Nosir Muhammad. Navoiyning dunyoviy shuhrati

Buyuk so‘z san’atkorlari tarixning tub burilish nuqtalarida, millatni birlashtiruvchi, ruhan yuksaltiruvchi badiiy so‘zga kuchli ehtiyoj tug‘ilgan paytda dunyoga keladi. Alisher Navoiy xuddi ana shunday davrda yashadi. O‘sha davrda turkiy xalqlar XI asrdagi yuksalishdan keyin yangi bir to‘lqinni, ma’naviy-madaniy taraqqiyotni – Uyg‘onish davrini boshdan kechirayotgan edi. Bu madaniy yuksalishga esa Temuriylar saltanati zamin yaratgan edi.

Sohibqiron Amir Temur tarqoq qavmlarni birlashtirish, ularni yagona, kuchli va ahil millatga aylantirishni o‘ziga maqsad qilib qo‘ygandi. Bu maqsad yo‘lida kuchini ham, vaqtini ham ayamadi. U o‘zbek tilini birinchi marta rasmiy muomalaga olib kirdi. Farmonlar, yorliqlar va xatlar arab va fors tillari qatori o‘zbek tilida ham yozila boshladi. Boshqa tillarda yozilgan rasmiy xatlar ham “Amir Temur Ko‘ragon so‘zimiz”, deb boshlanar edi.

Alisher Navoiy o‘z davrining bu yetakchi g‘oyasini so‘z san’ati, badiiy obrazlar vositasida aks ettirdi. Uning deyarli barcha asarlarida qardosh-qondosh qavmlarning birligi, ona tilining ahamiyati qalamga olingan. U o‘zini turkiy tilda so‘zlashuvchi barcha qabila va urug‘larning shoiri, deb hisoblaydi va bundan iftixor qiladi.

Beixtiyor o‘ylab qolasiz: shoir abadiyatining siri nimada? 500 yildan ortiqroq vaqtdan buyon necha-necha avlodlarga hamroh va mahbub bo‘lib kelayotgan asarlarining qimmati nimada? Nega shoir fikrlari va o‘gitlari barcha davrlar uchun dolzarb bo‘lib qolaveradi?

Bunday savollarga javobni faqat shoir asarlaridan topish mumkin. Navoiy har bir asarida insonning turfa qiyofasini, uning qalb tug‘yonlarini aks ettiradi, ohori to‘kilmagan fikrlar, falsafiy mushohadalarini bayon etadi. Insonga va insoniyatga buyuk ehtirom shoir ijodining o‘zagini tashkil etadi. Shuning uchun ham ular barcha tillarda birdek jaranglaydi, e’zozlanadi, qadrlanadi. Yurtboshimiz ta’riflaganidek: “Agar bu zotni avliyo desak, u — avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak — mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak — shoirlarning sultonidir. Inson qalbining quvonchu qayg‘usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi”.

Navoiy yashagan davrdan buyon besh asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi. Movarounnahr tuprog‘i ne-ne bosqinlarga, toju taxt uchun qonli kurashlarga sahna bo‘ldi. Ammo shoir ijodining qimmati aslo pasaymadi. Har avlod undan o‘zi uchun nimadir topdi. Navoiy asarlari xalqimiz uchun ma’naviy quvvat va yuksalish manbai bo‘ldi.

Navoiyning dunyoviy shuhrati o‘z davridayoq boshlangan edi. Uning asarlari Turonzamin hududlaridan chiqib, Chin, Eron, Arab davlatlari, Turkiya, Gurjiston, Armanistonda ham o‘z muxlislarini topgan edi. Shoir bu voqeani iftixor bilan shunday ta’riflaydi:

Nizomiy olsa Barda’ birla Ganja,
Qadam Rum ahlig‘a ham qilsa ranja.
Chekib Xusrav dag‘i tig‘i zabonni,
Yurub fath aylasa Hindustonni.
Yana Jomiy Ajamda ursa navbat,
Arabda dog‘i cholsa ko‘si shavkat.
Agar bir qavm, gar yuz, yo‘qsa mingdur,
Muayyan turk ulusi xud meningdur.
Olibmen taxti farmonimg‘a oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.
Xuroson demakim, Sherozu Tabrez,
Ki qilmishdir nayi kilkim shakarrez.
Ko‘ngul bermish so‘zumga turk jon ham,
Na yolg‘uz turk, balkim turkmon ham…

O‘sha davrda Navoiy ijodining shuhrati shu darajada ediki, podshohlar bir-birlariga tuhfa sifatida uning asarlarini yuborardi. Bu mamlakatlardagi ko‘pgina shoirlar Navoiy uslubida ijod qila boshladilar. Buyuk ijodkor asarlari yuksak mahorat namunasi bo‘lib keldi. XVII asrda yashagan gruzin shoiri Nodar Persodanidze “…biz shoirlikda biron kishini u bilan tenglashtirib tasavvur qila olamizmi?”, deb xitob qilgani bejiz emas.

30-yillarda samarali ijod qilgan taniqli adabiyotshunos Miyon Buzruk Solihov shunday deb yozgan edi: “…Mashhur Abdullaxon (Buxoro xoni, 1583 — 1598) Istanbulga yuborgan hadyalar orasida Navoiyning “Xamsa”si ham bo‘lardi. Amir Umarxon (Qo‘qon xoni) ham Lutfiy, Navoiy va o‘zining devonini to‘plab, “Muhabbatnoma” nomi ila Istanbulga, Sulton Mahmudga hadya qiladi…”.

Taniqli adabiyotshunos Naim Karimov “Alisher Navoiy va Ahmad Posho” maqolasida Navoiy ijodi turk adabiyotiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatganini ishonchli misollar asosida ko‘rsatib berdi. Turk shoiri Ahmad Posho Navoiy she’rlariga nazira bog‘laydi, o‘zi ham shu uslubda g‘azallar bitadi. Boshqa turk shoirlari ham chig‘atoy lahjasida she’rlar yoza boshlaydilar. Navoiy g‘azallari ular uchun o‘ziga xos ijodiy maktab vazifasini o‘taydi.

Sulton Boyazid ikkinchi Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy bilan yaqin aloqada bo‘lgan, ularga tez-tez xat yozib, elchilar jo‘natib turgan. Hirotdan ham turli sovg‘alar va kitoblar kelib turgan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Navoiy 1480 — 1481 yillarda o‘zining 33 g‘azalini Boyazid ikkinchiga sovg‘a tariqasida yuborgan. Keyingi yillarda ham bunday aloqalar uzluksiz davom etgan. Masalan, 1501 yili hirotlik shoir Vaziriy Boyazid ikkinchi huzuriga kelib, unga Navoiyning salomini va she’rlar devonini topshirgan.

Navoiy asarlari o‘sha paytda Turkiyada keng tarqalganini ko‘rsatuvchi misollar ko‘p. Masalan, XVI asrning birinchi yarmida Sulton Sulaymon davrida Turkiyada noma’lum muallif tomonidan Alisher Navoiy asarlariga maxsus lug‘at tuzilgan. Qo‘lyozma nusxalarda keng tarqalgan “Al-lug‘at al-Navoiyat val-istishhodat al-Chag‘ataiyat” (“Navoiy lug‘ati va Chag‘atoy tili guvohnomasi”) nomli bu asar rus sharqshunosi V.V.Vel’yaminov-Zernov tomonidan Sankt Peterburgda 1868 yili nashr etilgan. 1869 yili shu shaharda mazkur lug‘at frantsuz tilida ham bosilgan. O‘sha yillari Turkiyada Shayx Sulaymon Buxoriyning Navoiy asarlariga yozgan lug‘ati ham chop etilgan.

XIX asrdan boshlab Yevropa davlatlari va Rossiyada Navoiy ijodiga qiziqish kuchaydi. Frantsuz sharqshunosi Katrmer 1841 yilda bosilgan majmuasida “Muhokamat ul-lug‘atayn” va “Tarixi muluki Ajam” asarlarini, I.N.Berezin “Turk xrestomatiyasi” to‘plamida shoir asarlaridan parchalarni e’lon qilgan edi. Rus sharqshunosi M.Nikitskiy 1856 yili “Amir Nizomiddin Alisher, uning davlat va adabiyot sohasidagi ahamiyati” mavzuida magistrlik dissertatsiyasini yozdi. Shundan keyin N.I.Ilminskiy, V.V.Velyaminov-Zernov, V.V.Bartold, Ye.E.Bertels, M.Belen, Pave de Kurteyl, E.Braun singari mashhur olimlar Navoiy ijodiy merosi haqida tadqiqotlar olib bordilar.

Navoiy hayoti va faoliyatini o‘rganish miqyosi XX asrda yanada kengaydi. 1941 yili qamal qilingan va bombalar yog‘ilib turgan Sankt-Peterburg shahrida shoir ijodiga bag‘ishlangan anjumanning o‘tkazilishi ilm yo‘lidagi fidoiylikning yorqin namunasi bo‘lgan edi. Keyingi yarim asr davomida Navoiy asarlari jahonning turli mamlakatlarida qayta-qayta chop etildi, u haqda turli tadqiqotlar, badiiy asarlar yaratildi. Jahon tinchlik kengashi 1968 yili Navoiy yubileyi munosabati bilan yo‘llagan tabriknomasida: “Jahon madaniyatining eng yaxshi durdonalariga mansub bo‘lgan Alisher Navoiyning qudratli hayotbaxsh she’riyati butun taraqqiyparvar insoniyatning boyligi bo‘lib qoldi”, deya e’tirof etgan edi.

Navoiy ijodi o‘zining haqiqiy qadr-qimmatini mustaqil O‘zbekistonda topdi, deya olamiz. Yurtboshimiz tashabbusi bilan 1991 yil Alisher Navoiy yili deb atalgan edi. Mamlakatimiz bu ulug‘ zot nomi bilan mustaqillik davriga qadam qo‘ydi. Bunda o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero, Navoiy o‘zining butun hayoti va faoliyatini yurt mustaqilligi va tinchligi, o‘zbek tilining nash’u namosi uchun baxshida etgan edi. O‘sha yili Toshkentda Navoiyning ulug‘vor haykali va Milliy bog‘ ochildi. Oradan ko‘p o‘tmay Navoiy shahrida shoirning yana bir ulkan haykali va ko‘rkam bog‘ barpo etildi.

O‘shandan buyon har yili shoirning tavallud kuni she’riyat bayramiga aylanib ketadi. Bugungi kunda o‘nlab xiyobonlar, ko‘chalar, maktablar shoir nomi bilan atalmoqda. Markaziy shaharlarimizda bobokalon shoirimizning muhtasham haykallari qad ko‘tarib turibdi. Agar shoir asarlari ilgari sho‘rolar mafkurasiga moslanib, uzuq-yuluq e’lon qilingan bo‘lsa, bugun mukammal shaklda muxlislar qo‘liga yetib bordi. Maktab o‘quvchilaridan universitet talabalarigacha, oddiy ishchidan olimu muhandisgacha uning ijodidan bahramand bo‘lmoqda. Shoir nomidagi Adabiyot muzeyi, Katta teatr, milliy kutubxona har kuni minglab muxlislarni o‘z bag‘riga oladi.

Bugun Alisher Navoiy haqli suratda jahon madaniyatining mumtoz vakillari safidan o‘rin oldi. Uning asarlari jahondagi yuzlab tillarga tarjima qilindi. Dunyo ahli uning merosi bilan qiziqmoqda, asarlarida tarannum etilgan oliyjanob g‘oyalar va falsafiy mushohadalardan zavq olmoqda. Shoir haykallari Yaponiyaning Soka universiteti hovlisida, Rossiya poytaxti Moskva va Ozarbayjon poytaxti Boku shaharlarida qad ko‘tardi.

Barcha daho san’atkorlar singari Alisher Navoiy ham o‘zining nomi va yaratgan asarlari asrlar osha yashab qolishiga ishongan edi. “Umidim uldurki va xayolimga andoq kelurki, so‘zim martabasi avjdan quyi enmagay va yozgan asarlarimning tantanasi a’lo darajadan o‘zga yerni yoqtirmagay”, deb yozgan edi ulug‘ shoir. Bu bashoratomuz so‘zlar ijobat bo‘ldi. Endilikda shoir so‘zlari dunyo bo‘ylab o‘zining yuksak parvozini davom ettirmoqda.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 5-sonidan olindi.