Tutanxamon qanday o‘ldirilgan?

Yaqinda arxeologlar uyushmasi – «Skotland-Yard»ning sobiq xizmatchisi Grexam Melvin va tibbiyot fanlari professori, nev­rolog Yan Ishervud G‘arb matbuotida shov-shuvli maqola bilan chiqishdi, ya’ni, 1352 yil sirli tarzda to‘satdan vafot etgan qadimgi Misrning yosh fir’avni Tutanxamonning qanday va nima sababdan o‘lganligi to‘g‘risidagi jumboqni ochishdi.

Tutanxamon taxtga o‘tirganda juda yosh, bor-yo‘g‘i sakkiz yoshda edi. Otasining o‘limidan so‘ng Tutanxamon fir’avn deb tan olindi. Biroq yosh bo‘lgani uchun o‘z-o‘zidan davlatni boshqara olmagan. Bu jiddiy vazifani Tutanxamonning o‘gay onasi, sohibjamol Nefertiti va uning saroydagi yaqinlari bajarishgan.

Arxeologlar tomonidan topilgan manbalarga qaraganda, voyaga yetayotgan Tutanxamon va Nefertiti o‘rtasida munosabatlar yaxshi bo‘lmagan. Shu bois, Nefertiti uchun yosh fir’avn bilan aloqalar buzilishining oldini oladigan birdan-bir yo‘l qizi Anxesenamonni yosh fir’avnga nikohlab berish edi va shundagina u Tutanxamon ustidan hokimiyatni yo‘qotmasdi.

Nefertiti vafotidan so‘ng yosh fir’avn hamda uning muxoliflari vazir Ee va talantli sarkarda Xoremxeb o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurash yanada keskinlashib ketadi. Tutanxamon esa aysh-ishrat, ov kabi ko‘ngilochar mashg‘ulotlarga berilib ketadi. Exnaton birinchi bo‘lib yakkaxudolikka sig‘inish, ya’ni, Quyosh xudosiga itoat qilishni joriy etib, ko‘p xudolikni bekor qilgan. Yuzlab ibodatxonalarni yoptirgan va bu islohotiga qarshi bo‘lgan juda ko‘plab din peshvolari va harbiy sarkardalarni qatl ettirgan. Uning dushmanlari Exnatonning o‘limidan so‘ng ko‘pxudolikni tiklashib, uning o‘g‘lini otasining diniy qarashlaridan voz kechishga majbur etishgan.

Buning oqibatida yosh va tajribasiz Tutanxamon ruhoniylar hokimiyatini tiklaydi.

Xullas, Tutanxamon kutilmaganda vafot etdi. Bu faktni hali uning uchun tayyorlanmagan qabrdan ham bilish mumkin, chunki bunday ehtiyotkorlikni undan oldin shohlik qilgan barcha hukmdorlar bajarishar, ya’ni, o‘limlaridan oldin qabr tayyorlattirib qo‘yar edilar. Shunday qilib, dafn marosimlari yangi fir’avn Ee boshchiligida o‘tkazilib, unga Tutanxamondan nafaqat taxt, shuningdek, uning beva xotini ham meros bo‘lib qoladi. Agar Tutanxamon uzoq muddat kasallanib o‘lganida edi, u o‘zi uchun abadiy hayotga ketishga hozirlik ko‘rib qo‘ygan bo‘lardi.

Shunday qilib, Tutanxamonning o‘limi qadimgi Misrda eng mashhur bo‘lgan sulolaning hukmronligiga nuqta qo‘ydi. Shundan so‘ng, diniy kelishmovchiliklar barham topdi, ammo saroy ichidagi kelishmovchiliklar va qarindoshchilikka asoslangan nikohlar yanada ko‘paydi. Ammo ingliz izquvari Melvin va doktor Ishervud bu faktlarni inkor etadilar. Ular o‘zlari olib borgan tekshiruv va hujjatlarga asosan shunday qarorga kelishdi: yosh fir’avn saroy fitnasining qurboni bo‘lgan. Tutanxamon to‘qqiz yil hukmdorlik qiladi. O‘limidan bir yil oldin u uylanib o‘z baxtini topadi. Tekshiruvlar natijasida undan hech qanday kasallik alomatlari topilmaydi va qayd etilmaydi. Uning o‘limi to‘satdan, hech kim kutmaganda yuz beradi. Xo‘sh, qanday qilib?

Ishervud tomonidan olib borilgan rentgen tekshiruvi fotosuratlari shuni ko‘rsatdiki, uning bosh miyasi orqa tomoniga kuchli zarb bilan urilgan, shu yetkazilgan jarohat natijasida Tutanxamon hayotdan ko‘z yumgan. Uning o‘limidan manfaatdor bo‘lishi mumkin shaxslar bu vazir Ee va harbiy sarkarda Xoremxeb bo‘lgan. Tarixdan ma’lumki, ular Tutanxamonning dunyo yuzini ko‘rishiga qarshi bo‘lganlar. Chunki merosxo‘r ikkala vazirni ham taxtga ega bo‘lishdan mahrum etar edi. Shuning uchun Ee va Xoremxeb fitna uyushtiradi. Negaki, ular tezda hukmdorni o‘z yo‘llaridan olib tashlab, hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishlari kerak edi. Shunday ham bo‘ladi.

Shu tariqa, Tutanxamon o‘limining asl sababini ko‘rsatishda olimlar endi ikki xil taxminga tayanishmoqda. Melvin va Ishervud xulosalariga ko‘ra, og‘ir gurzi bilan uning bosh qismi orqa tomoniga zarba berilib, bosh chanog‘i sindirilgan bo‘lsa, ikkinchi variant kasallik bilan bog‘liq yangi taxminda fitnachilar fir’avnni ko‘mish uchun barcha marosimlarni a’lo darajada o‘tkazganlari hamda uning jasadini yerga chuqurroq ko‘mib, hech kim topa olmaydigan tarzda yashirganlari haqidagi ma’lumotlar ham mavjud. So‘ngra uning barcha, ular qatorida otasi fir’avn Exnaton bilan bog‘liq bo‘lgan ibodatxonalarni ham yo‘q qiladilar.

… Bugungi kunda eng yosh Misr hukmdorining qabri bu zamindagi shohlar vodiysidadir. Uni 1922 yilda Govard Karter topgan.

Uyg‘un Jumayev tayyorladi.
“Ma’rifat”dan olindi.