Dunyoning buyuk romanlari: Abdulla Qodiriy. O‘tkan kunlar

IShTIROK ETUVChILAR

Otabek – “og‘ir tabiatlik, ulug‘ gavdalik, ko‘rkam va oq yuzlik, kelishgan, qora ko‘zlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit” – romanning bosh qahramoni, savdogar, Yusufbek hojining o‘g‘li, bir muddat Toshkentdagi Beklarbegi madrasasida tahsil olgan, yigirma to‘rt yoshda.

Kumush – “quyuq jinggila kiprak”lari ostidan “timqora ko‘zlari” boqib turguvchi, “qop-qora kamon, o‘tib ketkan nafis, qiyiq qoshlari chimirilgan-da, nimadir bir narsadan cho‘chigan kabi” ko‘ringuvchi, “to‘lg‘an oydek g‘uborsiz oq yuz”lik o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlardagi, marg‘ilonlik Mirzakarim qutidor qizi, Otabekning ma’shuqasi; roman oxirida kundoshi Zaynabning taomga qo‘shib bergan zaharidan o‘ladi.

Zaynab – toshkentlik Olim ponsadboshining qizi, “o‘n yetti yoshlar chamaliq, kulchalik yuzlik, oppoqqina, o‘rtacha husnlik”, O‘zbek oyimning o‘g‘li Otabek uchun tanlagan kelini, Kumushning kundoshi: roman oxirida Otabek taloq qo‘yadi va u jinni bo‘lib qoladi.

Yusufbek hoji – Toshkent hokimining mushovir-maslahatchisi, Toshkentning mashhur a’yonlaridan biri; Otabekning otasi, xalq, el-yurt manfaatini o‘ylaydigan fidoyi shaxs.

O‘zbek oyim – Yusufbek hojining xotini, ellik besh yoshlarda; chala-dumbul tabiatlik, ammo eriga o‘tkirligi bilan mashhur xotin, uncha-muncha to‘y va azalarga “kavshim ko‘chada qolgan emas” deb bormaydi.

Hasanali – Otabekning “ma’naviy otasi”, hoji xonadonining quli, oltmish yoshlar chamasida; o‘ziga xos ma’naviy qiyofaga ega qahramonlardan biri.

Mirzakarim qutidor – Yusufbek hojining marg‘ilonlik do‘sti, savdogar, “qora qosh, qora ko‘z, ko‘rkam yuz”lik, qirq besh-ellik yoshlar chamalik kishi, Kumushning otasi.

Oftob oyim – “o‘ttuz besh yoshlar chamaliq go‘zal, xush bichim bir xotin”, Mirzakarim qutidorning jufti haloli, ya’ni Kumushning onasi.

Oysha buvi – Oftob oyimning onasi, yetmishlardan oshgan kampir.

Homid – Otabekning raqibi, Ziyo shohichining qaynisi, chaqimchilik, “qo‘lansa gaplar uchun yaratilgan odam”, romandagi shaxslararo konfliktda asosiy o‘rinda turadi; o‘ttiz besh yoshlarda, Otabek tomonidan o‘ldiriladi.

Ziyo shohichi – Marg‘ilon boylaridan, Yusufbek hojining do‘stlaridan biri, Mirzakarim qutidorning uyiga Hasanali bilan Otabek tomonidan Kumushni so‘rab sovchi bo‘lib boradi.

 

ROMAN SYuJETI

“1264-inchi hijriy, dalv oyining o‘n yettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir…” jumlasidan keyin Marg‘ilondagi karvonsaroy tasvirlanadi. U yerga qo‘noq bo‘lgan toshkentlik savdogar yigit Otabekni izlab, marg‘ilonlik Rahmat bilan Homid keladi. Ular hol-ahvol so‘rashib, tanishganlaridan keyin Otabekning Marg‘ilonga sotish uchun nima narsalar olib kelgani, uylanishdek bir murakkab ish, o‘zbekona urf-odatlar, kelin qilishdagi ota-onalarning orzu-istaklari xususida suhbat bo‘ladi. Otabekning “ma’naviy otasi”, ular xonadonining quli Hasanali xizmat qilib, choy tashib yuradi. Marg‘ilondagi ota qadrdonlari Otabekni mehmonga aytishadi. Bir suhbat majlisi Ziyo shohichining uyida, so‘ngra Mirzakarim qutidor uylarida bo‘lib o‘tadi. Suhbat mahali Otabek Shamay taassurotlarini, o‘rislarning idora tizimidagi afzalliklar, Turkistondagi ayanchli holatni tuzatishga doir qarashlarini gapiradi. Otabekning keng dunyoqarashiga, ijtimoiy hayot muammolarini teran muhokama qilishiga hamma qoyil qoladi. Shu zaylda Otabek marg‘ilonlik ota qadrdonlari bilan yaqindan tanishib oladi. Biroq uning tabiatida g‘alati bir tushunib bo‘lmaydigan ruhiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Bu holatlarni zimdan kuzatgan Hasanali Ota­bekning Mirzakarim qutidor qizi Kumushni sevib qolganini aniqlab, Ziyo shohichi bilan qutidorning uyiga sovchilikka boradi. Mirzakarim qutidor bilan Oftob oyimning o‘zaro muzokara, muhokamalaridan keyin Kumushning Marg‘ilonda qolishi sharti bilan sovchilarga rizolik so‘zi beriladi.

To‘yga hozirlik boshlanadi; bir kechada hammaning tushiga to‘y kirib chiqadi. Kumush hayratlanadi, o‘zining to‘yi bo‘layotganiga ishonqiramaydi. “Qizlar majlisi – gullar, lolalar, to‘tilar, qumrilar majlisi!” Qizlar, gullar majlis quradi. Ammo Kumushni mahzunlik holati, ichki bir be­zo­v­­t­alik, iztirob, g‘am-alam aslo tark etmaydi. Oftob oyim tashvishga ham tushib, egachisiga yozg‘iradi. Urfga binoan nikoh o‘qilib, mahr ham belgilanadi. Kumush turmushga uzatiladi. To‘y kuni chimildiqda Ota­bekni ko‘rib, hayratdan dong qotadi va “Siz o‘shami”, deb so‘raydi; o‘zi kutmagan bir baxtga erishadi. Marg‘ilonga kelganining ikkinchi kuni Mirzakarim qutidorning tashqi hovlisidan oqib o‘tadigan ariqdan asr namoziga tahorat suvi olish uchun kirgan Otabekni “taqdir shamoli” Kumushga ro‘baro‘ qiladi va shu daqiqadan boshlab unda “u afifaga qarshi bir ishq, ham chin bir ishq”, muhabbat majorosi tug‘iladi. O‘sha birinchi nigohlar to‘qnashuvida Kumushda ham juda kam kishilarga nasib bo‘ladigan “bir durri bebaho” tuyg‘u paydo bo‘ladi. Yuqoridagi gapni aytishiga sabab shu edi.

Bu davrda Toshkent osmonida qonli bulutlar kezinadi. Toshkent hokimi Azizbek Qo‘qonga bo‘ysunmay isyon ko‘taradi. Qora chopon va qipchoq nizolari avjga chiqadi. Otabekka otasi Yusufbek hoji maktub bitib, unda o‘sha bezovtalik tafsiloti bayon etilib, ehtiyot bo‘lishi, Farg‘onada o‘zini Azizbekning sherigi deb noto‘g‘ri o‘ylab, o‘g‘liga zarar yetkazishlari mumkinligi hamda shahar tinchiguncha Otabekning Marg‘ilonda kutib turishi ta’kidlanadi.

To‘ydan yetti kun o‘tib, Homidning Marg‘ilon hokimi O‘tabboy qushbegiga borib chaqishlari natijasida Otabek bilan Mirzakarim qutidor xiyonatkorlikda ayblanadi va hibsga olinadi. Toshkent Qo‘qon sipohlari tomonidan qamal qilingan qaltis bir vaziyatda Hasanali najot istab Yusufbek hoji oldiga keladi.

Gunohkor sifatida qo‘lga olingan Ziyo shohichi bilan Rahmatga zindon jazosi beriladi. Otabek bilan Mirzakarim qutidor qatl etilishi arafasida najot farishtasi o‘laroq Yusufbek hoji yozgan maktubni ko‘tarib, O‘tabboy qushbegi huzurida Kumush paydo bo‘ladi. Vaziyat muhokamasidan keyin Otabek bilan Qutidorning aybsiz ekani ma’lum bo‘ladi va hibsdan ozod etiladi.

Garchand Yusufbek hoji bir oz e’tiroz bildirsa ham, yetmish kunlik qamaldan sillasi qurigan Toshkent ahliga Azizbek o‘ttiz ikki tangadan soliq soladi. Xalqning g‘azabi alanga oladi. Yusufbek hoji boshchiligida Azizbekka qarshi isyon ko‘taradi. Umidsiz Qo‘qonga qaytayotgan Normuhammad qushbegiga Yusufbek hoji chopar yuboradi. Qo‘qonlik sipohlar Toshkentni egallaydi va Azizbek ikki oyog‘idan otga sudratma qilib o‘ldiriladi.

O‘tabboy qushbegi Otabek bilan Mirzakarim qutidorni ozod qilganidan keyin chaqimchi – “bir g‘arib bechora”ning arzi Qo‘qonga – yoshgina Xudoyorxon nomidan hukumatni boshqarayotgan Musulmonqul qo‘liga yetib boradi. Musulmonqul O‘tabboy qushbegi va Otabekni o‘rdaga chorlaydi. Savol-javoblardan keyin Otabekni jallodga topshirish arafasida Toshkentdan chopar keladi. Hasanali Yusufbek hojining iltimosiga ko‘ra, Normuhammad qushbegining Musulmonqulga yozgan maktubini olib keladi. Otabek mo‘jiza tufayli ikkinchi marta o‘limdan qutulib qoladi. Yusufbek hojining xizmatlari evaziga o‘limdan qutilgan Otabekka Musulmonqul hech uyalmay-netmay iljaygancha zarrin to‘n kiydiradi.

 

* * *

Garchand Otabekning Marg‘ilondan uylanganidan Yusufbek hoji uncha norizo bo‘lmagan esa-da, O‘zbek oyim o‘g‘lining bu ishiga, Marg‘ilonga qatnab yurishilariga chidab tura olmaydi. Oradan bir yillar o‘tib, O‘zbek oyim Otabekni Toshkentdan uylantirish payiga tushadi. O‘z martabalariga mos kelin izlaydi. Hasanaliga aravani hozirlatib, yettinchi marta ko‘chaga chiqqanida Olim ponsadnikiga boradi; qudalarga xos suhbat bo‘ladi. Gapni bir joy qo‘yib, uyiga kelib o‘sha fikrini Yusufbek hojiga yetkazadi. So‘z o‘nqovi kelganidan Yusufbek hoji o‘z o‘g‘liga “ustidan bir ish qilib” qo‘yganini, O‘zbek oyim shu ishni, yana ham aniqlashtirib, uni Olim ponsadboshining qiziga unashtirib kelganini aytishadi. Ikkinchi uylanish yuzasidan olib borilgan oilaviy muzokaralar, ota-ona orzusining g‘olibiyati, Otabekning taslimiyati bilan yakun topadi. Yusufbek hoji Mirzakarim qutidorga Otabekni Toshkentdan ham uylantirish niyatlari borligi yuzasidan maktub yozadi. Qutidor vaziyatni – Otabekning ota-onalari orzusini tushunadi, Oftob oyim esa boshi yanchilgan ilondek to‘lg‘anadi. Oxir-oqibat qayin ota, qayin ona va hatto Kumush ham Otabekning Toshkentdan uylanishiga ko‘nishadi. Otabek Zaynabga uylantiriladi.

Xiyonatlik maktublari bilan Jannat opa vositachiligida Homid Otabek va Kumush orasiga tushib, qutidor xonadoniga soxta taloq xatlarini kiritadi. Otabek Qutidorning eshigidan “…boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz… uyatsiz!” degan so‘zlar bilan haqoratlanib quvlanadi. Endi Otabekning Toshkentdan Marg‘ilonga besamar kelish va ketish davri boshlanadi. Shu orada u o‘zini Shokirbek deb tanitib, har Marg‘ilon borganida usta Alim uyiga qo‘nadi. Usta Alim bilan Saodat boshidan kechgan fojeaviy bir qismat egalarining tarixidan boxabar bo‘ladi.

Kumush shariatga zid taloq xati olganidan olti oylar o‘tib, Homiddan unga sovchilar keladi. Ammo Kumushning ota-onasi bundan keyin qizlari er qilmaslikka qattiq ahd etgani javobini beradi. Sovchilar kelaveradi, rad javobini olib ketaveradi. Barchasiga bir xilda Kumushning yuqoridagi javobi aytiladi. Bir kuni Mirzakarim qutidor achchiqlanib, qizi tufayli shaharda bosh ko‘tarib yura olmay qolayotganini, Kumushni uzatishga ko‘ndirishni xotini Oftob oyimga qattiq tayinlaydi. Nav­batdagi sovchilardan biriga, ya’ni Marg‘ilonning boylaridan Salim sharbatdorning o‘g‘li Komilbekka Kumushni uzatish rejalari tuziladi.

Qutidor eshigidan quvilgan Otabek iztiroblar ichida qovuriladi, o‘ziga qayin ota tomonidan qilingan o‘sha haqsiz munosabat sababini sira tushunmaydi; o‘ylayverib, o‘yining tagiga yeta olmaydi. O‘zini savdo ishlari bilan chalg‘itmoqchi bo‘ladi, bo‘zaxo‘rlikka beriladi. Uning oy-kunlari beorom va besaranjom ravishda o‘tib turadi. Otabekning Marg‘ilonga quruq qatnab yurishining yettinchi martasida, ya’ni oraga sovuqlik tushib, quvlanganiga o‘n sakkiz-o‘n to‘qqiz oylar o‘tganidan keyin ko‘chada ikki kishining suhbatidan Kumushni erga berilayotgani xususida jonso‘z bir xabarni eshitib yo‘l o‘rtasida mixlanib qotib qoladi. “Kishining xotinini taloqsiz chiqarib ol-da, bu kun erga ber”, deb o‘zicha gapiradi, telbalanib Marg‘ilon ko‘chalarida kezinadi. Shu kechasi “Xo‘ja Ma’oz” mozori ziyoratxonasida tunni bedor o‘tkazadi. Tong mahali usta Alimning uyiga kirib keladi va u yerdagi suhbat jarayonidan usta Farfi tilidan o‘z taqdiriga tegishli gaplardan – Homidning Kumushga uylanish niyati borligidan, chaqimchilik bilan qutidor va uni dor ostiga olib borilishiga ham o‘sha sababchi bo‘lganidan, o‘z tilidan soxta taloq xati yozib, qayin otasiga kiritgani va, nihoyat, Kumushga bo‘lajak kuyov – Komilbekning qotili ham taxminlarga ko‘ra, Homid ekanidan xabar topadi. Otabek tadbir qo‘llab, usta Alim qo‘shnisi uyidagi mashvarat – maslahatda Sodiq, Mutal, Jannat opa va Homidlarning rejalarini – dushanba kuni kechasi Malikboy maydoni orqali qutidor hovlisining orqa tomonini kovlab, Kumushni olib qochmoqchi bo‘lganlarini bilib oladi. Dushanba kuni kechasi uch dushmanga qarshi dildorining uyi ortida yakka o‘zining olishishi, yor oyoqlari ostida qonli tuproqqa qorishishi Otabekka shoirona bir tuyg‘ular in’om etadi. Uch barzangi dushmanga qarshi olishuvda kichkina bir jarohat olgan Otabek g‘olib keladi; uchala dushmani ham o‘ladi. Malikboyning maydonidagi bu voqeani eshitgan ahli Marg‘ilon hayratdan yoqa ushlaydi. Ularni o‘ldirgan odam sirligicha qoladi. O‘zining aslida kim ekanini tanitgan Otabek holatidan usta Alim sirni – qotilni bilib oladi va “Zap qilgansiz, Otabek”, deydi. Otabek unga o‘zini Shokirbek deb atab yurgani uchun uzr so‘raydi va o‘sha birinchi uchrashuvlardan tortib, to oxirgi voqealargacha batafsil so‘zlab beradi; so‘ngra Qutidorga tegishli bir xat yozib, yetkazishni usta Alimdan iltimos qiladi va o‘zi Toshkentga jo‘nab ketadi.

Hovlisi ortidagi voqealar yuzasidan mirshablar Qutidorni so‘roq qiladi. Ammo natija chiqmaydi; qotil topilmaydi, sir ochilmaydi. Usta Alim keltirgan Otabekni maktubidan keyin Qutidorning ahli-oilasi barcha sirdan – “taqdir ishi”dan voqif bo‘ladi, “xayrixoh qotil”ni tanib mamnun bo‘lishadi. Qutidorlar uyida Otabekning Toshkentdan Marg‘ilonga qaytib kelish-kelmaslik masalasi muhokama etiladi. Kumushga bitilgan maxsus xatda ham bu gap ochiq aytilmagan bo‘ladi. Nihoyat “Kelib qolsa yaxshi, kelmasa, Toshkentga o‘zimiz tushamiz-da”, deydi Qutidor. Ular oldindagi uch oy qishni o‘tkazib, o‘zlari Toshkentga borishni niyat qilishadi.

 

* * *

Toshkent va Qo‘qon a’yonlarining o‘zaro kelishuv-tadbirlari natijasida Xudoyorxon nomidan hukumatni boshqarayotgan, xalqqa ko‘p jabr-zulmlar qilgan Musulmonqul oradan ko‘tariladi. Yusufbek hoji kabi aqli tiniq shaxslar elni birlashtirish, o‘zaro nizolarga barham berish tarafdori bo‘ladi. Shuning uchun ham Muhammad Rajabbek qo‘rboshining uyida “sahroyi qipchoq” elidan, “sahroyi itlar”ga itoat etishdan qutulish uchun, ularni qirib, yo‘q qilish niyatida tuzilayotgan rejalariga Yusufbek hoji qo‘shilmaydi; majlis ahlini aql va insof doirasida ish yuritishga da’vat qiladi. Qipchoqqa qarshi bu adovat ortida mansabga erishish niyati borligini anglab qoladi. Ichkaridan chiqadigan fitna-fasodni kutib, shahar darvozasi tagida bosqinchi o‘ris qo‘shini “qo‘r to‘kib” yotganidan ogohlantiradi; majlis ahliga qipchoqdan ko‘ra kattaroq yovning borligini, kunlari “kofir qo‘lig‘a qolishi to‘g‘risida” o‘ylashlari, elni parchalamasdan birlashtirish lozimligini ta’kidlaydi va norizo bo‘lib majlisni tark etadi. Hoji ketgach, Niyoz qushbegi uning ustidan kulib, ko‘knori ichganga chiqaradi; Qambar sharbatdor hojining yoshi qaytib, ko‘ngli juda ham bo‘shashib ketganini so‘zlaydi. Majlisdagi Karimqul ponsad ham, Muhammad Rajab ham Yusufbek hojining uzoqni ko‘zlab aytgani oqilona maslahatiga quloq tutmaydi.

Bahorning sehrli kunlarining birida Otabek guzardagi Hasanaliga do‘kon qo‘shni bo‘lgan ko‘ngli toza, ochiqqina yigit – Ali bilan Mingo‘rikka qimizxo‘rlikka chiqadi. Bahor havosidan dillari yayrab dam olishadi. Kechga yaqin Qoymos darbozasi orqali shaharga kirganlarida boshi tanasidan judo qilingan odamlarga duch keladi. Ularning o‘ldirilishiga sababi – qipchoq bo‘lgani. Hasanali qirg‘in jarayonini, ish ustidan – xum yonidan tutib kelingan bir bo‘yoqchining qo‘llari bo‘yoq holida qatl etilganini so‘zlab beradi. Otabekning yuragi eziladi va bu ishda otasining ham aybi bor, deb hisoblaydi. Hoji Otabekka o‘zida ayb yo‘qligini, u majlisni tark etgach, izidan Niyoz qushbegi kelib, “majlis ahli o‘z fikridan qaytdi”, deb so‘zlaganini, bu iblisona aldovlarga uchib, o‘sha muttahamlarning rejalaridan birovga og‘iz ochmaganini, oqibat g‘aflatda qolganini tushuntirib, Musulmonqulga adovati bo‘lgan xon qipchoqni qirib alamidan chiqmoqchi bo‘lganini aytadi. “Ittifoqning ne el ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb, ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar”dan zorlanadi… Otabek otasining bu qirg‘inga mutlaqo aloqasiz ekanini anglab, o‘zining o‘rinsiz shubhasi va o‘yidan uyaladi.

Mirzakarim qutidordan bir maktub olib, u yerda bo‘lib o‘tgan barcha hodisalardan boxabar bo‘lgan Yusufbek hoji Otabekni Marg‘ilonda qilgan ishlari yuzasidan savolga tutadi. Endi Marg‘ilonga qachon borishini surishtiradi, “ma’lum emas” javobini olgach, ularning o‘zlari qizlarini olib, Toshkentga kelishlari xabarini beradi.

Yusufbek hoji og‘zidan Marg‘ilondan kelini bilan qudalar kelishini eshitgan O‘zbek oyim mehmonlarni kutish taraddudiga tushadi. “Ikki kelinlik bo‘lish” orzusida uch yillik gina-adovatlarni unutib yuboradi. Hoji Zaynabni huzuriga chorlab, Marg‘ilonda kelayotgan “opa”si, ya’ni kundoshi bilan egachi-singildek bo‘lib ketishlari yuzasidan va’dalar oladi.

Marg‘ilonlik kelin va qudalarni yo‘ldan kutib olish hamda kuzatib kelish uchun Hasanali mehmonlar yo‘liga chiqariladi. Zaynab va O‘zbek oyim boshliq qo‘shni xotinlar Oftob oyim bilan Kumushni qarshi olishadi. Barcha yig‘ilganlar Kumush bilan Zaynabni qiyoslashadi; ayni damda, kundoshlar o‘rtasida zimdan adovat boshlanadi. Qutidor sharafiga yozilgan dasturxonga Yusufbek hojining yaqin birodarlari taklif etilib, ular yaqindagina bo‘lib o‘tgan qipchoq qirg‘inini muhokama qiladilar. Suhbat orasida Yunus Muhammad oxund “Agar biror qavmning ishi noahil odamga topshirilgan bo‘lsa, bas, o‘sha qavmning qiyomatini yaqin bil”, mazmunidagi Payg‘ambar alayhissalom hadislarini aytadi, Yusufbek hoji uning gaplarini tasdiqlaydi va hadisni takrorlaydi. Jamoa masjidga peshin o‘qish uchun qo‘zg‘alganda Hasanali Otabekni to‘xtatib qoladi va o‘ziga xos bir hiyla ishlatib Kumush bilan ko‘rishtiradi. Xuftonga yaqin Otabek, Kumush va Zaynab – uchovlari dasturxon boshida suhbatlashib o‘tirar ekan, Kumush boshlaridan yaqinda o‘tgan tarixni so‘z o‘yini tarzida hikoya qilib beradi.

O‘zbek oyim mehmonga ketgan bir kunda kundoshlar uyda yolg‘iz qolishadi; o‘zaro adovatlari, dushmanliklari yuzaga chiqa boradi. Oradan yigirma kunlar o‘tib, marg‘ilonlik mehmonlar uylariga qaytish taraddudiga tushadilar. Qutidor qizining Toshkentda qolishiga rozi, Oftob oyim esa Kumushni o‘zi bilan olib ketmoqchi bo‘ladi. O‘zbek oyim olib qolish tarafida; Kumush ham qolishni ixtiyor etadi. Kumushni o‘zi bilan olib ketmoqchi bo‘lgan Oftob oyim barcha umid ko‘chalariga bir-bir kirib chiqadi; foyda bermaydi. Oxiri ko‘pchilik fikriga noiloj rozi bo‘lgan ona ketar mahali Kumushga qayin ota va qayin ona xizmatlari hamda kundoshi bilan muomala masalasida juda o‘rinli nasihatlar qiladi. Ertasi kuni ertalab mehmonlar Marg‘ilonga qaytishadi.

Endi voqealar sahniga Zaynabning egachisi, tabiatiga ko‘ra mutlaqo uning teskarisi bo‘lgan Xushro‘y kirib, uning qisqacha tarixi, oilaviy hayoti tasvirlanadi. Xushro‘y o‘zi xohlab, bo‘lajak eri oilali Nusratbek bilan til biriktirib erga tegib oladi; o‘z kundoshlariga kun bermaydi. Uch oy ichida ildiz otgan bir oilani barbod qiladi. O‘z kayficha kun kechiradi, ammo orada farzandi bo‘lmaydi… Xushro‘y kelib, Zaynabning oilaviy hayotini tahlil etadi; singlisiga vahshiy ko‘zlari bilan tikilib yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatadi.

Yukli Kumushning oy-kuni yaqinlashib, O‘zbek oyimning nabira ko‘rish orzusi ushalayotgan, aqiqa to‘yini o‘tkazish rejalari tuzilayotgan bir pallada Otabek negadir xafa, ora-orada usta Alim fojeasini xotirlaydi. Yusufbek hoji yurt ishidan qo‘l yuvib, kunini “Qur’on” hamda “Daloyil” o‘qish bilan o‘tkazadi. Kumush shu arafada onasiga maktub bitib, butun ruhiy holatini, kundoshi bilan bo‘lib o‘tayotgan mojarolarni, Yusufbek hojining ularni “oyim-oyim”lab tinchitishlarini – barcha-barchasini batafsil yozadi. Nihoyat oy-kuni yetib, kutilgan mehmon – o‘g‘il farzand dunyoga keladi. Oila a’zolari bir-birlarini muborakbod etadi. Suyunchilar ulashiladi. Otabek noxush bir tush ko‘radi. Erta saharlab ichkari kirib, ko‘zi yorigan Kumush holidan xabar oladi. Tushlik payti kitob mutolaa qilib o‘tirganida, ichkaridan Oybodoq chiqib, Otabekni ichkariga chaqiradi. Kumush o‘qchiydi, qayd qiladi; tabib kelib bemorning tomir urishini ko‘rib, labini tishlab qoladi; kosadagi qolgan taomdan tatib ko‘rib, zahar ichganini aytadi. Fojea sababchisi – ovqatga zahar qo‘shgan Zaynabni Otabek taloq qo‘yadi. Shu sahna ustiga kelib qolgan Yusufbek hoji “Chiq, Zaynab, chiq! La’nat sendek xotinga!” deydi. Hojini tanib besaranjomlangan Kumush qo‘zg‘almoqchi bo‘ladi. Yusufbek hoji “Qo‘zg‘almang, oyim… qo‘zg‘almang!” deydi. Kumushning navbatdagi jomga qo‘zg‘alishida qusuq qonga aylanadi, burnidan ham bir nechta tomchi qon oqadi. “Oyi… dada… , – so‘ngra, – begim”, deb ingranadi va erining yuzini yuziga qo‘yib, uyalgansimon ko‘zini yumadi.

Ertasi kuni janoza marosimi bo‘ladi. Marg‘ilondan yo‘lga chiqqan ota-ona bu marosimda qatnasha olmaydi. Ular uchinchi kuni yetib kelishadi. Yetti kun xatmi qur’on qilinib, elga osh beriladi. Chaqaloqqa Yodgorbek deb ism qo‘yishadi. Zaynabning jinni bo‘lib qolgani qozilar tomonidan tasdiqlangandan keyin, unga jazo berish hukmi bekor qilinadi.

Bu voqealardan keyin Otabek Marg‘ilonga ketadi va u keyinchalik bir necha marta Toshkentga keladi. Hijriy 1277 yili Avliyootadan Qonoatsho Yusufbek hojiga yozgan maktubida o‘g‘li bosqinchi o‘ris qo‘shini bilan to‘qnashuvda qahramonona kurashib shahid bo‘lganini bildiradi.

Shundan keyin Yusufbek hoji xatmi Qur’on qilib, yurtga osh beradi, O‘zbek oyim esa qora kiyib ta’ziya ochadi.

 

ShARH

Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” romanini yozish bilan o‘zbek romanchilik maktabiga asos soldi. Yuksak talant egasi – yosh adib qalami ostidan chiqqan birinchi o‘zbek romani favqulodda bir muvaffaqiyat va shuhrat qozondi. Romanning boshidagi bir qancha fasl dastlab “Inqilob” jurnalining 1923 yilgi fevral-mart qo‘shma sonida bosiladi. Keyin kitob holida nashr etilib, qo‘lma-qo‘l o‘qiladi. “O‘tkan kunlar” yaratilgan davr o‘zbek xalqi uchun millatning erki, ozodligi, mustaqilligi, jahondagi o‘rni masalasi hayot-mamot ahamiyatiga molik edi. Abdulla Qodiriy o‘z davrining ilg‘or bir ziyolisi sifatida Vatan va millat taqdiri ustida astoydil qayg‘urdi, o‘zicha najot yo‘lini izladi. Zamon taloto‘plari adib qalbini iztirobga soldi. “O‘tkan kunlar” romani orqali xalqning milliy ongini uyg‘otmoqchi bo‘ldi, “tariximizning eng kir, qora kunlari” – yurtni mustamlaka balosiga giriftor etgan keyingi noahil “xon zamonlari” to‘g‘risida so‘z ochib, bu ayanchli haqiqatdan xalqqa saboq bermoqchi bo‘ldi.

“O‘tkan kunlar” romanining ma’no-mundarija doirasi nihoyatda keng. Unda xilma-xil taqdirlar, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy, oilaviy-ishqiy muammolar qalamga olingan. Biroq ular orasida yurtning taqdiri, mustaqilligi masalasi alohida ajralib turadi. Binobarin, el-yurtning mustaqilligi, birligi masalasi romanning asosiy pafosini tashkil etadi. Asarning bosh qahramonlari Otabek va Yusufbek hojilar shu yurt istiqloli, farovonligi, osoyishtaligi yo‘lida hayotini, jonini tikkan fidoyi kishilar qiyofasida tasvirlanadi. “O‘tkan kunlar” bamisoli ulkan va tiniq ko‘zgu, unda o‘zbek millatining muayyan tarixiy sharoit, vaziyatdagi turmushi, urf-odatlari, ruhiy-ma’naviy dunyosi, bo‘y-basti, qiyofasi keng ko‘lamda aniq-ravshan gavdalantiriladi. Romandagi uchlik – oshiq, ma’shuqa va ag‘yor, bir qarashda, an’anaviy ishq dostonlarini ham eslatadi. Unda Otabek bilan Kumushning toza muhabbati, ishqiy kechinmalari, baxti va baxtsizligi juda zo‘r mahorat bilan tasvir etiladi. Asardagi juda kam insonlar qalbidan chuqur joy oladigan bir “durri bebaho” – ishq-muhabbat tuyg‘usiga doir inja tafsilotlar kitobxonni hayajonga soladi; Otabek bilan Kumushning saodatli onlaridan mahrum etgan fojeaviy sahnalar kishini chuqur o‘yga toldiradi. Muallif oshiqlarning ishqiy sarguzashtlari bahonasida muayyan tarixiy davrni – Turkistonning rus bosqini arafasidagi ahvoli, qora kunlarini ko‘z oldimizda gavdalantiradi. Abdulla Qodiriy Otabek bilan Kumushning ishq tarixini yozar ekan, ayni damda o‘lkaning tutqunlikka tushishining bosh sababi jaholat, qoloqlik va o‘zaro ichki nizolardir, degan fikrni g‘oyat ustalik bilan asarning mazmun-mohiyatiga singdiradi.

Adib Yusufbek hoji zimmasiga katta yuk yuklaydi. U o‘zaro mahalliy ziddiyatlarning zararini yaxshi biladi, qipchoqni qirish ishini qoralaydi, aksincha, bir millatning ikki qavmini ularni “chin yovg‘a beriladigan kuch” uchun ittifoqchi sanaydi.

Abdulla Qodiriy romanida o‘zbekning sokin oilaviy hayot tarzini ham, kundosh kelinlar orasidagi o‘zaro nizolar va ularning yechimini ham juda ishonarli, bag‘oyat mahorat bilan tasvirlaydi. Romandagi tasvirlarga ko‘ra, Yusufbek hoji agar ikki kelin o‘rtasida “so‘z chiqqanini goho eshitsa, ikkala kelinni o‘z oldiga chaqirib” nasihat qiladi. “Avvalo Kumushdan o‘pka qilib: “Oyim, har nima siz kattasiz, Zaynab yosh, kattadan kichikka shafqat lozim, mundog‘ yaxshi emas!” degan gaplarni aytadi. So‘ngra Zaynabga nasihatlar berib, “keyin ikkisini duo qilib, bir-biriga salom” berdiradi. Qaynona-kelin munosabatlari ham Yusufbek hojidek dono-donishmand oila rahbari nazaridan chetda qolmaydi. Romandagi juda tabiiy obrazlardan biri bo‘lgan O‘zbek oyim bilan Yusufbek hoji, Mirzakarim qutidor bilan Oftob oyim munosabatlari ham butun salobati bilan o‘quvchi tasavvuriga muhrlanadi.

Romandagi har bir qahramonda joziba bor; ularning ko‘ngli, ko‘zi, ma’naviy qiyofasi ko‘zga ko‘rinib turadi; yurak urishlari eshitiladi. Asosiy, ikkinchi darajali va hatto epizodik qahramonlarning fikrlari teran, mulohazalari hikmatlar bilan to‘yingandir. Rahmat, Akram hoji, Oysha buvi, Oybodoq, Ali va boshqa qator epizodik obrazlar o‘zining yorqin qiyofasi hamda latif so‘zlari bilan esda qoladi.

Asar avvalidagi bir yig‘inda majlis ahli Turkistonning o‘sha paytdagi holatini tahlil qiladi. Ziyo shohichi: “Bizning shu holga tushishimiz o‘z fe’li-xuyimizdan”, deydi. Otabek esa ijtimoiy tubanlikning sababini ittifoqsizlikda, o‘zaro nizolarning avj olganida, “buzg‘unchi va nizochi unsurlar tomir yoyib, har zamon sodda xalqni halokat chuquriga qarab tortishidan”, deb biladi. Abdulla Qodiriy XIX asr oxiridagi Turkistonda kechayotgan ahvoldagi “chuvalgan ipning uchini topib bergandek” bo‘ladi. Darhaqiqat, xalqning obod va ozod turmushini dil-dildan istagan Abdulla Qodiriydek bir insonning ma’naviy-estetik dunyosiga ham bunday fikr-mulohazalar begona emas, albatta.

Tarixiy-biografik romanlarda zamon va makon chegaralari tanlangan tarixiy shaxs-qahramon hayoti solnomasiga ko‘p jihatdan muvofiq keladi. Bu tabiiy hol. Ammo adabiyot olamidagi tarixiy asarlar turli asoslar ustiga quriladi. Abdulla Qodiriy o‘zining kamtarona ta’biri bilan aytganda, “havas”lanib roman yozishga kirishar ekan, moziyga nazar tashlaydi. Moziy esa zamon va makon jihatdan cheksiz hamda mavhumdir. Adib “moziy”ga aniqlik kiritaroq “yaqin o‘tgan kunlar”, “xon zamonlari” birikmalarini ilova qiladi. Zero, birinchi o‘zbek romani “O‘tkan kunlar”ning nomlanishida zamon-vaqt ifodasi mavjud.

Aslida inson aqli bilan chegaralangan zamon-vaqt eralar, asrlar, yillar, fasllar, oylar, haftalar, kunlar, soatlar… kabi butunlikni, astronomik qatorni tashkil etadi. Ijod ahli tasvirlayotgan voqea-hodisalarining ishonchlilik quvvatini oshirish uchun shu astronomik vaqtdan turli yo‘sinda o‘z dunyoqarashi, mahorati, aql-idrokiga qarab foydalanadi. Boshqacharoq aytganda, badiiy asarda zamon-vaqt fizikaviy mazmundan adabiy-falsafiy mohiyatiga ko‘chadi.

Abdulla Qodiriy vaqtdagi “O‘tkan kunlar” mavhumotini romanning birinchi satrlaridayoq parchalaydi. Voqealar sahnaga chiqayotgan zamon alomatini aniq bitib qo‘yadi: “1264-nchi hijriya, dalv oyining o‘n yettinchi, qishki kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir…”. Romanning boshlanishi shunday, ayni chog‘da, adibning asar ichidagi vaqtni ifodalash tamoyillari ham ushbu jumlada mujassam topgan.

“O‘tkan kunlar”dagi davr qamrovini belgilash uchun roman oxiriga nazar tashlaymiz. Kumush o‘lgan, uning mozoriga “toshdan o‘yib yasalgan lavha” qo‘yilgan. O‘qiymiz: “… Kumushbibi binti Mirzakarim Marg‘iloniy tarixi tavalludi 1248, vafoti 1269 hijriy, jumad-ul avval…”. Garchand Qanoatsho Avliyo otadan Yusufbek hojiga maktub yo‘llab, Otabekning shahidligi xususida (roman “Xotima”sida berilishicha) hijriy 1277 yil kuzida xabar bergan bo‘lsa-da, “O‘tkan kunlar”dagi voqealar hijriy 1269 yili yakun topadi. Demak, roman ichkarisida taxminan besh-olti yillik zamon bor.

Adibning badiiy so‘zida betakror joziba mujassam bo‘lgani bois “O‘tkan kunlar” necha marta o‘qilsa ham, qayta mutolaaga ehtiyoj sezaveradi. Roman o‘quvchini zeriktirmaydi. Qayta o‘qish jarayonida asarning yangidan-yangi qirralari kashf etiladi. Bir o‘qilganda e’tiborsiz o‘tilgan epizodlarga boshqa safar diqqat qaratiladi. Bu hol, tabiiyki, adibning obraz yaratish mahoratiga, inson qalbini chuqur anglashiga daxldor hodisadir. Zero, ko‘rkam adabiyotdek san’at dunyosida badiiy til muhim sanaladi; so‘z vositasida manzara, ruhiyat va obraz chiziladi; “umr – otilgan o‘q ermish”, “o‘rinsiz chiransang, beling sinadi” singari hikmatlar bayon etiladi. Barchaga ayon bu haqiqat badiiy adabiyotning eng murakkab alifbosidir. Abdulla Qodiriy so‘zida insonni o‘ziga bog‘lab turadigan, insonni o‘ziga ohanrabodek tortib turgan quvvat bor. Buni o‘quvchi sezmasligi mumkin emas. Aynan so‘zning ta’siri bois Kumush o‘lgan sahnada kitobxon chidolmay, yig‘lay boshlaydi. Aytmoqchi, bu epizodning o‘zi yig‘lab yozilgan. Demak, adibning titragan, ichikkan, o‘ksigan yuragi shu sahifalarga ko‘chgan. Badiiy ijoddagi bir qonuniyat shuki, mujmal tasavvurlar mujmal ifodalanadi; yig‘lab yozilgan sahifalar yig‘lab o‘qiladi. Chinakam adibning estetik dunyosi, betakror qalbi ana shunday sahifalarga muhrlanadi. Xo‘sh, xotirlaylik-chi, Abdulla Qodiriy Kumushni qanday so‘zlar bilan tasvirlagan edi? Majzub! Juda beg‘ubor va begidir! Agar esingizda bo‘lsa, romanning avvalidayoq Kumush ruhiyatida ham g‘alati bir parishonlik sodir bo‘ladi. U ham Ota­bekka o‘xshab allatavur bo‘lib yuradi. Adib Kumushning o‘sha holatini juda go‘zal, quyuq obrazli til bilan quyidagicha chizadi: “…uyning to‘riga soling‘on atlas ko‘rpa, par yostiq quchog‘ida sovuqdan erinibmi va yo boshqa bir sabab bilanmi uyg‘oq yotqan bir qizni ko‘ramiz. Uning qora zulfi par yostiqning turlik tomonig‘a tartibsiz suratda to‘zg‘ib, quyuq jinggila kiprak ostidag‘i timqora ko‘zlari bir nuqtag‘a tikilgan-da, nimadir bir narsani ko‘rgan kabi… qop-qaro kamon, o‘tib ketgan nafis, qiyig‘ qoshlari chimirilgan-da, nimadir bir narsadan cho‘chigan kabi… to‘lg‘an oydek g‘uborsiz oq yuzi bir oz qizilliqg‘a aylangan-da, kimdandir uyalg‘an kabi…”. Bu ko‘chirmadan Kumush holatini tasvirlashda yozuvchi so‘zlarni marjondek tergani ko‘rinib turibdi.

Qodiriy sohir qalami ostidan chiqqan aksar toza qahramonlarning ichu toshi jozibali, suyukli, ta’sirli. Chunki adib so‘z so‘zlashda uzoq andishaga boradi; quruq bayon o‘rniga voqelikni, insonni tasvirlashni muhim deb hisoblaydi. Bevosita badiiy asarlaridan olingan misollardan tashqari adibning turli maqolalarida aks etgan adabiy-estetik qarashlarida ham o‘sha kontseptsiya o‘zining teran ifodasini topgan. “Yozg‘uvchilarimizga” nomli maqolasida:“So‘z qolip, fikr uning ichiga qo‘yilgan g‘isht bo‘lsin”, degan maslahatni beradi. So‘ngra aynan so‘z so‘ylash to‘g‘risida quyidagi e’tiborli fikrlarni bayon qiladi: “So‘z so‘ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak. Yozuvchining o‘zigina tushunib, boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Asli yozuvchilik aytmoqchi bo‘lgan fikrni hammaga barobar anglata bilishda, oraga anglashmovchilik solmaslikdadir. Bundan tashqari, fikrning ifodasi xizmatiga yaramagan so‘z va jumlalarga yozuvda aslo o‘rin bermasligi lozim”. Badiiy ijodga tegishli bu maslahatlar eskirmaydigan haqiqatlardir.

Abdulla Qodiriy romanlarini o‘zbek adabiy tili zamonaviy ko‘rinishda shakllanayotgan bir davrda yozdi. Adabiy tilning rutbasi, maqomi yuksalishida adibning xizmati katta bo‘ldi. Til millatni birlashtiruvchilik qudratiga ega qadriyatdir. Qodiriyshunos olimlar fikriga e’tibor berilsa, Abdulla Qodiriy toshkentlik bo‘la turib o‘z romanlarida mahalliy sheva unsurlarini umuman qo‘llamaydi. Hatto qahramonlarining nutqini individuallashtirishda ham boshqa badiiy vositalardan foydalanadi. Demak, adib shu zaylda bor mahorati bilan o‘zbek adabiy tilining boyligini, o‘zbek tilining keng imkoniyatlarini namoyish ham qiladi.

“O‘tkan kunlar” tarixiy roman; u baxt va baxtsizlik, qayg‘ular va tuyg‘ular romani. Bu gap tasvirga ham, tasvirlovchiga ham, o‘quvchiga ham bab-baravar tegishlidir. Asarda ruhiy-psixologik talqinga ob’ekt bo‘ladigan yuzlab epizodlar bor. “O‘tkan kunlar”dagi ayrim nom va so‘zlar statistik metod asosida tadqiq qilinganida, “Otabek” eng ko‘p uchraydigan, sal kam ming marta takrorlanadigan ism ekani ma’lum bo‘ladi. Hammaning tasavvuriga sevgi dostoni, sevishganlarning ishq tarixi sifatida muhrlangan romanning birorta sahifasida “sevgi” so‘zi deyarlik qo‘llanmaydi; ayni so‘zning davr tiliga mos “suyukli”, “suyub” tarzida qo‘llanishi ham ko‘pchilikni tashkil etmaydi. “Muhabbat” so‘zining jami takrori bir nechta o‘nlikdan oshmaydi; “ishq” va “oshiq” so‘zlaridan har birining takrori esa, aqalli o‘ntaga ham yetmaydi. Bunday sanoqli yondashuvlar so‘z qadrini, so‘zlarni quruq takrorlagandan ko‘ra uni butun his va tuyg‘ular ko‘lami bilan tasvirlash, so‘zni jonlantirish, so‘zga hayot baxsh etish muhim ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, roman “hoshiya”sidagi bitiklardan torib, “Yozg‘uvchidan” berilgan prolog va epiloglar va hatto fasllarning nomlanishlarigacha – barcha-barchasi intertekstual analiz uchun ham manba bo‘ladi.

Bir necha yildan keyin roman yuz yoshga to‘ladi. Sal kam bir asrlik davr oralig‘ida o‘zbek adabiyotida ko‘plab romanlar yozildi. “O‘tkan kunlar”dan keyingi ikkinchi o‘ringa qo‘yilgan romanlar soni ko‘payib ketdi; taassufki, ikkinchi o‘rin imtiyozi va son-sanog‘i ma’lum emas. Biroq veqelikni g‘oyaviy-badiiy tomondan mukammal tasvirlagani, psixobiografik, lingvopoetik, paralingvistik, germenevtik va boshqa barcha turdagi adabiy-nazariy talqinlarga bardoshi, shuningdek, kitobxonlar e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘lgani hamda dunyo tillariga tarjima etilgani jihatidan birinchi o‘zbek romani – “O‘tkan kuqnlar” hali bugunga qadar o‘sha yuksak maqomida mustahkam turibdi.

“O‘tkan kunlar” xayoliy va hayotiy omillar uyg‘unligida maydonga kelgan ulkan bir ma’naviyat qasriki, uning ichkarisiga kirgan odam insoniyat abadiyatiga daxldor tushunchalarning badiiy talqiniga, eng nafis his-tuyg‘ularning betakror tasviriga, o‘zaro chambarchas bog‘langan ijtimoiy va individual holatlar zanjiriga duch keladi; aqli hayron qoladi.

Mavlono Oybek Abdulla Qodiriy ijodiga bag‘ishlangan tadqiqotida adib shaxsiyati va ijodiga baho berib yozadi: “Abdulla Qodiriy iste’dodli, qalbi butun va o‘ziga xos ravishdagi shaxs edi… Abdulla Qodiriyning prozasi birinchi navbatda g‘oyatda hayotiyligi bilan ajralib turadi”. Haq gap; isboti –“O‘tkan kunlar” romani.

 

YoZUVChI HAQIDA

Ulkan iste’dod egasi Abdulla Qodiriy 1894 yili 10 aprelda Toshkentda bog‘bon oilasida tug‘iladi. U dastlab musulmon maktabida, keyin rus-tuzem maktabi hamda Abulqosim shayx madrasasida ta’lim oladi; Moskvadagi adabiyot kursida o‘qiydi. 1917 yilgi oktyabr oyidagi davlat to‘ntarishidan so‘ng Eski shahar oziqa qo‘mitasining sarkotibi, “Oziq ishlari” gazetasining muharriri, kasabalar sho‘rosining sarkotibi, “Mushtum” jurnali tashkilotchilaridan biri sifatida ijtimoiy hayotga faol aralashadi. Uning asarlari vaqtli matbuotda Julqunboy, Ju-boy, Dumbulboy, Dumbulnisa, Kalvak Mahzum, Toshpo‘lat tajang, Ovsar kabi o‘nlab maxfiy imzolar bilan bosilib turadi.

Abdulla Qodiriy 1914 yili Rahbarnisa Rasulmuhammadboy qiziga uylanadi. Ulardan Nazifa (1916), Habibulla (1918), Adiba (1924), Mas’ud (1928) hamda Anisa (1928) ismli farzandlar dunyoga keladi.

Abdulla Qodiriy ijodiy faoliyatining boshlanishi 1910 yillarning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. “Sadoi Turkiston” gaztasining 1914 ­yil 1 ap­­­­­­rel sonida, “Toshkent xabarlari” ustunida “Yangi masjid va maktab” sarlavhali xabar bosiladi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning “To‘y”, “Ahvolimiz”, “Millatimga bir qaror”, “Fikr aylag‘il” kabi she’rlari, “Baxtsiz kuyov” dramasi, “Juvonboz” hikoyasi chop etiladi. Adib ijodining boshlanish davri namunalari bo‘lgan bu asarlarda ma’rifatparvarlik ruhi, jadidona kayfiyat seziladi. Uning 1916 yilda yozgan “Uloqda” hikoyasi bilan dunyo adabiyotdagi nazariy mezonlarga mos keladigan o‘zbek realistik hikoyachiligini boshlab berdi. 1923 yili “Go‘zal yozg‘ichlar”da bosilgan “Jinlar bazmi” hikoyasi bilan keyingi nusxalari taqqoslanganda adib o‘z asarlari ustida qayta-qayta ishlagani, uning badiiyati va hayotiylik jihatlariga jiddiy diqqat qilganligi ayon bo‘ladi. Abdulla Qodiriy o‘z ijodiy taqdirini matbuot bilan bog‘ladi. Yuzlab publitsistik maqolalar, hajviy asarlar yozdi. “Kalvak Mahzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydir?” kabi hajviy asarlari bilan adib kulgusi “xarakter kulgusi” darajasiga yetdi. Hayotni kuzatdi – insoniylik a’moliga nomuvofiq voqealarga nisbatan turli yo‘sinda hajviy-tanqidiy munosabatlarini bildirdi. Shu jarayonda “feletonlar qiroli” nomini oldi. O‘z davrining ayrim adiblari bilan matbuotda bahslashdi. “Jasorat – ayb emas”, “Shallaqi”, “O‘jar ko‘r” nomli maqolalari bahslar natijasi o‘laroq maydonga keldi. 1926 yilda “Mushtum” jurnalida “Yig‘indi gaplar” maqolasi bosiladi. Aynan shu maqolasidagi “yuqori rahbarlarga tegadigan qaltis gaplari” uchun, ayrim muttaham hamkasblari oqibatida adib 1926 yili 8 mart kuni qamoqqa olinadi. “Abdulla Qodiriy – Julqunboyning 1926 yil 15-17 iyunda bo‘lib o‘tkan sudda so‘zlagan nutqi”da o‘sha maqolaning mohiyati, satirik janr tabiati, kulgining tiplari tahlil qilinib, undagi mulohazalar “Ovsar” tilidan faqat ishchi-dehqon manfaati kuzatilib aytilgani”ga, “hukumat kishilariga bo‘lgan gaplar, o‘rtoqlik hazili” ekaniga urg‘u beriladi. Chaqimchilar xususida yozadi: “Ammo bir necha shaxslar bu maqolani o‘zlarining, bilmadim, qandog‘dir tarozulariga solib, zararlik topishlari ersa g‘arazgo‘ylik, tirnoq ostidan kir izlashdan boshqa narsa emasdir”. Adib o‘z ijodini, o‘zi yozgan fikrlarni, o‘zining haqligini jasorat bilan isbot etadi va aytadiki: “Men to‘g‘rilik orqasida bosh ketsa “eh” deydirgan yigit emasman”.

Navbatdagi yirik asarlaridan biri, adib 1932-1934 yillarda zamonaviy mavzuda yozgan “Obid ketmon” qissasi 1935 yili alohida kitob holida nashr qilinadi. Tabiiyki, adibning hajvchi, jurnalist, publitsist va tarjimon sifatidagi faoliyati ham tahsinga sazovordir.

Garchand adib original asarlar yozib, o‘z xalqining ma’naviyati xazinasini bebaho durdonalar bilan boyitayotgan bo‘lsa ham, mustabid tuzum malaylari uni dushmanlikda aybladi. Abdulla Qodiriy mangla­yiga qatag‘on qurbonlari silkiga tizilishdek bir qismat bitilgan ekan. Adib 1937 yil 31 dekabr kuni hibsga olinib, 1938 yil 4 oktyabrida xalq dushmani sifatida qatl etiladi.

Alohida ta’kidlash kerakki, Abdulla Qodiriy yozgan asarlar xususida o‘sha davrning Vadud Mahmud, Abdurahmon Sa’diy, Miyonbuzruk Solihov kabi munaqqidlari matbuotda turli yo‘sinda fikr bildirishdi. Sotti Husayning “O‘tkan kunlar” romani tanqidiga bag‘ishlangan alohida kitobi bosildi. Oybek esa “Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li” nomli maxsus tadqiqot yozdi.

Abdulla Qodiriy adabiy merosi o‘zidan keyingi o‘zbek adiblari ijodi uchun mahorat maktabi vazifasini o‘tadi. Qardosh xalqlarning romannavislari adibni o‘zlariga ustoz sifatida e’tirof etishdi. O‘zbek adabiyotshunosligida Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga oid I.Sulton, M.Qo‘shjonov, U.Normatov, A.Aliyev, I.Mirzayev, F. Nasriddinov, S.Mirvaliyev, N.Karimov, Sh.Turdiyev, A.Rasulov, X.Umurov, X.Ismatullayev, S.Meliyev, Sh.Rizayev, A.Ulug‘ov, M.Qarshiboyev, X.Lutfiddinova, I.G‘aniyev, A.Boboniyozov, S.To‘laganova, A.Qahramonov, L.Toshmuhammedova va boshqa turli avlodga mansub olimlarning kitoblari, o‘nlab ilmiy maqolalari, maxsus tadqiqotlari maydonga keldi. Adib avlodlari – H.Qodiriy “Otam haqida”, “Qodiriyning so‘nggi kunlari”, Sh.Qodiriy “37-xonadon” kabi o‘z ota-bobolari to‘g‘risida qimmatli kitoblar yozishdi. O.Yoqubov, P.Qodirov, T.Malik, O‘.Hoshimov, X.Sulton, X.Do‘stmuhammad, N.Boqiy va boshqa o‘zbek adiblarining e’tiborga molik adabiy maqolalari, suhbatlari, badiiy asarlari paydo bo‘ldi. Shuningdek, qodiriyshunos sifatida N.Tun, I.Baldauf, Z.Klaynmixel, E.Olvort, X.Murfi, E.Nabi, A.Merxan kabi xorijlik olimlar adib ijodi yuzasidan tadqiqotlar olib borishdi.

Xullas, Abdulla Qodiriy hayoti va ijodini o‘rganish, adib ijodiy merosidan, xususan, “O‘tkan kunlar” romanidan bahramand bo‘lish – bu doimo davom etadigan, avlodlar nazdida yangilanib turadigan sog‘inchli, ayni damda, o‘tmishga aylanmaydigan adabiy va abadiy qadriyatlar sirasiga kiradi.

Bahodir Karimov, filologiya fanlari doktori

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 4-son