Elena Belyakova. Sharbatga to‘la meva yoki bemaza yo‘gurt

Jorji Amadu va Paulo Koelo – brazil adabiyotidagi ikki davrning ikki yirik namoyandasidir. Bu mashhur brazil adiblarining asarlari dunyoning deyarli barcha tillariga tarjima qilingan. Ularning kitoblari adadi o‘nlab milliondan oshadi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, bu ikkala muallif ijodiga tamoman qarama-qarshi munosabat mavjud. Ya’ni, Amadu ijodi adabiyotdagi baynalmilallikning, Koelo asarlari esa globalizmning timsoli sifatida ko‘rsatiladi.
Bir qarashda, baynalmilallik va globalizm bir-biriga yaqin tushuncha ko‘rinadi. Aslida esa, ular mazmun-mohiyatiga ko‘ra tamoman teskaridir. Baynalmilallik mil­latlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlikni, xalqlarning ham­jihatligini targ‘ib etib, madaniyat, ilm-fan, texnologiyaning o‘zaro aloqadorlikda rivojlanishini yoqlaydigan mafkuradir. Baynalmilallik bir madaniyatning boshqa millat madaniyati ustidan hukmron bo‘lishi yoki uni yo‘q qilishni ang­latmaydi. Aksincha, milliy madaniyatlar bir-biriga ta’sir ko‘rsatib, ravnaq topishi, gullab-yashnashini bildiradi.
Globalizm – bu milliy madaniyatlarning buzilishi, aynishi va mavh etilishidir. Chunki, globalizm insoniyatga turlicha madaniyatga ega millatlari bo‘lmagan bir turdagi individlar ommasi sifatida qaraydi. Emishki, yer sharining istalgan joyida – Nyu-York, Rio-de-Janeyro, Parij, Moskva yoki Cherepovtsedagi do‘konlar peshtaxtasida ham bir xil mahsulotlar turadi, ko‘chalarda bir xil avtomobillar yuradi, odamlar bir xil kiyim kiyadi va, ayni, bir xil film­larni tomosha qilishadi.
Baynalmilallik insoniyatning istiqbolini har bir millat madaniyatidagi eng yaxshi jihatlardan tarkib topadigan yagona umuminsoniy madaniyatni yaratishda ko‘radi va globallashtirish xalqlar madaniyatini boyitmaydi, balki uni bir xil shaklga solib barbod qiladi, deb biladi. Xalqlar madaniyatidagi o‘ziga xos milliy xususiyatlarni yo‘qotish barcha xalqlar madaniyatidan ustun turadigan afzal bir madaniyatning o‘rnatilishiga olib keladi, deb o‘ylash xato. Aslo, bunday bo‘lmaydi. Bu, umuman, madaniyatning yo‘qotilishiga olib keladi. Chunki milliy ildizlaridan mahrum madaniyat xuddi qirqilgan daraxt singari qurib bitadi.
Jorji Amadu sho‘ro yozuvchilarining ikkinchi s’ezdidagi nutqida baynalmilallikning adabiyotdagi mohiyatini: “Bizning kitoblarimiz – romanlarimiz yoki she’rlarimiz inqilob ishiga xizmat qila olsin. Ular, eng avvalo, brazilcha bo‘lishi zarur. Ularning baynalmilalligi shunda ko‘rinadi”, deya ifodalagan edi. Amaduning ijodi bu qarashning yorqin namunasidir. U barcha brazil yozuvchilari orasidagi haqiqiy brazil adibi sifatida butun dunyoga mashhur. Amadu asarlarini butun dunyoda sevib o‘qishadi. Chunki u o‘z xalqining qalbini ochib ko‘rsata olgan. Braziliyaliklarning boshqalardan ajralib turadigan jihati esa shundaki, ular tabiatan optimist bo‘lib, kunlarini shodu xurramlik, quvonch bilan o‘tkazishadi. Amaduning yuksak mahorati tufayli braziliyalik­larga ana shu o‘ziga xos fazilat xuddi “jumboq rus qalbi” singari jahon adabiyotida o‘z aksini topdi. Jorji Amaduning ilk romani “Karnavallar mamlakati”dan tortib, so‘nggi “Piranyasada mo‘jiza” asarigacha brazil xalqining o‘ziga xos turmush tarzini gavdalantiradi. Adib asarlari ayni jihati bilan osmonini bulut qoplab, yeridan yetti oy qor ketmaydigan, bahor hech qachon kelmaydigandek tuyulganidan optimist bo‘lish mushkul Rossiya singari mamlakatlardagi kishilar ma’naviyatiga ijobiy ta’sir etadi. Amaduning romanlari bunday murakkab sharoitda yashayotgan odamlar uchun S darmon-dorisiga aylanib, ularda hayotga intilish hissini oshiradi.
Amaduning qahramonlari rangsiz, tussiz, shunchaki harakatlanadigan bir qolip­dagi sharpalar emas. Ularning har biri o‘z manzil, makoniga ega. Har birining o‘ziga xos tashqi qiyofasi, fe’l-atvori, o‘z hayoti va qismati bor. Shu bois hech bir kishi adib asarlaridagi Don Florni Gabriela yoki Tereza Batista, Kaprala Martinani esa Ped­ro Pula bilan adashtirmaydi. Ular o‘quvchi ko‘z o‘ngida xuddi hayotdagi odamlar singari namoyon bo‘ladi. Dunyodagi millionlab kishilar adib qahramonlari bilan birgalikda shodlanib quvonadi, iztirobga tushib yig‘laydi. Chunki ular xuddi hayotdagi kishilarga o‘xshaydi. Amadu ularni jonajon Baiyasi ko‘chalarida, tevarak-atrofidagi odamlar orasida ko‘rgan, kuzatgan. Koeloning kitoblarida esa qahramonlar yo‘q. Ularda, hatto, personajlar ham mavjud emas. Uning kitoblarida uzuq chiziqlar bilan chizilgan, millati ham, yoshi ham, fe’l-atvori ham noayon sharpa mavjud, xolos. Bu sharpalar turli zamonda, har xil o‘lkalarda yashashi aytilsa-da, ular shunchalik o‘xshashki, bir-biridan deyarli farq qilmaydi. Muallif asarlarida kitobdan-kitobga o‘tgan bir xil qiyofalar turganga o‘xshaydi. Ular Paulo Koeloning o‘zi bo‘lib ko‘rinadi. Go‘yo Koelo karnavalda turli niqoblarni taqqan, deysiz. Koelo o‘ylab o‘tirmasdan xayoliga kelganini yozaveradi. Bu to‘g‘rida uning o‘zi “Domino qoidalari”da ochiqdan-ochiq: “To‘g‘risi, o‘zim yaxshi biladigan bir kishi, ya’ni, o‘zim haqimda yozaman”, degan.
Jorji Amadu o‘sha paytda sho‘ro mamlakatida mafkuraviy asoslarga ko‘ra “bosh brazil adibi” rolini bajaruvchi sifatida tanlangan edi. Ammo sho‘ro o‘quvchilari uni ilk kitoblari bosilib chiqishi bilan chin dildan sevib qolishdi. Amadu ijodining taniqli tadqiqotchisi V.N.Kuteyshikov bu haqda eslab: “O‘shanda olis Yangi Dunyo o‘lkalarida sirli hayot kechirayotgan notanish kishilarning tug‘yon, ehtiroslari qalbimizga tropika bo‘roni yanglig‘ bostirib kirgan edi”, deydi.
Paulo Koelo, hatto, bu jihatdan ham Amaduga tamoman teskari. Uning rus tiliga o‘girilgan ilk romani “Alkimyogar” 1998 yilda bosilib chiqqanida o‘quvchilar mutlaqo e’tibor qilishmadi. Noshirlar “Alkimyogar”ni bestsellerga aylantirish uchun ancha ter to‘kishdi. Ular Koeloning asarlarini targ‘ib etish uchun Jorji Amaduning tushiga ham kirmagan qudratli PR aktsiyalaridan foydalanishdi. Paulo 2002 yildan beri Rossiyaga muntazam kelib turadi va uning tashriflari ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladi. Uning birinchi kelishi juda dabdabali bo‘lgan: eng ommaviy nashr­larda yozuvchi bilan suhbatlar chop qilingan. Birinchi kanalda uning to‘g‘risida film namoyish etilgan, Koeloning o‘zi “Domino qoidalari”ga o‘xshash bir necha tok-shouda ishtirok etib, matbuot anjumanlarida kitobxonlar bilan uchrashuvlarda qatnashgan edi. “Oq bulutlar” madaniyat markazi esa Koelo kitoblari asosida maxsus etno teatr festivali tayyorlagan edi. Tabiiyki, bu tadbirlar o‘shandayoq natija bergan edi. 2008 yil sentyabrdan uning barcha kitoblari sotilib ketdi. Koeloning rus tilidagi beshta asari o‘ntalik bestseller qatoridan o‘rin egalladi.
Ayni paytgacha Koeloning 13 kitobi rus tiliga tarjima qilingan. U shu tariqa Amadudan keyin braziliyalik mualliflar orasida rus tiliga tarjima qilinishiga ko‘ra ikkinchi yozuvchiga aylandi. Ammo Koeloni braziliyalik yozuvchi deb bo‘larmikan? Uning to‘g‘risidagi dastlabki maqolalardan birida: “Hech qachon Braziliya to‘g‘risida yozmaydigan braziliyalik”, deyilgan. Chunki uning kitoblarida brazilcha biror narsa yo‘q. Ular milliylikdan butunlay mahrum. Koeloning qahramonlari tabiatan globalistdir.
Koeloning falsafiy munozaralari badiiy adabiyotga aslo aloqador emas. Chunki uning kitoblarida o‘quvchi birga hayajonga tushishi, qayg‘urishi mumkin jonli qahramonlar obrazi ko‘rinmaydi. Muallifning mushohadalari kimlarningdir fikridan olingan iqtibosga o‘xshaydi. Yozuvchi ko‘pchilikka ayon haqiqatlarni tasdiqlaydi. Koeloning barcha asarlarida hayotda har bir kishining o‘z yo‘li bor, ammo hamma ham istak-orzulariga yetkazadigan bu yo‘ldan qat’iyat bilan oxirigacha borolmaydi, degan bir fikr o‘n martalab qayta takrorlanadi. Ta’kidlash joizki, Paulo Koelo bu borada ulug‘ adibning kam so‘zga keng fikrni joylab yozish kerak, degan o‘gitiga qat’iy amal qilib, boshqa bir g‘oyani tiqishtirmasdan, boshqacha qarashni qarama-qarshi qo‘ymasdan yagona bir fikrini yuzdan oshiqroq sahifaga kengu mo‘l qilib joylaydi.
Koelo kim to‘g‘risida, nima haqida yozmasin, u pand-nasihat, o‘gitlar jamlanmasi bo‘lib qoladi. Shu boisdan uning asarlari bir-biriga juda o‘xshaydi. Yozuvchining bir necha kitobini o‘qigach, ular aslida bitta kitob ekani ayon bo‘ladi.
Paulo o‘zining nasihatgo‘yligi, odob-axloq o‘rgatishi, “yo‘l izlash”ga undashi, bu boradagi bilimini namoyish qilishi bilan kishini bezdirib qo‘yadigan darajada jonga tegadi. Mana, u o‘zining “O‘n bir daqiqa” kitobi to‘g‘risida nima deydi: “Ushbu roman seks mohiyatini tushunish yo‘li to‘g‘risida bo‘lib, men uni o‘zimning shaxsiy hayotimni anglash uchun yozdim”. Paulo Koelo Lyuiz Kerrollning kitobidagi Gertsoginyani eslatadi. Alisa menga aql o‘rgatavermang, deganida u: “Jonginam, men nasihat qilishdan boshqasini bilmayman”, deydi. Achinarlisi shundaki, Koelo kimgadir aql o‘rgatmaydi, u pand-nasihatlarini yozadi. Nahotki 50 million odam (kitoblari adadini shuncha deyishadi)ga uning kitoblari yoqsa?
Koelo asarlarining tili nihoyatda jo‘n bo‘lib, unda badiiylikning biror unsuri ko‘rinmaydi. Amadu asarlaridan farqli o‘laroq, Koeloning yozganlarida muallifga xos uslub sezilmaydi. Shuning uchun uning kitoblarini juda osonlik bilan istalgan xorijiy tilga o‘girish mumkin. To‘g‘rirog‘i, ular aslida aynan shuni hisobga olib yaratiladi.
Yaxshi badiiy kitob, aslida, hayot darsligidir. Ha, hayot darsligi, bayonnomasi emas. Bunday kitob, avvalo, kishining his-tuyg‘ulariga ta’sir o‘tkazib, uning qalbini butkul egallab oladi. Undan ayrilishning iloji bo‘lmay qoladi. Jorji Amaduning asarlari shunday: biz ularning qahramonlarini sevib qolamiz yoki nafratlanamiz, ular bilan birga zavqlanamiz yoki hayratga tushamiz, qanday yashash kerakligi haqida o‘yga tolamiz.
Koeloning kitoblari bunday emas. Uning yozganlari qalbga kirib borib, kishida xayol-tasavvur uyg‘otmaydi. Ular o‘ziga bino qo‘ygan, manman, mijg‘ov odamga o‘xshaydi. Koelo uchun hazil, yumor hissi tamoman begona. U o‘ziga ham, ijodiga ham allaqanday takabburlik bilan qaraydi. Sira o‘ylab o‘tirmasdan: “Men ajoyib yozuvchiman…”, deb da’vo qiladi. Jorji Amadu esa hamisha o‘zi to‘g‘risida: “Men Baiya shtatidan bor-yo‘g‘i kichik bir yozuvchiman”, derdi.
Obrazli ifodalaganda, Amadu ijodi shiraga to‘la tropik meva bo‘lsa, Koeloning kitoblari sun’iy qo‘shimcha va bo‘yoqlardan bo‘lak hech narsasi yo‘q ta’msiz yo‘gurtdir. Koeloning asarlari o‘rta toifadagi iste’molchilar didiga mos keladi. Ularni intellektual darajasi jo‘n odamlar qiziqib o‘qiydi. Asl adabiyot kitobxonlar qalbini bezovta qilib, dunyoning abadiy muammosi – o‘zi va olam to‘g‘risida mushohada qilishga majbur etadi. Koeloning asarlari esa xuddi uy ichida kiyiladigan boshmoq singari muloyim va qulay bo‘lib, ular birgina his – o‘zidan to‘la mamnunlik hissini tug‘diradi.
Koeloning bitiklariga o‘xshash adabiyot, bir qarashda, mafkuradan xoliga o‘x­shaydi. Aslida esa, bu xil adabiyot aniq va qat’iy dunyoqarash – globalizm mafkurasini ifodalaydi. Jorji Amaduning kitoblari kurashchi va yaratuvchini tarbiyalasa, Koeloniki iste’molchilarni yetishtiradi. Bu iste’molchilar uchun kitob ham yo‘gurt yoki changyutgich singari mahsulotdir.
Jorji Amadu yoki Paulo Koelo: bu kurashda kim g‘olib chiqadi? Koelo kitoblariga qiziqish pasayib, Amadu asarlariga intilish ortib borayotgani insoniyatda hali imkoniyat borligini bildiradi.

(Maqola “Literaturnaya gazeta”ning 2012 yil 8-14 avgust (№32-33) sonidan olindi.)
Rus tilidan Abdulla Ulug‘ov tarjimasi
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi.