3 may — Jahon matbuoti erkinligi kunida bo‘lib o‘tgan “Oltin qalam” VIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida www.ziyouz.com, www.ziyouz.uz veb-saytlari bosh muharriri Davronbek Tojialiyevga ushbu mukofot topshirildi.
Xalqimizning ko‘p asrlik ma’naviy qadriyatlari, madaniyatini keng targ‘ib qilish, milliy manfaatlarimizni himoyalash, yoshlarni turli axborot xurujlari, jumladan, “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan asrashga qaratilgan jurnalistik faoliyati uchun Internet-jurnalistika yo‘nalishida ikkinchi o‘rin Ziyouz portali muallifiga nasib etdi.
2004 yili «Ziyo istagan qalblar uchun» shiori ostida sayt tashkil etilgan ushbu portalda hozirda 14000 dan ortiq ilmiy-ommabop, ma’rifiy maqolalar, 3381 ta elektron kitob (PDF, HTM, DJVU, MP3, JAR formatlarida), o‘zbek adabiyotidan 1759 ta nasriy asar, jahon adabiyotidan 465 ta nasriy asar, 600 dan ortiq ijodkorning faoliyatiga oid ma’lumotlar, o‘zbek mumtoz she’riyatidan namunalar (124 ijodkor), zamonaviy o‘zbek she’riyati namunalari (281 ijodkor), jahon she’riyati namunalari (246 ijodkor), 10000 dan ortiq o‘zbek maqollari, 5000 ga yaqin jahon xalqlari maqollari, 265 ta hikoyat, 30000 ga yaqin hikmatli so‘z va aforizmlar, 1500 ta topishmoq, 100 ga yaqin xalq ertaklari, yurtimiz haqida 900 dan ortiq fotosuratlar, 200 ga yaqin rasmli tabriknomalar o‘rin olgan.
Kuniga portalga 5000-6000 foydalanuvchi tashrif buyuradi (www.uz reytingiga ko‘ra, 2500-3500). Openstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2012 yilning o‘zida saytga kirganlar soni 1 585 000 dan oshdi, 35 000 000 sahifa o‘qildi. 2004 yildan beri portalga tashrif buyurganlar soni 12 000 000 dan oshdi. Portalga O‘zbekistondan so‘ng Rossiya (yiliga 255 000 kishi), AQSh (170 000), Koreya (32 000), Turkiya (26 000), Xitoy (24 000), Qozog‘iston (23 000), Qirg‘iziston (22 500), BAA (12 000), Germaniya (11 000), Tojikiston (10 000), Ukraina (10 000) kabi 160 dan ortiq davlatdan tashrif buyurishadi.
UZ Milliy domeni-2012 internet-festivalining Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi sayt” yo‘nalishida www.ziyouz.uz portali birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
«Inson bu dunyoga keldimi, shu havodan nafas olib, shu tuproqdan ne’matlar yeb, shu xalqning tarbiyasini ko‘rdimi, endi o‘zi ham shu xalqqa nimadir xizmat qilishi kerak, deb o‘ylayman. Men portalni tashkil etayotganimda shuni niyat qilgandim. Bugun xizmatlarim samarasi o‘laroq «Oltin qalam» milliy mukofoti loyiq ko‘rilganim uchun xalqimga, ota-onam va ustozlarimga minnatdorlik izhor etmoqchiman», deydi portal muallifi Davronbek Tojialiyev.