Joriy yil 23 noyabr kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov uchrashdi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabar beradi.
Mazkur uchrashuvda YeI hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim yuzasidan rasmiy muzokaralar boshlandi.
“O‘tgan o‘n ikki oy ichida O‘zbekistonga ikki bora tashrif buyurib, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami hamda O‘zbekistonning mintaqaviy taraqqiyotdagi konstruktiv roliga shaxsan ishonch hosil qildim”, – degan Federika Mogerini xonim muzokaralar jarayonida.
O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi munosabatlar hozirga qadar 1999 yil 1 iyuldan amalga kirgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim asosida tartibga solinadi. Mazkur bitim siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalar, sarmoya, intellektual mulkni himoya qilish, qonunchilik hamda inson huquqlari bo‘yicha hamkorlik, madaniy-gumanitar robitalar kabi jabhalarni qamrab oladi.
2017 yilda O‘zbekiston rahbariyati Bryusselga sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni yangilash taklifi bilan murojaat qilgan. 2018 yil 16 iyulda rasmiy Bryussel yangi bitim borasida muzokaralarni boshlash haqida qaror qabul qilgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, yangi bitim bo‘yicha muzokaralarning boshlanishi YeIning O‘zbekiston bilan hamkorlikka alohida e’tibor qarayotgani hamda mamlakatda turli sohalarda, shu jumladan, inson huquqlari jabhasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholayotganidan dalolat beradi.
Yangi bitim qariyb 20 yildan beri amalda bo‘lgan hujjat o‘rnini bosishi kutilmoqda.
“Yangi bitim bizga olib borilayotgan islohotlarni bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlash, siyosiy va iqtisodiy robitalarni mustahkamlash, Yevropa va O‘zbekiston aholisi farovonligi yo‘lida ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirgan holda, umumiy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish imkonini beradi”, – degan YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili F.Mogerini.
O‘z navbatida, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tomonlarning o‘zaro aloqalarni izchil mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi istagidan darak berishini ta’kidlagan. Rasmiy Toshkentga ko‘ra, 2019 yilga rejalashtirilgan oliy darajadagi uchrashuvlar ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochadi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatga Yevropa biznesi va investitsiyasining yanada kengroq kirishiga yo‘l ochadi. 2018 yilning 9 oyi mobaynida O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2,23 mlrd AQSh dollarini tashkil etgan.
Yangi bitimda siyosiy hamkorlik, savdo va sarmoya, o‘zaro barqaror robitalar, shuningdek, inson huquqlari va boshqaruvga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.
Yangi bitim bo‘yicha asosiy muzokaralarga 2019 yil boshida kirishiladi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri A.Komilov Bryusselda o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” mintaqalararo uchrashuvi doirasida YeIning Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot bo‘yicha komissari Neven Mimitsa bilan ham muzokaralar o‘tkazgan. EIning yuqori martabali mansabdori O‘zbekistonda qishloqlarda biznesni rivojlantirish hamda aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 25 million yevro miqdorida moliyaviy ko‘mak ajratilishini ma’lum qilgan.
Sobir Calim
Shu mavzudagi maqolalar:
Evropa Ittifoqi elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlikni qanday baholaydi? 06.05.2017
Federika Mogerini: “EI – Markaziy Osiyo hamkorligida foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud”. 06.10.2016
Ostonada Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo tashqi siyosat mahkamasi rahbarlari uchrashdi. 23.12.2015