Bibhutibhushon Bondopaddhay. Shulochona (hikoya)

1

Oqshom. Shukiya ko‘chasi bo‘ylab jadal qadam tashlab borardim. Men ishlaydigan dorixona allaqachon ochilib bo‘lgandi, men bo‘lsam kechikyapman.
Dabdurustdan bir ustun soyasida turgan keksa ayolning sharpasiga ko‘zim tushdi-yu, qoqan qoziqdek to‘xtab qoldim.
Nahotki bu Shulochonaning onasi bo‘lsa? Haqiqatan ham u qiziga juda o‘xshab ketardi. Lekin qanday qilib bu yerga kelib qoldiykin-a? Aql bovar qilmaydi… Oradan qancha yillar o‘tib ketdi. Yana uni bu yerda − Kalkuttada uchratsam-a!
Men asta ayolning otini aytib chaqirdim. Ayol ikkilanib men tomon o‘girildi. Men haqiqatan ham bu ayol Shulochonaning onasi ekanligiga shohid bo‘ldim. U kimligimni tanimasa-da, men tomon asta yurib kela boshladi.
Men o‘zimni tanishtirganimda u tishsiz og‘zini katta ochib, kularkan:
− Sen Jodusan-a?! Ha, ha, Jodusan! Anchadan buyon ko‘rishmagandik… − dedi sevinib.
Men uning ovozini eshitishim bilanoq bundan yigirma yetti yil avval bo‘lib o‘tgan voqealar xotiramda zumda qayta jonlandi. Birinchi jahon urushi paytidagi Kalkutta… U paytlar konka yurmasdi… Ha, bu kampir men bilgan o‘sha Shulochonaning onasi edi. O‘sha paytlarda bu qiz menga dunyodagi eng go‘zal qiz bo‘lib tuyulgandi… Ammo uni tez orada hayot dengizida yo‘qotib qo‘ydim.
O‘sha yillarda ayollar sochlarini o‘zgacha turmaklab, ajoyib sarilar kiyishar edi. Ammo go‘zallik doimo go‘zalligicha qolaveradi. Shulochona haqiqatan ham juda yoqimtoy qiz edi. Uning kelishgan qaddi-basti go‘yo champak guli kabi sarvqomat edi, timqora shahlo ko‘zlari, orqasi bilan bitta bo‘lib to‘lqinlanib turuvchi sochlari-yu nozik qo‘llari va uning o‘ta yoqimtoy chehrasi suv yoqalab ketayotganimda ham, katta ko‘chadan jinko‘chaga burilganimda ham, kimsasiz bog‘da aylanib yurgan paytimda ham ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘laverardi. Iyul, avgust oylarining yomg‘irli tunlarida yoshlikdagi men his etgan orzu-umidlarga to‘la bu xotiralar xayolimdan o‘chib ketgan bo‘lsa-da, lekin hozir qalbimni qayta junbushga keltirdi. Unutilgan Shulochona yana ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi. Bu hol aynan shu bugun, Kalkuttada sodir bo‘ldi.
Bu oddiy ishqiy sarguzasht emasdi. Dangal aytaman, sarguzasht qahramoni men emasdim.
Hammavaqt muhabbat bobida qizlar iztirob chekadilar, javobsiz muhabbat iztirobidan indamay, kuyib kul bo‘ladilar, kun-bakun so‘lib boradilar…
Shulochona ham bu holdan qochib qutula olmaganini bilardim. Oradan ko‘p yillar o‘tib, aqlim to‘lishgach, yosh va sohibjamol Shulochonaga rahmim kela boshladi.
O‘tgan kunlarni eslashning nima hojati bor! Hozir esa qarshimda Shulochonaning onasi turibdi, u juda qarib qolgandi, buni darhol sezdim. Qiziq, u nega tilanib yuribdi? Ustun soyasida u biron paysa berishlariga umid qilib, qo‘l uzatib turganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Uning qizi hozir qayerda ekan-a?
Kampir uyalinqirab turardi, uni noqulay ahvoldan qutqarish niyatida:
− Hoynahoy, siz shu yaqin atrofda yashasangiz kerak? Do‘konga xarid qilgani chiqqanmidingiz? Sog‘lig‘ingiz yaxshimi? − deb so‘radim.
− Eh, o‘g‘lim-a, bir amallab kunimni ko‘ryapman! O‘zing qanday yashayapsan?
Men uning javobidan qoniqmadim. Anchadan buyon ichimda qolib ketgan savolni berdim qizning onasiga. Shulochona aftidan qirq ikki yoshlarda bo‘lsa ehtimol, men noqulay ahvolga tushib qolishdan cho‘chimay undan qizi haqida so‘rab-surishtirsam bo‘ladi. Hozir Shulochonaning hayoti o‘z izmiga tushib ketgan bo‘lishi kerak.
− O‘g‘lim, qizim tirik bo‘lganida edi, u bugun… − shunday deya kampir yig‘lab yubordi.
Men dong qotib qoldim, o‘zimni yo‘qotib g‘o‘ldirardim:
− Yo‘g‘-e… U o‘ldi…
Biz biroz sukut saqlab turdik. So‘ngra yana men gap boshladim.
− Siz hozir qayerda yashayapsiz?
− Ko‘chada… Ha, ha, ko‘chada…
Gap nimadaligini tushundim. Ichim ezilib, qanday ahvolga tushganim yolg‘iz o‘zimga ayon. To‘g‘ri, faqat bu kampir deb emas. Men unga biroz choy-chaqa berib, xayrlashmoqchi bo‘lganimda, u meni gapga tutdi:
− Seni uchratganim yaxshi bo‘ldi. Bechora qizim, ikki bolasini menga tashlab, o‘zi bu olamni tark etdi. Bolalarning biri o‘n olti yoshda, ikkinchisi esa o‘n to‘rt yoshda. Bu yoshimda ikki bola bilan qolishning qanchalik og‘irligini tasavvur qilasanmi! Mo‘jazgina uychada yashaymiz, yaqin orada u joydan ham quvib yuborsalar kerak. Ijara haqini to‘lashga pulimiz yo‘q. Ana shuning uchun ham “ko‘cha”da yashayapmiz deb aytyapman.
− Shulochona qachon vafot etdi?
− Hademay o‘n to‘rt yil bo‘ladi. O‘shanda kichik o‘g‘li ikki oylik edi. Qizimning vafotidan keyin o‘g‘illari men bilan qolgan.
Kutilmaganda bir fikr yarq etib miyamga kelib urildi. Shulochonani men tanisam-da, lekin asl hayoti men uchun jumboq edi. Yosh bo‘lganligim sababli o‘sha yillarda men ko‘p narsaning asl mohiyatini tushunib yetmasdim. Sohibjamol Shulochona men uchun abadiy go‘zallik timsoli bo‘lib, shundayligicha qolgan edi. Hozir esa uning hayoti haqida batafsil bilib olishim uchun imkoniyat tug‘ilgandi.
Men kampirga:
− Ertaga soat beshda meni Shrodxanondo bog‘ida kuting, − dedim. − Turar joy muammosini hal etamiz.
Kampir meni qo‘yib yuborgisi kelmas, hoziroq borib ular yashayotgan kulbani ko‘rishimni juda xohlardi. Xullas, borishimga to‘g‘ri keldi. Ular yashayotgan xonani ko‘rgach, bu yerda nafaqat odam, balki hayvonni ham saqlab bo‘lmasligining guvohi bo‘ldim. Derazasiz yerto‘laga o‘xshash pastak bir xona edi. Hatto hozir avgust oyining yomg‘irli, salqin kuni bo‘lsa-da, bu yerda nafas olib bo‘lmasdi.
Shu tob Shulochonaning kelishgan ikki o‘g‘li kirib keldi. Ayniqsa, kichik o‘g‘li kelishgan ekan. Men Shulochonaning ko‘rinishini unutayozgan bo‘lsam-da, farzandlarini ko‘rgach, uning husni-jamoli yana ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi. Ular sayyoh guruh bilan birga ekanliklarini − biri Krishna rolini ijro etishini, ikkinchisi esa qo‘shiq kuylashini so‘zlab berdilar.
Baxti qaro Shulochona!.. Bu go‘zal ayolning ikki o‘g‘li va onasi endilikda qanday nochor hayot kechirishga mahkumlar-a! Xonadagi torgina yog‘och karavotning sirti qop bilan qoplangan bo‘lib, uning ustida uvadasi chiqqan yostiq bor edi, xolos. Bu karavot uch kimsaning yotadigan joyi bo‘lib, qariya o‘rtada, bolalar esa uning ikki yonida yotar edilar. Xonada singan tuvak, taqsimchaning bir bo‘lagi, sopol ko‘zacha bor edi, xolos. Tortilgan arqonda kir-chir latta-puttalar osilib yotardi, xonadagi bor narsa shulardan iborat edi. Nahotki, bu xonaning egasi tashlandiq mana shu o‘radan ularni haydab chiqarmoqchi bo‘lsa?
Hikoyamni davom ettirishdan avval men Shulochona bilan qanday tanishganimni va u haqda nimalarni bilishligimni so‘zlab bermoqchiman. Bularni aytmasam, o‘quvchi uchun ko‘p narsalar tushunarsiz bo‘lib qolishi mumkin.

2

Maktabni tugatgach, kollejga kirish maqsadida Kalkuttaga keldim. Bechu Chatujo ko‘chasida istiqomat qiluvchi hamqishlog‘imning uyiga kelib tushdim. U payt do‘stimning akasi bakalavrlikka imtihon topshirayotgan edi, uning oldiga Prokashchondro Boshu tez-tez qadam ranjida qilib turardi. U juda g‘aroyib kimsa edi. Aytishlaricha, u Bengaliyaning bo‘linishiga qarshi harakatda faol ishtirok etgani uchun politsiya tomonidan kaltaklangan bo‘lib, gospital va qamoqxonaga tushib chiqqan edi. Uning shaxsan o‘zi bomba tashlaganini aniq bilmasam-da, ammo Alipurdagi portlash bo‘yicha olib borilayotgan sud jarayoni davomida u politsiya nazoratida bo‘lgan. Prokash baland bo‘yli, baquvvat, ziyrak va aql bilan ish qiluvchi bola edi. U Kalkuttadagi yevropacha uslubdagi qadimgi o‘quv yurtlaridan hisoblanmish Prezidensi kollejini tugallash arafasida edi. U kollejni yaxshi bitiruvchilaridan biri hisoblanardi. Biz Prokashni juda hurmat qilardik. U kelganida hammaning chehrasi ochilib ketardi, ayniqsa, qizlarni aytmaysizmi! U uyimizga kelgan zahotiyoq − Prokashga choy damlanglar, Prokashning orqasiga yostiq qo‘yinglar, degan gaplar quloqqa chalinardi; Minni ismli qiz unga o‘zi to‘qigan narsalarini ko‘rsatishga oshiqardi, Dolli esa qiyin uy vazifasini tushuntirib berishini iltimos qilib, uni bizning yonimizdan olib ketar va soatlab u bilan gap sotardi. Xullas, Prokashni oilaning barcha a’zolari bilan do‘stlik rishtalari bog‘lab turardi. U atrofidagilarning g‘azabini qo‘zg‘atmaslik uchun hammamiz bilan ochiqko‘ngillik bilan gaplashar edi.
Ba’zan Prokash o‘zi bilan birga qorachadan kelgan, ko‘zlari katta, tibbiyot kollejining talabasi bo‘lmish do‘sti Shotish Rayni boshlab kelardi. O‘sha kezlarda hamma talabalar menga xushchaqchaq va yoqimtoy bo‘lib ko‘rinardilar − ular kelganida uy kulgu, qizg‘in suhbatlaru qo‘shiqlarga to‘lib ketardi. Ammo do‘stlar faqat xushchaqchaqlik bilan kun o‘tkazmas edilar, ba’zida ular xonaga qamalib olib, allanimalar haqida so‘zlashishar, shunday paytlarda eshik va deraza yoniga kelib turish man etilardi.
Kunlardan bir kuni o‘zimni tiyolmay do‘stim Shorotdan:
− Ular xonaga berkinib olib nima qiladilar? − deb so‘radim.
Shorot shivirlab:
− O‘rtoq, faqat hech kimga aytma, ular anarxistlar, – dedi.
− Sening akang hammi?
− Ha, uni ham guruhga qabul qilishgan.
Barchalari xonada gaplashib olishgach, ularda qandaydir besaranjomlikni sezardim. Anarxistlar bilan bir uyda ekanligimni o‘ylasam, etim jimirlab ketardi.
Ana shu uyda men Shulochonaning onasini birinchi bor ko‘rgan edim. Men o‘z xonamda kitob o‘qib o‘tirganimda o‘rta yoshdagi notanish bir ayol xonamga bosh suqib, Prokashning biznikiga kelish-kelmasligini so‘radi. U egniga bevalar kiyadigan dag‘al matodan tikilgan kiyim kiyib olgandi. U chamasi o‘ttiz besh-o‘ttiz olti yoshlarda edi. Oq tanli bo‘lib, hali husnini yo‘qotmagandi. Mendan Prokash babu kelishi mumkinligini eshitgach, yonimga kelib o‘tirdi-da:
− O‘g‘lim, sen o‘qiysanmi? − deb so‘radi.
− Ha, birinchi kursda o‘qiyman.
− Bu uy sening ota-onangnikimi?
− Yo‘q. Bu uy do‘stimning otasiniki, men ular bilan yashayapman. Sizni ayollar xonasiga kuzatib qo‘yaymi?
Shulochonaning onasi bilan tanishish mana shunday boshlangandi. Tez orada men va do‘stimning qarindoshlari beva ayol bu yerga faqat Prokash bilan uchrashish uchun kelishini tushunib yetdik. Keyinchalik bu ayol Prokashdan pul olib turishi ma’lum bo‘ldi. U ko‘pincha bizning oldimizda ham tortinmay undan pul so‘rardi.
− Prokash bobu, iltimos, o‘n rupiy berib tur. Qizimga kitob olib berishim kerak, bo‘lmasa uni urishadilar, qizim maktabga borolmay qoladi, – derdi u.
− Ma’lum bo‘lishicha, bu bevaning qizi bor ekan, − dedim do‘stimga kunlardan bir kuni. − Ular Prokashga kim bo‘ladilar? Prokash nega ularga pul beradi?
− Uning qizi maktabda o‘qishini bilaman. Aytishlaricha, qizi turmushga chiqqan ekan, ammo eri uzoqda bo‘lganligi sababli u haqda g‘amxo‘rlik qilmas ekan. U onasi bilan yashaydi, Prokash bilan Shotish esa ularning barcha xarajatlarini ko‘taradilar. Bu haqda menga akam gapirib bergan.
− Nima uchun Prokash bilan Shotish ularni pul bilan ta’minlab turadilar?
− Ular anarxistlar-ku, ular uchun, ayniqsa, Prokash uchun muhimi, o‘z Vataniga va xalqiga xizmat qilish. Akamning aytishiga qaraganda, uyidan keladigan pulning ko‘pini u ana shu beva bilan qiziga berib, o‘zi bizdan dam-badam qarz olib turadi. Yana ikki o‘quvchisidan oladigan o‘qitish haqini ham ularga berar ekan.
Menda bu ayol turli bahonalar bilan Prokashdan uyalmay pul undiradi, degan fikr tug‘ildi. U hamma vaqt qizini bahona qilib kelardi. Bugun unisi yo‘q, ertaga boshqasi yo‘q, deb tanda qo‘yardi. Pul olishi uchun bahonalari juda ko‘p edi. Prokash go‘yo sehrli xazinabon kabi uning hamma istaklarini bajo keltirib, ularning hech qachon iltimosini rad etmasdi. Ichimda juda jahlim chiqardi. O‘sha vaqtlarda bu ayol yosh ko‘rinardi, ammo men uni yomon ko‘rib qolganimdan kampir deb atardim.
Men bir necha marotaba:
− Prokash, ular seni shilishyapti, nega sen doimo ularga so‘ragan pullarini beraverasan, − deb aytishga chog‘lanardimu, ammo undan hayiqqanimdan aytmoqchi bo‘lgan gapim ichimda qolib ketaverardi, bu so‘zlarni aytishga menda jur’at yetishmasdi.

3

Kunlardan bir kuni Shulochona onasi bilan birga biznikiga kirib keldi. Uning go‘zalligi aqli hushimni o‘g‘irladi. Men – qishloqi bir bola shuncha vaqt shaharda yashab, bunday sohibjamolni umrim bino bo‘lib uchratmagandim. Ko‘rinishdan qiz o‘n olti-o‘n yetti yoshlarda edi. Yuzi sutga chayib olingandek, shunday oppoq ediki! Sochlarini aytmaysizmi, qop-qora zulukdek bo‘lib, yelkasida qulf urib turardi.
Shulochona bir zumda uydagilar bilan chiqishib, do‘stlashib ketdi va biznikiga tez-tez qadam ranjida etib turadigan bo‘ldi. U odatda Prokash bilan qariyb bir vaqtda uyimizga kelar, faqat yigit bilan suhbatlashar, uning oldidan sira jilmasdi. Odatda Prokash o‘tirgan stulning ortidan ushlagancha tik turardi. U bu odatini tark etganini men sira eslay olmayman.
Prokash ketgach, Shulochona bizlarga tegishib, sho‘xlik qila boshlardi. Balki u bizni odam o‘rnida ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Men dars tayyorlayotgan paytimda birdan u paydo bo‘lib qolar, qo‘limdagi kitobni yulib, qochib ketardi yoki orqadan pusib kelib, qo‘llari bilan ko‘zimni berkitgancha mahkam ushlab turardi yo bo‘lmasa ro‘paramga o‘tirib olib, arvohlar haqida so‘zlab berishimga majbur etardi. Shunday paytda qanday qilib dars tayyorlab bo‘ladi deysiz.
− O‘qishni bas qiling, yuring, tomga chiqamiz! − derdi qiz.
Tomda u turli xil o‘yinlarni o‘ylab topardi. Masalan, o‘zining qo‘g‘irchog‘i bilan Dollining qo‘g‘irchog‘ining to‘yini deganday… Kunlar shu zaylda o‘tib borardi.
Prokashning oldida esa Shulochona boshqa odamga aylanib qolardi. Og‘ir-vazmin, kamgap bo‘lib, deyarli kulmas, nimadandir uyalgandek tortinib gapirardi. Men ko‘pincha uning xafa bo‘lib yurganini ko‘rardim.
Prokash uni Shu deb chaqirardi, biz ham unga ergashib Shulochonani Shu deb atay boshladik. Bir kuni Shulochona to‘satdan Shotishga buyrug‘ona shunday deb qoldi:
− Meni bunday deb chaqirmanglar! Men sizni Prokash kabi chaqirishingizni istamayman!
Uning bu gapidan juda jahlim chiqqani esimda. Shulochonaga qancha guruch berish haqida gap ketganida men jahl ustida, bu mag‘rur va maqtanchoq qizga hech narsa berish kerak emas, u umuman biz bilan o‘ynamasa-o‘ynamas, deb yubordim.
Shu kabi janjallar Shulochona ikkimiz o‘rtamizda tez-tez bo‘lib turardi. Shulochona biznikiga kelib-ketishni kanda qilmasdi. Hamma qizni Prokash kelgan kuni kelishiga o‘rganib qolgan edi.
Men yana bir narsani sezib qoldim. Shulochona doim Shotishni ko‘rsa, teskari o‘girilib olar, u bo‘lsa qizni jonidan ortiq sevardi. Do‘stim Shorotning aytishicha, ona-bolaning barcha xarajatlarini Shotish o‘z bo‘yniga olgan ekan. Lekin qiz Shotishni yoqtirmasdi.
Hozir bir voqeani so‘zlab bermoqchiman. Kunlardan bir kuni Shotish kelganidan keyin zum o‘tmayoq Shulochona onasi bilan kirib keldi. Qizning onasi Shotishdan qizi bilan birga Dokxineshvarga borib kelishni iltimos qildi.
− Amaki, yo‘q demang (qiz Shotishni amaki deb chaqirardi), ketdik, men ham siz bilan birga boraman, − dedi Shulochona.
Shotish go‘yo oyni qo‘lga kiritgandek mamnun jilmaydi. Uning chehrasi ochilib ketdi.
− Yaxshi, yaxshi, albatta boraman! − suyunib dedi u. − Dokxineshvardan biz Boranogorga o‘tib, Svami Odbxutanondo ibodatxonasini ziyorat qilamiz − bu Gang daryosi sohilidagi go‘zal joylardan biri hisoblanadi.
− Unday bo‘lsa biryo‘la yigirma ikki qudratga ega Shiva ibodatxonasini ham ziyorat qilarmiz? − dedi Shulochonaning onasi.
− Amaki, juda zo‘r bo‘lardi-da! − xitob qildi qiz. − Tezroq izvoshchini chaqiring.
Shotish izvoshchini qidirib ketdi, shu orada ularning yoniga Prokash kelib qoldi. Shulochona Prokashni ham o‘zlari bilan birga borishini iltimos qila boshladi. Negaligini bilmadimu, lekin Prokash ular bilan borishga rozi bo‘lmadi. Shunda Shulochona ham bormasligini va agar istasa, onasi usiz ketaverishi mumkinligini aytdi. Shotish arava topib keldi. Gap nimadaligini tushungach, uning avzoyi buzildi. Prokash Shulochonani ketishga uvallo undadi, ko‘ndira olmagach, qaysar Shulochonadan jahli chiqdi. Ammo Shulochona o‘z so‘zida qat’iy turib oldi. Shunday qilib, bechora Shotishni Shulochonaning onasi bilan yo‘lga tushishdan o‘zga chorasi qolmadi. Ularga do‘stimning singillari ham qo‘shilib oldilar. Shulochona esa Prokash bilan qoldi.
Oradan ikki yil o‘tdi, boshimdan ko‘p savdolar kechdi. Men do‘stimning uyidan ketib, kollej yotoqxonasiga joylashdim va shundan so‘ng Shulochonani uchratmadim. Kollejni tugatgunimga qadar men na Shulochonani ko‘rdim va na uning onasini. Shotishni ham uchratmadim. Uni politsiya ta’qibga olgandi. Shuning uchun u turar joyini o‘zgartirishga majbur bo‘lgandi.
Prokash ham dom-daraksiz ketdi. Uni oxirgi marotaba uchinchi kurs­da o‘qib yurgan paytimda ko‘rgan edim. Bir yillar o‘tgach, Bengaliyaning bo‘linishiga qarshi harakat vaqtida politsiyachining otgan o‘qidan halok bo‘lganligini eshitdim.
Oradan ancha yillar o‘tdi. Kollejni tugatgach, men Kalkutta yaqinidagi bir yerga ishga joylashdim. Kunlardan bir kuni to‘satdan Xovra stantsiyasida tushib qolishimga to‘g‘ri keldi. Uyga men Sheyaldoxo orqali ketayotgan edim. U paytlarda Sheyaldoxo-Nortda poyezd to‘xtamasdi. Hozir yengil mashinalarning turar joyi bo‘lgan vokzal yonida qator kichik qahvaxonalar bo‘lib, choy, sharbat va boshqa yeguliklar bilan savdo qilinardi. Men sharbat ichgani ichkariga kirdim, odam ko‘p. Ular orasida bir yigit va yaxshi kiyingan qiz e’tiborimni tortdi. Ular tik turgancha sopol idishda sharbat ichmoqda edilar. Qizga o‘g‘rincha qarab, uning yoshi yigirma ikkilarda bo‘lsa kerak, deb xayol qildim. Qiz shunday sohibjamol ediki, asti qo‘yaverasiz! Unga faqat mengina suqlanib qaramayotgan edim, balki atrofdagilar ham uning husni-jamolidan ko‘z uzolmayotgan edilar.
Behosdan qiz jilmayib men tomon yaqinlashib kela boshladi:
− Axir bu Jodu-ku! − dedi kaftlarini juftlab menga ta’zim qilarkan.
Qizning ovozini eshitib, men uning kimligini tanidim:
− Shulochona! Qayerdan kelyapsan? Bu yerga qanday kelib qolding? Oying qayerdalar? Sog‘liqlaring yaxshimi? Hozir nima ish qilyapsan?
Shulochona savollarimga javob bermay, gapimni bo‘lib:
− Sen Prokash haqida biron gap eshitmadingmi? − so‘radi entikib.
Prokashning halok bo‘lganini bilsam-da, unga bu haqda aytishga tilim bormadi. U meni bir chekkaga olib o‘tdi-da, eski qadrdonlar haqida surishtirib ketdi: Do‘stim Shorot qayerdaligini, uning akasi Binod nima ish qilayotganini, ular uylanishdimi-yo‘qmi, shular haqida so‘rab-surishtira boshladi.
Shulochona yengimdan tutib:
− Ko‘rishmaganimizga ham ancha bo‘ldi, shuning uchun buni nishonlashimiz kerak, yur, “Raya” mehmonxonasiga boramiz, − dedi.
Shulochona xuddi yoshlik davridagidek o‘zini emin-erkin tutardi. U ulg‘aygan bo‘lsa-da, bolalarcha qiliqlari, o‘ylamay-netmay gapirishlari hali ham saqlanib qolgandi. Kiygan kiyimiga qaraganda o‘ziga to‘q yashashi shundoq ko‘zga tashlanib turardi: ustida havorang yaltiroq hoshiyali sari, chiroyli kofta, oyog‘iga esa kumushrang guldor tufli kiyib olgandi. Nozik qo‘llarini tilla bilakuzuk va ingichka tasmali soat bezab turardi. “Agar yosh qizlar chiroyli kiyinmasalar, pardoz qilib, atir sepmasalar, chiroyli ko‘rinadilarmi?” Egnidagi chiroyli sarisi Shulochonani yanayam ochib yuborgandi, suhbatdoshimga suqlanib tikilar ekanman:
− Yengimdan tortma. “Raya” mehmonxonasida nima bor, yaxshisi, tramvayga o‘tirib, Kollej-strit ko‘chasi muyulishidagi “Natsional” qahvaxonasiga boramiz, – dedim. Biz hoynahoy shunday qilgan ham bo‘lardik, ammo shu payt Shulochonaning hamrohi uni chaqirib qoldi.
− Hademay poyezd kelib qoladi, sen qayerga ketyapsan? − dedi u buyruq ohangida soatiga qarab qo‘yarkan.
“U buyruq berayapti-ku! – o‘yladim men jahlim chiqib. − Birodar, sen qayerdan paydo bo‘lib qolding? Men Shulochonani bolaligidan taniyman, u paytda sen onangning qornida eding. Endi unga buyruq beryapsan-a!”
Ilgaridan Shulochonaning qo‘lidan har qanday ish kelishini yaxshi bilardim − hozir bu yana bir bora tasdiqlandi. Bechora Prokash! Ana senga Shulochonaning muhabbati! Hech bo‘lmaganda Shulochona kabilarni… Qizdan nafratlana boshladim.
Yosh yigit Shulochona bilan birga stantsiya tomon keta boshlashdi. Ular bir necha qadam bosgach, Shulochona o‘girilib:
− Men Domdom hududida yashayman. Yo‘ling tushsa, kirib o‘t, − dedi. − Onam juda xursand bo‘ladilar. Bizning uy Noresh Pala gulxonasi oldidagi qandolat fabrikasining orqasida joylashgan.
Domdom hududidagi Noresh Pala gulxonasi oldidagi uyni qidirib topishga na vaqtim, na xohishim bor edi.

* * *

Kunlardan bir kuni kechqurun Esplanada maydonidagi tramvay bekatida turgan edim. Tramvay kelib to‘xtadi. Vagonda Shulochona o‘tirganini ko‘rib qoldim. U oyna oldida o‘tirardi. O‘ylab o‘tirmay vagonga chiqdim-da, uning yoniga borib o‘tirdim. Shulochona avval bir cho‘chib tushdi, meni tanigach, quvonib ketdi.
− Qo‘rqitib yubording-a! Men bo‘lsam vagonga sakrab chiqib, yonimga kelib o‘tirgan kim ekan, deb o‘ylabman! Ko‘rishmaganimizga ham qancha yillar bo‘lib ketdi-ya! Oxirgi marta Sheyaldoxo stantsiyasida uchrashganimiz bo‘ldi-da! Xo‘sh, ishlaring qalay, yaxshi yuribsanmi?
Tramvay Chadana muyulishiga kelib to‘xtaganini ham sezmay qolibmiz.
− Men shu yerda tushaman. To‘qish uchun ip va o‘g‘lim uchun shirinlik xarid qilishim kerak.
Men hayratlangancha undan ko‘zimni uzolmay turardim. Shulochona xijolat tortib:
− Erimning qaytib kelganiga bir yilcha bo‘lib qoldi. Mening yaxshi pul topayotganimni eshitib, darhol yugurib kelibdi. Avvallari u meni izlab topishni xayoliga ham keltirmagandi, – dedi.
− Hozir nima ish qilyapsan?
− Bilasanmi, Kempbelda hamshira bo‘lib ishlayapman. Uzoq vaqt yotoqxonada yashab yurdim. Erim qaytib kelgach, Domdom hududiga ko‘chib o‘tdim. O‘g‘limni ko‘rishni istaysanmi?
− Mayli, keyingi safar ko‘rarman. Yur, biron joyda choy ichaylik.
− Menga qara, sen bolamga tog‘asi o‘rnidasan. Marjon olib berishga qarzdorsan-a!
Aftidan, Shulochona ham onasi kabi sovg‘alar undirib olishga o‘rgangan, shekilli. Hozirgi “tug‘ishgan” tog‘asi jiyaniga bir necha rupiy sovg‘a qila oladi, xolos. Qiziq, menga begona bo‘lgan bola uchun onasiga nega marjon sovg‘a qilishim kerak ekan?
Biz ustun chirog‘i tagiga kelib to‘xtadik. Go‘zal Shulochonaga tikilib qarar ekanman, avvalgidek undan ko‘zimni uzolmasdim. Bunday go‘zal xonim bilan qahvaxonaga birga kirishga iymandim, chunki o‘sha 1913 yillari Kalkutta ko‘chalarida ayollar kam ko‘zga tashlanardilar. Men taxmin qilgandek, qahvaxonadagilarning barchasi Shulochonaga yeb qo‘ygudek qaray boshladilar. U bo‘lsa parvo qilmay, to‘xtamay javrardi − axir u jim turolmasdi-da.
− Ixtiyoring, − dedi Shulochona. − Rost aytyapman, biznikiga kiraylik, o‘g‘limni hali ko‘rmagansan-ku. Sovg‘adan qochyapsanmi? Uyalmaysanmi! Kelishdik, seni biz shanba kuni kutamiz, eshityapsanmi? Seni erim bilan tanishtirib qo‘yaman.
Uning hayoti sir-sinoatga to‘la edi: eri qayerda yurganu qayerdan kelib qoldi. Bu haqda so‘rashni juda istasam-da, ammo jur’at etolmadim. Bir narsani aniq bilardim − Shulochona yolg‘on gapirmayotgandi. U har vaqt, har qanday sharoitda ham, hatto o‘ziga ziyon keltiradigan sharoitda ham to‘g‘risini aytardi-qo‘yardi, shuning uchun uning gapiga ishondim.
Biz choy ichib bo‘lgach, Shulochona uchun kerakli narsalarni sotib olib, tramvay bekatiga qaytib keldik.
− Ketdik, Jodu! − dedi Shulochona tramvay bekatiga kelib to‘xtagach.
− Kechirasan, Shulochona, bugun ilojim yo‘q. Ishlarim ko‘p, borolmayman.
− Ishing qochib ketmaydi, ketdik! − ranjigannamo ohangda dedi Shulochona. − Senga aytadigan gaplarim ko‘p! O‘tmishim haqida yana men kim bilan ham gaplashishim mumkin?
So‘ng u hayajonlanib:
− Prokash haqida hech narsa eshitmadingmi? − deb so‘radi.
− Yo‘q. Qayerdanam eshitay, − dedim men. Ichimda esa: “Senga uning o‘likmi-tirikligining nima keragi bor”, deb qo‘ydim.
− U tirik, politsiyadan qochib yurgan bo‘lsa kerak. U haqda menga sendan boshqa kim ham gapirib berishi mumkin?
− Shotish bobu qayerda?
− Amakimmi? U uylanib, uyda o‘tirib qoldi. Qo‘lidan nima ham kelardi deysan, axir, u Prokash emas-ku!
Qo‘ng‘iroq chalindi.
− Jodu rostdanam uyimizga bormaysanmi? − uning ovozidan xafa bo‘layotgani shundoq sezilib turardi. − Chiq tramvayga! − qistadi u meni.
U qo‘limdan torta boshladi. Ammo men tramvayga chiqmadim. Negadir oyog‘im tortmadi. Ustiga-ustak kechqurun ishga borishim kerak edi, oxirgi poyezdga ulgurmasam, ishga kech qolishim tayin. Ishga kechikish mumkin emasdi!
O‘shanda, bundan o‘n yetti yil muqaddam men Shulochonani so‘nggi marta ko‘rib turganligimni qayerdan ham bilay?

4

Shulochonaning onasi meni xiyobonda kutib turardi. Men unga yashayotgan uyining ijara haqini berib:
− Xo‘sh, endi menga hammasini − bor haqiqatni aytib bering, ko‘p narsadan xabarim yo‘q, − dedim.
Vaqt choshgohga yaqinlashmoqda edi. Atrofimizda bolalar shovqin ko‘targancha arg‘imchoq uchardilar.
Men voqeani eshitar ekanman, ich-ichimdan ularga achinib ketdim.
Shulochonaning onasi juda yoshligidanoq beva qolgan ekan. Ular Burdvan mavzesida yashabdilar. Shulochona sakkiz yoshga to‘lgach, uni qo‘shni qishloqqa erga beribdilar. Erining yoshi o‘n uchdan-o‘n to‘rtga qarab ketayotgan ekan. Kuyov ko‘rimsiz bo‘lgani uchun, yosh qizaloq unikiga borishni istamabdi. Ustiga-ustak, bolaning xulq-atvori ham o‘ziga yarasha − o‘jar va kaltabin ekan. Kuyov sakkiz yashar xotinini do‘pposlab, azob berarkan. Nihoyat, onasi yerini sotib, qizi bilan Kalkuttaga ko‘chib o‘tibdi. Shu payt Shulochona o‘n yoshlarda ekan, onasi uni maktabga bermoqchi bo‘libdi.
Ammo o‘sha vaqtlarda qizlar o‘qishmas ekan. Onasi qizini u maktabdan-bu maktabga olib borarkan, jamg‘arib qo‘ygan pullarining tagi ko‘rinib qolibdi, biroq Shulochonani maktabga joylashtirishning iloji bo‘lmabdi. Baxtga qarshi qiz nihoyatda go‘zal bo‘lib, tashqi ko‘rinishidan o‘n uch yashar qizning nusxini berarkan. Ustiga-ustak qiz yovuz niyatli odamlar e’tiboriga tushibdi. Kunlardan bir kuni onasi uyiga qaytib kelgach, qiziga:
− Qizim, bizga bir chora − o‘zimizni Gang suviga tashlash qoldi, xolos, boshqa yo‘l yo‘q − sening nomusingni saqlash uchun bundan o‘zga ilojimiz yo‘q. Himoyachimiz ham yo‘q, − debdi.
Kechqurun soat to‘qqizlarda Shulochona:
− Onajon, qachongacha biz o‘zimizni daryoga tashlamoqchi bo‘lamiz? − degan savolni beribdi. − Yuring, Annapurna sohiliga boraylik!
− Keyin boramiz, qizim. Hozir u yerda odam ko‘p.
Kechqurun soat o‘nlarda ular Annapurna sohilining zinapoyalaridan tushib boribdilar.
− Sen o‘zingni cho‘ktira olasanmi? Bunga jur’at eta olasanmi? Ayt, jur’at eta olasanmi? − qat’iy so‘rabdi onasi qizidan.
Qiz mutlaqo qo‘rqmabdi.
− Siz bilan bo‘lsa qo‘rqmayman.
Shu payt Jamini Gxosh ismli yigit sohil bo‘ylab o‘tib bormoqda edi. U bir oz ochiq havodan nafas olay deb tashqariga chiqqan ekan.
− Sizlar yarim tunda bu yerda nima qilmoqchisizlar? − so‘rabdi u ona-bolaga yaqinlashib. − Tinchlikmi?
Shulochona esankirab yig‘lab yuboribdi. Onasi esa yigitga bor gapni ro‘yi rost so‘zlab beribdi. Jamini ularni o‘z uyiga olib ketibdi. U ona-bolani uyiga joylashtiribdi. Ona-bola bu yerda ikki hafta osoyishta hayot kechiribdilar. Jamini insofli yigit ekan. Kunlardan bir kuni yigitning do‘stlaridan biri bu voqeadan xabar topgach, unda ona-bolani ko‘rish istagi tug‘ilibdi, do‘stining uyiga kiribdi-yu, bu yerdan ketgisi kelmay qolibdi. U do‘stining uyiga deyarli har kuni keladigan odat chiqaribdi. Shulochona undan o‘zini olib qochar ekan. Uning qadam tovushini eshitgudek bo‘lsa, ayollar xonasiga kirib oladigan bo‘libdi. Shulochona unga Kakatuya, ya’ni to‘tiqush deb laqab qo‘yibdi.
− Oyi, Kakatuya yomon odam. U qutichadagi taqinchoqlarni ko‘rsatib, men bilan ketsang, shularning barchasini senga beraman, dedi. Endi men sira uning oldiga chiqmayman, – debdi.
− Bechora qizim, undan ehtiyot bo‘l, − debdi onasi. − Hammaning ko‘ziga ko‘rinaverma. Biz kambag‘al odamlarmiz, ishqilib, xato qilib qo‘ymaylik-da.
Jaminining Shotish Ray ismli yana bir do‘sti bor ekan. Ona-bolaning boshdan kechirgan qiyinchiliklarini ko‘rib, u ularni o‘z uyiga olib ketibdi. Ammo bu yerda ham ularga tinchlik berishmabdi. Shotish ham qizga oshiqi beqaror bo‘lib qolibdi. Shotishning onasi Shulochonaning turmushga chiqqanligini bilsa ham, uni o‘z o‘g‘li bilan nikohlab qo‘yishni taklif qilibdi. Shulochonaning onasi rozi bo‘lsa-da, ammo qizi bunga qarshilik qilib:
– Necha marotaba erga tegishim mumkin? Hammangiz esingizni yeb qo‘yibsiz. Agar meni o‘qishga joylashtirmasangiz, unda, yaxshisi, qaynotamning uyiga olib borib qo‘ying. O‘sha yerda yashab, o‘sha yerda o‘lganim yaxshi! Hayotdan juda charchadim, − debdi.
Va nihoyat, kunlardan bir kuni qiz Prokash bilan uchrashib qolibdi. Prokash do‘sti Shotishnikiga qadam ranjida qilgan ekan. Talabalar Prokashni o‘z do‘sti deb atar ekanlar. Lekin u politsiya ro‘yxatida turarkan. Prokash Shulochonaning boshidan o‘tgan voqealarni bilgach, uni qizlar maktabiga joylashtirib qo‘yibdi. Vaqti-vaqti bilan kelib, uning o‘qishidan xabar olib turarkan.
Shotishning borgan sari Shulochonaga muhabbati orta boshlabdi. U Shulochona bilan uchrashishga intilar, qiz bechora bir hovlida yashayotganlaridan hech qayerga qocha olmas ekan. U Shulochonaga qimmatbaho sovg‘alar hadya etarkan. Shulochona esa unga:
− Amakijon, nega menga qimmatbaho sovg‘alarni hadya etyapsiz? Buning tagida bir gap bo‘lmasin tag‘in! Men sovg‘alaringizni olmayman, − derkan.
Shulochona onasiga:
− Oyijon, hayotim davomida turli xil odamlarni ko‘rdim, ammo Prokashdek insonni hali uchratmadim, u mutlaqo boshqa odam. O‘yimning tagiga yetolmayman, u insonmi yoki farishtami? − der ekan.
Qaysidir bayram munosabati bilan Shotish Shulochonaga qimmatbaho sari, Prokash esa oddiy qo‘lda to‘qilgan sarini sovg‘a etibdilar. Shulochona Prokashning sovg‘asini olib, quvonchdan boshi osmonga yetibdi. Shotish sovg‘a qilgan sarisini u ahyon-ahyonda kiysa, Prokash sovg‘a qilgan oddiy sarini egnidan yechmas ekan.
Kunlardan bir kuni Shulochona Prokashga Shotishning qilayotgan shilqimligini aytib beribdi.
− Sizlar bundan buyon uning uyida qolmasligingiz kerak, − debdi Prokash. − Bu yerda yashab turib, o‘qishing qiyin kechadi. Boshqa xonadonga ko‘chib o‘tishingiz kerak. Sizlarga o‘zim yordam berib turaman.
Bir oz naridagi jinko‘chada Shulochonaning uzoq qarindoshi rafiqasi bilan istiqomat qilardi. Ular o‘sha yerga ko‘chib o‘tishga ahd qildilar. Shotishning xonadonini tark etaturib, Shulochona egniga Prokash sovg‘a qilgan sarini kiydi. Shotish sovg‘a qilgan barcha qimmatbaho kiyim va taqinchoqlarni Shotishning uyida qoldirib ketdi.
Qattiq ranjigan Shotish biron bir kimsa bilan, hatto Prokash bilan ham uchrashishdan o‘zini olib qochib yurdi.
Onasi Shulochonani koyib:
− Sen nega Shotishni xafa qilding? Uni bekorga qiynayapsan? − derdi.
− Bir oz qiynalsa, aqli kiradi. To‘g‘ri, biz kambag‘almiz, lekin bundan buyon undan hech narsa olmayman.
Ranjigani bir oz yodidan ko‘tarilgach, Shotish yana Shulochonaning yoniga qatnay boshladi, har safar unga biron narsa olib kelardi.
− Amaki, nega hadeb kelaverasiz? Men sizga ishonmayman. Siz faqat o‘z manfaatingizni o‘ylaysiz. Bularning barchasi menga yoqmaydi. Ochig‘i, siz Prokashdan ibrat olsangiz yaxshi bo‘lardi.
Nihoyat, Shotishning sabr kosasi to‘lib:
− Xo‘sh, qani aytgin-chi, nima qilsam ko‘nglingni olaman? − dedi. − Ayt, rostini ayt…
− Tezroq uylaning, amaki. Ana shunda men xursand bo‘laman, − uning gapiga javob qaytardi Shulochona. − Agar meni xursand bo‘lsin desangiz, o‘zingizga qalliq topib, uylaning.
Prokash Shulochonalar istiqomat qilayotgan uydan qadamini uzibdi, Shulochonaning yoniga do‘sti kelib turishini sezib qolibdi, qiz esa Prokashning uyiga boradigan bo‘libdi.
Shu paytlarda Alipurda fitnachi-anarxistlarga qarshi kurash boshlanib ketgandi, qanday qilib Prokashning bu ishga aralashib qolganini Shulochonaning onasi menga tushuntirib berolmadi. Prokash dom-daraksiz ketibdi. Shulochona o‘zini qo‘yarga joy topolmayotganini ko‘rgan onasi Prokash o‘qiydigan kollejga boribdi. U yerda Prokash anchadan buyon darsga kelmayotganini aytishibdi.
Oradan olti oy o‘tgach, Prokash ko‘p shirinliklar bilan ularnikiga tashrif buyuribdi. Yigitning kelganini bilgan Shulochona hamma ishini tashlab, u tomon oshiqibdi.
− Prokash babu, shuncha vaqtdan beri qayerlarda yurgan edingiz? Nega ko‘rinishingiz bir holatda!
− Mendan hech narsa so‘rama, Shu. Endi mening ishim chatoq. Politsiya ketimdan izma-iz kuzatib yuribdi. Ehtimol, sizlarnikiga boshqa kelolmasam kerak. Balki sizlar bilan boshqa ko‘rishmasman ham, − dedi Prokash xayrlasha turib. − Ayt-chi, Shu, sen meni yomon so‘zlar bilan eslamaysanmi?
− Men sizni jon-dildan yaxshi ko‘raman, − dedi Shulochona Prokashga. − Eh, negayam erga tekkanman, siz bilan baxtli bo‘lgan bo‘lardim… Poyingizni ola turib, shuni ont ichib aytamanki, boshim ochiq bo‘lganida sizni shunday og‘ir ahvolda aslo yolg‘iz tashlab qo‘ymagan bo‘lardim… − Shulochona shunday deya yig‘lab yubordi.
− Qizim hech qachon ko‘z yoshi qilmagandi, − hikoyasini tugatarkan dedi beva ayol. − Men qizimning yig‘layotganini ko‘rib qoldim. U Prokashdan imkoniyat bo‘lishi bilan o‘zi haqida xabar berishi va’dasini oldi.
Prokash shu ketganicha dom-daraksiz ketdi.
− Keyin nima bo‘ldi? − so‘radim men. − Sizlarning holingiz nima kechdi?
− Prokash shu ketganicha qaytib kelmadi. Hikoyamning davomini eshit. Qizim va men boshimizdan qancha qayg‘uli kunlarni o‘tkazganimizni aytsam, ishonmaysan. Baxti qaro qizim, go‘zalligi sabab Kalkuttada esini yo‘qotib qo‘yayozdi. Sen bilan uchrashib qolganini menga so‘zlab bergandi.
− Ha, men qizingiz bilan uchrashgan edim, − dedim. Shu tobda yana yigirma yil avvalgidek qarshimda xuddi tirik Shulochonaning go‘zal siymosi namoyon bo‘ldi. Katta shahlo ko‘zlari, qalin zulukdek qop-qora sochlari va maftunkor qiliqlari-yu jon olg‘uvchi kulishlari…
O‘sha paytlari yoshligimga borib men hech narsani tushunmagan ekanman; tajribasizligim uchun Shulochona menga o‘jar va tantiq qiz bo‘lib ko‘ringan ekan. Nafaqat men, do‘stimning uyidagilarning hammasi Shulochona haqida shu fikrda edilar. Men bo‘lsam birovning gapiga ishongan ekanman. Endi men marhum Shulochonadan uni tushunmaganim uchun kechirim so‘rab turibman. Shulochona Prokashni jon-dildan sevgan, sevgisiga shunchalar sodiq ekanligini bilmabman-a!
Ona hikoyasida davom etdi:
− Prokash ketganidan so‘ng, u kechgacha yig‘ladi, qimirlamay deraza yonida o‘tirardi. Shotishni ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Biz uyning ijara haqini o‘z vaqtida to‘lay olmaganimiz uchun u yerdan haydab chiqardilar. Kaligxatdagi bir kichik kulbaga ko‘chib o‘tdik. Kunlardan bir kuni roja nomidan qandaydir odam kelib, bizga o‘n ming rupiya hadya etdi. Uning aytishicha, pul yuborgan janob Shulochona gapga ko‘nsa, uni tillaga ko‘mib tashlashga va’da berganmish.
− Oyi, men sochimni kesib tashlayman, sabr kosam to‘ldi, − dedi Shulochona jahli chiqib.
− Ablahlar, men uyda yo‘qligimni bilib, uyni qurshab olibdilar-da. Tavba, Kalkuttada shunday ishlar bo‘lishiga aqling bovar qilmaydi. Qizim ustidan kerosin quyib, o‘zini yoqib yubormoqchi bo‘libdi. Men o‘z vaqtida kelib qolibman, odamlarni yordamga chaqirdim. Razillar qochib ketishdi.
− Shotish sizlarnikiga kelib turarmidi? − so‘radim men.
− Ha, kelib turardi, qizimga bildirmay menga pul tashlab ketardi. Qizim uni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. U bilan durustroq gaplashmasdi ham. Xatlariga javob ham yozmasdi. “Uni uyga kiritmang, deb tayinlardi menga. Nega u bizga pul beradi? Nega biz u bergan sadaqaga yashashimiz kerak? Agar biz uning sadaqasini olmasak, u uylanishi mumkin”, derdi qizim mendan ranjib.
− Keyinchalik bizga oqko‘ngil, yoshi ulug‘ shifokor uchrab qoldi. U qo‘shnimiz edi. U Shulochonani tibbiyot kollejining hamshiralar kursiga joylashtirib qo‘ydi. Qizim o‘qishni tugatgach, o‘sha shifokorning kasalxonasida ishlay boshladi. Bir kuni qizim menga:
− Hamma yer ham bir go‘r ekan, − dedi. − Endi men u yerda ishlolmayman. Ketishimga to‘g‘ri keladi.
Oradan ikki oy o‘tgach, Shulochona Kempbeldagi kasalxonaga ishga joylashdi. O‘shanda biz Potoldangda istiqomat qilardik. Men har kuni qizimni kutib olish uchun kasalxona eshigi oldiga kechqurun soat o‘n birda kelib turardim, biz uyga birga qaytardik. Ammo bu yerda ham bizni baxtsizlik kutib turgan ekan. Shifoxonadagi sanitar ayollar Shulochonaning sohibjamolligini doston qilibdilar. Ko‘plar unga oshiqi beqaror bo‘lib qolibdilar. Bu xushtorlar qizimning ko‘nglini ovlamoqchi bo‘lganlarida, u ablahlarning qo‘llaridan zo‘rg‘a qochib qutulibdi.
− Agar Prokash qaytib kelganda, mening azob chekayotganimni ko‘rganda edi! Lekin men uni ranjitadigan biron-bir ish qilmagan bo‘lardim. Oyi­jon, siz shu yerda yolg‘iz yashayvering. Men kasalxona qoshidagi yotoqxonaga ko‘chib o‘taman, − debdi u onasiga.
Shulochona o‘z aytganini qildi. Yotoqxona qorovuliga uni ko‘rishi mumkin bo‘lgan ikki kishining nomini aytdi: biri eri, ikkinchisi Prokash. Shulochona hamon Prokash qaytib kelishidan umidvor edi.
− Prokashdan xat olib turarmidingiz? −so‘radim men.
Ona og‘ir xo‘rsindi:
− Birorta ham xat kelmadi… Qizim faqat Prokash haqida o‘ylardi va uning qaytib kelishiga ishonchi komil edi. Qizim men bilan sirlashardi. U Domdomda kelib-ketuvchilar uchun mehmonxona ochmoqchi ekanligini aytdi. Onasi qizining gapiga hayron bo‘lib:
− Kelgindilar uchun mehmonxona? − deya so‘radi ajablanib.
Qizim aytgan gapini bajarmay qo‘ymasdi. Mehmonxonaga keluvchilar ro‘yxatiga birinchilar qatorida Prokashni kiritib qo‘ydi. U mehmonxonani ochishga ochdi-ku, lekin Prokash hayotmi, yo‘qmi, bilmasdi.
Kempbelda erining qishlog‘idagi bir bemor davolanayotgan edi. U qishloqqa qaytib borgach, kuyovimga biz haqimizda so‘zlab beribdi, shundan so‘ng u kelib bizdan kechirim so‘radi. Bizni himoya qiluvchi hech kim yo‘q deb, uni qabul qilishga majbur bo‘ldik, chunki qizimning sohibjamolligi sababli yon-atrofdagilardan bizga tinchlik yo‘q edi. Suya­nadigan do‘stlarimiz yo‘q, atrofdagilarning barchasi dushman edi. Bugun do‘st bo‘lib turganlar ertaga dushman bo‘lib qolardilar. Qizim eri bilan Domdomda yashay boshladi. Kim kelmasin, barchani shirin muomala bilan kutib olardik, shuning uchun ham uyimiz musofirxonaga o‘xshab ketardi.
− Hoynahoy, men o‘sha kezlari Shulochonani uchratgan bo‘lsam kerak. − Men bu haqda qizning onasiga so‘zlab berdim.
− Ha, ha, − dedi ayol, − qizim menga aytgandi. U shifoxonadan bo‘shab, xususiy faoliyat ko‘rsata boshladi. Mo‘maygina pul topardi. Shu orada ikki o‘g‘il ko‘rdi. Kuyovning qishloqda katta qarzi bor ekan. Ularni ham Shulochona to‘ladi. Baxtsiz kunlarning birida bir begona kimsa kelib Prokashning o‘lgani haqida xabar berdi. Qizim bu mudhish xabarni eshitib, hushidan ketdi. O‘shandan buyon yuragida bir dard paydo bo‘ldi. Oxiri shu dard uni olib ketdi. Prokashning o‘limidan keyin Shulochona olti oy yashadi, xolos.
Biz uzoq vaqt sukut saqlagancha jim o‘tirdik.
− Men ziyoratgohlarga borishni niyat qilgandim, − g‘o‘ldiradi kampir, − shuning uchun ham qizimni erta turmushga bergan edim. Orzularim amalga oshmadi. Qizim bu dunyo tashvishidan qutulib ketdi, lekin men-chi, qarigan chog‘imda nevaralarimni boqishimga to‘g‘ri kelayapti. Erini ichkilik balosidan qutqardi, kuyovim ham vafot etdi. Men ham bandalikni bajo keltirsam, bolalar g‘irt yetim bo‘lib qoladilar. Ular qayoqqa boradilar? Nima qiladilar, kechayu-kunduz shuni o‘ylaganim-o‘ylagan. Ko‘chada qoladilar-da. Yaxshi kunlarni ham ko‘rganmiz. Bundan xabaring yo‘q. O‘z uyimiz ham bo‘lgan… Shulochona mo‘maygina pul topardi. Barcha anjomlarni didiga mos qilib sotib olardi. U yaxshi kiyinardi, o‘zing shohidi bo‘libsan-ku. O‘ziga yoqmaydigan narsalarni uyida saqlamasdi. Qizimning vafotidan so‘ng jamg‘armamiz kuyovimning qo‘liga o‘tib qoldi. U odamlardan ustama haq olib, qarz berardi. Oxirgi bitim bizni xonavayron qildi. U Xovrdagi uy uchun ikki ming rupiy berdi-yu bandalikni bajo keltirdi. Bu bitimning hujjatlari hali ham menda saqlanib turibdi, ammo savodsiz bo‘lsam, ularni nima ham qilardim, o‘g‘lim?
−Ha, oradan o‘n to‘rt yil o‘tibdi, ular endi yaroqsiz. Ular o‘z qiymatini yo‘qotgan.
Dabdurustdan eslab qoldim:
− Uni vokzalda uchratganimda yonida bir yosh yigit bor edi. Uning kimligini bilasizmi?
− Ozg‘in, qorachadan kelgan yigitmi? Uning qaynisi edi. Domdomda biz bilan yashagandi.
Men katta xatoga yo‘l qo‘yganimni juda kech tushundim! Shulochonaga nisbatan men nohaq bo‘lgan ekanman! U ko‘chalarda bir o‘zi yurishiga to‘g‘ri kelgan, o‘sha vaqtlarda ayolning yolg‘iz yurishi man etilgandi. Shuning uchun ham u haqda turli xil mish-mishlar bolalab ketgandi. Rahmdil va mehribon Shulochona bir umr amalga oshmaydigan orzu-umidlari ila sevgilisini behuda kutardi.
Har safar Kempbel shifoxonasi yonidan o‘tib ketayotganimda sohibjamol Shulochonaning hayoti yodimga tushaveradi.

Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 6-son