Rossiya Federatsiyasi hamkorlik istagida bo‘lgan barcha davlatlar bilan do‘stona muloqot hamda keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantiradi. Ayni choqda, mamlakat to‘g‘ri va haqqoniy deb bilgan jihatlarni o‘zgartirishga har qanday urinish foydasizdir. Moskva tashqi siyosatda ochiqlik, xolislik, pragmatizm va milliy manfaatlarni qat’iy himoya qilish kabi tamoyillarga tayanadi. Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev 10 fevral – Diplomatik xodimlar kuni munosabati bilan yozgan maqolada ayni shu jihatlar xususida so‘z boradi.
“Biz keng ko‘lamli aksilterror frontini tashkil etish, ziddiyatlarni bartaraf etish tarafdorimiz, xalqaro huquq ustuvorligi hamda xalqaro munosabatlarda jamoaviylik tamalini himoya qilamiz, BMTning istisnosiz markaziy roli, Xavfsizlik Kengashining dunyoda tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashdagi birlamchi mas’uliyatini yoqlaymiz”, – deydi Rossiya elchisi V.Tyurdenev o‘z maqolasida.
Ayni paytda dunyo miqyosida konfessiyalararo, tamaddunlararo ziddiyatlar kuchaymoqda, jahon iqtisodiyotida buhronlar kuzatilmoqda. Bunday vaziyatda esa tashqi siyosat mahkamalari hamda diplomatik faoliyatning ahamiyati katta, albatta.
“Tashqi siyosat xizmati an’analar, milliy hamda madaniy qadriyatlardan og‘ishilmagandagina samarali va yuqori saviyada faoliyat yuritishi mumkin. Bu, ayniqsa, xalqaro munosabatlarda murakkab bosqich kechayotgan – jahonda ko‘pqutbli yangi tartib shakllanayotgan davrda yanada dolzarbdir. Mazkur jarayon oson kechayotgani yo‘q, ya’ni xalqaro maydonda beqarorlik avj olayotir, global va mintaqaviy miqyosda ixtiloflar kengayayotir, terrorchilik tahdidi ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan darajada kuchayayotir”, – deydi diplomat o‘z maqolasida.
Qayd etilishicha, mazkur murakkab vaziyatda Rossiya zamonaviy dunyoning fundamental muammolarini hal etish yo‘llarini taklif etmoqda. Mamlakat diplomatiyasining ustuvor tamoyillari esa Rossiya Prezidentining 2012 yil 7 maydagi farmoni bilan tasdiqlangan Tashqi siyosat kontseptsiyasida aks etgan.
Rossiya elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlik munosabatlariga ham alohida to‘xtalgan. Qayd etilishicha, Rossiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi strategik hamkori va ittifoqchisi deb biladi. 2015 yil noyabrda ikki o‘rtada ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatilganiga 10 yil to‘ldi. V.Tyurdenevning ta’kidlashicha, ittifoqchilik munosabatlari bundan keyin ham taraqqiy etadi va ikki davlat hamkorligining istiqboli porloqdir.
Eslatib o‘tamiz, 10 fevral sanasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 2002 yil 31 oktyabrdagi farmoniga ko‘ra, Diplomatik xodimlar kuni sifatida bayram qilinadi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, 1549 yil 10 fevralda Rus davlatida diplomatik xizmat poydevori qo‘yilgan. O‘shanda Rus podshosi Ivan Groznыy Ivan Viskovatovni elchilik vazifasiga tayinlagan. Shu tariqa Rossiya davlatida diplomatik faoliyat shakllana borgan. 1634 yili Shvetsiyada, 1673 yili Polshada diplomatik vakolatxonalar ochilgan. 1802 yilda esa imperator Aleksandr I Tashqi ishlar vazirligiga asos solgan.
Zamonaviy Rossiya davlati 190 dan oshiq davlat bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan, jahon bo‘ylab 140 dan ziyod diplomatik vakolatxona ochilgan. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tizimida 10 mingdan ziyod xodim faoliyat yuritadi.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqola:
Vladimir Tyurdenev: “O‘zbekiston – Rossiyaning strategik hamkori”. 25.12.2015