, aks holda biznikiga tashrif buyurish xayolingizga ham kelmasdi.
V ye l i m i r. Tan olaman, o‘zimni oqlashga asosim yo‘q.
S l a v k a. Demak, bu e’tiborsizlik emas, balki sovuqqonlik ekan-da.
V ye l i m i r. Noto‘g‘ri!
S l a v k a. Ilgari akamning maktabdosh o‘rtog‘i sifatida biznikiga dam-badam kelardingiz va men bilan do‘st edingiz. Loaqal bolalik xotiralari sizni xonadonimizga bog‘lashi kerak edi…
V ye l i m i r. Ishoning menga, o‘sha damlarni zo‘r quvonch bilan eslayman.
S l a v k a. Bilasizmi, men sizning bir oshiqona maktubingizni shu paytgacha saqlab kelaman. Men o‘shanda uchinchi sinfda, siz oltinchida edingiz.
V ye l i m i r. O‘tinib so‘rayman, saqlamang… uyalaman…
S l a v k a. Shunday deng? Sovuqqonligingizni endi tushunayapman. Siz menga sevgi izhor qilganingizdan uyalib yuribsiz.
V ye l i m i r. Yo‘g‘-ey, undoq emas. Kim bilsin, o‘sha xatda allaqancha grammatik xatolar bordir.
S l a v k a. Muhabbat hech qachon grammatika bilan hisoblashmaydi. Aksincha, grammatika qanchalik bo‘sh bo‘lsa, shunchalik hissiyot kuchli bo‘ladi. Biroq agar sizni shunchalik bezovta qilayotgan bo‘lsa, xatolarini tuzatishingiz uchun xatni sizga berib turishim mumkin.
V ye l i m i r. Bering, bering, xatolarini tuzataman.
S l a v k a. Balki siz undagi hissiyotlaringizni ham tuzatishni istab qolarsiz?
V ye l i m i r. Nega endi?
S l a v k a. Lekin… siz unga tuzatish kiritib bo‘ldingiz. Hammamizdan uzoqlashib ketdingiz…
V ye l i m i r. Yo‘q, aslo, sizga shunday tuyulayotgandir, ishoning!
S l a v k a. Akam bilan do‘stlashmay qo‘ydingiz.
V ye l i m i r. Chunki u menga to‘g‘ri kelmaydigan doiralarda o‘ralashib yuradi.
S l a v k a. Men bilan ham… do‘stligimizni unutdingiz.
V ye l i m i r. Oh, qaniydi shu do‘stlikka qayta olsam, naqadar baxtli bo‘lardim.
S l a v k a. Sizni nima tutib turibdi?
V ye l i m i r. Vaziyat… Hayotda istaganingdek bo‘lavermas ekan.
S l a v k a. Tushunmadim?
V ye l i m i r. To‘g‘ri, men unchalik tushunarli gapirolmadim. Men, umuman, tushunarli so‘zlashni bilmayman.
S l a v k a. Tushunarlimi yoki samimiymi?
V ye l i m i r. Siz mening samimiyligimga shubha qilayapsizmi?
S l a v k a. Ha, asosim ham bor. Bu uyda nimadir sodir bo‘ldi, mendan esa berkitishyapti, biroq men buni sezayapman. Eshiklarni berkitib olib, shivirlashishadi, har xil sirli suhbatlar. Dadam sizni dam-badam yo‘qlab turadi.
V ye l i m i r. Ha, biroq bunda hech qanday sir yo‘q. Otangiz nemischa, frantsuzcha xatlar olib turadi, ularni mahkamaga berishni istamaydi.
S l a v k a. Siz ularni tarjima qilib berasizmi?
V ye l i m i r. Otangiz menga ko‘p yaxshiliklar qilganini bilasiz. Men qo‘limdan kelgancha uning xizmatini qilishim shart.
S l a v k a (ishonmay). Baribir unchalik ham samimiy emasligingizni sezib turibman.

12

J i v o t a. Ha, keldingmi?
V ye l i m i r. Siz meni yo‘qladingizmi?
J i v o t a. Ha, yo‘qladim. (Slavkaga.) Qo‘ng‘iroq qilishmadimi?
S l a v k a. Yo‘q.
J i v o t a (uni erkalab). O‘qidingmi?
S l a v k a. Yo‘q! Janob Pavlovich mening ko‘nglimni yozib o‘tirdi, garchi u bugun juda zerikarli bo‘lsa ham.
J i v o t a. Yaxshi, jonginam, endi bizni yolg‘iz qo‘y, men janob Pavlovich bilan yuzma-yuz ba’zi narsalarni gaplashib olishim kerak.
S l a v k a (chertib). Ha, albatta! Yuzma-yuz! (Chiqadi.)

13

J i v o t a (yolg‘iz qolishgach). Bu qandoq bo‘ldi-a, birodar?
V ye l i m i r. Nima?
J i v o t a (boyagi telegrammani berib). Mana bu.
V ye l i m i r (imzoga qarab). D-r Rayser!
J i v o t a. Bu kim bo‘ldi?
V ye l i m i r. D-r Raysermi?.. Freyburg universitetining professori. Mashhur sharqshunos. Qator sharq tillarini, slavyanlardan – serb va chex tilini biladi, uning lektsiyalarini eshitish uchun boshqa taniqli universitetlardan ham kelishadi. U – monumental ishlar muallifi. Men uning talabasi bo‘lmasam-da, ma’ruzalariga muttasil qatnardim. Keyin do‘st bo‘lib qoldik.
J i v o t a. Men sendan kimda, nimani o‘qiganingni so‘rayotganim yo‘q, mana bu telegramma qayerdan va u nimaga mening o‘g‘limga keladi?
V ye l i m i r (adresiga qarab). Xo‘sh, nima bo‘pti?
J i v o t a. U bilan sen do‘stlashgan ekansan, nega endi telegrammani senga yubormaydi?
V ye l i m i r. Axir, janob Jivota, siz yaxshi bilasizki, men Freyburgda o‘g‘lingizning nomi bilan o‘qiganman: professor ham, boshqalar ham meni shu nom bilan atashgan.
J i v o t a (tushunib). Xo‘p, mayli, shunday ham bo‘lsin, ammo o‘sha monumental professorga Belgradda pishirib qo‘yibdimi? Nega uni taklif qilasan, menga shuni ayt-chi!
V ye l i m i r. Afinaga borishda yo‘l-yo‘lakay bir-ikki kun biznikiga kirib o‘taman degan edi.
J i v o t a. Biznikiga? Biznikida nimasini yo‘qotibdi? Biznikigamas, senikiga-a – shunday demoqchimisan?
V ye l i m i r. Ha, u menikiga keladi, biroq siznikiga desa ham bo‘ladi.
J i v o t a. Nega endi menikiga bo‘larkan?
V ye l i m i r. Chunki uning uchun men sizning o‘g‘lingizman. Ehtimol, u mening ota-onam qoshiga tashrif buyurishni istab qolar. Men unga siz va sizning menga bo‘lgan mehringiz to‘g‘risida juda ko‘p gapirganman.
J i v o t a. Bunaqa bema’ni safsataning nima keragi bor edi?
V ye l i m i r. Noiloj edim: u menga ko‘p muruvvat ko‘rsatdi, tez-tez uyiga taklif qilib, ba’zida tushlik yoki kechki ovqatga olib qolardi.
J i v o t a. Uni taklif qilishingiz kerak demoqchimisan?
V ye l i m i r. Xuddi shunday.
J i v o t a. Boz ustiga o‘zimni otang qilib ko‘rsatishim kerak, shunaqami? O‘zi shu yetmay turuvdi menga! Rasvo qilding, yigitcha, rasvo.
V ye l i m i r. Sizni qanchalik ko‘ngilsiz ahvolga solib qo‘yganimni o‘zim ham ko‘rib turibman, biroq boshqa ilojim yo‘q edi. Odob shuni taqozo qilardi.
J i v o t a. Odob yuzasidan taklif qilgan ekansan, odob yuzasidan kutib olaver-da endi uni o‘zing.
V ye l i m i r. To‘g‘riku-ya, biroq u meni boy o‘g‘li deb biladi-da.
J i v o t a. Kim boy o‘g‘li?
V ye l i m i r. Men.
J i v o t a. Axir sening otang bilim yurtida xat tashuvchi-ku.
V ye l i m i r. Ammo men u otamnimas, sizni aytayapman.
J i v o t a. Nega sen hadeb meni bu ishga aralashtirmoqchi bo‘lasan?
V ye l i m i r. Shuning uchunki, ehtimol, ekipaj olishga, biron-bir ekskursiyami, kim bilsin, ziyofat qilishgami chiqimdor bo‘lishga to‘g‘ri kelib qolar.
J i v o t a. Yana boshlandi, yana xarajat. Professoringning oyna sindirish odati yo‘qmikan?
V ye l i m i r. Sizga tashvish orttirganimdan o‘zim ham xijolatdaman, lekin…
J i v o t a. Bittasi odob yuzasidan oyna sindiradi, to‘lash esa mendan. Ikkinchisi odob yuzasidan allomani taklif qiladi – yana to‘lash mendan. Bunday davom etishi mumkin emas!.. Men senga bir oz pul ishlab olishga yordam beraman, so‘ng o‘z pulingga uni kutib olaverasan.
V ye l i m i r. Juda soz!..
J i v o t a. Menga ma’ruza kerak, yozib bersang, xarajatingga yarashasini ishlab olasan.
V ye l i m i r. Sizga? Qanaqa ma’ruza?
J i v o t a. Menga emas, Miloradga. Yuqori tabaqa xonimlari uni ma’ruza o‘qishga taklif etishdi.
V ye l i m i r. U rozi bo‘ldimi?
J i v o t a. U emas, men rozi bo‘ldim; albatta, senga ishonib.
V ye l i m i r. Qachonga kerak?
J i v o t a. Iloji boricha tezroq.
V ye l i m i r. Xuddi shu bugun bir ishni boshlagan edim.
J i v o t a. Unday bo‘lsa, borib o‘shani tezda tamomla.
V ye l i m i r. Yaxshi, tamomlayman, erta ertalab Rayser keladi.
J i v o t a. Bu to‘g‘rida hali gaplashamiz, vaqt bor. Sen ma’ruzani yozib tugatsang bas.
V ye l i m i r. Bo‘pti, xayr.
J i v o t a. Xayr. (Chiqadi.)

14

(Blagoye kirish oldida Velimir bilan to‘qnash keladi.)
J i v o t a (Blagoyeni ko‘rib). Qayga yo‘qolding, bandai gumroh? Ko‘rinmaysan… Shuncha vaqt…
B l a g o ye. O‘zing ish buyurasan-u, tag‘in qayerda yuribsan, deganing nimasi? Professorning qoshida edim.
J i v o t a. O‘sha professorning-a?
B l a g o ye. Ha, sen bilan hozir gaplashib turganday gaplashdim.
J i v o t a. Xo‘sh?
B l a g o ye. Hammasini bir boshdan aytib beray… Taklif qildi, kirdim, o‘tirdim. Eh, birodar, nima desang degin-u, professorning kreslosiyam chakki emas ekan. O‘tirdim-u, o‘zimni professorday his qildim.
J i v o t a. Sendan buni so‘rayotganim yo‘q. Menga ayt-chi, nima haqda gaplashdinglar?
B l a g o ye. Nima degan bo‘lsang, xuddi shunday dedim. Janob professor, dedim, mening qarindoshim Jivota Sviyovich boy odam. Xudo unga hamma narsa bergan. Shunday bo‘lsa ham u ilm-fan va uning namoyandalari qadriga yetadi.
J i v o t a. Shunday, keyin-chi?
B l a g o ye. Shu sababli, dedim, u tirik ekan, fan uchun bir nima qilish niyatida. Mana meni ham oldingizga yubordi, shuning uchunki, sizning hamisha yangi, ulkan ishlarga bosh bo‘lib kelganingizni eshitgan va…
J i v o t a. Unga bir nima va’da qilib qo‘ymadingmi?
B l a g o ye. Ustalik bilan qutuldim. “Universitetimizda talabalar oshxonasi bor. Qarindoshingiz yordam qo‘lini cho‘zsa yaxshi bo‘lardi”, – deb qolsa bo‘ladimi.
J i v o t a. Pul sovuradigan ahmoq yo‘q.
B l a g o ye. Men unga haligiday olimona javob qildim: oshxona o‘tkinchi narsa, janob professor, agar qarindoshim yordam bersa-yu, idish-tovoq olishsa, sindirib qo‘yadi, oziq-ovqat olishsa – talabalar yeb qo‘yishadi, qarindoshim esa uning xotirasini yamlab qo‘yishlarini istamaydi.
J i v o t a. Aqlli javob beribsan.
B l a g o ye. Xo‘sh, keyin oshxonalar, narx-navo haqida gap ketdi.
J i v o t a. Hoy, men seni gap sotgin deb yuborganmidim?
B l a g o ye. Sabr qil bir oz. Bu gap achchiq ichakday cho‘zilishiga ko‘zim yetgach, ustalik bilan uni burib yubordim. Professor hayajonlanib pamildorining qimmatlashib ketganini gapirib turgan bir paytda, uni bo‘lib mavzuni o‘zgartirdim. Ha, professor, dedim, tan olish kerakki, pamildori qimmat, biroq, nazarimda, cherepitsa undan ham qimmatroq… Birgina siz, janob professor, uysiz qoldingiz, dedim. Barcha professorlar – kim villa, kim uy qurib olishdi, faqat siz shu paytgacha uyingizning tomini yopib ololmayapsiz, dedim.
J i v o t a. A-ha, shunday. Xo‘sh, u nima dedi?
B l a g o ye. “Arxitektor pand berdi, – dedi. – Yuz so‘m deb hisoblagan narsasiga ikki yuz so‘m ketdi. Natijada pul yetmadi”. Buni qarang-a, shunday olim. Mumkin emas! Shuncha muxlislaringiz bo‘lsa… dedim. “Oting­ qancha ulug‘ bo‘lsa, cho‘ntaging shuncha quruq bo‘larkan, – dedi. – Tomi qoldi, o‘n-o‘n besh ming dinor bo‘lganda edi…”
J i v o t a. Xuddi shunday – o‘n-o‘n besh ming dinor dedimi-a?
B l a g o ye. Arzimas narsa ekan, shuncha pulni qarindoshim janob Sviyovich berib turishi mumkin… qarzi foizsiz, dedim.
J i v o t a. A-ha! U-chi?
B l a g o ye. Ajablandi. “Nimaga? Men u bilan aqalli tanish bo‘lmasam…” Shunday degan zahoti, tushundimki, maqsadni ochish kerak. Janob professor, dedim men, falsafa fakultetida ikkita bo‘sh dotsentlik o‘rni bor ekan, janob Sviyovichning o‘g‘li esa – falsafa doktori. Shunday deganimni bilaman…
J i v o t a (qiziqib). Xo‘sh, u nima dedi?
B l a g o ye. Hech nima, biz boshqa gaplashmadik.
J i v o t a. Nega endi?
B l a g o ye. Shundoq… Haligiday deganimni bilaman, yoqamdan g‘ip bo‘g‘ib, kabinetidan chiqarib tashladi… “Men, og‘ayni, – deydi, – universitet professoriman, shuning uchun sotilmayman!”
J i v o t a. Ahmoq!
B l a g o ye. Kim?
J i v o t a. Kim bo‘lardi! O‘sha… Ahmoq bo‘lmasa professor bo‘larmidi.
B l a g o ye. Universitet zinasidan tushib kelarkanman, o‘yladim… Rostini aytaymi, biz jinday oshirganga o‘xshaymiz… Har holda professorlik o‘rni mol emaski, sotilsa!
J i v o t a. Sotilmaydimi? Professor kreslosida jinday o‘tirib, sen ham aqldan ozgan ko‘rinasan…
B l a g o ye. Bilmadim.
J i v o t a. Bilmasang, jim o‘tir!.. Sotilmas emish! Hozir hamma narsa sotiladi! (Shkafdan idora daftarini oladi.) Puling bo‘lsa, istagan narsangni sotib olasan. Mana ko‘ryapsanmi? (Tilxatlarni ko‘rsatadi.) O‘n ming dinorga bir kishining vijdonini sotib oldim.
B l a g o ye. Qanday vijdonni?
J i v o t a. Odam vijdonini, mana. Qimmat to‘labsan demoqchimisan? To‘g‘ri, qimmat. Birjada noyob molgina o‘tadi. Vijdon – noyob mol emaski, qimmat tursa.
Bl a g o ye. Agar bu jihatdan qaraganda… balki…
J i v o t a. Men bunga hayotiy ko‘z bilan qarayman, kimki professorcha qarasa, ko‘rayapsanmi, olti ming dinorga nomus sotib olingan…
B l a g o ye. Qarang-a, nomusning qimmati shugina ekan-da.
J i v o t a. Sariq chaqa. Do‘kondagi modasi eskirgan molday gap.
B l a g o ye. Ha, darvoqe.
J i v o t a. Nomus! Mana yana bir tilxat. Buni uch ming yetti yuz dinorga sotib oldim. Uncha-muncha emas, qiz nomusi bu!..
B l a g o ye. Qo‘ysang-chi, birodar, sening yoshingda-ya?
J i v o t a. Men?.. Yo‘q, mening falsafa doktorim…
B l a g o ye. Bularning hammasiyam shunaqa tilxatlar degin?
J i v o t a. Ha, hozir nomus, vijdon, muhabbat, mansab, do‘stlik, maslak… – hamma-hammasi sotiladi, birodar! Professoring bo‘lsa o‘z ovozini sotishdan qo‘rqib yuribdi. Hozir universitet – mana! (Kassani ko‘rsatadi.)
B l a g o ye. Darvoqe, shunday.
J i v o t a. Bo‘pti, uni qo‘yib tur. Professor anqoning urug‘i emas. Boshqasini topamiz… Haligi narsani aniqladingmi?
B l a g o ye. Ha.
J i v o t a (qiziqib). Xo‘sh?..
B l a g o ye. Premer-ministrda qiz yo‘q, biroq temir yo‘l ministrining bo‘yi yetgan qizi bor ekan.
J i v o t a (mensimay). Menga premer-ministr kerak, boshqa ministrlarning nima ahamiyati bor!
B l a g o ye. Nega ahamiyati bo‘lmasin?.. Temir yo‘l ministri hademay premerdan ham e’tiborliroq bo‘ladi. Gazetalarda o‘qimadingmi, Bolqon trans liniyasi qurila boshlanarmish.
J i v o t a. Bu nima deganing?
B l a g o ye. Nima?.. Temir yo‘l. Sibir trans temir yo‘li haqida eshitganmisan? Atlantik trans aloqalarni-chi?.. trans… Transilvaniya, transvaal… “trans” deyishdimi, bilginki, bu katta, chiroyli, davomli ish!
J i v o t a. Trans… trans degani necha kilometr keladi?
B l a g o ye. Ko‘p.
J i v o t a. Temir yo‘l ministrining qizi bor, degin-a?
B l a g o ye. Ha… Rahmatli xotinimning Draga xonim degan bir qarindoshi bor. Draga ministrning uyida bo‘lib turadi, ana o‘sha…
J i v o t a. O‘sha bilan gaplashdingmi?
B l a g o ye. Ha, biroq umumiy tarzda. Men unga shart-sharoitni bilib kel, dedim. Menga qara, Jivota, Milorad to‘g‘risida gazetalarda biron nima yozganlarida yaxshi bo‘lardi…
J i v o t a. Bilaman, qo‘limni qovushtirib o‘tirganim yo‘q… Nima desam, shuni yozgin-u, biron gazetaga tiq. Qo‘lingdan kelsa, portreti bilan chiqar, yaxshi bo‘ladi. Klishega men to‘layman… Yoz!.. (Blagoye qog‘oz, ruchka olib, yozishga shaylanadi.) “Poytaxtning eng taniqli xonimlari, ayollar jamiyatlari vakillarining taklifiga muvofiq yosh olimimiz doktor Milorad Sviyovich yaqinda…” E, nima to‘g‘rida ma’ruza o‘qishi mumkin?..
B l a g o ye. Falsafa sohasidan.
J i v o t a. Bo‘pti, yoz: “Yaqinda falsafa sohasidan ma’ruza o‘qiydi”. Shoshma, yana bor. (Diktovka qiladi.) “Yosh olimga e’tibor yuzasidan ma’ruzaga Freyburg shahridan olamga mashhur faylasuf d-r Rayser tashrif buyuradi…” (Blagoyega telegrammani berib.) Qaragin-chi, nomi shundaymi?
B l a g o ye (imzosiga qarab). Ha, d-r Rayser.
J i v o t a. Omading kelgan ekan, nemischa o‘qiy olasan.

15

(Maritsa ikkita xat olib kirib, birini Jivotaga beradi.)
J i v o t a (xatni ochib). Unisi-chi?
M a r i ts a. O‘g‘lingizga.
J i v o t a. Yaxshi, olib borib bera qol.
M a r i ts a. Uxlab yotgan bo‘lsa-chi, qo‘rqaman.
J i v o t a. Unday bo‘lsa shu yerda qoldir. O‘zim berib qo‘yaman.
(Maritsa xatni qoldirib, chiqadi.)

16

J i v o t a (o‘z xatiga ko‘z yugurtirib chiqadi). Mana, xonimlar o‘g‘lingizga ma’ruza o‘qib berishini so‘rab xat yozdik, deyishibdi. Bu o‘sha bo‘lsa kerak (Stol ustidagi xatni olib qaraydi.) Yo‘q. Manzili boshqa tilda yozilgan, markasiyam bizniki emas. Chet eldan kelgan, shekilli.
B l a g o ye. Doktor Rayserdan emasmikan?
J i v o t a. Bo‘lishi mumkin. Tamg‘asini o‘qiy olsang, qayerdan kelganini bilardik.
B l a g o ye (xatdagi muhrga diqqat qilib). Fer… far… frix… Freyburg.
J i v o t a. Freyburg!.. Professordan! Biz uni bemalol ochsak bo‘ladi… (Xatni ochadi.)
B l a g o ye. U-chi? (Milorad xonasini ko‘rsatadi.)
J i v o t a. Bu ishning unga umuman daxli yo‘q. O‘qi. (Xatni Blagoyega beradi.)
B l a g o ye (o‘qiydi). “Mayn liber Mile” (O‘qishdan to‘xtab.) Bu degani…
J i v o t a. Tushunarli, nemischani men ham shunchalik bilaman. Keyin nima yozilgan? (Blagoye ichida o‘qib, boshini chayqadi.) Nima ekan?
B l a g o ye. Bu – professordan emas. (Imzosiga qarab.) “Evich dayne Klara”.
J i v o t a. Klara?! Qo‘ysang-chi! Yaxshiroq qara! Balki Karlo deb yozilgandir, sen bo‘lsang, Klara deb yuribsan.
B l a g o ye. Yo‘q, qasam ichishim mumkin, aniq-tiniq yozilgan – Klara.
J i v o t a. Klara?.. Axir bu ayolning ismi-ku!
B l a g o ye. Menimcha ham shundoq.
J i v o t a. Rayserning xotini emasmikan?
B l a g o ye. Qaysi Rayserning xotini?
J i v o t a. D-r Rayserning xotini. Balki o‘shadir. O‘qi-chi, nima yozilganikan.
B l a g o ye (o‘qiydi, hayron qoladi, boshini chayqaydi). Klara… (Yana bosh chayqaydi.) Nima desamikan senga… Buni xotini yozayapti.
J i v o t a. Kimning xotini?
B l a g o ye. Sening kelining.
J i v o t a. Hoy, birodar, nima balo, mastmisan?.. O‘g‘lim uylanmagan bo‘lsa, kelin nima qiladi menda?
B l a g o ye. Xatda shunday yozilgan.
J i v o t a. Nemischani yaxshi bilishingga aminmisan o‘zi?
B l a g o ye. Yaxshi bilishimga hojat yo‘q, bu yerda aniq va tushunarli qilib yozilgan. (O‘qiydi.) “Senga shuni yozib ma’lum qilamanki, boshimizga musibat tushdi – mehribon oyimdan ayrilib, biz – men va bolam – yolg‘iz qoldik…”
J i v o t a. Yana tomdan tarasha. Bola nima qilib yuribdi bu yerda?
B l a g o ye. Aftidan, shu xotinning bolasi.
J i v o t a. Albatta, o‘shaning bolasi. Shunday ekan, nega bu ishga mening o‘g‘limni aralashtirib yuribdi?
B l a g o ye (konvertni qarab). Ha, to‘g‘ri, o‘g‘lingga yozibdi.
J i v o t a. Nega endi unga bo‘larkan?.. (To‘satdan xayoliga kelib, cho‘chib tushadi.) Ha, bumi… endi esimga tushdi… Bu yana Velimirning ishi, o‘sha chalkashtirgan. O‘sha albatta… O‘qi, yana nima deb yozibdi?
B l a g o ye (xatga qarab). “Shu sababli men senikiga borishga qaror qildim”.
J i v o t a. Kim kelarmish?
B l a g o ye. Klara.
J i v o t a. “Senikiga borishga qaror qildim” – bu qanaqasi bo‘ldi? Tug‘ibdilar-u, kelishga qaror qilibdilar.
B l a g o ye. Nikohdan o‘tishgan ekan, Jivota.
J i v o t a. Kim aytdi senga?
B l a g o ye. Shundoq deb yozilgan. (O‘qiydi.) “Sen bilan nikohdan o‘tgach, yugoslav fuqaroligiga o‘tgandim, binobarin yugoslav elchixonasi mening ko‘chishimga yordam beradi…”
J i v o t a. Ko‘rdingmi, yengiltaklik nimalarga olib kelishi mumkin? Qashshoq, cho‘ntagida bir miri yo‘q, Freyburgda mening hisobimda o‘qigan bo‘lsa-yu, uylanib, bolali bo‘lib o‘tirsa. Tavba! Xotini bilan bolasi kelib uning bo‘yniga osilishsa, ularni qanday boqarkan? Qani, ayt-chi, qanday qilib boqadi?
B l a g o ye. Kim boqadi?
J i v o t a. Velimir-da.
B l a g o ye. Axir u Velimirning xotini emas-ku.
J i v o t a. Kimniki bo‘lmasa?
B l a g o ye. O‘g‘lingniki.
J i v o t a. Sen… nazarimda, aqlingga kuya tushgan ko‘rinadi… Nima deyayotganingni bilayapsanmi o‘zing?
B l a g o ye. Bor gapni aytayapman.
J i v o t a. Bo‘lmagan gap! Velimir to‘rt yil Freyburgda bo‘lsin, uylansin, bola ko‘rsin-u, sen bo‘lsang o‘g‘lingning xotini deb o‘tiribsan-a?
B l a g o ye. Axir Velimir Freyburgda sening o‘g‘ling bo‘lib yashagan, diplomniyam o‘g‘lingning nomiga olgan-ku, demak…
J i v o t a. Demak, biron kimsa mening nomim bilan chet elga chiqib, o‘sha yerda uylansa, bolali bo‘lsa-yu kunlarning birida paydo bo‘lib: “Janob Jivota, marhamat qiling, mana xotiningiz, mana bolalaringiz…” desa to‘g‘ri bo‘ladi. Shundaymi, seningcha?
B l a g o ye. Shundoq desayam bo‘ladi!.. Agar sen sening noming bilan chet elga chiqishiga rozi bo‘lgan bo‘lsang, buning ustiga, uni pul bilan ta’minlab turgan bo‘lsang…
J i v o t a. Menga qara… Agar biron gap bo‘lguday bo‘lsa, avvalo, seni o‘ldiraman! Menga sen o‘rgatgansan!
B l a g o ye. Nega men bo‘larkanman, nima deyapsan?
J i v o t a. O‘chir ovozingni! Sen!.. “Kambag‘al Velimirni o‘g‘ling nomi bilan chet elga yuborsang, u senga diplom olib keladi”, demaganmiding?
B l a g o ye. Olib keldi-ku, men seni aldabmanmi?
J i v o t a. Endi nima deb sayrayapsan?
B l a g o ye. Reja meniki edi, tan olaman, nega tan olmas ekanman… Sen esa o‘g‘limni doktor qilaman deb mening fikrimga mahkam yopishib olding! Doktor degan matohni kim o‘ylab chiqardi-a? Menmi, qani, ayt-chi?! Diplom-o, diplom, d-r hov d-r, deding, ana senga d-r!
J i v o t a. Soxta nomni menga kim maslahat berdi, qani, ayt-chi?
B l a g o ye. Baqirma… Soxta nom masalasida haqsan. Politsiyada ishlaganman, bunday ishlar qanday qilinishini bilaman.
J i v o t a. Politsiyada boshqa gap. U yerda kimnidir boshqa kishining nomidan ovoz berishga ko‘ndirish mumkin, biroq o‘zganing nomi bilan uylanish mumkin emas-ku. Ovoz berish, bu – shunchaki, beozor ish. Bir-ikkita byulletenni o‘zgartirsa ham bo‘laveradi. Axir bu byulleten emas, bola-ku. Uni o‘zgartirib ko‘r-chi!..
B l a g o ye. O‘zgartirib bo‘lmaydi – bola qonuniy.
J i v o t a. Qanday qilib qonuniy bo‘lsin?
B l a g o ye. Nahotki tushunmayotgan bo‘lsang, Klara – o‘g‘lingning qonuniy xotini!
J i v o t a. Jinni bo‘psan! Hali bolayam…
B l a g o ye. U ham o‘g‘ling familiyasida!
J i v o t a (qo‘rqib). Nahotki? O‘g‘lim Freyburgda bo‘lmagan, hech qanaqa Klarani tanimagan, endi bo‘lsa dabdurustdan – uylangan, tag‘in bolasiyam bor… Shunaqayam qonunsizlik bo‘ladimi?!
B l a g o ye. Bo‘ladi! Qonun bo‘yicha – bo‘ladi!
J i v o t a. Nega endi qonun bo‘yicha bo‘larkan? O‘g‘lim bola u yoqda tursin, uning onasini ham ko‘rmagan bo‘lsayam-a?
B l a g o ye. Bu o‘rinda o‘g‘lingning rolini boshqa bir kishi o‘ynagan.
J i v o t a. Meni kim qanday rol o‘ynagani qiziqtirmaydi. Men uni o‘ynash uchunmas, o‘qish uchun yuborgandim. Tushundingmi?
B l a g o ye. Shundaylikka shundayku-ya, biroq amalda, ko‘rib turibsan, boshqacha bo‘lib chiqdi.
J i v o t a. Men bilmayman. Bunday qilishga haqqi yo‘q edi. Ana uni qarang-a. Birvarakayiga ham kelin, ham nevara. Shu insofdanmi?
B l a g o ye. Men insofdan deyayotganim yo‘q, lekin na iloj? Ayol doktor Milorad Sviyovich bilan nikohlangan. Doktor Milorad Sviyovich esa sening o‘g‘ling, buni hamma biladi.
J i v o t a. Men uni sudga beraman! Men uni qamataman!.. O‘g‘limning nomidan nikohdan o‘tishga kim huquq berdi?!
B l a g o ye. Sudga berishga haqqing bor, u chindanam turmaga tushadi. Ammo unisiniyam, bunisiniyam qamashadi-da.
J i v o t a. Ham uni, ham xotinini. Zarari yo‘q, qamashaversin!
B l a g o ye. Ham uni, ham xotinini emas, ham uni, ham o‘g‘lingni! Tushundingmi?
J i v o t a (ustidan qaynoq suv quyilganday sakrab tushadi). Hoy, Blagoye, yana bir so‘z aytsang – o‘ldiraman.
B l a g o ye. Bo‘pti, indamayman.
J i v o t a (xonada hayajonlanib yuradi. Birdan to‘xtaydi). Xo‘p, yaxshi, nega endi indamay qolding?
B l a g o ye. Jim o‘tir, demadingmi o‘zing?
J i v o t a. Ha, ha, jim o‘tir, vaysama, ma’niliroq gap ham chiqarmikan sendan… (Yana yura boshlaydi va to‘xtaydi.) Yaxshi, qani, endi ayt-chi menga, nega endi o‘g‘limni qamasharkan?
B l a g o ye. Shuning uchunki, birodar, u soxta diplom olishga sherik. Tushundingmi? Bas endi!
J i v o t a. Nega soxta diplom bo‘larkan? Men u uchun ozmuncha pul sarf qildimmi?
B l a g o ye. Pul o‘z yo‘liga, biroq diplomda nima uchun o‘g‘lingning nomi turibdi? Bir o‘ylab ko‘rgin-a?
J i v o t a. A? (Ko‘zini chaqchaytiradi.)
B l a g o ye. Butun uyni bolalar bilan to‘ldirib yuborgandayam, g‘ing deya olmaysan.
J i v o t a. Sen haqsan, qo‘l-oyog‘im bog‘langan. G‘ing demaslik kerak. (Horg‘in stolga suyanib qoladi, bir nafas o‘ylanib, so‘ng qahr bilan diplomga qaraydi; og‘ir xo‘rsinadi.) Xo‘sh, endi nima qilamiz?
B l a g o ye. Endi? Ahvolni bilish uchun vaziyatni aniqlash kerak.
J i v o t a. Yaxshi, aniqla!
B l a g o ye. Haligi Klara – Velimirning xotini. Shundaymi?
J i v o t a. Shunday…
B l a g o ye. Ayni choqda shu Klara, qonun bo‘yicha, o‘g‘lingning xotini.
J i v o t a. Bunday bo‘lmaydi. Mening cho‘ntagim bundan og‘ir vaziyatlarda ham qonundan kuchliroq chiqqan. Men kurashaman!
B l a g o ye. Men kuchsiz demayman, xo‘sh, pulni kimga berasan? A? Klaragami? Kelining bo‘lgach, unga pulning nima keragi bor? Velimirgami? Hojati yo‘q. Agar u Klarani tashlasa – senga yanada qiyin bo‘ladi. O‘zinikiga olib ketadimi? Qanday qilib olib ketardi, axir u o‘g‘lingning qonuniy xotini-ku? Agar o‘g‘lingga pul bersang…
J i v o t a. Ha, men aldanganga o‘xshayman.
B l a g o ye (mulohaza qilib). Aytaylik, shunday qilinsaki, odamlar ko‘zida u o‘g‘lingniki bo‘lib, aslida, haligi… boshqaning xotini bo‘lib yuraversa.
J i v o t a. Nahotki o‘g‘lim shunga ko‘nadi deb o‘ylasang? U teskarisiga, odamlar ko‘zida Velimirniki bo‘lib, boshqa payt uniki bo‘lsa, ko‘nishi mumkin.
B l a g o ye. Shundoq. Sen haqsan.
J i v o t a. Mabodo u ko‘ngandayam, men hech qachon ko‘nmayman. O‘g‘lim uylanmasdan turib bobo bo‘lib o‘tirish yetmay turuvdi. Men hech kimga bobo emasman, shuni bilib qo‘y.
B l a g o ye. Klara esa seni bobosi deb yozibdi. Mana eshit. (O‘qiydi.) “Pepik grossdada va grossoyisining qo‘lini o‘pishni sabrsizlik bilan kutmoqda”.
J i v o t a. Kimning qo‘lini o‘parmish?
B l a g o ye. Sening qo‘lingni. Sen – grossdada.
J i v o t a (qahr bilan). Men kim?
B l a g o ye. Grossdada, Mara esa – grossoyi. Pepik…
J i v o t a (jazavasi tutib). Qanaqa Pepik, qanaqa Pepik! Mendan nima istaysan?.. Men bunga yo‘l qo‘ymayman!.. O‘ldiraman, hammangni o‘ldiraman, hammangni, hammangni, hammangni!
B l a g o ye. Xudo haqqi, Jivota, tinchlan!
J i v o t a (stulni ko‘tarib, uni urmoqchi bo‘ladi). Boshimga bu g‘avg‘olarni solgan sen. Eng avval seni… (Unga tashlanadi.)
B l a g o ye (qochadi, yordamga chaqiradi). Mara, Mara, bolalar, Mara, voydod, tez bu yoqqa chiqinglar!..
J i v o t a. Universitet nima bo‘ladi, temir yo‘l ministrining qizi nima bo‘ladi, Transvall nima bo‘ladi, mening barcha rejalarim nima bo‘ladi?! Bularning barchasini kim chippakka chiqardi? Qandaydir bir Pepik! Qandaydir bir tirnoqday keladigan Pepik!
H a m m a (yugurib kirishadi; bir ovozdan). Nima, nima?
M a r a. Xudo haqqi, nima hodisa ro‘y berdi?
B l a g o ye. Bilmadim, aqldan ozibdi!..
S l a v k a. Dada, senga nima bo‘ldi?
M a r a. Jivota!
J i v o t a. Men Jivota emas, men – grossdada.
M a r a (hayron, hammaga qarab chiqadi). Nima deyapsan?
J i v o t a. Sen esa grossoyisan!..

PARDA

IKKINChI PARDA

Sviyovich uyidagi mehmonxona

1

V ye l i m i r (kiradi va eshik oldida turib qoladi). Kechirasiz, men sizga xalaqit berdim.
S l a v k a (xatni g‘ijimlab). Yo‘q, aslo! Men sizga yozayotgan edim! Siz bilan uchrasholmay yurgandim. Hech kim aytishni istamagan narsani bilmoqchiman. Uch kundan beri uyimizda dahshatli hayajon hukm suradi. Sizni kunida uch martalab chaqirishadi, mendan esa yashirishadi. Nima bo‘layapti o‘zi?..
V ye l i m i r. Siz nega tashvishlanasiz?
S l a v k a. Nega tashvishlanmas ekanman? Dadam uch kundan beri oh-voh qiladi… Pepik… Pepik… Pepik degani kim? Kimning ismi? Nimaga bu dadamni bunchalik qattiq tashvishga solib qo‘ydi?
V ye l i m i r (dovdirab). Xabarim yo‘q! Pepik?
S l a v k a. Bilasiz. Siz bizga yaqin kishisiz, hammasini bilasiz. Xudo xayringizni bersin, ayting menga. (O‘ylaydi.) Agar bu ishlarda siz ham qandaydir rol o‘ynayotgan bo‘lsangiz va sir ochilguday bo‘lsa mening ko‘zimga yomon ko‘rinib qolishingiz mumkin bo‘lsa… u holda haqiqatni bilmaganim yaxshi.
V ye l i m i r. Ko‘zingizga yomon ko‘rinishimni istamaysizmi?
S l a v k a. Ha, istamayman…
V ye l i m i r. Tashakkur sizga!
S l a v k a. Demak, siz nimanidir yashirayapsiz!
V ye l i m i r. Otangizga so‘z berdim.
S l a v k a. So‘z bergan bo‘lsangiz, nima ham qila olardim…
V ye l i m i r. So‘z meni bog‘lab turibdi, biroq sizning oldingizda men pok bo‘lishim kerak.
S l a v k a. U holda bu yerda nimalar bo‘layotganini ochiq ayting.
V ye l i m i r. Siz meni chet elga ketganimni va otangiz meni ta’minlab turganini bilasiz.
S l a v k a. Bilaman.
V ye l i m i r. Ammo siz hammasini bilmaysiz… Shveytsariyada, Freyburgda men akangizning nomi bilan yashab, uning hujjatlari bilan o‘qiganman.
S l a v k a (hayron). Nega?
V ye l i m i r. Otangiz qay yo‘l bilan bo‘lmasin, Miloradga falsafa doktori diplomini olib berishni istadi.
S l a v k a (noxush ajablanib). Qanday qilib?.. Nahotki haligi diplom…
V ye l i m i r. Ha, diplomda akangizning nomi bor xolos, biroq u hech qachon Freyburgda o‘qimagan.
S l a v k a. Shuncha vaqt qayerda edi bo‘lmasa?
V ye l i m i r. Yevropa bo‘ylab sayohat qilib yurdi, odamlar chet elda o‘qib yuribdi deb o‘ylashlari uchun.
S l a v k a. Siz uning o‘rnida imtihon topshirdingizmi?
V ye l i m i r. Ha.
S l a v k a. Yo tavba, naqadar tubanlik, naqadar pastkashlik! Mendan shuni yashirib yurishgan ekan-da. Xo‘sh, siz nima uchun bunga ko‘ndingiz?
V ye l i m i r. Xijolatdaman, qanchalik kaltabinligimni kech tushundim. Ammo o‘shanda men chet elga chiqib, jahonshumul olimlarning ma’ruzalarini tinglash orzusi bilan yashardim, moddiy nochorligim tufayli bu orzu go‘yoki amalga oshmaydigan tush kabi edi. Birdan tushni ro‘yobga chiqarish uchun imkon tug‘ilganda, men o‘ylamay-netmay rozi bo‘la qoldim.
S l a v k a. Bari bir diplom ololmagan bo‘lsangiz, nimaga o‘qidingiz, hayronman.
V ye l i m i r. O, bu unchalik dahshat emas. Mening izzat-nafsim hamisha bunaqa bir parcha qog‘ozdan ustun bo‘lib kelgan. Diplom ko‘pincha johillikni yashirish vazifasini bajaradi. Kimki chinakam bilimli bo‘lsa, diplomga muhtoj emas…
S l a v k a. To‘g‘ri, biroq, har holda, siz uchun hayot yo‘llari bekilgan.
V ye l i m i r. Mansab yo‘li bekilgandir, balki, ammo men uchun fanga, ilmiy ishga yo‘l ochiq.
S l a v k a. Balki shu fikr bilan taskin topib yurgandirsiz, biroq menimcha bu yengiltakligingizni oqlay olmaydi.
V ye l i m i r. Bu hali hammasi emas.
S l a v k a. Boshqa gapirmang, eshitishni istamayman.
V ye l i m i r. Bekam, hozir men o‘zimni gunohlari uchun tavba qilayotgan odamday his qilayapman. (Pauza.) Freyburgda bir beva ayolning uyida ijarada yashardim. Uning talaba qizi bor edi.
S l a v k a (bir oz qo‘rquv bilan). Universitetda o‘qirmidi? Chiroylimidi?
V ye l i m i r. Balki, lekin xozir bu muhim emas. Biz ko‘pincha universitetga birga borib, birga qaytardik, bir-birimizga yordamlashardik – u menga, men unga. U bizning tilimizni o‘rganishga kirishdi va ikki-uch yilda yaxshigina egallab oldi.
S l a v k a (ko‘ngli g‘ash bo‘lib). Yaxshi tayyorlanibdi-da… Gapiring, men hammasini bilmoqchiman.
V ye l i m i r (noqulay ahvolda). Birda qonim qizib…
S l a v k a (o‘ta diqqat bilan). Nima, nima deyapsiz?
V ye l i m i r. Ortiq gapirolmayman… Qilmishimdan pushaymon bo‘ldim, biroq… Biroq vijdonsiz, badbaxt bo‘lib qolishni istamay, o‘sha kuniyoq uning qo‘lini so‘radim.
S l a v k a (titrab). Siz..
V ye l i m i r. So‘ng nikohdan o‘tdik. (Slavka bu gapdan o‘zini yo‘qotib, qo‘llari bilan ko‘zlarini bekitganicha yig‘lab yubordi. Velimir hayron bo‘lib, hayajonlanib.) Bekam, bu qanaqasi, Xudo xayringizni bersin…
S l a v k a (o‘ziga keladi, Velimirga qarashga botinmay, chetga qarab gapiradi). Kechirasiz, asab. Suhbatni davom ettiraylik.
V ye l i m i r. Bor gap shu, shularni aytib sizning oldingizda tavba qilmoqchi edim.
S l a v k a (xijolat bilan). Men sizni so‘roqqa tutmasligim kerak edi, kechirasiz…
V ye l i m i r. Nega? So‘rayvering, sizga hammasini aytib beraman.
S l a v k a. (kuchli xijolatda). Hamonki, nikoh sevgi tufayli bo‘lgach…
V ye l i m i r. U chiroyli, istarali ayol, birga yashab ketishimiz ham mumkin edi-yu, lekin ko‘p o‘tmay undan ko‘nglim sovidi.
S l a v k a. Ko‘nglingiz sovidi? (Xush yoqqanday hayron bo‘ladi.)
V ye l i m i r. Ha, ko‘p o‘tmay men o‘zimni qopqonga tushganimni ang­lab yetdim. Uning onasi meni boyvachcha ekanimni bilib, qizini menga yaqinlashtirish uchun nima mumkin bo‘lsa, barini qilgan. Balki Klara gunohsizdir, ammo… Ammo u onasining niyatlarini amalga oshishiga imkon yaratgan.
S l a v k a. Klara – xotiningizmi?
V ye l i m i r. Ha.
S l a v k a. Pepik degani kim bo‘ldi?
V ye l i m i r. Pepik… bizning bolamiz… Xotinim bola bilan yo‘lga chiqdim, deb yozibdi.
S l a v k a. Bugun-erta Belgradga kelib qolarkan-da?
V ye l i m i r. Ha.
S l a v k a. Hayronman, nega endi bu dadamni bunchalik tashvishga solarkin.
V ye l i m i r. Chunki qonun bo‘yicha Klara akangizning xotini-da.
S l a v k a. Qanaqasiga?
V ye l i m i r. Akangizning nomida bo‘lganim uchun boshqa familiya bilan nikohdan o‘tolmadim.
S l a v k a. Endi menga hammasi ravshan. Dadam shuning uchun ham asabiylashib, fig‘oni falakka chiqib yurgan ekan-da.
V ye l i m i r. Menga qanchalik og‘irligini tasavvur qilayapsizmi. Dadangizning menga yaxshiliklari ko‘p.
S l a v k a. Chindanam, vaziyat… Siz undan qanday chiqmoqchisiz?.. Dadamning ham ahvoli…
V ye l i m i r. Men juda afsusdaman, shuning uchun ham butun mas’uliyatni, ko‘ngilsizliklarni, hamma-hammasini o‘z zimmamga olishga tayyorman!

2

J i v o t a (Blagoye bilan birga kiradi; Velimirga). Shu yerdamisan?
V ye l i m i r. Ha, sizni kutib turibman.
J i v o t a (qiziga). Slavka, sen boraver. Bizning jiddiy gapimiz bor.
S l a v k a (eshik oldiga borib). Dada, ko‘p tashvishlanaverma, o‘tinaman. Biron chora toparmiz. Biz hammamiz senga yordam beramiz. Ishon menga, bunday bo‘lishida janob Velimir gunohkor emas.
J i v o t a. U gunohkormas, yo‘q, men gunohkorman!.. Bor!

3

J i v o t a (Velimirga). Unga aytdingmi?
V ye l i m i r. Shunday qilish kerak edi: uning nazarida vijdonli kishi bo‘lib qolishni istadim.
J i v o t a. Mening nazarimda, vijdonsiz kishisan, bu seni tashvishga solmaydimi? Senga ishonib, qattiq yanglishgan ekanman. Men seni odam deb universitetga yubordim, o‘qir, imtihon topshirib qaytar dedim. Sen mana qanday imtihon topshiribsan. Klara kamlik qilsa, yetmaganiga mana senga Pepik, debsan-da!..
V ye l i m i r. Men sizga diplom keltirdim-ku axir.
J i v o t a. Keltirding, albatta, keltirding, lekin bolani nimaga keltirasan? Men senga nima uchun pul to‘lagandim? Uyimga begona bolani yetaklab kelgin debmi!
V ye l i m i r. Begonamas! U – mening bolam.
J i v o t a. Senikilikka seniki-ya, biroq uning otasi aslida kim – hamma gap shunda.
V ye l i m i r. Bunaqa gap yo‘q.
J i v o t a. Yo‘q?.. Mening o‘g‘lim-chi?
V ye l i m i r. U rasman ota xolos.
J i v o t a. Rasman, albatta! Rasman uylangan, rasman bolasi bor, mana endi mening boshim rasman yorilay deyapti.
B l a g o ye. Advokatga uchragan edik, u ham nima maslahat berishni bilmay qoldi. Eng qiyini shuki, haqiqatni aytishdan qo‘rqasan kishi.
J i v o t a (Velimirga). Endi menga ayt-chi, o‘sha, sening xotining, agar, o‘n, boringki, yigirma ming dinor bersang kelgan joyiga qaytib ketarmikin?
V ye l i m i r. Bilmadim… Bundan nima foyda?
J i v o t a. Nima foyda? Sen-ku mana tinchib, uylanib olibsan, axir men ham o‘g‘limni uylashim kerak-ku! Yaxshi bir joy topilgan edi, lekin men hech nima qilolmayman, qo‘l-oyog‘imni bog‘lab qo‘yding.
V ye l i m i r. Bu bilan nimaga erishasiz? Klara pulni olib, Shveytsariyaga qaytgan taqdirda ham baribir o‘g‘lingizga qonuniy xotin, bolasi esa – sizning merosxo‘ringiz bo‘lib qolaveradi-ku.
J i v o t a. (cho‘chib). Qanaqasiga? Sen endi merosga ham boshingni tiqayapsanmi?
V ye l i m i r. Men emas, tushunsangiz-chi, gap men haqimda bormayapti.
B l a g o ye. Gap Pepik haqida!
J i v o t a. Pepik! Mening merosxo‘rim-a?
V ye l i m i r. Shunday desa ham bo‘ladi.
J i v o t a. Yo‘q, hech qanaqa Pepikning keragi yo‘q! Eshitayapsanmi? Pepiksiz ham tashvishim boshimdan oshib yotibdi! Merosxo‘rmish! Bir mening qo‘limga tushib ko‘rsin-chi o‘sha merosxo‘r!..
V ye l i m i r. Hali u mitti go‘dak.
J i v o t a. Go‘dak!.. Xuddi shunaqa mitti go‘daklar odamga tuyaday tashvish keltiradi. (Asabiy yuradi, birdan to‘xtab.) Bugunoq ajralish haqida ariza yoz!
B l a g o ye. Men ham shu fikrdaman.
V ye l i m i r. Qanday qilib birovning xotini bilan ajralishaman?
J i v o t a. Nima, bo‘lmasa men ajralishaymi?
V ye l i m i r. U bilan nikohdan o‘tmaganman-ku.
J i v o t a (xursand). Nikohdan o‘tmagansan? Demak, sen noqonuniy uylangansan? Shuni oldinroq aytmaysanmi, boshimni qotirib o‘tirmasdan?
V ye l i m i r. Nikohdan o‘tganman, faqat o‘g‘lingizning nomi bilan.
J i v o t a. A? Nima haqqing bor!.. Bugunoq politsiyaga xabar qilaman! Bilsang agar, bu jinoyat! Ushbu mamlakatda ham qonun borligi senga ma’lumdir?
V ye l i m i r. Ko‘rib turibman, ahvol chatoq, shuning uchun ham nima desangiz roziman. Agar xohlasangiz, hoziroq politsiyaga borib, hammasiga iqror bo‘laman.
B l a g o ye. Shoshma, bir oz o‘yla… Politsiyada nega birovning nomi bilan uylanding, deb so‘rashsa nima deysan?
V ye l i m i r (elkasini qisib). Hm..
J i v o t a. Hazillashdim, der. Milorad – uning o‘rtog‘i, bolalikda birga o‘qishgan, uning ustidan bir kulmoqchi bo‘lgan.
B l a g o ye. Shunaqayam hazil bo‘ladimi?! Nikoh, deylik, hazil bo‘la qolsin, Pepik-chi? Bolayam – hazil, deb bo‘lmaydi-ku. Buniyam qo‘ya turaylik. Politsiyada: “qaysi hujjatlarga asosan nikohdan o‘tdingiz, taqsir?” – deb qolishsa nima bo‘ladi? A?!
J i v o t a. Hujjatlari bo‘lgan-ku.
B l a g o ye. Bo‘lishga bo‘lgan-u, biroq birovniki bo‘lgan-da! Mana shu chatoq! Politsiyada so‘rashadi: hujjatlarni qayerdan olding, undan nima maqsadda foydalanding, Freyburgda shuncha yil nima qilding?!
V ye l i m i r. Men universitetda o‘qidim, deyman.
J i v o t a (cho‘chib). Sh-sh-sh, jim, bunday deya ko‘rma, tushundingmi?
V ye l i m i r. To‘g‘risini aytishni talab qilishadi-da.
J i v o t a. To‘g‘risini aytishni… Kim senga aytdi, politsiyada to‘g‘ri gapirishadi deb? Hamma politsiyada to‘g‘ri so‘zlaganida, aholining yarmi turmada bo‘lardi!..
V ye l i m i r. Nima qilay bo‘lmasa?
J i v o t a. Hech nima qilma! Qilg‘ilikni qilib bo‘lgansan! Bu yog‘iga aralashma. Men o‘zim bir yoqlik qilarman.
V ye l i m i r. Ixtiyoringiz.
J i v o t a. Miloradning ma’ruzasini yozib tugatdingmi?
V ye l i m i r. Mana! (Bir qancha yozilgan qog‘ozlarni Jivotaga beradi.)
J i v o t a. Nima to‘g‘rida yozding?
V ye l i m i r. Antitsipativ dinamika to‘g‘risida.
J i v o t a. Yana dinamikami? Mundog‘ bir salmoqlirog‘i topilmabdi-da. Antitsipa… tiling ham aylanmaydi bu sabilga. (Qog‘ozlarni Blagoyega berib.) Qani, sen urinib ko‘r-chi! (Velimirga.) Anavi Rayser qani?
V ye l i m i r. Kecha kechqurun men uni kutib oldim. Kechki ovqatni birga qildik. Ertalab shaharni aylandik, keyin men uni universitetga rektor qabuliga olib bordim…
J i v o t a (Blagoye qo‘lidan qog‘ozlarni olib, cho‘ntagiga solib qo‘yadi). Yaxshi o‘ylabsan, universitetda gumdon qilaver, o‘shalar shug‘ullanaverishsin.
V ye l i m i r. U siz bilan tanishmoq-chi.
J i v o t a. Men bilan tanishishining hojati yo‘q. Universitet bo‘lmasam.
V ye l i m i r. Uni bu niyatidan qanday qaytaraman?
B l a g o ye. Yo‘q, Jivota, nima bo‘lsa ham, sen uni qabul qilishing kerak.
J i v o t a. Endi sen qoluvding. O‘zing qabul qilaver, shuncha gapni bilarkansan.
B l a g o ye. Men qanday qilib qabul qilaman?
J i v o t a. (miyasiga bir fikr kelib). Shoshma, chindanam uning otasi bo‘laqol – vassalom!.. Nemischani bilasan, uy ta’mirlanayapti, shu sababli men sizni qabul qila olmayman, deysan. Biron joyda tushlik qilarsiz… Shu yo‘l bilan men undan osonroq qutilaman.
V ye l i m i r. Janob Blagoye menga ota bo‘lib uchrashsin, demoqchimisiz?
J i v o t a. Rayserga baribir! Sen menga qanday o‘g‘il bo‘lib olgan bo‘lsang, bu ham senga shunday ota bo‘lib olishi mumkin!.. (Hamyonidan pul chiqarib Blagoyega beradi.) Mana pul, tushlikka yetadi. Har qalay oynalarni sindirmasanglar kerak!
B l a g o ye. Jiddiy aytayapsanmi?
J i v o t a. Jiddiy, albatta. Uyimda butun Shveytsariyani yig‘ishimni istaysizmi: Pepik, Klara, Rayser… (Velimirga.) Ajab, bira to‘la Shveytsariya Respublikasi prezidentini ham taklif qilavermabsan-da… Ko‘rib turib yana e’tiroz bildirganlaringga o‘laymi!
B l a g o ye. E’tirozimiz yo‘q!..
J i v o t a. Bo‘lmasa, ana, ota bo‘lib, boshlab bor! Hech bo‘lmaganda, shu professordan qulog‘im tinchisin.
B l a g o ye. Yaxshi, faqat haligi…
J i v o t a. Nima, haligi? Boring!.. (Blagoyega.) Mana o‘g‘ling! (Velimirga.) Mana otang!
B l a g o ye. Sen shunday degandan keyin… qani yur, o‘g‘lim.
(Velimir bilan birga chiqadi.)

4

B l a g o ye (o‘zi qaytib kirib). Haligi temir yo‘l ministrining yaxshi tanishi – Draga xonim kelibdi.
J i v o t a. O‘shami? Biron nimani bilib kelibdimi? Qani?
B l a g o ye. Kutib turibdi.
J i v o t a (eshikka borib). Nimani kutadi? Kutish kimga kerak? (Eshikni ochib.) Marhamat qiling, xonim!
B l a g o ye (eshik oldida). Kiraver, kiraver, sovchi!
J i v o t a. Marhamat!.. (Blagoyega.) Sen o‘z ishingga boraver.
(Blagoye chiqadi.)

5

J i v o t a. Bekorga kutibsiz.
D r a g a. Mehmonlaringiz bor ekan, nozik ishni, bilasiz, xilvatda gaplashmasa bo‘lmaydi.
J i v o t a. Marhamat, o‘tiring!
D r a g a (o‘tirib). Nimaga kelganimni sezgandirsiz?
J i v o t a. Ha, Blagoye uchini chiqargan edi.
D r a g a. Men ministrnikiga shoshmasdan, bir yo‘lim tushganda kirib o‘tmoqchi edim. Gazetada o‘g‘lingizning ma’ruza o‘qishi va ma’ruzada qandaydir xorijiy olim bo‘lishi haqidagi xabarni ko‘rib qolib, gazetani sumkamga soldim-u…
J i v o t a (zavqlanib qo‘llarini ishqalaydi, eshikka borib). Mara! (Dragaga.) Xo‘sh, shunday qilib ishimiz nima bo‘ldi?
D r a g a. Ishonamanki, yaxshi bo‘ladi.

6

J i v o t a. Bu kishi Draga xonim, Blagoyening sovchisi.
M a r a (salomlashib). Biz tanishib oldik.
D r a g a. Tanishish nimasi, biz axir qarindoshmiz!
M a r a (o‘tirib). Ko‘pdan ko‘rishmay… O‘tiring… Ahvollar yaxshimi, qudajon?
J i v o t a (Maraga). Draga xonim temir yo‘l ministrining xotini bilan yaxshi tanish, janob ministrning bo‘yi yetgan qizi bor ekan…
M a r a (chehrasi ochilib). Bizning Miloradgami?
J i v o t a. Yo‘q, menga!.. Unga-da, albatta!
D r a g a. Juda chiroyli qiz! Nima deyayotgan edim, ha, janob doktor Milorad Sviyovichning ma’ruzasi to‘g‘risida bosilgan gazetani sumkamga soldim-u…
M a r a. Xo‘sh?..
J i v o t a. Mana shu “soldim-u” degan joyida seni chaqirish uchun to‘xtagandik.
D r a g a. Ministrnikiga yugurdim. Bordim, deng. Salom, ahvollar qalay?
J i v o t a (uning hikoyasini davom ettirib). Tashakkur, yomon emas, o‘zingiz qalaysiz?
D r a g a. Ha, ishlar joyidami? Nima qilayapsiz? Ob-havodan, shahar yangiliklaridan, u yoqdan-bu yoqdan gaplashib o‘tirib, pirovardida, gapni ma’ruza tomonga burib yubordim.
J i v o t a. Aha, shunday!
D r a g a. “Ertalab yosh olim doktor Sviyovich ma’ruzasiga borasizlarmi?” – deb so‘rab qoldim.
J i v o t a. Ular nima deyishdi?
D r a g a. Mana shu yosh olim bilan tanishsangiz bo‘lardi, hammaning og‘zida duv-duv gap, fan mo‘jizasi emish, kelajagi porloq, dedim.
J i v o t a. Ha, yaxshi aytibsiz.
D r a g a. Kecha-yu kunduz kitobdan boshini ko‘tarmaydi, dedim.
J i v o t a. Ha, u xuddi shunday, mana Maradan so‘rang. (Mara nima deyishini bilmaydi.) Qancha gapirdim: kitob deb umringni xazon qilma, yoshligingda o‘ynab qol o‘rtoqlaring bilan… U nima deydi deng? “Dada meni ranjitmang, men uchun fan – muqaddas!”. O‘g‘limiz mana shunaqa!
D r a g a. Qizday biram muloyim, biram kamtarki, dedim, restoran nima, har xil boshqa muassasalar nima, bilmaydi!
J i v o t a (tasdiqlab). Ha, to‘g‘ri, bilmaydi!
D r a g a. Ichmaydi, chekmaydi, olim, boy, risoladagiday …
M a r a. Bo‘lmasam-chi, xuddi shunday!
D r a g a. Olimligi ham rostmi?
J i v o t a. So‘rab nima qilasiz? Diplomiga bir qarang. Xo‘sh, ular nima dedi?
D r a g a. Hech nima, nuqul so‘ragani so‘ragan. Oilasi, mavqei… Mana qulay fursat, dedim, ertalab u ma’ruza o‘qiydi, boring, eshiting. O‘sha yerda ko‘rasiz… Qiz qiziqib: “Oyi, o‘tinib so‘rayman, ertalab ma’ruzaga boraylik”, – deb qoldi. Kelishsa kerak.
J i v o t a. Bu uchrashuv uchun bir bahona, Mara.
M a r a. Nasib etsa!
D r a g a. Chiqib ketayotganimda onasi orqamdan: “Draga xonim, biznikiga kirib turing, albatta kirib turing”, – deb qoldi.
M a r a. Keyin-chi?
J i v o t a. Senga yana nima kerak?
D r a g a. Hammasi joyida bo‘ladi, men yaxshi bilaman bu ishlarni. “Draga xonim, biznikiga kirib turing, albatta kirib turing” degan gapining tagida nima borligi ravshan.
J i v o t a. Bilasiz, men kambag‘al emasman, ammo, har holda, bilib qo‘ysak chakki bo‘lmas: qiziga necha kilometr sep berarkin?
D r a g a. A? Nega sepni kilometrlab o‘lchaysiz?
J i v o t a (kulib). Aha! Novvoydan tandirda qancha pul pishirayapsan deb emas, qancha non pishirayapsan deb so‘raladi-a? Non – uning boyligi. Temir yo‘l ministrida ham shunday: kilometrlar – uning boyligi.
D r a g a. Men negadir uncha tushunmadim, janob Jivota.
J i v o t a. Hozir tushuntiraman. Ministrning qo‘lida Transbalkon temir yo‘lining qurilishi. Bu – minglab kilometr, davlat ahamiyatiga ega! Men butun Transbalkon yo‘lini sep qilib bersin deyayotganim yo‘q, bunday qilolmaydi, lekin to‘rt yuz-besh yuz kilometrini ajratib berar axir.
D r a g a. Shunaqa deng? O‘z farzandiga bermay, kimga berardi… Sovchigayam, balki, biron kilometri tegib qolar.
J i v o t a. Bo‘lmasam-chi. Men sizga ko‘prik yoki tonnel va’da qilolmasam-da, biron kilometr…
M a r a. Ma’zur tutasiz, sizdan ba’zi narsalarni so‘rab olsam.
D r a g a. Marhamat qiling, Mara xonim.
M a r a. Qiz chiroylimi?
J i v o t a. Ministrning qizi bo‘ladi-yu, chiroyli bo‘lmaydimi!
M a r a. Odoblimi?
D r a g a. Ha-da. Odobli bo‘lmaganida, allaqachon erga tegib ketgan bo‘lardi.
M a r a. Bizning Miloraddan katta emasmikin?
J i v o t a. Katta, bema’ni gap! Ministrning qizi-ya!
D r a g a. Xullas… Ertalab ma’ruzada bo‘lishadi, men ana o‘sha yerda o‘g‘lingiz ularga yoqdimi, yo‘qmi, bilaman. (O‘rnidan turadi.) Kelib hammasini sizga aytib beraman.
J i v o t a. Juda yaxshi!
D r a g a. Endi menga javob, xayr qudajonlar. (Xayrlashib chiqadi.)
M a r a (kuzatib). Xayr, rahmat sizga.
J i v o t a (kuzatib). Rahmat, kirib turing, albatta kirib turing!

7

J i v o t a. Xo‘sh, eshitdingmi?
M a r a. Baxti ochilarmikin?
J i v o t a. O‘rgulay, ministrning qizi-ya, ministrning qizi!
M a r a. Yaxshi, Jivota, faqat… Nima desamikin… qandaydir g‘alati… uylanganni uylantirayapmiz.
J i v o t a. U emas, uning nomi uylangan.
M a r a. Uyqumda halovat yo‘q, tuni bilan o‘ylab chiqaman: orzu-havas ko‘rsam degandim, birdan osmondan shalop etib kelin tushdi, kimliginiyam bilmaysan kishi, buning ustiga – nevara. Milovan, Radovan yoki Dobroslav bo‘lsayam mayliydi, Pepik deganlariga o‘laymi!.. Odam ismini aytishgayam uyaladi.
J i v o t a. Nimasini aytasan… Bir boshimga shuncha tashvish!
M a r a. Ishonish qiyin… Advokat hech nima demadimi?
J i v o t a. Advokat yaxshi maslahat berdi: Klara kelib, “assalomu alaykum” deyishi bilan Milorad unga bir tarsaki tushiradi.
M a r a. Ayolni urish, nega?
J i v o t a. Haqorat qilish uchun. Haqorat – ajralish uchun bahona.
M a r a. Milorad ko‘nmaydi.
J i v o t a. Bo‘lmasa, ayol o‘g‘lingni tarsaki bilan tushirsin – bu ham haqorat.
M a r a. Nima deyapsan, qo‘ysang-chi! Blagoye aytganiday, biz Klarani guvohlar oldida xiyonatda ayblaymiz.
J i v o t a. Tentak, kim guvoh oldida xiyonat qiladi.
M a r a. Blagoye aytdiki, Milorad uni urishga rozi bo‘lmasa, balki o‘pishga rozi bo‘lar.
J i v o t a (ishonch bilan). Rozi bo‘ladi. O‘g‘limni yaxshi bilaman, bunday ishlarga suyagi yo‘q.
M a r a. Milorad uni o‘pib turganida, boshqa xonadan guvohlar chiqib, ularni sudga olib borishsa qanday bo‘larkin, deydi Blagoye.
J i v o t a. Xo‘sh, sudda nima qilamiz?
M a r a. Klarani xiyonatda ayblaymiz!
J i v o t a. Ana bu dononi qarang-a… Blagoyening singlisi ekaning shundoqqina ko‘rinib turibdi.
M a r a. Nima bo‘pti?
J i v o t a. Axir Milorad uning qonuniy xotini-ku. Demak u sudga “Qonuniy xotinim meni o‘pgani sababli men uni xiyonatkor deb bilaman va ajralishni talab qilaman”, der ekan-da.
M a r a (hayron). Vo-ey, hammasi alkash-chalkash bo‘lib ketdi-ku, boshimni yo‘qotib qo‘ymasam koshkiydi.

8

M i l o r a d (kiradi, qo‘lida gazeta). Bu nimasi?
J i v o t a. Nima?
M i l o r a d. Mana bu, gazetada yozilgan narsa: go‘yo men ma’ruza o‘qirmishman, meni eshitay deb chet eldan doktor Rayser kelgan emish.
J i v o t a. Gazetada yozishibdimi, demak, to‘g‘ri.
M i l o r a d. Nima to‘g‘ri?
J i v o t a. Doktor Rayserning kelgani.
M i l o r a d. Lekin mening ma’ruza o‘qishim noto‘g‘ri.
J i v o t a (Maraga). Ko‘rayapsanmi? (Miloradga.) Hoy, menga qara.
M i l o r a d. Qanaqa ma’ruza, nima to‘g‘risida?
J i v o t a. Mana ma’ruza tayyor. (Qo‘lyozmani beradi.)
M i l o r a d. O‘zingga buyursin. Menga kerakmas.
J i v o t a. Iltimos qilaman. Bunda sening baxting masalasi turibdi! (Maraga.) Sen ham bir nima desang-chi, og‘zingga talqon soldingmi?
M a r a. Nima deyman? Bolaginam aqlli, aytganingni qiladi.
J i v o t a. Baxtinggina emas, or-nomusing ham shunga bog‘liq, agar bilsang, mening nomusim ham!
M i l o r a d. Ha, shunaqa deng, sizlarning nomuslaringni men himoya qilay, mening sha’nimga dog‘ tushsayam mayli. (Maraga.) Kecha o‘n ming dinor so‘ragan edim, bermadi.
J i v o t a. Shu o‘n ming dinorni bersam, ma’ruza o‘qiysanmi?
M i l o r a d. Avval beraman degin, keyin bir gap bo‘lar.
J i v o t a. Bir oz kamaytirgin, kamaytirasanmi-a? O‘n ming dinor, axir, juda ko‘p-ku!..
M i l o r a d. Juda ko‘p?.. Shuncha qarzim bor. Diplom, xotin, bola yetmay turganday, ma’ruzani ham bo‘ynimga ildingiz! Yana o‘n ming dinor ko‘p emish!..
J i v o t a. Axir bularning hammasi sen uchun. Ma’ruza senga nima keltirishini bilasanmi? Mara, tushuntir bunga, ma’ruzada kim bo‘lishini ochiq ayt.
M a r a. O‘g‘ilginam, ministrning qizi bo‘ladi, atayin seni ko‘rish uchun kelarmish, sovchi shundoq dedi.
M i l o r a d. Sovchiga balo bormi, uylanganman-ku?
J i v o t a. Nima qilibdi? Uylanganlar ajralishmaydimi? Buni menga qo‘yib ber.
M a r i ts a (kirib). Ikkita xonim kelishdi.
J i v o t a. Qanaqa xonimlar?
M a r i ts a. Uch-to‘rt kun burun kelishuvdi-ku, o‘shalar.
J i v o t a. Yetimxonadan. (Miloradga.) Ma’ruza uchun kelishgan.
M i l o r a d. Bu meni qiziqtirmaydi.
J i v o t a. Butun Belgradda masxara bo‘lamiz-a. (Maritsaga.) Mayli, kirishsin.
M a r i ts a. Xo‘p bo‘ladi. (Chiqadi.)

9

J i v o t a. O‘g‘lim, o‘zingniyam meniyam sharmandalikdan qutqar.
M i l o r a d. O‘zimni qutqaraman. (Ketmoqchi bo‘ladi.)
J i v o t a (kiyimidan mahkam ushlab). Mara!.. Ushla!..
M i l o r a d. O‘n ming dinor berasanmi?
J i v o t a (ikkilanadi, xonimlarning oyoq tovushini eshitib, noiloj rozi bo‘ladi). Xo‘p, mayli, tovlamachi, yulg‘ich!

10

P r o t i ch va S p a s o ye v i ch (kirib, bir ovozdan). Salom, xonim afandi! Salom janob Sviyovich!..
J i v o t a. Mening o‘g‘lim, doktor Milorad Sviyovich!.. (“r” harfiga alohida urg‘u berib gapiradi)
X o n i m l a r. Ha, bizning yosh olim, juda soz, bag‘oyat xursandmiz. (Ko‘rishadilar.)
J i v o t a. Hozirgina o‘g‘lim sizlar bilan tanishish ishtiyoqida ekanini aytib turgandi.
X o n i m l a r. Oh, bu qanday baxt!..
S p a s o ye v i ch. Biz vakil…
P r o t i ch. To‘qqizinchi yetimxona boshqarmasi kengashi…
S p a s o ye v i ch. Protich xonim, ma’zur tutasiz, men o‘zim… biz gazetadan ma’ruzani eshitish uchun Freyburgdan doktor Rayser kelganini bilib qoldik.
P r o t i ch. Janob Rayserni shaxsan taklif etmoqchi edik.
S p a s o ye v i ch. Uni qayerdan topsa bo‘larkin?
J i v o t a. Yaxshisi, qidirmanglar, aftidan, u ma’ruzalarni yoqtirmasa kerak.
P r o t i ch. Gazetalarda shu ma’ruzani eshitish uchun keldi deb yozilgan-ku.
J i v o t a. Ha, albatta, janob Rayser umuman ma’ruzalarni yoqtirmasa-da, buni eshitadi.
S p a s o ye v i ch (Miloradga). Janob doktor, sizni boshqarmamiz kengashi a’zolaridan birontasi tinglovchilarga tanishtirsa yaxshi bo‘lmasmikin. Shunga nima deysiz?
M i l o r a d. Menga baribir.
P r o t i ch. Balki, sizni kengashning ikkita a’zosi tanishtirishini istarsiz?
M i l o r a d. Ikkita bo‘lsa ham mayli, biroq ulardan bittasi gapirgani ma’qul.

11

B l a g o ye (kiradi, hansiragan holda). Ana u, kelayapti!..
J i v o t a. Kim?
B l a g o ye. Professor Rayser!..
X o n i m l a r (xursandlikdan sakrashib). Oh, qanday soz!..
J i v o t a. Esing joyidami? Uni mening oldimga olib kelib nima qilarding?
B l a g o ye. Nima qilay, Miloradning onasini ko‘rishim kerak deb turib oldi!..
J i v o t a. Otasini ko‘rdi-ku, onasini nima qilarkan?
S p a s o ye v i ch. Baxtimizni qarang-a, buyuk olim bilan shaxsan tanishib, yetimxonaga taklif qilamiz.
J i v o t a (Blagoyega). Borib ayt, kelmasin!
B l a g o ye. Shuncha urinib ko‘rdim, bo‘lmadi!
J i v o t a. Unda yo‘qol ko‘zimdan!
(Blagoye xijolat chekib, chiqadi.)

12

J i v o t a (sekin kulayotgan Miloradga). Ha, sen nimaga shaqillab qolding?
M i l o r a d. Blagoye tog‘am juda kulgili-da.
J i v o t a. Kulgilikka kulgili! Lekin endi nima qilamiz?
P r o t i ch. To‘qqizinchi yetimxona nomidan unga tashakkur bildirishga ijozat bersangiz.
J i v o t a (o‘zini tamomila yo‘qotib). Ha, unga ayting… faqat, iltimos, o‘zingizni yo‘qotib qo‘ymang… e, kechirasiz siz emas, sen Milorad, qo‘rqma, dadil bo‘l!..
M i l o r a d. Nega endi men?
J i v o t a (battar dovdirab). Ha, ha, sen emas. Mara, unda sen dadil bo‘l.
M a r a (cho‘chib). Nega endi men?
J i v o t a. Nega endi men, nega endi men?! Kimdir uni kutib olishi kerakmi, yo‘qmi!..

13

(Blagoye, Rayser, Velimir kiradilar)
B l a g o ye. (birinchi bo‘lib kiradi, dovdiragan, o‘zini yo‘qotgan). Marhamat qilsinlar, marhamat qilsinlar! (Rayser kirgandan keyin.) Ijozatingiz bilan… Miloradning otasi, janob Jivotani tanishtirsam…
J i v o t a. Qachondan beri men ota bo‘lib qoldim, nega meni bu ishga aralashtirasan?
B l a g o ye. (battarroq dovdirab). Ya’ni, masalan, men – ota, bu esa ona. (Jivotani ko‘rsatadi.)
X o n i m l a r. Voy o‘lmasam!..
(Mara cho‘qinadi, Milorad qotib-qotib kuladi.)
V ye l i m i r (jahli chiqib, ahvolni tuzatmoqchi bo‘ladi; Blagoyega). Dada, nima bo‘ldi senga, mana bu-ku oyim.
B l a g o ye. Ha, ha… (Rayserga, Marani tanishtirib.) Ijozatingiz bilan tanishtirsam, Miloradning oyisi.
R a y s ye r. (tilni kitobdan o‘rgangan kishi bo‘lganidan sekin, hijjalab). Hurmatimni qabul qilsangiz, xonim afandi, men o‘g‘lingizni juda qadrlayman.
J i v o t a. Marhamat qilsinlar!
X o n i m l a r (Jivotaga). O‘tinamiz bizni tanishtiring, bizni tanishtirib qo‘ying!
J i v o t a (Blagoyega). Bularni tanishtir!
B l a g o ye (o‘zini olib qochib). Men bularni tanimayman.
X o n i m l a r (Rayser oldiga kelib, bir ovozdan). Hurmatli janob professor, biz 9-etimxona boshqarmasi kengashining a’zolarimiz. Mazkur yetimxona shunday bir muhim ijtimoiy muassasaki…
R a y s ye r (Velimirga). Iltimos, tarjima qilib bering…
S p a s o ye v i ch (Protichga). E-e, ruxsat bering, men gapiray, bo‘lmasa janob professor bizni tushunolmaydi.
P r o t i ch. Gapiring, marhamat!
S p a s o ye v i ch. Biz, oliyhimmat janob professor, 9-sonli yetimxona boshqarmasi kengashining a’zolarimiz!
P r o t i ch. Mazkur yetimxona shunday bir muhim ijtimoiy muassasaki…
S p a s o ye v i ch. …ma’ruzalar tashkil qilib turadi.
J i v o t a (Blagoyega). Hozir bomba portlaydi!
P r o t i ch. Biz sizni ma’ruzaga taklif qilgani keldik, ma’ruzani sizning saxovatli shogirdingiz… (Miloradni ko‘rsatadi.) Janob doktor Milorad Sviyovich… o‘qiydi.
R a y s ye r (ajablanib). Kechirasiz…
S p a s o ye v i ch. Uning hurmatli otasi janob Jivota… (Jivotani ko‘rsatadi.)
B l a g o ye (sekin Jivotaga). Portladi…
P r o t i ch. …iltifot qilib, janob doktorni ko‘ndirishda bizga yordam berdi.
S p a s o ye v i ch. Biz shuning uchun ham baxtlimizki, hurmatli janob professor, Freyburgdan ataylab shu ma’ruzada qatnashish uchun kelibsiz.
R a y s ye r (Velimirga). Men hech nimaga tushunolmayapman. Qanaqa ma’ruza o‘qimoqchisiz?!
S p a s o ye v i ch. U emas, janob doktor Milorad Sviyovich. (Miloradni ko‘rsatadi.)
R a y s ye r. E, ha, janobning o‘g‘li. (Blagoyeni ko‘rsatadi.)
P r o t i ch. Uning o‘g‘li emas! Bu janobning o‘g‘li! (Jivotani ko‘rsatadi.)
J i v o t a (Protichga). Xudo xayringizni bersin, meni bu ishga aralashtirmang.
R a y s ye r (Jivotaga). Siz kimning otasisiz?
J i v o t a. Bilmay qoldim!
M a r a. Eh, Jivota!
R a y s ye r (Blagoyega). Xo‘sh, siz kimning otasisiz?
B l a g o ye. Bilmay qoldim!
P r o t i ch (Jivotaga). Taqsir, axir Milorad Sviyovich sizning o‘g‘lingiz-ku, ma’ruza o‘qib beradi, shunday emasmi?
R a y s ye r. Pardon, xonim, doktor Milorad Sviyovich – bu kishining o‘g‘li. (Blagoyeni ko‘rsatadi.)
B l a g o ye. Ha, shunday!
X o n i m l a r. Voy o‘lmasam!
J i v o t a. Ko‘rib turibsiz, masala ravshan, bu to‘g‘rida ortiq og‘iz ochmagan ma’qul.
S p a s o ye v i ch (Maraga). O‘tinib so‘rayman sizdan, xonim afandi, ayting-chi, o‘g‘lingizning otasi kim?
M a r a. Men qayerdan bilay?!
X o n i m l a r. Voy o‘lmasam!..
M i l o r a d. Oyi, nima deyapsan?
M a r a. Nima deyayotganimni o‘zimam bilmayman, ipga o‘ralib qolgan g‘ozga o‘xshayman.
X o n i m l a r. Ammo marhamat qilib tushuntirsangiz, biz negadir anglayolmayapmiz…
J i v o t a (o‘ziga bir oz kelgan edi, birdan qaynab ketadi). Ovozlaringni o‘chirasanlarmi, yo‘qmi! Nega hadeb oilaviy ishimizga aralashaverasanlar?.. Menga Pepik kamlik qilib turuvdi, endi yetimxonani ham yelkamga ortishdi…
X o n i m l a r. Bu nimasi, taqsir!
R a y s ye r (uni tinchitishga harakat qilib). Xonimlar demoqchiki…
J i v o t a (qaynab). E-e, sizni o‘zi Freyburgdan qaysi alvasti chaqirdi, nega ha deb oilaviy ishlarimga burningizni tiqasiz?.. Hoy, Vizantiya, oilamni tinch qo‘y! Freyburg nomini eshitsam ko‘nglim aynaydi. Bas! (Baqiradi.) Yetar!.. (Umumiy hayajon, Velimir Rayserni tinchitishga urinadi. Protich va Spasoyevich Mara bilan Blagoyega bir nimalarni tushuntirayapti. Milorad bir chetda turib, mazza qilib kulayapti. Jivota mushkul bir ahvolda, o‘zicha.) Pepik, bechora Pepik, meni ne ko‘ylarga solding!..

PARDA

UChINChI PARDA

1

(Milorad oyoqlarini stulga qo‘yib, kushetkada yotibdi. Asabiy bir holatda, chekmoqda.)
M a r i ts a (kiradi). Janob Milorad!
M i l o r a d (irg‘ib turib, baqiradi). Nima?.. Aytdim-ku, hech kim mening tinchimni buzmasin deb!
M a r i ts a. Men…
M i l o r a d. (unga yostiqlarni otadi). Yo‘qol!.. Yo‘qol!..
(Maritsa chap tomonga qochadi.)

2

(Milorad oldingiday yotib, cheka boshlaydi. Chap tomondagi xonadan Slavka, uning ketidan yashirinib Maritsa chiqadi.)
M i l o r a d (irg‘ib turib, yana yostiq otmoqchi bo‘ladi). Men nima dedim?..
S l a v k a (unga yaqin kelib). O‘tinaman, tinchlan! (Shu payt Maritsa tashqariga chiqib qochadi.) Bugun senga nima bo‘ldi?..
M i l o r a d. Nima?.. Quturishimga oz qoldi…
S l a v k a. Nega axir?
M i l o r a d. So‘raganing nimasi? O‘z ko‘zing bilan ko‘rmadingmi, ma’ruzada sharmanda bo‘lganimni?
S l a v k a. Qanday qilib o‘zingni bu daraja yo‘qotib qo‘yding-a?.. Albatta, xaloyiq kula boshlaganda, o‘zimizni qayerga qo‘yishni bilmay qoldik. Iloji bo‘lganda, qochib qolardim.
M i l o r a d. Qanday qilib yo‘qotmay? Mana o‘qib ko‘rgin-a, nima deb yozgan o‘sha faylasuf qarg‘a! Bir eshitib ko‘r. (Yonidan qo‘lyozmani chiqarib, o‘qiydi.) “Logotsentrik va biotsentrik problemalarning kontemplyativ intuitsion – vitalistik bayonida biz klimakterik madaniyatlarning derizorli profanatsiyalariga duch keldik”. Qani, bir qaytarib ko‘r-chi! Shu so‘zlarga kelganimda, miyamga qon quyildi, qaltiray boshladim, bamisoli odam yurmas, yovvoyi hayvonlar o‘kiradigan changalzorga kirib qolganday chalkashdim, adashdim. Shunaqa so‘zdan yana bir jufti bo‘lgandami, arslonday o‘kirardim!.. Sen yana so‘rab o‘tiribsan!..
S l a v k a. Nega bo‘lmasa shu ma’ruzani o‘qishga rozilik berding?
M i l o r a d. Nega?.. Qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, o‘n ming dinor topishim kerak edi-da.
S l a v k a. Yana biron qarz bergan odam uchundir?
M i l o r a d. Yo‘q, bu safar chiroyli ayol uchun.
S l a v k a. Birgina ayol uchun-a?
M i l o r a d. Bo‘lmasam-chi! Qarz bergan odam uncha xavfli bo‘lmaydi, oldin ogohlantiradi, keyin sudga beradi, suddan ijro qog‘ozi keladi, ayol esa bir nafasda yo u yoqlik-yo bu yoqlik qiladi qo‘yadi.

3

M a r i ts a (eshikdan boshini suqib). Taqsir, sizni qandaydir bir xonim so‘rayapti…
M i l o r a d (baqirib). Qanaqa xonim?
M a r i ts a. Bolalik ayol.
M i l o r a d. Bu – o‘sha. (Sochilgan yostiq va boshqa buyumlarni yig‘adi.) Hozir u hammasiga javob beradi!
S l a v k a. Kim?
M i l o r a d. Yetimxonadan bo‘lsa kerak. Kecha bolalar bilan borib tashakkur bildirib kelaman, degandi.
S l a v k a. Nima bo‘lgandayam, qo‘pollik qilish yaramaydi.
M i l o r ad. Yo‘q, azizim! Boshiga bir tushiraman. Bu yetimxona meni sharmandai sharmisor qildi. (Maritsaga.) Ayt, kirsin.
S l a v k a (o‘z xonasiga kirayotib). O‘zingni tut, o‘tinaman!

4

(Maritsa chetlashib, to‘rt yashar bola yetaklagan Klarani ichkariga kiritadi. Milorad unga yostiq otmoqchi bo‘ladi.)
K l a r a (bunaqa mulozimatdan ajablanib, orqaga tislanadi). Pardon! (Milorad bu yetimxona vakili emas, balki chiroyli va istarasi issiq ayol ekanini ko‘rib, sekin-asta qo‘lini tushiradi.) Kechirasiz, men janob Milorad Sviyovichni qidirib kelgan edim.
M i l o r a d. Bu – men.
K l a r a. Yo‘g‘-ey, nima deyapsiz, taqsir, men o‘z erimni aytayapman.
M i l o r a d. Ha, men o‘shaman.
K l a r a. Voy, taqsir, men erimni har holda yaxshi bilsam kerak.
M i l o r a d. Har holda, bekam, eringiz men bo‘laman.
K l a r a. Balki, sizning tilingizda to‘g‘ri gapirolmayotgandirman?
M i l o r a d. Mutlaqo undaymas, Klara xonim, siz yaxshi gapirar ekansiz. Meni lol qildingiz. Pepik, ehtimol, tilimizni bilmasa kerak?
K l a r a. Siz uning ismini qayerdan bilasiz?
M i l o r a d. O‘z bolamning ismini nega bilmas ekanman. Kel, toychoq, kel menga, qo‘rqma! Qiziq, mutlaqo menga o‘xshamaydi.
K l a r a. Ammo, taqsir… kim bilan tanishish sharafiga muyassar bo‘ldim?..
M i l o r a d. Men o‘zimni tanishtirdim, bekam.
K l a r a. Manzilni almashtirib qo‘ymadimmikin? Biroq siz bizning ismimizni bilasiz. Bu yerda ikkita Sviyovich yashamasmikin?
M i l o r a d. Doktor Milorad Sviyovich menman – mendan boshqa eringiz ham yo‘q.
K l a r a. Yaxshi, biroq qanday qilib…
M i l o r a d. Ishonmaysizmi? Sizga qanday qilib isbotlasam ekan?
K l a r a. Onangiz shu yerdamilar?
M i l o r a d. Ha. (Qo‘ng‘iroq chaladi.) Oyim sizga tushuntiradi.

5

M a r i ts a (kirib). Nima kerak!
M i l o r a d. Oyimni chaqirib qo‘ying, Klara xonim bilan Pepik kelishibdi, deng.
M a r i ts a. Xo‘p, bo‘ladi. (Chiqadi.)

6

K l a r a. Ajab! Onangiz meni kutayaptimi?
M i l o r a d. Menga xat yozdingiz-ku?
K l a r a. Ha, biroq men o‘z erimga yozgan edim… Bunaqa o‘zgarish bo‘lishi mumkin emas. Siz erimga sira o‘xshamaysiz.
M i l o r a d. Eringizga o‘xshashimning hojati yo‘q, biroq ishontirib aytamanki, men quyib qo‘yganday doktor Milorad Sviyovichning o‘zginasiman.
K l a r a. Bilmadim, ehtimol…
M i l o r a d. Mana oyim, so‘zlarimni tasdiqlaydi.

7

K l a r a. (Maraga peshvoz chiqib, uning qo‘lini o‘padi). Oyi, oyijon, men sizni ko‘rganimdan g‘oyat baxtliman!
M a r a. (dovdirab). Men… rostdanmi, Klara?
K l a r a. (bolani qo‘liga olib). Pepik, xertsxen, kyuss di xand der grossmama! Das ist dayne grossmama.
M a r a. (battarroq dovdirab). Ha, bu Pepikmi?.. Endi nima qilay? Milorad, o‘g‘lim, nima qilamiz?
M i l o r a d. Nima qilarding? Quchoqla nevarachani!
M a r a. Ha, to‘g‘ri… bolada nima ayb. (Pepikni o‘padi; Klaraga.) demak, kelibsizlar-da? Poyezd qachon keldi?
K l a r a. Yarim soat bo‘ldi.
M a r a. O‘zlaringmi? Eringiz kutib olmadimi?
K l a r a. Yo‘q! Men kelish vaqtini aniq ko‘rsatmagan edim. (Marani quchoqlab.) Oyi… shunaqayam mehribonsizki! Milorad menga aytgan, siz dunyodagi eng yaxshi ayolsiz.
M a r a (Miloradni quchoqlaydi va erkalaydi). Onalarning hammasi ham shunaqa. O‘g‘lim biroz sho‘xroq.
K l a r a. Yo‘q, bu emas…
M a r a. Kim bo‘lmasa?
K l a r a. Menga o‘zimning erim aytgan.
M a r a. Uning onasini tanimayman ham.
K l a r a (ajablanib). Qanaqasiga? O‘tinaman, xonim afandi, mening erim Milorad… Mening Miloradim boshqa… bu emas…
M a r a. Boshqa bo‘lsa koshki edi, boshqa emas-da.
M i l o r a d. Bu – men, boshqa Milorad yo‘q.
K l a r a. Doktor Milorad Sviyovich-a?..
M i l o r a d. Men.
K l a r a. Tushuntirib bering, balki men yanglishayotgandirman?
M a r a. Qanday qilib tushuntiraman?.. Oh, bolaginam, mening o‘zim ham xuddi tush ko‘rayotgandayman, bilmayman…
K l a r a (Miloradni ko‘rsatib). Bu janob eringman, deydi. Buni qanday tushunsa bo‘ladi?
M a r a (Miloradga). Aytdingmi? Otang xafa bo‘ladi. (Klaraga.) Chindanam bu sizning eringiz, biroq bu haqda og‘iz ocha ko‘rmang, hech kim bilmasligi kerak.
K l a r a. Voy, Xudoyim… dahshat. Siz mening ustimdan kulayapsiz. Bu qanday ko‘rgilik! Ey, Xudo! (Yig‘laydi.)
M a r a (uning oldiga kelib, ovutadi). Yig‘lamang, jonginam, buni shunday qoldirmaymiz, nikohni buzishga harakat qilamiz!
K l a r a (boshini ko‘tarib). Nikohni buzish? Nimaga?
M a r a. “Nimaga?”. O‘zim ham bilmayman, nimaga?.. Milorad, azizim, bunga sen tushuntir…
M i l o r a d. Dadam tushuntira qolsin. (Klaraga.) Grossdada hammasini tushuntirib beradi. Oyi, Klara xonim yo‘ldan charchab kelgan, Pepik ham och qolgandir.
M a r a. Voy o‘lmasam, rost! Marhamat qiling, erimni kutamiz. Marhamat!
M i l o r a d. Qani, bekam, marhamat qilsinlar, o‘z uyingizdasiz. (Chap tomondagi eshikni ko‘rsatadi.) Oyi, qalay, senga yoqdimi?! (Mara qo‘li bilan jim bo‘l ishorasini qiladi va Klarani olib chiqadi. U ham sekin ular ortidan boradi, o‘zicha.) Yetti uxlab tushimga kirmagan edi, qarang, shunday chiroyli xotinim bor ekan-a!..

8

J i v o t a. (Blagoye bilan urishayotgan ovozi eshitiladi. Birozdan keyin kiradi). Menga firib berding, hech bo‘lmaganda meni sakson tinglovchiga tushirding!
B l a g o ye. Kim tushirdi? Mening nima aloqam bor? Nega men?
J i v o t a. Sen, albatta!.. Men senga yuzta biletni sotib olib, ishonch­li odamlarga bo‘lib bergin, deb pul berdim. Xo‘sh, qani o‘sha qarsakchilar? O‘ntacha odam qarsak chaldi, xolos. Qolgani suvga cho‘kibdi-da.
B l a g o ye. O‘tiruvdi, birodar, qarsak ham bo‘ldi, biroq…
J i v o t a. Nima biroq? Bir necha kishigina shunchaki yo‘liga kaftini qashlab qo‘ydi, Milorad dovdirab, o‘zini yo‘qotgach, sening yuz biletingning hammasi qah-qah urib kula boshladi, go‘yo bepul bilet ularga kulish uchun berilganday.
B l a g o ye. Yo‘q, undaymas, taqsirim, kulganlar o‘z puliga bilet olib kirgan. Taqiqlay olmaysan, ular o‘z pulginasiga kulishdi.
J i v o t a. Nimaga kulishadi?
B l a g o ye. Chunki…
J i v o t a. Chunki hech nimaga aqli yetmaydi: xorijiy so‘zlarsiz falsafa falsafami.
B l a g o ye (bo‘g‘inlab). An-ti-tsi-pa-tiv di-na-mi-ka. Buni yodladim. Biroq o‘lay agar ma’nosini bilsam, sen bilasanmi?
J i v o t a. Bilmayman!
B l a g o ye. Hech kim bilmaydi.
J i v o t a. Hamma bilganda, falsafa bo‘larmidi. Falsafa degani nima o‘zi? Falsafa shuki, men gapirganda sen tushunmaysan, sen gapirganda men tushunmayman. Sen qilgan ish, masalan, naq falsafaning o‘zginasi. Men senga yuzta biletga pul berdim, sen bo‘lsang atigi yigirmata sotib olgansan.
B l a g o ye. Yana boshladingmi?

9

M a r a (Pepik bilan birga kiradi). Jivota…
J i v o t a (Pepikni ko‘rib, unga ajablanib termuladi va to‘satdan tili tutiladi). Mara… Bu o‘shami?..
M a r a. Ha!
J i v o t a. Pepik-a?
M a r a. Ha.
J i v o t a. Pepik?!.. Ey, Xudo, ey, Xudoyim! (Qattiq hayajonlanadi, yig‘lay boshlaydi va ko‘zini ishqalaydi.)
M a r a. Hoy, endi nimaga yig‘laysan?
J i v o t a. Voy, Xudoyim-ey, mening nevaraginam!
B l a g o ye. Nega nevaraginang bo‘larkan!
J i v o t a. (cho‘chib, afti o‘zgaradi). Ha-ya… Qanday qilib u menga nevara bo‘lsin. Qaribman, shekilli… birovning bolasiga yig‘lab o‘tiribman-a!
B l a g o ye. Men ham hayron bo‘ldim, nimaga…
J i v o t a. “Nimaga, nimaga?”. Agar bilsang, rasman chindanam u mening nevaram.
M a r a. Yaxshi bola, mo‘mingina, sho‘xlikni bilmaydi.
J i v o t a. Sho‘xlikni bilmaydi, albatta, Shveytsariyada tug‘ilgan, u yerda boshqacha, bizda esa tug‘ilganidan to bandalikni bajo keltirguncha o‘kirishadi. Sen unga boshimizga qanday balolar yog‘dirganini tushuntirmadingmi?
M a r a. Kimga?
J i v o t a. Pepikka.
M a r a. Nima deyapsan, Jivota, axir u go‘dak-ku!
J i v o t a. Go‘daklikka go‘dak, biroq bilib qo‘ysin… Menga qara, Pepik, bolaginam, so‘zlarimga quloq sol… (Berilib ketadi, Pepik uning so‘zlariga tushunayotganday, jiddiy ohangda gapira boshlaydi.) Gaplarimni eslab qol, bir qulog‘ingdan kirib, ikkinchisidan chiqib ketmasin tag‘in! Xo‘p, mayli, sen tug‘ilding deylik, bu sening shaxsiy ishing, bunga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q. Biroq sening ham boshqalarning shaxsiy ishlariga aralashishga haqqing yo‘q. Sen esa, birodar, yorug‘ dunyoga kelgan zahotiyoq mening rejalarim va hisob-kitoblarimga suqilib kirding-u, shunday chigallashtirib yubordingki, uni yechishga bandasining kuchi yetmaydi. Dalil keltirishim mumkin. Mana masalan, qorinchangga yarim kilogramm gilos sig‘masayam, 470 kilometr transbalkon temir yo‘lini, to‘rtta ko‘prik, yettita tonnelni g‘ing demasdan yutib yubording! Nima qilib qo‘yganingni bildingmi endi?
B l a g o ye. (Pepikka). Fershteyst du?
J i v o t a. (Blagoyega). Fershtept – mershtetingni bilmayman, menga baribir, faqat bu mening gaplarimni eshitsin. (Pepikka.) Xo‘sh, o‘g‘ilcham, sen ulg‘ayasan, aytaylik, maktabni tugatolmaysan, o‘qishning o‘rnida firibgarlik qilib, soxta veksellar, cheklar, tilxatlar yasaysan. Katta bo‘lganingda bu tushunarli, biroq sen, o‘g‘ilcham, soxta bo‘lib tug‘ilding!.. Qani endi o‘zing ayt-chi, yaxshimi shu? Axir tug‘ilgandan ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullangan bo‘lsang, oxiri nima bo‘ladi? Qani ayt-chi, azizim, nega kelib-kelib mening nomimni o‘zlashtirib olding, shirillatib qo‘l qo‘yaveraman debsanda-a, veksellarga?! Eh, Pepik, kechir meni, men senga rahm qilolmayman! Meros deysanmi? Kutishga to‘g‘ri keladi!
M a r a. Yo tavba, Jivota, sen shunday gapiryapsanki, go‘yo bola hammasini tushunayotganday.
J i v o t a. Men bunga hamma gapni aytaman, balki biroz yengil tortarman.
M a r a. Gaplaringni otasiga ayt.
J i v o t a. Menga qara… Pepik bir o‘zi keldimi?
M a r a. Onasiyam shu yerda.
J i v o t a. Klara-ya?
M a r a. Ha.
J i v o t a. Xo‘sh, u nima deydi?
M a r a. Hech nima, hayajonda, o‘ziga kelmayapti, yig‘lagani yig‘lagan. Slavka bilan Milorad uning yonida, yupatishyapti.
J i v o t a. Miloradga aytib qo‘y, judayam yupatavermasin, eshitdingmi? U unga er emas! Velimir kelmadimi?
M a r a. Yo‘q. Aytib kelishga odam yubordim. Bilasanmi, u qo‘lingni o‘pmoqchi.
J i v o t a. Nima qiladi qo‘limni o‘pib?
M a r a. O‘zing bilasan. Rad etish yaxshimas, har qalay. Chaqiraymi uni?
J i v o t a. Nima deyishimni ham bilmay qoldim! Blagoye, sen nima deysan?
B l a g o ye. Qo‘lni berish mumkin-u, lekin sovuqroq, sen bo‘lsang mana Pepikni ko‘rib yig‘lab yuribsan.
J i v o t a. Alamimdan yig‘ladim… Sen, Mara, boraver, men hozir boraman, Blagoye bilan qiladigan ba’zi ishlarim bor.
M a r a. Bo‘pti. (Pepikka.) Yur, Pe… Uh, Xudo ursin, hech otini aytolmayman. Qani yur, o‘g‘ilginam! (Pepik bilan chiqadi.)

10

J i v o t a. Eh, Blagoye, nimadan boshlashni bilmayman. Bir qarorga kelish kerak. Professor kreslosida o‘tirgansan, biron bir professorcha maslahat bersang-chi!
B l a g o ye. Maslahat berganman: Klarani xiyonatini fosh qilib, ajralish haqida masala chiqaramiz. Boshqa yo‘l yo‘q.
J i v o t a. Xiyonatsiz bo‘lmasmikin?
B l a g o ye. Bo‘ladi! Agar sen tan olsang, nima uchun…
J i v o t a. Yana shu gap. Biron yangiroq gap topsang-chi.
B l a g o ye. Yangiroq gap? Xarakterlari to‘g‘ri kelmadi, desakmikin…
J i v o t a. Qo‘ysang-chi, Milorad qayda-yu, xarakter qayda…
B l a g o ye. Men ham shuni o‘yladim. Eng yaxshi yo‘l – xiyonat.
J i v o t a. Bu ishni qanday eplaysan?
B l a g o ye. Senga aytgandim… Klara bilan Velimir uchrashadi. Er-xotin, bir yil ko‘rishmagan – uchrashgan zahoti quchoqlashishadi. Mana shu topda guvohlar hozir bo‘ladi – ish tamom, vassalom.
J i v o t a. Yaxshi, qani guvohlaring?
B l a g o ye (soatiga qarab). Men ularga soat o‘n birda kelasiz degandim. Shoshma, ko‘ramiz! (Qo‘ng‘iroq chaladi.)

11

M a r i ts a (kirib). Labbay!
B l a g o ye. Bir janob bilan bir xonim kelishmadimi?
M a r i ts a. Shu topda kelib turishgan edi.
B l a g o ye. O‘shalar. Kirsin!
(Maritsa Soyka bilan uning eri Simani boshlab kirib, so‘ng o‘zi chiqadi.)

12

B l a g o ye (Jivotaga tanishtiradi). Mana bu Soyka xonim, unisi uning eri.
J i v o t a. Xursandman!
S o y k a. Bizni janob Blagoye taklif qildi.
J i v o t a. Ha, siz to‘g‘ringizda aytgan edi. Aytishlaricha, bunaqa ishlarda ustasi farang emishsizlar.
S o y k a. Bo‘lmasam-chi, xizmatingizga tayyormiz. Men va janob Sima bu ish bilan ko‘p yillardan buyon shug‘ullanamiz.
J i v o t a. Janob Sima deganingiz kim?
S o y k a. Erim.
J i v o t a. Nega uni janob Sima deb ataysiz?
S o y k a. Sizga nima desam-a?.. U menga ham er, ham er emas. Biz bir tom ostida yashasak-da, besh yil bo‘ldi, ajrashganmiz.
J i v o t a. Nega ajrashdingiz?
S o y k a. Kasbimiz shuni taqozo qildi. Agar biz er va xotin sifatida guvohlik qilsak, foyda oz, kelishib olishgan deyishlari mumkin. Hozir biz har xil guvohlarmiz: U – Sima Yachmenich, Men – Soyka Purichman. Shuning uchun ham men uni “janob Sima” deb, u meni “Soyka xonim” deb ataydi.
J i v o t a. Guvohlik berish – bu sizning kasbingizmi?
S o y k a. Ha, lekin faqat ajrashish ishlari bo‘yicha.
J i v o t a. Ko‘pmi bunaqa ishlar?
S o y k a. Ha, shikoyat qilmaymiz. Hozir siyosat, futbol va ajrashish moda bo‘lgan. Jamiyatimiz shu bilan band. Nikohdan o‘tib, bir-ikki oy yashaydilar-u, bir-birlaridan to‘yib ajrashish tashvishiga tushib qoladilar. Guvohsiz ajrashib bo‘larmidi?
J i v o t a. Daromad tuzukmi, ishqilib?
S o y k a. Xudoga shukur, topib turibmiz. Hammasi ishga bog‘liq. “Uni, buni eshitdik” deydigan bo‘lsak, bir taksa, “uni, buni ko‘rdik” desak boshqa taksa, uchinchisi…
J i v o t a. Uni, buni.
S o y k a. Yo‘q, uchinchisi uni, buni emas, undoq, bundoq qilib turgani ustidan chiqib qoldik.
J i v o t a. Undoq, bundoq? Bunisi eng qimmat tursa kerak-a?
S o y k a. Yo‘q, eng qimmati soxta qasam ichish.
J i v o t a. Qasam ham ichasizmi?
S o y k a. Kerak bo‘lganda.
J i v o t a. Axir bu gunoh-ku!
S o y k a. Boshqa ishlarda gunoh, ajrashishda emas. Bunda soxta qasam ichsang tomonlardan birining oldida gunohkorsan, ikkinchisiga esa yaxshilik qilasan.
J i v o t a. Hoy, Blagoye, mana buni ish desa bo‘ladi!..
S o y k a. Ba’zan biron bir boyvachcha topilib, hamyonini kattaroq ochib qoladi, deng, o‘shanda biz mo‘jiza ko‘rsatamiz!
J i v o t a. Qanday?
S o y k a. G‘iybat va ig‘vo to‘qish kerak bo‘lganda, masalan. Bir er, aytaylik, xotinidan qutilmoqchi, biroq ajrashish uchun asos yo‘q. U kelib bizdan besh yuz yoki yetti yuz dinorga ig‘vo to‘qishni iltimos qiladi.
J i v o t a. Men g‘iybat va ig‘volar bepul to‘qiladi deb o‘ylardim.
S o y k a. To‘g‘ri, lekin siz aytgan g‘iybatlar quloqlarga shivirlab aytiladi, ajrashish uchun esa hammaga eshittirib oshkora aytish kerak. Shu sababli u haq talab qiladi.
J i v o t a. Ko‘rinib turibdi, o‘z kasbingizni puxta egallabsiz. Xo‘sh, mening ishimni qanday bajarasiz?
S o y k a. Qanday istasangiz, shunday qilib. Xizmatingizga tayyormiz.
J i v o t a. Blagoye, rejamni tushuntir.
B l a g o ye. Masala shunday: janob Jivotaning kelini, aytaylik, eriga xiyonat qiladi.
S o y k a. Birgina savol. U, biroz haligiday emasmi?
B l a g o ye. Kim biladi? Ayol!
S o y k a. Ha, sho‘xlikka kelganda, ayollarga Xudo bergan. A kelin qayerlarda bo‘ladi, dugonasi yoki biron tanishi bormi?
B l a g o ye. U yaqinda kelgan va hech qayerga chiqqanicha yo‘q. Hozir bir yigit keladi, u kelgan zahotiyoq kelinimiz uning bag‘riga otiladi.
S o y k a. Shunga ishonasizmi?
B l a g o ye. Albatta quchoqlashishadi. Shu topda ikki guvoh ularni ko‘radi-yu, ish tamom, vassalom!
S o y k a. Darvoqe… bu bir muncha shubhali, biroq biz ko‘rmasak ham guvohlikka o‘taveramiz.
J i v o t a. Yo‘q, men ko‘rishlaringni istayman.
S o y k a. E, istashga istaysiz-a, biroq bundan hech nima chiqmaydi – axir biz turganda ular qanday qilib o‘pisha oladi?
J i v o t a. Nega endi? O‘pishaveradi!..
B l a g o ye. Yaxshisi, siz boshqa xonada yashirinib turasiz, ular quchoqlashib turganda to‘satdan kirib borasiz.
S o y k a (o‘ylab). Bo‘ladi, bo‘ladi!.. Faqat qachon kirib borishni qayerdan bilamiz?
J i v o t a. Eshik tirqishidan qarab turasiz-da.
S o y k a. Yo‘q, yaxshisi birov signal bersin.
J i v o t a. Blagoye bajaradi bu ishni.
B l a g o ye. Qanday signal?
S o y k a. Eng yengil – biron narsani tushirib yuborasiz. (Atrofiga qarab.) Mana, shu patnisni tushirib yuborsangiz ham bo‘ladi. (Stoldan patnisni olib, yerga tashlaydi.) Yaxshi eshitiladi.
J i v o t a. Sen nima deysan, Blagoye?
B l a g o ye. Yaxshi.
J i v o t a. Janob Sima nima deydilar?
S i m a. Kechirasiz, begona odamlarning oldida faqat xotinim gapiradi.
S o y k a. Ha, shunday qilishga to‘g‘ri keladi. O‘lguday mahmadona, nuqul ishni buzadi. Guvohlik berish uchun aytadigan gapini ham men yozib beraman, yodlab olmagunicha men uni sudga olib bormayman!
J i v o t a. Bo‘pti, siz aytgancha bo‘la qolsin. Hozir shoshilmoq kerak, haligi yigit har daqiqada kelib qolishi mumkin.
B l a g o ye. Anavi xonaga kirib turinglar, marhamat!..
(O‘ng tomondagi xonaga olib kiradi, ularni qoldirib, o‘zi tez qaytib chiqadi.)

13

J i v o t a. Shunaqayam sergap ayol bo‘ladimi!..
B l a g o ye. Kasbi shunaqa-da.
J i v o t a. Qancha olmoqchi bu ish uchun?
B l a g o ye. Preyskurant bo‘yicha.
J i v o t a. Bu ishni bitirganimizdan keyin, men advokatning oldiga borib, undan shikoyat yozdirib olman.
B l a g o ye. Milorad shikoyatga imzo chekarmikin?
J i v o t a. U ham preyskurant bo‘yicha oladi. Bir ma’ruza uchun o‘n ming dinor; shikoyatga imzo chekish uchun ko‘ramiz… qancha olarkin.

14

M a r a (eshik oldida paydo bo‘lib). Kelasanmi, Jivota, yoki u bu yerga kelsinmi?
J i v o t a. Hozir, hozir boraman! (Mara ketadi. Jivota ketmoqchi bo‘ladi-yu, biroq to‘xtaydi.) U bilan uchrashganda o‘zimni qanday tutishni bilmayman.
B l a g o ye. Iloji boricha o‘zingni sovuqroq tut.
J i v o t a (ketayotib, buriladi). Patnis masalasi esingdan chiqmasin! (Chiqadi.)
(Blagoye kelib patnisni qulayroq joyga olib qo‘yadi.)
D r a g a (kirib). Salom.
B l a g o ye. O, quda, salom!
D r a g a. Sizni topganim yaxshi bo‘ldi. Men sizdan ba’zi narsalarni so‘rab bilmoqchi edim.
B l a g o ye. Nimani?
D r a g a. Yosh doktorimizga nima bo‘ldi, ma’ruzada rosa dovdiradi-ey.
B l a g o ye. Dovdiradi deb aytolmayman-u, ammo…
D r a g a. “Ammo”ga balo bormi? Kulgidan odamlarning ichagi uzilay dedi-yu.
B l a g o ye. Odamlar! Ular kulish yoki yig‘lash uchun yaratilgan-da. Professorlar, olimlar bilan aloqam yaxshi, ularning fikricha, ma’ruza yuqori ilmiy saviyada o‘tdi, hamma qoyil qoldi.
D r a g a. Fanga til tekkizmoqchi emasman-u, lekin bu yerda fanning nima daxli bor, birodar! Qanchalik dovdiraganini, chalkashganini, so‘zlarni alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborganini hamma ko‘rdi-ku.
B l a g o ye. Bunda biz aybdormiz, u emas.
D r a g a. Nega biz bo‘larkanmiz-a, birodar?
B l a g o ye. Biz aybdormiz, ayniqsa sen! Nimaga unga temir yo‘l ministrining qizi bo‘ladi deb aytding? Ma’ruzada barcha ministrlarning qizi qatnashuvi ham mumkin, dersan. Bu shundayku-ya, biroq ministrning xotini, qizi oldingi qatorda o‘tirib olib, unga qadalib qolishdi-da. Yigit yaxshi gapirib turuvdi, ko‘zi birdan ministrning qiziga tushib qoldi, nimanidir his etdi-yu, yuragi urib…
D r a g a. Ministrning qizi yoqibdimi?
B l a g o ye. Yoqqanda qanday! Uni ko‘rdi-yu o‘zini yo‘qotdi qo‘ydi. Ko‘z o‘ngi xiralashib, bayramdagi qizlarday qog‘ozdagi harflar raqsga tushib qoldi… Bunaqada universitet rektori ham yanglishadi.
D r a g a. Ehtimol, ehtimol, lekin men bundan ham yomonroq gap eshitdim.
B l a g o ye. Nimani?
D r a g a. Faqat to‘g‘risini aytasiz.
B l a g o ye. Yolg‘onning beti qursin…
D r a g a. Odamlar orasida mish-mish gap.
B l a g o ye. Mish-mish?
D r a g a. Mish-mish. Go‘yo yosh doktor Sviyovichning xotini bor emish.
B l a g o ye. Buni qarang-a! To‘qib chiqarishgan!
D r a g a. Men ham aytayapman-ku mish-mish deb.
B l a g o ye. Agar bu gap chin bo‘lganda, ochiq aytishardi, mish-mishga nima hojat? Oshiq-moshiqlikni pinhon tutib bo‘lmaydi-yu, bu uylanish-ku.
D r a g a. Mish-mish qayerdan chiqqan bo‘lmasa?
B l a g o ye. Ig‘vo-da bu, nima bo‘lardi!.. Ministrning qizi o‘rta yashardan sal nariroq ekanini eshitishgan-u, xalaqit berish uchun…
D r a g a. Hoy, Blagoye, agar uylangani rost bo‘lsa bormi, meni ministr uyidan quvibgina qolmay, ozodlikdan ham mahrum etishadi-ya.
B l a g o ye. Qo‘ysangiz-chi, uylanganga qalliq qidirarmidik?
D r a g a. Kim ig‘vo qilgan bo‘lmasa?
B l a g o ye. Har xil g‘iybatchilar! Kuyov bola chiroyli, yaxshi tarbiya ko‘rgan, katta olim, ramkaga solingan doktorlik diplomi bor, kelajagi porloq, millioner o‘g‘li. Bunday odamni qaydan topishadi. Har xil sovchilardan Jivotaning boshi chiqmay qoldi, sovchilar quvadi, Jivota qochadi. Jivotaning ularga aytadigan gapi bitta: “Yo temir yo‘l ministrining qizi, yo hech kim! Moliya ministriyam, ichki ishlar ministriyam o‘taversin”.
D r a g a. Bo‘lmasam-chi, boshqalarda kilometrlar yo‘q-da.
B l a g o ye. Ana o‘sha sovchilar alamidan falonchining o‘g‘li uylanganmish deb gap tarqatishgan.
D r a g a. Mish-mishlar yolg‘on deb chin so‘z bera olasizmi?
B l a g o ye. Istasangiz, Injilni o‘pib qasamyod qilishim mumkin.

15

V ye l i m i r (tashqaridan kirib). Salom! Klara kelgani rostmi?
B l a g o ye. Rost.
V ye l i m i r. Bolasi bilanmi?
B l a g o ye. Ha.
V ye l i m i r (chapdagi eshik tomon yuradi). Qani u?
B l a g o ye. Shu yerda tur, hozir chaqirib chiqaman. (Yuradi, lekin dovdirab to‘xtaydi; Dragaga.) Siz ketasizmi?
D r a g a. Qanday qilib ketaman, janob Jivota bilan gaplashmasdan-a?
B l a g o ye. Hojati yo‘q. Men o‘zim hammasini aytib beraman…
D r a g a. Ehtimol, lekin shaxsan gaplashganga nima yetsin.
B l a g o ye. Men bunga qarshi emasman, ammo…
V ye l i m i r (toqatsizlanib). Iltimos qilaman, janob Blagoye…
B l a g o ye (cho‘chib). A, ha… (Chiqadi.)

16

D r a g a. Siz juda betoqat ekansiz, taqsir.
V ye l i m i r. Toqat qolibdimi, bu bo‘lsa vaysashdan bo‘shamaydi… (Shu dam eshikda Blagoye bilan Klarani ko‘radi.) Klara!
K l a r a. Milorad!..
(Ikkisi yugurib kelib, bir-birini quchadi. Blagoye yugurib kelib, stol ustidagi patnisni olib, polga tashlaydi.)

17

S o y k a. (yashirinib turgan xonadan yugurib chiqadi, orqasidan eri). Hay! Hay! Hay! Hay!
S i m a. Voy! Voy! Voy! Voy!
S o y k a. Kuppa kunduzi birovning xotinini o‘pish!
S i m a. Sharmanda!
V ye l i m i r (ular paydo bo‘lishi bilan orqaga chekinadi). Qanaqa odamsizlar?
S o y k a. Menimcha, o‘zimizni tanishtirishga fursat kelib qolar.
V ye l i m i r. Janob Blagoye?..
B l a g o ye. Men bularni tanimayman!
V ye l i m i r. Kim sizlar?
S o y k a. Hozircha biz guvohmizki, siz birovning xotinini, tag‘in hammaning oldida, o‘pib o‘tiribsiz. (Draga xonimga.) Xonim afandi, siz ham ko‘rdingizmi?
D r a g a. Nega ko‘rmas ekanman?
S o y k a (Blagoyega). Siz hammi, taqsir?
B l a g o ye. E, ha, ko‘rdim, ko‘rmadim deya olmayman.
S o y k a. To‘rtta guvoh yetarli, hatto keragidanam ortiq.
V ye l i m i r (hayajonlanib). Xonim afandi, siz haddan tashqari surbetsiz!
S o y k a. Hali shundaymi? Janob Sima, buniyam yozib qo‘ying!
V ye l i m i r (nihoyatda asabiy). Yozing, yana shuni ham yozingki, birovning uyida betamizlik qilayapsiz! Janob Blagoye, ruxsat eting, bularni ko‘chaga uloqtiray!
S o y k a. Oho!
S i m a. O‘ho‘!
B l a g o ye (dovdirab). Men bu yerda xo‘jayin emasman.
V ye l i m i r (eshikka borib chaqiradi). Janob Jivota, janob Jivota!

18

(Jivota, Slavka, Mara, Milorad, Pepik kiradilar)
H a m m a s i. Nima gap? Nima bo‘ldi?
J i v o t a. Kim baqirdi?
S o y k a. Bu janob bizni sizning uyingizdan ko‘chaga uloqtirmoqchi!
V ye l i m i r (Pepikni ko‘rib, egilib uni quchoqlaydi). Pepik?
(Klara Slavka yoniga kelib, unga nimanidir tushuntiradi.)
J i v o t a. Kimni uloqtiradi, nima uchun uloqtiradi?
S o y k a. Biz Puankare ko‘chasidagi sotiladigan uy to‘g‘risida gaplashgani kelgan edik. Siz band ekansiz, narigi xonada kutib turinglar, dedingiz. Kelmadingizmi deb bunday eshikning tirqishidan shunchaki qaragan edik, sharmanda bir voqeaning guvohi bo‘lib qoldik. (Klarani ko‘rsatib.) Bu sizning keliningiz-a, to‘g‘rimi?
J i v o t a (xijolatda). Ha, shunday desayam bo‘ladi!
D r a g a (xonaning to‘rida turgan bo‘ladi, Jivota uni ko‘rmaydi, cho‘chib). Qanday? (Yaqinlashadi.)
S o y k a. E… shu keliningizni mana bu janob quchoqlab turganini ko‘rib qoldik…
J i v o t a. Voy, qanday dahshat, qanday buzuqlik! Xonadonimga, nomimga katta isnod bu! Isnod! Mening kelinim begona bir kishi bilan o‘pishib tursa-ya! Iltimos qilaman, guvoh bo‘linglar!
S o y k a. O, jonimiz bilan!
V ye l i m i r (taajjubda, Mara va boshqalarga). Bu qanaqasi bo‘ldi?
D r a g a (Jivota yoniga kelib). Ushbu manzarani men ham ko‘rdim. Meni ham guvoh deb sanashingiz mumkin.
J i v o t a (uni ko‘rib, sarosimaga tushib qoladi). Siz… bu yerda nima qilib yuribsiz?
D r a g a. O‘z ko‘zim bilan ko‘ray dedim! Qanday sharmandalik! Demak, o‘g‘lingiz chindanam uylangan ekan-da?
J i v o t a (hijolatda). Yo‘q, u uylanmagan!
D r a g a. Siz ham, janob Blagoye, Injilni o‘pib qasam ichishga tayyor edingiz!
B l a g o ye. Qaydan bilay…
D r a g a. Bu nima degan gap, janob Jivota?
J i v o t a. Hech nima emas, ko‘rasiz, hech nimamas.
D r a g a. Uyat!.. Bizni masxara qilmoqchi bo‘libsizda-a? Yaxshi! Ammo menga va ministrga qilgan bu hazilingiz uchun hali pushaymon bo‘lasiz!
J i v o t a. Qo‘ysangiz-chi, shoshmang axir, sal og‘irroq bo‘ling! Blagoye, sen tushuntirsang-chi!
V ye l i m i r. Men sizga tushuntiraman, xonim afandi!
J i v o t a. Sen indamasang ham bo‘ladi! Xonadonimga isnod keltirding, baxtli nikohni buzding, endi tushuntirishingga balo bormi!
M a r a. Shoshma, Jivota!
J i v o t a. O‘chir ovozingni!
D r a g a. O‘g‘lingiz, aldangan er bo‘la turib bu janjalga xotirjam qarab turibdi-ya, qoyil!
M i l o r a d (kuladi, yelkasini qisib). Bu hangoma meni qiziqtirmasa nima qilay?
J i v o t a. Bu meni qiziqtiradi! (Soykaga.) Xonim afandi, guvohlikka o‘tishingizni so‘rayman. (Dragaga.) Siz esa borib-borib o‘g‘limning bo‘ydoq ekaniga amin bo‘lasiz.
S o y k a. Nega endi bo‘ydoq bo‘larkan?
J i v o t a. Uylangan dedim-ku! Chalg‘itmanglar meni: sizga u uylangan, bu xonimga – bo‘ydoq.
D r a g a. Qanday qilib? Buni qaranglar-a! Ajab savdolar.
K l a r a (xunobi oshib, Slavkaga). O‘tinib so‘rayman, nima gap bo‘layapti o‘zi?
S l a v k a. Ko‘ramiz, tinchlaning!
D r a g a. Janob ministrga nima deyman endi?
V ye l i m i r. Tushuntirib bering menga, o‘tinaman, nima sodir bo‘ldi bu yerda?
S o y k a. Menga ham…
J i v o t a (parishon, dovdiragan, vaziyatdan qanday qutilishni bilmaydi). Shoshmanglar axir! Har tomondan talamanglar meni! Hammangizdan o‘tinaman… sekinroq! Hozir tushuntiraman. Gap shundaki… (Blagoyega.) Sen nega menga baqrayib qarab qolding, og‘zingni ochib biron nima deya olmaysanmi?
B l a g o ye. Men nima deyman?
J i v o t a. Aytadigan gaping bo‘lmasa, nega hadeb gapga aralashasan? O‘zim hammasini tushuntirib beraman, sen jim tur, aralashma! Men nima demoqchi edim?.. Ha… (Soykaga.) Sizlar Puankare ko‘chasidagi uy to‘g‘risiga kelgansiz. Xo‘sh, yaxshi uy, ayvonli, parket yotqizilgan uch xona, tosh pechka, xizmatkorlar xonasi, oshxona, kirxona va hokazo.
V ye l i m i r. Qo‘ying bu gapni, sizdan boshqa narsani so‘rayapmiz.
J i v o t a. Mendan sen so‘raysanmi? Bu botqoqqa tortgan o‘zingsan-u, yana so‘raganing nimasi!
D r a g a. Men sizdan boshqa narsani so‘radim…
J i v o t a. Sizga javob beraman. Ministr qoshiga borganingizda, mendan salom ayting va shuni qo‘shib qo‘yingki, men uni behad qadrlayman va hurmat qilaman.
D r a g a. Buni sizdan kim so‘rayapti? Siz shuni ayting-chi, men unga nima deb javob qilaman-a?
J i v o t a. Siz unga aytingki… unga aytingki… Blagoye unga nima desin?

19

(Protich va Spasoyevich xonimlar, ikki o‘g‘il bola, ikki qiz bola va bir muallima kirib kelishadi. Qizchalardan birining qo‘lida guldasta)
J i v o t a (boshini ushlab). Voy dod! 9- yetimxona!.. Shu yetmay turgan edi!..
X o n i m l a r. Biz bolalar bilan birga boshqarma kengashi nomidan va yetimlar nomidan janob doktor Sviyovichga yetimxona foydasiga o‘qilgan ma’ruza uchun tashakkur izhor qilgani keldik.
J i v o t a. Tashakkur, tashakkur.
M i l o r a d (yostiqni oladi, Slavka uning qo‘lini ushlaydi). Qo‘limni qo‘y. Bir uray.
S l a v k a. Xudo haqqi, bunday qilma!
M u a l l i m a (gul ko‘targan qizchani oldinga chiqarib). Bora qol, ayt!..
Q i z ch a (xudojo‘y holatiga kirib, deklomatsiya boshlaydi). Hazratim!!
J i v o t a. Hazratim? Bu senga tegishli bo‘lsa kerak, Blagoye!
M i l o r a d (Slavkaga). Qo‘yib yubor, bir urmasam bo‘lmaydi!
M u a l l i m a. Voy, kechirasiz, bola uyalib, duo boshlab qo‘ydi. (Qizchaga.) Unisini, jonginam, boshqasini!
G u l k o‘ t a r g a n q i z ch a. Sharafli janob olim,

Saxovat, himmat uchun
Tashakkur belgisi deb
Qabul eting guldasta
Etimxona nomidan…

M u a l l i m a. She’rni Protich xonim to‘qigan.
P r o t i ch. Ha, men.
M i l o r a d. Juda yaxshi she’r ekan.
M u a l l i m a (qizchani Milorad tomon turtib). Guldastani shu janobga ber.
D r a g a. Mana bu xonimga berilsa yaxshi bo‘lmasmikin? (Klarani ko‘rsatadi.) Janob doktor uylangan.
X o n i m l a r. Uylangan?
D r a g a. Ha, uylangan, shunday emasmi, janob Jivota?
J i v o t a. Nega meni chalg‘itasiz, bu to‘g‘rida gapirishning hojati yo‘q.
D r a g a. Aytishayapti-ku, uylangan! (Soykaga.) Shundaymi, xonim afandi?
S o y k a. Albatta, uylangan.
S p a s o ye v i ch. Bu qanday bo‘ldi, axir biz ma’ruzachi – bo‘ydoq deb yuztadan ortiq bilet sotdik-ku.
P r o t i ch. Janob Sviyovich, nima uchun bizga hech nima demadingiz?
J i v o t a. Kerak bo‘lmagan joyga nega boshingizni suqasiz, bu ishlar bilan yetimxonangiz o‘rtasida qanday umumiylik bor?
M i l o r a d. (Slavkaga). Shoshma, bir tushiray! (Slavka qo‘ymaydi.)
X o n i m l a r. (Jivotaga). Biz suqilganimiz yo‘g‘-u, lekin aniq bo‘lgani yaxshi-da…
J i v o t a. Hoy, siz, jim bo‘lasizmi, yo‘qmi! Meni tinch qo‘ying!
X o n i m l a r. Taqsir, biz ayollarmiz!
J i v o t a. Ayolmisiz, jim o‘tiring! (Sochlarini g‘ijimlab.) Ey Xudo, jinnixonaning o‘zginasi-ku bu uy! Nega qarab turibsanlar… Bog‘langlar meni… Bog‘langlar meni!.. Boshim g‘ovlab ketdi, girillab aylanmoqda, girillab aylanmoqda!

20

(Maritsa va Rayserni boshlab kiradi.)
R a y s ye r. Salomlar bo‘lsin!
J i v o t a. Marhamat qilsinlar!..
R a y s ye r (Blagoye qoshiga kelib). Kelishimdan maqsad, taqsir, men sizga shuni ma’lum qilmoqchi edimki…
J i v o t a (Rayserga). Siz, taqsir, qachongacha Belgradda tentirab yurasiz? Nega endi Afinaga yo‘lga chiqmaysiz?..
R a y s ye r (xafa bo‘lib). Bitte…
M a r a. Jivota!..
J i v o t a. Pepik, sho‘rpeshona Pepik, mening xonadonimni ostin-ustin qilib yuborganingni o‘z ko‘zing bilan ko‘rdingmi endi?

PARDA

TO‘RTINChI PARDA

Birinchi pardadagi xona

1

(Maritsa chap tomondagi eshikdan chiqadi, qo‘lidagi patnisda sut yuqi qolgan stakan va har xil idishlar.)
V ye l i m i r (o‘rta eshikdan kirib). Maritsa, tepadan tushayapsizmi?
M a r i ts a. Ha, kichkintoyga sut olib chiqqandim.
V ye l i m i r. Xotinim o‘sha yerdami?
M a r i ts a. Janob Miloradning xotinini aytayapsizmi?
V ye l i m i r. Baribir. U o‘sha yerdami?
M a r i ts a. O‘sha yerda, Slavka bekam bilan. Meni kechirasizu, kelgan ayol kimning xotiniligiga sira aqlim yetmayapti.
V ye l i m i r. Slavka xonimni chaqirib qo‘ysangiz.
M a r i ts a. Bir o‘zinimi?
V ye l i m i r. Bir o‘zini. Ammo men chaqirayotganimni aytmang. Bir janob yo‘qlayapti desangiz bo‘ladi.
M a r i ts a. Xo‘p bo‘ladi! (Patnisni stolga qo‘yib, chap tomondagi eshikka kiradi.)
2

M a r i ts a (birozdan so‘ng qaytib kiradi va patnisni oladi). U hozir keladi.
V ye l i m i r. Rahmat sizga, Maritsa! (Maritsa to‘rdagi eshikdan chiqib ketadi.)
S l a v k a (xonaga kiradi, hayron). Hali chaqirgan sizmidingiz?
V ye l i m i r. Bezovta qilganim uchun mendan o‘pkalamassiz?
S l a v k a. Yo‘g‘-e, nima uchun? Yuqoriga chiqasizmi? U yerda Klara bolasi bilan.
V ye l i m i r. Yo‘q, aksincha, men siz bilan yolg‘iz gaplashmoqchiman.
S l a v k a. Siz Klara bilan uchrashishdan qochayapsiz, shekilli?
V ye l i m i r. Shuncha voqeadan keyin… Klara shu uyga qadam bosganidan boshlab dahshatda. Voqeadan bexabar. Hech kim unga tushuntirmasa…
S l a v k a. Buni avvalo siz qilishingiz kerak edi.
V ye l i m i r. Rost aytasiz, biroq men nima deb tushuntirishni bilmayman. O‘zimniyam ayblashimga to‘g‘ri keladi.
S l a v k a. Buning uchun sizda jur’at yetishmaydimi?
V ye l i m i r. Undaymas-u, lekin siz menga yordam bersangiz yaxshi bo‘lardi.
S l a v k a. Men qanday yordam berishim mumkin?
V ye l i m i r. Unga bor gapni ayting, meni ayab o‘tirmang.
S l a v k a. Nega o‘zingiz aytolmaysiz?
V ye l i m i r. Inson o‘zini o‘zi ayblar ekan, hamisha xo‘rlangandek his qiladi, boshqa birov ayblasa har holda yengilroq bo‘ladi.
S l a v k a. Men sizni nimada ayblay?
V ye l i m i r. Nimada xohlasangiz, ayab o‘tirmang.
S l a v k a. Qo‘rqmaysizmi, Klaraning sizdan ko‘ngli qolishi mumkin?
V ye l i m i r. Shundoq ham qolishi tayin.
S l a v k a. Menga bu noqulay, biroq zarur ekan… Bechora ayolga mening rahmim keladi.
V ye l i m i r. Tashakkur. Men yaxshisi bora qolay.
S l a v k a. Mayli, lekin keyin kiring, u mendan qochib yuribdi deb o‘ylashi mumkin.
V ye l i m i r. Xo‘p, keyinroq kiraman. Yana bir bor rahmat sizga! (Ketadi.)

3

S l a v k a (chapdagi eshikka). Klara, Klara xonim, marhamat, bu yoqqa keling!
K l a r a (kirib). Meni chaqirdingizmi?
S l a v k a. Ha, siz bilan gaplashmoqchiman. U yerda oyim bilan Pepik bor, bu yerda yolg‘iz o‘zimiz. O‘tirib, bir gaplashaylik…
K l a r a (uni quchoqlab). Boshim og‘riyapti. Erim qayerda? Kechadan beri mendan o‘zini olib qochib yuribdi.
S l a v k a. Yo‘q, u sizni ko‘rishni istaydi-yu, biroq uning ham ahvoli og‘ir-da.
K l a r a. Nega?
S l a v k a. So‘zlarimga quloq bering, hammasini tushunib olasiz. (Pauza.) Milorad Sviyovich – bu uyda shunday deb faqat mening akamni aytishadi – oqko‘ngil yigit, lekin o‘qishni yoqtirmaydi. Dadam esa qanday bo‘lmasin o‘g‘li oliy ma’lumotli va doktorlik diplomiga ega bo‘lishini istadi. Bir amallab gimnaziyani tugatgan Milorad universitetda o‘qiy olarmidi? Dadam shuni o‘ylab, Freyburg shahriga akamning hujjatlari bilan boshqa bir kambag‘al, biroq qobiliyatli yigitni o‘qishga yuborgan. Endi tushundingizmi?
K l a r a (diqqat bilan eshitadi, haqiqatni anglagandek bo‘ladi, hayajonlanib o‘rnidan turadi, biroq gapirishga majoli qolmaydi, Slavkaning ko‘zlariga tikiladi va nihoyat, shivirlay boshlaydi). Bu axir…
S l a v k a. Hayajonlanmang, oxirigacha eshiting meni.
K l a r a (baqirib). Yana nima, nima qoldi yana! Erim men bilan birovning nomida nikohdan o‘tgan ekan-da? Men uning qonuniy xotini emasman! Nima bu? Men aldanibman! (Divanga cho‘kib, yig‘laydi, keyin boshini ko‘taradi.)
S l a v k a. Xonim afandi, o‘tinaman, tinchlaning.
K l a r a. Men sharmandali aldov qurbonimanmi?
S l a v k a. Aldov emas, xonim afandi!
K l a r a. Balki sizda shundaydir, ammo bizda, butun dunyoda buning oti – sharmandalik, makr! Va u janob – oti nima uning?
S l a v k a. Velimir.
K l a r a. Va janob Velimir – muttaham!
S l a v k a. Kechirasiz, u muttaham emas!
K l a r a. Nima?
S l a v k a (keskinroq). Yo‘q, u muttaham emas!
K l a r a. Sizning tilingizda boshqaning nomidan aldab nikohdan o‘tgan kishi nima deyiladi?
S l a v k a. Janob Velimir sizni aldagani yo‘q. Qoni qizib, esini yo‘qotib qo‘ygan bir onda gunoh ish qilib qo‘ygan… va… sizning or-nomusingizni o‘ylagan, yengiltaklik qilib qo‘yib tahqirlanib yurmang degan. Bunday odamni aldoqchi deb bo‘lmaydi!
K l a r a. Hamma voqeadan xabardor ekansiz, siz uning yaqin do‘sti bo‘lsangiz kerak!
S l a v k a. Biz bolalikdan do‘stmiz.
K l a r a. Ammo bu uni bunchalik himoya qilishga asos bo‘la olmaydi! U meni bir martamas, ikki marta aldagan, o‘zini boyning o‘g‘li qilib ko‘rsatgan.
S l a v k a. Uning ota-onasi boymi, kambag‘almi – farqi yo‘q, menimcha.
K l a r a. Men boy ota-onaning o‘g‘liga tekkan edim!
S l a v k a. Tavba, men sizni, xonim afandi, muhabbat tufayli turmush qurgansiz, deb o‘ylardim.
K l a r a. Muhabbat ham bo‘lgan, albatta. Faqat bizda muhabbat, bu – tirikchilik, sizda esa – xayolot, poeziya. Muhabbat, bu – birinchi bo‘sa emas, muhabbat – bir umrga birga bo‘lish, bog‘lanish demakdir.
S l a v k a. Xonim afandi, muhabbat bizda qanday bo‘lsa, sizdayam shunday.
K l a r a. Yo‘q, kambag‘allar o‘rtasidagi nikoh – baxtsiz nikoh. Uning aldashga haqqi yo‘q edi! Men firibgarga tekkan ekanman-da. (Larzaga tushadi.) Nikohdan o‘tganim – firibgar!
S l a v k a. Qo‘ying-ey, xonim afandi!..
K l a r a. Eh, daydi! Qashshoq! Hammasi tamom!..
S l a v k a. Yaxshi emas, xonim afandi, bu qadar kuyib-pishish o‘rinsiz. Velimir – kambag‘al, to‘g‘ri, biroq u kambag‘allikni, barcha qiyinchiliklarni sabr-toqat, aql-farosat bilan yengib keladi. U qarg‘ishga emas, hurmat-ehtiromga loyiq. Uning qalbi, bilsangiz, go‘dak qalbiday shunday pok, shunday beg‘uborki… (Slavka so‘nggi so‘zlarni harorat va mehr bilan aytadi.)
K l a r a (Slavkaning so‘nggi so‘zlaridan uning tuyg‘usini sezib qolib, ko‘zlarini katta ochadi). Siz uni sevasizmi?
S l a v k a (cho‘chiydi, go‘yo qo‘lga tushgan xiyonatkorday). Bo‘lmagan gap.
K l a r a (qat’iy, xulosa qilib). Siz uni sevasiz! (Slavka boshini quyi solganicha indamay qoladi, faqat qo‘li bilan yo‘q ishorasini qiladi.) Sevasiz… Gapni shundan boshlash kerak edi. Jar yoqasida turgandayman. Otangizga xalaqit berayapman, akangizning tinchini buzdim, sizning baxtingizga to‘g‘anoqman!
S l a v k a (yig‘lab). Men bunday deganim yo‘q! (Divanning bir tomoniga suyanib, yig‘lashda davom etadi.)
K l a r a. Xo‘sh, mening o‘g‘lim nima bo‘ladi? O‘g‘lim nima bo‘ladi?.. (Divanning ikkinchi tomoniga suyanib, boshini yostiqqa qo‘yib yig‘lay boshlaydi.)

4

J i v o t a (kiradi, ularga ajablanib qarab). Gaplashib o‘tiribsizlarmi deyman? (Slavka va Klara boshlarini ko‘tarishmaydi.) Slavka, azizim, o‘z xonangga bor, o‘sha yerda yig‘larsan. Klaraga aytadigan bir-ikki og‘iz gapim bor. (Slavka o‘rnidan turib, ro‘molcha bilan ko‘zlarini yashirganicha chiqadi.)

5

J i v o t a. Klara, men sen bilan gaplashmoqchiman!
K l a r a (o‘rnidan turadi, o‘zini qo‘lga olib). Qulog‘im sizda!
J i v o t a. Bilasanmi, Klara, men ba’zi narsalarni senga tushuntirib berishim zarur. Har qalay, kimning xotini ekaningni bilishing kerak. Sen, masalan, o‘z erimning xotiniman deb o‘ylarsan, aslida esa boshqacha.
K l a r a. Hammasini bilaman.
J i v o t a. Agar bilsang, unda ish qay darajada ekanini fahmlab turgandirsan, binobarin, men seni xiyonat qildi, deb nima uchun sudga bermoqchi bo‘lganimni tushunarsan.
K l a r a. Tushunaman va agar lozim bo‘lsa, sizga yordam beraman.
J i v o t a. Nahotki? Rahmat senga! Xo‘sh, qanday yordam berishing mumkin?
K l a r a. Freyburgda, eri ketgach, xushtor orttirgan, deyishingiz mumkin.
J i v o t a. Oho! Zo‘r-ku, juda soz! Oti nima edi?
K l a r a. Kimning oti?
J i v o t a. Haligi xushtoringning oti-da?
K l a r a. Menda hech qanaqa xushtor bo‘lmagan, lekin zarur bo‘lsa, istaganingizni yozavering. Bitta xushtor, ikkita, uchta…
J i v o t a. Shundaylikka shundayku-ya, agar bo‘lganda, uning ismini qanday atashlari mumkin edi?
K l a r a. E… Baribir, Iogann Volfgang Gyote deb atasayam bo‘laveradi.
J i v o t a (yozadi). Juda yaxshi, birdan uch ismni aytganing ham yaxshi bo‘ldi: bittasini unutsang ikkitasi qoladi, ikkitasini unutsang ham, bittasi qoladi-ku… Seni ayblashim uchun yana biron nima ayta olmaysanmi? Muhimroq bir narsa.
K l a r a. Agar kerak bo‘lsa, yozing, Freyburgdan Belgradga bir boy bilan birga keldim, o‘sha yo‘l xarajatlarimni ko‘tardi.
J i v o t a (zavq bilan). Ajoyib! Uni qanday atasak ekan?
K l a r a. Bilmadim, menga baribir, serbmi, ruminmi…
J i v o t a. Rumin, deya qolaylik… Titulesku, ruminlarni yana nima deb atashardi-ya… (Yozadi.) Keyin sen tonib o‘tirmaysanmi?
K l a r a. Yo‘q, hammasini tan olaman, faqat bu yerdan tezroq jo‘nasam bo‘lgani.
J i v o t a. Ketasanmi?
K l a r a. Ha, sizni ortiqcha yukdan xalos qilish uchun. Ko‘rib turibmanki, barchaga xalaqit berayapman.
J i v o t a. Juda soz, juda yaxshi qilasan. Shveytsariyaliklar tarbiyasi menga hamisha xush yoqqan. Senda ham aynan shu tarbiyani ko‘rayapman.
K l a r a. Iltimos qilaman, taqsir, faqat mening ahvolimni to‘g‘ri tushuning: kambag‘alman, ketishga pulim yo‘q. Men sizga ishonsam bo‘ladimi?
J i v o t a. Agar istasang, men senga poyezddan eng yaxshi joyni olib beraman, faqat ketaman desang bo‘lgani.
K l a r a. Rahmat, ketaman.
J i v o t a (o‘ylanib). Ketasan… Keyin nima qilasan u yerda?
K l a r a. Bilmadim… Izlab, biron-bir ish-pish topib olarman o‘zimga.
J i v o t a. Topishga-ku topasan-a, topgunga qadar-chi?
K l a r a. Bilmadim…
J i v o t a (o‘ylanib). Menga qara, men ham shveytsar tarbiyasini olganimni isbot qilaman. Men halol odamman, shu sababli seni bir chaqaga ham kuydirmayman. Xatingni olgandayoq, senga 20 ming dinor berib, izingga qaytarishga tayyor edim. Hozir ham qancha va’da qilgan bo‘lsam, shuncha beraman.
K l a r a. Minnatdorman, men sizdan faqat yo‘l xarajatiga pul so‘radim xolos, o‘z baxtimni va bolamning taqdirini sotmayman. Men sizni majbur qilayotganim yo‘q!
J i v o t a. Xudo saqlasin-a, men bunday deganim yo‘q. Sen pul so‘rayapsan, men esa berayapman – shu xolos.
K l a r a. Minnatdorman.
J i v o t a. Gap bunday bo‘pti-da. Endi men advokatga borib, shikoyat yozaversam bo‘ladimi?
K l a r a. Bo‘ladi.
J i v o t a. Mana bu yaxshi bo‘ldi, men ketdim. Agar birov so‘rab qolsa, tezda qaytadi deb ayt. (Chiqadi.)

6

(Protich xonim bilan Spasoyevich xonim kirib keladi. Klara ho‘ngrab yig‘laydi.)
X o n i m l a r (biroz sukutdan so‘ng, baravariga). Salom. Kechirasiz, biz xo‘jayin bilan uchrashmoqchi edik.
K l a r a. Yoshi bilanmi?
X o n i m l a r. Yo‘q, qarisi bilan.
K l a r a. U hozirgina ketdi, biroq tezda qaytadi.
X o n i m l a r. Unday bo‘lsa biz kutib turamiz.
S p a s o ye v i ch. Kecha bu yerda bo‘lib o‘tgan mojaro jamiyatimizning favqulodda majlisida muhokama qilindi…
P r o t i ch. Jamiyatimiz tavba-tazarru qildirishni bizga topshirdi.
S p a s o ye v i ch. Aks holda biz boshqa vositalarni qo‘llashga majbur bo‘lamiz.
P r o t i ch. Chunki bizni haqorat qilish…
S p a s o ye v i ch. …butun jamiyatimizni, 9-etimxonani haqorat qilish demakdir.
P r o t i ch. Umid qilamizki, xonim afandi, siz bizni tushunarsiz…
K l a r a (o‘zini himoya qilib). Men hech nima bilmayman, hech nima tushunmayman.
S p a s o ye v i ch. Axir siz voqea ro‘y berganda shu yerda edingiz.
K l a r a. Ha, shu yerda edim, biroq hech nimani anglay olmadim. Sviyovich bilan gaplashaveringlar.
X o n i m l a r. Ha, albatta, biz uni kutamiz.
K l a r a. Marhamat, mana bu xonaga o‘tinglar.
X o n i m l a r. Tashakkur. (Vaysagancha chiqishadi.) Biz buni fosh qilmasak bo‘lmaydi… uni qarang-a…

7

V ye l i m i r (kiradi va Klarani ko‘rib seskanadi). Klara? Sen shu yerdamisan?
K l a r a (sovuq va befarq). Demak, sen meni bu yerda uchrataman deb o‘ylamagan ekansan-da?
V ye l i m i r. Nega buncha dag‘al? (Klara javob bermaydi. Qisqa pauzadan so‘ng.) Men kutmagan edim, bu to‘g‘ri, lekin seni ko‘rganimdan hursandman. Sen va men qanday vaziyatga tushib qolganimizni tushuntirib berishim lozim.
K l a r a. Biron yoqimliroq gap bo‘lsa kerak! Faqat bu tushuntiruvlarni to‘rt yil burun qilganingizda yaxshiroq bo‘lardi.
V ye l i m i r. Unda buning iloji yo‘q edi.
K l a r a. Endi esa ortiqcha. Men allaqachon hammasini bilaman.
V ye l i m i r. G‘oyat pushaymonman, o‘zim istamaganim holda, seni og‘ir ahvolga solib qo‘ydim… Ammo shunisi aniqki, Klara, sen ham, men ham – ikkimiz ushbu mojarolar qurboni bo‘lib o‘tiribmiz.
K l a r a. Ha, aldov qurbonimiz, aldov muallifi esa o‘zlari.
V ye l i m i r (achchiqlanadi, qizishadi va so‘z ohangini o‘zgartiradi). Yo‘q, men sizni emas, o‘zimni aldaganman.
K l a r a. O‘zingizni oqlamang. Men sizni boyning o‘g‘li ekanligingizga ishonganman.
V ye l i m i r. Boyning o‘g‘li emasligimni bilgach, muhabbatingizdan xafsalangiz pir bo‘ldimi?
K l a r a. Men hech qachon sizni sevmaganman.
V ye l i m i r. Ochiq aytganingiz uchun tashakkur.
K l a r a. Sizni sevmaganman, endi bo‘lsa sizdan nafratlanaman. Ora ochiq.
V ye l i m i r. Klara, qaroringizni yaxshilab o‘ylab ko‘rdingizmi?
K l a r a. Qarorim qat’iy va sizga yoqadi, deb o‘ylayman. Bolalikdan birga o‘sgan do‘stingiz Slavka tomonidan bu zo‘r xursandchilik bilan qarshi olinadi.
V ye l i m i r (toqatsizlanib). Klara, jahlingiz chiqib, o‘ylamasdan gapirayapsiz. Yaxshisi, bu gapni keyinga qoldiraylik.
K l a r a. Bu oxirgi gapim. Boshqasi menga kerakmas.
V ye l i m i r (turib). Durust, yaxshi qoling! (Tez chiqadi.)

8

(Klara chuqur o‘yga cho‘mib qoladi. Blagoye kiradi.)
B l a g o ye. Salom. Grossdada uydami?
K l a r a. Hozirgina advokatga mening ustimdan shikoyat yozdirishga ketdi.
B l a g o ye. Na iloj, shunday qilish kerak! Aybdorligingni o‘zing ham bilasan. Ochiqchasiga begona erkak bilan o‘pishganingdan keyin…
K l a r a (asabiy). U bolaning otasi.
B l a g o ye. U bolangga ota bo‘lsa-da, baribir bola birovniki. Hozirgi otalar ko‘pincha mutlaqo begona odam bo‘lib chiqmoqda.
K l a r a. Agar men gunohimga iqror bo‘lsam sizga kifoyami?
B l a g o ye. Kifoya!
K l a r a. U holda men iqrorman.
B l a g o ye. Jivotaga aytdingmi?
K l a r a. Ha, aytdim.
B l a g o ye. Juda soz, endi hammasi joyida bo‘ladi. Sen tashvishlanma. Men senga o‘z qizimday hamma narsani taxt qilaman, faqat tezroq sendan qutulsak bo‘lgani.
K l a r a. Ha, shunday qiling, baraka topkur. Endi esa ijozatingiz bilan men boray. Juda charchadim, dam olishim kerak.
B l a g o ye. Bor, boraqol, damingni ol!
(Klara chap tomonga, o‘z xonasiga ketadi.)

9

(Soyka, Sima kiradilar.)
S o y k a. Salom, janob Blagoye!
B l a g o ye. O, salom, Soyka xonim!
S o y k a. Biz aniqlagani keldik: guvohlik ko‘rsatmalarimizni quruqroq qilsakmikan yoki jinday ho‘llasakmikan?
B l a g o ye. Qurug‘i qandog‘, ho‘li qandog‘?
S o y k a. Tergovda faqat ko‘rgan, eshitganini aytishsa – bu quruq ko‘rsatma bo‘ladi. Ho‘li – boshqacha! U holda sudda ular quchoqlashdi deyish bilan chek­lanmay, unga uncha-muncha qo‘shamiz. Chunonchi, erkak: “Oh, jonginam, men ortiq sensiz turolmayman!” degan edi, ayol chuqur oh urganday bo‘lib: “Oh, men seni shunday zoriqib kutdimki!” – deb javob berdi, deymiz.
B l a g o ye. Juda soz! Xuddi qissaga o‘xshaydi-ya. Bunaqa narsalarni o‘zlaring to‘qiysizlarmi?
S o y k a. Ha, buyurtma bersangiz, bas.
B l a g o ye. E, unday bo‘lsa Jivotani kutaylik, o‘zi buyurtma beraqolsin.
S o y k a. Bo‘pti, uni kutamiz.
B l a g o ye. Boshqa xonaga o‘tib turinglar, tag‘in Jivota bilan til biriktirayotganingizni kimdir ko‘rib qolmasin.
S o y k a (eriga). Ketdik, janob Sima! (Chiqishadi.)

10

S l a v k a (chap tomondagi eshikdan chiqib). Salom, Blagoye tog‘a!
B l a g o ye. Salom, jonginam. Mara o‘sha yerdami? Bir o‘zimi? Unda gapim bor edi.
S l a v k a. Bir o‘zi. Klara narsalarini yig‘ishtirayapti! Nima bo‘lganidan xabaringiz yo‘qmi?
B l a g o ye. Men qayerdan bilay? Hammasini otang biladi. (Chapdagi eshikka kiradi.)

11

(Slavka qo‘ng‘iroq chaladi. Maritsa kiradi.)
M a r i ts a. Labbay!
S l a v k a. Maritsa, janob Velimir bu yerga keldimi?
M a r i ts a. Ha, u siz bilan gaplashdi-ku!
S l a v k a. Undan keyin-chi?
M a r i ts a. Keyin yana keldi.
S l a v k a. Klara xonim bilan gaplashdimi?
M a r i ts a. Ha. Ular shu yerda edilar.
S l a v k a. Shuni bilmoqchi edim. Rahmat. (Chiqadi.)
M a r i ts a. Xizmatingizga tayyorman!

12

D r a g a (kirib). Janob Jivota uydami?
M a r i ts a. Yo‘q, chiqib ketgan, biroq tezda qaytaman degan.
D r a g a. Uy bekasi-chi?
M a r i ts a. Uyda.
D r a g a. Draga xonim siz bilan gaplashmoqchi deng.
M a r i ts a (ketmoqchi bo‘ladi). Xo‘p bo‘ladi!
D r a g a (o‘ylab). Qo‘ya qoling, hojati yo‘q. Yaxshisi, janob Jivotaning o‘zini kuta qolay. Yosh xo‘jayin uydami?
M a r i ts a. Uyam yo‘q.
D r a g a. Uning xotini-chi?
M a r i ts a. Qanaqa xotini?
D r a g a. Qanaqa bo‘lardi, haligi chet eldan kelgan yosh juvon-chi.
M a r i ts a. O‘sha yosh xo‘jayinning xotinimi?
D r a g a. Nima bo‘lgan sizga, nahotki bilmasangiz?
M a r i ts a. Tushunmadim: goh xotini deyishadi, goh xotini emas!
D r a g a. Qanday qilib, shu uyda bo‘laturib, nimalar bo‘layotganini bilmasangiz?
M a r i ts a. Bilmayman, xonim afandi.
D r a g a. Hech nimaga quloq solmadingizmi?
M a r i ts a. Yo‘q, xonim afandi.
D r a g a. Eshik tirqishidan ham mo‘ralamadingizmi?
M a r i ts a. Yo‘q, xonim afandi.
D r a g a. Qanaqa oqsochsiz? Xo‘jayinni shu yerda kutaymi?
M a r i ts a. Yaxshisi, mehmonxonada.
D r a g a. Yaxshi, qachon kelsa menga ayting. (Boshqalar yig‘ilgan xonaga kiradi.)
M a r i ts a. Marhamat!

13

M i l o r a d (ko‘chadan kirib). Maritsa, dadam uydami?
M a r i ts a. Yo‘q, chiqib ketgan, biroq tezda qaytaman, dedi.
M i l o r a d. Bo‘pti, boraver.
M a r i ts a. Klara xonim sizni so‘rayotgan edi…
M i l o r a d. Klara xonim? Yaxshi, unga mening shu yerdaligimni ayt.
M a r i ts a. Xo‘p bo‘ladi. (Ketadi.)

14

R a y s ye r (kirib). Salomlar bo‘lsin!
M i l o r a d. Oho, janob professor!
R a y s ye r. Kechirasiz, men xayrlashgani keldim. Bugun kechqurun Afinaga jo‘nab ketaman.
M i l o r a d. Siz, balki mening dadamni ko‘rmoqchidirsiz?
R a y s ye r. Bilasizmi, kim kimning otasi-yu, kim kimning o‘g‘li – tushunolmay qoldim…
M i l o r a d. Ha, shunday… Hozir u uyda emas.
R a y s ye r. Men uni kutib tursam bo‘ladimi?
M i l o r a d. Marhamat, anavi xonaga o‘ting. U yer tinchroq. Qachon kelsa, men sizga aytaman.
R a y s ye r. Baraka toping. (Mehmonxonaga kiradi.)

15

K l a r a (kirib). Kechirasiz, men siz bilan gaplashmoqchi edim.
M i l o r a d. Marhamat, men sizning ixtiyoringizdaman.
K l a r a. Tashakkur. Qanday vaziyatga tushib qolganimni menga tushuntirishdi…
M i l o r a d. Endi siz, garchi eringiz bo‘lsam ham, aybdor emasligimni bilasiz.
K l a r a. Yo‘q, yo‘q, men sizni aslo ayblayotganim yo‘q. Ammo dahshatli ahvoldaman, xorijlikman, begonalar orasida tanho o‘zim, meni himoya qiladigan bironta ham zot yo‘q.
M i l o r a d. Men sizning tomoningizdaman, Klara, agar bu sizga biron taskin berolsa.
K l a r a. Menga taskin bering, deb uchrashganim yo‘q. Men istardimki… menga sizning maslahatingiz kerak.
M i l o r a d. Mening maslahatim? Siz mendan maslahat so‘rayotgan birinchi jonzotsiz. (O‘tiradi.)
K l a r a. Men Shveytsariyaga qaytib ketishga qaror qildim. Sizga xiyonatim haqida ajrashish uchun sudda ko‘rsatma berish uchungina to‘xtab turibman.
M i l o r a d. Keyin ketasizmi? Xo‘sh, u yerda nima ish qilasiz? Tirikchiligingiz qanday o‘tadi?
K l a r a. Stenografiyani, daktilografiyani bilaman, sizning tilingizda so‘zlasha olaman, balki elchixonangizdan biron ish topilib qolar.
M i l o r a d. Buning iloji yo‘q. Elchixonada? U yerda ministrlarning qarindosh-urug‘lari-yu do‘stlarigina xizmat qilishadi. Bunaqalar bizda achib-bijib yotibdi. Sizga navbat kelishi amrimahol!
K l a r a. Otangiz oliyjanob odam, menga 20 ming dinor va’da qildi.
M i l o r a d. Yigirma ming dinor? Qiziq. Biron ma’ruza o‘qib berishingizni talab qilmasdan-a? Shunaqa talab qo‘ysa, aslo rozi bo‘lmang!
K l a r a. Men siz bilan boshqa narsa to‘g‘risida maslahatlashmoqchiman. Biz ajrashamiz. Ajrashgandan keyin men o‘zimning qizlik familiyamga o‘taman, ammo… Pepik… u mening familiyamda bo‘la olmaydi. Shu ishda maslahatingizga muhtojman.
M i l o r a d. Ruxsatingiz bilan avvalo sizga bir savol bersam: ajralish bilan mening familiyamdan xalos bo‘lasiz, biroq haqiqiy eringiz bilan bo‘lgan aloqalar o‘z kuchida qolaveradi. U sizning ketishingizga ko‘narmikan?
K l a r a. Bizning aloqamiz mo‘rt edi, sindi-qo‘ydi.
M i l o r a d. Axir, har holda, yozuvchilar muhabbat deb ataydigan aloqa bordir?
K l a r a. Bir-birimizga hech qachon sevgi izhor qilmaganmiz.
M i l o r a d. Nima bo‘pti, men ham shunday qilaman, ammo har holda…
K l a r a. Nima demoqchi ekaningizni bilaman, biroq hammasini tushuntirib o‘tirishga vaqtim yo‘q. Men tamomila marhum oyimning ixtiyorida bo‘lganman. U meni unga boyvachcha deb erga berdi. Men ham Belgradda malikalarday yashayman deb o‘ylovdim, biroq…
M i l o r a d (o‘ylab). Demak, siz uni sevmaysiz?
K l a r a. Ha, bu haqda uning yuziga aytdim.
M i l o r a d. Unga?
K l a r a. Ha, hozirgina.

16

S o y k a (eshikni sal ochib, kallasini chiqaradi). Kechirasiz meni, janob Jivota kelmadimi?
M i l o r a d. Yo‘q!
S o y k a. Baraka toping, kelsa, menga ayting.
M i l o r a d. Bo‘ladi!
(Soyka eshikni bekitib oladi.)

17

M i l o r a d. Demak, siz ajrashish uchungina turgan ekansiz-da?
K l a r a. Ha!
M i l o r a d. Ajrashishga rozi bo‘ldingizmi?
K l a r a. Siz shuni istaganingizdan keyin…
M i l o r a d. Men?
K l a r a. Ajrashish ishini siz qo‘zg‘agansiz. Otangiz sudga shikoyat arizasi yozdirib olish uchun advokatning oldiga ketdi.
M i l o r a d. Men arizaga qo‘l qo‘ysamgina, uni sudga berish mumkin.
K l a r a. Qo‘l qo‘yasiz.
M i l o r a d. Kim sizga aytdi?
K l a r a (xijolat). Axir qutulishingiz kerak-ku.
M i l o r a d. Nimadan qutulishim kerak?
K l a r a. Mendan.
M i l o r a d. Qoyil-ey! Menga azob beribsizmiki, men sizdan qutilsam! Qayerdan bilasiz, men qutulmoqchimanmi-yo‘qmi?
K l a r a (ajablanib). Tushunmadim.
M i l o r a d. Siz meni judayam o‘yinchoq qilib yubordingiz: mendan so‘ramasdan menga tegib oldingiz, endi bo‘lsa mendan beso‘roq ajrashmoqchisiz.
K l a r a. Sizning xohishingiz shu.
M i l o r a d. Men sizga qachon shunday dedim?
K l a r a. Siz aytmagan bo‘lsangiz ham, otangiz aytdi.
M i l o r a d. Nima, dadamga erga tekkanmisiz?
K l a r a. Yo‘q, ammo…
M i l o r a d. Menga tekkansiz, binobarin, men qachon xohlasam, shunda ajrashaman.
K l a r a (hayron). Bu nima deganingiz, taqsir, tushunmadim!
M i l o r a d. Bu deganim shuki, siz mening xotinimsiz, demak, dadamga emas, menga itoat qilishingiz kerak!
(Klara dovdiragan, hayratlangan, o‘zini yo‘qotgan bir ahvolda.)

18

D r a g a (eshikni ochib, boshini chiqaradi). Kechirasiz, janob Jivota kelmadimi?
M i l o r a d. Yo‘q!
D r a g a. Baraka toping, kelsa, menga ayting.
M i l o r a d. Yaxshi!
(Draga eshikni bekitib oladi.)

19

K l a r a (hayrat, xijolat bilan). Meni gangitib qo‘ydingiz. Gaplaringizga tushunolmayapman.
M i l o r a d. Bo‘pti, soddaroq qilib gapiraman. Men ketishingizga ruxsat bermayman! Har qalay, eringizman. Qachon ruxsat bersam, shunda marhamat!
K l a r a. Yana bu nimasi?
M i l o r a d. Bu nimasi? Buni o‘zimam bilmayman, biroq shunday bo‘ladi!
K l a r a. Tushuntirsangiz-chi menga!
M i l o r a d. Tushuntirishim qiyin. Sizni birinchi marta ko‘rganimda: “Oh, mana buni chiroyli ayol desa bo‘ladi”, – deb o‘yladim. Lekin men har gal ko‘hlikkina ayolni ko‘rsam shunday deb o‘rganib qolganman. Ammo bu safar boshqacharoq bir nima ro‘y berdi… bir, ikki, uch ayolni uchratsam-da, birontasi ham yoqmasa bo‘ladimi… Menda shu mahalgacha bunaqa bo‘lmasdi… Siz do‘stimning xotini bo‘lganingiz uchungina o‘zimni jilovlab turgandim. Hozir o‘zingiz uni sevmayman dedingiz. Shunday ekan…
K l a r a. Nimalar deyapsiz, taqsir?
M i l o r a d. Men sevgi izhor qilishni bilmayman. Negaki, hamisha tuyg‘u bilan ishi yo‘q ayollar bilan oshno bo‘lganman. Biroq hozir nima degan bo‘lsam, hammasi rost.

20

S p a s o ye v i ch (eshikdan bosh suqib). Kechirasiz… (Miloradni ko‘rib qo‘rqqanidan chinqiradi va eshikni yopib oladi.)
M i l o r a d. Siz birinchi ayolsiz, ya’ni siz haqingizda mana necha kundirki, o‘zimga-o‘zim “Oh, mana buni chiroyli ayol desa bo‘ladi!..” – deb tak­rorlayman. Dadam meni boshqaga uylantirmoqchi, yaxshiyamki, men allaqachon uylanganman. O‘tinib so‘rayman sizdan, rozi bo‘lsangiz, meni dadam topgan alvasti balosidan qutqarasiz, universitet dotsenti bo‘lish dahmazasidan ham omon qolaman.
K l a r a (uzoq sukutga ketib, boshini ko‘taradi). Menga qarang, taqsir, siz adashayapsiz. Siz oqko‘ngil odamsiz, lekin menga sizning rahm-shafqatingiz kerak emas. Ahvolim og‘ir, to‘g‘ri… Ammo menga achinishlarini istamayman.
M i l o r a d. Achinish nimasi! Aksincha, biz bir-birimizga ko‘maklashamiz. Chindanam siz mening xotinim bo‘lishingizni xohlayman. Darvoqe, xohlashning nima keragi bor, siz shundayam mening xotinimsiz.
K l a r a (o‘rnidan turib). Kechirasiz, taqsirim, bunday qilish odobdan emas…
M i l o r a d. Nima uchun?
K l a r a. Men, qaroqchi singari, xonadoningizga kirib, yillar davomida yaratilgan barcha narsani ostin-ustun qilib yuboraman.
M i l o r a d. Mening o‘zim ham ostin-ustun qilmoqchiman. Menga shuncha dilsiyohlik keltirgan diplom asoratidan qutulishga qat’iy qaror qildim…
K l a r a. Yo‘q, yo‘q, taqsir. Qarindosh-urug‘laringiz men to‘g‘rimda nima deb o‘ylashadi!
M i l o r a d. Bu haqda bosh qotirish o‘rinsiz. Nahotki sizni Blagoye tog‘amning fikri qiziqtirsa?
K l a r a. Ammo, taqsir, daf’atan bunday qilish! Qo‘rqaman. Yana bir yengiltaklik bo‘lmasmikan. Shoshma-shosharlik bilan bir marta turmush qurganim yetar, bu shunday tasodifki…
M i l o r a d. Men uchun ham tasodif, ammo oqibati go‘zal bo‘ladi!
K l a r a. Yo‘q, qo‘rqaman, chuqur o‘ylamay gapirib qo‘ygan bo‘lmang tag‘in. Yaxshisi, yana bir marta o‘ylab ko‘ring, iltimos. (Tez chiqib ketadi.)

21

(Milorad Klaraning orqasidan uzoq qarab qoladi, so‘ng o‘tiradi va sigareta chekadi. Qo‘lida qog‘oz bilan Jivota kirib keladi.)
J i v o t a. Qanday yaxshi-ya, shu yerda ekansan. Mana ariza, unga qo‘lingni qo‘yasan – shu bilan bu ish ham tamom-vassalom.
M i l o r a d. Qanaqa ariza?
J i v o t a. Ajrashish haqida ariza, advokat yozib berdi.
M i l o r a d. Shunday degin-a, men ham seni kutib turgan edim, bir ish bor, undan sen ham, men ham o‘n ming dinordan daromad qilamiz.
J i v o t a. Yo‘g‘-ey! Qanaqa ish?.. Sen ham o‘n ming dinor yutasanmi? Mana endi ota o‘g‘ilga o‘xshading. Albatta, pulni sovurishnigina emas, uncha-muncha daromad qilishniyam bilish kerak.
M i l o r a d. Shu kundan boshlab men daromad qila boshlayman. Men topgan ish yuz foiz foyda beradi. Klaraga agar u ketishga rozi bo‘lsa, yigirma ming va’da qilgansan, shundaymi?
J i v o t a. Ha, unga uncha-muncha berish kerak, bir amallab yelkadan oshirsak bo‘lgani.
M i l o r a d. Men o‘ylab topgan ishdan sen ham, men ham foyda ko‘ramiz.
J i v o t a. Qanday qilib?
M i l o r a d. Mana bunday! Men arizaga qo‘l qo‘ymaslikka va Klarani xotinim sifatida olib qolishga ahd qildim. Shunday bo‘lgach, unga yigirma ming dinor berishning hojati yo‘q. O‘n mingini menga berib, o‘n mingini o‘zingda qoldirasan. Ana shu tarzda ikkalamiz ham foyda ko‘ramiz.
J i v o t a (esankirab). Shoshma-shoshma! Alahsirayapsanmi, esing joyidami o‘zi?
M i l o r a d. Eshitding-ku, nima deganimni.
J i v o t a. Eshitganim yo‘q, hech nima eshitganim yo‘q!
M i l o r a d. Yaxshi, takrorlayman. (Qattiqroq.) Men xotinimga meni tashlab ketishiga ruxsat bermayman!
J i v o t a. Kimning xotiniga, qo‘ysang-chi!
M i l o r a d. O‘z xotinimga.
J i v o t a. Qachondan beri xotinli bo‘lib qolding?
M i l o r a d. Nikohdan o‘tgandan beri.
J i v o t a. Xonangga borib biroz hushingni yig‘ib ol-da, jiddiyroq gap qil, agar sen bilan gaplashishimni istasang.
M i l o r a d. Men jiddiy gapirayapman.
J i v o t a. Qanaqasiga jiddiy bo‘lsin, begonaning xotinini mening xotinim deb jar solib o‘tiribsan-ku!
M i l o r a d. Shunday deng-a, demak, u mening xotinim emas?
J i v o t a. Yo‘q, albatta!
M i l o r a d. Kim bilan ajrashaman bo‘lmasa?
J i v o t a. Bu boshqa masala. Tentaklikni yig‘ishtir!
M i l o r a d. Menga qara, dada: men u bilan nikohdan o‘tganmanmi, u mening xotinimmi, men bilan qoladi – tamom-vassalom! Endi senga tushunarlimi?
J i v o t a. Yo‘q, tushunarli emas!
M i l o r a d. Nimasi tushunarli emas?
J i v o t a. Menga tushunarli emas, chunki aqlim xiralashdi, aql xiralasharkan, hech nimani tushunib bo‘lmaydi! Xo‘sh, bu qanaqasi bo‘ldi – men topdim, jon kuydirdim, pul sarf qildim, endi sen dabdurustdan “mening xotinim” deb o‘tiribsan. Hoy, bunaqasi ketmaydi, ha o‘g‘ilginam, bunaqasi ketmaydi! Men bunga ruxsat bermayman, tushundingmi, ruxsat bermayman!
M i l o r a d. Ruxsat bermasang, u holda Klaradan o‘zing ajrashaver, men esa istamayman!
J i v o t a. Oq qilaman-a seni, eshitayapsanmi, oq qilaman! O‘ylab topganingni qara – Klara-yu Pepik! Topganing shu bo‘lsa, bor o‘shalar bilan qo‘shmozor bo‘l. G‘amingni ham o‘shalar tortaversin.
M i l o r a d. Ota xohishi shunday ekan, shunday bo‘ladi!
J i v o t a. Men seni Xudo oldida, odamlar oldida oq qilaman. Hamma bu yoqqa kelsin, butun oila oldida sendan yuz o‘giraman. (Eshiklarni ochib.) Mara, Mara, hammalaring bu yoqqa kelinglar!

22

(Mara, Slavka, Blagoye kirib kelishadi.)
J i v o t a. Kelinglar, kelinglar, mana buning gapini eshitinglar! (Miloradga.) Gapir, o‘zing gapir, men gapirsam, hech kim ishonmaydi.
M a r a. Voy Xudoyim-ey, nimalar bo‘layapti bu yerda-a?
J i v o t a (Miloradga). Ayt ularga!
M i l o r a d. Aytib bo‘ldim!
J i v o t a. O‘g‘ling, Mara, ajrashish to‘g‘risidagi arizaga qo‘l qo‘ymasmish! Klara xotinim, uni olib qolaman, hech qayerga yubormayman, deydi.
B l a g o ye. Bu yog‘i qandoq bo‘ldi?
M a r a. Shu gap rostmi, o‘g‘ilginam?
M i l o r a d. To‘g‘ri. Bema’ni diplomdan ko‘ra, bama’ni xotin menga ko‘proq yoqadi, buning ustiga nikohdan o‘tganman, ajrashishimga hojat yo‘q. Yaxshi xotinim…
B l a g o ye. Bolang bor…
M i l o r a d. Ha. Dadam yaxshiroq o‘ylasa, men bu bilan unga kam deganda yuz ming dinor pulni asrab qolayotganimni tushunib oladi. Klaraga va’da qilingan 20 ming dinor, to‘yga, cho‘qintirishga ketadigan xarajat hamyonda qoladi…
J i v o t a. Bu yo aqldan ozgan, yo bizni kalaka qilayapti.
M i l o r a d. Kalaka qilayotganim yo‘q, axir bundan ortiq sizlarga yana nima kerak? Xotinim yaxshi, chiroyli va oqko‘ngil…
M a r a. Buyam to‘g‘ri, Jivota, Klara chindanam yaxshi va kamtar kelin.
J i v o t a. Endi sen qoluvding! O‘chir ovozingni!
B l a g o ye. “O‘chir ovozingni”, “jim bo‘l”dan boshqasini bilmaysan, axir jiddiy o‘ylab qaraganda, chindanam shunisi har holda yaxshi bo‘lib chiqadi-ku. Shunday ham rosa chalkashib qoldik.
J i v o t a. Sen chalkashayapsan, miyang suyulgan, nima deb valdirayotganingni bilmayapsan, Mara ham shu – bekorga aka-singil emassizlar-da. Aql-farosatlaring ham bir xil! Sizlarga nima bo‘ldi o‘zi, jinnimisiz yoki mastmisizlar? Qayerda ko‘rgansizki, ministrning qiziga uylanaman deb turgan odam qandaydir bir Klaraga uylansa. Ministrning qizi sep qilib ko‘priklar, tonnellarni olib kelardi, buning sepi-chi – Pepik!.. (Maraga.) Sen, sen, faqat sen aybdorsan! Erkalab o‘stirding. Endi bo‘lsa miyasiga Klarani Pepigi bilan birga joylab qo‘yibsan! Ammo shuni bilib qo‘y, u ham bilib qo‘ysin, men tirik ekanman – bunga yo‘l qo‘ymayman! Tushundinglarmi? Yo‘l qo‘ymayman! (Battarroq jahli chiqadi.) Hammangni jinnixonaga jo‘nataman: (Blagoyega) seni ham – miyang suyulgani, menga bosh og‘riq rejalarni tuzib berganing uchun, (Maraga) seni ham – “yaxshi va kamtar kelin” degan gapni to‘qib chiqarganing uchun, birovning xotiniga ega chiqib o‘tirgan odamni ham. Hammangni jinnixonaga tiqaman!.. Taqiqlayman, tushundinglarmi, taqiqlayman!..
M a r a. Jivota, Xudo haqqi, tinchlan!
J i v o t a. O‘zlaring tinchlaninglar. Men aqldan ozsam, keyin tinchiyman! Shunday bo‘ladi hali, ko‘rasiz. Mana hozirdan boshimda nimadir gumburlayapti!
M a r a. Bor, narigi xonada biroz damingni ol.
J i v o t a. Sizlarning yonlaringda dam olib bo‘ladimi? Yo‘q, mana bu xonaning kalitini ber. (O‘ng tomondagi barcha kelgan kishilar yig‘ilgan xonani ko‘rsatadi.)
M a r a. Ochiq.
J i v o t a. Ochiqligini bilaman, baribir kalitni beraver. Ichkaridan bekitib olaman, toki biron kimsa meni bezovta qilmasin. Meni tinch qo‘yinglar, bo‘lmasa aqldan ozaman! (Maradan kalitni olib, o‘ng tomondagi xonaga kiradi; uning fig‘oni va mehmonlarning g‘ala-g‘ovuri eshitiladi; qattiq hayajonlangan holda u yugurib qaytib chiqadi va eshikni bekitib oladi.) Yo Tangrim, bu naq pistirmaning o‘zi-ku! (O‘z yaqinlariga.) Nahotki dadangizga rahmingiz kelmasa? Axir bilasiz-ku, yuragim kasal, meni ari uyasiga tiqishga qanday ko‘nglingiz bo‘ldi!
(Xonadan baqir-chaqir eshitiladi.)
M a r a. Voy Xudoyim-ey, Jivota, nimaga ularni qamab qo‘yding?
J i v o t a. Hammasi o‘sha yerda, chiqsa, meni tilka-pora qiladi, meni qutqaringlar!..
(Yana taqillatishadi.)
M i l o r a d. Ularning ustidan qulflab qo‘yish mumkin emas. Kalitni menga ber!
J i v o t a. Ma, ular bilan o‘zing gaplashaver, men istamayman. (Kalitni beradi va holdan toygan holda, kresloga o‘zini tashlaydi.)
(Milorad eshikni ochadi, hamma otilib ichkari kiradi.)

23

D r a g a (boshqalardek g‘azabi qaynagan, Jivotaning oldiga kelib). Bizni qulflab qo‘yishga nima haqqingiz bor! Bu haqda keyin gaplashamiz, hozir esa men sizga shuni ma’lum qilamanki, kilometrlarni xayolingizdan chiqarib tashlang!
(Jivota unga ma’nosiz qaraydi, hech nima demaydi.)
X o n i m l a r (birvarakayiga). Biz, taqsir, 9-etimxona boshqarmasi kengashining favqulodda majlisi vakolati bilan kechagi voqea uchun sizdan tavba-tazarru talab qilib keldik.
(Jivota ularga ma’nosiz tikiladi.)
S p a s o ye v i ch. Hech bo‘lmaganda, siz bizdan kechirim so‘rashingiz kerak.
P r o t i ch. Yozma ravishda kechirim so‘raysiz.
(Jivota ularga ma’nosiz tikiladi.)
S o y k a. Men va janob Sima keluvdik, qarasak… yolg‘iz o‘zingiz bilan gaplashib olishimiz kerak. Agar malol kelmasa, boshqa xonaga o‘tsak.
(Jivota bungayam ma’nosiz boqadi.)
R a y s ye r. Men xayrlashgani keluvdim, bugun kechqurun Afinaga jo‘namoqchiman.
(Jivota Rayserga ham ma’nosiz qaraydi.)
O‘ n g x o n a d a g i l a r. Ammo, taqsir, sukut saqlash bilan…
J i v o t a (irg‘ib turadi). Mendan nima istaysizlar? Bas, ortiq chidolmayman, meni tinch qo‘yinglar, o‘zimning tashvishlarim ham yetib ortadi!
X o n i m l a r. Bu – sizning shaxsiy ishingiz.
J i v o t a. Shaxsiy ishim? Keling, sizlarga ham oshkor bo‘laqolsin. Hammaga aytaman, butun dunyo eshitsin, mayli, bu keng jahon men tortgan azob-uqubatlar ustidan, o‘g‘limning sharmandaligi ustidan kulsin, qahqah urib!
M i l o r a d. Dada!..
J i v o t a (qahrlanib). Butun dunyo eshitsin: mening o‘g‘lim avantyurist, yengiltabiat bir ayolga uylanmoqchi!
(Umumiy hayrat.)
M i l o r a d. Dada, nima deyapsan?
J i v o t a. Men buni isbot qilaman.
M i l o r a d. Isbot qil, ayblayotgan ayol oldida isbot qil! (Chapdagi eshikka borib.) Klara, Klara, keling bu yoqqa!

24

M i l o r a d (Klara kelgach, otasiga). Gapiring!
J i v o t a. Gapiraman ham! Bu juvondan so‘rab ko‘r, o‘zi aytsin, kim u (cho‘ntagidagi arizani chiqarib qaraydi) Iogann Volfgang Gyote?!
R a y s ye r (shu nomni eshitgan zahoti boshini ko‘tarib, ma’ruza o‘qiganday so‘zlay boshlaydi). Iogann Volfgang Gyote – eng mashhur nemis shoiri, beqiyos tasavvur va chuqur g‘oyalar egasi. U Frankfurt shahrida 1749 yilda tug‘ilib, 1832 yilda Veymarda vafot etgan. Uning otasi – qirol maslahatchisi Iogann Kaspar Gyote 1710 yilda tug‘ilib, 1782 yilda vafot etgan; onasi – Katerina Elizabet Tekstor 1731 yilda tug‘ilib, 1803 yilda vafot etgan. Gyote o‘z asarlari bilan Veymar gertsogi Karl Avgustoning mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan…
J i v o t a (sabr-bardoshi tugab). Yo Parvardigor, qachon bu gumdon bo‘larkan! O‘zimning boshim achib yotibdi-yu, bu bo‘lsa menga ma’ruza o‘qib o‘tiribdi. Klara, ochig‘ini ayt, o‘sha Ioganni taniysanmi, yo‘qmi?
K l a r a. Qanday taniy, u men tug‘ilmasimdan sakson yil burun o‘lgan bo‘lsa.
J i v o t a. Sakson yil burun o‘lgan? Axir o‘zing aytding-ku, Iogann Volfgang Gyote bilan yaqin aloqada bo‘lganman deb.
M i l o r a d. Menga shu arizaga qo‘l qo‘y deb o‘tiribsanmi?
J i v o t a. Bo‘pti, o‘lgan o‘libdi, joyi jannatda bo‘lsin, gap tamom. Titulesku-chi? (Miloradga.) Undan so‘ra-chi. Tituleskusi kim ekan?
M i l o r a d. So‘rab nima qilaman? Titulesku – ruminlarning tashqi ishlar ministri.
J i v o t a. Yo Parvardigor, nima bo‘ldi menga o‘zi! Boshim aylanyapti, ko‘z o‘ngim qorong‘ilashyapti, nafasim bo‘g‘ilayapti!

25

(Velimir kiradi. Jivota uni ko‘rar ekan, yirtqichday unga tashlanib, tomog‘idan bo‘g‘moqchi bo‘ladi.)
J i v o t a. Sen, bu ishlarga sen sababchisan, qaroqchi! (Mushtini ko‘taradi; baqir-chaqir boshlanadi.)
S l a v k a (yugurib chiqib otasining oldini to‘sadi va Velimirni himoya qiladi). Dada, u aybdor emas!
J i v o t a. U aybdor, u! Hammasi uchun javob beradi, shunday qilayki, bir umr eslab yursin! (Velimirga.) Qalbingni yaralayman, bildingmi, naq qalbingni!.. Sen o‘ylaysanki, bu sening xotining-a? (Klarani ko‘rsatib.) Yo‘q, azizim, tushingni suvga ayt! Bu o‘g‘limning xotini, mening kelinim! Shunday emasmi, Milorad?
(Umumiy to‘lg‘anish.)
M i l o r a d. Shunday!
J i v o t a. Shunday emasmi Klara?
K l a r a (qaddini rostlab, hammaga bir-bir qaraydi va uning ko‘zlari Velimir ko‘zlari bilan uchrashgach, qat’iy ohangda). Shunday! (Mara bilan Jivotaning yoniga borib, ularning qo‘llarini o‘padi.)
(Umumiy hayrat.)
S l a v k a (Velimirga). Bardam bo‘ling.
J i v o t a (Velimirga). Ha, ta’ziringni yedingmi?
(Velimir kulib, yelkasini qisadi.)
B l a g o ye. Shunday, yasha, Jivota! Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas.
J i v o t a (xo‘rsinib). Taslim bo‘ldim! Ministrning ham padariga qusur, hammasi tamom! Men pulga sotilmaydigan narsa yo‘q deb o‘ylardim, endi ko‘rdimki, ko‘p narsani sotib olsa bo‘larkan-u, biroq aql sotilmas ekan!..
M a r a (Pepikni qo‘lidan yetaklab olib keladi). Juda yaxshi bo‘ldi, men ayniqsa bola uchun xursandman. Nima qilardi, bechora, yetti yot mamlakatda? Ko‘rayapsanmi, qanday yoqimtoy, mo‘min-qobil bola, qo‘zichoqday.
J i v o t a. Ey, Mara, ko‘nmay ilojimiz yo‘q! (Pepikni quchib.) Biz sen bilan, nevaraginam, hali do‘stlashib ketamiz. Hamma narsani sen alg‘ov-dalg‘ov qilib yubording, ehtimol, o‘zing to‘g‘rilarsan. Balki bobongning sendan omadi bordir. (Uni erkalaydi.) Maritsa, diplomni yo‘qot, biron joyga olib borib tashla…
M i l o r a d. Chordoqqa!..
J i v o t a. Ha, chordoqqa! Faqat, menga qara, ramkasini buzib qo‘yma, yarab qoladi! Bir kunmas-bir kun unga haqiqiy diplom solib qo‘yamiz. Diplomda katta harflar bilan shunday yozilgan bo‘ladi: “Doktor Pepik Sviyovich!”

PARDA

Rus tilidan Muhsin Qodirov tarjimasi