Turkiya Respublikasi poytaxti Anqara shahridagi “Kültür Ajansı” nashriyoti tomonidan taniqli publitsist, adib va tarjimon Qulman Ochilning “Erkekçe sözüm” (“Yigit so‘zim”) kitobi chop etildi. Quyida taniqli turk olimi, filologiya fanlari doktori, professor Xayriddin Ivginning kitobga yozgan so‘zboshi bilan tanishasiz.
* * *
Men uzoq yillardan beri turkiy xalqlar og‘zaki ijodini tadqiq etib kelaman. Jumladan, “Alpomish” “Kuntug‘mish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Oshiq G‘arib” singari o‘zbek xalq dostonlari, ertak va afsonlarini o‘rganish sharafiga muyassar bo‘lganimdan faxrlanaman. Ochig‘ini aytishim kerakki, zamonaviy o‘zbek nasridan xabardorligim, ta’bir joiz bo‘lsa, yuksak didli kitobsevar darajasida. So‘nggi yillarda bu boradagi izlanishlarim ham kutilmagan yangiliklar bilan meni xushnud etayotganidan xursandman. Dalili – qo‘lingizdagi “Yigit so‘zim” kitobi.
Ushbu to‘plamning chop etilishi qiziq bo‘ldi. Bir sabab bilan “Qizil ko‘rpacha” degan mu’jazgina hikoya qo‘limga tushib qoldi. O‘qisam, binoyigina. Birinchi satrlaridanoq xayolingizni o‘g‘irlaydi. Muallifi o‘zbek adibi Qulman Ochil ekan. Eski qadrdonim, taniqli mutarjim, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Rustam Jabborov tarjimasida bu hikoyani darhol “Kültür Çağlayanı” jurnaliga tavsiya etdik. Qarangki, nafaqat tahririyat xodimlarining, balki mushtariylarning ham e’tiborini tortdi. Turkcha matni hali bosmaxona yuzini ko‘rmasidan, jurnalimizga qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi: “Qizil ko‘rpacha” qachon chiqadi?”
Keyin menda adibning boshqa asarlarini o‘qish ishtiyoqi tug‘ildi. Tanish-bilishlarimdan va internetdan so‘rab-surishtirishga, izlashga tushdim. Bilsam, o‘nga yaqin kitobi – ko‘plab qissalari, hikoyalari, esselari chop etilgan. Boshqa tillarga tarjima qilingan mahoratli adib.
Muallifni shaxsan tanimasam-da, joyi keldi, kitobxonlarga u haqda muhtasargina aytib o‘tay: Qulman Ochil 1957 yili O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatidagi Ko‘kdala qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida o‘qigan. Salkam yarim asrdan beri qo‘li qalamdan uzilmaydi. O‘zbekistonda uni jur’atli jurnalist, mohir tarjimon, qat’iyatli muharrir va iste’dodli yozuvchi sifatida yaxshi bilishadi. Asarlari ishtiyoq bilan mutolaa qilinadi.
Bu yog‘ini aytsam, adib tug‘ilgan zamin – Qashqadaryo vohasi menga begona emas. Shu vohaga nomdosh daryo bo‘ylab uzalgan go‘zal, sokin zamin. 28600 kvadrat kilometr maydonga ega. Aholisi 2,3 milliondan oshadi. Energetika, tog‘-kon, yoqilg‘i sanoati rivojlangan. Sayyohlarning qadami uzilmaydi. Ikkita aeroporti doim gavjum. Viloyatda o‘zbek, tojik, ruslar qatori turk millatdoshlarimiz ham ahil-inoq istiqomat qilib keladi.
O‘zbekiston janubidagi bu viloyat zahmatkash dehqonlaru chorvadorlar, kuragi yerga tegmagan polvonlar, shamolday uchqur bedovlarni bir deganda jilovlay oladigan abjir chavandozlar, xushxon baxshilar, mashhur shoiru yozuvchilar, allomalar yurti. Shuning uchun bo‘lsa kerak, adibning asarlarida ham baxshilarga xos topqirlik, polvonlarga xos tantilik, chavondozlarga xos mardlik, donishlarga xos zakiylikni darhol ilg‘ab olasiz. Ixlosingiz oshadi!
Adib bir tomondan sarguzashtlarga boy jo‘shqin jurnalistlik faoliyati, ikkinchi tomondan qissalari va ko‘plab hikoyalari bilan e’tirofga sazovor bo‘lgan. Mamlakat Prezidentining farmoniga binoan 1999 yili jurnalistika sohasidagi eng yuksak davlat mukofoti – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvoni bilan taqdirlangan. So‘zidagi sayqal, tasviridagi aniqlik, fikridagi joziba esa sermashaqqat jurnalistika maktabining mevasidir.
Mashhur turk adibi Aziz Nesinning ixlosli bir iqrori bor: “Men o‘z xalqimni butun sajiyasi, fazilatlari va albatta qusurlari bilan sevaman”. Chamasi, Qulman Ochilning turk ustozidan bu borada o‘rgangan joylari yo‘q emas. Shaharligu qishloqlik, ziyoliyu omi, amaldoru tob’e, otlig‘u piyodaning qiyofasini o‘z dardi va “aytar so‘zi”ga ega adibga xos xolis va samimiy chizadi.
Aytishlaricha atoqli o‘zbek adibi Erkin A’zam bir paytlar shunday yozgan ekan: “Qulman Ochilning uslubi shundayki, u quruq, zerikarli tafsilotlardan, silliq safsatalardan qochadi, dag‘alroq ko‘rinsa ham, yangi, qiziq gaplardan “gurung berish”ga intiladi; uning uchun muhimi – mohiyat…”
“Lafz” hikoyasi oddiy odamlar – yo‘l-yo‘lakay to‘xtab, mashinasini yuvmoqchi bo‘lgan yo‘lovchi bilan bir bolakayning uchrashuvi asosiga qurilgan mu’jazgina asar. Ularning suhbatidan mardlik, oriyat va zahmat inson shuuriga bolalikdan singib borishi matonatli kishini tarbiyalashiga amin bo‘lamiz.
Mazkur kitobdan joy olgan boshqa asarlar – “Bir kafgir osh”dagi Saida, “Geri gedan”dagi bankir ayol, “Yigit so‘zim”dagi Robiya, “Hinali qor”dagi Yo‘ldosh, “Senzura”dagi muxbir yigit, “Nadir xayoling”dagi Jabbor polvon – barchasi tabiatan zahmatkash, halol, fidoyi, hayot sinovlaridan yorug‘ yuz bilan o‘tib kelyotgan, eng og‘ir vaziyatlarda, hatto o‘limga tik boqib turganda ham, tahlikayu vahimaga tushmaydigan, zorlanmaydigan insonlar. Ezgu maqsad yo‘lida o‘z qadr-qimmatini, insoniyligini yo‘qotmaydigan irodali odamlar.
Hayotda faqat o‘ziga ishonib, e’tiqodiga tayanib yashaydi ular. Aslini olganda, yozuvchi ijodining bosh g‘oyasi ham shunda – haqiqiy inson e’tiqodidan chekinmaydi.
Qayd etganimiz – “Qizil ko‘rpacha” hikoyasida o‘rta rutbadagi amaldor hayotining bir lahzasi yalt etib ko‘zga tashlanadi. “Toshkentga ketayapman” degan vaj bilan uyidan chiqqan sobiq prokuror qo‘shni shaharchadagi jazmanining og‘ushidan halovat topadi. Hikoyada er o‘z ayolini, jazman maqomidagi juvon omonat erini, ota o‘z o‘g‘lini, amaldorlar bir-birini aldashga urinadi. Bir qarashda odatiy hol. Xiyonatning bunday o‘ziga xos ko‘rinishini dunyoning istalgan mamlakatida, jumladan, Turkiyada ham uchratish mumkin.
Muallifning mahorati shundaki, ana shunday oddiy maishiy hodisani katta umumlashma – ijtimoiy, hatto umuminsoniy muammo darajasiga ko‘tara olgan. Oilada yolg‘on, ko‘zbo‘yamachilik va befarqlik ildiz otsa, insonning, butun jamiyatning kelajagi asardagi bolakay kabi majruhlikka yuz tutadi.
Adib dunyoqarashining, ko‘nglining kengligi, uslubining o‘ziga xosligi va milliy buyoqlarining jozibadorligi – barchasi jonajon Vatani – gurkirab rivojlanayotgan Yangi O‘zbekistonga yuksak farzandlik mehri va sadoqati bilan uzviy bog‘liqlikda namoyon bo‘ladi.
“Inson – jumboq, deb yozadi u maqolalaridan birida. – Yaratganning yaralmishini – ushbu jumboqni hali hech kim to‘la kashf etmagan, eta olmaydi ham. Ijod – adabiyot va san’at mazkur xilqatni o‘rganish yo‘lidagi urinish, izlanishdir”.
Qulmon Ochil – bunday izlanishlar samarasida o‘z yo‘lini va o‘z mavzusini topish sharafiga muyassar bo‘lgan adib.
Elektron asrda odamlar, ayniqsa, yoshlar kitob mutolaasidan ko‘ra, internetdan ermak qidirishni xush ko‘radi. Ammo, bu yorug‘ olamda kitob nomlig‘ mo‘jizaning o‘rnini hech narsa bosolmaydi. Ko‘nglingizga oydinlik, hayotingizga mazmun olib kiradigan buyuk mo‘jiza.
Adibning “Yigit so‘zim” kitobi ham qalblarga nur va ishonch bag‘ishlaydigan ana shunday mo‘jizalardan biri ekaniga shubham yo‘q.
Qulman Ochilni turk kitobxonlariga taqdim etilayotgan ushbu ajoyib kitobi bilan samimiy qutlayman. Ayni paytda, iste’dodli o‘zbek adibini turk o‘quvchilariga tanishtirish sharafiga muyassar bo‘layotganimdan behad mamnunman. Bu hikoyalarni eski qadrdonim, olim va tarjimon Rustam Jabborov mahorat bilan tarjima qilganidan xursandman.
Ushbu kitob qardosh turkiy xalqlarning madaniyatlari va adabiyotlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirish yo‘lidagi ezgu qadamlardan biridir. Tobora ko‘payib va kengayib borayotgan bunday ijodiy loyihalarimiz hamisha xayrli va davomli bo‘lsin!
Xayriddin IVGIN,
filologiya fanlari doktori, professor (Anqara)