Dilnavoz Salimova. She’riy tarjima sirlari

Ma’lumki, o‘zbek poeziyasining rus tiliga tarjimalari XX asrning 20-yillaridan boshlangan. Ushbu davrda tarjima amaliyoti oldidagi dolzarb masala, bizningcha, Yevropa va rus adabiyotidan tarjima adabiy aloqalarini yo‘lga qo‘yish orqali xalqaro madaniy munosabatlarning mustahkam poydevorini o‘rnatish va yangi hukumatning tashqi va ichki siyosatini mahalliy aholiga o‘z ona tilida tushuntirish uchun imkon qadar tezroq harakat qilishdan iborat edi. Shu tariqa sho‘ro ijtimoiy va siyosiy hayotini ko‘tarinki ruhda kuylash poeziyaning yetakchi mavzusi va g‘oyasiga aylandi, ana shu ruhdagi she’rlarni tarjima qilish muhim ahamiyatga molik hisoblandi. Bundan tashqari, tarjima san’ati barcha davrlarda ham badiiy tafakkur rivojiga xizmat qiluvchi adabiy-estetik hodisa sanalgan. “Milliy tillardan rus tiliga – rus tilidan milliy tillarga tarjima yangi sho‘ro adabiyotining qudratli taraqqiyot omillaridan biri”[1] hisoblandi. Ushbu vazifani o‘tashda vositachilik qilgan rus tilini o‘rganish davr talabi edi, biroq rus tilini biluvchi mutaxassislarning yetishmasligi, tarjima sohasi fan sifatida rivojlanishning dastlabki bosqichda ekanligi va uning nazariy-uslubiy jihatlari amaliyotga endigina kirib kelayotgan paytda tarjima saviyasini mukammal darajaga ko‘tarish oson kechmadi. Buning ustiga o‘zbek tilidagi she’riy asarlar rus tiliga asosan podstrochnik – taglama orqali o‘girilganligi ham tarjimonlar malakasining qay darajada ekanligidan dalolat beradi. Shu sababli sho‘ro davri tarjima tarixida juda ko‘plab ziddiyatlar uchragan. Ulardan biri tarjimaga maksimal jihatdan aniqlik bilan yondoshishga urinish – ekvivalentlik va bir tizimga keltirishga amal qilish bo‘lsa, yana biri matnni g‘oyaviy qayta ishlashning zarurligi tufayli tarjima qilinish kerak bo‘lgan matnlar mafkura ruhida qayta ishlanardi. Podstrochnik, ya’ni so‘zma-so‘z qilingan tarjima ishchi o‘girma sifatida podstrochnikni asosiy o‘ringa olib chiqqan edi. Taglama tarjima qilib berish aksar hollarda muallifning o‘zi tomonidan amalga oshirilar edi, zero, davr ziyolilari, qalam ahllari birinchilardan bo‘lib rus tilini o‘rganishga kirishgan edilar. Ma’lum muddat Turkistonda yashab ilmiy-ijodiy faoliyat olib borgan rus shoir-tarjimonlari I.Ziborov, G.Veselkov, V.Titov-Omskiy, L.Penkovskiy, mahalliy tarjimonlar Rustamova-Zagorskaya, I.Chekmenovlar o‘zbek adiblarining doston va lirik asarlarini asosan mualliflar bergan taglama vositasida tarjima qilishgan. Matbuotning ruscha tahririyatida ishlagan adabiy xodimlar shu gazeta yoki jurnalga kelib tushgan podstrochnik tarjimalarga qaytadan badiiy tus berib, tahririyat talabiga moslashtirib, nashrga tayyorlaganlar. O‘zbek shoirlarining o‘sha davrdagi she’riy tarjimalari asosan, shu tarzda rus o‘quvchisiga yetkazilardi. Bu ishda samarali mehnat qilib, Cho‘lpon, Oybek, G‘ayratiy, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Uyg‘un she’rlarini rus tiliga tarjima qilgan tarjimon V.Titov-Omskiy haqida alohida to‘xtalish lozim. Yuqorida aytilgan shoirlar she’rlarining ilk tarjimalari V.Titov-Omskiy ijodi bilan bog‘liq. V. Titov-Omskiyning shoir va tarjimonlik faoliyati haqida hozirda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona Nodir nashrlar fondining inv. G-11 yig‘ma jildida saqlanayotgan 30-yillarda chiqqan mahalliy “Literatura Sredney Azii” (O‘rta Osiyo adabiyoti) gazetasi materiallari orqali ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Ushbu gazeta sahifalarida muntazam ravishda O‘rta Osiyo respublikalari adabiy muhitida bir-biriga aynan rus tili vositasida qilingan tarjimalar berib borilgan. V.Titov-Omskiy bilan bir qatorda M.Rodionov, B.Bessonov, A.Lavrentev, Ravash, Hafiz, Agishev, G.Shengeli, A.Tarkovskiy, N.Panova qalamiga mansub bo‘lgan Markaziy Osiyo shoirlari ijodidan bir necha tarjimalar gazetxonlar e’tiboriga havola qilingan. Masalan, yuqorida nomlari keltirilgan o‘zbek shoirlari qatorida O.Sobirova, Hasan Po‘lat, yozuvchilardan A.Qodiriy, A.Qahhor, Isroilov, Sh.Sulaymonlar, V.Titov-Omskiyning turkman shoirlari Choriyev, Xoji Niyoz Murt, qoraqalpoq shoiri Jo‘lmirza, qirg‘iz shoiri AaliToqamboyev, qozoq shoiri S.Muqonov she’rlaridan qilgan tarjimalar qardosh respublikalar o‘rtasida o‘rnatilgan adabiy ko‘prik vazifasini o‘tadi. V Titov-Omskiy gazetaning “literaturnыy obrabotchik”i (adabiy noshir) bo‘lib ishlaydi. O‘sha gazetada faoliyat ko‘rsatgan adib, shoir va adabiyotshunos M.Jolondzning ta’riflashicha, tarjima jarayonida uchta figura ishtirok etadi: asliyat muallifi, adabiy noshir, taglama bilan ta’minlaydigan shaxs[2]. Tarjima tilini bilmaslik oqibatida taglama taqdim etilgan va uni olgan adabiy noshir badiiylashtirib, tahririyat talabiga mos ravishda qayta ishlaydi. Jarayonning oxirida o‘sha tarjimaga taglama bergan shaxsning emas, balki adabiy qayta ishlovchining ismi-sharifi yoziladi. (Masalan, Aybek “Pesnya o jeleze”. Perevod i literaturnaya otrabotka V. Titova-Omskogo). Tarjima jarayonida ikkisi ham birdek mehnat qilganligi ayon bo‘ladi, chunki “adabiy qayta ishlovchi” taglama tarjimasiz muallifning badiiy uslubi va tasvir san’atini o‘zlashtira olmasligi mumkin, o‘z o‘rnida taglama bergan uchinchi shaxs ham tarjimani badiiy mukammallikka olib chiqa olmaydi. Natijada, tarjima sifatidagi asar badiiy va sifat jihatidan sayoz asarga aylanishi mumkin. Shu o‘rinda tarjimashunos A.Fedorovning “Iskusstvo perevoda i jizn literaturы” monografiyasida taglama tarjimaning salbiy xususiyatiga doir “podstrochnik tarjimada poetik­likni aks ettirmaydi, u shunchaki formal jihatdan asl nusxa o‘rnini bosishga xizmat qiladigan vositadir” deb bergan ta’rifini[3] eslatib o‘tish joiz. O‘z davrida A.S. Pushkin, V.G. Belinskiy, V. Jukovskiylar ham bunday tarjima qilish usulini qoralaganlar.

V.Titov-Omskiy Fitratning “Paxta” (Xlopok), Oybekning “Temir haqida qo‘shiq” (Pesnya o jeleze), Hamid Olimjonning “Boltaboy”, G‘ayratiyning “Ilg‘or qiz Qumri” (Udarnitsa Kumrы) kabi she’rlarini tarjima qiladi. Bu she’rlarda asosan, o‘sha davrga xos bo‘lgan ijtimoiy taraqqiyot g‘oyalari poetik motivlarga singdirilgan. O‘sha yillar she’riyatining lirik qahramoni sotsialistik qurilishlarda faol ishtirok etishi kerak edi. Shu bois, rus millatiga mansub ziyolilar bunday siyosatning tashviqotchisi sifatida tarjima ishida ham o‘z o‘rnini topdi. V. Titov-Omskiy shulardan biri sifatida tanilgan edi. Uning ijodida ona tilimizga qarindosh bo‘lgan tillardan ham qilingan tarjimalarning o‘z o‘rni bor. Umuman, 30-yillar tarjima amaliyotida bir tarjimonning bir necha tildan o‘girish tendentsiyasi shunisi bilan ustun ediki, tillarni bilmay turib ham taglama ko‘magida turli tildagi tarjimalarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan. Bundan V.Titov-Omskiy o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq, turkman tillarini bilmay turib, taglama yordamida tarjimalarni maromiga yetkazgan ekan, degan xulosaga kelish tabiiy. M.Jolondzning: “… bizda tarjima tillarini mukammal egallagan ijodkorlar yo‘q, shu boisdan, obrabotchik (qayta ishlovchi) degan atama paydo bo‘ldi”[4], deb keltirgan ma’lumotidan anglash mumkinki, V.Titov-Omskiy va o‘sha davr tarjima muhitida ijod qilgan ko‘pchilik shoir-tarjimonlar Markaziy Osiyo xalqlari tillarini deyarli bilishmagan. M.Jolondzning fikricha, tilni bilmay tarjima qilishda tarjima sifatiga raxna soladigan ikki xavf mavjud bo‘lib, afsuski, o‘sha davrda O‘rta Osiyolik tarjimonlarda bunday hollar ko‘p uchragan. Bularning birinchisi, mahalliy shoirlarning nafaqat tilini, balki urf-odatlarini ham bilmaslik natijasida tarjimada milliy koloritni va milliy ruh, ohangni ham boy berib qo‘yish xavfi, ikkinchisi, ayrim adabiy noshirlar taglama berilgan asarga ataylab “qo‘l uradilar” va o‘zlarini tahrir qilgan shaxs sifatida baholab, she’r ostiga “Perevod i literaturnaya obrabotka takogo-to” deb yozib qo‘yishga jur’at etadilar.[5] Faoliyatni ijobiy tomonga burish uchun she’r muallifi bilan “obrabotchik” hamkorligida tarjima qilish kerak. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, asliyat tilini yaxshi bilmaslik oqibatida tarjimaning taqdiri M. Jolondzning tashvish chekkanidek, sun’iy tarzda kechgan. Bu holatni V. Titov-Omskiyning qirg‘iz shoiri Aali Toqamboyevning “O‘tzorchilik stantsiyasi” (Lugovaya stantsiya) she’ri taglama tarjimasi misolida asoslab beradi. V.Titov-Omskiy misolida deyarli barcha tarjimonlarning ishlari yuzaki va pala-partish ekanligi, shoir-yozuvchilarning bundan dili xira bo‘layotgani haqida so‘zlab, bunday salbiy holatlarga chek qo‘yish payti keldi, deb ta’kidlaydi. Demak, tilni bilmasdan turib tarjima qilishda tarjimonga madad bo‘luvchi omil lisoniy va g‘ayrilisoniy omillar bilan bog‘liq holatdir, ya’ni tarjimonning asliyat xalqining etnik, geografik, madaniy va siyosiy hayotidan bexabarligidir. O‘z navbatida ayni muammo tufayli, adib-ijodkorlar sobiq ittifoqdosh respublikalarning yashash tarzi, o‘lka tabiati, urf-odatlarini o‘rganish, qolaversa, mualliflar bilan uchrashish maqsadida ijodiy safarlar tashkil qilish an’anaga aylandi. Bunday safar o‘sha xalqning yashash tarzi, urf-odatlari, milliy o‘ziga xosliklarini o‘rganish va shundan so‘ng asar tarjimasiga muallifning o‘zidek mehr-muhabbat bilan ishga kirishishni taqozo etadi. S. Valaytes o‘zining “Tarjimaning yuqori sifati uchun” maqolasida O‘zbekistonda ijod qilayotgan rus shoirlarining tarjimada ijobiy natijaga erishish uchun asl nusxa vatanini jonli ko‘z bilan ko‘rish tamoyilining tarafdori ekanini quyidagi misoldan bilish mumkin: “Tarjima mohiyat e’tibori bilan faqat filologiyaning ishi emas, uning ko‘pmillatli mamlakatda million-million kitobxonlar qo‘liga rus tili orqali yetib keladigan asarlar mualliflarini tanish va o‘sha xalq, millat haqida aniq tasavvurlarning tarqalishi sababli u siyosiy vazifani ham o‘taydi. O‘rta Osiyo tarjimonlari asliyatni tarjima qilishda ikki xil natijaga erishmoqdalar, ya’ni asl nusxa bilan tarjimaning bir-biriga nomuvofiqligi ular o‘rtasida keskin farqni hosil qilayapti yoki aksincha, asl nusxa bilan tarjima solishtirilganda tarjimaning asliyatga nisbatan avtorlashtirilib berilishi uchramoqdaki, har ikkisini ham ijobiy baholab bo‘lmaydi. Tarjimani asliyat bilan aqalli minimum darajada yaqinlashtirish uchun mutarjim asliyat vatanida, xalq orasida bo‘lib mahoratini oshirib bormog‘i, o‘ziga nisbatan talabchan bo‘lishi lozim. Shunda uning tarjimonlik, ham madaniy, siyosiy, adabiy ixtisosligi oshadi va boshqa tomondan, asl nusxaga tirikchilik vajidan emas, balki san’at ishi darajasida yondashib, asliyatni o‘zining she’ridek qabul qilishni o‘rganadi”. S.Valaytes rus shoiri V.Bryusovning arman poeziyasidan tarjima qilishi uchun Kavkazortiga sayohat qilganini misol keltirib, tarjima qilishni niyat qilgan har qanday tarjimonni muallif yurtini qandaydir manbalardan o‘rganishni emas, balki o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib kelmog‘i lozimligini uqtiradi.

Tilni bilmay turib tarjima qilish mumkinmi degan savolga nazariyaning maxsus tamoyillari va qoidalariga tayanib, olimlar har xil yo‘sinda javob beradilar. Ular asosiy gap – tilni bilmay tarjima qilishda emas, tarjimaning natijasi qanday chiqishida, degan xulosaga keladilar. Tarjimonning tarjima tilini bilish va bilmaslik haqidagi munozaralar o‘zining aniq to‘xtamiga ega emas deb o‘ylaymiz. Ayrim olimlar asliyat muallifi bilan bamaslahat ish ko‘rishni tavsiya qiladilar, ammo muallif bilan zamondosh bo‘lmagan taqdirda, bunga qanday erishish mumkin? Tadqiqotchi S.Saidov, tarjimon asliyat tilini bilmagan taqdirda yoki muallif bilan zamondosh bo‘lmasa, asar yaratilgan davr tarixini o‘rganish, o‘sha xalqning milliy an’analari bilan yaqindan tanishish va shu tilni biladigan mutaxassis bilan maslahatlashishni taklif etadi.[6] (Bu taklif aksariyat bilvosita tarjima qiluvchi tarjimonlarga qaratilganligini ham eslatib o‘tish joiz). Mukammal tarjimani yaratish uchun Etkind xulosasi bo‘yicha, tilni bilish, muallif yashagan yurtni ko‘rish, M.Jolondzning fikricha, muallif bilan maslahatlashish, S.Saidovning talqinicha, mutaxassis ko‘magiga tayanish lozim. Yuqorida ko‘zda tutilgan omillarning birortasidan foydalanish imkoniyati bo‘lmasa, tarjimon mehnati qanday baholanadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunga javoban 30-yillarda Turkistonda rus va nemis, ingliz, frantsuz tillaridan o‘zbek tiliga Cho‘lpon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjonlar tomonidan o‘girilgan asarlar tarjima adabiyotimizni boyitganligini eslatib o‘tish kifoyadir. Taniqli olima N.Vladimirovaning ta’kidlashicha, bu davrdagi Yevropa tillaridan o‘zbek tiliga tarjimalarning muvaffaqiyatli chiqqani tarjimonlarning asarni o‘zga tilda qayta yaratish mahoratida aks etadi.[7] Bundan ma’lum bo‘ladiki, tarjimalar yuqorida sanab o‘tilgan omillarning birortasiga mansub holatda yuzaga kelmagan, biroq tarjimonlarning yuksak malakasi, mahorati o‘laroq, ya’ni taglama vositasida ham yuksak didli tarjimalar yaratilgan. Demak, taglama usulida tarjima qilishning o‘ziga yarasha afzal tomonlari ham bo‘lganki, undan 80-yillargacha ham voz kechilmagan. Binobarin, Maksim Rilskiy “podstrochnik amaliyoti vaqt nuqtai nazaridan turib baholanadigan ishdir, chunki aynan ana shu vosita tarjima tarixi tadrijida ming-minglab tarjima asarlarining yuzaga kelishidek ulkan voqeaga sabab bo‘lgan”[8], deya taglamaning murakkab hodisa ekanligini izohlab beradi.

Fikrimizni xulosalab shuni aytmoqchimizki, she’riy tarjima amaliyotida bahs-munozaraga sabab bo‘luvchi mavzular doim topiladi. Zero, tarjima jarayoni har bir she’r tarjimasi yaratilayotgan paytdan boshlanar ekan, unda yangicha amaliy va nazariy fikrlar tug‘iladi. Biroq, tarjimonning muallif ruhiy olami va dunyoqarashi bilan mushtarakligi tarjima oldida turgan asosiy talab bo‘lib qolaveradi.

Dilnavoz Salimova,

 JDPI katta ilmiy xodim-izlanuvchisi

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 4-son

[1] Salomov G‘. Tarjima nazariyasiga kirish-T.: “O‘qituvchi”. 1978. B. 21.

[2] Jolondz M. O kachestve perevodov.,/Gazeta “Literatura Sredney Azii”. №14.;ot 6 maya 1934g.;S. 4.

[3] Fedorov A. Iskusstvo perevoda i jizn literaturы-«Sovetskiy pisatel», Leningradskoye otd. 1983,S. 28.

[4] Jolondz M. O kachestve perevodov.,//Gazeta “Literatura Sredney Azii”. №14.;ot 6 maya 1934g.;S. 4.

[5] O‘sha manba.

[6] S.Saidov. Davr taqozosi.//Tarjima san’ati. Maqolalar to‘plami- T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti – 1976. B.204.

[7] Bu haqda qarang: Vladimirova.N.V. Razvitiye uzbekskoy prozы XX veka i voprosы xudojestvennogo perevoda.-T.: «Fan» Akdemii nauk RU, 2011, S. 210.

[8] Rыlskiy M.F. Masterstvo perevoda. Stati. Zametki. Pisma. per.s ukr.-M.: Sovetskiy pisatel, 1986. S.90.