Mirzakarim Norbekov: Inson uz kuchiga ishonmog‘i kerak

Sobiq hamkurslar vaqti-vaqti bilan uchrashib turamiz. Bu galgi safarim chog‘ida nashriyotlarning birida yig‘ilishdik. Suhbatimiz avjiga chiqqan, hayajonlarimiz o‘zanidan oshib turgan bir pallada to‘satdan eshik ochilib, bo‘ychan, ko‘k ko‘zli, tepakal, yuzlari farishtali bir kishi kirib keldi. Moskvalik do‘stlarim hizrni ko‘rgandek o‘rinlaridan turib, uning istiqboliga chiqishdi. Bu manzara menga o‘z tashriflari bilan barchani hayratga solguvchi “Graf Monte-Kristo” asarining sirli qahramonini eslatdi. Avvaliga “Balki, biron-bir yuqori lavozimda ishlaydigan kishidir» degan xayolga bordim.

So‘ng yonimda turgan dugonamdan asta so‘radim:
–Kim u? Qisqagina savolimga undan ham qisqa javob oldim:
–Tabib!
So‘ng u menga ajibsinib qaradi-da, “Nahot-ki tanimasang, axir u sening hamyurting-ku”, – dedi.
Bir qator Yevropa akademiyalarining akademigi, tibbiyot falsafasi, pedagogika bilan shug‘ullanuvchi, psixologiya fanlari doktori Mirzakarim Sanaqulovich Norbekov bilan tanishuvim ana shu zaylda kechdi. O‘ziga talabchan, qat’iy intizomga rioya qilguvchi bu odam vaqti juda oz bo‘lishiga, har bir soniyasi o‘lchovli ekaniga qaramay, mening O‘zbekistondan ekanligimni bilgach, gavjum muxlislar davrasini tark etib, men bilan uzoq suhbatlashdi. Yurt haqida, odamlar, bu yilgi iqlim, xullas, O‘zbekiston haqida nimaiki yangilik bo‘lsa, so‘rab-surishtirdi. Fursatdan foydalanib, men ham u haqda ko‘proq ma’lumot olishga harakat qildim…
Mirzakarim Norbekov – baxmallik. Bolalik yillari, navqiron yoshlik davrlari ana shu yurtda kechgan. O‘sha paytda uning vujudini qiynab kelayotgan bir dard bor edi botinida. U bu haqda shifokorlarga bir necha bor murojaat qilgan, ammo na habib, na tabibdan najot topgan. Uning yagona ilinji ikki buyragida chidamsiz sanchiq solib turgan darddan forig‘ bo‘lish edi. Xalqimizda “Dard bergan davosini ham beradi” degan naql bor. Bu ibratli so‘zning bejiz emasligiga iztirob ichida kechgan olti yildan so‘ng Mirzakarim yana bir karra amin bo‘ldi. Taqdir uni so‘fiylik ta’limotining bilimdoni bo‘lgan, keyinchalik ustoziga aylangan bir oqil kishiga ro‘baro‘ qildi. ana shu ustozining muolajasi, saboqlari, pandu nasihatlari dardiga mal ham bo‘ldi, U sog‘aya boshladi!
–Inson bolasining fe’li qiziq – na sovuqqa chidaydi, na issiqqa, – deb kuladi Mirzakarim Sanaqulovich. –Avvaliga shifo topsam bo‘ldi, boshqa narsani xohlamayman deb o‘ylardim. Sog‘aygach esa, ustozga shogird tushib, uning ilmi, tajribasi va salohiyatiga sheriklik istab qoldim.
Darhaqiqat, Mirzakarim Norbekov, ustozining uzoq sinashlaridan so‘ng uning tajriba maktabida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bugun uning o‘zi yuzlab shogirdlarga ustoz. 27 mamlakatda “Norbekov nomidagi uslubiyat markazi” deb ataluvchi o‘quv markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. U Ibn Sino tibbiyoti hamda zamonaviy meditsina muolaja usullarini uyg‘unlashtirib, o‘zining tezkor davolash usulini yarata olgan yirik amaliyotchi tabibdir.
Xo‘sh, tezkor davolanishning Norbekovcha usuli nimadan iborat?
Ko‘nglingizdan ana shunday savolning kechishi tabiiy. Suhbatimiz asnosida bildim-ki, bu usul sirtdan qaraganda o‘ta jo‘n, ammo bajarish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydigan murakkab jarayondan iborat ekan. Eng asosiysi, tanamizga tikan kabi sanchilgan dardning ildizini aniqlash muhimligida. Bu ildiz esa son-sanoqsiz asab hujayralarimizning boshlanish nuqtasi bo‘lmish ongimizdir.
–Kimyo fanining barchamiz biladigan bir qoidasi bor, – deydi Mirzakarim aka, nigohlarini bir nuqtaga tikib. – Bu olamda hech narsa bordan yo‘q, yo‘qdan bor bo‘lmaydi. Moddalar bir holatdan ikkinchi holatga o‘tib turadi, xolos. Xastalik ham ana shu qoidaga bo‘ysunadi, aslida. Ongimizda muayyan bir tashqi ta’sir tufayli hosil bo‘lgan zararli fikr tanamizning muayyan bir tashqi ta’sir tufayli zaiflashgan nuqtasida dard shaklida moddiylashadi. Ya’nikim, biz o‘zimizni o‘zimiz kasal qilamiz. Bir oddiy misol aytaymi?- Mirzakarim aka miyig‘ida kulib menga o‘girildi,- Poyezd vagonining ikkinchi yarusidan uxlayotgan holda pastga qulab tushgan odamning hech qayeri lat yemaydi. Agar shu voqea hushyor odam bilan sodir bo‘lsa, biling-ki, uning qayeridir jarohatlanadi. Nega shunday? Buning sababi bitta, uyqudagi odam to yerga borib tegmaguncha “yiqilyapman” degan fikrdan uzoq bo‘ladi. Hushyor odam esa hali borib bir narsaga urilmay turib hozir jarohatlanaman deya o‘zini-o‘zi jarohat olishga tayyorlaydi.
Mirzakarim akaning o‘z fikrlariga isbot-dalil bo‘lib xizmat qilguvchi bu kabi sodda, hayotiy misollari bir talay. Masalan, ko‘pchiligimiz kechqurun ishdan qaytgach, darrov televizor ko‘rishga o‘tiramiz. Bog‘chadan olam-olam taassurotlar bilan qaytgan kichkintoyimiz biz bilan suhbatlashmoq, bog‘chadagi qiziqarli voqealarni so‘zlab bermoq istaydi. Biz esa jindekkina e’tiborimizni ayaymiz ulardan. Oyijonisi ham ro‘zg‘or tashvishlaridan bo‘shamaydi. Buvijonisi tinglashdan ko‘ra pandu nasihat qilishga moyilroq. Ichikkan bolamizning ruhi sinib, sog‘ligida kemtik paydo bo‘ladi. Bu, ehtimol, yengilgina shamollashdir. Ammo, buvi, dada, oyi – barchamiz eng muhim ishlarimizni-da qo‘yib, uning boshida parvona bo‘la boshlaymiz. Natijada bolalarimizning ongida kattalar e’tiborini qozonmoqning eng maqbul usuli – xastalanish ekan, degan fikr paydo bo‘ladi. U endi vaqti-vaqti bilan goh u yeri og‘riyotganligini, goh bu yeri sanchayotganligini ro‘kach qilib, evaziga bizdan e’tibor va mexr talab qila boshlaydi. Ammo eng yomoni, uning ana shu izzattalab fikrlari tanasida dard bo‘lib moddiylashadi.
Biz o‘z-o‘zimizni sevmaymiz. Bu iborani juda ko‘p qo‘llaymiz. Faqat mohiyatini tushunmaymiz, yoki juda tor tushunamiz. Bu ko‘zgu oldida turib, o‘z ko‘rku jamolimizga mahliyo bo‘lishdan o‘zgacharoq hissiyot, aslida. Masalan, ertalab uyqudan uyg‘onamiz, oyoqlarimizdagi og‘riq o‘rnimizdan turishga biroz halaqit beradi. – “He, o‘l, yana boshladingmi? Nima qilsam sendan qutulaman? Ilojim bo‘lganida kesib tashlar edim!” – O‘zi shundoq ham zirqirab turgan oyog‘imizga atagan so‘zlarimiz ana shundan iborat bo‘ladi. Faraz qiling, bolangiz xastalanib qoldi. Siz uning boshiga borib, ayni shu so‘zlarni takrorladingiz – mantiqdanmi shu?! Yo‘q, siz bunday qilmaysiz. Balki, uning boshini silab, hademay chopqillab ketishini aytib, taskin-tasalli berasiz. Qiziq, nega shu munosabatni o‘z oyog‘imizga yoki boshqa bir a’zomizga nisbatan qo‘llamaymiz? Axir, tanamizdagi har bir a’zo jonli, u ham mehrtalab!
Xullas, Norbekovcha tezkor davolash usulining asosiy shartlari; insonning o‘z-o‘zini sevishi, ardoqlashi lozimligida. Inson o‘z kuchiga ishonmog‘i kerak. Toki o‘z-o‘zini boshqara olsin. Tanasiga dard taratgan asablari orqali endi shifo yolqinlarini taratsin. (Bu fikr Ibn Sino ta’limotidan. Uning fikricha, dard inson tanasiga asab degan bitta mayoqdan tarqalar ekan). Surunkali dard bilan og‘rigan insonlar xastalikning tez-tez qaytalanishidan xavfsirab yashaydigan kishilarga aylanadilar. Bundaylar hamma narsadan sovib, g‘oyibdan mujda kutadilar, natijada loqayd va tanballashib boraveradilar. Holbuki, ozgina qimirlashga quvvati bor kishilar sog‘ayishga ulkan ishonch bilan qarab o‘zlariga doimiy harakatni kasb etsalar, muvaffaqiyat qozonmoqlari tayin. Basharti, Norbekovning falsafasi ham shu:”Umid o‘z yo‘liga, yashasin ishonch!”
Mirzakarim Sanaqulovich bilan xayrlashar ekanman, u hali sho‘rolar tuzumi davrida Moskvaga kelib qolganligini, hozir shu joyda o‘z institutini tashkil etganligini, O‘zbekistonda mustaqillik yillari ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarni doimiy ravishda kuzatib borayotganligini, ayniqsa, Prezidentimiz, hukumatimiz tomonidan sog‘lom avlod – el salomatligi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlardan boshi osmonda ekanligini so‘zladi. “Men qayerda unib-o‘smay, butoqlarim qay bir yurtga yoyilmasin, bir oddiy haqiqatni unutmoqqa aslo haqqim yo‘q – ildizim baribir O‘zbekistonda”- deydi u.

Feruza Jabborova
Moskva-Toshkent
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 17-sonidan olindi.