Robiya Adaviya va uning haji

Robiyakim, uni «tojul rijol» – erkaklar toji der edilar, Ka’ba yo‘lida yetti yil yonboshi bilan (sudralib) yurdi. Ka’baga yaqinlashganda, to‘liq hajni topdim, deb ichida gumon qildi. Haj kuni Ka’ba tavofiga niyat qilganda, xotinlarga xos uzri voqe’ bo‘ldi (hayz ko‘rdi). Shu bois yo‘ldan qaytdi va Allohga nola qilib dedi:
– Ey Zuljalol, Ka’ba tavofi umidida yetti yil yonboshlab yo‘l bosdim. Endi yettim deganda, yo‘limga bunday tikan paydo qilding. Yo menga O‘z uyingdan joy ber yoki o‘z uyimga qaytishga yo‘l qo‘yma — men Ka’bani tavof qilmay ketmayman.
Robiya kabi oshiq bo‘lmasang, bu voqeaning sirrini ham, qadrini ham bilmaysan. Toki sen bu fasllar — suratlar dunyosida ekansan, rad va qabullar to‘lqini bo‘lib turadi. Gohida Ka’ba oldida yukingni beradi, gohida dayr ichida ishingni o‘nglatadi. Agar bu girdobdan boshingni tashqari chiqara olsang, har nafasda haqiqiy jam’iyat, osoyishtalik-larni ko‘rasan. Bo‘lmasa shu girdobda giriftor bo‘lib qolasan. Charxi falak bilan birga tegirmon toshiday aylanaverasan. Bunday holatda bir nafas bo‘lsa-da, xotirjamlikdan umid yo‘q, sening vaqting bir pashshaning umrichalik qimmatga ega emas.

Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.