Shuhrat Sharif. Quchog‘iga dunyoni sig‘dirgan shoir

«Odam bolalari ibtidoda bir gavhardan bino bo‘lganlari tufayli yaxlit bir vujud kabidirlar. Binobarin, zamon uning bir a’zosiga jarohat yetkazsa, boshqa a’zolari ham o‘z tinchini yo‘qotadi».
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tinchlik Kengashi imorati peshtoqiga bitilgan ushbu so‘zlar Sa’diy Sheroziyning «Guliston» asaridan olingan. YuNESKO tomonidan esa har yilning 21 aprel sanasi Shayx Sa’diyni xotirlash kuni sifatida belgilangan.
Yuz yildan oshiqroq umr ko‘rgan eronlik shoirning (1184-1292) dunyo hamjamiyati tomonidan bunday katta ehtiromga loyiq topilgani avvalambor ijodidagi insonparvarlik g‘oyalari bilan bog‘liq. Chunki, fors adabiyotining yetuk namoyandasi Sa’diy g‘arbda «gumanizm» tushunchasining paydo bo‘lishi va uyg‘onish davrining yuzaga kelishida katta hissa qo‘shgan siymolardan biri sifatida tan olinadi. U 1257 hamda 1258 yillarda «Bo‘ston» va «Guliston» nomli ikkita buyuk asarni yozadi. Sa’diyning aynan mana shu kitoblari asrlar davomida Eron, Hindiston, Afg‘oniston, Pokiston hamda O‘rta Osiyo mamlakatlari madrasalarida muhim darslik vazifasini o‘tab kelgan va o‘z navbatida g‘arb dunyosini ham oydinlatgan.

Tabaqi gul dilingni qilmas chog‘,
«Guliston»imdan ol bir yafrog‘.
Gul zamoni besh-olti kundur, bas,
Bu «Guliston» hamisha poknafas.

Shoirning o‘zi «Guliston» kitobining debochasida asarni shunday satrlar bilan ta’riflagan edi. Chindan ham uning «Guliston»i boshqa gulistonlardagi gullar kabi besh-olti kun yashab, so‘lib qolmadi. Aksincha, vaqt o‘tgan sayin fayzu tarovati yer yuzini qamrab olishda davom etdi. Davr charxi shoir qalamidan bitilgan gul misralarning iforiga insoniyat qanchalik muhtoj ekanini ko‘rsatdi. Sa’diyning millionlab insonlarga, turli millatlarga ustozlik qilishini faqatgina undagi yuksak idrok va aql-zakovat bilan izohlash to‘g‘ri emas. Holbuki, ushbu asarlarni qalamga olgan paytida u oltmishdan oshgan mo‘ysafid edi. Ya’ni, buyuk mutafakkir ma’lum hayotiy tajribalaridan kelib chiqib so‘z so‘yladi. Ilk hayot saboqlarini o‘zi tug‘ilib o‘sgan Sherozda olgan shoir yo‘liga arab cho‘llari bo‘ylab davom etadi. Shundan so‘ng, Ozarbayjon hamda Suriya mamlakatlarida boshlangan sarguzashtlari uzoq Afrikaning Misr va Marokash ellarida yanada boyroq ko‘rinish oldi. Qolaversa, shunchaki sayohat emasdi bu umr yo‘li. Shayx Sa’diy o‘z davrida Chingizxon bosqinlarining shohidiga aylandi. Salbchilar yurishiga qarshi janglarda ishtirok etdi. Natijada, shunday qaltis va uzun umrdan olingan dars uning tafakkur olamida «Guliston» va «Bo‘ston» singari mumtoz asarlarning dunyoga kelishiga zamin hozirladi. Ammo mazkur asarlar ma’nosining tub-tubidagi tushunchalarni tahlil qilganda boshqa bir jihatni ham e’tibordan qochirmaslik shart. Ya’ni, buyuk mutafakkir ongida u mansub bo‘lgan Naqshbandiya tariqatiga xos qarashlar ta’siri juda ulkan. Aynan tariqat o‘zagidan suzib olingan mag‘iz – qarashlar Sa’diy asarlarining asosiy ustunlari sanaladi. Inchunin, g‘arb adabiyotshunoslari Sa’diyni anglash uning kitoblarini bir marta o‘qish bilan amalga oshib qoladigan ish emasligini, balki allomaning falsafiy qarashlaridan to‘liq bahra ola bilish uchun shoir sayru suluk qilgan ruhoniy olam bilan aloqa muhim ekanini ta’kidlashadi. Shayx Sa’diy Sheroziy nomini tilga olganda yuqoridagi asarlari kabi mashhur bo‘lmagan, ammo badiiy yetuklik jihatidan ulardan kam qiymat qozonmagan ijodining boshqa namunalarini ham tilga olib o‘tish lozim. Shoir yozgan g‘azal va qit’alar ko‘p jildli «Devon»idan joy olgan va forsiyzabon xalqlar tilida bugungi kungacha tarannum etib kelinmoqda. Shuningdek, Sa’diy lirikasi dunyodagi ko‘plab she’riyat muxlislarining ham mehrini qozongan. Aynan shuning natijasida, fors adabiyoti dunyoda o‘ziga xos o‘rin egallagan. Sa’diy ijodiyoti o‘z navbatida, Yevropa she’riyati, ayniqsa nemis adabiyotining taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shdi. G‘arb tillari orqali ruschaga o‘girilgan asarlari bu millat shoirlarining qalbidan ham chuqur joy egalladi. Buyuk rus shoiri Pushkinning ijodida Shayx Sa’diy ta’sirini yaqqol ko‘rish mumkin. Ayniqsa, «Baxchasaroy fontani» va «Evgeniy Onegin» asarlarida bu ta’sir ochiq namoyon bo‘ladi. Hatto shoir Sa’diydan olingan misralarni «Baxchasaroy fontani»da epigraf qilib keltiradi. Boshqa bir atoqli rus shoiri Yeseninning fors adabiyotiga, jumladan, Shayx Sa’diy ijodiga maftun bo‘lgani haqida juda ko‘p gapirilgan. Maftunlik Yeseninni Eronga sayohat qilishga undayvergani, natijada, bir umr Tehronga safar qilish hijronida qiynalgani adabiyotsevarlarga yaxshi ma’lum. Yesenin qay tariqa bunday shirin dardga mubtalo bo‘lganini uning tanishlaridan biri shunday xotirlaydi: «Korsh tarjimalari mahsuli bo‘lmish «X-XV asrlar fors she’riyati» nomli kitob qo‘limga tushib qoldi. U mendan Yeseninga o‘tdi. Shu-shu bo‘ldi-yu, Yesenin kitobni hech kimga berishni istamadi. Uni nimadir qattiq maftun qilib qo‘ygani aniq edi.» Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Shayx Sa’diyning ko‘p qirrali ijodi jahon adabiyotsevarlarini rom etishda hozirgacha davom etib kelmoqda. Dono nasihatlari esa, insoniyat kamolatiga hissa qo‘shishdan to‘xtamayapti. Xususan, xalqimiz qalbiga shoir asarlari qanchalik oshno ekanini ularning o‘zbek tiliga qayta-qayta o‘girilgani va sevib o‘qilayotganidan bilish mumkin.

Shuhrat Sharif