Nemis maqollari (164 ta)

• Yiqilmoq ayb emas, yiqilib qolmoq ayb.
• Ko‘zlar o‘zlariga, quloqlar boshqalarga ishonadilar.
• Qadah ichiga dengizga cho‘kkanlardan ko‘p kishi g‘arq bo‘ladi.
• «Agar» so‘zi bo‘lmaganida otam millioner bo‘lardi.
• Qimor va qadah qashshoqlik keltiradi.
• Oldingda yulqab, orqangdan chang soladigan mushukdan qo‘rq.
• Ter to‘kmasdan baxtga erishib bo‘lmaydi.
• Bekorchilik — barcha illatlarning boshi.
• “Rahmat” deyish bilan oyog‘ing sinib qolmaydi.
• Og‘riq yurakka chirmashadi.
• Katta tayoqdan katta g‘urra qoladi.
• Katta daraxtning mevasi emas, soyasi katta bo‘ladi.
• Kattalik hech narsani belgilamaydi, aks holda sigir quyonni quvib o‘tardi.
• Qashshoqlikda har qanday non shirin.
• Gapning tuzi qisqalikda.
• Shoshib uylanib pushaymon bo‘lib yurma.
• Quvnoq mehmonning og‘irligi yo‘q.
• Kunning qanday o‘tganini tun ko‘rsatadi.
• Diqqatli tinglovchi notiqni ilhomlantiradi.
• Bo‘ri har yili po‘st tashlaydi, lekin fe’li o‘zgarmaydi.
• Qarg‘ani o‘stirsang, ko‘zingni cho‘qiydi.
• Sharqdami, g‘arbdami, eng yaxshisi — o‘z uying.
• Vaqt pul turadi.
• Vaqt ayiradi, tuzatadi, shoshiladi.
• Hammasi o‘tadi, haqiqat qoladi.
• Jizzakining aqli kalta.
• Majburiy istak — istak emas.
• Sichqonlar qayda bo‘lsa, o‘sha yerda yemish bor.
• Ahmoqlik va kibr bir daraxtda o‘sadi.
• Karga qo‘shiq aytib berish befoyda.
• Gapirsang — haqiqatni gapir, ichsang — toza suv ich, yesang — pishgan ovqatni ye.
• Mehmon baliq kabi, ko‘proq qolib ketsa — sasiydi.
• Ikki xo‘roz bir katakka sig‘maydi.
• Ikkita bir xil odam bo‘lmaydi.
• Boshingni osvuqda qoldirsang ham, oyog‘ingni issiqda saqla.
• Arzon narsa yaxshi bo‘lavermaydi.
• Yomg‘ir yig‘ilib daryo bo‘ladi.
• Qarz tashvish keltiradi.
• O‘z uyida hamma aqlli.
• Uzoqdagi yaqin do‘stdan yaqindagi o‘rtoq afzal.
• Birdamlik ozni ko‘paytiradi, tarqoqlik ko‘pni yemiradi.
• Agar ikkinchi marta imkon berilganida ko‘p ishlar xayrli bo‘lar edi.
• Agar yerni kavlab haqiqatni tormoqchi bo‘lsang, chuqurroq qazi.
• Qorni to‘q odam quturadi.
• Agar toqqa chiqa olsang, vodiyda qolib ketma.
• Oting bo‘lmasa, eshakda ham yuraver.
• Uzoq va sog‘lom yashay desang, mushuk kabi yeb, it kabi ich.
• Dangasalik ortidan kasallik keladi.
• Panjara ortida asal ham achchiq.
• Hayvonni qiynama, u ham sen kabi og‘riqni his etadi.
• G‘am sochni oqartiradi.
• Sog‘lom odam — boy odam.
• Yomonlik toshga yoziladi, yaxshilik — qumga.
• Ikki janjallashuvchidan aqllirog‘i — aybdor.
• San’atga homiylik kerak.
• Har «nega»ning «chunki»si bor.
• Cho‘ponlar arazlashsa, podaga ziyon.
• Omad kelganda aql ketadi.
• Meni yaxshi ko‘rsang, itimni ham urma.
• Oziga qanoat qilmagan ko‘piga munosib emas.
• Oti va sigiriga azob bergan uyda xotini va bolasini ham qiynaydi.
• Ko‘rishni bilmaganga ko‘zoynak ham yordam bermaydi.
• Bir marta yolg‘on gapirgan kishiga u rost so‘zlasa ham ishonmaydilar.
• Nafratlanishni bilmagan sevishni ham bilmaydi.
• Tulkini dumidan biladilar.
• Tovuq kabi erta uxlab, xo‘roz kabi erta tur.
• Yolg‘on o‘tadi, haqiqat qoladi.
• Pastkash boy bo‘lgandan halol kambag‘al bo‘lgan afzal.
• Onani yig‘latgandan bolani yig‘latgan afzal.
• Ertangi tovuqdan bugungi tuxum afzal.
• Osmondagi turnadan qo‘ldagi chittak afzal.
• Tartibni sev, vaqt va kuchingni avayla.
• Qo‘ng‘iroqcha kichik bo‘lsa ham jaranglaydi.
• Ko‘pchilik maslahat beradi, kamchilik bajaradi.
• Bolta bilan uraversang eman ham yiqiladi.
• Indamas og‘iz — tillo og‘iz.
• Sukut — san’at, sergaplik ko‘ngilsizlik keltiradi.
• Sukut va tafakkur bilan birovni xafa qilib bo‘lmaydi.
• Xotinsiz er — yaproqsiz daraxt.
• Ayolsiz er — boshsiz tana.
• Umid bilan hayot go‘zal.
• Topib olib, yashirish o‘g‘irlash bilan teng.
• Cherkovga qatnagan hamma ham dindor emas.
• Bugun qilish mumkin bo‘lgan ishni hech qachon ertaga qo‘yma.
• Burga kichik bo‘lsa ham uxlashga qo‘ymaydi.
• Bo‘riga oshna bo‘lgan cho‘ponga qo‘ylaringni topshirma.
• Sevgisiz qiz yo‘q, o‘g‘risiz — bozor.
• Sichqonsiz uy bo‘lmas.
• Tutunsiz o‘t bo‘lmas, aqlli kishilar ham adashadilar.
• Kamchiliksiz mulk bo‘lmas.
• Haqsiz erishilgan yaxshilik tez barbod bo‘ladi.
• Qarg‘aning qora patini hech qaysi suv oqartirolmaydi.
• Bo‘ri ham bironta qo‘yni yotib olib tutolmaydi.
• Pichoq, qaychi, gugurt va olov — yosh bolalar uchun emas.
• Yo‘qchilik cho‘loqni ham yugurtiradi.
• Yo‘qchilik toshni nonga aylantiradi.
• Bir ota o‘n bolani boqadi, o‘n bola bir otani boqolmaydi.
• Mehnatni birov qiladi, rohatini boshqasi ko‘radi.
• Yarim kechadan oldingi bir soat uyqu keyingi ikki soat uyqudan afzal.
• Bitta guldan guldasta yasab bo‘lmaydi.
• Bir sigir katta qashshoqlikni yopadi.
• Bitta «bugun» o‘nta «ertaga»dan afzal.
• Bir kishiga ishonish — yaxshi, hech kimga ishonmaslik — ahmoqlik.
• Kutib va umid qilib maqsadga erishiladi.
• Mahorat bilimdan afzal.
• Ehtiyotkorlik ko‘ngilchanlikdan afzal.
• O‘tkir qilich qattiq kesadi, o‘tkir til undan ham qattiq.
• Bir zarba bilan emanni yiqitib bo‘lmaydi.
• Podadan ayrilgan qo‘y bo‘riga yem bo‘ladi.
• Javob bermaslik ham — javob.
• Adashish — jinoyat emas.
• Bir kunlik mehmon — haqiqiy mehmon, ikkinchi kun — mezbonga og‘irligi tushadi, uchinchi kun — undan badbo‘y hid taraladi.
• Dengizga qum tashib bormaydilar.
• Tutundan qo‘rqadigan temirchi — eng yomon temirchi.
• Turgan suv sasiy boshlaydi.
• Sigir sovg‘a qilsang, unga yem ham so‘raydi.
• Yelkangga o‘tirishga imkon bersang, boshingga ham chiqib olishadi.
• Ish bajarib bo‘linganidan so‘ng maslahat so‘rash befoyda.
• Qurbaqani oltin kursiga o‘tkazsang ham u botqog‘iga sakrab ketadi.
• Ovqat yeb bo‘lgandan so‘ng tikka turish kerak yoki ming qadam yurish kerak.
• O‘yindan so‘ng g‘alaba uchun qayday o‘ynash kerakligini hamma biladi.
• Tushlik ovqatdan so‘ng ozroq o‘tir, kechki ovqatdan so‘ng ko‘proq yur.
• Maqol — haq gap.
• Maslahat va ishda shoshilish hech qachon foyda keltirmaydi.
• O‘ylab va ehtiyotkorlik bilan harakat qilsang, ko‘p narsaga erishasan.
• Pulni yo‘qotsang — hech narsani yo‘qotmaysan, mardlikni yo‘qotsang hamma narsani yo‘qotasan.
• Muqaddima xulosani qisqartiradi.
• Yo‘ldagi go‘zal gullar ko‘p turmaydi.
• Egasi oldida mushuk ham itni yumdalaydi.
• Tirishqoq qo‘l erishadi, dangasa qo‘l barbod etadi.
• Ichkilik oxiri cho‘loqlikka olib keladi.
• Bo‘lishilgan baxt — ikki karra baxt, bo‘lishilgan dard — yarim dard.
• Saxar tursang, kuning xayrli o‘tadi.
• Nima bilan savdo qilishingni ayt, kimligingni aytib beraman.
• Kuch sabr bog‘ida ko‘karadi.
• Aytish oson, bajarish qiyin.
• G‘ichirlaydigan eshikni buzish mushkul.
• Kimningdir o‘limi boshqalar uchun non.
• Avval o‘yla, keyin boshla.
• Avval totib ko‘r, so‘ng maqta.
• Yomon vijdon va yomon mehmon bilan rohat ham yo‘q, xotirjamlik ham.
• O‘z uying — mustahkam qo‘rg‘oning.
• O‘z o‘chog‘ing — oltin.
• Boyqush burgut tug‘maydi.
• Qarilarning maslahati va yoshlarning kuchi bilan qiyshiq to‘g‘rilanadi.
• Eski zirillaydi, yangi jaranglaydi.
• O‘limdan oldin raqsga tushilmaydi.
• Sabr va g‘ayrat har qanday muzni yoradi.
• O‘ylamasdan qilingan savdo — zarar.
• Mehnat non keltiradi, dangasalik — ochlik.
• Kechki ovqatni qisqatirish umrni uzaytiradi.
• Tonggi shafaq non keltiradi.
• Yaxshi suhbat yo‘lni qisqartiradi.
• Yaxshi so‘z sigirdan afzal.
• Yaxshi yo‘ldosh yaxshi ot kabidir.
• Yaxshi boshlanish — yarim natija.
• Rohatlanishni xohlasang, tashvishlardan yuz o‘girma.
• Inson — o‘z baxtining me’mori.
• Cherkovga yaqin, xudodan uzoq.
• Quduqdan qancha ko‘p foydalanilsa, u shuncha ko‘p suv beradi.
• Toza vijdon — eng yaxshi yostiq.
• O‘qib tushunmaslik — yarim bekorchilik.
• Ortiqcha ovqat odamni lanj qiladi.
• Birovning noni — achchiq non.

Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.

Nemislar (o‘zlarini doyche deb ataydilar) — Germaniyaning asosiy aholisi (80 mln. kishidan ortiq, 2013) bo‘lgan xalq. Umumiy soni 100 mln. kishidan ziyod (2013), jumladan, Rossiya Federatsiyasida 394 ming kishi, Qozog‘istonda 178 ming kishi (2009). Nemis tilida so‘zlashadi. Dindorlari — protestantlar (asosan, lyuteranlar) va katoliklar.


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!