Xitoyning Szyansu provintsiyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish istagida

Xitoyning Szyansu provintsiyasi O‘zbekiston bilan turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor. Bu haqda mazkur provintsiya hukumatining Tashqi aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Xuan Shitszyan o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan Nankin shahrida o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.

Xuan Shitszyan O‘zbekiston Xitoy tomoni taklif etgan “Bir belbog‘, bir yo‘l” xalqaro tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagani, mamlakat Markaziy Osiyoda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

“Bugun dunyo miqyosida kapital, sanoat va texnologiya taraqqiyotining yangi to‘lqini kuzatilmoqda. Bu jarayonda o‘ziga xos muammolar ham bo‘lishi tabiiy. Demak, bugun ikki tomonlama manfaatli va bir-birini to‘ldiruvchi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Szyansu provintsiyasi O‘zbekiston bilan birinchi navbatda ishlab chiqarish quvvatini oshirish borasida hamkorlik qilish istagida”, – dedi Xuan Shitszyan.

Qayd etilishicha, Jinsheng kompaniyalari guruhi kabi ishlab chiqarish gigantlari O‘zbekiston bilan qishloq xo‘jaligi, muhandislik texnikasi, to‘qimachilik, energiya manbalari, oziq-ovqatni qayta ishlash, qurilish materiallari kabi sohalarda hamkorlik qilish imkoniga ega.

Szyansu provintsiyasi, shuningdek, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish bo‘yicha ham katta tajriba orttirgan.  Provintsiya, xususan, Kamboja, Efiopiya va arab davlatlarida muvaffaqiyatli tarzda sanoat parklarini tashkil etgan. Xuan Shitszyanning ma’lum qilishicha, provintsiya rahbariyati 2017 yil avgustda O‘zbekiston hukumati bilan bu borada muzokaralar olib borgan.

Szyansu provintsiyasi O‘zbekiston bilan ta’lim va turizm sohasida ham robitalarni kuchaytirish istagida.

“Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Xitoy–O‘zbekiston hamkorligini qadrlaydi. U O‘zbekistonni “ishonchli do‘st”, “yaxshi qo‘shni” va “manfaatli hamkor” deb atagan. Szyansu “Bir belbog‘, bir yo‘l” xalqaro loyihasi chorrahasi sifatida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi ko‘rsatmasiga muvofiq O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga intiladi”, – dedi Szyansu hukumati Tashqi aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Xuan Shitszyan.

Szyansu hukumati vakili ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhim ekanini ta’kidlab, o‘zbekistonlik jurnalistlarni mamlakatlar hamkorligi xususida ko‘proq yozishga chaqirdi.

80 million nufusli Szyansu – Xitoyning boy muzofotlaridan biri. Jahon banki hisob-kitobiga ko‘ra, 2017 yilda hudud yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 1,3 trillion AQSh dollarini tashkil etgan. Provintsiyada Xitoy aholisining atigi 1 foizi yashaydi, ammo mamlakat iqtisodiyotining 10 foizi ushbu muzofot hissasiga to‘g‘ri keladi. YaIMning aholi jon boshiga taqsimoti ham juda yuqori – 15 ming AQSh dollariga yaqin.

Qulay investitsiya muhitiga ega muzofotga xorij sarmoyadorlarining qiziqishi baland. Masalan, 2017 yilda provintsiyaga 25 milliard 140 million AQSh dollari miqdorida chet el sarmoyasi jalb etilgan. Muzofotda jahondagi 500 ta yetakchi kompaniyaning 380 tasi faoliyat yuritmoqda. O‘z navbatida, Szyansu sarmoyadorlari xorijiy davlatlarga 9 milliard 270 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritgan.

Muzofotda ishlab chiqarish, yengil sanoat, metallurgiya, elektronika va mashinasozlik rivojlangan. Hudud atrof-muhit muhofazasi, muqobil energiya, aqlli elektr tarmoqlari bo‘yicha ham peshqadam o‘rinda.

Innovatsiya texnologiyalar hamda ilm-fan ravnaqi hudud taraqqiyotini ta’minlovchi omillardan sanaladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, muzofot byudjetining 20 foizi innovatsion texnologiyalarni rivojlantirishga sarflanadi.

Hududda 167 ta oliy o‘quv yurti faoliyat yuritadi, mazkur ilm dargohlarida 1,9 million talaba (ularning 40 ming nafari xorijliklar) tahsil oladi.  750  ga yaqin ilmiy-tadqiqot institutlarida esa 700 ming ziyod olim va mutaxassis faoliyat yuritib kelmoqda.

Szyansu provintsiyasi – Sharqu G‘arbni bog‘lovchi hudud. Provintsiya ma’muriy markazi Nankin shahridan Yevropaga qadar temiryo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois XXR Raisi Si Szinpin ushbu provintsiyani “Bir belbog‘, bir yo‘l” loyihasining chorrahasi deb atagan.

S.Salim

Muallif olgan suratlar