Anton Chexov. Chayka (komediya)

ChAYKA
(Oq chorloq)

4 pardali komediya

QATNAShUVChILAR:
Irina Nikolayevna Arkadina. Erining familiyasi bo‘yicha Trepleva, aktrisa.
Konstantin Gavrilovich Treplev. Uning o‘g‘li, yosh yigit
Petr Nikolayevich Sorin. Uning akasi.
Nina Mixaylovna Zarechnaya. Yosh qiz, boy pomeshchikning qizi.
Ilya Afanasevich Shamrayev. Xizmatdan bo‘shagan poruchik Sorinning ish boshqaruvchisi.
Polina Andreevna. Uning xotini.
Masha. Uning qizi.
Boris Alekseevich Trigorin. Yozuvchi.
Evgeniy Sergeevich Dorn. Vrach.
Semen Semenovich Medvedenko. Muallim.
Yakov. Xizmatchi.
Oshpaz.
Xizmatchi xotin.

Voqea Sorinning qishloqdagi hovlisida bo‘lib o‘tadi. Uchinchi va to‘rtinchi pardalar orasida ikki yil vaqt o‘tadi.

BIRINChI PARDA

Sorinlar bog‘ining bir chekkasi. Tomosha zali tomonidan bog‘ning ichkarisiga qarab, ko‘l tomonga keng xiyobon cho‘zilib ketgan, uni xonaki spektakl uchun naridan beri qurilgan estrada to‘sib turibdi. Shu tufayli ko‘l butunlay ko‘rinmaydi. Estradaning chap va o‘ng tomonlarida butalar o‘sib yotibdi. Bir necha stul va kichkina stol. Quyosh endigina botgan. Pardasi yopiq estradaning ichida Yakov va boshqa xizmatchilar bor; sahna ichidan yo‘tal va taqillagan ovozlar eshitiladi. Masha bilan Medvedenko chap tomondan, sayr-tomoshadan qaytib keladilar.

Medvedenko. Nega endi doim qora kiyib yurasiz?
Masha. Bu hayotimning azasi Men baxtsizman.
Medvedenko. Nega endi? (O‘ylanadi.) Tushunolmayman… O‘zingiz sog‘-salomatsiz, otangiz esa, garchi badavlat bo‘lmasa ham, o‘ziga to‘q. Men sizga qaraganda xiyla og‘ir hayot kechiraman. Oyiga bor-yo‘g‘i 23 so‘m olaman, shundan ham emerituraga ushlab qolishadi, shunday bo‘lsa ham men qora kiyib yurmayman. (O‘tiradilar.)
Masha. Gap pulda emas. Kambag‘alning ham baxtiyor bo‘lishi mumkin.
Medvedenko. Nazariyada-ku shundaqa-ya, ammo amalda esa boshqacha bo‘lib chiqadi: mana, men, onam, buning ustiga ikki singlim bilan ukam bor, maosh bo‘lsa jami yigirma uch so‘m. Axir yeyish, ichish kerakmi? Choy bilan qand kerakmi? Tamaki kerakmi? Shunday bo‘lgach eplashtirib ko‘ring-chi!
Masha (estradaga qarab). Hademay spektakl ham boshlanadi.
Medvedenko. Shunday, Zarechnaya o‘ynaydi. Pesani bo‘lsa Konstantin Gavrilovich yozgan. Ular bir-birlarini sevib qolishgan, bugun ularning qalbi yagona bir badiiy obrazni yaratib berish mayli bilan birlashadi. Mening qalbim bilan sizning qalbingiz boshqa-boshqa, qalblarimiz o‘rtasida umumiylik yo‘q. Men sizni sevaman, sog‘inganimdan uyda o‘tirolmayman, har kuni bu yoqqa olti chaqirim, yana u yoqqa olti chaqirim piyoda yo‘l bosaman, ammo sizning tarafingizdan faqat beparvolik ko‘raman, xolos. Bu ma’lum narsa. Men kambag‘al, oilam esa katta… Yeyishga ovqati yo‘q odamga kim ham erga chiqishni xohlaydi deysiz.
Masha. Bo‘lmagan gap. (Tamaki hidlaydi.) Sizning muhabbatingiz menga ta’sir qilyapti, lekin men unga munosib javob qilolmayman, bor gap shu. (Tamaki qutisini unga uzatadi.) Marhamat.
Medvedenko. Xohishim yo‘q.

Pauza.

Masha. Havo dim bo‘lyapti. Kechasi momaqaldiroq bo‘ladiganga o‘xshaydi. Siz bo‘lsangiz doim falsafa sotasiz yo bo‘lmasa pul haqida gapirasiz. Sizningcha dunyoda kambag‘allikdan boshqa baxtsizlik yo‘q, menimcha juldur kiyimda yurish, tilanchilik qilish, mening hozirgi ahvolimdan ming hissa yaxshiroq, chunki… he, keling qo‘ying, siz bunga baribir tushunmaysiz…

O‘ng tomondan Sorin va Treplev kiradi.

Sorin (hassasiga suyanib). Mening mijozimga, uka, qishloq uncha to‘g‘ri kelmaydi, bu ma’lum narsa, men baribir bu yerga ko‘nika olmayman. Kecha kechqurun soat o‘nlarda yotdim, bugun ertalab soat to‘qqizda shunday bir his bilan uyg‘ondimki, go‘yo ko‘p uxlaganimdan miyam bosh suyagimga yopishib qolganga o‘xshab ko‘rindi va hokazo gap (kuladi). Tushlik ovqatdan keyin bo‘lsa bexosdan yana uxlab qolibman, mana endi tamom lanjman, o‘zimni g‘oyat kayfsiz his qilyapman va nihoyat shuni aytish kerakki…
Treplev. To‘g‘ri, sen shaharda yashashing kerak. (Masha bilan Medvedenkoni ko‘rib.) Afandilar, tomosha boshlanganda sizni chaqiradilar, hozircha bu yerda o‘tirish mumkin emas. Xudo xayr bersin, boringlar.
Sorin (Mashaga). Mariya Ilinichna, baraka toping, dadangizga aytsangiz, itni yechib qo‘yish to‘g‘risida buyruq bersalar, g‘inshiyverib juda jonga tegdi. Singlim bugun ham kechasi bilan uxlay olmadi.
Masha. Otam bilan o‘zingiz gaplashing, men gaplashmayman. Xudo xayringizni bersin, bu ishdan meni holi eting. (Medvedenkoga.) Yuring, ketdik!
Medvedenko (Treplevga). Demak siz tomosha oldidan bizga odam yuborasiz…

Har ikkalasi chiqib ketadi.

Sorin. Demak, bugun ham tuni bilan it g‘inshib chiqadi desangiz-chi. Qiziq gap, hech qachon men qishloqda o‘zim istagandek yashay olmayman. Ilgarilari yigirma sakkiz kunga otpuska olib, hordiq chiqargani bu yerga kelardim, shu bilan tamom edi. Ammo bu yerda bo‘lsa turli xil bo‘lmag‘ur narsalar bilan shunday jonga tegar edilarki, kelgan kuningoq jo‘nab qolging kelardi (kuladi). Men har safar ham bu yerdan jon-jon deb, jo‘nab ketardim… Endi bo‘lsa xizmatdan iste’fo bergan kishiman, boradigan joyim ham yo‘q. Istaysanmi, istamaysanmi baribir shu yerda yashayver…
Yakov (Treplevga). Qonstantin Gavrilovich, biz cho‘milgani boramiz.
Treplev. Yaxshi, faqat o‘n minutdan so‘ng joyingizda bo‘ling. (Soatiga qaraydi.) Tez orada boshlanadi.
Yakov. Xo‘p bo‘ladi (ketadi.)
Treplev (sahnaga ko‘z tashlab). Mana shu ham teatr! Parda, undan keyin birinchi’ kulis, keyin ikkinchisi, undan naryog‘i bo‘shliq. Hech qanday dekoratsiya yo‘q. Parda ochilganda ko‘zga ko‘l bilan ufq ko‘rinadi. Pardani rosa soat sakkiz yarimda, oy chiqqanda ochamiz.
Sorin. Juda soz.
Treplev. Agar Zarechnaya kechikib qolsa, shubhasiz, tomoshaning butun qizig‘i ketadi. Allaqachonoq kelishi kerak edi. Otasi bilan o‘gay onasi uning har bir qadamini poylaydilar, unga uydan chiqib kelish xuddi tyurmadan chiqib kelishday qiyin. (Tog‘asining galstugini tuzatib qo‘yadi.) Soch-soqoling paxmayib, to‘zg‘ib ketibdi, bir oz oldirsang tuzuk bo‘larmidi…
Sorin (soqolini qashlab). Hayotimning fojiasi bu. Yoshligimda ham basharam shundaqa edi, baayni surunkasiga ichib yurgan kishiga o‘xshardim. Meni hech qachon xotinlar yaxshi ko‘rgan emas. (O‘tiradi.) Nima uchun singlimning kayfi buzuq ko‘rinadi?
Treplev. Nima uchun? Zerikadi. (Yoniga o‘tiradi.) Rashk qiladi. U, halitdanoq menga ham, spektaklga ham, mening pesamga ham qarshi, chunki u emas, Zarechnaya o‘ynaydi. U mening pesamni bilmaydi, ammo halitdanoq uni yomon ko‘radi.
Sorin (kulib). E, qayoqdagi gapni gapirayotibsan…

Asarning to‘liq variantini saqlab oling.