Zokirjon Mashrabov, Sayfiddin Jalilov. Buyuk sarkarda e’tiqodi

Zahiriddin Muhammad Bobur butun Osiyo tamadduniga ulkan ta’sir ko‘rsatgan shaxslardan biridir. Shu bilan birga, u e’tiqodi mustahkam inson edi. Bobur ayni mana shunday yuksak fazilatli sarkarda va podshoh bo‘lgani uchun ham Hindistondek buyuk mamlakat tarixida o‘zidan o‘chmas iz qoldirdi.

«Boburnoma»ni har safar o‘qiganimizda, u dili pok, e’tiqodi naqadar mustahkam, shijoatli, mard va bahodir inson bo‘lgani isbotlanaveradi. Bobur har bir tadbirda, davlat ishining har bir sohasida faqat Yaratgandan najot so‘raydi, Olloh taologa tavajjuh qilgan holda ixlos bilan ish boshlaydi.

Bobur podshoh har qanday muhim tadbirda piru ustozlariga sig‘inib ish ko‘rar edi. Uning birinchi g‘oyibona piri, otasi Umarshayx mirzoning ham ma’naviy ustozi bo‘lgan mashhur Xoja Ahror Valiy edi. Tarixdan ma’lumki, Bobur tug‘ilganida Umarshayx mirzo darhol piriga chopar yuborgan va chaqaloqqa ismni ham Xoja Ahror qo‘yib bergan edi.

Boburpodshohning yana bir piri — Sayyid Ahmad ibn Sayyid Jaloliddin Kosoniy-Dahbediy — Mahdumi A’zam edi(1462 — 1542). Hindiston tamoman egallangach, Bobur barcha pirlariga hadyalar yo‘llagan. Jumladan, Maxdumi A’zamga maxsus odam orqali bir bo‘lak oltin quymasini hadya qilib, quyidagi she’riy qit’a bilan yuborgan.

Adashgan nafsimiz havosi yo‘lida umrni zoye qildik,
Din ahli oldida bu qilmishimizdan uyatlimiz.
Biz tomonga hech bo‘lmasa nazar soling — vafodorlik ila,
Xojaga bog‘langanmiz, Xojaga bandamiz.

(Forsiydan Ismoil Bekjon tarjimasi.)

Boburning yana bir g‘oyibona piri borligi mashhur tarixnavis olim akademik V.V.Bartold orqali ma’lum bo‘ldi. Buning tafsiloti quyidagicha: akademik Turkistonga qilgan navbatdagi ilmiy safarida (1916 yil) samarqandlik do‘sti, taniqli turkistonshunos V.L.Vyatkin xonadonida bir kecha mehmon bo‘ladi. Dam olish soatida olim do‘stining kitob javonidagi o‘ziga noma’lum bo‘lgan bir qo‘lyozma — 1543 yili yozilgan «Miftoh at-tolibin» («Talabalarga kalit») nomli asarga ko‘zi tushadi. Bartold ushbu qo‘lyozmadan quyidagi parchani keltiradi: «Mashhur Najmiddin Kubro maktabining yirik namoyandasi bo‘lmish Shayx Xoja Muhammad Xabushoniy Kuchoniy deganning ko‘p fazilati-yu karomatlarini Bobur ilgari eshitgan va unga g‘oyibona qo‘l berib, o‘zining piri, deb hisoblagan. Shayx 1517 yili Xorazmdan Samarqandga ko‘chib kelib, turib qolgan. Bundan Qobuldaligida xabar topgan Bobur uning huzuriga maxsus kishi yuborib yo‘qlagan va madad qilib turishini so‘rab xat, hadyalar, in’omlar yuborgan. Shayx ham Boburning sodiqlik xati va nishonalarini olib, uni o‘ziga shogird, deb qabul qilgan, g‘oyibdan duolar qilib xotiraga o‘z tabarruk hassasini yuborgan. Bobur bu hassani muqaddas bilib, doimo o‘zi bilan birga saqlab yurgan va har ibodatida pirdan madad tilab yurgan».

Shuni ham ta’kidlab o‘tmoq lozimki, Bobur ulug‘ bobosi Sohibqironning mashhur «Temur tuzuklari»ni ham mutolaa qilib yurgan. Davlatdorlik tajribasining majmui bo‘lmish ushbu asar Boburning ijtimoiy-siyosiy va harbiy faoliyatida eng muhim yo‘l-yo‘riq, qo‘llanma edi. Ulug‘ bobosining tuzuklari shahzodalarni jangu jadalga o‘rgatishda, ilm-fanga ixlosmand qilib tarbiyalashda hayotiy murabbiy hisoblangan asar edi. Movarounnahr va Afg‘onistonda bo‘lib o‘tgan janglarda qo‘llangan «to‘lg‘ama» jang uslubi va Boburshoh o‘zi orttirgan jangovar tajribalarini Hindiston uchun bo‘lgan hayot-mamot janglarida mohirona qo‘llashi uni atoqli sarkarda bo‘lib tarbiya topganidan nishona edi.

Boburshoh ushbu taktik amaliyotni o‘zlashtirib, Hindiston uchun bo‘lgan janglarda muvaffaqiyat bilan qo‘lladi.

Taniqli ingliz olimi Uilyams Rashbruk Boburshoh zamondoshlari tomonidan yozilgan «Tarixi Rashidiy», «Habib us-siyar», keyincha yaratilgan «Humoyunnoma», «Shayboniynoma», «Tabaqoti Akbariy» va boshqa tarixiy asarlardan foydalanib, «XVI asr bunyodkori» nomli mashhur asarini yozadi. Ushbu asarda yozishicha, 1511 yili shoh Ismoil bilan turk sultoni Salim qaysar o‘rtasida G‘aldirdonda bo‘lib o‘tgan jangda Boburshoh ishtirok etadi. Ushbu jangda o‘totar to‘plar va miltiqlar qo‘llaganlari uchun turklar g‘alaba qozonadilar. Manbalarda yozilishicha, 1514 — 1520 yillar oralig‘ida Boburshoh turklardan Ustod Ali ismli zambarak tayyorlash bo‘yicha mutaxassisni va biroz keyinroq o‘ziotar miltiq tayyorlash bo‘yicha mutaxassis Mustafoni chaqirtirib keltirishi Hindiston uchun bo‘ladigan janglarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatlarini yaratdi. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z yurtidagi tabiiy qazilma boyliklardan oqilona foydalanib, chaqirtirilgan mutaxassislar ishtirokida o‘q dori, zambarak-miltiqlar yaratib, o‘z qo‘shinlarining jangovarlik mahoratini oshirdi.

Sohibqiron Amir Temur armiyasi jang chog‘ida g‘anim kuchlarining qanotlaridan aylanib o‘tib, yon va orqa tomonidan zarba bergan. Ushbu to‘lg‘ama jang uslubida dushman kuchlari qanotlarida kuchli zarbaga uchrab yengilgan. Shayboniyxon 1500 yili Samarqandda bo‘lgan jangda to‘lg‘ama uslubini qo‘llagani sababli Boburshoh yengilgan.

Panipat jangi siyosiy jihatdan eng oliy maqomdagi hal qiluvchi voqea bo‘lgan edi. Hindistonda Ibrohim Lo‘diydan keyingi Bobur raqiblaridan eng kuchlisi rajputlar sardori Roja Raana Sangaa edi. U qudratli mustaqil hind hukmdorlaridan bo‘lib, deyarli 100 ming qo‘shinga ega bo‘lgan harbiy sarkarda edi. Uning harbiy rejasidan xabar topgan Boburshoh bu kuchli g‘animiga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. U g‘anim qo‘shinlari bosib o‘tishi ehtimoli bo‘lgan Bihar, Gvaliyar, Dibalpur kabi shahar hokimlari bilan do‘stona diplomatik aloqalar bog‘lab, ularni o‘z tomoniga ag‘darib olishga muvaffaq bo‘ladi.

Rajputlarning birlashgan kuchlari hujumiga qarshi jiddiy tayyorgarlik boshlanadi. Yetarli miqdorda zambarak va miltiqlar zaxirasini yaratishga kirishiladi. Sakkizta qozon tinimsiz metall eritish bilan band edi. Nihoyat, ulkan to‘plar ham tayyor bo‘ladi. Boburshoh bundan mamnun bo‘lib, bosh to‘pchi Ustod Alini taqdirlab, tabriklaydi.

Jiddiy g‘animga qarshi kurashga tayyorgarlik kunlari Bobur o‘z islomiy e’tiqodining mustahkamligini tasdiqlovchi yana bir tadbir ko‘radi: u sharob ichishga qarshi o‘zining tarixiy farmonini qabul qiladi. Alohida chuqur qazdirib g‘aznadan uning uchun olib kelingan sharobni to‘kdiradi. May ichadigan oltin qadahlarni toshga urib sindirtirib, parchalarini kambag‘allarga ulashib beradi va o‘zining sharob ichishdan butunlay voz kechib, tavba qilganini oshkor etadi. Nufuzli beklarning 300ga yaqini uning qaroriga qo‘shilib, ular ham ichmaslikka qasamyod qilishadi. Boburshohning bu harakatlari qo‘shin qalbini yangi bir hissiyot bilan to‘ldiradi. Boburshoh musulmon bo‘lmaganlardan olinadigan «tamg‘a» solig‘ini ham rasmiy tarzda bekor qiladi va qo‘shindagi askarlar ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Boburshoh qo‘shiniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat etib, ularni jangga ruhlantiradi.

Bobur rajputlar tomonidan bo‘ladigan jiddiy xavfning oldini olib o‘z tashabbusi bilan armiyaning himoya chizig‘iga ham yangilik kiritadi. Juda ko‘p tuproq to‘ldirilgan qoplarni aravalarga taxlab, uzun masofada kamon va miltiq otuvchilar uchun o‘ziga xos himoya «qalqoni» hosil qiladi. G‘ildirakli «qamal inshoatlari» yasatib, ular ham to‘plar bilan bir qatorda oldingi qismlarga o‘rnatiladi. Qudratli dushman armiyasi bilan yuzlashadigan paytda to‘pchi Ustod Ali va Mustafoning vazifalari o‘ta muhim va ko‘p edi. Ustod Ali va Mustafo qo‘l ostidagi to‘pchilar va miltiqchilarning keskin harakati bilangina qudratli raqib qo‘shiniga bas kelish mumkin edi. Bo‘lajak jangga bag‘ishlangan maxsus kengashda ana shu masalalar muhokama qilinib, barcha zarur choralar belgilab olinadi.

Nonushtadan so‘ng Boburshoh beklar bilan yana bir bor maslahatlashib, qat’iy hujumga o‘tishga buyruq beradi. O‘zi esa otda chopib ikki tomonga cho‘zilib ketgan armiyaning goh o‘ng, goh so‘l qanotida, goh markazda paydo bo‘lar, ayrim beklaru, bahodir yigitlarga ko‘rsatmalar berib, askarlarni ruhlantirar edi. Qo‘shinlar jabha bo‘ylab olg‘a yurishgach, Boburshoh hujumidan xabar topgan Raana Sangaa armiyasi ham olg‘a yura boshlaganidan xabar keladi.

Bobur armiyasi lager qurib va atrofiga xandaqlar qazib o‘raydi. Boburshohning razvedkaga yuborilgan otliq yigitlari tunda kutilmaganda dushman ustiga bostirib borib, uning old lageriga hujum qiladilar va g‘alaba qozonadilar. Bu taktika hal etuvchi jang oldidan askarlarning ruhini ko‘tarib, bo‘lg‘usi g‘alabaga ishonchni yanada mustahkamlaydi.

Nihoyat, rajputlar armiyasi yaqinlashib kelgach, Bobur hujumga buyruq beradi va hal qiluvchi jang boshlanadi. Hamma yoqni karnay, do‘llar (katta nog‘oralar) ovozi, shovqin-suron tutib ketadi. Ikkala tomon armiyasining markaziy qismi bir-biriga qarama-qarshi keladi, ammo asosiy to‘qnashuv o‘ng va so‘l tomonlarda boshlanadi. «Shunday zo‘r urush bo‘ldiki, yer yuziga zilzila va yuksak osmonga g‘ulg‘ula tushti, deb ta’riflaydi Bobur. Bu jangda Raana Sangaa armiyasining chap qanoti Bobur armiyasining o‘ng qanotiga qarshi jangga kirishadi. Buni kuzatib turgan Boburshoh tajribali sarkarda Chin Temur Sultonni darhol o‘ng qanotga yordamga borishga buyruq beradi. Shu ondayoq Chin Temur Sulton lashkarlari bostirib kelayotgan dushman qo‘shini bilan to‘qnashadilar va mardlarcha kurashadilar.

Rajputlar o‘z qo‘shinlarini har tomondan hujumga chorlaydi. Ular Mustafoning miltiqchilari faol harakat qilayotgan markazdan qochib, Bobur qo‘shinlarining chap tomoniga hujum uyushtiradilar. Rustam Turkman va Mo‘min Atka boshchiligidagi to‘lg‘amachilar dushman qo‘shinining orqa tomoniga o‘tib, uni qurshab olishga imkon yaratiladi. To‘lg‘ama usulida jang qilish mohiyatini dushman tushunib yetgach, boburiylarning chap qanotini siqib kela boshlaydi. Ularga qarshi Xoja Husayn boshchiligidagi ichki qism yordamga yuboriladi. Butun jabha bo‘ylab boburiylarning to‘p-miltiqlari zarba bersa-da, dushman qo‘shinining oxiri ko‘rinmasdi. Shunday holatda Boburshoh ichki qo‘shindagi sarbozlarni ikkiga bo‘lib, ularni to‘pchilarning har ikki tarafiga joylashtiradi va o‘ng qanotda jang qilayotgan Mustafo boshchiligidagi miltiqchilar Ustod Alining to‘pchilariga madadga yetib keladi.

Ushbu harbiy tadbir rajputlarning markaziy qismiga qaqshatqich zarba berib, o‘tochar qurollar dushman qo‘shinini yer tishlatadi. Boburshoh tashabbusni o‘z qo‘liga olib, markaziy kuchlarni olg‘a boshlaydi. Uning ushbu harakatidan ilhomlangan chap va o‘ng qanotdagi jangchilar shiddat bilan olg‘a intiladilar. Ammo rajputlarning harbiy taktikasi yaxshi bo‘lmasa-da, ularning son jihatdan ustunligi sezilib turardi.

Vaziyat tang holatga keladi. Biroq Mustafo miltiqchilarining zarbasiga bardosh bera olmagan dushman askarlari orqaga chekinishga majbur bo‘lib, qocha boshlaydilar. Boburshohning har ikki qanot sardorlari kelib, g‘alaba ular tomonda ekanidan xabar beradilar.

Rajputlar armiyasi tum-taraqay qocha boshlaydi va shu bilan Kanva yonidagi jang g‘alaba bilan o‘z yakuniga yetadi.

Mohir sarkarda Boburshohning qudratli artilleriyasi va jangovar intizom o‘rnatilgan armiyasining zarbasiga har qanday qo‘shin ham bardosh bera olmasligi namoyon bo‘ladi.

Kanva yaqinida bo‘lib o‘tgan bu jang Hindistonning siyosiy tarixida juda muhim ahamiyatga molik voqealardan biri bo‘ldi. Ushbu jangdan so‘ng Boburshohga bas keladigan raqib qolmadi.

Boburshohning yuragi ba’zan Vatanni — Andijonni qo‘msab tursa ham, vaqti soati kelib boqiy dunyoga ketgunicha hayotining qolgan qismini Hindistonda bunyodkorlik, davlat va ma’muriy ishlarni odilona hal qilish bilan o‘tkazdi. Boburiylar butun dunyoga mashhur bo‘lgan tarixiy obidalarni bunyod etdilarki, ular hozirda ham dunyoni lol qoldirib kelmoqda.

Zokirjon Mashrabov,

Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiya rahbari,

Sayfiddin Jalilov,

ekspeditsiya a’zosi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 7-sonidan olindi.